1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.22.00.00 Kreditlash / 07.22.06.00 Kreditlashning alohida turlari / 07.22.06.03 Uy-joy qurilishini kreditlash. Ipoteka]
[TSZ:
1.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston Respublikasida uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Uy-joy sohasining barqaror rivojlanishini ta’minlash, uy-joy qurilishi va uni sotib olishning muvozanatlashgan tizimini shakllantirish, mavjud talab va ehtiyojlarni inobatga olgan holda uy-joy qurilishi hajmini belgilash va sohada davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, shuningdek, barqaror iqtisodiy o‘sish, aholi sonining ortib borishi va urbanizatsiya jarayonlaridan kelib chiqib, har bir fuqaro uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Ushbu Farmonning asosiy maqsadi etib Uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirishni ta’minlash, 2040-yilga qadar har yili qurilayotgan uy-joylar sonini ikki baravarga oshirib, 421 mingtaga olib chiqish, ipoteka krediti portfelini 10 baravardan ortiq ko‘paytirgan holda 56,7 mlrd AQSH dollariga yetkazish belgilansin.
2. Quyidagilar uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
(a) yirik aglomeratsiyalarda uy-joy fondining o‘sishi va shahar muhitini rivojlantirishni ta’minlagan holda urbanizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash;
(b) aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish ishlarini izchil davom ettirgan holda uy-joy fondida zamonaviy uy-joylar ulushini 2040-yilga qadar 50 foizga yetkazish;
(v) uy-joy bozoriga bank moliyasi va institutsional investorlar mablag‘larini, shu jumladan, ipoteka kreditidan foydalangan holda jalb etish;
(g) ulushli qurilishga sarmoya kiritayotgan jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish;
(d) uy-joy qurilishi sohasini “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili asosida kompleks isloh qilish va uni amalga oshirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish.
II. Dasturiy hujjatlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari
(a) O‘zbekiston Respublikasida 2040-yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari (keyingi o‘rinlarda — asosiy yo‘nalishlar) 1-ilovaga muvofiq;
(b) O‘zbekiston Respublikasida 2040-yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar 2-ilovaga muvofiq;
(v) O‘zbekiston Respublikasida 2040-yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.22.00.00 Kreditlash / 07.22.06.00 Kreditlashning alohida turlari / 07.22.06.03 Uy-joy qurilishini kreditlash. Ipoteka]
4. Belgilansinki, Asosiy yo‘nalishlar urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini 2040-yilgacha rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishning asosi bo‘lib, ushbu sohada ishlab chiqiladigan barcha yangi normativ-huquqiy hujjatlar unga muvofiq bo‘lishi lozim.
5. Qurib bitkazilmagan uy-joylar hamda sanoat hududlarini birinchi navbatda qurilishga jalb etishni, shuningdek, ekologik toza mahsulotlar hamda energiya tejovchi texnologiyalardan foydalangan holda uy-joy massivlarining muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmasini oldindan barpo etishni nazarda tutadigan kompleks qurilish tamoyili asosida uy-joylar qurilishini tashkil etish tartibi joriy etilsin.
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.13.00.00 Shaharsozlik va arxitektura / 09.13.01.00 Umumiy qoidalar]
6. Belgilansinki, kompleks qurilish tamoyili doirasida quyidagilar ta’minlanadi:
(a) kompleks qurilish dasturlarini faqat ochiq va batafsil ishlab chiqilgan rejalar asosida tayyorlash;
(b) kompleks qurilish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish dasturlariga kiritish yoki boshqa loyihalarga jalb etish hamda ularning maqsadli yo‘nalishini o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik;
(v) kompleks qurilish loyihalariga kiritiladigan yer uchastkalari, ko‘chmas mulk obyektlari va ularning huquq egalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarni taqdim etish;
(g) loyihalarni amalga oshirishda hududlarning kelgusidagi ijtimoiy ehtiyojlarini inobatga oluvchi kompleks yondashuvdan foydalanish;
(d) ko‘chmas mulk obyekti egasining u joylashgan yer uchastkasiga ijara yoki mulk huquqida egalik qilish bo‘yicha mutlaq huquqini kafolatlash.
III. Amaliy va institutsional chora-tadbirlar
7. O‘zbekiston Respublikasida urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash 4-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
8. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasida urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy vazifalari etib belgilansin:
(a) aholi uchun uy-joyga ega bo‘lish imkoniyatini oshirish;
(b) uy-joy qurilishida renovatsiya asosida quriladigan uylar ulushini bosqichma-bosqich oshirib borish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni turar joy bilan ta’minlash;
(v) ortiqcha uy-joy qurilishi yoki uning yetishmasligining oldini olish.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.13.00.00 Shaharsozlik va arxitektura / 09.13.02.00 Shaharsozlik va arxitektura sohasini boshqarish. Arxitektura va shaharsozlik faoliyati sohasini litsenziyalash]
9. O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Milliy qo‘mita) tashkil etilsin.
10. Belgilansinki Milliy qo‘mita:
(a) urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi;
(b) o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasi bilan uzviy hamkorlikda tashkil etadi va amalga oshiradi. Bunda Vazirlar Mahkamasi urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka dasturlarini hamda samarali davlat uy-joy siyosatini amalga oshirishda Milliy qo‘mitaga har tomonlama ko‘maklashadi.
