OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Baholovchi va rieltorlar malaka sertifikatini, baholovchi toifa guvohnomasini hamda sud boshqaruvchisi malaka attestatini berish tartiblarini tasdiqlash haqida
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish yukini kamaytirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish va oʻzini oʻzi boshqarish mexanizmini rivojlantirish orqali sohalardagi professional jamoat birlashmalari tomonidan malaka sertifikatlarini (attestatlarini) berish shaffofligini taʼminlaydigan zamonaviy tizimni joriy etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 27-fevraldagi PQ-78-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Baholovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Rieltorlarga malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
Sud boshqaruvchilari malaka attestatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
malaka imtihonini mazkur qaror bilan belgilangan tartibga muvofiq imtihon oʻtkazish uchun tegishli sohadagi jamoat birlashmalari birgalikda imtihon markazlarini tashkil etishi yoki ixtisoslashtirilgan yuridik shaxslarni shartnoma (autsorsing) asosida jalb qilishi mumkin;
malaka imtihonining tashkil etilishi, tavsiya etilgan materiallar va oʻquv dasturlari, shuningdek, test savollari va ularning javoblari, malaka imtihonlari natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sohadagi jamoat birlashmalari hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi;
Malaka sertifikatlari (attestatlari) va toifaga ega baholovchilar reyestrlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan elektron shaklda yuritiladi;
malaka imtihonini oʻtkazuvchi hamda toifa berish boʻyicha komissiyalar ishi haqida axborot, baholovchilar, rieltorlar va sud boshqaruvchilarining malaka sertifikatlarining (attestatlarining) amal qilishi toʻxtatilgani, tugatilgani yoki bekor qilingani toʻgʻrisida maʼlumotlar sohadagi jamoat birlashmalari va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytlarida muntazam joylashtiriladi.
3. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
sohadagi jamoat birlashmalariga malaka imtihonini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish boʻyicha texnik va uslubiy yordam koʻrsatilishini, shu jumladan, amaldagi imtihon oʻtkazish elektron platformasi begʻaraz oʻtkazib berilishini;
respublikaning barcha hududlarida eksterritoriallik tamoyili asosida malaka imtihoni oʻtkazilishini tashkil etish va talabgorlarning malakasini oshirish maqsadida sohadagi jamoat birlashmalari bilan birgalikda xalqaro standartlar va dasturlarga mos keladigan oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va yangilab borishni;
sohadagi jamoat birlashmalari bilan birgalikda xalqaro standartlar tamoyillari asosida bozor konyunkturasini hisobga olishni taʼminlaydigan sohaga oid milliy standartlarni ishlab chiqish va yangilab borishni taʼminlasin.
4. Sohadagi jamoat birlashmalari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomlarga muvofiq xizmatlarning Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali koʻrsatilishini taʼminlasin;
YIDXPda xizmatlar koʻrsatilishining har qanday bosqichida murojaatlarning koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin;
xizmatlarni koʻrsatish uchun zarur va boshqa hujjatlarning namunaviy shakllari, blankalarini tasdiqlasin.
5. Raqamli texnologiyalar vazirligi bir oy muddatda baholovchilar, rieltorlar va sud boshqaruvchilariga berilgan QR-kodli sertifikatning (attestatning) amal qilish muddati tugaganligi yoki amal qilishi toʻxtatilgani yoxud bekor qilinganligini ushbu sertifikatning (attestatning) QR-kodini tekshirish (skaner qilish) orqali aniqlash tizimini joriy etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-dekabr,
838-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 838-son qaroriga
1-ILOVA
Baholovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom baholash faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari tomonidan jismoniy shaxslarga baholovchining malaka sertifikatini berish uchun malaka imtihonini oʻtkazish, baholovchining malaka sertifikatini berish, uning amal qilishini toʻxtatish, tugatish va bekor qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalari — kamida ellikta baholovchi tashkilotning aʼzoligiga asoslangan, baholovchilarning professional darajasini oshirishga va saqlab turishga koʻmaklashish, ularning professional manfaatlarini himoya qilish, shu jumladan, sudlarda himoya qilish maqsadida faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — jamoat birlashmalari);
baholovchi — belgilangan tartibda jamoat birlashmalari tomonidan berilgan baholovchi malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi;
elektron tizim — malaka komissiyasi tomonidan talabgorlardan kelib tushadigan arizalarni qabul qiluvchi, malaka sertifikatini beruvchi va jamoat birlashmalari hamda vakolatli davlat organi oʻrtasida integratsiya qilingan maxsus elektron tizim;
imtihon tashkilotchisi — Kengash qarori asosida jamoat birlashmalari tomonidan autsorsingni oʻtkazish boʻyicha ochiq tanlov natijalariga koʻra tayinlanadigan, malaka sertifikatini olish uchun ariza beruvchilarni kompyuter testlaridan oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlgan yuridik shaxs;
Kengash — malaka komissiyasini tasdiqlovchi va uning ishini belgilovchi, baholash faoliyati sohasidagi kamida ikkita jamoat birlashmalaridan tarkib topgan idoralararo ishchi organ;
malaka sertifikati — jamoat birlashmasi tomonidan berilgan hamda jismoniy shaxsga, agar u baholovchi tashkilotning masʼul xodimi boʻlsa yoki u baholovchi tashkilot bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzilgan boʻlsa, mulkni baholash huquqini beradigan sertifikat;
malaka imtihoni — talabgorning bilim darajasi baholovchiga qoʻyilgan talablarga mos kelishini tekshirishga yoʻnaltirilgan, malaka imtihoni komissiyasi tomonidan test sinovi shaklida, shu jumladan, eksterritorial tamoyil asosida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkaziladigan imtihon;
malaka komissiyasi — malaka imtihonini oʻtkazishda va malaka sertifikatini berishda jamoat birlashmalari va vakolatli davlat organi vakillardan tarkib topgan, Kengash tomonidan tasdiqlangan va uning ishchi organi hisoblangan komissiya;
malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish — malaka sertifikatining amal qilishi 5 yil oʻtgandan soʻng uzaytirilishi;
malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish — malaka sertifikatiga ega shaxsning pasport maʼlumotlari (seriyasi, raqami, identifikatsiyalovchi ID-kartasi seriyasi, raqami, agar mavjud boʻlsa) oʻzgarganda qayta rasmiylashtirilishi;
malaka sertifikatini bekor qilish — malaka sertifikatini berilgan kundan boshlab yuridik kuchining toʻliq bekor qilinishi va mazkur sertifikat bilan bogʻliq barcha huquq va vakolatlar tugatilishi;
malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatish — malaka sertifikatining yuridik kuchi vaqtincha toʻxtatib turishga olib kelgan holatlar bartaraf etilgunga qadar, lekin 6 oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turilishi;
malaka sertifikatining amal qilishini tugatish — malaka sertifikatini berish shartlarining buzilishi yoki mazkur Nizomda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha talabgor malaka sertifikatining yuridik kuchini yoʻqotilishi;
Malaka sertifikatlari reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) — vakolatli davlat organi tomonidan shakllantiriladigan va uning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan malaka sertifikatiga ega baholovchilar haqidagi axborotni toʻplash, hisobga olish va tahlil qilish imkonini beruvchi yagona axborot tizimi;
maxsus oʻqiganlik haqida sertifikat — baholovchi tashkilotlar va baholovchilarning professional jamoat birlashmalari takliflarini hisobga olgan holda, vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan dastur boʻyicha baholovchi baholovchilarni tayyorlash markazida maxsus oʻqiganligini tasdiqlovchi hujjat;
talabgor — malaka sertifikatini olishga yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishga daʼvogar jismoniy shaxs;
xalqaro sertifikat — Qirollik diplomiga ega baholovchilar instituti sertifikati (Royal Institution of Chartered Surveyors — RICS), Yevropa baholovchilar uyushmalari guruhi sertifikati (The European Group of Valuers Associations — TEGoVA).
3. Talabgorlarga malaka sertifikatini berish, uning amal qilishini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish xizmatlari (keyingi oʻrinlarda — xizmat) Davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markaz) va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali malaka sertifikatini berishga masʼul boʻlgan malaka komissiyasi tomonidan koʻrsatiladi.
4. Imtihon tashkilotchisi qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi, zamonaviy oʻquv talablariga javob berishi, shuningdek, zarur texnik asbob-uskunalar (kompyuter, ovozli videokamera, internet aloqasi va boshqalar) bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
5. Kengash:
malaka imtihonini oʻtkazishni tashkil qiladi, shuningdek, oʻzining rasmiy veb-saytiga malaka imtihonini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi, tavsiya etilgan materiallar va oʻquv dasturlari, test savollari va ularning javoblari, malaka imtihonlari natijalari toʻgʻrisidagi axborotlarni joylashtiradi;
imtihon tashkilotchisi bilan malaka imtihonini oʻtkazish boʻyicha autsorsing shartnomasi tuzadi;
malaka komissiyasini tasdiqlaydi;
test savollari variantlari va ularning javoblarini baholovchilarni tayyorlash boʻyicha oʻquv markazlarining takliflarini inobatga va vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda, baholovchilar uchun oʻquv dasturi asosida ishlab chiqadi hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq yangilab boradi;
test sinovlarini oʻtkazish va imtihon tashkilotchisini tanlash shartlari, talablari va tartibini vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi;
respublikaning barcha hududlarida malaka imtihonlari oʻtkazilishini va ularda ishtirok etish imkoniyatini taʼminlaydi;
talabgorlarning arizalarini belgilangan tartibda koʻrib chiqadi yoki koʻrib chiqishni rad etadi.
Kengash faoliyati jamoat birlashmalari tomonidan tasdiqlangan reglament asosida amalga oshiriladi.
6. Malaka sertifikatiga ega boʻlgan har bir baholovchi malaka sertifikati olingan yildan keyingi yildan boshlab har yili baholovchi tashkilotlar hamda baholovchilarning professional birlashmalarining takliflari hisobga olingan holda, vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan malaka oshirish dasturlari boʻyicha kamida 40 soatlik malaka oshirish kurslarida oʻqishi shart.
Xalqaro sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs oʻz tanloviga koʻra namunaviy dastur boʻyicha yoki xalqaro sertifikat dasturi doirasida malaka oshirish kurslaridan birida oʻqishi mumkin.
2-bob. Malaka imtihonini oʻtkazish tartibi
7. Baholovchilarning malaka imtihonini oʻtkazish va ularga malaka sertifikatini berish mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
8. Talabgor xizmatdan foydalanish uchun Markazga oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Markaz xodimi talabgor nomidan yoki YIDXP orqali murojaat qilinganda — talabgor mustaqil ravishda mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi va unga quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
baholovchilarni tayyorlash markazlarida maxsus oʻquv kursini tugatgani toʻgʻrisidagi sertifikatning nusxasi;
baholovchining xalqaro sertifikati raqami va berilgan vaqti (nusxa yoki elektron shaklda ilova qilinadi, agar mavjud boʻlsa);
notarial tasdiqlangan ishonchnoma (agar uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilinayotgan boʻlsa).
Talabgordan mazkur bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Talabgor YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
10. Mazkur Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan hujjatlar talabgor tomonidan vakolatli davlat organiga Markaz yoki YIDXP orqali taqdim etiladi. Ilova qilinadigan hujjatlar PDF, PNG yoki JPEG formatda boʻlishi lozim.
11. Xizmat koʻrsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoriga teng boʻlgan yigʻim undiriladi.
Soʻrovnoma qabul qilingandan soʻng malaka imtihonida ishtirok etish uchun talabgor tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoriga teng boʻlgan yigʻim toʻlanadi.
Xizmat koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilgan taqdirda, belgilangan toʻlov summasining 90 foizi undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga mazkur bandda belgilangan yigʻimning 50 foizi miqdorida, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga belgilangan yigʻimning 75 foizi miqdorida chegirma qoʻllanadi. Bunda chegirma Ijtimoiy reyestrning:
“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilalarga, ularning ilgari belgilangan toifasiga muvofiq miqdorda;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga “kambagʻal oila” toifasidagi oila uchun belgilangan miqdorda qoʻllaniladi.
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlangani Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanadi.
Yigʻimlar mazkur Nizomning 12-bandida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
12. Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Markazga oʻzi kelib murojaat etganda:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — Kengash tomonidan tashkil etilgan jamoat birlashmalarining tegishli hisobvaragʻiga teng ulushda taqsimlanadi;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi;
11,75 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (jumladan 0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — Kengash tarkib topgan jamoat birlashmalarining tegishli hisobvaragʻiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
Malaka imtihonida ishtirok etish uchun yigʻimlar Kengash faoliyati yuzasidan tuzilgan reglamentga muvofiq taqsimlanishi mumkin.
13. Talabgordan soʻrovnoma qabul qilingandan soʻng malaka imtihonida ishtirok etish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoriga teng boʻlgan yigʻim imtihon tashkilotchisining tegishli hisobvaragʻiga autsorsing shartnomasida belgilangan miqdorda Kengash tarkib topgan jamoat birlashmalari tomonidan teng ulushlarda oʻtkaziladi.
14. Talabgor quyidagi talablarga javob berishi kerak:
iqtisodiy, yuridik yoki texnik yoʻnalishda bakalavr yoki magistr maʼlumotiga, baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida soʻnggi 5 yilda kamida 1 yil ish stajiga ega boʻlishi;
boshqa yoʻnalishda oliy maʼlumotga, soʻnggi 5 yilda baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida kamida 2 yil ish stajiga ega boʻlishi;
bunda xorijiy davlatlarda oʻqiganini tasdiqlovchi oliy maʼlumot yoki ilmiy daraja belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasida tan olingan nostrifikatsiya qilingan taqdirda inobatga olinadi;
vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda kelishilgan dastur boʻyicha va baholash tashkilotlari hamda baholovchilar professional birlashmalarining takliflari hisobga olingan holda, maxsus oʻqiganligi haqida sertifikatga ega boʻlishi; “Baholash ishi: baholash faoliyati va rieltorlik (obyektlar boʻyicha)” yoki “Koʻchmas mulkni ekspertiza qilish va boshqarish” mutaxassisligi boʻyicha bakalavr va magistr diplomiga yoki baholovchining xalqaro sertifikatiga ega boʻlgan talabgor maxsus oʻquvdan oʻtmasdan malaka imtihonini topshirishga haqli.
Malaka sertifikatiga ega boʻlgan har bir baholovchi malaka sertifikati olingan yildan keyingi yildan boshlab har yili baholovchi tashkilotlar hamda baholovchilar professional birlashmalarining takliflari hisobga olingan holda, vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan malaka oshirish dasturlari boʻyicha kamida 40 soatlik malaka oshirish kurslarida oʻqiydi.
15. Talabgor xizmatlardan foydalanishda ularni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Talabgor xizmatlardan foydalanishdan bosh tortganda, ularning soʻrovnomasi koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi va toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
16. Malaka komissiyasi soʻrovnoma kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunida talabgorning malaka imtihonida ishtirokini tasdiqlaydi yoki rad etadi.
17. Mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan yoki toʻliq holda taqdim etilmaganda, talabgor malaka imtihonida ishtirok etmaydi.
18. Talabgorning malaka imtihonida ishtirok etishi rad etilganda, malaka komissiyasi tomonidan rad etish asoslari koʻrsatilgan holda, uch ish kuni ichida xabardor qilinadi.
19. Talabgorga hujjatlarda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda oʻn ish kun muddatda soʻrovnomani qayta yuborish imkoniyati beriladi. Bunda qayta yuborilgan soʻrovnomani koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim undirilmaydi.
Malaka imtihonida ishtirok etish uchun qayta kiritilgan soʻrovnoma malaka komissiyasi tomonidan uch ish kuni muddatda koʻrib chiqiladi.
Talabgor tomonidan oʻn ish kuni oʻtgandan keyin murojaat qilgan taqdirda, murojaat yangi deb hisoblanadi va talabgordan yigʻim undiriladi.
20. Quyidagilar talabgorning malaka imtihonida ishtirok etish toʻgʻrisidagi soʻrovnomasini rad etish uchun asos boʻladi:
mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlar talabga javob bermaganda;
hujjatlarda yolgʻon yoki qalbaki maʼlumotlar koʻrsatilgani aniqlanganda;
talabgor tomonidan mazkur Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan muddatlarga rioya etilmaganda.
Soʻrovnomaning boshqa sabablarga koʻra rad etilishi taqiqlanadi.
21. Malaka imtihonida ishtirok etuvchi talabgorlarning roʻyxati malaka komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Bunda malaka imtihoni guruhlar shakllanishiga qarab, talabgorlarning soʻrovnomalariga asosan malaka komissiyasi nazorati ostida ikki oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
22. Malaka komissiyasi vakolatli davlat organi va Kengash tomonidan kamida yetti nafar aʼzodan, shu jumladan, komissiya raisidan iborat tarkibda tuziladi.
Malaka komissiyasi Kengashning ishchi organi hisoblanadi va uning tarkibiga vakolatli davlat organining ikki nafar vakili hamda jamoat birlashmalarining kamida ikki nafar vakili kiritiladi.
Malaka komissiyasi raisi kengash aʼzolari va vakolatli davlat organi tomonidan har yili koʻpchilik ovoz bilan jamoat birlashmalarining rahbarlari orasidan saylanadi.
23. Malaka komissiyasi tomonidan komissiya kotibi etib vakolatli davlat organi xodimi belgilanadi. Bunda komissiya kotibi talabgorlardan kelib tushadigan arizalarni qabul qilish, imtihon roʻyxatini shakllantirish, malaka imtihoni natijalariga koʻra bayonnoma va malaka sertifikatlarini rasmiylashtirish, reyestrni yuritish uchun masʼul hisoblanadi.
24. Malaka imtihonini oʻtkazish kuni, vaqti va joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar imtihon sanasidan oʻn besh kun oldin jamoat birlashmalari, va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
25. Malaka imtihonida ishtirok etuvchi talabgorlar roʻyxati imtihon sanasidan besh kun oldin jamoat birlashmalari va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
26. Imtihon tashkilotchisi malaka imtihoni testlariga ruxsatsiz yoki tasodifan kirishning oldini oladi, testlarni yoʻq qilish, oʻzgartirish, blokirovka qilish, ulardan nusxa koʻchirish, tarqatishdan himoya qilish uchun zarur tashkiliy va texnik chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
27. Talabgor tomonidan malaka imtihoni vaqtida ushbu Nizomning 34-bandida koʻrsatilgan talablar buzilgani yoki imtihon natijalarga taʼsir qiluvchi xatti-harakatlar amalga oshirgani aniqlanganda, imtihon tashkilotchisi dalolatnoma tuzadi va ushbu talabgorning imtihon natijalari malaka komissiyasi tomonidan bekor qilinadi.
28. Malaka imtihonini topshirishda talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjatning aslini (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) taqdim etadi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlmagan yoxud malaka imtihoniga kechikkan talabgorlar kelmagan hisoblanadi hamda navbatdagi malaka imtihonidan oʻtadigan talabgorlar roʻyxatiga kiritiladi, bu haqida talabgor Markaz (oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda) yoki YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) uch ish kunidan kechiktirmay xabardor qilinadi.
29. Agar talabgor tegishli tarzda xabardor qilinganidan keyin ikkinchi marta malaka imtihonini topshirish uchun kelmasa, talabgorga xizmat koʻrsatish rad qilingan hisoblanadi. Bunda malaka imtihonidan oʻtish uchun toʻlangan yigʻim summasi qaytarib berilmaydi.
Hujjatlar talabgor tomonidan mazkur Nizomda belgilangan umumiy tartibda qayta topshiriladi.
30. Malaka imtihoni kompyuterda topshiriladigan test sinovlari orqali talabgorning tanloviga koʻra oʻzbek yoki rus tilida oʻtkaziladi.
Malaka imtihonini oʻtkazish jarayonini imtihon tashkilotchisi uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushirish uchun malaka imtihonlarini tashkil etgan holda, alohida test xonalarini ajratadi hamda ularni zamonaviy texnik asbob-uskunalar (kompyuter, ovozli video kamera, internet aloqasi va boshqalar) bilan taʼminlab, talabgorlar uchun tegishli shart-sharoitlar yaratadi.
31. Vakolatli davlat organi oʻz vakolatlari doirasida jamoat birlashmalari va imtihon tashkilotchisiga malaka imtihonlarini oʻtkazishni tashkil etishda texnik va uslubiy jihatdan yordam koʻrsatadi.
Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida malaka imtihonini oʻtkazish jarayonining videotasviri vakolatli davlat organida kamida bir yil mobaynida saqlanadi.
32. Test sinovlari oʻquv dasturining barcha boʻlimlarini aks ettiradigan kamida 50 ta savoldan iborat boʻladi hamda umumiy imtihon vaqti davomiyligi ellik daqiqani tashkil etadi.
33. Talabgorning toʻgʻri javoblari malaka imtihonidagi test savollari sonining kamida 70 foizini tashkil qilsa, u malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.
34. Malaka imtihonini topshirish jarayonida talabgorga quyidagilar taqiqlanadi:
qonunchilik hujjatlari va yoʻriqnoma materiallari, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan foydalanish;
mobil aloqa va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish;
boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish;
malaka imtihoni xonasidan tashqariga chiqish (test sinovi oʻtayotgan xonadan tashqariga chiqqan shaxslar qayta ichkariga kiritilmaydi).
Ushbu talablarni buzgan talabgorlar belgilangan tartibda test sinovi oʻtkazilayotgan xonadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan oʻtmagan hisoblanadi.
Begona shaxsga malaka imtihonida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
35. Malaka imtihonidan oʻtmagan talabgor malaka imtihonini takroran topshirish uchun malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab kamida bir oy vaqt oʻtgandan soʻng ushbu Nizomda belgilangan tartibda malaka imtihonidan oʻtish uchun takroran murojaat qilishga haqli. Murojaat umumiy tartibda koʻrib chiqiladi.
36. Malaka imtihonini topshira olmagan talabgorlarga yigʻim qaytarib berilmaydi.
37. Malaka imtihonini topshirish natijalari salbiy baholangan talabgorning hujjatlari unga qaytarilmaydi.
38. Malaka imtihonining natijalari malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan soʻng uch ish kunida malaka komissiyasi bayonnomasi bilan tasdiqlanadi hamda jamoat birlashmalari, vakolatli davlat organi va imtihon tashkilotchisining rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi.
39. Malaka imtihonida ishtirok etish uchun talabgorlar tomonidan berilgan soʻrovnoma va unga ilova qilingan hujjatlar hamda komissiyaning yigʻilish bayonnomalari besh yil mobaynida imtihon tashkilotchisida saqlanadi.
3-bob. Malaka sertifikatini rasmiylashtirish, berish va Malaka sertifikatlari reyestrini yuritish
40. Kengash tarkibiga kirgan jamoat birlashmalari QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlangan malaka sertifikatini rasmiylashtiradi hamda real vaqt rejimida talabgorga YIDXP orqali yuboradi. Ushbu malaka sertifikati Oʻzbekiston Respublikasining hududida yuridik kuchga ega.
41. Malaka sertifikati besh yil muddatga beriladi va uning amal qilish muddati besh yil muddatga uzaytirilishi mumkin.
42. Malaka sertifikati mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi va Reyestrga tegishli yozuv kiritiladi.
43. Reyestr vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi va unda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
malaka sertifikati olingan sana, uni olgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
shaxsini tasdiqlovchi (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-kartasi) maʼlumotlar va yashash manzili;
ish joyi;
malaka sertifikatining hisobga olish seriyasi, raqami va berilgan sanasi;
malaka sertifikatining amal qilish muddati uzaytirilgani, amal qilishi toʻxtatilgani, tugatilgani, bekor qilingani va qayta rasmiylashtirilgani toʻgʻrisida maʼlumotlar.
Reyestr shakli vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi va elektron shaklda yuritiladi.
44. Reyestrga kiritilgan baholovchiga taalluqli shaxsini tasdiqlovchi (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-kartasi) maʼlumotlari va yashash manzili kabi shaxsiy maʼlumotlardan tashqari barcha maʼlumotlar tanishib chiqish uchun ommabop boʻlib, vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
45. Markaz malaka sertifikati olingandan soʻng oʻn daqiqa mobaynida uni talabgorning elektron manziliga yuboradi hamda talabgorni bu haqida xabardor qiladi. Talabgorning soʻroviga koʻra Markaz malaka sertifikatini elektron yoki qogʻoz shaklida taqdim etishi mumkin.
4-bob. Apellyatsiyani koʻrib chiqish
46. Malaka imtihonidan oʻta olmagan talabgor malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab oʻttiz kalendar kun ichida malaka komissiyasiga apellyatsiya berish huquqiga ega. Apellyatsiya yozma ravishda taqdim etiladi.
Malaka komissiyasi oʻn ish kuni ichida kiritilgan apellyatsiyani koʻrib chiqadi va belgilagan muddatda talabgorga qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda xabar beradi.
47. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari yuzasidan malaka komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
imtihon natijalarini (yozma ravishda asoslangan xat asosida) oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida;
apellyatsiyani qanoatlantirish va talabgor malaka imtihonini topshirgan deb hisoblash toʻgʻrisida;
talabgorni takroran malaka imtihoniga qoʻyish toʻgʻrisida.
48. Malaka imtihoni natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
apellyatsiya mazkur Nizom talablarini buzgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
apellyatsiyada koʻrsatilgan vajlar oʻz tasdigʻini topmasa.
49. Malaka imtihonini takroran oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror apellyatsiya bergan talabgorning malaka imtihoni mazkur Nizom talablariga zid ravishda oʻtkazilgani holatlari aniqlangan taqdirda qabul qilinadi.
50. Malaka komissiyasi tomonidan apellyatsiya bergan talabgor uchun malaka imtihonini takroran oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, takroriy malaka imtihoni uchun yigʻim toʻlanmaydi va mazkur Nizomda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
51. Talabgor takroran apellyatsiya berishi mumkin emas.
52. Malaka komissiyasi qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga sudga shikoyat qilinishi mumkin.
5-bob. Malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish va qayta rasmiylashtirish
53. Malaka sertifikatida koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, talabgor malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun imtihon tashkilotchisiga oʻn ish kuni ichida Markaz yoxud YIDXP orqali elektron shaklda ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni ilova qilgan holda soʻrovnomani toʻldiradi.
Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
54. Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirishda toʻlov undirilmaydi.
55. Malaka komissiyasi talabgorning soʻrovnomasi kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda malaka sertifikatini qayta rasmiylashtiradi va ushbu Nizomning 40-bandida belgilangan tartibda talabgorga yuboradi, shuningdek, bu toʻgʻrisidagi maʼlumotni jamoat birlashmalari, imtihon tashkilotchisi va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi.
56. Vakolatli davlat organi malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirishda Reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
57. Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun talabgordan qayta imtihondan oʻtish talab qilinmaydi.
Amal qilish muddati cheklangan malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirishda ilgari berilgan malaka sertifikatining amal qilish muddati oʻzgarmaydi
58. Malaka sertifikati cheklangan muddatga berilganda, talabgor malaka sertifikatining amal qilish muddati tugashiga qadar imtihon tashkilotchisiga Markazga bevosita oʻzi yoki ishonchli vakili orqali uning muddatini uzaytirish uchun murojaat etadi yoxud YIDXPda elektron shaklda ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan tartibda soʻrovnomani toʻldiradi.
Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
59. Malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Xizmat koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, belgilangan toʻlov summasining 90 foizi undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga mazkur bandda belgilangan yigʻimning 50 foizi miqdorida, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga belgilangan yigʻimning 75 foizi miqdorida chegirma qoʻllanadi. Bunda chegirma Ijtimoiy reyestrning:
“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilalarga, ularning ilgari belgilangan toifasiga muvofiq miqdorda;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga “kambagʻal oila” toifasidagi oila uchun belgilangan miqdorda qoʻllaniladi.
(59-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan uchinchi — beshinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Xizmat koʻrsatilgani uchun yigʻim toʻlangani axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
60. Talabgor tomonidan hujjatlar toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganda, soʻrovnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda, besh ish kuni ichida xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyati beriladi.
Toʻlovlar mazkur Nizomning 12-bandida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
61. Talabgor Markazga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Markaz xodimi tomonidan toʻldirilib, talabgor uni tasdiqlangandan soʻng mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilingan holda, oʻn daqiqada imtihon tashkilotchisiga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda imtihon tashkilotchisiga yuboriladi.
62. Malaka sertifikati muddati mazkur Nizomning 58-bandida belgilangan talablarga rioya etilganda va baholovchilar malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda uzaytiriladi.
Bunda soʻrovnomani koʻrib chiqish va malaka imtihonini oʻtkazish mazkur Nizomning 2-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
63. Malaka sertifikati qayta rasmiylashtirilganda va muddati uzaytirilganda Reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
6-bob. Malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi
64. Malaka sertifikatining amal qilishini malaka komissiyasi xulosasiga asosan toʻxtatib turish uchun quyidagilar asos boʻladi:
talabgorning arizasi;
talabgor oʻz faoliyatini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlari yoki malaka sertifikati talablarini buzganda;
talabgor tomonidan vakolatli davlat organining oʻz zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi koʻrsatma bajarilmaganda;
baholovchi tomonidan tayyorlangan baholash toʻgʻrisidagi hisobot boshqa baholovchi tashkilot tomonidan oʻtkazilgan ekspertiza natijalariga yoki sudlarning soʻrovnomalariga koʻra bahsli vaziyatlarda baholanadigan obyektlarning baholash boʻyicha materiallarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha ekspert komissiyasining qaroriga asosan yil davomida birinchi marta ishonchli emas deb topilganda;
oliy va birinchi toifali baholovchilar tomonidan amalga oshirilgan ekspertiza xulosalari yuzasidan maʼlumotlar Ekspertiza xulosalarining yagona reyestriga kiritilmagan boʻlsa.
Baholovchining malaka sertifikatining amal qilishi toʻxtatilgan talabgor baholovchilarni tayyorlash dasturi boʻyicha umumiy oʻquv kurslarida qayta taʼlim olgandan soʻng malaka sertifikatining amal qilishi toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holat bartaraf etildi deb hisoblanadi.
65. Malaka sertifikatining amal qilishi malaka komissiyasi xulosasiga asosan vakolatli davlat organi tomonidan toʻxtatib turiladi. Malaka sertifikatining amal qilishi vakolatli davlat organi tomonidan olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turilishi mumkin.
Talabgor ushbu Nizomning 64-bandida nazarda tutilgan malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni vakolatli davlat organi belgilagan muddatda bartaraf etmaganda, vakolatli davlat organi malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi kiritadi.
66. Vakolatli davlat organining malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori boʻyicha bir ish kuni ichida talabgor xabardor qilinadi va malaka sertifikatining amal qilishi toʻxtatib turilgani haqida Reyestrga tegishli yozuv kiritiladi.
67. Vakolatli davlat organi malaka sertifikatining amal qilishi toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holatlarning talabgor tomonidan bartaraf etilishi uchun yetarli, ammo besh ish kunidan kam va olti oydan koʻp boʻlmagan muddat beradi.
68. Kamchiliklar bartaraf etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumot tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida vakolatli davlat organi maʼlumotlarni oʻrganishi lozim.
Oʻrganishlar natijasida malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar talabgor tomonidan bartaraf etilgani aniqlangan taqdirda, vakolatli davlat organi bir ish kuni ichida kamchiliklar bartaraf etilgani toʻgʻrisida talabgorni xabardor qiladi.
69. Malaka sertifikatining amal qilishi quyidagi hollarda vakolatli davlat organining qaroriga binoan tugatiladi:
talabgor malaka sertifikatining amal qilishini tugatish boʻyicha murojaat qilganda;
malaka sertifikatini berish tartibi bekor qilinganda;
malaka sertifikatining amal qilish muddati tamom boʻlganda;
talabgorning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda, u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
talabgor vafot etganda;
talabgor tomonidan vakolatli davlat organiga malaka sertifikatining amal qilishini bir yilgacha toʻxtatib turish toʻgʻrisida murojaat berilib, mazkur muddat davomida malaka sertifikatining amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida vakolatli davlat organiga murojaat qilinmagan taqdirda.
70. Vakolatli davlat organi quyidagi hollarda malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida sudga murojaat qiladi:
talabgor malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni vakolatli davlat organi belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
talabgor malaka sertifikati yoki unga oid qonunchilik hujjatlari talablarini bir yil davomida muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda;
Malaka sertifikati amal qilishining tugatilishiga asos boʻladigan qoʻpol qoidabuzarliklarga quyidagilar kiradi:
baholash davomida olingan maʼlumotlarni mulkdor yoki baholash buyurtmachisining ruxsatisiz baholovchi tomonidan uchinchi shaxslarga berish, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
moliya-xoʻjalik munosabatlari sohasida muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi qonuniy kuchga kirgan sud hukmi;
fuqaroni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqati cheklangan deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi sud qarori;
baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda baholashda mustaqillikni taʼminlamaslik;
bir yil davomida muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) baholash toʻgʻrisidagi hisobotni hamda ekspert xulosasini notoʻgʻri tuzish;
baholash ishlarini oʻtkazishda olingan maxfiy axborotni mulkdor yoki baholash buyurtmachisining ruxsatisiz oshkor qilish, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
71. Malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qarorning qonunga xilofligi yoki malaka sertifikati qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olingani aniqlanganda, vakolatli davlat organi malaka sertifikatining amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisida sudga murojaat qiladi.
72. Vakolatli davlat organining malaka sertifikatini toʻxtatib turish haqidagi qarori yoxud malaka sertifikatini tugatish yoki bekor qilish boʻyicha sudga daʼvo kiritilganda, talabgor ish materiallari bilan tanishishga hamda ulardan koʻchirma olishga, ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berishga, dalillarni taqdim etishga va ularni tekshirishda ishtirok etishga, iltimosnomalar taqdim etishga hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.
73. Vakolatli davlat organining yoki sudning malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori haqida bir ish kuni ichida talabgor xabardor qilinadi va Reyestrga tegishli yozuv kiritiladi.
Malaka sertifikatining amal qilish tugatilganda yoki bekor qilinganda, talabgor malaka sertifikatini olish bir yildan soʻng ushbu Nizomga asosan umumiy tartibda murojaat qilishi mumkin.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
74. Jamoat birlashmalari va vakolatli davlat organi oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
Vakolatli davlat organi ushbu Nizom talablari ijrosi taʼminlanishini doimiy nazorat qiladi va monitoring yuritadi.
75. Talabgor jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
76. Ushbu Nizomning talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Baholovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Baholovchining malaka imtihonini oʻtkazish va ularga malaka sertifikatini berish boʻyicha
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Talabgor

