Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi toʻgʻrisida” 2023-yil 11-sentabrdagi PF-158-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda arxiv organlari tomonidan koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarini yangi bosqichga olib chiqish hamda fuqarolarga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti (keyingi oʻrinlarda — Reglament) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
kasbiy kompetentlik guvohnomalarining davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali elektron shaklda rasmiylashtirilishi;
kasbiy kompetentlik guvohnomalarini olish uchun attestatsiyaning talabgor ishtirok etish joyiga qarab masofaviy yoki anʼanaviy tarzda oʻtkazilishi;
kasbiy kompetentlik guvohnomalarini olish uchun attestatsiyani oʻtkazishda talabgorni baholash tartibi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, tashkilotlarning arxiv hujjatlari kasbiy kompetentlik guvohnomasiga ega shaxs tomonidan tartibga keltiriladi.
3. Mazkur qaror kuchga kirgandan boshlab:
amaldagi guvohnomaga ega arxiv mutaxassislarining kasbiy kompetentlik guvohnomalari muddati tugaguniga qadar haqiqiy deb hisoblanadi;
kasbiy kompetentlik guvohnomalariga ega shaxslar arxiv hujjatlarini faqat oʻzi faoliyat yuritadigan tashkilotlarda tartibga keltiradi yoki uning nomidan boshqa tashkilotlarga xizmat koʻrsatadi.
4. Adliya vazirligi:
a) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
Reglament boʻyicha davlat xizmati YIDXP orqali joriy etilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmati koʻrsatishning har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin;
b) ikki oy muddatda amaldagi kasbiy kompetentlik guvohnomalari haqidagi maʼlumotlar arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazilgan talabgorlar reyestriga kiritilishini taʼminlasin;
v) davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan mazkur qarorga muvofiq davlat xizmati koʻrsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin;
g) Reglamentga muvofiq davlat xizmatini koʻrsatish tartiblarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazo choralarini qoʻllasin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2155-moddasi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-aprel,
208-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 208-son qaroriga
1-ILOVA
Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament tashkilotlar hujjatlarini tartibga keltirishga masʼul shaxsning kompetentligi yuzasidan uni attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
attestatsiya — talabgorning tashkilotlar hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi darajasini vakolatli organ tomonidan aniqlash tartib-taomili;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi;
kasbiy kompetentlik guvohnomasi (guvohnoma) — talabgorning attestatsiyadan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi vakolatli organ tomonidan beriladigan rasmiy hujjat.
Oldingi tahrirga qarang.
talabgor — tashkilotlar hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtish uchun ariza beruvchi jismoniy shaxs;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
3. Davlat xizmati vakolatli organ tomonidan Davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markaz) yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali koʻrsatiladi.
4. Attestatsiya tashkilotlar hujjatlarini tartibga keltirishga qoʻyiladigan malaka talablariga talabgorning muvofiqligini aniqlash va kasbiy malaka darajasini xolisona baholash maqsadida oʻtkaziladi.
5. Attestatsiya arxivlarni tashkil etishga va arxiv xodimlari bilan mehnat shartnomasini tuzishga, ular tomonidan arxiv ishi sohasida boshqa xizmatlarni koʻrsatishga, shuningdek, talabgorning egallab turgan lavozimiga toʻsiq boʻla olmaydi, tashkilotlar hujjatlarini tartibga keltirish yoki xodimning kompetentligi egallab turgan lavozimining asosiy mezoni hisoblangan hollar bundan mustasno.
6. Guvohnoma egasi arxiv hujjatlarini faqat oʻzi faoliyat yuritadigan tashkilotda tartibga keltiradi yoki uning nomidan boshqa tashkilotlarga xizmat koʻrsatadi.
7. Davlat xizmati mazkur Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
8. Talabgor oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Markaz xodimi talabgor nomidan, YIDXP orqali murojaat qilingan hollarda esa, Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Soʻrovnomaga soʻnggi uch yilda arxiv ishi boʻyicha malaka oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilinadi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
Talabgordan ushbu bandda koʻrsatilmagan maʼlumotlarni hamda boshqa hujjatlarni talab qilish qatʼiyan taqiqlanadi.
9. Soʻrovnomaga zarur maʼlumotlar kiritilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (daktiloskopiya, elektron raqamli imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Talabgor YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani elektron raqamli imzo (keyingi oʻrinlarda — ERI) bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