11. Quyidagilar Milliy qo‘mita faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
(a) urbanizatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish va rivojlantirish;
(b) samarali va barqaror uy-joy siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
(v) renovatsiya dasturlarini samarali amalga oshirishni ta’minlash;
(g) “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish ishlarini muvofiqlashtirish, shu jumladan, hududlarni tanlashda qonunchilik bilan belgilangan mezonlar va urbanizatsiya tamoyillariga rioya etilishini ta’minlash.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.02.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning boshqaruvi. Yerga oid munosabatlarni tartibga solish yuzasidan davlat organlarining vakolatlari]
12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) Milliy qo‘mita tizimiga o‘tkazilsin.
13. Adliya vazirligi Milliy qo‘mita, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:
(a) bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini;
(b) bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini;
(v) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda kiritsin.
14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) bir oy muddatda Milliy qo‘mitaning faoliyatini tashkil etish uchun talab qilinadigan mablag‘larni 2025-yilda ajratsin. Bunda Milliy qo‘mitani mebel, kompyuter va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlash uchun mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin;
(b) 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Milliy qo‘mita faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-14-son Farmoniga5-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
16. Ushbu Farmonning samarali ijrosini tashkil etish uchun mas’ul va shaxsiy javobgar etib Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi belgilansin.
17. Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 19-noyabr,
PF-219-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PF-219-son Farmoniga 1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida 2040-yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning
ASOSIY YO‘NALISHLARI
1-bob. Umumiy ma’lumotlar
1. 2040-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari (keyingi o‘rinlarda — Asosiy yo‘nalishlar) quyidagilarga muvofiq ishlab chiqilgan:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-son Farmoni;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-yanvardagi “Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy obyektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-11-son Farmoni;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-26-son Farmoni.
2. Asosiy yo‘nalishlar mamlakatning hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi, urbanizatsiya jarayonlari, aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik holati, shuningdek, shaharsozlik siyosati, moliyalashtirish mexanizmlari (jumladan, ipoteka krediti asosida) hamda ilg‘or xalqaro tajriba inobatga olingan holda O‘zbekiston Respublikasining uy-joy sohasini barqaror rivojlantirishning maqsadlari, vazifalari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi.
2-bob. Asosiy tushunchalar va ta’riflar
3. Ushbu Asosiy yo‘nalishlarda quyidagi tushunchalar qo‘llanadi:
aglomeratsiya — bir nechta aholi punktlarining hududiy yaqinlik, shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy, sanoat, transport, mehnat, madaniy, maishiy hamda rekreatsion va boshqa aloqalariga ko‘ra bir joyda jamlanishi va birgalikda rivojlanishi;
davlat-xususiy sheriklik — davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklikloyihasini amalga oshirish uchun o‘z resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi;
dizayn kod — binolarning me’moriy qiyofasi, hududni obodonlashtirish elementlari va shahar muhitining ko‘rinishi bo‘yicha hududning uyg‘un vizual va funksional qiyofasini shakllantirishga qaratilgan majburiy qoidalar va tavsiyalar to‘plami;
uy xo‘jaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, o‘zini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlaydigan, umumiy xo‘jalik yuritadigan, pul mablag‘larini to‘liq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yig‘indisi;
“Yashil” texnologiyalar — binolar va infratuzilmani loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish jarayonlarida atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish hamda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan texnologiyalar;
investitsiya-qurilish sikli — yer maydonini tayyorlash va loyihalashtirishdan tortib, obyektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan bosqichlar majmuasi;
ko‘p kvartirali uy-joy — ikki va undan ortiq kvartiradan iborat bo‘lgan, umumiy muhandislik tizimlari bilan jihozlangan va umumiy mulk elementlariga ega uy-joy binosi;
yakka tartibdagi uy-joy qurilishi — uy-joyga tutashgan yer maydoniga ega bo‘lgan alohida uy-joy binolarini qurish;
ipoteka qimmatli qog‘ozlari — ipoteka kreditlari portfeli bilan ta’minlangan va uy-joy bozoriga uzoq muddatli mablag‘lar jalb etish maqsadida chiqariladigan moliyaviy vositalar;
kompleksli qurilish — bo‘sh yerlardan foydalanish, uy-joy mavzelarini renovatsiya qilish va sanoat hududlarini qayta tiklashni o‘z ichiga olib, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani inobatga olgan holda qurib bitkazilmagan uy-joylar hamda sanoat hududlarini birinchi navbatda qurilishga jalb etishning tizimli mexanizmi;
uy-joy bilan ta’minlanganlik — bir kishiga (katta yoshli yoki bolaga) to‘g‘ri keladigan o‘rtacha uy-joy maydoni (metr kvadratda);
loyihaviy moliyalashtirish — qurilishga kredit ajratishning shakli bo‘lib, unda maxsus tashkil etilgan loyiha kompaniyalariga uy-joy qurilishi loyihalarini amalga oshirish uchun kvartiralar sotilishidan tushadigan mablag‘lar oqimi inobatga olingan holda banklar tomonidan mablag‘lar ajratish mexanizmi;
“Eskrou” hisobvarag‘i — quruvchi va ulushdor o‘rtasidagi ulush kiritish asosida tuzilgan ulushli shartnoma majburiyatlari to‘liq bajarilguniga qadar mablag‘larni vaqtincha saqlash uchun uchinchi tomonda (eskro agent-bankda) ochiladigan maxsus bank hisobvarag‘i;
“15 daqiqalik shahar” tamoyili — shaharsozlikni rejalashtirish tamoyili bo‘lib, unga ko‘ra kundalik hayot uchun zarur infratuzilma obyektlari (ish joyi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, savdo, dam olish) yashash joyidan piyoda yoki transportda 15 daqiqa ichida yetib borish mumkin bo‘lgan masofada joylashgan bo‘ladi.
