O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 18-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2709-9]
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi hamda 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/14-son qarori (ro‘yxat raqami 2709, 2015-yil 13-avgust) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 32-son, 437-modda) bilan tasdiqlangan Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2026-yil 8-iyul,
19/7-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/7-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar
1. Muqaddima “mikromoliya banklarining” degan so‘zlardan keyin “, shuningdek islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar va mikromoliya banklarining” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
2. 1-band quyidagi mazmundagi o‘n uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“islomiy moliya vositalari — islomiy moliya standartlariga muvofiq bo‘lgan moliyaviy vositalar.”.
3. 2-bandning yettinchi xatboshisi “kreditlar” degan so‘zdan keyin “, qarz majburiyatlari” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
4. 3-bandning oltinchi xatboshisi “banklararo depozitlar” degan so‘zlardan keyin “, shuningdek islomiy moliya vositalari” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
5. 26-bandning o‘ninchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“berilishi (moliyalashtirilishi) kutilayotgan kreditlar va (yoki) islomiy moliya operatsiyalari;”.
6. 34-bandda:
birinchi xatboshidan “bo‘lib” degan so‘z chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi “kreditlash” degan so‘zdan keyin “(moliyalashtirish)” degan so‘z bilan to‘ldirilsin;
to‘rtinchi xatboshi “kreditlarni” degan so‘zdan keyin “yoki islomiy moliya vositalari orqali jalb qilingan mablag‘larni” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
7. 35-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari “foiz stavkalari” degan so‘zlardan keyin “va islomiy moliya operatsiyalari bo‘yicha ustama yoxud boshqa turdagi daromadlar miqdori” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
8. 47-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“47. Banklar ajratilgan kreditlarni va (yoki) moliyalashtirilgan islomiy moliya vositalarini jalb qilingan depozitlarga bo‘lish orqali ajratilgan kreditlar va (yoki) moliyalashtirilgan islomiy moliya vositalarining depozitlardagi ulushini aniqlaydi. Ko‘rsatkichning juda yuqori (80 foizdan ortiq) qiymati va (yoki) o‘sishi muammolarning dastlabki belgilaridanoq bankdan chiqib ketadigan barqarorligi pastroq resurslar manbalariga bo‘lgan bank ishonchini bildiradi.”.
9. 50-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilaridagi “moliyalash” degan so‘z “moliyalashtirish” degan so‘z bilan almashtirilsin.
10. 1-ilovada:
1) 1-bandda:
oltinchi xatboshi “kreditlar (overnayt)” degan so‘zlardan keyin “va islomiy moliya vositalari orqali taqdim etilgan mablag‘lar” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
to‘qqizinchi xatboshi “kreditlar” degan so‘zdan keyin “va (yoki) islomiy moliya operatsiyalari bo‘yicha majburiyatlar” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
2) 2-bandning uchinchi xatboshisi “kreditlar” degan so‘zdan keyin “va (yoki) islomiy moliya operatsiyalari bo‘yicha majburiyatlar” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
3) 3-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yangi kreditlarni va (yoki) islomiy moliya operatsiyalarini moliyalashtirish (kreditlar va (yoki) islomiy moliya operatsiyalari turi batafsil ko‘rsatiladi);”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/2709-9/0751-son)