Malaka sertifikatini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelgan holda yoki YIDXP orqali murojaat qiladi

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

1. Soʻrovnoma shaklini toʻldirib, imtihon tashkilotchisiga yuboradi.

Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng oʻn daqiqada

YIDXP

2. Toʻldirilgan soʻrovnomani avtomatik tarzda imtihon tashkilotchisiga yuboradi.

Real vaqt rejimida

3-bosqich

Malaka imtihoni tashkilotchisi

1. Ariza tushgandan soʻng malaka imtihoniga qoʻyish yoki rad etish maqsadga muvofiqligini oʻrganib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.

uch ish kuni muddatda

2. Malaka imtihoniga qoʻyilgan talabgorlar roʻyxati vakolatli organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

Imtihon sanasidan besh kun oldin

4-bosqich

Malaka imtihoni tashkilotchisi

Malaka imtihoni natijalari toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng malaka sertifikatini QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan rasmiylashtiradi va uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlaydi, Davlat xizmatlari markazi (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki talabgorga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali yuboradi.

Real vaqt rejimida

5-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

1. Malaka sertifikatini talabgorning elektron manziliga yuboradi, bu haqida talabgorni axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

oʻn daqiqada

2. Talabgor oʻzi kelib murojaat qilganda, ruxsatnomani elektron yoki qogʻoz shaklida talabgorga taqdim etadi.

Talabgor soʻroviga koʻra

Baholovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

Baholovchining malaka imtihonini oʻtkazish va ularga malaka sertifikatini berish boʻyicha

SOʻROVNOMA

__________________

______ (sanasi)

__________________

(raqami)

1. F.I.O.

2. Pasport maʼlumotlari (seriyasi va raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, agar mavjud boʻlsa)

3. Maʼlumoti (oliy taʼlim muassasasi nomi, fakultet)

3.1. Tamomlagan yili, diplom raqami

3.2. Diplom boʻyicha mutaxassisligi

4. Baholovchilarni oʻqitish markazlari maxsus oʻquv kursining sertifikati raqami va berilgan vaqti (nusxa yoki elektron shaklda ilova qilinadi)

5. Ish joyi va egallab turgan lavozimi

6. Baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalariga aʼzoligi

7. Baholovchining xalqaro sertifikati raqami va berilgan vaqti (nusxa yoki elektron shaklda ilova qilinadi, agar mavjud boʻlsa)

8. Manzili

9. Mobil telefoni, elektron pochta manzili (e-mail)

10. Baholovchining malaka sertifikatini olish uchun, malaka imtihonini topshirish uchun

11. Baholovchining malaka sertifikati amal qilish muddatini uzaytirish, malaka imtihonini topshirish uchun

12. Baholovchining malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun*

* Qayta rasmiylashtirish uchun malaka imtihonini topshirish talab etilmaydi.
Baholovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi

Oʻzbekiston Baholovchilar jamiyati

Oʻzbekiston baholovchilar, ekspertlar va maslahatchilar jamiyatining

_________________-son

BAHOLOVCHI MALAKA SERTIFIKATI

Foto

Toshkent sh.

(berilgan vaqti)

Malaka imtihoni komissiyasi tomonidan

___________________________________________________________________________

(kimga — baholovchining malaka sertifikatini olgan shaxsning F.I.O.)

Pasport maʼlumotlari: _______________________________________________________

20__ yil __ ____________dagi malaka imtihoni komissiyasi qaroriga asosan baholovchining malaka sertifikati 20__ yil __ __________dan 20__ yil __ ___________gacha muddatga berildi.

