1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.11.00 Tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan davlat nazorati / 09.01.11.02 Tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibi]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish]
“TASDIQLAYMAN”
Oʻzbekiston Respublikasi
Adliya vaziri
A. Polvon-zoda
2000-yil 6-aprelda
20-314/10-son
“KELIShILGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi
Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari,
Kichik va xususiy tadbirkorlikni
rivojlantirishni ragʻbatlantirish
boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi
kengashining raisi
B. Hamidov
2000-yil 6-aprel
“KELIShILGAN”
Oʻzbekiston Respublikasining
Bosh prokurori R. Qodirov 2000-yil 6-aprel
7-Z-00-son
“KELIShILGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Z. Almatov 2000-yil 6-aprel 1/278-son
“KELIShILGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi
Davlat soliq qoʻmitasining raisi
B. Xodjayev
2000-yil 6-aprel
2000-44-son
“KELIShILGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy xavfsizlik xizmati raisi
R. Inoyatov
2000-yil 6-aprel
9/357-son
XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLARni TEKShIRIShLAR OʻTKAZISh VA TEKShIRIShLARNI ROʻYXATGA OLISh KITOBINI YURITISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Nizom
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 6-aprelda 917-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
LexUZ sharhi
Mazkur Nizomning yangi tahriri Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2001-yil 15-maydagi 55-sonli “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirish va tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi (roʻyxat raqami 917-1, 15.05.2001-y.) qarori bilan tasdiqlangan.
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar va ularning taʼriflari qoʻllaniladi:
tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi - tekshirishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi maxsus roʻyxatga olish Kitobi;
xoʻjalik yurituvchi subyekt — mulk shaklidan qatʼi nazar, korxona yoki mustaqil tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tadbirkor;
nazorat organlari — xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonun hujjatlari bilan vakolat berilgan vazirlik va idoralar;
tekshirish — xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan qonunlar hamda oʻz faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari qanday bajarilayotganligini nazorat qiluvchi organlarning bir marta nazorat qilishi;
taftish — moliya va soliq masalalari boʻyicha qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliq, davlat statistika organlariga hamda banklarga taqdim etiladigan hisobga olish va hisobot ishlarining toʻgʻriligi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buxgalterlik, moliya va boshqa hujjatlarini tekshirish;
muqobil tekshirish — operatsiyalar birligi tufayli oʻzaro bogʻliq boʻlgan va turli xoʻjalik yurituvchi subyektlardagi yoki bir xoʻjalik yurituvchi subyektning turli boʻlinmalaridagi hujjatlarni taqqoslashdan iborat tekshiruv;
nazorat tartibida tekshirish — xoʻjalik yurituvchi subyektlarlarning ilgarigi tekshirishda koʻrsatilgan qoidabuzarliklarni bartaraf etishi ustidan nazorat qiluvchi organlar amalga oshiradigan tekshirish;
2. Mazkur Nizom nazorat qilish organlarining xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining barcha turdagi tekshirishlari (ayni bir vaqtdagi tekshirish, taftish, muqobil tekshirish, nazorat tartibida tekshirish va boshqalar), shu jumladan yongʻin, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya xavfsizligi, energiya nazorati xizmati, tabiatni muhofaza qilish, karantin va oʻsimliklar himoyasi, tovarlar bilan savdo qilish qoidalariga rioya qilishni tekshirish faoliyatiga nisbatan qoʻllaniladi.
3. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
nazorat qiluvchi organlar faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralik;
yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga aralashmaslik.
4. Davlat budjeti va budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan muassasalar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Prokuror nazorati tartibida amalga oshiriladigan davlat nazorati tegishli qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
5. Mazkur Nizom bilan tartibga solinmagan munosabatlar amaldagi qonunchilik meʼyorlari bilan tartibga solinadi.
II. TEKShIRISh OʻTKAZISh UChUN ASOSLAR
6. Tekshirishlar oʻtkazish uchun quyidagilar asos boʻladi:
— Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasi tomonidan berilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishning muvofiqlashtirish rejasidan koʻchirma;
— nazorat qiluvchi organning muvofiqlashtiruvchi reja asosida chiqargan buyrugʻi yoxud Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining tekshirish, shu jumladan taftish oʻtkazish toʻgʻrisidagi hamda tekshirish maqsadi, uni oʻtkazish sanasi va tekshirishni amalga oshirish topshirilgan mansabdor shaxslarning tarkibi koʻrsatilgan qarorlari.