10. Davlat xizmatini koʻrsatish uchun talabgordan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Davlat xizmati koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida belgilangan yigʻimning 50 foizi miqdorida, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida belgilangan yigʻimdan 75 foiz miqdorida chegirma qoʻllaniladi. Bunda chegirma Ijtimoiy reyestrning:
“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilalarga, ularning ilgari belgilangan toifasiga muvofiq miqdorda;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga “kambagʻal oila” toifasidagi oila uchun belgilangan miqdorda qoʻllaniladi.
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan uchinchi — beshinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlangani axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
11. Yigʻim summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Markaz orqali murojaat etilganda:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanganligi uchun);
qolgan mablagʻlar — “Oʻzarxiv” agentligi huzuridagi Arxiv ishini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobvaragʻiga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi;
11,75 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining maxsus hisobvaragʻiga (shu jumladan, 0,5 foizi yigʻim toʻlanganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanganligi uchun);
qolgan mablagʻlar — “Oʻzarxiv” agentligi huzuridagi Arxiv ishini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
12. Talabgor Markazga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Markaz xodimi tomonidan toʻldirilib, talabgor tomonidan tasdiqlangandan soʻng oʻn daqiqada vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
13. Vakolatli organ soʻrovnoma tushgan kundan boshlab 1 ish kunida talabgorning attestatsiyaga qoʻyilishi yoki qoʻyilmasligi haqida Markazga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron xabarnoma yuboradi.
Markaz xabarnoma kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida ariza beruvchini bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
14. Quyidagilar davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi;
amal qilish muddati uch oy va undan ortiq boʻlgan guvohnomaning mavjudligi;
soʻnggi uch yilda arxiv ishi boʻyicha malaka oshirilmagani;
Oldingi tahrirga qarang.
(14-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish qatʼiyan taqiqlanadi.
Talabgor uning soʻrovnomasi rad etilgani toʻgʻrisidagi xabarnomani olgan kundan boshlab oʻttiz kun ichida hujjatlardagi kamchiliklarni toʻgʻrilab, davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlamagan holda, Markazga yoki YAIDXTT orqali takroran murojaat qilish huquqiga ega.
Bunda soʻrovnoma rad etilgani toʻgʻrisidagi xabarnomada keltirilgan kamchiliklar bartaraf qilinib, oʻttiz kun ichida takroran murojaat qilinmagan taqdirda, ariza koʻrib chiqilishi tugatiladi va toʻlangan yigʻim talabgorga qaytarilmaydi.
15. Hujjatlar vakolatli organ tomonidan bir ish kuni davomida takroran koʻrib chiqiladi.
Bunda vakolatli organ tomonidan avval rad etish uchun asoslarda bayon etilmagan sabablar keltirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, avval koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar bilan bogʻliq rad etish sabablari keltirilishi bundan mustasno.
16. Attestatsiyani oʻtkazish kuni, vaqti va joyi toʻgʻrisidagi maʼlumot vakolatli organning rasmiy veb-saytida imtihon sanasidan 10 ish kuni oldin joylashtiriladi.
17. Talabgor davlat xizmatlaridan foydalanishda ularni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Talabgor davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi va toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
18. Vakolatli organ tomonidan attestatsiyadan oʻtkaziladiganlar roʻyxati attestatsiya oʻtkazish kunidan avval 5 ish kunigacha kelib tushgan arizalar boʻyicha shakllantiriladi.
19. Attestatsiya ikki oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
3-bob. Talabgorni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi va baholash mezonlari
20. Attestatsiya talabgorning xohishiga koʻra masofaviy yoki anʼanaviy tarzda oʻtkaziladi.
Bunda masofaviy attestatsiya vakolatli organning tegishli arxiv ishi hududiy boshqarmasi binosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda vakolatli organ tomonidan, anʼanaviy attestatsiya esa, vakolatli organ binosida tashkil etiladi.
21. Talabgorning bilim darajasini baholash uchun beriladigan savollar arxiv ishi va ish yuritish sohasi, arxiv hujjatlarini tartibga keltirish, shu jumladan, hujjatlar qimmatliligini aniqlash ekspertizasini oʻtkazish mavzusi doirasida boʻlishi lozim.
22. Attestatsiya quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
1-bosqich — talabgorning tanloviga koʻra oʻzbek, qoraqalpoq yoki rus tilida test savollariga javob berish;
2-bosqich — suhbat oʻtkazish.
25 tadan iborat test savollariga javob berish uchun 45 daqiqa vaqt beriladi, har bir toʻgʻri javob 2 balldan avtomatik baholanadi. Test natijasiga koʻra 36-50 ball toʻplaganlar keyingi bosqichga oʻtishi mumkin.