3-bob. O‘zbekistonda uy-joy sohasining hozirgi holati
1-§. Iqtisodiy holat
4. 2019 — 2024-yillarda yalpi ichki mahsulot yillik o‘rtacha 5,9 foizga o‘sdi va bu ko‘rsatkich mintaqa bo‘yicha eng yuqori darajalardan biri hisoblanadi. Xalqaro moliya institutlari prognozlariga ko‘ra 2030-yilgacha iqtisodiy o‘sish sur’ati shunga yaqin darajada saqlanib qolishi kutilmoqda.
5. Iqtisodiyot o‘sishi aholi daromadlarining ko‘payishi bilan hamohang kechmoqda: 2019 — 2024-yillarda aholining real umumiy daromadlari o‘rtacha yillik 6,8 foizga oshdi. Prognozlarga ko‘ra 2024-yildan 2040-yilgacha real daromadlar ikki baravarga oshib, oylik o‘rtacha miqdori 794 AQSH dollaridan 1 571 AQSH dollarigacha yetishi kutilmoqda.
2-§. Demografiya
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.05.00.00 Aholi / 01.05.10.00 Demografiya]
6. 2019 — 2024-yillarda mamlakat aholisi soni 33,3 million nafardan 37,5 million nafargacha oshdi (o‘rtacha yillik o‘sish — 2 foiz). 2040-yilga kelib bu o‘sish sur’ati yillik 1,2 foizgacha pasayishi taxmin qilinmoqda. Demografik prognozlarga ko‘ra, aholining doimiy o‘sish sur’ati yillik 1,7 foiz bo‘lgan holda 2040-yilda aholi soni 49,5 million nafarga yetadi.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.05.00.00 Aholi / 01.05.10.00 Demografiya]
7. Ushbu davrda uy xo‘jaliklarining tarkibi, aholining yosh bo‘yicha tuzilishi hamda uy-joy va ijtimoiy infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyoji sezilarli darajada o‘zgaradi:
uy xo‘jaligining o‘rtacha tarkibi 5,0 nafardan 4,7 nafargacha kamayib, ularning umumiy soni 7,5 milliondan 9,8 milliongacha ko‘payishi natijasida har yili kamida 150 — 160 mingta yangi uy-joy qurilishi talab etiladi;
maktab yoshidagi bolalar soni 2,6 million nafarga ko‘payib, bu 3 mingta maktab qurilishini talab qiladi;
talabalik yoshidagi yoshlar soni 1,2 million nafarga ortgani sababli talabalar turar joylari va ijara uylariga ehtiyoj ortishi kutilmoqda;
mehnatga layoqatli aholi soni 3 million nafarga ko‘payib, bu korporativ va xizmat uy-joylariga bo‘lgan talabni kuchaytiradi.
3-§. Uy-joy sohasidagi davlat siyosati
8. 2019 — 2024-yillarda uy-joy sohasida qator muhim qonunchilik hujjatlari qabul qilinib, bozorni tartibga solish va uning shaffofligini oshirish ta’minlandi. Jumladan, “yer amnistiyasi” orqali noqonuniy qurilgan uylarga huquqiy maqom berildi, uy-joy sotib olishda majburiy propiska (ro‘yxatdan o‘tish) talabi bekor qilindi, “Yangi O‘zbekiston” dasturi doirasida namunaviy uylar qurilishi yo‘lga qo‘yildi, “Yangi Toshkent” loyihasi hamda poytaxtning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlandi.
Ushbu choralar aholi sonining tez ko‘payishi sharoitida ularni uy-joy bilan ta’minlash imkonini berdi hamda uy-joylar yetishmovchiligining oldi olindi. 2019 — 2024-yillar davomida har yili 15 — 17 million metr kvadrat uy-joy foydalanishga topshirilib, aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi 1 kishi hisobiga o‘rtacha 18,9 metr kvadrat miqdorda saqlanib turdi.
9. So‘nggi yillarda ko‘p kvartirali uylar qurilishi hajmi oshgan bo‘lsa-da, bozor asosan yakka tartibdagi uy-joy qurilishiga tayanadi va umumiy qurilish hajmining taxminan 60 foizini tashkil etadi.
10. Ro‘yxatdan o‘tish (propiska) talablarining yengillashtirilishi urbanizatsiya jarayonlarini tezlashtirdi va aholi ehtiyojini mamlakatning 14 ta yirik aglomeratsiyasida jamladi. Ushbu hududlarda taxminan 12,5 million nafar kishi, ya’ni mamlakat aholisining uchdan bir qismi istiqomat qiladi:
1) Toshkent — 4,5 mln kishi;
2) O‘rta Zarafshon (Samarqand — Kattaqo‘rg‘on — Navoiy) — 1,3 mln kishi;
3) Andijon — Asaka — Shahrixon — 0,8 mln kishi;
4) Namangan — To‘raqo‘rg‘on — Chortoq — 0,8 mln kishi;
5) Qashqadaryo (Qarshi — Kitob — Shahrisabz — Koson) — 0,7 mln kishi;
6) Farg‘ona — Marg‘ilon — Quvasoy — 0,6 mln kishi;
11) Quyi Zarafshon (Buxoro — Kogon) — 0,3 mln kishi;
12) Qo‘qon — 0,3 mln kishi;
13) Chirchiq — 0,3 mln kishi;
14) Yangiyo‘l — Chinoz — 0,2 mln kishi.