__________________________________

______________

QR-kod

Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi raisi F.I.O.

imzo

__________________________________

______________

QR-kod

Oʻzbekiston Baholovchilar jamiyati raisi F.I.O.

imzo

__________________________________

______________

QR-kod

Oʻzbekiston baholovchilar, ekspertlar va maslahatchilar jamiyati raisi F.I.O.

imzo

Baholovchi malaka sertifikatining amal qilish muddati 20___ yil ___ ___________dan 20__ yil ___ _______________gacha uzaytirildi.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 838-son qaroriga
2-ILOVA
Rieltorlarga malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari tomonidan jismoniy shaxslarga malaka sertifikatini berish uchun malaka imtihonini oʻtkazish va malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi;
elektron tizim — malaka komissiyasi tomonidan talabgorlardan kelib tushadigan arizalarni qabul qiluvchi, malaka sertifikatini beruvchi va jamoat birlashmalari hamda vakolatli davlat organi oʻrtasida integratsiya qilingan maxsus elektron tizim;
imtihon tashkilotchisi — Kengash qarori asosida jamoat birlashmalari tomonidan autsorsingni oʻtkazish boʻyicha ochiq tanlov natijalariga koʻra tayinlanadigan, malaka sertifikatini olish uchun ariza beruvchilarni kompyuter testlaridan oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlgan yuridik shaxs;
Kengash — malaka komissiyasini tasdiqlovchi va uning ishini belgilovchi, rieltorlik faoliyati sohasidagi kamida ikkita professional jamoat birlashmalaridan tarkib topgan idoralararo ishchi organ;
malaka sertifikati — jamoat birlashmasi tomonidan berilgan hamda jismoniy shaxsning rieltorlik faoliyati sohasida rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish (ishlarni bajarish) huquqini beradigan hujjat;
malaka imtihoni — talabgorning bilim darajasi rieltorga qoʻyilgan talablarga mos kelishini tekshirishga yoʻnaltirilgan, malaka imtihoni komissiyasi tomonidan test sinovi shaklida, shu jumladan, eksterritorial tamoyil asosida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkaziladigan imtihon;
malaka komissiyasi — malaka imtihonini oʻtkazishda jamoat birlashmalari va vakolatli davlat organi vakillardan tarkib topgan Kengash tomonidan tasdiqlangan komissiya;
malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish — malaka sertifikatining amal qilishi 5 yil oʻtgandan soʻng uzaytirilishi;
malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish — malaka sertifikatiga ega shaxsning pasport maʼlumotlari (seriyasi, raqami, identifikatsiyalovchi ID-kartasi seriyasi, raqami, agar mavjud boʻlsa) oʻzgarganda qayta rasmiylashtirilishi;
malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatish — malaka sertifikatining yuridik kuchi vaqtincha toʻxtatib turishga olib kelgan holatlar bartaraf etilgunga qadar, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turilishi;
malaka sertifikatining amal qilishini tugatish — malaka sertifikatini berish shartlarining buzilishi yoki mazkur Nizomda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha talabgor malaka sertifikatining yuridik kuchi yoʻqotilishi;
malaka sertifikatini bekor qilish — malaka sertifikatining berilgan kundan boshlab yuridik kuchi toʻliq bekor qilinishi va mazkur sertifikat bilan bogʻliq barcha huquq va vakolatlar tugatilishi;
Malaka sertifikati reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) — vakolatli davlat organi tomonidan shakllantiriladigan va uning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan malaka sertifikatiga ega rieltorlar haqidagi axborotni toʻplash, hisobga olish va tahlil qilish imkonini beruvchi yagona axborot tizimi;
maxsus oʻqiganlik haqida sertifikat — rieltorlik tashkilotlari va rieltorlik faoliyati sohasidagi rieltorlik tashkilotlarining jamoat birlashmalari takliflarini hisobga olgan holda, vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan 60 soatdan kam boʻlmagan dastur boʻyicha rieltor rieltorlarni tayyorlash markazida maxsus oʻqiganligini tasdiqlovchi hujjat;
rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va kamida ellikta rieltorlik tashkilotining va rieltorning aʼzoligiga asoslangan jamoat birlashmasi;
rieltor — jamoat birlashmalari tomonidan belgilangan tartibda berilgan rieltorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
talabgor — malaka sertifikatini olishga yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishga daʼvogar jismoniy shaxs;
xalqaro sertifikat — “Sertifikatlangan tijorat koʻchmas mulk va investitsiyalar boʻyicha mutaxassis (CCIM Certifiyed Commercial Investment Member)”, “Sertifikatlangan uy-joy boʻyicha mutaxassis (CRS (Certifiyed Residential Specialist)”, “Xalqaro mulk boʻyicha sertifikatlangan mutaxassis CIPS (Certifiyed International Property Specialist)”, “Xalqaro koʻchmas mulk boʻyicha mutaxassis (FIREC FIABCI International Real Estate Consultant)”, “Sertifikatlangan global koʻchmas mulk boʻyicha mutaxassis (FCP FIABCI Certifiyed Global Real Estate Professional)” sertifikatlari.
3. Talabgorlarga malaka sertifikatini berish, uning amal qilishini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish xizmatlari (keyingi oʻrinlarda — xizmat) Davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markaz) va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali malaka sertifikatini berishga masʼul boʻlgan malaka komissiyasi tomonidan koʻrsatiladi.
4. Imtihon tashkilotchisi qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi, zamonaviy oʻquv talablariga javob berishi, shuningdek, zarur texnik asbob-uskunalar (kompyuter, ovozli videokamera, internet aloqasi va boshqalar) bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
5. Kengash:
malaka imtihonini oʻtkazishni tashkil qiladi, shuningdek, oʻzining rasmiy veb-saytiga malaka imtihonini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi, tavsiya etilgan materiallar va oʻquv dasturlari, test savollari va ularning javoblari, malaka imtihonlari natijalari toʻgʻrisidagi axborotlarni joylashtiradi;
imtihon tashkilotchisi bilan malaka imtihonini oʻtkazish boʻyicha autsorsing shartnomasi tuzadi;
malaka komissiyasini tasdiqlaydi;
test savollari variantlari va ularning javoblarini, rieltorlarni tayyorlash boʻyicha oʻquv markazlarining takliflarini inobatga va vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda, rieltorlar uchun oʻquv dasturi asosida ishlab chiqadi hamda ularni qonunchilik hujjatlariga muvofiq yangilab boradi;
test sinovlarini oʻtkazish va imtihon tashkilotchisini tanlash shartlari, talablar va tartibini vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi;
respublikaning barcha hududlarida malaka imtihonlari oʻtkazilishini va ularda ishtirok etish imkoniyatini taʼminlaydi;
talabgorlarning arizalarini belgilangan tartibda koʻrib chiqadi yoki koʻrib chiqishni rad etadi.
Kengash faoliyati jamoat birlashmalari tomonidan tasdiqlangan reglament asosida amalga oshiriladi.
6. Malaka sertifikatiga ega boʻlgan har bir jismoniy shaxs malaka sertifikati olingan yildan keyingi yildan boshlab har uch yilda kamida bir marta jamoat birlashmalari va vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan malaka oshirish dasturlari boʻyicha 20 soatdan kam boʻlmagan hajmda malaka oshirish kurslarida oʻqishi shart.
Xalqaro sertifikat egasi boʻlgan jismoniy shaxs oʻz tanloviga koʻra namunaviy dastur boʻyicha yoki xalqaro sertifikat dasturi doirasida malaka oshirish kurslaridan birida oʻqishi mumkin.
2-bob. Malaka imtihonini oʻtkazish tartibi
7. Rieltorlarning malaka imtihonini oʻtkazish va ularga malaka sertifikatini berish mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
8. Talabgor xizmatdan foydalanish uchun Markazga oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Markaz xodimi talabgor nomidan yoki YIDXP orqali murojaat qilinganda — talabgor mustaqil ravishda mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi va unga quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
rieltorlarni tayyorlash markazlarida maxsus oʻquv kursini tugatganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning nusxasi;
rieltorning xalqaro sertifikati raqami va berilgan vaqti (nusxa yoki elektron shaklda ilova qilinadi, agar mavjud boʻlsa);
notarial tasdiqlangan ishonchnoma (agar uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilinayotgan boʻlsa).
Talabgordan mazkur bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Talabgor YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
10. Mazkur Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan hujjatlar talabgor tomonidan vakolatli davlat organiga Markaz yoki YIDXP orqali taqdim etiladi. Ilova qilinadigan hujjatlar PDF, PNG yoki JPEG formatda boʻlishi lozim.
11. Xizmat koʻrsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoriga teng boʻlgan yigʻim undiriladi.
Soʻrovnoma qabul qilingandan soʻng malaka imtihonida ishtirok etish uchun talabgor tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoriga teng boʻlgan yigʻim toʻlanadi.
Xizmatni koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilgan taqdirda, belgilangan toʻlov summasining 90 foizi undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga mazkur bandda belgilangan yigʻimning 50 foizi miqdorida, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga belgilangan yigʻimning 75 foizi miqdorida chegirma qoʻllanadi. Bunda chegirma Ijtimoiy reyestrning:
“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilalarga, ularning ilgari belgilangan toifasiga muvofiq miqdorda;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga “kambagʻal oila” toifasidagi oila uchun belgilangan miqdorda qoʻllaniladi.
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlangani Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanadi.
Yigʻimlar mazkur Nizomning 12-bandida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
12. Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Markazga oʻzi kelib murojaat etganda:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — Kengash tomonidan tashkil etilgan jamoat birlashmalarining tegishli hisobvaragʻiga teng ulushda taqsimlanadi;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi;
11,75 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (jumladan 0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — Kengash tarkib topgan jamoat birlashmalarining tegishli hisobvaragʻiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
Malaka imtihonida ishtirok etish uchun yigʻimlar Kengash faoliyati yuzasidan tuzilgan reglamentga muvofiq taqsimlanishi mumkin.
13. Talabgordan soʻrovnoma qabul qilingandan soʻng malaka imtihonida ishtirok etish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoriga teng boʻlgan yigʻim imtihon tashkilotchisining tegishli hisobvaragʻiga autsorsing shartnomasida belgilangan miqdorda Kengash tarkib topgan jamoat birlashmalari tomonidan teng ulushlarda oʻtkaziladi.
14. Talabgor xizmatlardan foydalanishda ularni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Talabgor xizmatlardan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi va toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
15. Malaka komissiyasi soʻrovnoma kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunida talabgorning malaka imtihonida ishtirokini tasdiqlaydi yoki rad etadi.
16. Mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan yoki toʻliq holda taqdim etilmaganda, talabgor malaka imtihonida ishtirok etmaydi.
17. Talabgorning malaka imtihonida ishtirok etishi rad etilganda, malaka komissiyasi tomonidan rad etish asoslari koʻrsatilgan holda uch ish kuni ichida xabardor qilinadi.
18. Talabgorga hujjatlarda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda oʻn ish kun muddatda soʻrovnomani qayta yuborish imkoniyati beriladi. Bunda qayta yuborilgan soʻrovnomani koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim undirilmaydi.
Malaka imtihonida ishtirok etish qayta kiritilgan soʻrovnoma malaka komissiyasi tomonidan uch ish kuni muddatda koʻrib chiqiladi.
Talabgor tomonidan oʻn ish kuni oʻtgandan keyin murojaat qilgan taqdirda, murojaat yangi deb hisoblanadi va talabgordan yigʻim undiriladi.
19. Quyidagilar talabgorning malaka imtihonida ishtirok etish toʻgʻrisidagi soʻrovnomasini rad etish uchun asos boʻladi:
mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlar talabga javob bermaganda;
hujjatlarda yolgʻon yoki qalbaki maʼlumotlar koʻrsatilgani aniqlanganda;
talabgor tomonidan mazkur Nizomning 18-bandida nazarda tutilgan muddatlarga rioya etilmaganda.
Soʻrovnomaning boshqa sabablarga koʻra rad etilishi taqiqlanadi.
20. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlarning roʻyxati malaka komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Bunda malaka imtihoni guruhlar shakllanishiga qarab, talabgorlarning soʻrovnomalariga asosan malaka komissiyasi nazorati ostida ikki oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
21. Malaka komissiyasi vakolatli davlat organi va Kengash tomonidan kamida yetti nafar aʼzodan, shu jumladan, komissiya raisidan iborat tarkibda tuziladi.
Malaka komissiyasi Kengashning ishchi organi hisoblanadi va tarkibiga vakolatli davlat organining ikki nafar vakili hamda jamoat birlashmalarining kamida ikki nafar vakili kiritiladi.
Malaka komissiyasi raisi Kengash aʼzolari va vakolatli davlat organi tomonidan har yili koʻpchilik ovoz bilan jamoat birlashmalarining rahbarlari orasidan saylanadi.
22. Malaka komissiyasi tomonidan komissiya kotibi etib vakolatli davlat organi xodimi belgilanadi. Bunda komissiya kotibi talabgorlardan kelib tushadigan arizalarni qabul qilish, imtihon roʻyxatini shakllantirish, malaka imtihoni natijalariga koʻra bayonnoma va malaka sertifikatlarini rasmiylashtirish, Reyestrni yuritish uchun masʼul hisoblanadi.
23. Malaka imtihonini oʻtkazish kuni, vaqti va joyi toʻgʻrisida maʼlumotlar imtihon sanasidan oʻn besh kun oldin jamoat birlashmalari, va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
24. Malaka imtihonida ishtirok etuvchi talabgorlar roʻyxati imtihon sanasidan besh kun oldin jamoat birlashmalari va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
25. Imtihon tashkilotchisi malaka imtihoni testlariga ruxsatsiz yoki tasodifan kirishning oldini oladi, testlarni yoʻq qilish, oʻzgartirish, blokirovka qilish, ulardan nusxa koʻchirish, tarqatishdan himoya qilish uchun zarur tashkiliy va texnik chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
26. Talabgor tomonidan malaka imtihoni vaqtida ushbu Nizomning 33-bandida koʻrsatilgan talablar buzilgani yoki imtihon natijalarga taʼsir qiluvchi xati-harakatlar amalga oshirgani aniqlanganda, imtihon tashkilotchisi dalolatnoma tuzadi va ushbu talabgorning imtihon natijalari malaka komissiyasi tomonidan bekor qilinadi.
27. Malaka imtihonini topshirishda talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjatning aslini (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) taqdim etadi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlmagan yoxud malaka imtihoniga kechikkan talabgorlar kelmagan hisoblanadi hamda navbatdagi malaka imtihonidan oʻtadigan talabgorlar roʻyxatiga kiritiladi, bu haqida talabgor Markaz (oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda) yoki YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) uch ish kunidan kechiktirmay xabardor qilinadi.
28. Agar talabgor tegishli tarzda xabardor qilinganidan keyin ikkinchi marta malaka imtihonini topshirish uchun kelmasa, talabgorga xizmat koʻrsatish rad qilingan hisoblanadi. Bunda malaka imtihonidan oʻtish uchun toʻlangan yigʻim summasi qaytarib berilmaydi.
Hujjatlar talabgor tomonidan mazkur Nizomda belgilangan umumiy tartibda qayta topshiriladi.
29. Malaka imtihoni kompyuterda topshiriladigan test sinovlari orqali talabgorning tanloviga koʻra oʻzbek yoki rus tilida oʻtkaziladi.
Malaka imtihonini oʻtkazish jarayonini uzluksiz ravishda ovozli videotasvirga tushirish uchun imtihon tashkilotchisi malaka imtihonini tashkil etgan holda, alohida test xonalarini ajratadi hamda ularni zamonaviy texnik asbob-uskunalar (kompyuter, ovozli videokamera, internet aloqasi va boshqalar) bilan taʼminlab, talabgorlar uchun tegishli shart-sharoitlar yaratadi.
30. Vakolatli davlat organi oʻz vakolatlari doirasida jamoat birlashmalari va imtihon tashkilotchisiga malaka imtihonlarini oʻtkazishni tashkil etishda texnik va uslubiy jihatdan yordam koʻrsatadi.
Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida malaka imtihonini oʻtkazish jarayonining videotasviri vakolatli davlat organida kamida bir yil mobaynida saqlanadi.
31. Test sinovi oʻquv dasturining barcha boʻlimlarini aks ettiradigan kamida 50 ta savoldan iborat boʻladi hamda umumiy imtihon vaqti davomiyligi ellik daqiqani tashkil etadi.
32. Talabgorning toʻgʻri javoblari malaka imtihonidagi test savollari sonining kamida 70 foizini tashkil qilsa, u malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.
33. Malaka imtihonini topshirish jarayonida talabgorga quyidagilar taqiqlanadi:
qonunchilik hujjatlari va yoʻriqnoma materiallari, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan foydalanish;
mobil aloqa va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish;
boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish;
malaka imtihoni xonasidan tashqariga chiqish (test sinovi oʻtayotgan xonadan tashqariga chiqqan shaxslar qayta ichkariga kiritilmaydi).
Ushbu talablarni buzgan talabgorlar belgilangan tartibda test sinovi oʻtkazilayotgan xonadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan oʻtmagan hisoblanadi.
Begona shaxsga malaka imtihonida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
34. Malaka imtihonidan oʻtmagan talabgor malaka imtihonini takroran topshirish uchun malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab kamida bir oy vaqt oʻtgandan soʻng ushbu Nizomda belgilangan tartibda malaka imtihonidan oʻtish uchun takroran murojaat qilishga haqli. Murojaat umumiy tartibda koʻrib chiqiladi.
35. Malaka imtihonini topshira olmagan talabgorlarga yigʻim qaytarib berilmaydi.
36. Malaka imtihonini topshirish natijalari salbiy baholangan talabgorning hujjatlari unga qaytarilmaydi.
37. Malaka imtihonining natijalari malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan soʻng uch ish kunida malaka komissiyasi bayonnomasi bilan tasdiqlanadi hamda jamoat birlashmalari, vakolatli davlat organi va imtihon tashkilotchisining rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi.
38. Malaka imtihonida ishtirok etish uchun talabgorlar tomonidan berilgan soʻrovnoma va unga ilova qilingan hujjatlar hamda komissiyaning yigʻilish bayonnomalari besh yil mobaynida imtihon tashkilotchisida saqlanadi.
3-bob. Malaka sertifikatini rasmiylashtirish, berish va Malaka sertifikatlarining reyestrini yuritish
39. Kengash tarkibiga kirgan jamoat birlashmalari QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlangan malaka sertifikatini rasmiylashtiradi hamda real vaqt rejimida talabgorga YIDXP orqali yuboradi. Ushbu malaka sertifikati Oʻzbekiston Respublikasining hududida yuridik kuchga ega.
40. Malaka sertifikati besh yil muddatga beriladi va uning amal qilish muddati besh yil muddatga uzaytirilishi mumkin.
41. Malaka sertifikati mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi va berilgan Reyestrga tegishli yozuv kiritiladi.
42. Reyestr vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi va unda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
malaka sertifikati olingan sana, uni olgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
shaxsini tasdiqlovchi (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-kartasi) maʼlumotlar va yashash manzili;
ish joyi;
malaka sertifikatining hisobga olish seriyasi, raqami va berilgan sanasi;
malaka sertifikatining amal qilish muddati uzaytirilgani, amal qilishi toʻxtatilgani, tugatilgani, bekor qilingani va qayta rasmiylashtirilgani toʻgʻrisida maʼlumotlar.
Reyestr shakli vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi va elektron shaklda yuritiladi.
43. Reyestrga kiritilgan talabgorning shaxsini tasdiqlovchi (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-kartasi) maʼlumotlari va yashash manzili kabi shaxsiy maʼlumotlardan tashqari barcha maʼlumotlar tanishib chiqish uchun ommabop boʻlib, vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
44. Markaz malaka sertifikati olingandan soʻng oʻn daqiqa mobaynida uni talabgorning elektron manziliga yuboradi hamda talabgorni bu haqida xabardor qiladi. Talabgorning soʻroviga koʻra Markaz malaka sertifikatini elektron yoki qogʻoz shaklida taqdim etishi mumkin.
4-bob. Apellyatsiyani koʻrib chiqish
45. Malaka imtihonidan oʻta olmagan talabgor malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab oʻttiz ish kuni ichida malaka komissiyasiga apellyatsiya berish huquqiga ega. Apellyatsiya yozma ravishda taqdim etiladi.
Malaka komissiyasi oʻn ish kuni ichida kiritilgan apellyatsiyani koʻrib chiqadi va belgilagan muddatda talabgorga qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda xabar beradi.
46. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari yuzasidan malaka komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
imtihon natijalarini (yozma ravishda asoslangan xat asosida) oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida;
apellyatsiyani qanoatlantirish va talabgor malaka imtihonini topshirgan deb hisoblash toʻgʻrisida;
talabgorni takroran malaka imtihoniga qoʻyish toʻgʻrisida.
47. Malaka imtihoni natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
apellyatsiya mazkur Nizom talablarini buzgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
apellyatsiyada koʻrsatilgan vajlar oʻz tasdigʻini topmasa.
48. Malaka imtihonini takroran oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror apellyatsiya bergan talabgorning malaka imtihoni mazkur Nizom talablariga zid ravishda oʻtkazilgani holatlari aniqlangan taqdirda qabul qilinadi.
49. Malaka komissiyasi tomonidan apellyatsiya bergan talabgor uchun malaka imtihonini takroran oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, takroriy malaka imtihoni uchun yigʻim toʻlanmaydi va mazkur Nizomda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
50. Talabgor takroran apellyatsiya berishi mumkin emas.
51. Malaka komissiyasi qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga sudga shikoyat qilinishi mumkin.
5-bob. Malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish va qayta rasmiylashtirish
52. Malaka sertifikatida koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, talabgor malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun imtihon tashkilotchisiga oʻn ish kuni ichida Markaz yoxud YIDXP orqali elektron shaklda ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni ilova qilgan holda soʻrovnomani toʻldiradi.
Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
53. Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirishda toʻlov undirilmaydi.
54. Malaka komissiyasi talabgorning soʻrovnomasi kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda malaka sertifikatini qayta rasmiylashtiradi va ushbu Nizomning 37-bandida belgilangan tartibda talabgorga yuboradi, shuningdek, bu toʻgʻrisidagi maʼlumotni jamoat birlashmalari, imtihon tashkilotchisi va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi.
55. Vakolatli davlat organi malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirishda Reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
56. Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun talabgordan qayta imtihondan oʻtish talab qilinmaydi.
Amal qilish muddati cheklangan malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirishda ilgari berilgan malaka sertifikatining amal qilish muddati oʻzgarmaydi.
57. Malaka sertifikati cheklangan muddatga berilganda talabgor malaka sertifikatining amal qilish muddati tugashiga qadar imtihon tashkilotchisiga Markazga bevosita oʻzi yoki ishonchli vakili orqali uning muddatini uzaytirish uchun murojaat etadi yoxud YIDXPda elektron shaklda ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan tartibda soʻrovnomani toʻldiradi.
Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
58. Malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Xizmat koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, belgilangan toʻlov summasining 90 foizi undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga mazkur bandda belgilangan yigʻimning 50 foizi miqdorida, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga belgilangan yigʻimning 75 foizi miqdorida chegirma qoʻllanadi. Bunda chegirma Ijtimoiy reyestrning:
“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilalarga, ularning ilgari belgilangan toifasiga muvofiq miqdorda;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga “kambagʻal oila” toifasidagi oila uchun belgilangan miqdorda qoʻllaniladi.
(58-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan uchinchi — beshinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Xizmat koʻrsatilgani uchun yigʻim toʻlangani axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
59. Talabgor tomonidan hujjatlar toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganda, soʻrovnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda, besh ish kuni ichida xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyati beriladi.
Toʻlovlar mazkur Nizomning 12-bandida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
60. Talabgor Markazga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi markaz xodimi tomonidan toʻldirilib, talabgor uni tasdiqlagandan soʻng ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilingan holda, oʻn daqiqada imtihon tashkilotchisiga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda imtihon tashkilotchisiga yuboriladi.
61. Malaka sertifikati muddati mazkur Nizomning 57-bandida belgilangan talablarga rioya etilganda va rieltorlar malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda uzaytiriladi.
Bunda soʻrovnomani koʻrib chiqish va malaka imtihonini oʻtkazish mazkur Nizomning 2-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
62. Malaka sertifikati qayta rasmiylashtirilganda va muddati uzaytirilganda, Reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
6-bob. Malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi
63. Malaka sertifikatining amal qilishini malaka komissiyasi xulosasiga asosan toʻxtatib turish uchun quyidagilar asos boʻladi:
talabgorning arizasi;
talabgor oʻz faoliyatini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlari yoki malaka sertifikati talablarini buzganda;
talabgor tomonidan vakolatli davlat organining talabgor zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi koʻrsatma bajarilmaganda.
Rieltorning malaka sertifikatining amal qilishi toʻxtatilgan talabgor rieltorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha umumiy oʻquv kurslarida qayta taʼlim olgandan soʻng malaka sertifikatining amal qilishi toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holat bartaraf etildi deb hisoblanadi.
64. Malaka sertifikatining amal qilishi malaka komissiyasi xulosasiga asosan vakolatli davlat organi tomonidan toʻxtatib turiladi. Malaka sertifikatining amal qilishi vakolatli davlat organi tomonidan olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turilishi mumkin.
Talabgor ushbu Nizomning 62-bandida nazarda tutilgan malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni vakolatli davlat organi belgilagan muddatda bartaraf etmaganda, vakolatli davlat organi malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi kiritadi.
65. Vakolatli davlat organining malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori boʻyicha bir ish kuni ichida talabgor xabardor qilinadi va malaka sertifikatining amal qilishi toʻxtatib turilgani haqida Reyestrga tegishli yozuv kiritiladi.
66. Vakolatli davlat organi malaka sertifikatining amal qilishi toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holatlarning talabgor tomonidan bartaraf etilishi uchun yetarli, ammo besh ish kunidan kam va olti oydan koʻp boʻlmagan muddat beradi.
67. Kamchiliklar bartaraf etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumot tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida vakolatli davlat organi maʼlumotlarni oʻrganishi lozim.
Oʻrganishlar natijasida malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar talabgor tomonidan bartaraf etilgani aniqlangan taqdirda, vakolatli davlat organi bir ish kuni ichida kamchiliklar bartaraf etilgani toʻgʻrisida talabgorni xabardor qiladi.
68. Malaka sertifikatining amal qilishi quyidagi hollarda vakolatli davlat organining qaroriga binoan tugatiladi:
talabgor malaka sertifikatini amal qilishini tugatish boʻyicha murojaat qilganda;
malaka sertifikatini berish tartibi bekor qilinganda;
malaka sertifikatining amal qilish muddati tamom boʻlganda;
talabgorning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda, u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
talabgor vafot etganda;
talabgor tomonidan vakolatli davlat organiga malaka sertifikatining amal qilishini bir yilgacha toʻxtatib turish toʻgʻrisida murojaat qilinib, mazkur muddat davomida malaka sertifikatining amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida vakolatli davlat organiga murojaat qilinmagan taqdirda.
69. Vakolatli davlat organi quyidagi hollarda malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida sudga murojaat qiladi:
talabgor malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni vakolatli davlat organi belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
talabgor malaka sertifikati yoki unga oid qonunchilik hujjatlari talablarini bir yil davomida muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda.
Malaka sertifikati amal qilishining tugatilishiga asos boʻladigan qoʻpol qoidabuzarliklarga quyidagilar kiradi:
rieltor tomonidan rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish davomida olingan maʼlumotlar buyurtmachining yozma ruxsatisiz uchinchi shaxslarga berish;
malaka sertifikatini rieltorlik faoliyatida foydalanish maqsadida boshqa jismoniy shaxsga berilgani aniqlangani;
muayyan mansabni egallash yoki xoʻjalik sohasida muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi sud hukmining qonuniy kuchga kirgani;
fuqaroni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirgani.
70. Malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qarorning qonunga xilofligi yoki malaka sertifikati qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olingani aniqlanganda, vakolatli davlat organi malaka sertifikatining amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisida sudga murojaat qiladi.
71. Vakolatli davlat organining malaka sertifikatini toʻxtatib turish haqidagi qarori yoxud malaka sertifikatini tugatish yoki bekor qilish boʻyicha sudga daʼvo kiritilganda, talabgor ish materiallari bilan tanishishga hamda ulardan koʻchirma olishga, ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berishga, dalillarni taqdim etishga va ularni tekshirishda ishtirok etishga, iltimosnomalar taqdim etishga hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.
72. Vakolatli davlat organining yoki sudning malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turishi, tugatish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori haqida bir ish kuni ichida talabgor xabardor qilinadi va Reyestrga tegishli yozuv kiritiladi.
Malaka sertifikati amal qilish tugatilganda yoki bekor qilinganda, talabgor malaka sertifikatini olish boʻyicha bir yildan soʻng ushbu Nizomga asosan umumiy tartibda murojaat qilishi mumkin.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
73. Jamoat birlashmalari va vakolatli davlat organi oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
Vakolatli davlat organi tomonidan ushbu Nizom talablari ijrosini taʼminlanishini doimiy nazorat qiladi va monitoring yuritadi.
74. Talabgor jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
75. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Rieltorlarga malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Rieltorlarning malaka imtihonini oʻtkazish va ularga malaka sertifikatini berish boʻyicha
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Talabgor