Test savollari variantlari va ularning javoblari vakolatli organ tomonidan ishlab chiqiladi. Test savollari qonunchilik hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar asosida yangilanib, vakolatli organning rasmiy veb-saytida muntazam ravishda joylashtirib boriladi.
Suhbat bosqichida talabgorlar tanlangan bilet boʻyicha 5 ta savolga hamda qoʻshimcha savollarga berilgan javoblar uchun 50 ballgacha komissiya aʼzolari tomonidan alohida baholanib boriladi hamda oʻrta arifmetik nisbatda umumlashtiriladi.
Attestatsiyaning umumiy davomiyligi 3 ish kunidan oshib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Talabgor attestatsiyaga shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida kiritiladi.
Attestatsiyadan oʻtish jarayonida talabgorga quyidagilar taqiqlanadi:
qonunchilik hujjatlari, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan foydalanish;
mobil aloqa vositasi va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish;
boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish;
attestatsiya oʻtkazilayotgan xonadan tashqariga chiqish.
Ushbu talablarni buzgan talabgorlar attestatsiya oʻtkazilayotgan xonadan chiqarib yuboriladi va attestatsiyadan oʻtmagan hisoblanadi.
Begona shaxslarga attestatsiyada ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
24. Attestatsiya jarayoni uzluksiz ravishda ovozli videotasvirga tushiriladi va bir yil mobaynida saqlanadi.
Attestatsiyani oʻtkazish jarayonini uzluksiz ravishda ovozli videotasvirga tushirish uchun vakolatli organ attestatsiyani oʻtkazish uchun alohida test xonalarini ajratadi hamda zamonaviy texnik asbob-uskunalar (kompyuter, ovozli video kamera, Internet jahon axborot tarmogʻi va boshqalar) bilan taʼminlab, talabgorlar uchun tegishli shart-sharoitlar yaratadi.
25. Attestatsiya umumiy natijalariga koʻra jami 70 — 100 ball toʻplaganlar attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan hisoblanadi.
26. Oʻtkazilgan attestatsiya natijasi boʻyicha vakolatli organ 2 ish kuni ichida:
tashkilotlar hujjatlarini tartibga keltirish boʻyicha tegishli kompetentga ega deb topilgan talabgorga mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan guvohnomani;
tashkilotlar hujjatlarini tartibga keltirish boʻyicha tegishli kompetentga ega emas deb topilgan talabgorga uning sabablarini koʻrsatgan holda, QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan bildirishnomani rasmiylashtiradi va uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlaydi hamda Markazga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki talabgorga (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali yuboradi.
Markaz guvohnoma yoki bildirishnoma kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni talabgorning elektron manziliga yuboradi va talabgorni bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Markaz talabgor oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda, talabgorning soʻroviga koʻra unga guvohnomani elektron yoki qogʻoz shaklda taqdim etadi.
27. Vakolatli organ tomonidan guvohnomaga ega shaxslarning elektron reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) yuritiladi va unda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
guvohnomaga ega shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
shaxsini tasdiqlovchi (pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi) maʼlumotlari;
guvohnoma raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati;
guvohnoma bekor qilingan boʻlsa, unga asos va bekor qilingan sanasi;
guvohnomani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
28. Guvohnoma 3 yil muddatga beriladi.
4-bob. Attestatsiya komissiyasi
29. Attestatsiya oʻtkazish uchun vakolatli organ rahbari yoki uning oʻrinbosari raislik qiluvchi attestatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
30. Attestatsiya komissiyasi vakolatli organning buyrugʻiga asosan arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi tajribali 5 nafar mutaxassisdan iborat tarkibda tuziladi. Bu tarkibda komissiya kotibi aʼzo hisoblanmaydi.
31. Attestatsiya komissiyasi attestatsiya natijalariga koʻra tashkilotlar hujjatlarini tartibga keltirish boʻyicha tegishli kompetentga ega yoki ega emasligi toʻgʻrisida qarorlar chiqaradi.
32. Komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
33. Attestatsiya komissiyasi qarori ishtirok etgan aʼzolari tomonidan imzolanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Attestatsiya komissiyasining bayonnomalari vakolatli organda kamida 3 yil muddatda saqlanadi.
34. Attestatsiya komissiyasining qarori yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunlari.
5-bob. Guvohnomani qayta rasmiylashtirish, toʻxtatib turish va bekor qilish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
35. Guvohnoma egasining pasportida (identifikatsiyalovchi ID-kartasida) koʻrsatilgan familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgartirilganda, bir oy davomida vakolatli organga guvohnomani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida Markaz yoki YIDXP orqali ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani topshirishi shart.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
