1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.06.00 Sport]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Jismoniy tarbiya va sport]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Velosiped sport turlarini yanada ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Yurtimizda velosiped sport turlari ommaviyligini oshirish va rivojlantirish, mazkur sport turlari bilan shugʻullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, iqtidorli sportchilarni saralash tizimini takomillashtirish, milliy terma jamoalarning nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Velosiped sport turlarini (keyingi oʻrinlarda — velosport) yanada ommalashtirish va rivojlantirishning 2030-yilga qadar asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) mamlakatimizda velosport bilan ommaviy shugʻullanuvchi aholi qamrovini 30 ming nafarga yetkazish;
(b) velosport bilan doimiy shugʻullanuvchilar sonini 5 ming nafarga va trenerlar sonini 350 nafarga yetkazish;
(v) velosport boʻyicha Osiyo qitʼasi miqyosidagi musobaqalarda milliy terma jamoaning eng yuqori koʻrsatkichga ega 3 talikka kirishini taʼminlash;
(g) velosport boʻyicha Olimpiya oʻyinlariga litsenziyalar sonini oshirish va medallar uchun kurashish.
II. Aholi oʻrtasida velosport turlarining ommaviyligini oshirish
2. Belgilab qoʻyilsinki, 2027-yil martdan boshlab aholini velosport turlari orqali sogʻlom turmush tarziga keng jalb qilish, shuningdek, mazkur sport turining ommaviyligini oshirish maqsadida quyidagi sport musobaqalari va tadbirlari anʼanaviy tarzda oʻtkazib boriladi:
(a) oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻrtasidagi “Talabalar kubogi” velosport musobaqalari;
(b) zarur infratuzilmaga ega boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida yuqori sinf oʻquvchilari oʻrtasidagi “Direktor kubogi” velosport musobaqasi. Bunda mahalliy hokimliklar tomonidan belgilanadigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida musobaqalar ularning sport obyektlarida barcha xavfsizlik choralari taʼminlangan holda tashkil etiladi;
(v) nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida “Sening imkoniyating” paravelosport musobaqasi;
(g) tegishli vazirlik va idoralar xodimlari oʻrtasida “Yangi Oʻzbekiston” velosport musobaqasi;
(d) 8-mart — Xotin-qizlar kuni bayrami doirasida ayollar oʻrtasida “Bahor malikalari” velomarafoni;
(j) “22-sentabr — Avtomobilsiz kun” aksiyasi doirasida aholi oʻrtasida “Salomatlik sari yoʻl” velomarafoni.
3. Sport vazirligi Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi hamda masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
(a) ikki oy muddatda mazkur qarorning 2-bandida koʻrsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish, shuningdek, ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
(b) ushbu qarorning 2-bandida koʻzda tutilgan musobaqa va turnirlarni oʻtkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa manbalarda keng yoritilishini tashkil etsin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda zarur infratuzilmaga ega mahallalarda aholi qiziqishlaridan kelib chiqib velosport boʻyicha ommaviy mashgʻulotlar hamda mahalla turnirlari oʻtkazib borilishini tashkil qiladi.
III. Professional sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish
5. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Respublika velosport mahorat maktab-internati faoliyati velosport boʻyicha iqtidorli sportchilarni tayyorlash va ularni terma jamoalarga yetkazib berishga yoʻnaltiriladi;
(b) 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab Respublika velosport mahorat maktab-internatida paravelosport yoʻnalishidagi oʻquvchilar qamrovi maktab-internatning umumiy kontingenti doirasida yigirma foizga yetkaziladi;
(v) Respublika velosport mahorat maktab-internatiga olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarining faoliyat yuritishi, xodimlarining mehnatiga haq toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish hamda oʻquvchi-sportchilarini oziq-ovqat bilan taʼminlash (shu jumladan, ota-onalar toʻlovidan ozod qilish) uchun belgilangan tartib tatbiq etiladi;
(g) Respublika velosport mahorat maktab-internatining umumiy kontingenti 6 — 11-sinflardan iborat boʻlgan 100 nafar oʻquvchi-sportchidan iborat miqdorda saqlab qolinadi;
(d) “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqalari doirasida velosport boʻyicha sport musobaqalari oʻtkazib boriladi.