Malaka sertifikatini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelgan holda yoki YIDXP orqali murojaat qiladi

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

1. Soʻrovnoma shaklini toʻldirib, imtihon tashkilotchisiga yuboradi.

Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida

YIDXP

2. Toʻldirilgan soʻrovnomani avtomatik tarzda imtihon tashkilotchisiga yuboradi.

Aniq vaqt rejimida

3-bosqich

Malaka imtihoni tashkilotchisi

1. Ariza tushgandan soʻng malaka imtihoniga qoʻyish yoki rad etish maqsadga muvofiqligini oʻrganib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.

uch ish kuni muddatda

2. Malaka imtihoniga qoʻyilgan talabgorlar roʻyxatini vakolatli organning rasmiy veb-saytida joylashtiradi.

Imtihon sanasidan besh kun oldin

4-bosqich

Malaka imtihoni tashkilotchisi

Malaka imtihoni natijalari toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingandan soʻng malaka sertifikatini QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan rasmiylashtiradi va uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlaydi, Davlat xizmatlari markazi (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki talabgorga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali yuboradi.

Real vaqt rejimida

5-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

1. Malaka sertifikatini talabgorning elektron manziliga yuboradi, bu haqida talabgorni axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

oʻn daqiqa muddatda

2. Talabgor oʻzi kelib murojaat qilganda, ruxsatnomani elektron yoki qogʻoz shaklida talabgorga taqdim etadi.

Talabgor soʻroviga koʻra

Rieltorlarga malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

Rieltorlarning malaka imtihonini oʻtkazish va ularga malaka sertifikatini berish boʻyicha

SOʻROVNOMA

__________________

_____ (sanasi)

__________________

(raqami)

1. F.I.O.

2. Pasport maʼlumotlari (seriyasi va raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, agar mavjud boʻlsa)

3. Rieltorlarni tayyorlash markazlari maxsus oʻquv kursining sertifikati raqami va berilgan vaqti (nusxa yoki elektron shaklda ilova qilinadi)

4. Rieltorning xalqaro sertifikati raqami va berilgan vaqti (nusxa yoki elektron shaklda ilova qilinadi, agar mavjud boʻlsa)

5. Manzili

6. Mobil telefoni, elektron pochta manzili (e-mail)

7. Rieltorning malaka sertifikatini olish, malaka imtihonini topshirish uchun

8. Rieltorning malaka sertifikati amal qilish muddatini uzaytirish, malaka imtihonini topshirish uchun

9. Rieltorning malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun*

* Qayta rasmiylashtirish uchun malaka imtihonini topshirish talab etilmaydi.
Rieltorlarga malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

Rieltorlik tashkilotlar uyushmasi

Oʻzbekiston rieltorlar gildiyasining

_________________-son

RIELTOR MALAKA SERTIFIKATI

Foto

Toshkent sh.

(berilgan vaqti)

Rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari kengashi tomonidan

___________________________________________________________________________

(kimga — rieltorning malaka sertifikatini olgan shaxsning F.I.O.)

Pasport maʼlumotlari: _____________________________________________________

20__ yil __ ____________dagi malaka imtihon komissiyasi qaroriga asosan rieltorning malaka sertifikati 20__ yil __ __________dan 20__ yil __ ___________ gacha muddatga berildi.

___________________________

______________

QR-kod

Rieltorlik tashkilotlar uyushmasi raisi F.I.O.

imzo

___________________________

______________

QR-kod

Oʻzbekiston rieltorlar gildiyasi raisi F.I.O.

