Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Notariuslikka talabgorlar uchun Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida majburiy oʻquv kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 9-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3721]
Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son “Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 171-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Notariuslikka talabgorlar uchun Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida majburiy oʻquv kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq 2026-yil 1-apreldan boshlab kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2025-yil 6-dekabr,
27-mh-son
Kelishildi:
Notarial palata raisi D. ASHUROV
2025-yil 17-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 6-dekabrdagi 27-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
Notariuslikka talabgorlar uchun Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida majburiy oʻquv kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom notariuslikka talabgorlar (bundan buyon matnda talabgorlar deb yuritiladi) uchun Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida (bundan buyon matnda Institut deb yuritiladi) maxsus tayyorlash oʻquv kurslarini tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
maxsus tayyorlash oʻquv kursi (bundan buyon matnda oʻquv kursi deb yuritiladi) — notarius maqomiga ega boʻlish uchun talabgorlarning notariat sohasi boʻyicha ishlash va ish yuritishga yoʻnaltirilgan zarur bilim, koʻnikma va malakalarini shakllantirishga qaratilgan oʻquv shakli;
pedagog-maslahatchi — taʼlim jarayonida oʻquv kursi boʻyicha tinglovchilar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va yoʻnaltiruvchi, metodik yordam koʻrsatuvchi, oʻqish va bilishni nazorat qiluvchi shaxs;
talabgor — Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) talablariga muvofiq oʻquv kurslarida taʼlim olish uchun murojaat qilgan jismoniy shaxs;
tinglovchi — oʻqish uchun toʻlovni amalga oshirgan va oʻquv kurslariga qabul qilingan jismoniy shaxs;
oʻquv dasturi — oʻquv kurslarining taʼlim mazmunini, uning tinglovchilar tomonidan oʻzlashtirilishining maqsadga muvofiq usullarini tashkil etishni nazarda tutadigan, axborot manbai boʻlgan, mutaxassisliklarning malaka talablari, oʻquv kursining asosiy mazmuni va metodik tuzilishini aniqlab beruvchi asosiy hujjat.
2. Talabgorlar oʻquv kurslarida Institut bilan oʻzaro tuzilgan shartnomaga muvofiq toʻlov asosida oʻqitiladi. Oʻquv kurslari yakuni boʻyicha sinov imtihonini (bundan buyon matnda sinov imtihoni deb yuritiladi) muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda ularga oʻquv kursini tugatganligi haqida sertifikat (bundan buyon matnda sertifikat deb yuritiladi) beriladi.
3. Talabgorlar uchun oʻquv kurslarining davomiyligi 72 soatni tashkil etadi.
4. Talabgorlar uchun oʻquv kurslari bevosita Institutda yoki masofaviy taʼlim shaklida tashkil etilishi mumkin.
2-bob. Oʻquv kurslarini tashkil etish
5. Oʻquv kurslari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Institutning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
6. Oʻquv kurslarida oʻqish istagini bildirgan talabgorlar mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq elektron yoki yozma shakldagi ariza bilan Institutga murojaat qiladi.
7. Talabgorlar kalendar yil davomida uzluksiz murojaat qilishi mumkin.
Bunda, notarius stajyorlarining oʻquv kurslarida oʻqishi stajirovka tugagandan soʻng amalga oshiriladi.
8. Talabgorning arizasi Institut tomonidan qabul qilinib, Qonunning 2-moddasi talablariga muvofiqligi aniqlangan taqdirda, talabgorga oʻquv kursida ishtirok etish uchun shartnoma tuzishi mumkinligi haqida uch ish kunida telefon raqami, elektron pochta yoki yashash manziliga xabarnoma yuboriladi.
Bunda, talabgor Qonunning 2-moddasi talablariga muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda, Institut tomonidan ariza rad etilganligi yuzasidan asoslantirilgan holda telefon raqami, elektron pochta yoki yashash manziliga xabarnoma yuboriladi.
9. Institut oʻquv kurslarini tashkil etishda tinglovchilarni Institutning ichki tartib va oʻquv jarayonini tashkillashtirish qoidalari bilan tanishtiradi, shuningdek tinglovchining oʻzlashtirish koʻrsatkichi va reytingi hisobini yuritadi.
10. Shartnomada koʻrsatilgan oʻqitish qiymati talabgor tomonidan shartnomada belgilangan muddatda toʻliq toʻlangandan soʻng, u Institut direktorining buyrugʻi bilan oʻquv kurslariga qabul qilinadi.
11. Institut talabgorlar tomonidan yuborilgan arizalarga asosan oʻquv guruhlarini shakllantiradi.
12. Oʻquv kurslarida oʻquv jarayoni, qoida tariqasida, 25 nafardan ortiq boʻlmagan tinglovchilardan iborat akademik guruhlarda tashkil qilinadi.