7. Oʻzbekiston Respublikasining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 9-moddasiga muvofiq Prokuratura, Ichki ishlar va Milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirish uchun qoʻzgʻatilgan jinoiy ish mavjudligi asos boʻladi.
8. Xoʻjalik yurituvchi subyekt Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasidan uni tekshirishga aloqador maʼlumotlar (rejalashtirilgan tekshirish sanasi, turi, nazorat organi nomi va boshqalar)ni olishga haqlidir.
9. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni ularning xoʻjalik faoliyatini taftish bilan bogʻliq boʻlmagan holda tekshirish tegishli nazorat qiluvchi (yongʻinga qarshi, sanitariya, vetirinariya, energetika nazorati va boshqa) organlar tomonidan, qoida tariqasida, bir marta oʻtkaziladigan kompleks tekshiruv davomida amalga oshiriladi.
Kompleks tekshiruvlar Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasi tasdiqlagan rejalar asosida oʻtkaziladi.
Nazorat tartibida tekshirish nazorat qiluvchi organlar tomonidan Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasi bilan kelishilgan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi.
10. Tekshirish oʻtkazishga faqat tegishli nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladigan attestatsiya natijalari boʻyicha va tekshirish huquqini beruvchi belgilangan namunadagi maxsus guvohnomalarga ega boʻlgan mansabdor shaxslarga ruxsat etiladi.
III. TEKShIRISh OʻTKAZISh ShARTLARI
11. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish muddati 30 kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas. Istisno hollarida bu muddat Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga koʻra uzaytirilishi mumkin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-apreldagi 166-son qaroriga muvofiq kichik va oʻrta biznes korxonalarining, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi aʼzolarining ishlab chiqarish-xoʻjalik faoliyatlarini barcha tekshirishlar Palata yoki uning hududiy tuzilmalari yuridik xizmatlarining majburiy ishtirokida amalga oshiriladi.
13. Tekshirishlar oʻtkazish uchun mutaxassis, auditorlar (auditorlik firmalari) jalb qilingan holda ekspertizalar (auditorlik tekshirishlar) oʻtkazish boʻyicha sarf-xarajatlar faqat ushbu tekshirishlarni tayinlagan nazorat organlari hisobidan amalga oshiriladi.
14. Mutaxassislar va/yoki auditorlar (auditorlik firmalari) jalb qilinganda nazorat organi hamda mutaxassislar va/yoki auditorlar (auditorlik firmasi) oʻrtasida tuzilgan shartnoma nusxasi albatta taqdim qilinishi lozim. Shartnomada mutaxassis va/yoki auditorning familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi va mansabi albatta koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
15. 14-bandda koʻrsatilgan shartnoma tuzishning zaruriy sharti boʻlib mutaxassis va/yoki auditor (auditorlik firmasi)ning ekspert va/yoki auditorlik xulosasining toʻgʻriligi va uning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiqligi uchun ekspert va/yoki auditorning javobgarligi hisoblanadi.
16. Xoʻjalik yurituvchi subyektni rejali tarzda tekshirish Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining qaroriga binoan yiliga koʻpi bilan bir marta amalga oshirilishi mumkin.
Budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga soliqlar va toʻlovlarni oʻz vaqtida hamda toʻla miqdorda toʻlovchi, boshqa tartib va qoidalarga rioya qiluvchi, auditorlarning har yilgi tegishli xulosalariga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatini tekshirish nazorat qiluvchi organlar tomonidan, qoida tariqasida, koʻpi bilan ikki yilda bir marta amalga oshiriladi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 27-noyabrdagi 496-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar moliya xoʻjalik faoliyatini tekshirish va taftish qilishni oʻtkazish tartibi”ning 2.6-bandiga muvofiq qoʻshimcha, shuningdek, muqobil tekshirishlarni oʻtkazish jinoiy ishlar boʻyicha tergov davomida yoki faqat Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga koʻra nazorat organlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
18. Gorizontal tekshirishlar va taftishlar oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarda muqobil tekshirishlarni oʻtkazish esa faqat ularning tekshirish obyekti bilan oʻzaro munosabatlari doirasidagina yoʻl qoʻyiladi.