36. Guvohnoma guvohnoma egasi tomonidan soʻrovnoma berilgan paytdan boshlab ikki ish kuni mobaynida qayta rasmiylashtiriladi, bunda Reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
Guvohnomani qayta rasmiylashtirish uchun guvohnoma egasini attestatsiyadan oʻtkazish talab etilmaydi.
Guvohnomani qayta rasmiylashtirishda toʻlov undirilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Reyestrda guvohnoma egasining amaldagi guvohnomasi mavjud emasligi soʻrovnomani rad etish uchun asos hisoblanadi.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
37. Guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish uchun quyidagilar asos boʻladi:
guvohnoma egasining arizasiga koʻra guvohnomaning amal qilish muddati tugashiga qadar boʻlgan muddatgacha;
guvohnoma egasi oʻz faoliyatini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlari talablarini buzganda;
hujjatlarni notoʻgʻri yoʻq qilishga ajratish hamda notoʻgʻri va sifatsiz tartibga keltirish holatlari aniqlanganda;
vakolatli organning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmasi bajarilmaganda.
38. Guvohnomaning amal qilishi vakolatli organ tomonidan 1 oy muddatga toʻxtatib turiladi, mazkur Reglamentning 37-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan holat bundan mustasno.
39. Vakolatli organning guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori boʻyicha 2 ish kuni ichida guvohnoma egasi xabardor qilinadi va guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilganligi haqida Reyestrga tegishli yozuv kiritiladi.
40. Vakolatli organ guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holatlarning guvohnoma egasi tomonidan bartaraf etilishi uchun 1 oy muddat beradi.
41. Kamchiliklar bartaraf etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumot tushgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida vakolatli organ maʼlumotlarni oʻrganishi lozim.
Oʻrganishlar natijasida guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar guvohnoma egasi tomonidan bartaraf etilganligi aniqlangan taqdirda, vakolatli organ 2 ish kuni ichida kamchiliklar bartaraf etilganligi toʻgʻrisida guvohnoma egasini xabardor qiladi hamda guvohnomaning amal qilishi tiklanadi.
42. Guvohnoma quyidagi hollarda vakolatli organ tomonidan bekor qilinadi:
guvohnoma egasi guvohnomaning amal qilishini bekor qilish boʻyicha murojaat qilganda;
guvohnomani berish tartibi bekor qilinganda;
guvohnoma egasining muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda, u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 31-bobi.
guvohnoma egasi vafot etganda;
guvohnomaning amal qilishi guvohnoma egasining murojaatiga asosan toʻxtatib turilganda hamda tegishli muddat davomida guvohnomaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida vakolatli organga murojaat qilinmagan taqdirda.
43. Vakolatli organ quyidagi hollarda guvohnomaning amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisida sudga murojaat qiladi:
guvohnoma egasi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni vakolatli organ belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
vakolatli organning guvohnomani berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
guvohnoma qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olingani yoki mazkur Reglamentning 6-bandida belgilangan talablar buzilishi aniqlanganda.
44. Vakolatli organning guvohnomani toʻxtatib turish yoki bekor qilish haqidagi qarori yoxud mazkur Reglamentning 43-bandida nazarda tutilgan asoslarda vakolatli organ tomonidan guvohnomani bekor qilish boʻyicha sudga daʼvo kiritilganda, guvohnoma egasi ish materiallari bilan tanishishga hamda ulardan koʻchirma olishga, ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berishga, dalillarni taqdim etishga va ularni tekshirishda ishtirok etishga, iltimosnomalar taqdim etishga hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.
45. Vakolatli organning guvohnomaning amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori haqida 2 ish kuni ichida guvohnoma egasi xabardor qilinadi va bu haqida Reyestrga tegishli yozuv kiritiladi.
Guvohnoma bekor qilinganda, guvohnoma egasi guvohnomani olish boʻyicha ushbu Reglamentga asosan umumiy tartibda murojaat qilishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
46. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlar sir saqlanishini taʼminlaydi.
47. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari Reglament talablari bajarilishi boʻyicha vakolatli organining faoliyati ustidan davlat xizmatlarini koʻrsatish davomida, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat va monitoringni amalga oshiradi.
48. Talabgorlar va guvohnoma egalari vakolatli organlar xodimlarining xatti-harakatlari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunlari.
49. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2154, 2155-moddalari.
Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Talabgor