13. Oʻquv kurslarining oʻquv dasturlari Institut tomonidan ishlab chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi bilan kelishgan holda Institut tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda, oʻquv dasturi davlat va jamiyat boshqaruvi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi modullari, shuningdek notarial harakatlarning loyihalarini tayyorlash mashgʻulotlarini qamrab olishi lozim.
14. Oʻquv kurslarida oʻquv mashgʻulotlari maʼruza, seminar va amaliy mashgʻulotlar shaklida oʻtkaziladi.
15. Oʻquv kurslarini bevosita Institutda oʻqish istagini bildirgan talabgorlar uchun oʻquv jarayonlari Institut auditoriyalarida, masofaviy taʼlim shaklida oʻqish istagini bildirgan talabgorlar uchun maxsus elektron platformalardan foydalangan holda oʻtkaziladi.
16. Barcha turdagi oʻquv mashgʻulotlarining davomiyligi 80 daqiqani, oʻquv mashgʻulotlari oʻrtasidagi tanaffus kamida 10 daqiqani tashkil etadi.
17. Tinglovchilar oʻquv kurslarni tashkil etish va oʻtkazish rejasiga, oʻqish davomiyligiga amal qilishi, shuningdek, taʼlim jarayonida shaxsan oʻzi ishtirok etishi talab etiladi.
18. Masofaviy taʼlim shaklidagi oʻquv kurslari boʻyicha oʻqitish jarayonida boʻlgan tinglovchilarning faoliyati, taʼlim jarayonini muvofiqlashtirish va yoʻnaltirish Institut direktorining buyrugʻi bilan biriktiriladigan pedagog-maslahatchi tomonidan amalga oshiriladi.
Masofaviy taʼlim shaklidagi tinglovchilar bilan doimiy aloqani yoʻlga qoʻyish, tinglovchilarga zarur metodik yordam berish pedagog-maslahatchining asosiy vazifalariga kiradi.
Pedagog-maslahatchi bilan aloqa elektron pochta, telefon va boshqa elektron aloqa vositalari yordamida amalga oshiriladi. Pedagog-maslahatchi bilan aloqa sessiyalar (bevosita yuzma-yuz muloqot) tarzida ham amalga oshirilishi mumkin.
3-bob. Oʻquv kurslari yakuni boʻyicha sinov imtihonlarini tashkil etish
19. Oʻquv kurslari yakuni boʻyicha sinov imtihonlarini tashkil etish va oʻtkazish uchun Institut direktorining buyrugʻi bilan besh kishidan iborat komissiya shakllantiriladi.
Bunda, komissiya aʼzosi tinglovchi sifatida sinov imtihonida ishtirok etgan taqdirda, mazkur komissiya tarkibidan chiqariladi.
20. Komissiya aʼzolarining kamida uch nafari qatnashsa, vakolatli (kvorumga ega) hisoblanadi.
21. Komissiya tarkibidan komissiya raisi va masʼul kotib tayinlanadi.
22. Komissiya hujjatlari komissiyaning masʼul kotibi tomonidan yuritiladi.
23. Sinov imtihonlari tinglovchilarning bilim va koʻnikmalarini baholash maqsadida bevosita Institutda yoki masofaviy shaklda suhbat tarzida oʻtkaziladi.
Bunda, suhbat savollari axborot texnologiyalaridan foydalangan holda maxsus elektron dastur orqali tasodifiy ravishda tanlanadi.
24. Tinglovchilarga savollarga javob berishga tayyorgarlik koʻrishlari uchun 15 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
Tayyorgarlik koʻrish uchun berilgan vaqt tugagandan soʻng tinglovchi komissiyaga javob beradi. Komissiya aʼzolari ayrim javoblarni aniqlashtirish maqsadida qoʻshimcha savollar berishi mumkin.
25. Tinglovchilarga savollarga tayyorgarlik koʻrish vaqtida aloqa va telekommunikatsiya vositalari (telefon, kompyuter, planshet va boshqalar), kitob hamda shpargalkalardan foydalanishi hamda boshqa shaxslar bilan suhbatlashish taqiqlanadi.
26. Tinglovchilarning bilimi va oʻzlashtirish darajasi komissiyaning har bir aʼzosi tomonidan boshqa aʼzolaridan mustaqil holda mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda baholash byulletenida 100 ballik tizimda baholanadi.
Bunda, komissiyaning har bir aʼzosi talabgorlarni quyidagi mezonlarga asosan baholaydi:
berilgan savollarga toʻliq va aniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq tizimli bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida mustaqil foydalanishni bilishi, ijtimoiy muammolar va jarayonlarni mustaqil tahlil qila olishi — 86 — 100 ball;
berilgan savollarga aniq, biroq toʻliq javob berolmasligi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida foydalanishni bilishi, ijtimoiy muammolar va jarayonlarni tahlil qila olishi — 71 — 85 ball;
berilgan savollarga toʻliq javob berolmasligi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga yetarli darajada ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida foydalanishni bilishi — 56 — 70 ball;
berilgan savollarga noaniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida foydalanishni bilmasligi — 41 — 55 ball;
berilgan savollarga noaniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga yetarli darajada ega emasligi — 1 — 40 ball;
berilgan savollarga umuman javob bera olmasligi — 0 ball.
Tinglovchiga komissiya aʼzolari tomonidan qoʻyilgan ballar umumlashtirilib, olinishi mumkin boʻlgan maksimal ballning 56 foizidan kam boʻlmagan ball qoʻyilganda tinglovchi oʻquv kursini oʻzlashtirgan hisoblanadi.