19. Tekshiriladigan obyektning nomi, tekshirish oʻtkazish maqsadi, muddatlari va uning oʻtkazilishini asoslovchi sabablar koʻrsatilgan Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining rejadan tashqari tekshirishlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek tekshirishni amalga oshiruvchi tegishli nazorat organining mansabdor shaxslari tarkibi koʻrsatilgan buyrugʻi xoʻjalik yutiruvchi subyekt faoliyatini rejadan tashqari tekshirishini oʻtkazish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
20. Rejadan tashqari tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
agar tekshiruvni oʻtkazish zarurati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qaroridan kelib chiqqanda;
nazorat qiluvchi organga xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan qonunlar va boshqa qonun hujjatlari buzilganligi toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumotlar kelib tushganda;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldi olinayotganda;
sanitariya epidemiologiya vaziyati murakkablashganda, shuningdek qoʻshni davlatlardan yuqumli kasalliklar kirib kelishi va tarqalishi ehtimoli vujudga kelganda.
21. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar nazorat organlarining vakolatiga kirmaydigan masalalarga oid talablarni bajarmaslik hamda tekshirish predmetiga taalluqli boʻlmagan materiallar bilan ularni tanishtirmaslikka haqlidirlar.
22. Hujjatlarni olib qoʻyish va ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning talabi boʻyicha taqdim etish Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi, prokuratura organlari esa, bu holda Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuniga ham asoslanadilar. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar asl nusxasi olib qoʻyilgan hujjatlarning saqlanishi uchun javobgardirlar. Hujjatlarning asl nusxasini olib qoʻyishda nazorat organlarining vakolatli shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ularning asl nusxasidan bosh buxgalter yoki xoʻjalik yurituvchi subyektning boshqa mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlangan koʻchirmalar olishga imkoniyat berishlari lozim.
23. Nazorat organlari va ularning mansabdor shaxslari, mutaxassislar va/yoki auditorlar (auditorlik firmalari) xoʻjalik yurituvchi subyektni tekshirish natijasida maʼlum boʻlgan tijorat siri maʼlumotlarini oshkora qilganliklari uchun qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
24. Tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz faoliyatlari tekshirilishi toʻgʻrisidagi tegishli axborotga ega boʻlish;
nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvchi mansabdor shaxslaridan maxsus vakolatli organ yoki uning hududiy boʻlinmalari qarorini, tekshirish oʻtkazish uchun asos hisoblanuvchi boshqa hujjatlarni talab qilish, tekshiruvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishish;
tekshirish oʻtkazish uchun asosga ega boʻlmagan shaxslarning tekshirish oʻtkazishiga yoʻl qoʻymaslik;
nazorat qiluvchi organlarning vakolatiga kirmaydigan masalalarga oid talablarni bajarmaslik va tekshirish predmetiga taalluqli boʻlmagan materiallar bilan ularni tanishtirmaslik;
nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvchi mansabdor shaxslaridan tekshirish tugaganidan soʻng oʻn kun muddat ichida tekshirish natijalarini aks ettiruvchi hujjatning bir nusxasini olish;
qonunda belgilangan tartibda tekshirish natijalari ustidan shikoyat qilish.
25. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tekshiruvchilarning qonuniy talabiga binoan tekshirish oʻtkazish uchun zarur boʻlgan materiallar va hujjatlarni taqdim etishga, ularni tekshirish obyektlariga kiritishga, tekshiruvchilarga oʻz vazifalarini bajarishlari uchun koʻmaklashishga majburdirlar.
26. Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish chogʻida oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlardan tekshirish oʻtkazish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan zarur hujjatlar va boshqa axborotlarni talab qilish;
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar mulkdorlari oldiga aybdor shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi masalalarni qoʻyish;
tekshiruvga vazirliklar va idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar mutaxassislarini belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb etish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda moliyaviy yoki maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining qonuniy talablari tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarish uchun majburiydir.
27. Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish chogʻida oʻz vakolatlari doirasida quyidagilarni bajarishga majburdirlar:
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tekshirish oʻtkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarni koʻrsatish;
davlat siri, tijorat yoki boshqa sirlar saqlanishini taʼminlash;
tekshiruv natijalarini dalolatnoma (maʼlumotnoma) bilan rasmiylashtirib, uning bir nusxasini tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt ixtiyorida qoldirish;
huquqbuzarlik hollari aniqlangan taqdirda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni koʻrish.
28. Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralishishga haqli emas.