imzo

Rieltorning malaka sertifikati amal qilish muddati 20___ yil ___ ____________dan 20__ yil ___ _______________gacha uzaytirildi.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 838-son qaroriga
3-ILOVA
Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom baholovchilarga toifalar berish va ularni pasaytirish, toifa berilgani haqidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish va bekor qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
baholovchining toifasi — baholovchining professional malaka darajasi;
baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalari — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va kamida ellikta baholovchi tashkilotning aʼzoligiga asoslangan jamoat birlashmasi;
baholovchi — jamoat birlashmalari tomonidan belgilangan tartibda berilgan baholovchining malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi;
elektron tizim — malaka komissiyasi tomonidan talabgorlardan kelib tushadigan arizalarni qabul qiluvchi, toifa guvohnomalarini beruvchi va boshqa toifa berish talablarini oʻz ichiga oluvchi baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalari hamda vakolatli davlat organi oʻrtasida integratsiya qilingan maxsus elektron tizim;
toifa guvohnomasi — professional jamoat birlashmalari tomonidan talabgorga ikkinchi, birinchi va oliy toifali guvohnomalar beriladi. Mazkur guvohnoma baholovchining malaka sertifikati bilan haqiqiy hisoblanadi. Toifa guvohnomasi besh yil muddatga beriladi va uning amal qilish muddati besh yil muddatga uzaytirilishi mumkin;
Kengash — baholovchi toifasini olish uchun malaka komissiyasini tasdiqlovchi va uning ishini belgilovchi, baholash faoliyati sohasidagi kamida ikkita professional jamoat birlashmalaridan (keyingi oʻrinlarda — jamoat birlashmalari) tarkib topgan idoralararo ishchi organ;
malaka sertifikati — jismoniy shaxsga belgilangan tartibda mulkni baholash huquqini beradigan hujjat;
malaka komissiyasi — toifa guvohnomasini berishda jamoat birlashmalari va vakolatli davlat organi vakillaridan tarkib topgan, Kengash tomonidan tasdiqlangan va uning ishchi organi hisoblangan komissiya;
talabgor — baholovchi toifasini olishga yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishga talabgor boʻlgan sertifikatlangan baholovchi;
toifa guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish — toifa guvohnomasining amal qilishi 5 yil oʻtgandan soʻng uzaytirilishi;
toifa guvohnomasini qayta rasmiylashtirish — toifa guvohnomasiga ega shaxsning pasport maʼlumotlari (seriyasi, raqami, identifikatsiyalovchi ID-kartasi seriyasi, raqami, agar mavjud boʻlsa) oʻzgarganda qayta rasmiylashtirilishi;
toifa guvohnomasining amal qilishini tugatish — toifa guvohnomasini berish shartlarining buzilishi yoki mazkur Nizomda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha talabgor toifa guvohnomasining yuridik kuchi yoʻqotilishi;
toifa guvohnomasini bekor qilish — toifa guvohnomasining berilgan kundan boshlab yuridik kuchi toʻliq bekor qilinishi va mazkur sertifikat bilan bogʻliq barcha huquq va vakolatlar tugatilishi;
Toifa guvohnomasi reyestri — vakolatli davlat organi tomonidan shakllantiriladigan va uning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan toifa guvohnomasiga ega baholovchilar haqidagi axborotni toʻplash, hisobga olish va tahlil qilish imkonini beruvchi yagona axborot tizimi.
3. Malaka komissiyasi baholovchilarga quyidagi toifalarni beradi:
ikkinchi toifali baholovchi;
birinchi toifali baholovchi;
oliy toifali baholovchi.
Baholovchilarga toifa berish xizmatlari mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida koʻrsatiladi.
4. Talabgor baholovchi toifasini olish uchun toifa berilish vaqtida quyidagi majburiy talablarga javob berishi lozim:*
ikkinchi toifa — baholash tashkilotida baholovchi sifatida kamida bir yillik ish tajribasining mavjudligi, baholash boʻyicha kamida mustaqil 15 ta ish bajarilgani, shuningdek, malaka oshirish kurslarida oʻqigani;
birinchi toifa — baholash tashkilotida baholovchi sifatida kamida uch yillik ish tajribasining mavjudligi, baholash boʻyicha kamida mustaqil 25 ta ish bajarilgani, baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar boʻyicha ekspert xulosalarining mavjudligi, shuningdek, malaka oshirish kurslarida oʻqigani;
oliy toifa — baholash tashkilotida baholovchi sifatida kamida besh yillik ish tajribasining mavjudligi, baholash boʻyicha kamida mustaqil 35 ta ish bajarilgani, har yili har xil turdagi mulklarni baholash, jumladan, biznesni baholash yoʻnalishida tajribaga ega ekanligi, baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar boʻyicha ekspert xulosalarining mavjudligi, shuningdek, malaka oshirish kurslaridan oʻqigani.
Bunda birinchi va oliy toifani olish yoki uning muddatini uzaytirish uchun talabgor baholovchilarga quyida keltirilgan talablarning ixtiyoriy kamida ikkitasini bajargani inobatga olinadi:
ommaviy axborot vositalarida kasbiy faoliyati toʻgʻrisidagi maqolalar chiqargani;
mahalliy yoki xalqaro taqdimot va anjumanlarda baholash sohasiga oid maʼruza bilan chiqqanligi;
baholash faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etgani yoki takliflar kiritgani;
nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻtkazadigan tekshirishlarda va boshqa tadbirlarda mutaxassis yoki ekspert sifatida ishtirok etgani;
baholash sohasidagi pedagogik faoliyatni amalga oshirgani.
* Birinchi marta baholovchi toifasini olish maqsadida hujjatlarni topshirgan talabgorlar uchun baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar boʻyicha ekspert xulosalarining mavjudligi talabi qoʻllanilmaydi.
5. Sertifikatlangan baholovchilar toifasiga koʻra quyidagi baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning haqqoniyligini ekspertizadan oʻtkazish huquqiga ega:
oliy toifali baholovchi — biznesni (mulkiy kompleks sifatidagi korxonani, barcha turdagi moddiy va nomoddiy aktivlarni), koʻchmas mulkni, qimmatbaho qogʻozlarni, ulushlarni, intellektual mulk obyektlarini va boshqa nomoddiy aktivlarni hamda koʻchar mol-mulkni baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning haqqoniyligini ekspertizadan oʻtkazish;
birinchi toifali baholovchi — koʻchmas mulkni va koʻchar mol-mulkni (qimmatbaho qogʻozlar, ulushlar, intellektual mulk obyektlari va boshqa nomoddiy aktivlardan tashqari) baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning haqqoniyligini ekspertizadan oʻtkazish.
Ikkinchi toifali baholovchi baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning haqqoniyligini ekspertizadan oʻtkazish huquqiga ega emas.
2-bob. Toifalarni berish tartibi
6. Talabgorlarga toifa berish uchun uning amal qilish muddatini uzaytirish, uni qayta rasmiylashtirish xizmatlari (keyingi oʻrinlarda — xizmat) Davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markaz) va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali toifa berishga masʼul boʻlgan malaka komissiyasi tomonidan koʻrsatiladi.
Toifa berish uchun Markaz orqali talabgor oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, markaz xodimi talabgor nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi YIDXP orqali murojaat qilinganda — talabgor mustaqil ravishda mazkur Nizomga 6-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi va unga quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
talabgor ishlaydigan baholash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan, mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar reyestri;
talabgor ishlaydigan baholash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan, mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar boʻyicha ekspert xulosalari reyestri.
Kengash baholovchining malaka sertifikati haqidagi maʼlumotlarni vakolatli davlat organing maʼlumotlar bazasidan (baholovchilar malaka sertifikatlari reyestridan) oladi.
Talabgordan mazkur bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kengash faoliyati baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalari tomonidan tasdiqlangan reglamentga asosida amalga oshiriladi.
7. Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Talabgor YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
8. Toifa berish xizmatlarini (keyingi oʻrinlarda — xizmatlar) koʻrsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Xizmatlarni koʻrsatish uchun yigʻim toʻlangani Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanadi.
Ariza beruvchi xizmatlar koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, tegishli preyskurantga asosan yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga mazkur bandda belgilangan yigʻimning 50 foizi miqdorida, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga belgilangan yigʻimning 75 foizi miqdorida chegirma qoʻllanadi. Bunda chegirma Ijtimoiy reyestrning:
“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilalarga, ularning ilgari belgilangan toifasiga muvofiq miqdorda;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga “kambagʻal oila” toifasidagi oila uchun belgilangan miqdorda qoʻllaniladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Yigʻimlar mazkur Nizomning 9-bandida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
9. Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Markazga oʻzi kelib murojaat etganda:
20 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
qolgan mablagʻlar — Kengash tomonidan tashkil etilgan jamoat birlashmalariga tegishli hisobvaraqqa teng ulushda taqsimlanib oʻtkaziladi.
Kelib tushgan yigʻimlar Kengash faoliyati yuzasidan tuzilgan reglamentga muvofiq belgilangan tartibda taqsimlanishi mumkin;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
11,25 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha hisobvaragʻiga;
Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 foizi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining hisobvaraqqa;
qolgan mablagʻlar — Kengash tomonidan tashkil etilgan jamoat birlashmalariga tegishli hisobvaragʻiga teng ulushda taqsimlanib oʻtkaziladi.
Kelib tushgan yigʻimlar Kengash faoliyati yuzasidan tuzilgan reglamentga muvofiq belgilangan tartibda taqsimlanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
10. Talabgor oʻz xohishiga koʻra oʻzining professional faoliyati haqida qoʻshimcha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan quyidagi hujjatlarni taqdim etishi mumkin:
baholash faoliyati sohasidagi professional jamoat tashkilotiga aʼzoligi haqidagi guvohnomaning nusxasini;
mulkni baholash standartlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha tashabbuskorlik tartibida takliflar ishlab chiqilgani haqidagi axborotni;
yangi standartlarni ishlab chiqishda va amaldagi mulkni baholash standartlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishda ishtirok etgani haqidagi axborotni;
ommaviy axborot vositalaridagi baholash faoliyati masalalari boʻyicha maqolalar nusxalari, veb-saytlardan skrinshotlar va boshqalarni;
oʻzi ishtirok etgan yoki maʼruza qilgan baholash faoliyati masalalari boʻyicha konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar materiallari;
xorijiy oʻquv markazlarida baholash faoliyati sohasida malaka oshirish kurslarida oʻqigani haqidagi sertifikatlar nusxalari;
xorijda baholash faoliyati boʻyicha konferensiyalardagi ishtiroki haqidagi sertifikatlar nusxalari;
baholash faoliyati sohasidagi xalqaro sertifikatlar (RICS, TEGoVA, Appraisal Institute va boshqalar) hamda ariza berilgan sanada sertifikatning amal qilishini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (sertifikatni bergan tashkilot tomonidan yoki uning saytidan skrinshot bilan tasdiqlangan);
baholash faoliyati boʻyicha fanlar oʻtilgani haqida taʼlim muassasalaridan maʼlumotnoma.
Talabgor oʻz xohishiga koʻra oʻzining professional faoliyatini tavsiflovchi boshqa hujjatlarni ham taqdim etishi mumkin.
11. Baholovchining toifasi mazkur Nizomga muvofiq beriladi.
12. Talabgorlarga baholovchi toifasini Kengash tomonidan tasdiqlanadigan kamida yetti nafar aʼzodan iborat baholovchi toifasi malaka komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — komissiya) beradi.
13. Komissiya Kengashning ishchi organi hisoblanadi va tarkibiga vakolatli davlat organining ikki nafar vakili hamda jamoat birlashmalarining kamida ikki nafar vakili kiritiladi.
Komissiya raisi kengash aʼzolari va vakolatli davlat organi tomonidan har yili koʻpchilik ovoz bilan jamoat birlashmalarining rahbarlari orasidan saylanadi.
14. Markaz va Kengash oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
15. Talabgor Markazga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi markaz xodimi tomonidan toʻldirilib, talabgor tasdiqlagandan soʻng mazkur Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilingan holda, oʻn daqiqada komissiyaga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda komissiyaga yuboriladi.
16. Notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar taqdim etilgani uchun talabgor qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
17. Talabgor tomonidan taqdim etilgan soʻrovnoma toifa berish elektron tizimiga kelib tushgandan soʻng komissiya uch ish kunida talabgorning hujjatlarini koʻrib chiqish yoki koʻrib chiqishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
18. Komissiya talabgorning hujjatlarini koʻrib chiqib, hujjatlar qabul qilgani yoki rad etgani toʻgʻrisida aniq sabablarni koʻrsatgan holda, bir ish kuni ichida talabgorga xabarnoma yuboradi.
Talabgor tomonidan mazkur Nizomning 6-bandida belgilangan hujjatlar toʻplami toʻliq taqdim etilmagan holat aniqlansa, komissiya oʻn ish kuni ichida kamchiliklarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni qayta taqdim etish imkoniyatini beradi.
Talabgor tomonidan yuqorida nazarda tutilgan muddatda kamchiliklar bartaraf etilmagan yoki yetishmayotgan hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, komissiya soʻrovnomani qabul qilishni rad etadi va shu kuni bu haqida talabgorni toifa berish elektron tizimi orqali xabardor qiladi.
Soʻrovnomani qabul qilishni boshqa sabablarga koʻra rad etish qatʼiyan taqiqlanadi.
Talabgor toifa olishda har qanday bosqichda arizani qaytarish huquqiga ega. Talabgor toifa olishdan (arizani qaytarganda) bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi va toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
19. Hujjatlari qaytarilgan talabgor besh ish kuni ichida rad etish uchun sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda soʻrovnomani qayta taqdim etishi mumkin.
20. Hujjatlari qaytarilgan talabgor besh ish kuni ichida rad etish uchun sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda, markazga qayta murojaat qilganda, uning soʻrovnomasi markaz xodimi tomonidan toʻldirilib, uni talabgor tasdiqlaydi hamda kamchiliklar ilova qilinib, oʻn daqiqada komissiyaga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda komissiyaga yuboriladi.
Belgilangan muddatda qayta murojaat qilinganda, talabgordan qoʻshimcha yigʻim undirilmaydi.
21. Belgilangan muddat tugagandan keyin talabgor markaz yoki YIDXP orqali takroran murojaat qilgan taqdirda, ariza yangi taqdim qilingan hisoblanadi va umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi, yigʻim summasi esa qaytarib berilmaydi.
22. Malaka komissiya tomonidan komissiya kotibi vakolatli davlat organi xodimi etib belgilanadi va kotib talabgorlardan kelib tushadigan arizalarni qabul qilish, toifa oluvchilar roʻyxatini shakllantirish, komissiya bayonnomasi hamda toifa guvohnomalarini rasmiylashtirish hamda ularning reyestrini shakllantirish boʻyicha maʼlumotlarni tayyorlash yuzasidan masʼul hisoblanadi.
23. Komissiya yigʻilishlari talabgorlardan arizalar tushishiga qarab oʻtkaziladi. Komissiya yigʻilishi uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
24. Komissiya faoliyatining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida toifa berish boʻyicha komissiya yigʻilishini oʻtkazish jarayoni uzluksiz ravishda videotasvirga (ovozli) tushiriladi, videotasvir vakolatli davlat organida uch yil mobaynida saqlanadi.
Toifa berish boʻyicha komissiya yigʻilishini oʻtkazish jarayonini uzluksiz ravishda videotasvirga (ovozli) tushirish uchun Kengash tashkil etilgan baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalari tomonidan alohida xona ajratiladi hamda zamonaviy texnik asbob-uskunalar bilan taʼminlash boʻyicha tegishli shart-sharoitlar yaratiladi.
25. Komissiya yigʻilishlarida talabgor tomonidan tegishli toifani olish uchun taqdim etilgan hujjatlar oʻrganiladi.
Har bir komissiya aʼzosi mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq shaklda baholash varaqasini toʻldiradi.
26. Toifa berish yoki toifa berishni rad etish haqida qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
Komissiya qabul qilgan qaror talabgorga qabul qilingandan keyin uch ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda xabarnoma bilan yuboriladi.
27. Talabgor mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan majburiy talablarga javob bergan taqdirda, komissiya tomonidan talabgorga toifa berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
28. Talabgorga tegishli baholovchi toifasini berish haqida qaror qabul qilinganda, unga bir ish kuni mobaynida mazkur Nizomga 5-ilovada keltirilgan shaklda toifa berilgani haqidagi guvohnoma beriladi.
Kengash tarkibiga kirgan jamoat birlashmalari QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan baholovchilarga toifa berish haqidagi guvohnomani rasmiylashtiradi hamda real vaqt rejimida talabgorga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) axborot-kommunikatsiya tizimi, YIDXP orqali yuboradi. Ushbu baholovchilarga toifa berish haqidagi guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlarida yuridik kuchga ega.
29. Baholovchi toifasi berilgani haqidagi guvohnoma toifa berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan boshlab besh yil muddatga beriladi hamda baholovchining malaka sertifikati bilan birga amal qiladi.
30. Baholovchining malaka sertifikati amal qilishi muddatining tugaganligi yoki amal qilishi toʻxtatilgani yoxud bekor qilingani baholovchi toifasi berilgani haqidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilishiga olib keladi.
31. Toifa berilgani haqida guvohnoma berilgan baholovchining maʼlumotlari toifaga ega baholovchilar reyestriga kiritiladi. Toifaga ega baholovchilar reyestrini vakolatli davlat organi yuritadi.
32. Komissiya har bir yigʻilishi yakunlariga koʻra baholovchilar reyestriga tegishli maʼlumotlarni kiritadi.
33. Komissiya tomonidan rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, komissiya nomidan talabgorga markaz yoki YIDXP orqali elektron koʻrinishda soʻralgan toifani berish rad etilgani sabablari koʻrsatilgan holda xabar beriladi. Bunda komissiya talabgorga mazkur Nizomning 4-bandi talablariga muvofiq boʻlishi sharti bilan pastroq toifa berishni taklif qilishi mumkin.
34. Komissiya tomonidan talabgorga toifa berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
talabgor mazkur Nizomning 4-bandiga muvofiq toifa uchun belgilangan majburiy talablarga javob bermasa;
talabgor taqdim etgan hujjatlardagi maʼlumotlar notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgani aniqlansa;
talabgor yozma ravishda unga soʻralayotganidan pastroq toifa berilishini rad etsa;
ushbu talabgor malaka sertifikatining amal qilishi toʻxtatilsa, tugatilsa yoki bekor qilinsa.
35. Komissiya qarori ochiq ovoz berish orqali hozir boʻlgan aʼzolarning oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
36. Komissiya raisi va komissiya aʼzolari ovoz berishda betaraf qolish huquqiga ega emas.
Ovozlar teng boʻlganda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
37. Komissiya talabgorga soʻralgan toifani berishni rad etgan taqdirda, talabgor mazkur Nizomga muvofiq hujjatlarni markaz yoki YIDXP orqali qayta taqdim etishga haqli.
38. Hujjatlar mazkur Nizomda belgilangan umumiy tartibda qayta topshiriladi.
3-bob. Baholovchi toifasini pasaytirish, baholovchiga toifa berilganligi haqidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish yoki bekor qilish hamda muddatini uzaytirish va uni qayta rasmiylashtirish tartibi
39. Vakolatli davlat organi ilgari berilgan baholovchi toifasini pasaytirish yoki baholovchiga toifa berilgani haqidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish yoki bekor qilish tartiboti tashabbusini bildirishga haqli.
Baholovchi toifasini pasaytirish, baholovchiga toifa berilgani haqidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish yoki bekor qilish masalalari komissiya tomonidan koʻrib chiqish jarayonida baholash tashkilotlaridan, baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalaridan hamda boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan baholovchi ishining natijalari hamda sifati boʻyicha kelib tushgan axborot toʻplanishi va tahlil qilinishi mumkin.
40. Baholovchi tashkilotlar professional jamoat birlashmalarining taqdimnomasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Ekspertiza xulosalarining yagona reyestriga kiritilgan maʼlumotlar yoki tegishli sud qarorlariga asosan baholovchining hisoboti yoki ekspert xulosasi yil boshidan birinchi marta haqqoniy emas deb tan olingani asosida komissiya qarori bilan baholovchi toifasi pasaytiriladi.
Bunda oliy toifa — birinchi toifaga, birinchi toifa — ikkinchi toifaga pasaytiriladi.
Buyurtmachi (jismoniy yoki yuridik shaxs) va baholash tashkiloti oʻrtasida imzolangan shartnomaga asosan tuzilgan baholash toʻgʻrisidagi hisobotning haqqoniyligini ekspertizadan oʻtkazganlik haqidagi ekspert xulosasigina haqqoniy yoki haqqoniy emas deb tan olinadi.
Vazirlar Mahkamasining “Baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning haqqoniyligini ekspertizadan oʻtkazish mexanizmini tasdiqlash haqida” 2008-yil 28-iyuldagi 161-son qaroriga muvofiq sudlarning soʻrovnomalariga koʻra bahsli vaziyatlarda baholanadigan obyektlarni baholash boʻyicha materiallar ekspertizadan oʻtkazish ekspert komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi va tegishli sud qaroriga asosan ekspert xulosalari haqqoniy yoki haqqoniy emas deb tan olinadi.
Bunda ekspert xulosalari yuzasidan maʼlumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Ekspertiza xulosalarining yagona reyestriga kiritiladi.
41. Toifasi pasaytirilgan baholovchi toifasini tiklash yuzasidan komissiyaga toifasi pasaytirilgan sanadan boshlab bir yildan soʻng murojaat etishga haqli.
42. Baholovchiga toifa berilgani haqidagi guvohnomaning amal qilish muddati komissiya qarori bilan quyidagi hollarda tugatiladi:
baholovchi malaka sertifikati amal qilishining vakolatli davlat organi tomonidan bekor qilinishi;
baholovchining hisobotlari yoki ekspert xulosalari muntazam ravishda (yil davomida ikki va undan ortiq marotaba) qonunchilikka muvofiq haqqoniy emas deb tan olinishi;
baholovchining arizasi.
43. Baholovchiga toifa berilgani haqidagi guvohnoma komissiya qarori bilan quyidagi hollarda bekor qilinadi:
baholovchiga toifa berish haqidagi qarorning sud tomonidan noqonuniy deb tan olinishi;
baholovchiga toifa berilgani haqidagi guvohnomaning soxta hujjatlardan foydalanib olingani aniqlanishi.
44. Toifa berilgani haqidagi guvohnomasining amal qilishi tugatilgan yoki bekor qilingan baholovchi guvohnoma tugatilgani yoki bekor qilingani haqida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran bir yil ichida qayta toifa berishni soʻrab ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
45. Baholovchining toifasi pasaytirilgani, baholovchi toifasi berilgani haqidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilgan yoki bekor qilingan taqdirda, vakolatli davlat organi baholovchilar reyestriga tegishli maʼlumotlarni kiritadi.
46. Baholovchi baholovchi toifasi berilgani haqidagi guvohnomaning amal qilish muddati tugaydigan sanadan bir oy kechiktirmasdan, komissiyaga toifani keyingi besh yilga tasdiqlashni soʻrab ariza beradi. Toifani tasdiqlash haqidagi arizani koʻrib chiqish tartibi toifa berish haqidagi arizani koʻrib chiqish tartibi bilan bir xil.
47. Komissiya tomonidan toifani tasdiqlash haqida qaror qabul qilinganda, ilgari berilgan baholovchi toifasini berish haqidagi guvohnomaning amal qilish muddati qaror qabul qilingan kundan boshlab keyingi besh yilga uzaytiriladi, Kengash tarkibiga kiritilgan jamoat birlashmalarining QR-kodlari (matrik shtrixli kod) qoʻyiladi va identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari bilan tasdiqlanadi hamda shu vaqtning oʻzida markazga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki talabgorga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali yuboriladi.
48. Agar baholovchi baholovchi toifasi berilgani haqidagi guvohnomaning amal qilish muddati tugashi paytigacha baholovchi toifasini tasdiqlash haqida ariza bermagan boʻlsa, guvohnoma oʻz kuchini yoʻqotgan hisoblanadi.
49. Pasportda koʻrsatilgan talabgorning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki pasporti oʻzgartirilgan taqdirda, baholovchi ikki oy davomida komissiya baholovchi toifasi berilgani haqidagi guvohnomani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ushbu maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, markaz yoki YIDXP orqali ariza bilan murojaat qiladi.
50. Baholovchining toifa guvohnomasi baholovchi tomonidan ariza berilgan paytdan boshlab besh ish kuni mobaynida qayta rasmiylashtiriladi, bunda tegishli oʻzgartirishlar reyestrga kiritiladi.
Baholovchining toifa guvohnomasini qayta rasmiylashtirishda baholovchidan bazaviy hisoblash miqdorining ellik foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlangani Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanadi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.
Yigʻimlar mazkur Nizomning 9-bandida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
51. Komissiyaning baholovchiga toifa berishni rad etish, toifasini pasaytirish yoxud toifa berilgani haqidagi guvohnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan baholovchi qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
52. Komissiya ishi haqidagi axborot, toifalar berilgan, toifalari pasaytirilgan baholovchilarning, shuningdek, guvohnomalarning amal qilishi tugatilgan yoki bekor qilingan baholovchilarning roʻyxatlari baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalari hamda vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlarida muntazam joylashtiriladi.
53. Komissiya aʼzolari baholovchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlardagi maxfiy axborotni oshkor qilishga haqli emas.
54. Komissiya aʼzolari ish davomida oʻzlariga maʼlum boʻlgan talabgorlar haqidagi axborotni fosh etmasliklari lozim.
55. Komissiya va vakolatli davlat organi oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
56. Vakolatli davlat organi tomonidan ushbu Nizom talablari ijrosini taʼminlanishi yuzasidan doimiy nazorat qiladi va monitoring yuritadi.
57. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Baholovchilarga toifa berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish
SXEMA

Bosqichlar

Subyektlar

Mexanizmi

Muddatlar

1-bosqich

Kengash

Baholovchilarga toifa berish komissiyasining shaxsiy tarkibini tasdiqlaydi.