11. Yirik aglomeratsiyalar tez sur’atlarda o‘smoqda, chunki ular iqtisodiy faollik markazlariga aylanmoqda. Vaqt o‘tishi bilan mamlakat aholisining 50 — 70 foizi aynan shu hududlarda istiqomat qilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, uy-joy fondini ikki baravarga oshirishni, qurilish zichligini ko‘paytirishni, shuningdek, muhandislik va ijtimoiy infratuzilmasi rivojlangan ko‘p kvartirali uylarni qurishni ustuvor vazifa sifatida belgilashni taqozo etadi.
4-§. O‘zbekistonda uy-joy sohasidagi asosiy muammolar
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.13.00.00 Shaharsozlik va arxitektura / 09.13.02.00 Shaharsozlik va arxitektura sohasini boshqarish. Arxitektura va shaharsozlik faoliyati sohasini litsenziyalash]
12. Sohada quyidagi muammolar mavjud:
(a) uy-joy bilan ta’minlash darajasi past. O‘rtacha yashash maydoni har bir kishiga 18,9 metr kvadratdan to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan yuqori bo‘lsa-da, MDH davlatlaridagi o‘rtacha darajadan (24,9 m2) hamda turmush tarzi o‘xshash mamlakatlar — Malayziya (27,3 m2) va Turkiyadan (30 m2) past. Respublikadagi uy-joy fondining yillik o‘sishi faqat demografik o‘sishni qoplab, bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yashash maydonini oshirishni ta’minlamaydi;
(b) aholining barcha qatlamlarida uy-joy sotib olish imkoniyati mavjud emas. Faqat aholining 35 foizi davlat tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari yordamida uy sotib olish imkoniyatiga ega, 12 foiz aholi esa bozor ipotekasi shartlarida uy-joy xarid qilish imkoniga ega;
(v) uy-joy fondining sifati past darajada. Yakka tartibdagi uy-joylarning 70 foizi sifati past qurilish materiallaridan (xom g‘isht, paxsa) qurilgan bo‘lib, ko‘p hollarda markazlashgan infratuzilmaga ulanmagan. Ko‘p kvartirali uylarning 36 foizi 1990-yilgacha qurilgan va zamonaviy sifat talablariga javob bermaydi;
(g) muhandislik infratuzilmasi yetarli emas. Faqat 77,1 foiz uylar ichimlik suvi bilan ta’minlangan, 50 foiz uylar esa markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulangan.
(d) qurilish zichligi past. Yirik shaharlarda qurilish zichligi har gektariga 1000 kv.metrdan kam bo‘lib, bu MDH va Yevropa shaharlariga nisbatan 3-4 baravar past. Shu bilan birga, uy-joy fondining 85 foizi yakka tartibdagi uylar hissasiga to‘g‘ri keladi (jumladan, shahar ichidagi mahallalarda), bu yer resurslaridan samarali foydalanishni cheklaydi va infratuzilma qurish hamda xizmat ko‘rsatish xarajatlarini keskin oshiradi.
(j) moliyaviy resurslar oqimi yetarli emas. Har yili taxminan 1,5 milliard AQSH dollari uy-joy sohasiga kirib kelmasligi — investitsiya vositalari (masalan, ko‘chmas mulk fondlari) yo‘qligi, muqobil moliyaviy mahsulotlar rivojlanmagani va norasmiy iqtisodiyot ulushining kattaligida (bank tizimi orqali aylanmaga kirmagan mablag‘lar) sabab bo‘lmoqda.
5-§. Xulosalar
13. O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayonlari va aholi daromadlarining o‘sishi barqaror iqtisodiy rivojlanish va turmush sifatini oshirishning asosiy drayveri bo‘lishi mumkin.
Buni ta’minlash uchun aholi daromadlarini yirik aglomeratsiyalar doirasidagi ko‘p kvartirali uylar qurilishiga yo‘naltirish, shuningdek, davlatning uy-joy bozoridagi faol rolini kuchaytirish zarur.
Bu jarayonda davlat uy-joy sohasidagi asosiy yo‘nalishlarni ishlab chiqishi va amalga oshirishni muvofiqlashtirishi, talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblikni boshqarishi, “uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili doirasida yer tayyorlashdan tortib ipoteka orqali moliyalashtirish hamda investor mablag‘larini jalb etishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etishi lozim.
4-bob. Asosiy yo‘nalishlarning maqsad va vazifalari
14. Asosiy yo‘nalishlarning asosiy maqsadi — uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirish.
15. Asosiy yo‘nalishlarning muhim vazifalari:
(a) mamlakatda urbanizatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash, 14 ta yirik aglomeratsiyada uy-joy fondini va shahar muhitini rivojlantirishni ta’minlash;
(b) aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash;
(v) banklarning o‘z mablag‘lari va institutsional moliya manbalarini uy-joy bozoriga jalb qilish;
(g) ulushli qurilishda ishtirok etuvchi xususiy investorlarning huquqlarini himoya qilish.
16. Maqsadni belgilashning asosiy mazmuni:
aholi sonining o‘sishi, yangi xonadonlarning paydo bo‘lishi va uy-joy fondi yetishmasligi sharoitidagi urbanizatsiya uy-joyga bo‘lgan barqaror ehtiyojni shakllantiradi;
iqtisodiyot va aholi daromadlarining o‘sishi, ipoteka foiz stavkalari pasayishi to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lishini ta’minlaydi;
yangi uy-joylar, ayniqsa, ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun 14 ta yirik aglomeratsiyada 10 — 15 yilga yetarli yer fondi shakllantiriladi;
yer fondini shakllantirish uchun bosh rejalar, kompleks qurilish dasturlari va “Yangi O‘zbekiston” massivlari dasturlari ishlab chiqiladi;
investitsiya-qurilish jarayonini maqbullashtirish va ma’muriy jarayonlarni qisqartirish orqali uy-joy qurilishi muddatini 2-martaga qisqartirish mumkin bo‘ladi (loyiha hujjatlarini tayyorlashdan boshlab foydalanishga topshirishgacha).