Agar nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligini aniqlasalar, ular oʻzlariga berilgan vakolat doirasida va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bogʻliq chora-tadbirlarni koʻrishlari mumkin. Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik holati mavjudligidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki uni cheklash uchun asos sifatida foydalanishga haqli emas.
29. Tekshirishni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar tekshirish boshlanishidan oldin xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarini(yakka tadbirkorni) tekshirish maqsadi va shartlari bilan tanishtirishi, qonunchilik bilan belgilangan hujjatlarni taqdim etishi, Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobiga tegishli yozuvlar kiritishi lozim (1-ilova).
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi raqamlangan va varaqlar soni koʻrsatilib, xoʻjalik yurituvchi subyektning (yakka tadbirkor uchun agar u mavjud boʻlsa) muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
30. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yuritiladi. Tekshirish boshlanishidan oldin xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tadbirkor) nazorat organining mansabdor shaxsiga Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini tegishli ustunlarini toʻldirish uchun taqdim etadi.
Nazorat organining vakolatli shaxsi Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirishdan bosh tortsa, xoʻjalik yurituvchi subyekt tekshirish oʻtkazishga yoʻl qoʻymaslikka haqlidir.
31. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish 2-ilovada koʻrsatilgan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
32. Nazorat organlari tekshirishni nazorat organi rahbari tomonidan tasdiqlangan tekshirish oʻtkazish rejasiga muvofiq amalga oshiradi. Tekshirish uni oʻtkazish rejasi yoki nazorat organi vakolatlari doirasidan tashqariga chiqmasligi lozim.
33. Tekshirish natijalari dalolatnoma bilan, zarur hollarda esa aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatma bilan rasmiylashtiriladi.
34. Dalolatnoma va koʻrsatmani rasmiylashtirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
35. Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasi tomonidan berilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishning muvofiqlashtirish rejasidan koʻchirma, nazorat organi rahbari tomonidan tasdiqlangan tekshirish oʻtkazish buyrugʻi va rejasi, jinoiy ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qaror nusxalari xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariga (yakka tadbirkorga) ularni olganligi haqidagi tilxat asosida topshiriladi. Shuningdek, tekshirish oʻtkazish uchun mutaxassis va/yoki auditor (auditorlik firmasi) jalb qilingan taqdirda nazorat organi va mutaxassis va/yoki auditor (auditorlik firmasi) oʻrtasida tuzilgan shartnoma nusxasi taqdim etiladi.
36. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi toʻldirilgandan va tekshirish tugagandan soʻng mansabdor shaxs — tekshirish rahbari va xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tadbirkor) unda qayd qilingan yozuvlarni sana va vaqt koʻrsatilgan imzosi bilan tasdiqlaydilar.
IV. JAVOBGARLIK
37. Xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatini tekshirishning belgilangan tartibiga rioya etilishi boʻyicha shaxsiy, jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan javobgarlik nazorat organlarining rahbarlari va vakolatli shaxslari zimmasiga yuklatiladi.
38. Huquqi buzilgan xoʻjalik yurituvchi subyekt unga keltirilgan zararni toʻliq undirilishini talab qilishi mumkin.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining noqonuniy qarorlari yoki boshqa harakatlari natijasida xoʻjalik yurituvchi subyektga yetkazilgan zararlar, shu jumladan boy berilgan foyda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt aybdor mansabdor shaxsning noqonuniy aralashuvi natijasidagi yetkazilgan zararni, boy berilgan foydani, shuningdek maʼnaviy zararni qoplashni sud orqali talab qilishga haqli.
39. Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining harakatlari va qarorlari ustidan bevosita sudga yoki boʻysunish tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi mumkin.
Shikoyatni berish nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsining harakatlarini toʻxtatib qoʻymaydi. Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining harakatlari va qarorlari ustidan qilingan shikoyatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqiladi.
Nazorat yoki huquqni muhofaza q�luvchi organning nomi
Tekshiruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va guvohnoma raqami
Mutaxassis, auditor ismi, familiyasi, otasining ismi (shaxsini tasdiqlovchi hujjat, litsenziya berilgan sana va raqami)
Tekshirish oʻtkazish uchun asos; jinoiy ish raqami
Tekshirish turi va maqsadi
Tekshirish oʻtkazish uchun belgilangan muddatlar
Tekshirishni boshlash va tugatish sanasi va vaqti
Tekshirishni aniq davom etgan vaqti
Talab kilingan hujjatlar
Tekshirish jarayonida koʻrilgan choralar
Xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarining (yakka tadbirkorni fikri)
2-ILOVA
Xoʻjalik yurituvchi subyektning Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish qoidalari
1. Tekshiruvchi 2—8, tekshiriluvchi 9—12 ustunlarni toʻldirishi shart.
2. Ikkinchi ustunda nazorat organining toʻliq rasmiy nomi, uning pochta manzili, rahbarning familiyasi, ismi, otasining ismi, u boʻlmagan taqdirda uning vazifasini bajaruvchi shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatiladi.