Nizom qabul qilingandan keyin

2-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

1. Soʻrovnoma shaklini toʻldirib, Kengashga yuboradi.

Haqiqiy vaqt rejimida

YIDXP

2. Toʻldirilgan soʻrovnomani avtomatik tarzda vakolatli organga yuboradi.

3-bosqich

Baholovchilarga toifa berish komissiyasi

Soʻrovnoma tushgandan soʻng talabgorning hujjatlarini koʻrib chiqish yoki koʻrib chiqishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Bir ish kun muddatda

4-bosqich

Baholovchilarga toifa berish komissiyasi

Talabgorning hujjatlarini koʻrib chiqishni rad etish toʻgʻrisida aniq sabablarni koʻrsatgan holda bildirishnoma yuboradi.

Bir ish kuni mobaynida

5-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

1. Rad etishga sabab boʻlgan kamchiliklar bartaraf etib, soʻrovnomani qayta kengashga yuboradi.

Hujjatlar qaytarilgan kundan boshlab oʻn ish kuni mobaynida

YIDXP

2. Rad etishga sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etilgan soʻrovnomani avtomatik tarzda Kengashga yuboradi.

6-bosqich

Baholovchilarga toifa berish komissiyasi

Talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish va talabgorlarga toifani belgilash yoki toifa berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Ikki ish kuni mobaynida

7-bosqich

Baholovchilarga toifa berish komissiyasi

Toifa guvohnomasini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng toifa guvohnomasini QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan rasmiylashtiradi va identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari bilan tasdiqlaydi, toifa berish elektron tizimi orqali talabgorga yuboradi.

Bir ish kuni mobaynida

8-bosqich

Vakolatli organ

Toifa berish toʻgʻrisidagi guvohnomani olgan baholovchining maʼlumotlarini baholovchilar reyestriga kiritadi.

Baholovchilarga toifa berish komissiyasi tomonidan maʼlumotlar taqdim etilgan soʻng uch ish kunida

9-bosqich

Baholovchilarga toifalar berish komissiyasi

Talabgorga talab etilgan toifani berishni rad etish va bu toʻgʻrisida rad etish sabablari va talab etilgan toifadan pastroq toifa berish taklifi bildirilgan xabarnomani yuboradi.

Uch ish kuni mobaynida

10-bosqich

Vakolatli organ

Ilgari berilgan baholovchi toifasini pasaytirish, baholovchiga toifa berilgani haqidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish yoki bekor qilish tartibotining tashabbusini bildiradi va mazkur masalalarni baholovchilarga toifa berish komissiyasi tomonidan koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.

Tegishli dalillar kelib tushgandan soʻng uch ish kuni ichida

11-bosqich

Baholovchilarga toifalar berish komissiyasi

Hujjatlarni koʻrib chiqish, ilgari berilgan baholovchi toifasini pasaytirish, baholovchiga toifa berilgani haqidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish yoki bekor qilish va qabul qilingan qaror toʻgʻrisida baholovchiga xabarnoma yuboradi.

Uch ish kuni mobaynida

12-bosqich

Vakolatli organ

Toifasi pasaytirilgan yoki guvohnomaning amal qilish muddati tugatilgan yoki bekor qilingan baholovchi boʻyicha maʼlumotlarni toifaga ega boʻlgan baholovchilar reyestriga kiritadi.

Baholovchilarga toifa berish komissiyasi tomonidan maʼlumotlar taqdim etilgan kunda

13-bosqich

Talabgor

Baholovchi toifasini qayta tiklash toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qiladi.

Baholovchi toifasini pasaytirish haqida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir yildan kam boʻlmagan muddatda

14-bosqich

Talabgor

Baholovchi toifasini qaytadan tayinlash toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qiladi.

Baholovchi toifasi guvohnomasi tugatish yoki bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir yildan kam boʻlmagan muddatda

15-bosqich

Talabgor

Komissiyaning baholovchi toifasini berishni rad etish, toifani pasaytirish, baholovchi toifasini berish toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilish muddatini tugatish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qiladi.

Zarurat boʻlgan holatlarda

Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar
REYESTRI

T/r

Baholash obyektining nomi

Hisobot raqami

Hisobot sanasi

Baholash sanasi

Baholash maqsadi

Buyurtmachi

Hisobot haqqoniy/haqqoniy emas deb tan olindi

Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar boʻyicha ekspert xulosalari
reyestri

T/r

Baholash obyektini baholash haqida ekspert xulosasining nomi

Ekspert xulosasining raqami

Ekspert xulosasining sanasi

Buyurtmachi

Xulosasi haqqoniy/haqqoniy emas deb tan olindi

Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA

BAHOLASH VARAQASI

Talabgor (F.I.O.) __________________________________________________________

Komissiya aʼzosi (F.I.O.)___________________________________________________

T/r

Talabgorni baholash mezonlari

Mavjudligi

1.

Talabgor tomonidan bajarilgan baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar soni

1.1.

shu jumladan: koʻchar mulkni baholash boʻyicha

1.2.

koʻchmas mulkni baholash boʻyicha

1.3.

biznesni baholash boʻyicha

1.4.

Ulardan haqqoniy emas deb tan olindi

1.5.

shu jumladan: koʻchar mulkni baholash boʻyicha

1.6.

koʻchmas mulkni baholash boʻyicha

1.7.

biznesni baholash boʻyicha

2.

Bajarilgan ekspert xulosalari soni

2.1.

shu jumladan: koʻchar mulkni baholash boʻyicha

2.2.

koʻchmas mulkni baholash boʻyicha

2.3.

biznesni baholash boʻyicha

2.4.

Ulardan haqqoniy emas deb tan olingan

2.5.

shu jumladan: koʻchar mulkni baholash boʻyicha

2.6.

koʻchmas mulkni baholash boʻyicha

2.7.

biznesni baholash boʻyicha

3.

Baholash faoliyati sohasi boʻyicha professional jamoat tashkilotiga aʼzoligi

4.

Talabgor tomonidan taqdim etilgan qoʻshimcha axborot

Komissiya aʼzosining fikri: ______________________________________________________________

_________________________________________________________________________________________

_________________________________________________________________________________________

_________________________________________________________________________________________

Sana 20___ y. _____________ Komissiya aʼzosining imzosi ___________________

Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
5-ILOVA

NAMUNA

BAHOLOVCHINING TOIFA GUVOHNOMASI

Fotosurat

oʻrni

________-son

Toshkent sh.

20 ___ y. ___ _________

Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati, Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston baholovchilar, ekspertlar va maslahatchilar jamiyati tomonidan

_______________________________________________________________________________

(kimga — baholovchining F.I.O.)

_______________________________________________________________________________

(pasport seriyasi, raqami, qachon va kim tomondan berilgan)

_______________________________________________________________________________

(amal qilish muddati)

__________________________ toifasi berildi.

Mazkur guvohnoma baholovchining malaka sertifikati bilan haqiqiy hisoblanadi.

Baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalari rahbarlari

____________________

(Vakolatli shaxs)

(QR-kod)

(F.I.O.)

____________________

(QR-kod)

(F.I.O.)

____________________

(QR-kod)

(F.I.O.)

Baholovchining toifa guvohnomasining amal qilish muddati:

20 __ y. ___ _________ dan 20 __ y. ___ __________ gacha uzaytirilgan.

Baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalari rahbarlari

____________________

(Vakolatli shaxs)

(QR-kod)

(F.I.O.)

____________________

(QR-kod)

(F.I.O.)

____________________

(QR-kod)

(F.I.O.)

Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
6-ILOVA

Baholovchilarga toifalar berish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish

SOʻROVNOMASI

_________________

_________________

_____ (sanasi)

(raqami) ______

1. F.I.O.:

2. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (agar mavjud boʻlsa):

3. Manzili:

4. Mobil telefoni, elektron pochta manzili:

5. Ish joyi va egallab turgan lavozimi:

6. Baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalariga aʼzoligi

7. Talabgor ishlaydigan baholovchi tashkilot tomonidan tasdiqlangan, mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar reyestri

8. Talabgor ishlaydigan baholovchi tashkilot tomonidan tasdiqlangan, mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar boʻyicha ekspert xulosalari reyestri