5-bob. Asosiy yo‘nalishlarni amalga oshirish mexanizmlari
17. Asosiy yo‘nalishlarning vazifalari uy-joy sohasini kompleks isloh qilishga va uy-joyning yagona hayotiy siklidagi to‘siqlarni bartaraf etishga asoslanadi. Bu taklif, talab, infratuzilma va uy-joy bilan bog‘liq sohalarni rivojlantirishni qamrab oladi:
(a) uy-joy taklifini rag‘batlantirish:
urbanizatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatning yirik aglomeratsiyalarida uy-joy fondini oshirib borish va qulay shahar muhitini shakllantirish maqsadida aholi punktlarining bosh rejalariga muvofiq uy-joy va infratuzilma dasturlarini shakllantirish;
qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritgan holda kelgusida qurilish uchun zarur yer maydonlari zaxirasini oldindan shakllantirish, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini kompleks qurish loyihalariga qaratilgan shaharsozlik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda kompleks qurilish mexanizmlaridan ustuvor foydalanishni ta’minlash;
ma’muriy jarayonlarni maqbullashtirish, mehnat unumdorligini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash orqali investitsiya-qurilish loyihalarini amalga oshirish muddatlarini qisqartirish;
(b) uy-joyga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish:
ulushli qurilishda ishtirok etuvchi fuqarolarni himoya qilish uchun “eskrou” hisobvaraqlari tizimini joriy etish va quruvchilarni banklar orqali loyihaviy moliyalashtirishini yo‘lga qo‘yish;
ipoteka krediti tizimini rivojlantirish, kredit stavkalarini pasaytirish, jumladan, uy-joy ipoteka krediti bilan bog‘liq bitimlarni standartlashtirish va raqamlashtirish hamda banklarning ipoteka kreditlari portfellarini sekyuritizatsiya qilish orqali ko‘chmas mulk bozorini raqamlashtirish;
ko‘chmas mulk fondlarini tashkil etish orqali xususiy va institutsional investorlarni uy-joy bozoriga jalb qilish, bu orqali korxonalar uchun ijara uy-joylarini, talabalar shaharchalari, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun uylar va boshqa maqsadli qurilishlarni moliyalashtirishni ta’minlash;
(v) aholini qulay infratuzilma bilan qamrab olish jarayonini jadallashtirish:
ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatishni ta’minlash — buning uchun yordam chora-tadbirlarining yagona ro‘yxatini shakllantirish va ehtiyojmand fuqarolar uchun raqamli platforma yaratish;
ijara uy-joy bozorining institutsional infratuzilmasini shakllantirishni ta’minlash (shu jumladan, tijorat, ijtimoiy, korporativ va talabalar uchun segmentlarni qamrab olgan holda) — buning uchun normativ-huquqiy bazani yaratish, soliq imtiyozlarini joriy etish, professional ijaraga beruvchilar va bozorning boshqa ishtirokchilari institutlarini vujudga keltirish;
bozorning professional ishtirokchilari uchun shaffof, ishonchli va yetarli tahlil hamda ma’lumotlarni ta’minlash — buning uchun turli davlat tizimlari va boshqa manbalardan ma’lumotlarni birlashtiruvchi ochiq raqamli platformani yaratish;
davlatning uy-joy siyosati va amalga oshirilayotgan tashabbuslari haqida aholi va bozor ishtirokchilarini doimiy xabardor qilib borish;
(g) uy-joy sohasi bilan bog‘liq yo‘nalishlarni rivojlantirish:
suv ta’minoti, gaz ta’minoti, kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti sohalarida davlat-xususiy sheriklikning (DXSH) namunaviy loyihalarini kengaytirishni ta’minlash;
uy-joy qurilishida energiya tejamkorligi va “yashil” texnologiyalar standartlarini joriy etishni ta’minlash, shu jumladan, ularni texnik me’yorlarga integratsiya qilish va qurilish tashkilotlari uchun moliyaviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
“15 daqiqalik shahar” konsepsiyasi, zichlikni oshirish, funksiya chegaralarining aniq emasligi, dizayn kodlar va zamonaviy uy-joy modellarini tatbiq etish;
yakka tartibdagi uy-joy qurilishini standartlashtirish hamda moliyalashtirish uchun tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan ipoteka krediti va sertifikatlangan qurilish kompaniyalari uchun loyiha moliyasini joriy etishga oid normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish;
muqobil moliyalashtirish vositalari uchun normativ-huquqiy bazani ishlab chiqishni ta’minlash, shu jumladan, xalqaro standartlarni (AAOIFI, IFSB) O‘zbekiston Respublikasida joriy etish.