3. Uchinchi ustunda tekshiruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, guvohnoma (shu jumladan maxsus) raqami, guvohnomani bergan organ nomi, guvohnomaning amal qilish muddati koʻrsatiladi.
4. Toʻrtinchi ustunda mutaxassis, auditor (auditorlik firmasi) taklif etilgan boʻlsa ularning familiyasi, ismi, otasining ismi, shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma raqami, litsenziya raqami, litsenziya bergan organ nomi va litsenziyaning amal qilish muddati koʻrsatiladi.
5. Beshinchi ustunda tekshirish oʻtkazish reja-jadvalini tasdiqlagan organ nomi va uni tasdiqlagan sanasi; buyruqni chiqargan mansabdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, buyruqni tasdiqlash raqami va sanasi; jinoiy ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror chiqargan mansabdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, qarorning sanasi, shuningdek jinoiy ishning raqami.
6. Oltinchi ustunda tekshirish turining toʻliq nomi va maqsadi (bir martalik tekshirish, taftish, muqobil tekshirish, nazorat tartibida tekshirish) koʻrsatiladi. Tekshirish turining nomi tekshirish oʻtkazish reja-jadvalida va buyruqda koʻrsatilgan turga muvofiq boʻlishi lozim.
7. Ettinchi ustunda tekshirish oʻtkazish muddati koʻrsatiladi. U tekshirish oʻtkazish reja-jadvalida koʻrsatilgan muddatdan oshmasligi lozim.
8. Sakkizinchi ustunda har kuni tekshirish oʻtkazishni boshlash va tugatish vaqti, sanasi koʻrsatiladi. Ushbu ustunda zarur hollarda nazorat organlari mansabdor shaxslarining xoʻjalik yurituvchi subyektning ichki tartibida belgilangan ish vaqtidan keyingi faoliyati haqida maxsus belgilar qoʻyiladi.
9. Toʻqqizinchi ustunda tekshirishning aniq davom etgan kalendar muddati koʻrsatiladi.
10. Oʻninchi ustunda talab qilingan hujjatlarning toʻliq nomi koʻrsatiladi. Ushbu ustunda talab qilingan hujjatlar tavsifi tekshirish oʻtkazish reja-jadvali hamda buyruqda koʻrsatilgan tekshirish turi va maqsadlariga mos kelmagan holda maxsus belgilar qoʻyiladi.
11. Oʻn birinchi ustunda nazorat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan koʻrilgan choralar koʻrsatiladi (ishlab chiqarishni toʻxtatish, omborni yoki korxonani toʻliq muhrlash, pul mablagʻlaridan va/yoki xom-ashyodan foydalanishni taqiqlash, moliya va boshqa hujjatlarni olib qoʻyish va boshqalar).
12. Oʻn ikkinchi ustunda xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarining (yakka tadbirkorning) “Roziman”, “Rozi emasman”, “Eʼtirozlar bilan roziman” shaklidagi fikri koʻrsatiladi. “Rozi emasman” shakli koʻrsatilgan holda xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tadbirkor) buning asoslangan sabablarni koʻrsatadi. “Eʼtirozlar bilan roziman” shakli koʻrsatilgan holda asoslangan eʼtirozlar keltiradi.
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobida oʻchirib yozish va boʻyash taqiqlanadi. Toʻgʻrilashlar xato yozuvlar oʻchirilib, kerakli maʼlumotlar ustidan qayta yozish yoki qoʻlda ustidan yozish yoʻli bilan amalga oshirilishi lozim. Har bir bunday toʻgʻrilash tekshirish rahbari-mansabdor shaxs va xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tadbirkor) imzosi bilan tasdiqlanadi.
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi raqamlangan va varaqlar soni koʻrsatilib, xoʻjalik yurituvchi subyektning (yakka tadbirkor uchun agar u mavjud boʻlsa) muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 7-son; 2001-y., 9-10-son)