6. Milliy terma jamoa sportchilari uchun uzluksiz oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etishga sharoit yaratish maqsadida Respublika velosport mahorat maktab-internati hamda Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasiga quyidagi sport obyektlaridan bepul foydalanish huquqi berilsin:
(a) Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani “Gʻazalkent” MFY hududidagi Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining velosportning shosse (Road) turi boʻyicha respublika va xalqaro musobaqalarni oʻtkazishga moʻljallangan sport majmuasi;
(b) Namangan viloyati Davlatobod tumani “Porloq” MFY Tinchlik koʻchasi hududidagi Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabiga tegishli velotrek sport bazasi.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) mahalliy va xalqaro musobaqalarni oʻtkazishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida 2026-yilda respublika budjetidan Sport vazirligi huzuridagi Olimpiya shaharchasi obyektlaridan foydalanish direksiyasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan, zarur mablagʻlarni Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasiga oʻtkazib berish orqali Xalqaro velosipedchilar ittifoqi talablari asosida Olimpiya shaharchasi velotrek majmuasi va shosse yoʻnalishida foydalanish uchun koʻchma (mobil) zamonaviy fotofinish qurilmalari va jihozlar bilan;
(b) 2027-yilda Davlat budjetidan sport sohasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan velosportchilarning jismoniy sifatlarini masofadan nazorat qilish, individual yuklamalarni belgilash hamda terma jamoaga munosib nomzodlarni seleksiya qilish maqsadida Respublika velosport mahorat maktab-internati 15 ta hamda 14 ta olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari 5 tadan maxsus sport qurilmalari bilan taʼminlanadi.
IV. Hududlarda velosport turlarini rivojlantirish
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari velosport turlarini ommalashtirish maqsadida:
(a) 2027-yildan boshlab hududiy sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida har yili tuman (shahar) va hudud miqyosida velosport musobaqalarini koʻzda tutsin hamda yuqori saviyada tashkil qilsin;
(b) mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hamda tashabbuskor homiylar mablagʻlari hisobidan 2027-2028-yillarda Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasining hududiy boʻlimlarini 20 donadan professional (6 ta velosportning shosse (Road), 6 ta trek (Track), 2 ta togʻ (MTB), 2 ta motokross (BMX Racing) va 4 ta paravelosport) velosipedlar bilan taʼminlasin;
(v) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (velosport turlariga ajratilgan mablagʻlar hisobidan) bilan birgalikda respublika hududlarida Olimpiya oʻyinlariga litsenziya olish uchun reyting ballari taqdim etadigan xalqaro velosport musobaqalarini moliyalashtirsin;
(g) respublika velosport musobaqalarida hududiy sport jamoalarining samarali ishtirokini taʼminlasin.
9. Toshkent viloyati hokimligi 2027-2028-yillarda mahalliy budjetning orttirib bajarilgan qismi va tashabbuskor homiylarning belgilangan tartibda jalb etiladigan mablagʻlari hisobidan Bekobod tumanida velosportning “Velosport (BMX)” yoʻnalishida sportchi yoshlar uchun mashgʻulotlar oʻtkazishga moʻljallangan zamonaviy sport majmuasini barpo etish choralarini koʻrsin.