6-bob. Asosiy yo‘nalishlarni amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
18. Asosiy yo‘nalishlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish natijasida quyidagilarga erishish rejalashtirilgan:
(a) urbanizatsiya jarayonini nazoratli tarzda amalga oshirish:
investitsiya-qurilish jarayonlari sezilarli darajada qisqaradi, bu esa yangi uy-joylar va infratuzilmalarni tezroq foydalanishga topshirish imkonini beradi;
keyingi 15 yil ichida respublikadagi uy-joy fondi 707 mln metr kvadratdan 1,1 mlrd metr kvadratgacha o‘sishi, har yili qurilayotgan uy-joy hajmi esa hozirgi 16,8 mln metr kvadratdan 30,3 mln metr kvadratgacha yetkazilishi kutilmoqda, shularning yarmidan ko‘pini ko‘p kvartirali uylar tashkil etadi;
yirik aglomeratsiyalarda aholi ish joylariga yaqinroq yashaydi, bu esa infratuzilma xarajatlarini va transport yukini kamaytiradi hamda iqtisodiyotning jadal o‘sishiga turtki beradi;
ijaraga beriladigan uy-joylar fondi yaratiladi, bu orqali ish bilan band aholi, talabalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar va vaqtincha band aholini o‘qish yoki ish joyiga yaqin, qulay sharoitdagi uy-joy bilan ta’minlash imkoni yaratiladi, natijada aholining ichki mobilligi oshadi;
aholining uy-joy sharoiti yaxshilanadi va zamonaviy shahar muhiti shakllanadi, bu esa mamlakatning eng yirik shaharlarini tashqi ko‘rinishi va yashash sifati bo‘yicha zamonaviy dunyo megapolislariga yaqinlashtiradi;
(b) aholi uy-joy sharoitini yaxshilash:
aholini uy-joy bilan ta’minlanish ko‘rsatkichi bir kishi hisobiga 18,9 metr kvadratdan 23 metr kvadratdan oshadi;
aholining uy-joy sotib olish imkoniyati ortib, har uch nafar fuqarodan biri davlat ko‘magisiz ipoteka orqali uy-joy xarid qila oladi;
muhandislik va ijtimoiy infratuzilma sifati, ularning energiya samaradorligi va xavfsizligi oshadi, natijada aholining uy-joy sharoiti xalqaro standartlarga yaqinlashadi va ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha mintaqadagi davlatlarga nisbatan yuqori natijalarni qayd etishga erishiladi;
(v) uy-joy qurilishi uchun moliyaviy manbalarni diversifikatsiya qilish:
banklar tomonidan qurilish kompaniyalari va uy-joy xaridorlariga kredit berish, shuningdek, institutsional va xususiy investorlarni uy-joy sohasiga jalb etish orqali yangi yirik bozorlar shakllanadi;
ipoteka portfeli hajmi 2025 — 2040-yillar mobaynida 5,3 mlrd AQSH dollaridan 56,7 mlrd dollargacha o‘sadi, bu esa ipoteka qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish imkonini yaratadi, 2040-yilga kelib ipoteka qimmatli qog‘ozlar aylanmasi 4 mlrd AQSH dollari darajasiga yetishi prognoz qilinmoqda;
ipoteka kreditlash bozorida nodavlat sektor ulushi bosqichma-bosqich oshiriladi, buning uchun tijorat banklari va “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ tomonidan xorijiy kredit liniyalari va boshqa moliyaviy instrumentlar orqali resurslar jalb etiladi;
banklar tomonidan qurilishni loyiha asosida moliyalashtirish bozori shakllanadi, uning umumiy portfeli 2040-yilga borib 12,2 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi;
ijara uy-joy bozori yangi bosqichga ko‘tariladi, professional ijara tashkilotlari va institutsional ishtirokchilar (ijara uy-joy fondlari, boshqaruv kompaniyalari va boshqalar) faoliyati orqali yangi investitsiya vositalari paydo bo‘ladi hamda yashirin iqtisodiyot ulushi kamayadi;
uy-joy qurilishi uchun yer uchastkalari bozori ochiq va shaffof bo‘ladi, bu esa yerning haqiqiy bozor qiymatini belgilash imkonini beradi va investorlar uchun jozibadorlikni oshiradi;
(g) xususiy investorlar huquqlarini himoya qilish:
qurilayotgan uylardagi barcha xaridorlar mablag‘lari majburiy “eskrou” hisobvarag‘i va loyihaviy moliyalashtirish mexanizmi orqali himoya qilinadi;
fuqarolar mablag‘larining xavfsizligi ta’minlanadi, bu esa xususiy mablag‘larni uy-joy qurilishiga barqaror ravishda jalb etishga imkon beradi;
uy-joy bozorida xaridorlar va uy-joy qurilishida ulushdorlar huquqlarini himoya qiluvchi yangi mexanizmlarni joriy etish orqali shaxsiy mablag‘larning uy-joy qurilishiga barqaror ravishda kirib kelishi ta’minlanadi;
qurilish hajmlari sezilarli darajada ortib, yangi tizim talablariga tez va samarali moslashgan banklar hamda qurilish kompaniyalari bozorda o‘z ulushini oshiradi va moliyaviy natijalarini yaxshilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PF-219-son Farmoniga 2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida 2040-yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha
MAQSADLI KO‘RSATKICHLAR
Vazifalar
Maqsadli ko‘rsatkichlar
O‘lchov birligi
Joriy holat
2030-yil
2040-yil
Mamlakatda urbanizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash
Yiliga uy-joylarni foydalanishga topshirish hajmi (ko‘p kvartirali va yakka tartibdagi uy-joylar)
mln.kv.m
15,5
23,4
30,3
Yil davomida quriladigan uy-joylar soni (ko‘p kvartirali va yakka tartibdagi uy-joylar)
ming dona
207
310
421
14 ta yirik aglomeratsiyada qurilishning o‘rtacha zichligi
1 kv. m/ga
946
1170
1885
14 ta yirik aglomeratsiyada kompleks qurilish dasturlari doirasida foydalanishga topshirilgan uy-joylar ulushi
%
–
30
50
Namunali uy (5 ming metr kvadrat, 12 qavatgacha) uchun investitsiya-qurilish davrining davomiyligi
yil
2,8
1,9
1,9
Yil davomida ko‘p kvartirali uylar qurilishi uchun ajratiladigan yer uchastkalari hajmi
ming ga
1,3
2,0
2,3
Aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash
Bozor sharoitida ipoteka orqali uy-joy sotib olish imkoniyatiga ega aholi ulushi
%
12
25
32
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydoni bilan ta’minlanganlik darajasi
kv.m
18,9
19,9
23,0
Uy-joy fondida zamonaviy uy-joylar ulushi
%
33
39
50
Ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi
%
77,1
82,6
89,7
Bank moliyalashtiruvi va investitsiyalarni jalb qilish
Loyihani moliyalashtirish portfeli
mlrd doll.