9. Talabgorning oʻz xohishiga koʻra Nizomining 10-bandida nazarda tutilgan qoʻshimcha maʼlumotlar

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 838-son qaroriga
4-ILOVA
Sud boshqaruvchilari malaka attestatini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom sud boshqaruvchilari talabgorlariga sud boshqaruvchisi attestatini berish uchun malaka imtihonini oʻtkazish va malaka attestatini berish xizmatini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
maxsus oʻquv kursida oʻqigani haqidagi guvohnoma (keyingi oʻrinlarda — guvohnoma) — sud boshqaruvchilarini tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kursida oʻqigani va sud boshqaruvchisi attestatini olishga asos boʻluvchi hujjat;
malaka imtihoni — malaka attestatini olish uchun qoʻyilgan talablarga talabgorning mos kelishini aniqlashga yoʻnaltirilgan va tegishli vakolatli tashkilot tomonidan oʻtkaziladigan imtihon;
sud boshqaruvchisi — vakolatli tashkilot tomonidan sud boshqaruvchisi attestati berilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi;
sud boshqaruvchisi attestati (keyingi oʻrinlarda — attestat)Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga sud hujjatiga muvofiq toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillarini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjat;
sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini toʻxtatib turish — sud boshqaruvchisining faoliyatida qonunchilik hujjatlari yoki malaka attestati talablarini buzganlik yoki Davlat aktivlarini boshqarish agentligining aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi koʻrsatmasini bajarmaslik (Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) qaroriga asosan sud boshqaruvchilari attestatining amal qilishi olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatiladi);
sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini bekor qilish — sud boshqaruvchisining malaka attestati yoki unga oid qonunchilik hujjatlari talablarini bir yil davomida muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganlik yoki malaka attestati qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olingani (sud qaroriga, ushbu Nizomda koʻrsatilgan boshqa hollarda Agentlikning qaroriga asosan sud boshqaruvchilari attestatining amal qilishi bekor qilinadi);
sud boshqaruvchilarining attestatsiya komissiyasi — komissiya tarkibi Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan sud boshqaruvchilari faoliyatini koʻrib chiquvchi kollegial organ;
Sud boshqaruvchilari reytingi — sud boshqaruvchilari faoliyati samaradorligini reyting asosida baholash natijasida eʼlon qilinadigan roʻyxat;
talabgor — attestatni olishga daʼvogar boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi;
vakolatli tashkilot — Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi.
3. Sud boshqaruvchilari talabgorlariga attestat berish xizmati (keyingi oʻrinlarda — xizmat) Davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markaz) va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali malaka attestatini berishga masʼul boʻlgan vakolatli tashkilot tomonidan koʻrsatiladi.
4. Markaz va vakolatli tashkilot oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
5. Iqtisodiy sud toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomilidan kelib chiqib quyidagi turdagi sud boshqaruvchilarini tayinlaydi:
kuzatuv tartib-taomilini amalga oshirish uchun — muvaqqat boshqaruvchi;
sud sanatsiyasi tartib-taomilini amalga oshirish uchun — sanatsiya qiluvchi boshqaruvchisi;
tashqi boshqaruv tartib-taomilini amalga oshirish uchun — tashqi boshqaruvchi;
tugatish ishlari tartib-taomilini amalga oshirish uchun — tugatish boshqaruvchi;
jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish va mol-mulkini sotish tartib-taomilini amalga oshirish uchun — moliyaviy boshqaruvchi.
6. Sud boshqaruvchisi attestatiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi sud boshqaruvchisi hisoblanadi va u iqtisodiy sud tomonidan sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting baholash va sud boshqaruvchilari attestat toifasi hisobga olingan holda:
kuzatuv va jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish yoki mol-mulkini sotish tartib-taomilini joriy etishda — kreditor (kreditorlar) tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tayinlanadi. Muvaqqat boshqaruvchi nomzodi kreditor (kreditorlar) tomonidan taklif etilmagan taqdirda, u Agentlik yoki uning hududiy boshqarmasi yoxud vakolatli tashkilot yoki uning hududiy boʻlinmasi tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tayinlanadi;
sud sanatsiyasi tartib-taomilini amalga oshirishda — kreditorlar yigʻilishi yoki qarzdorning majburiyatlari boʻyicha taʼminot bergan shaxslar yoxud Agentlik yoki uning hududiy boshqarmasi tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tayinlanadi;
tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillarini amalga oshirishda — kreditorlar yigʻilishi yoki Agentlik yoxud uning hududiy boshqarmasi tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tayinlanadi;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarda toʻlovga qobiliyatsizlikning har qanday tartib-taomillarini amalga oshirishda — Agentlik yoki uning hududiy boshqarmasi tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tayinlanadi.
7. Vakolatli tashkilot Agentlik tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting asosida baholaydi va sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting asosida baholash haqidagi maʼlumotlarni har chorakda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi hamda Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtirishni taʼminlaydi.
2-bob. Sud boshqaruvchilari talabgorlariga malaka attestatini berish xizmatini koʻrsatish tartibi
8. Sud boshqaruvchilari talabgorlariga malaka attestatini berish xizmati ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida koʻrsatiladi.
Talabgor xizmatdan foydalanish uchun Markazga oʻzi kelib murojaat etadi yoki elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
Arizalar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni yigirma toʻrt soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari tushganda, navbatdagi ish kuni arizalarning vakolatli tashkilotga tushgan va vakolatli tashkilot tomonidan qabul qilingan kun hisoblanadi.
9. Talabgor yoki uning nomidan ariza berish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Markaz xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda soʻrovnomani elektron ravishda toʻldiradi.
Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda, soʻrovnomaga notarial tasdiqlangan ishonchnoma ilova qilinadi.
10. Soʻrovnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
ariza beruvchining familiyasi, ismi va otasining ismi (oʻzgargan boʻlsa, bu haqida maʼlumotlar koʻrsatiladi);
pasport maʼlumotlari (seriyasi, raqami, identifikatsiyalovchi ID-kartasi seriyasi, raqami, agar mavjud boʻlsa);
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);
tugʻilgan sanasi;
yashash manzili;
elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa) va telefon raqami;
xizmatdan foydalanish sababi (attestat olish, attestatni qayta rasmiylashtirish, attestat toifasini oshirish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish).
11. Quyidagi hujjatlar vakolatli tashkilot tomonidan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali mustaqil ravishda soʻrab oladi:
oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom maʼlumotlari;
mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
xorijiy taʼlim muassasasida oʻqiganini tasdiqlovchi oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatni nostrifikatsiya qilish (ekvivalentligini qayd etish) haqida maʼlumotlar (mavjud boʻlsa);
sud boshqaruvchisini tayyorlash boʻyicha oʻquv kursida oʻqigani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishga ixtisoslashuvi boʻyicha advokat litsenziyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (mavjud boʻlsa).
sudlangani bekor boʻlganligi yoki olib tashlangani toʻgʻrisidagi maʼlumot;
ariza koʻrib chiqilgani uchun toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi maʼlumot;
talabgorning pasport (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) maʼlumotlari.
12. Sud boshqaruvchisi quyidagi asosiy malaka talablariga mos kelishi zarur:
oliy maʼlumotli boʻlishi;
iqtisod, moliya, buxgalteriya hisobi yoki audit, soliq maslahatchisi yoxud huquq sohasida kamida ikki yil mehnat stajiga ega boʻlishi;
vakolatli tashkilotda malaka imtihonidan oʻtishi.
Mazkur bandda koʻrsatilgan asosiy talablardan tashqari sud boshqaruvchilariga quyidagi qoʻshimcha malaka talablari qoʻyiladi:
tashqi boshqaruv tartib-taomilini amalga oshiruvchilarga — ikkinchi toifadagi sud boshqaruvchisi sifatida kamida ikki marta sud sanatsiyasi va (yoki) ikki yil tugatishga doir ishlarni yuritish tartib-taomilini amalga oshirishda sud boshqaruvchisi sifatida mehnat stajiga ega boʻlishi va sud boshqaruvchilari reytingida yil davomida yuqori darajadan tushmagan boʻlishi yoki ikkinchi toifada sud boshqaruvchisi sifatida oʻn ikki oydan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi hamda avval rahbarlik (davlat boshqaruvi yoki mahalliy hokimlik yoxud sud organlarida rahbar va rahbar oʻrinbosari, xoʻjalik jamiyatlarida rahbar va boshqalar) lavozimida besh yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi va sud boshqaruvchilari reytingida ketma-ket uch chorakda kamida yuqori darajani qayd etgan boʻlishi;
sud sanatsiyasi tartib-taomilini amalga oshiruvchilarga — uchinchi toifadagi sud boshqaruvchisi sifatida kamida yigirma toʻrt oydan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi va sud boshqaruvchilari reytingida yil davomida yetarli darajadan tushmagan boʻlishi yoki uchinchi toifada sud boshqaruvchisi sifatida oʻn ikki oydan kam boʻlmagan ish stajiga ega boʻlishi hamda avval rahbarlik (davlat boshqaruvi yoki mahalliy hokimlik yoxud sud organlarida rahbar va rahbar oʻrinbosari, xoʻjalik jamiyatlarida rahbar va boshqalar) lavozimida yigirma toʻrt oydan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi va sud boshqaruvchilari reytingida ketma-ket uch chorakda kamida yetarli darajani qayd etgan boʻlishi;
kuzatuv va tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillarini amalga oshiruvchilarga — toʻrtinchi toifadagi sud boshqaruvchisi sifatida yigirma toʻrt oydan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi va sud boshqaruvchilari reytingida yil davomida oʻrta darajadan tushmagan boʻlishi yoki toʻrtinchi toifadagi sud boshqaruvchisi sifatida kamida oʻn ikki oydan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi hamda avval rahbarlik (respublika darajasidagi tashkilotlarda boʻlim boshligʻi va boshqalar) lavozimlarida yigirma toʻrt oydan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi va sud boshqaruvchilari reytingida ketma-ket uch chorakda kamida oʻrta darajani qayd etgan boʻlishi;
toʻlovga qobiliyatsizlikning soddalashtirilgan tartib-taomilini hamda jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish va mol-mulkini sotish tartib-taomilini amalga oshiruvchilarga — iqtisod, moliya, buxgalteriya hisobi yoki audit, soliq maslahatchisi yoxud huquq sohasida ikki yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlish.
Attestat toifasini oshirish uchun murojaat qilgan sud boshqaruvchisi sud boshqaruvchilari reytingida uch chorakda ketma-ket past daraja qayd qilgan boʻlsa, uning amaldagi attestati toifasi oshirilmaydi va u imtihonga qoʻyilmaydi.
13. Uch yildan kam boʻlmagan uzluksiz ish stajiga ega “fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish” ixtisoslashuvidagi advokatlar sud boshqaruvchilarini tayyorlash boʻyicha oʻquv kursida oʻqimasdan, imtihonga kirishga haqli.
Sud boshqaruvchisi:
qarzdorning moliyaviy ahvolini tahlil qilish koʻnikmalariga ega boʻlishi;
buxgalteriya hisobi, mol-mulkni baholash va menejmentga oid bilimlar asosiga ega boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi asoslarini bilishi;
qarzdorni moliyaviy sogʻlomlashtirish va kreditorlar talablarini mutanosib ravishda qondirish yechimlarini topishi;
toʻlovga qobiliyatsizlik sohasida professional bilimlarga ega boʻlishi, ularni doimiy ravishda takomillashtirishi;
yuksak axloqiy fazilatlarga ega boʻlishi — topshirilgan ishga vijdonan munosabatda boʻlishi, oʻz faoliyatini amalga oshirishda ijrochi, tashabbuskor, intizomli, bosiq, emotsional va ruhiy barqaror boʻlishi zarur.
14. Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Talabgor YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
15. Soʻrovnomani koʻrib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorda yigʻim undiriladi.
Xizmat koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, ushbu bandda belgilangan toʻlov summasining 90 foizi undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga mazkur bandda belgilangan yigʻimning 50 foizi miqdorida, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga belgilangan yigʻimning 75 foizi miqdorida chegirma qoʻllanadi. Bunda chegirma Ijtimoiy reyestrning:
“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilalarga, ularning ilgari belgilangan toifasiga muvofiq miqdorda;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga “kambagʻal oila” toifasidagi oila uchun belgilangan miqdorda qoʻllaniladi.
(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan uchinchi — beshinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Xizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim toʻlovlari Yagona billing tizimi orqali toʻlanadi.
16. Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Markazga oʻzi kelib murojaat etganda:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — vakolatli tashkilotga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
17 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi;
11,75 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi Gʻaznachilik qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (jumladan 0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — vakolatli tashkilotga oʻtkaziladi.
17. Talabgor xizmatdan foydalanishda uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Talabgor xizmatdan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi va toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
18. Talabgor Markazga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Markaz xodimi tomonidan toʻldirilib, talabgor tomonidan tasdiqlangandan soʻng ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilingan holda, oʻn daqiqada vakolatli tashkilotga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda, soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli tashkilotga yuboriladi.
19. Vakolatli tashkilot soʻrovnoma tushgan kundan boshlab uch ish kunida talabgorning malaka imtihoniga qoʻyilishi yoki qoʻyilmasligi haqida qaror qabul qiladi.
20. Talabgor tomonidan hujjatlar toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganda, soʻrovnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda, vakolatli tashkilot talabgorga besh ish kuni ichida xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyatini beradi.
Bunda talabgor YIDXP orqali murojaat etgan boʻlsa, vakolatli tashkilot uning shaxsiy kabinetiga soʻrovnomani qabul qilmaslik toʻgʻrisida asoslantirilgan xabarnoma yuboradi yoki talabgor Markaz orqali murojaat etgan boʻlsa, Markaz uni axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
Talabgor besh ish kuni oʻtgandan keyin murojaat qilgan taqdirda, murojaat yangi berilgan deb hisoblanadi va talabgordan yigʻim undiriladi.
21. Quyidagilar talabgorning malaka imtihoniga qoʻyilmasligi uchun asos boʻladi:
talabgor ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni toʻliq taqdim etmaganda;
hujjatlarda yolgʻon yoki qalbaki maʼlumotlar koʻrsatilgani aniqlanganda;
talabgorning sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlangani olib tashlanmaganlik holati aniqlanganda;
talabgor tomonidan mazkur Nizomning 16-bandida belgilangan muddatda hujjatlar qayta taqdim etilmaganda.
Soʻrovnomani qabul qilishni boshqa sabablarga koʻra rad etish qatʼiyan taqiqlanadi.
22. Vakolatli tashkilot tomonidan talabgordan malaka imtihonini olish boʻyicha imtihon komissiyasi tuzilishi mumkin. Bunda imtihon komissiyasi tarkibiga tegishli sohadagi mutaxassislar, nodavlat tashkilotlar vakillari kiritilishi mumkin.
Vakolatli tashkilot tomonidan imtihon komissiyasi tarkibi, uning faoliyati tartibi va test savollari tasdiqlanadi hamda test savollari javob variantlari bilan rasmiy veb-saytida muntazam tarzda joylashtirib boriladi.
23. Malaka imtihoni soʻrovnoma vakolatli tashkilotga kelib tushgan kundan boshlab ikki oydan kechikmay imtihon shaklida oʻtkaziladi.
24. Imtihon kompyuter dasturidan foydalangan holda, talabgor tanlagan tilda 50 ta test savollariga javob berish shaklida oʻtkaziladi va javoblar uchun talabgorga bir soat vaqt ajratiladi.
Test savollari va javoblar variantlari vakolatli tashkilot tomonidan sud boshqaruvchilarini oʻqitish boʻyicha belgilangan tartibda tasdiqlangan maxsus oʻquv dasturi asosida ishlab chiqiladi.
Test savollarining mazmuni va javoblar variantlari toʻlovga qobiliyatsizlik sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar asosida muntazam ravishda qayta koʻrib chiqiladi.
Imtihon vakolatli tashkilot tomonidan eksterritorial tamoyil asosida oʻtkazilishi mumkin.
25. Imtihon topshirish vaqtida imtihon komissiyasining kamida ikki aʼzosi kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.
26. Imtihon yakunlangandan keyin talabgor natijalar bilan tanishib, kuzatuvchilar bilan birgalikda imtihon natijalari blankasini imzolaydi.
27. Agar attestat talabgori imtihon natijalaridan norozi boʻlsa yoki natijalar blankasini imzolamasa, blanka vakolatli tashkilotning kuzatuvchilari tomonidan imzolanadi. Vakolatli tashkilotning ishtirok etgan xodimlari tomonidan imzolangan natijalar blankasi imtihoni natijalarini qayd etish uchun asos hisoblanadi.
28. Imtihon yakunlari boʻyicha talabgor olingan natijalar asosida malaka imtihonidan oʻtgan yoki malaka imtihonidan oʻtmagan deb tan olinadi.
Imtihon natijalari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va vakolatli tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
29. Talabgor attestat olish yoki sud boshqaruvchisi attestati toifasini oshirish yoxud attestatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun test savollarining kamida 70 foiziga toʻgʻri javob berganda attestatsiyadan oʻtgan hisoblanadi.
Agar talabgor rahbarlik (davlat boshqaruvi yoki mahalliy hokimlik yoxud sud organlarida rahbar va rahbar oʻrinbosari, yirik davlat korxonalari va xoʻjalik birlashmalarida rahbar hamda boshqalar) lavozimida yigirma toʻrt oydan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlsa, uchinchi toifadagi attestat olish uchun test savollarining kamida 70 foiziga toʻgʻri javob berganda attestatsiyadan oʻtgan hisoblanadi.
Ikkinchi va (yoki) uchinchi toifadagi attestati mavjud boʻlgan sud boshqaruvchisi attestati toifasini oshirish uchun takroriy test imtihonidan oʻtmaganda, uning amaldagi toifasi bir pogʻona pasaytiriladi.
Malaka imtihonining natijalari imtihon oʻtkazilgan kundan soʻng uch ish kunida vakolatli tashkilotning veb-saytida joylashtiriladi.
Vakolatli tashkilot malaka imtihonining natijalari tasdiqlangandan soʻng uch ish kuni ichida ushbu Nizomga 2 — 4-ilovalarga muvofiq shaklda QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan attestatni rasmiylashtiradi.
Sud boshqaruvchisi attestatining amal qilish muddati besh yil, ushbu muddat yana besh yil muddatga uzaytirilishi mumkin.
30. Malaka imtihonidan oʻtmagan yoki attestat toifasini oshirish istagi boʻlgan talabgor malaka imtihonini takroran topshirish uchun imtihon oʻtkazilgan kundan boshlab kamida bir oy vaqt oʻtgandan soʻng belgilangan tartibda imtihondan oʻtishga yoki attestat toifasini oshirish uchun takroran murojaat qilishga haqli.
Attestat toifasini oshirish uchun talabgor imtihondan oʻta olmasa, u toifasini oshirish uchun kamida olti oydan keyin takroran murojaat qilishi mumkin.
31. Malaka imtihoni topshirish yakunlariga koʻra talabgor imtihondan oʻtmagan taqdirda, talabgor navbatdagi imtihonga faqat sud boshqaruvchilarini tayyorlash dasturi boʻyicha oʻquv kursida belgilangan tartibda takroran oʻqigandan keyin qoʻyiladi.
Talabgor imtihon natijalari yuzasidan oxirgi imtihon oʻtkazilgan kundan boshlab, bir oy mobaynida apellyatsiya berish huquqiga ega.
Talabgor asosli eʼtirozlari bayon qilingan apellyatsiyani vakolatli tashkilot rahbari nomiga beradi. Apellyatsiyani koʻrib chiqish muddati u berilgan kundan boshlab uch kundan oshmasligi kerak. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijasi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
32. Sud boshqaruvchisi attestatning amal qilishini toʻxtatish (bekor qilish) toʻgʻrisida Agentlikning qarori qabul qilingan kundan boshlab uch yil davomida malaka imtihonidan qayta oʻtishiga yoʻl qoʻyilmaydi, sud boshqaruvchisining arizasi asosida uning attestatining amal qilishi toʻxtatilgan (bekor qilingan) hollar bundan mustasno.
33. Sud boshqaruvchisi sifatidagi faoliyat vakolatli tashkilot tomonidan quyidagi toʻrt toifaga muvofiq berilgan attestat asosida amalga oshiriladi:
kuzatuv, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv, tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillari va toʻlovga qobiliyatsizlikning soddalashtirilgan tartib-taomili va jismoniy shaxs qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish va mol-mulkini sotish tartib-taomilini amalga oshirish uchun — birinchi toifadagi attestat;
kuzatuv, sud sanatsiyasi, tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillari va toʻlovga qobiliyatsizlikning soddalashtirilgan tartib-taomili va jismoniy shaxs qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish va mol-mulkini sotish tartib-taomilini amalga oshirish uchun — ikkinchi toifadagi attestat;
kuzatuv, tugatishga doir ish yuritish, toʻlovga qobiliyatsizlikning soddalashtirilgan tartib-taomili va jismoniy shaxs qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish va mol-mulkini sotish tartib-taomilini amalga oshirish uchun — uchinchi toifadagi attestat;
yuridik shaxslar toʻlovga qobiliyatsizligining soddalashtirilgan tartib-taomili va jismoniy shaxsni qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish va mol-mulkini sotish tartib-taomilini amalga oshirish uchun — toʻrtinchi toifadagi attestat.
34. Malaka imtihoniga qoʻyilishi rad etilgan talabgor Markaz yoki YIDXP orqali rad etishga sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgandan soʻng oʻn ish kunida qayta soʻrovnoma berishi mumkin.
Takroriy topshirilgan hujjatlar koʻrib chiqilgani uchun yigʻim undirilmaydi.
Kamchiliklar bartaraf etilgani haqidagi soʻrovnoma olingan kundan boshlab uch ish kuni davomida vakolatli tashkilot tomonidan taqdim etilgan hujjatlar takroran koʻrib chiqiladi.
Hujjatlarni takroran koʻrib chiqishda vakolatli tashkilot tomonidan avvalgi rad etish uchun asoslarda bayon etilmagan sabablar keltirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, avval koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar bilan bogʻliq rad etish sabablarining keltirilishi bundan mustasno.
35. Malaka imtihoniga qoʻyilgan talabgorlar roʻyxati vakolatli tashkilotning rasmiy veb-saytida belgilangan imtihon sanasidan besh kun oldin joylashtiriladi.
36. Malaka imtihonini oʻtkazish kuni, vaqti va joyi toʻgʻrisidagi maʼlumot vakolatli tashkilotning rasmiy veb-saytida belgilangan imtihon sanasidan oʻn kun oldin joylashtiriladi.
37. Malaka imtihonini topshirishda talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjatning aslini (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-kartasi, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) taqdim etadi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlmagan yoxud malaka imtihoniga kechikkan talabgorlar kelmagan hisoblanadi hamda navbatdagi malaka imtihonidan oʻtadigan talabgorlar roʻyxatiga kiritiladi, bu haqida talabgor Markaz (oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda) yoki YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) uch ish kunidan kechiktirmay xabardor qilinadi.
38. Agar talabgor tegishli tarzda xabardor qilinganidan keyin ikkinchi marta malaka imtihonini topshirish uchun kelmasa, talabgorga xizmat koʻrsatish rad qilingan hisoblanadi. Bunda malaka imtihonidan oʻtish uchun toʻlangan yigʻim summasi qaytarib berilmaydi.
Hujjatlar mazkur Nizomda belgilangan umumiy tartibda qayta topshiriladi.
39. Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida malaka imtihonini oʻtkazish jarayoni uzluksiz ravishda ovozli videotasvirga tushiriladi, videotasvir vakolatli tashkilotda kamida bir yil mobaynida saqlanadi.
Malaka imtihonini oʻtkazish jarayonini uzluksiz ravishda ovozli videotasvirga tushirish uchun vakolatli tashkilot malaka imtihonlarini tashkil etgan holda, alohida test xonalarini ajratadi hamda ularni zamonaviy texnik asbob-uskunalar (kompyuter, ovozli videokamera, internet aloqasi va boshqalar) bilan taʼminlab, talabgorlar uchun tegishli shart-sharoitlar yaratadi.
40. Malaka imtihonini topshirish jarayonida talabgorga quyidagilar taqiqlanadi:
qonunchilik hujjatlari va yoʻriqnoma materiallari, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan foydalanish;
mobil aloqa va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish;
boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish;
malaka imtihoni xonasidan tashqariga chiqish (test sinovi oʻtayotgan xonadan tashqariga chiqqan shaxslar qayta ichkariga kiritilmaydi).
Ushbu talablarni buzgan talabgorlar test sinovi oʻtkazilayotgan xonadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan oʻtmagan hisoblanadi.
Begona shaxsga malaka imtihonida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
41. Malaka imtihonidan oʻtmagan talabgor malaka imtihonini takroran topshirish uchun malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab kamida bir oy vaqt oʻtgandan soʻng ushbu Nizomda belgilangan tartibda malaka imtihonidan oʻtish uchun takroran murojaat qilishga haqli. Murojaat umumiy tartibda koʻrib chiqiladi.
42. Malaka imtihonining natijalari malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan soʻng uch ish kunida vakolatli tashkilotning buyrugʻi bilan tasdiqlanadi hamda vakolatli tashkilotning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
43. Talabgorning test javoblari hamda malaka imtihoni yakunlari boʻyicha tuzilgan bayonnomalar vakolatli tashkilotda saqlanadi.
44. Vakolatli tashkilot malaka imtihonining natijalari tasdiqlangandan soʻng uch ish kuni ichida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan malaka attestatini rasmiylashtiradi va uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlaydi hamda Markazga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki YIDXP (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) orqali yuboradi, ushbu malaka sertifikati Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududida yuridik kuchga ega boʻladi.
45. Vakolatli tashkilot malaka attestatini rasmiylashtiradi hamda uni sud boshqaruvchilari reyestriga kiritish uchun bir ish kunida Agentlikka idoralararo elektron maʼlumot almashinuvi orqali yuboradi.
46. Markaz malaka attestati olingandan soʻng oʻn daqiqa mobaynida uni talabgorning elektron manziliga yuboradi hamda talabgorni bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Talabgorning soʻroviga koʻra Markaz malaka sertifikatini elektron yoki qogʻoz shaklida taqdim etishi mumkin.
3-bob. Apellyatsiyani koʻrib chiqish
47. Malaka imtihonidan oʻta olmagan talabgor malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab oʻttiz ish kuni ichida vakolatli tashkilotga apellyatsiya berish huquqiga ega. Apellyatsiya YIDXP orqali taqdim etiladi.
Vakolatli tashkilot oʻn ish kuni ichida kiritilgan apellyatsiyani koʻrib chiqadi va talabgorga qabul qilingan qaror haqida YIDXP orqali xabar beradi.
48. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari yuzasidan vakolatli tashkilot quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
imtihon natijalarini (yozma ravishda asoslangan xat asosida) oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida;
apellyatsiyani qanoatlantirish va talabgor malaka imtihonini topshirgan deb hisoblash toʻgʻrisida;
talabgorni takroran malaka imtihoniga qoʻyish toʻgʻrisida.
49. Malaka imtihoni natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
apellyatsiya mazkur Nizom talablari buzilgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
apellyatsiyada koʻrsatilgan vajlar oʻz tasdigʻini topmasa.
50. Malaka imtihonini takroran oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror apellyatsiya bergan talabgorning malaka imtihoni mazkur Nizom talablariga zid ravishda oʻtkazilgani holatlari aniqlangan taqdirda qabul qilinadi.
51. Vakolatli tashkilot tomonidan apellyatsiya bergan talabgor uchun malaka imtihonini takroran oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, takroriy malaka imtihoni mazkur Nizomda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Bunda malaka imtihoni mazkur Nizom talablariga zid ravishda oʻtkazilgani aniqlangan taqdirda, apellyatsiyaga bergan talabgor uchun malaka imtihoni takroran oʻtkazilishini inobatga olgan holda, malaka imtihoni takroran bepul oʻtkaziladi.
52. Oʻtkazilgan bir malaka imtihoni yuzasidan takroran apellyatsiya berilmaydi.
53. Vakolatli tashkilotning qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga sudga shikoyat qilinishi mumkin.
4-bob. Sud boshqaruvchisi malaka attestatini qayta rasmiylashtirish va uning amal qilish muddatini uzaytirish
54. Malaka attestatida koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, talabgor malaka attestatini qayta rasmiylashtirish uchun vakolatli tashkilotga oʻn ish kuni ichida, Markazga bevosita oʻzi yoki ishonchli vakili orqali murojaat etadi yoxud YIDXPda elektron shaklda ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan tartibda soʻrovnomani toʻldiradi.
Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
55. Malaka attestatini qayta rasmiylashtirishda toʻlov undirilmaydi.
56. Vakolatli tashkilot talabgorning soʻrovnomasi kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda malaka attestatini qayta rasmiylashtiradi va ushbu Nizomning 32-bandida belgilangan tartibda talabgorga yuboradi, shuningdek, bu toʻgʻrisidagi maʼlumotni vakolatli tashkilotning veb-saytiga joylashtiradi.
57. Vakolatli tashkilot malaka attestatini qayta rasmiylashtirganidan soʻng uch ish kunida bu haqida sud boshqaruvchilari reyestriga tegishli oʻzgartirish kiritish uchun Agentlikni xabardor qiladi.
Amal qilish muddati cheklangan malaka attestatini qayta rasmiylashtirishda ilgari berilgan malaka attestatining amal qilish muddati oʻzgarmaydi.
58. Malaka attestatini qayta rasmiylashtirish uchun talabgordan qayta imtihondan oʻtish talab qilinmaydi.
59. Malaka attestatining amal qilish muddati talabgorning arizasiga koʻra uzaytirilishi mumkin.
60. Talabgor malaka attestatining amal qilish muddati tugashiga qadar vakolatli tashkilotga, Markazga bevosita oʻzi yoki ishonchli vakili orqali murojaat etadi yoxud YIDXPda elektron shaklda ushbu Reglamentning 8-bandida nazarda tutilgan tartibda soʻrovnomani toʻldiradi.
Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
61. Malaka attestati muddatini uzaytirganlik uchun ushbu Nizomning 11-bandida belgilangan miqdorda toʻlov undiriladi.
Davlat xizmati koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, Pasportlarda belgilangan toʻlov summasining 90 foizi undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga mazkur bandda belgilangan toʻlovning 50 foizi miqdorida, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga belgilangan toʻlovning 75 foizi miqdorida chegirma qoʻllanadi. Bunda chegirma Ijtimoiy reyestrning:
“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilalarga, ularning ilgari belgilangan toifasiga muvofiq miqdorda;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga “kambagʻal oila” toifasidagi oila uchun belgilangan miqdorda qoʻllaniladi.
(61-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan uchinchi — beshinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Davlat xizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim toʻlangani axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Toʻlovlar mazkur Nizomning 12-bandida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
62. Talabgor xizmatdan foydalanishda uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Talabgor xizmatdan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi va toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
63. Talabgor Markazga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Markaz xodimi tomonidan toʻldirilib, talabgor tomonidan tasdiqlangandan soʻng ushbu Nizomda nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilingan holda oʻn daqiqada vakolatli tashkilotga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli tashkilotga yuboriladi.
5-bob. Sud boshqaruvchilari reyestri
64. Agentlik Sud boshqaruvchilari reyestrini yuritadi va unda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
malaka attestati olingan sana, uni olgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
shaxsini tasdiqlovchi maʼlumotlar (JSHSHIR maʼlumotlari), yashash manzili;
ish joyi (mavjud boʻlsa);
bogʻlanish uchun maʼlumotlar;
malaka attestatining hisobga olish seriyasi, raqami, berilgan sanasi;
malaka attestati toifasi yoki turi;
malaka attestatining amal qilish muddati (agar aniq muddatga berilishi nazarda tutilganda);
malaka attestatining amal qilish muddati uzaytirilgani, amal qilishi toʻxtatilgani, bekor qilingani va qayta rasmiylashtirilgani toʻgʻrisida maʼlumotlar.
Reyestr elektron shaklda yuritiladi.
Reyestr shakli Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.
65. Reyestrga kiritilgan, talabgorning shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari, yashash manzili kabi shaxsiy maʼlumotlardan tashqari barcha maʼlumotlar ular bilan tanishib chiqish uchun ommabop boʻlib, Agentlik va vakolatli tashkilotning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
6-bob. Sud boshqaruvchilari faoliyatini nazorat qilish
66. Agentlik va uning hududiy boshqarmalari sud boshqaruvchisi tomonidan oʻz vazifalariga rioya etilishini nazorat qiladi.
67. Agentlik oʻz vakolatlari doirasida:
sud boshqaruvchisi faoliyatini qonunchilikka muvofiq tekshirish;
tekshirishlar oʻtkazishda paydo boʻladigan masalalar yuzasidan sud boshqaruvchisidan zarur tushuntirishlar va materiallarni soʻrash;
tekshirishlar natijalariga asosida aniqlangan qonun buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar tuzish;
sud boshqaruvchisiga aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish hamda ularni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
sud boshqaruvchisini ogohlantirish;
sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini toʻxtatish (bekor qilish) yoki toʻxtatib turish;
sud boshqaruvchisi tomonidan unga yuklangan vazifalarning tegishli darajada bajarilishini nazorat qilish boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshirish huquqiga ega.
68. Sud boshqaruvchisi Agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tekshirishlar oʻtkazish uchun shart-sharoitlarni taʼminlashi, shu jumladan, zarur axborot va materiallarni taqdim etishi shart.
Sud boshqaruvchisi uning faoliyatini tekshirish jarayonida vakolatli tashkilot yoki uning hududiy boʻlinmasi xodimi kuzatuvchi sifatida ishtirok etishini talab qilish huquqiga ega.
69. Agentlikning hududiy boshqarmalari oʻz vakolatlari doirasida:
qarzdorning toʻlovga qobiliyatsizligi jarayonlari monitoringini yuritadi;
qonunchilikka muvofiq sud boshqaruvchilari faoliyatini nazorat qiladi;
qonunchilikka muvofiq sud boshqaruvchisi faoliyatini tekshiradi;
qarzdorning toʻlovga qobiliyatsizligi jarayonlari haqida kerakli boʻlgan maʼlumot va materiallarni sud boshqaruvchisidan soʻrab oladi;
tekshirishlar natijalari asosida aniqlangan qonun buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnoma tuzadi va Sud boshqaruvchilari attestatsiya komissiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
sud boshqaruvchisi tomonidan unga yuklangan vazifalarning tegishli darajada bajarilishini nazorat qilish boʻyicha boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
7-bob. Sud boshqaruvchilari attestatsiya komissiyasining ish faoliyati
70. Sud boshqaruvchilari attestatsiya komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Attestatsiya komissiyasi) sud boshqaruvchilari faoliyatini koʻrib chiquvchi kollegial organ hisoblanadi. Attestatsiya komissiyasining shaxsiy tarkibi Agentlik tomonidan tasdiqlanadi. Komissiya tarkibiga Agentlik rahbar xodimlari, Soliq qoʻmitasi va Adliya vazirligi masʼul xodimlari hamda Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari vakolatli tashkilot raisi (kelishuvga koʻra) kiritiladi.
71. Attestatsiya komissiyasi tarkibi rais, bir nafar rais oʻrinbosari, toʻrt nafar aʼzo va komissiya kotibidan iborat boʻladi. Komissiya kotibi ovoz berish huquqiga ega emas. Agentlik direktorining oʻrinbosari lavozimiga koʻra attestatsiya komissiyasi raisi hisoblanadi.
72. Attestatsiya komissiyasining oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari va koʻrsatmalari mazkur Nizomga muvofiq sud boshqaruvchilari uchun majburiy hisoblanadi.
73. Attestatsiya komissiyasining majlislari zarurat boʻlganda oʻtkaziladi. Attestatsiya komissiyasi raisi uning majlislarini oʻtkazadi, bayonnomalarni va boshqa hujjatlarini imzolaydi. Attestatsiya komissiyasi raisi yoʻqligida, uning vakolatlarini ushbu komissiya raisining oʻrinbosarlaridan biri amalga oshiradi. Attestatsiya komissiyasi kotibi komissiya majlislarini tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul hisoblanadi.
Attestatsiya komissiyasi majlisi zarurat boʻlganda, komissiya raisining ruxsati bilan masofadan turib onlayn tarzda oʻtkazilishi mumkin.
74. Attestatsiya komissiyasi majlislari zarurat boʻlganda oʻtkaziladi va uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda huquqiy vakolatga ega boʻladi.
75. Attestatsiya komissiyasining qarorlari Attestatsiya komissiyasi majlisida qatnashadigan aʼzolarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Attestatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Attestatsiya komissiyasining qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
76. Attestatsiya komissiyasining navbatdagi majlisini oʻtkazish (sanasi, joyi va vaqti) toʻgʻrisida Attestatsiya komissiyasi aʼzolariga komissiyasi kotibi tomonidan xabar beriladi.
Attestatsiya komissiyasi majlisining oʻtkazilish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida oʻziga nisbatan ish koʻrilayotgan sud boshqaruvchisi majlis boshlanishidan kamida bir hafta oldin xabardor qilinadi. Agar sud boshqaruvchisi xabardor qilingan boʻlib majlisga kelmagan boʻlsa, Attestatsiya komissiyasi ishni uning ishtirokisiz koʻrib chiqishi mumkin.
77. Attestatsiya komissiyasi sud boshqaruvchisi tomonidan yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi holatlarini koʻrib chiqadi va ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
78. Attestatsiya komissiyasi sud boshqaruvchisi tomonidan yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi holatlarini koʻrib chiqadi hamda ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi. Quyidagilar sud boshqaruvchilari tomonidan sodir etilgan qonun buzilishi yuzasidan ishning koʻrilishi uchun asos hisoblanadi:
Agentlik va uning hududiy boshqarmalari nazorat qilish boʻyicha oʻz vakolatlarini amalga oshirishda sud boshqaruvchilari faoliyatida qonun buzilishi alomatlari toʻgʻrisidagi maʼlumot va tekshirish dalolatnomalari;
davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlaridan tushgan axborot, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning ariza va shikoyatlari, ommaviy axborot vositalaridagi qonun buzilish alomatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va xabarlar;
sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan sud boshqaruvchisi tomonidan qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgani toʻgʻrisidagi xabarlar, taqdimnoma va xususiy ajrimlar.
79. Oʻziga nisbatan ish koʻrilayotgan sud boshqaruvchisi ish materiallari bilan tanishishga va ulardan koʻchirma olishga, ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berishga, dalillarni taqdim etishga va ularni tekshirishda ishtirok etishga, ishning boshqa ishtirokchilariga savollar berishga, iltimosnomalar taqdim etishga va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.
80. Attestatsiya komissiyasi ishni koʻrish natijalari boʻyicha qonun buzilishi holatlari aniqlagan hollarda, aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma yuborish yoki sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini toʻxtatib turish yoxud uni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda mazkur qarorni Agentlikka kiritadi.
81. Agentlik sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishi toʻxtatib turilishi toʻgʻrisida Agentlikning hududiy boshqarmalari va iqtisodiy sudni yozma ravishda xabardor qiladi va bir vaqtning oʻzida iqtisodiy sudga attestatining amal qilishi toʻxtatib turilgan sud boshqaruvchisining oʻrniga nomzodni taqdim etadi.
82. Agentlik iqtisodiy sud tomonidan yangi tayinlangan sud boshqaruvchisiga aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrsatma beradi.
83. Agentlikning hududiy boshqarmasi vakolatli tashkilotning hududiy boʻlinmasi bilan birgalikda sud boshqaruvchisining attestatini tiklash maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida Attestatsiya komissiyasiga koʻrib chiqish uchun taklif kiritadi.
84. Attestatsiya komissiyasining qarori sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini tiklash yoki toʻxtatishga (bekor qilishga) asos boʻladi.
85. Sud boshqaruvchilari tomonidan sodir etilgan qonun buzilishi holatlarini koʻrib chiqish natijalari Attestatsiya komissiyasi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
86. Agentlikning qarori (koʻrsatmasi) ishda ishtirok etuvchilarga ish boʻyicha qaror (koʻrsatma) chiqarilgan kundan boshlab uch kun ichida yuborilishi kerak.
87. Sud boshqaruvchisi koʻrsatmada belgilangan muddatda qonun buzilishi holatlarining bartaraf etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tasdiqlovchi dalillar bilan birga Agentlikka taqdim etishi lozim.
8-bob. Sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini toʻxtatib turish va bekor qilish tartibi
88. Sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini toʻxtatib turish uchun quyidagilar asos boʻladi:
sud boshqaruvchisining arizasi;
sud boshqaruvchisi oʻz faoliyatini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlari yoki malaka attestati talablarini buzganda;
sud boshqaruvchisi tomonidan Agentlikning uning zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi koʻrsatmasi bajarilmaganda.
89. Attestatning amal qilishi Agentlik tomonidan toʻxtatib turiladi. Attestatning amal qilishi Agentlik tomonidan olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turilishi mumkin.
Talabgor ushbu Nizomning 32-bandida nazarda tutilgan attestatning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni Agentlik belgilagan muddatda bartaraf etmaganda, Agentlik attestatni bekor qilish toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi kiritadi.
90. Agentlikning attestat amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori boʻyicha bir ish kuni ichida sud boshqaruvchisi xabardor qilinadi va attestatning amal qilishi toʻxtatib turilgani haqida Agentlik tomonidan yuritiladigan Sud boshqaruvchilari reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
91. Attestatning amal qilishi quyidagi hollarda Agentlikning qaroriga binoan bekor qilinadi:
sud boshqaruvchisi attestatini amal qilishini bekor qilish boʻyicha murojaat qilganda;
attestat berish tartibi bekor qilinganda;
sud boshqaruvchisining muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda, u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
sud boshqaruvchisi vafot etganda;
sud boshqaruvchisi tomonidan Agentlikka attestatining amal qilishini bir yilgacha toʻxtatib turish toʻgʻrisida murojaat berilib, mazkur muddat davomida attestatining amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida Agentlikka murojaat qilinmagan taqdirda.
92. Agentlik quyidagi hollarda attestatning amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisida sudga murojaat qiladi:
sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni Agentlik belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
vakolatli tashkilotning malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
sud boshqaruvchisi qonunchilik hujjatlari talablarini bir yil davomida muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda;
sud boshqaruvchisi attestati qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olingani aniqlanganda.
93. Agentlikning sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini toʻxtatib turish yoki bekor qilish haqidagi qarori yoxud mazkur Nizomning 62-bandida nazarda tutilgan asoslarda Agentlik tomonidan sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini bekor qilish boʻyicha sudga daʼvo kiritilganda, attestatining amal qilishi bekor boʻlgan shaxs ish materiallari bilan tanishishga hamda ulardan koʻchirma olishga, ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berishga, dalillarni taqdim etishga va ularni tekshirishda ishtirok etishga, iltimosnomalar taqdim etishga hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.
94. Agentlikning sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori haqida bir ish kuni ichida attestati amal qilish bekor boʻlgan shaxs xabardor qilinadi va uning attestatining amal qilishi toʻxtatib turilgani yoki bekor qilinganligi haqida Agentlik tomonidan yuritiladigan Sud boshqaruvchilari reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
95. Markaz va vakolatli tashkilot oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
96. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va Markaz ushbu Nizom talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati ustidan, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradi.
97. Talabgor davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
98. Sud boshqaruvchilarining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuni va ushbu Nizomda nazarda tutilgan hollarda toʻxtatiladi.
99. Ushbu Nizomni qoʻllashda kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
100. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Sud boshqaruvchilari malaka attestatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Sud boshqaruvchilari talabgorlarini malaka imtihonidan oʻtkazish va ularga malaka attestatini berish xizmatini koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Talabgor