27. Baholash byulletenlaridagi ballar komissiya kotibi tomonidan hisoblab chiqiladi. Hisoblash natijalari mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi yigʻma baholash byulleteniga kiritiladi va komissiya aʼzolariga taqdim etiladi.
28. Tinglovchilar tomonidan toʻplangan ballar sinov imtihoni oʻtkazilgan kunning oʻzida tinglovchilarga komissiya raisi tomonidan oʻqib eshittiriladi.
29. Komissiya yakuni boʻyicha sinov imtihoni bayonnomasi tuziladi va komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda, sinov imtihoni bayonnomasi bir ish kuni ichida tasdiqlanib, uning koʻchirma nusxasi tinglovchilarga yuboriladi.
30. Sinov imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan kundan boshlab besh ish kuni ichida tinglovchiga sertifikat beriladi.
31. Tinglovchi sinov imtihonini muvaffaqiyatli topshirmagan deb topilgan taqdirda sinov imtihonini qayta topshirish uchun navbatdagi imtihonlarda ishtirok etishi mumkin.
Bunda, sinov imtihonini qayta topshirish uchun toʻlov undirilmaydi.
32. Sinov imtihonini muvaffaqiyatli topshirmagan va qayta topshirish natijasida ham sinov imtihonidan oʻtolmagan tinglovchiga sertifikat berilmaydi.
33. Sinov imtihoni jarayoni audio va videoyozuvda qayd qilinadi hamda Institut tomonidan bir yil mobaynida saqlanadi.
4-bob. Sinov imtihoni natijalari yuzasidan apellyatsiya berish va uni koʻrib chiqish
34. Tinglovchi sinov imtihoni natijasidan norozi boʻlgan taqdirda, u sinov imtihoni bayonnomasi nusxasini olgan kundan boshlab besh ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega.
35. Apellyatsiya komissiyasi Institut direktorining buyrugʻi asosida besh nafardan iborat tarkibda tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibidan komissiyasi raisi va masʼul kotib tayinlanadi.
Apellyatsiya komissiyasiga boshqa tashkilotlardan ham mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
36. Apellyatsiya komissiyasi unda aʼzolarning kamida uch nafari qatnashsa, vakolatli (kvorumga ega) hisoblanadi.
37. Bir shaxs bir vaqtning oʻzida sinov imtihoni komissiyasi va apellyatsiya komissiyasi aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
38. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini, u kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqadi.
39. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan tinglovchini shikoyatni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida ogohlantiradi.
40. Apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan tinglovchi mazkur shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
41. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqishda apellyatsiya komissiyasi sinov imtihoni bilan bogʻliq materiallarni har tomonlama oʻrganadi. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish davomida tinglovchiga uni qayta baholashga qaratilgan savollar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
42. Apellyatsiya shikoyatini koʻrishda tinglovchining sinov imtihoni natijasida olgan ballarini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
43. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
sinov imtihoni natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
sinov imtihoni natijalariga oʻzgartirish kiritish.
44. Apellyatsiya komissiyasining koʻrib chiqilishi natijasi komissiyada ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
45. Tinglovchi apellyatsiya komissiyasi yigʻilishida bevosita ishtirok etgan taqdirda komissiya qarori shikoyat koʻrib chiqilgan kunning oʻzida eʼlon qilinadi.
Tinglovchi apellyatsiya komissiyasi yigʻilishida ishtirok etmagan taqdirda komissiya qaroridan koʻchirma bayonnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida tinglovchiga yuboriladi.
46. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan sinov imtihoni natijalariga oʻzgartirish kiritilganda hamda tinglovchi sinov imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan deb topilganda unga sertifikat beriladi.
47. Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan tinglovchi yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoidalar
48. Tinglovchilar quyidagi holatlarda oʻquv kursidan chetlashtiriladi:
oʻquv intizomini va ichki tartib-qoidalarni buzganda;
oʻquv kursidagi dars mashgʻulotlarini uzrli (kasalligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi, yaqin qarindoshining vafoti) sabablarsiz 18 soat va undan ortiq qoldirganda;
salomatligi tufayli (tibbiy komissiya maʼlumotnomasi asosida);
sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganda;
vafot etganda.
49. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Notariuslikka talabgorlar uchun Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida majburiy oʻquv kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutiga

_______________________________________

_______________________________________

(talabgorning yashash manzili va F.I.O.)

ARIZA

Meni Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining notariuslikka talabgorlar uchun tashkil etilgan shartnomaga muvofiq oʻqitiladigan maxsus tayyorlash oʻquv kursiga qabul qilishingizni soʻrayman.

Telefon raqamim: ___________________________________


Elektron pochta manzilim: _________________________________


Pasport (identifikatsiya ID-karta) maʼlumotlarim:

__________

_______________

______________________

(seriyasi)

(raqami)

(JSHSHIR)

__________________________

______________

_____________________

(F.I.O)

(Imzo)

(sana)

Notariuslikka talabgorlar uchun Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida majburiy oʻquv kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

Sinov imtihonining

BAHOLASH BYULLETENI

 

T/r

Tinglovchining F.I.O.

Qoʻyilgan ball

1.

2.

3.

...


 

Komissiya aʼzosi

_______________

_______________________________________

(imzo)

(F.I.O.)

Notariuslikka talabgorlar uchun Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida majburiy oʻquv kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

Sinov imtihonining

YIGʻMA BAHOLASH BYULLETENI

 

T/r

Tinglovchining F.I.O.

Komissiya aʼzolarining F.I.O. va ular tomonidan qoʻyilgan ballar

F.I.O.

F.I.O.

F.I.O.

F.I.O.

F.I.O.

1.

2.

3.

...


 

Komissiya aʼzosi

_______________

_______________________________________

(imzo)

(F.I.O.)

Komissiya aʼzosi

_______________

_______________________________________

(imzo)

(F.I.O.)

Komissiya aʼzosi

_______________

_______________________________________

(imzo)

(F.I.O.)

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 10/25/3721/1136-son)