7,5
12,2
Ipoteka qimmatli qog‘ozlari portfeli
mlrd doll.
0,4
4,0
Ipoteka krediti portfeli
mlrd doll.
5,3
16,2
56,7
Xususiy investorlarni himoya qilishni ta’minlash
“Eskrou” hisobvaraqlari tizimi orqali himoyalanmagan ulushdorlarning mablag‘lari
mlrd doll.
4,0-4,5
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PF-219-son Farmoniga 3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida 2040-yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha
KOMPLEKS CHORA-TADBIRLAR
T/r
Chora-tadbirlar nomi
Amalga oshirish mexanizmi
Bajarish muddatlari
Mas’ul ijrochilar
I. Normativ-huquqiy bazani takomillashtirish
1.
Hududlarni rejalashtirish, yangilash va rivojlantirish, qurilish hamda yer munosabatlari sohalarini rivojlantirish.
Qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish.
Bunda quyidagilarni inobatga olish:
a) ko‘chmas mulk obyekti joylashgan yer uchastkasini ijaraga olish yoki unga mulk huquqini amalga oshirishda mulkdorning mutlaq huquqlarini ta’minlash;
b) qurib bitkazilmagan va qurilgan uy-joy hamda sanoat hududlarini qurilish jarayoniga jalb etish tartibini inobatga olgan holda hududlarni kompleks qurish;
v) uy-joy mavzelarini renovatsiya qilish, samarasiz foydalanilayotgan sanoat hududlarini yangi maqsadlarda foydalanish uchun qayta rivojlantirish (redevelopment);
g) muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmalar bilan ta’minlashda ekologik toza mahsulotlar hamda energiya tejovchi texnologiyalarni qo‘llash.
2026-yil 1-dekabr
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi,
Adliya vazirligi,
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi,
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
2.
Ko‘chmas mulkka oid investitsiya va pay jamg‘armalarini tashkil etish hamda ularning faoliyat yuritishi uchun zarur qonunchilik bazasini yaratish.
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi hamda boshqa tegishli qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish.
2026-yil 1-dekabr
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi,
Markaziy bank,
Adliya vazirligi,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
Soliq qo‘mitasi
3.
Uy-joy sohasida ijara munosabatlarini tartibga solish va institutsional rivojlantirish.
1. Uy-joy ijarasi bozorini rivojlantirish va tartibga solishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish.
Bunda quyidagilarni inobatga olish:
a) tijorat, ijtimoiy, korporativ va talabalar segmentlari uchun alohida shartlar asosida takliflarni ishlab chiqish;
b) professional ijaraga beruvchilar faoliyatini rag‘batlantiruvchi soliq imtiyozlarini joriy etish.
2. Uy-joy ijarasi bozorida professional ishtirokchilar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish.
2027-yil 1-iyul
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
Markaziy bank,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi
4.
Shahar hududlarini kompleks qurish dasturlarini ishlab chiqish.
Kompleks qurilish dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish.
Bunda quyidagilarni inobatga olish:
a) uy-joy qurilishi va infratuzilma uchun istiqbolli “yer banki”ni shakllantirish;
b) umumiy foydalanish ehtiyojlari uchun hududlarni zaxiraga olish;
v) kompleks qurilish doirasida mulkdorlar va boshqa huquq egalarini jalb qilish.
2026-yil 1-iyul
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi,
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
Adliya vazirligi
5.
Uy-joy qurilishi sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonida ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirish.
1. Amaldagi ma’muriy tartib-taomillarni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va xatlovdan o‘tkazish.
2026-yil 1-aprel
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi,
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi,
Adliya vazirligi,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
2. Xatlov natijalariga ko‘ra Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 22-noyabrdagi 200-son qarori va boshqa tegishli qonunchilik hujjatlariga ma’muriy tartib-taomillarni standartlashtirish, tartibga solish va raqamlashtirish orqali loyihalarni amalga oshirish muddatlarini qisqartirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklif ishlab chiqish.
2026-yil 1-iyul
6.
Uy-joy bitimlarining shaffofligi va xavfsizligini ta’minlash.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish.
Bunda quyidagilarni inobatga olish:
a) shartnomalar uchun minimal talablarni belgilash;
b) bitimlarni amalga oshirish jarayonini raqamlashtirish;
v) ipoteka bilan bog‘liq bitimlarni amalga oshirish tartibini takomillashtirish.
2026-yil 1-iyul
Adliya vazirligi,
Markaziy bank,
Soliq qo‘mitasi,
“O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ,
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi
7.
Buxgalteriya hisobi, audit, bank faoliyati va kapital bozori standartlarini inobatga olgan holda muqobil moliyaviy vositalarni joriy etish.
Mahalliy va xorijiy tajribani inobatga olgan holda muqobil moliyaviy vositalarni joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish.
2026-yil 1-dekabr
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi,
Markaziy bank,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
II. Tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar
8.