10. Belgilansinki:
(a) 2027/2028 oʻquv yiliga qadar Respublika velosport mahorat maktab-internati tomonidan Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi bilan birgalikda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari foydalanadigan video-mahsulotlar yaratiladi;
(b) Toshkent shahar hokimligi tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan 2027-yil martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida “Toshkent tajribasi” sifatida hududdagi zarur infratuzilmaga ega boʻlgan umumtaʼlim maktablarini 2027-2028-yillarda bosqichma-bosqich velosipedlar bilan taʼminlash va trenerlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish amaliyoti joriy etiladi. Bunda:
(i) zarur infratuzilmaga ega boʻlgan umumtaʼlim maktabiga 4 tadan ommaviy va 1 tadan professional velosiped yetkazib berish orqali oʻquvchilarni velosportga jalb qilish va iqtidorli sportchilar seleksiya bazasi kengaytiriladi;
(ii) “Toshkent tajribasi” natijalari tahlillari asosida 2029-yildan boshlab ushbu amaliyotni bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etish yuzasidan Sport vazirligi, Taʼlim va ilm-fan vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritiladi;
(iii) umumtaʼlim maktablariga ajratiladigan velosipedlardan samarali foydalanish va iqtidorli sportchilar seleksiyasini tashkil etish maqsadida sport maktablarining ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerlari tegishli umumtaʼlim maktabiga biriktiriladi.
11. Velosiped sport turlariga ixtisoslashtiriladigan tuman (shahar)lar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2026 — 2028-yillarda 1-ilovaga koʻrsatilgan tuman (shahar)larni velosiped sport turlariga ixtisoslashtirish uchun sport obyektlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan taʼminlash boʻyicha manzilli dasturni tasdiqlash choralarini koʻrsin.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
13. Velosiped sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-sentabrdagi “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5251-son qarorining 6-bandi hamda qarorga 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
15. Sport vazirligining buyurtmanomalari (viza talabnomalari)ga koʻra:
(a) Tashqi ishlar vazirligi velosiped sport turlari boʻyicha jalb etiladigan xorijiy sportchi, trener va boshqa mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolariga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin;
(b) Ichki ishlar vazirligi velosiped sport turlari boʻyicha jalb etiladigan xorijiy sportchi, trener va boshqa mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolariga belgilangan tartibda koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi (uzaytirilishi) hamda Oʻzbekiston Respublikasida turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishi va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin;
(v) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi velosiped sport turlari boʻyicha xorijiy sportchi, trener va boshqa mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini va uning muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
16. Sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib sport vaziri A.I. Ikramov hamda Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi rahbariyati belgilansin.
18. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 11-noyabr,
PQ-394-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-noyabrdagi PQ-394-son qaroriga 1-ILOVA
Velosiped sport turlariga ixtisoslashtiriladigan tuman (shahar)lar
ROʻYXATI
T/r
Hudud nomi
Tuman (shahar) nomi
Velosiped sport turi
1.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Nukus shahri
Velosportning shosse (Road) turi
2.
Andijon viloyati
Andijon tumani
Velosportning shosse (Road) turi
3.
Buxoro viloyati
Buxoro shahri
Velosportning motokross (BMX Racing) turi
4.
Jizzax viloyati
Jizzax shahri
Velosportning motokross (BMX Racing) turi
5.
Qashqadaryo viloyati
Shahrisabz tumani
Velosportning togʻ (MTB) turi
6.
Navoiy viloyati
Navoiy shahri
Velosportning fristayl (BMX Freestyle) turi
7.
Namangan viloyati
Davlatobod tumani
Velosportning trek (Track) turi
8.
Samarqand viloyati
Samarqand shahri
Paravelosport
9.
Surxondaryo viloyati
Sariosiyo tumani
Velosportning togʻ (MTB) turi
10.
Sirdaryo viloyati
Xovos tumani
Velosportning shosse (Road) turi
11.
Toshkent viloyati
Boʻstonliq tumani
Velosportning togʻ (MTB) turi
12.
Fargʻona viloyati
Fargʻona shahri
Velosportning fristayl (BMX Freestyle) turi
13.
Xorazm viloyati
Gurlan tumani
Velosportning shosse (Road) turi
14.
Toshkent shahri
Olmazor tumani
Velosportning trek (Track) turi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-noyabrdagi PQ-394-son qaroriga 2-ILOVA
Velosiped sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlar
DASTURI
T/r
Chora-tadbirlar nomi
Amalga oshirish mexanizmlari
Ijro muddati
Moliyalashtirish manbalari
Ijro uchun masʼullar
1.
Mamlakatimizda velosiped sport turlarini (keyingi oʻrinlarda — velosport) rivojlantirish va aholi oʻrtasida ommalashtirish.