Malaka attestatini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelgan holda yoki YIDXP orqali murojaat qiladi

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

1. Soʻrovnoma shaklini toʻldirib, vakolatli tashkilotga yuboradi.

Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng oʻn daqiqa mobaynida

YIDXP

2. Toʻldirilgan soʻrovnomani avtomatik tarzda vakolatli tashkilotga yuboradi.

Aniq vaqt rejimida

3-bosqich

Vakolatli tashkilot

1. Ariza tushgandan soʻng malaka imtihoniga qoʻyish yoki rad etish maqsadga muvofiqligini oʻrganib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.

Pasportlarning 6-bandida belgilangan muddatlarda

2. Malaka imtihoniga qoʻyilgan talabgorlar roʻyxatini vakolatli tashkilotning veb-saytida joylashtiradi.

Imtihon sanasidan besh kun oldin

4-bosqich

Vakolatli tashkilot

Malaka imtihoni natijalari toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingandan soʻng, malaka attestatini QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan rasmiylashtiradi va uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlaydi, Davlat xizmatlari markazi (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki talabgorga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali yuboradi.

Uch ish kuni muddatda

5-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

1. Malaka attestatini talabgorning elektron manziliga yuboradi, bu haqida talabgorni axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

Oʻn daqiqa muddatda

2. Talabgor oʻzi kelib murojaat qilganda, ruxsatnomani elektron yoki qogʻoz shaklida talabgorga taqdim etadi.

Talabgor soʻroviga koʻra

Sud boshqaruvchilari malaka attestatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

OʻZBEKISTON SUD BOSHQARUVCHILARI ASSOTSIATSIYASINING ___________-toifali

SUD BOSHQARUVCHISINING ATTESTATI

-son

Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining

20___ yil ___ ________dagi ____-son buyrugʻiga binoan

Familiyasi:

Ismi:

Otasining ismi:

Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami:

SUD BOSHQARUVCHISI

attestati berildi

Mazkur sud boshqaruvchisi attestati uning egasini:

__________________________________________________________________________

__________________________________________________________________________

__________________________________________________________________________

sifatida tayinlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun asos hisoblanadi.

Berilgan sana:

Amal qilish muddati:

Vakolatli shaxs:

QR-kod

Sud boshqaruvchilari malaka attestatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

OʻZBEKISTON SUD BOSHQARUVCHILARI ASSOTSIATSIYASINING ___________-toifali

SUD BOSHQARUVCHISINING

ATTESTATI

-son

Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining

20___ yil ___ ________dagi ____-son buyrugʻiga binoan

Familiyasi:

Ismi:

Otasining ismi:

Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami:

SUD BOSHQARUVCHISI

attestatining amal qilish muddati ____ yil muddatga uzaytirildi

Mazkur sud boshqaruvchisi attestati uning egasini:

__________________________________________________________________________

__________________________________________________________________________

__________________________________________________________________________

sifatida tayinlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun asos hisoblanadi.

Berilgan sana:

Amal qilish muddati:

Vakolatli shaxs:

QR-kod

Sud boshqaruvchilari malaka attestatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA

OʻZBEKISTON SUD BOSHQARUVCHILARI ASSOTSIATSIYASINING ___________-toifali

SUD BOSHQARUVCHISINING

ATTESTATI

-son

Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining

20___ yil ___ ________dagi ____-son buyrugʻiga binoan

___-toifadan ___-toifaga oshirildi (tushirildi)

Familiyasi:

Ismi:

Otasining ismi:

Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami:

SUD BOSHQARUVCHISI

attestati berildi

Mazkur sud boshqaruvchisi attestati uning egasini:

____________________________________________________________________________

____________________________________________________________________________

____________________________________________________________________________

sifatida tayinlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun asos hisoblanadi.

Berilgan sana:

Amal qilish muddati:

Vakolatli shaxs:

QR-kod

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 838-son qaroriga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Baholovchilarga toifalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2019-yil 24-sentabrdagi 799-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 714-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga baholovchilarga toifalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 4-oktabrdagi 564-son qarori.
4. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-noyabrdagi 635-son qarori bilan tasdiqlangan Ayrim turdagi malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentining 2, 3 va 6-ilovalari.
5. Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2024-yil 15-maydagi 282-son qaroriga 1-ilovaning 72-bandi “b” kichik bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2025-yil 8-apreldagi 211-son qaroriga 1-ilovaning 11-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 09/25/838/1247-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)