Eng yirik aglomeratsiyalarda rivojlanish hududlarini aniqlash, bosh rejalarni muvofiqlashtirish va tegishli ma’lumotlarni yetarli va shaffof ravishda e’lon qilish orqali shaharsozlik faoliyati samaradorligini oshirish.
1. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish.
2. Belgilangan tartibda normativ-huquqiy hujjat loyihasini kelishish.
3. Belgilangan tartibda normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.
2027-yil 1-dekabr
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi,
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari
9.
Shaharsozlik hujjatlarini xatlovdan o‘tkazish, ularning dolzarbligini tahlil qilish va amaldagi hujjatlarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish.
Umumiy foydalanish mumkin bo‘lgan elektron portalni yaratish va unga amaldagi shaharsozlik hujjatlarini joylashtirish.
2026-yil 1-iyul
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi,
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi
10.
Aholiga uy-joy qurilishi sohasida berilayotgan imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarining samaradorligini monitoring va tahlil qilish.
Tahliliy ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish.
Doimiy asosda
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
Markaziy bank
11.
Uy-joy va infratuzilma qurilishi uchun istiqbolli yer fondini shakllantirishni nazarda tutuvchi shahar hududlarini kompleks qurish dasturlarini ishlab chiqish.
14 ta yirik aglomeratsiyada kompleks qurilish dasturlarini ishlab chiqish.
2027-yil 1-dekabr
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari,
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi
12.
Zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda ulush kiritish asosidagi qurilishni tartibga solish hamda “eskrou” hisobvaraqlari va loyihaviy moliyalashtirish operatsiyalarining shaffofligi va xavfsizligini ta’minlovchi yagona elektron platformani yaratish.
1. “Shaffof qurilish” axborot tizimidagi ulush kiritish asosidagi qurilish platformasi operatori funksiyalarini Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasiga o‘tkazish.
2. Quyidagilarni inobatga olgan holda elektron platformani takomillashtirish:
a) uy-joyning yagona hayotiy sikli davomida yagona obyekt identifikatoridan foydalanish;
b) ulush kiritish asosidagi qurilish bo‘yicha zarur tahliliy ma’lumotlarni bozorning barcha professional ishtirokchilari va fuqarolar uchun doimiy ravishda taqdim etish.
2026-yil 1-iyul
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi,
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi,
Raqamli texnologiyalar vazirligi
13.
Uy-joy qurilishida muhandislik infratuzilmasini ta’minlash va uni ekspluatatsiya qilishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalanish samaradorligini tahlil qilish.
Tahliliy ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish.
2026-yil 1-iyul
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi
14.
“Yashil” va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish amaliyotini rivojlantirish, ularni standartlashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish, davlat ishtirokidagi loyihalarda joriy etish va tijorat loyihalarini rag‘batlantiruvchi mexanizmlardan foydalanish.
1. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish.
2. Belgilangan tartibda normativ-huquqiy hujjat loyihasini kelishish.
3. Belgilangan tartibda normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.
2026-yil 1-iyul
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi,
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi
15.
Uy-joylarni yashash uchun qulayligi bo‘yicha mezon va talablarni joriy etish, shu jumladan, shaharlarni barqaror rivojlantirishning yangi yondashuvlarini amalga oshirish va ularni hududlarni kompleks qurish mexanizmlariga integratsiya qilish.
Tahliliy ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish.
2026-yil 1-iyul
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi,
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi
16.
Yakka tartibdagi uy-joy qurilishini tartibga solish, rivojlantirish va uni “Bankable housing project”ga transformatsiya qilish.
1. Yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun namunali loyihalarni ishlab chiqish va tasdiqlash.
2. Namunali loyihalar asosida qurilayotgan yakka tartibdagi uy-joylar uchun ruxsatnomalar olish jarayonlarini soddalashtirish va tezkor muvofiqlashtirishni ta’minlash.
3. Namunali loyihalar asosida qurilayotgan yakka tartibdagi uy-joylar uchun ipoteka kreditlaridan foydalanishni kengaytirish.
2027-yil 1-dekabr
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi,
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi,
Markaziy bank,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PF-219-son Farmoniga 4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash
TARKIBI
T/r
F.I.O
Mas’ullar
1.
A.J. Ramatov
—
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Muvofiqlashtiruvchi kengash hamraisi
2.
J.A. Qo‘chqorov
—
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Muvofiqlashtiruvchi kengash hamraisi
3.
Lavozimi bo‘yicha
—
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi, Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi o‘rinbosari
4.
D.R. Li
—
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori
5.
A.A. Abduxakimov
—
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi
6.
Sh.S. Xidoyatov
—
qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri
7.
I.R. Maxkamov
—
transport vaziri
8.
J.T. Mirzamahmudov
—
energetika vaziri
9.
Sh.R. Xamrayev
—
suv xo‘jaligi vaziri
10.
A.A. Xudayarov
—
sog‘liqni saqlash vaziri
11.
B.B. Kudratxodjayev
—
favqulodda vaziyatlar vaziri
12.
S.A. Sadullayev
—
iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari
13.
J.Yu. Tursunov
—
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi
14.
Lavozimi bo‘yicha
—
Kadastr agentligi direktori
15.
D.A. Vaxabov
—
Savdo-sanoat palatasi raisi
16.
A.X. Suvankulov
—
“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi v.b.
17.
Lavozimi bo‘yicha
—
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari
18.
Lavozimi bo‘yicha
—
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Muvofiqlashtiruvchi kengash kotibi
Izoh: Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PF-219-son Farmoniga 5-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-14-son Farmoniga kiritilayotgan o‘zgartirishlar