1. Oʻzbekistonda velosport bilan ommaviy shugʻullanuvchilar sonini 30 ming nafarga yetkazish.
2. Velosport turlari bilan doimiy shugʻullanuvchilar sonini 5 ming nafarga yetkazish.
3. Velosport turlari boʻyicha trenerlar sonini 350 nafargacha yetkazish.
4. Velosport turlari boʻyicha Osiyo qitʼasida top-3 talikka kirishga erishish.
2027 — 2030-yillar
Ijrochilar mablagʻlari,
homiylik xayriyalari
Sport vazirligi,
Oʻzbekiston velosiped sportifederatsiyasi,
Taʼlim va ilm-fan vazirligi,
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi,
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi
2.
Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida velosiped sport turlari boʻyicha “Talabalar kubogi” musobaqalarini tashkil etish.
“Talabalar kubogi” musobaqalarini ikki bosqichda — oliy taʼlim muassasasi musobaqalari va oliy taʼlim muassasasi musobaqalari gʻolib jamoalari oʻrtasida hudud musobaqalarini oʻtkazish.
2027-yil martdan boshlab
Ijrochilar mablagʻlari
Taʼlim va ilm-fan vazirligi,
Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi
3.
Nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida paravelosiped boʻyicha “Sening imkoniyating” musobaqasi tizimli oʻtkazilishini yoʻlga qoʻyish.
“Sening imkoniyating” musobaqasining viloyat va respublika bosqichlarini tashkil etish va oʻtkazish.
2027-yil martdan boshlab
Ijrochilar mablagʻlari
Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi,
Oʻzbekiston velosiped sportifederatsiyasi
4.
“8-mart — Xotin-qizlar kuni” bayrami doirasida ayollar oʻrtasida “Bahor malikalari” velomarafonini tizimli oʻtkazib borish.
“Bahor malikalari” velomarafonini tashkil etish va oʻtkazish.
Har yili mart oyida
Ijrochilar mablagʻlari
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi,
Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi
5.
“22-sentabr — Avtomobilsiz kun” aksiyasi doirasida velosiped sport turlari boʻyicha aholi oʻrtasida “Salomatlik sari yoʻl” velomarafonini tizimli oʻtkazib borish.
“Salomatlik sari yoʻl” velomarafonini tashkil etish va oʻtkazish.
Har yili sentabr oyida
Ijrochilar va homiylar mablagʻlari
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi
6.
Tegishli vazirlik va idoralar xodimlari oʻrtasida velosiped sport turlari boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston” musobaqasini tizimli oʻtkazib borish.
Tegishli vazirlik va idoralar xodimlari oʻrtasida “Yangi Oʻzbekiston” musobaqasini tashkil etish va oʻtkazish.
2027-yil martdan boshlab
Ijrochilarning budjetdan tashqari mablagʻlari,
homiylik mablagʻlari
Vazirlik va idoralar,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
7.
Iqtidorli yosh sportchilarni qoʻyi boʻgʻindan saralash maqsadida “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqalari doirasida velosport musobaqalarini oʻtkazib borish tizimini yoʻlga qoʻyish.
“Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqalari doirasida velosport musobaqalarini oʻtkazish.
2027-yilgi mavsumdan boshlab
Ijrochilar va homiylar mablagʻlari
Sport vazirligi,
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari
8.
Mahallalarda velosportni ommalashtirishni tashkil qilish.
1. Velosport boʻyicha zarur infratuzilmaga ega mahallalarni xatlovdan oʻtkazish.
2. Zarur sport infratuzilmasi mavjud mahallalarda aholi qiziqishlaridan kelib chiqib velosport boʻyicha ommaviy mashgʻulotlar hamda mahalla turnirlari oʻtkazib borilishini tashkil qilish.
3. Ommaviy mashgʻulotlar hamda mahalla turnirlarini oʻtkazib borish.
2027-yil martdan boshlab
-
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi,
Yoshlar ishlari agentligi,
Sport vazirligi
9.
Tajriba-sinov tariqasida “Toshkent tajribasi” asosida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini velosport bilan shugʻullanishi va bu orqali mahoratli sportchilar seleksiya bazasini kengaytirish.
1. Toshkent shahrida joylashgan umumtaʼlim maktablarini xatlovdan oʻtkazish va zaruriy infratuzilmaga ega boʻlgan hamda velosipedlar xarid qilinadigan umumtaʼlim maktablari roʻyxatini shakllantirish.
2027-yil mart
Toshkent shahar hokimligi,
Taʼlim va ilm-fan vazirligi,
Sport vazirligi,
Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi
2. Tajriba-sinov tariqasida “Toshkent tajribasi” sifatida hududdagi zaruriy infratuzilmaga ega boʻlgan umumtaʼlim maktabini 4 tadan ommaviy va 1 tadan professional velosiped bilan taʼminlash.
2027-2028-yillar
Mahalliy budjet mablagʻlari
3. “Toshkent tajribasi” natijalari tahlillari asosida ushbu amaliyotni bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etish yuzasidan asoslangan takliflar kiritish.
2029-yil yanvar
Sport vazirligi,
Taʼlim va ilm-fan vazirligi,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
10.
Professional velosipedlar bilan taʼminlash.
Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasining hududiy boʻlimlarini 20 donadan (6 ta velosportning shosse (Road), 6 ta trek (Track), 2 ta togʻ (MTB), 2 ta motokross (BMX Racing) va 4 ta paravelosport) professional velosipedlar bilan bosqichma-bosqich taʼminlash.
2027-2028-yillar davomida
Mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari va tashabbuskor homiylar mablagʻlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari
11.
Bekobod tumanida velosportning “Velosport (BMX)” boʻyicha sport majmuasini tashkil etish.
Bekobod tumanida velosportning “Velosport (BMX)” yoʻnalishida sportchi yoshlar uchun mashgʻulotlar oʻtkazishga moʻljallangan zamonaviy sport majmuasini barpo etish choralarini koʻrish.
2027-2028-yillar
Mahalliy budjetning orttirib bajarilgan qismi va tashabbuskor homiylar mablagʻlari
Toshkent viloyati hokimligi,
Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi
12.
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida velosport turlarini ommalashtirish.
1. Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida velosport turlarini ommalashtirish boʻyicha “Maktab uchun velosport” chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib joriy etish.
2. Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida infratuzilma imkoniyatlaridan kelib chiqib velosport turlarini ommalashtirish va keng targʻib qilish, sport klublari tizimini bosqichma-bosqich kengaytirib borish choralarini koʻrish.
2027-yil martdan boshlab
-
Taʼlim va ilm-fan vazirligi
13.
Velosiped sport turlarini ommaviy axborot vositalari orqali targʻib qilish va ommalashtirishni tizimli yoʻlga qoʻyish.
1. Velosportni keng targʻib qilish boʻyicha reja-grafik tasdiqlash.
2026-yil dekabr
-
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi,
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi,
Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi
2. Reja-grafik asosida velosport musobaqalari va boshqa tadbirlarni yoritib borish.
3. Velosportni targʻib qilish va ommalashtirish boʻyicha maqolalar eʼlon qilinishi, brifinglar, tematik telekoʻrsatuvlarni tashkil etish.
Reja-grafik asosida
14.
Respublika velosport mahorat maktab-internati hamda Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi tomonidan velosportning shosse (Road) va velotrek sport bazasidan foydalanish uchun sharoitlar yaratish.
Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, “Gʻazalkent” MFY hududidagi Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining velosportning shosse (Road) turi boʻyicha respublika va xalqaro musobaqalarni oʻtkazishga moʻljallangan sport majmuasi, shuningdek, Namangan viloyati, Davlatobod tumani, “Porloq” MFY, Tinchlik koʻchasi hududidagi Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabiga tegishli velotrek sport bazasidan reja-grafik asosida Respublika velosport mahorat maktab-internati hamda Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi tomonidan foydalanishi uchun zarur sharoitlarni taʼminlash.
Reja-grafik asosida
-
Sport vazirligi
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.11.2026-y., 07/26/394/1120-son)