Attestatsiyadan oʻtish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelgan holda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali elektron shaklda murojaat qiladi.

Xohishiga koʻra

2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

1. Soʻrovnoma shaklini toʻldirib, vakolatli organga yuboradi.

1. Soʻrovnoma toʻldirilgandan keyin 10 daqiqada

2. YIDXP

2. Toʻldirilgan soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboradi.

2. Avtomatik tarzda

3-bosqich

Vakolatli organ

Talabgorning attestatsiyaga qoʻyilishi yoki qoʻyilmasligi haqida qaror qabul qiladi va bu haqida Markazga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron ravishda xabarnoma yuboradi.

1 ish kunida

4-bosqich

Vakolatli organ

Kelib tushgan arizalar boʻyicha attestatsiya oʻtkazilishini tashkil etadi.

2 oyda kamida bir marta

5-bosqich

Vakolatli organ

Oʻtkazilgan attestatsiya natijasi boʻyicha shu kunning oʻzida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan guvohnoma yoki bildirishnomani rasmiylashtiradi va uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlaydi hamda Markazga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki talabgorga (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali yuboradi.

2 ish kunida

6-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

1. Guvohnoma yoki bildirishnoma kelib tushgandan soʻng uni talabgorning elektron manziliga yuboradi va talabgorni bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

1. 10 daqiqada

2. Oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda guvohnomani elektron yoki qogʻoz shaklida taqdim etadi.

2. Talabgorning soʻroviga koʻra

Oldingi tahrirga qarang.
Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatidan foydalanish uchun
SOʻROVNOMA

Guvohnomani olish uchun

1. F.I.O:*

2. Pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlari (seriyasi va raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami):

3. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):

4. Telefon raqami:

5. Attestatsiyada ishtirok etish shakli:

Masofaviy

Anʼanaviy

6. Soʻrovnomaga soʻnggi uch yilda arxiv ishi boʻyicha malakasini oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilinadi.

Guvohnomani qayta rasmiylashtirish uchun

1. F.I.O*:

2. Pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlari (seriyasi va raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami):

* “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali mustaqil ravishda olinadi.

(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi

“Oʻzarxiv” agentligi

________________________________________________________________________________________

(arxiv ishi sohasida vakolatli organning nomi)

Kasbiy kompetentlik toʻgʻrisida -son guvohnoma

____________

(JSHSHIR)

Ushbu guvohnoma ________________________________________________________________________ga

(familiyasi, ismi, otasining ismi)

arxiv hujjatlarini tartibga keltirish boʻyicha kompetentga ega ekanligi toʻgʻrisida berildi.

Amal qilish muddati: ___.___._____ yilga qadar.

Asos: Attestatsiya komissiyasining ___.___._____ yildagi ____-son qarori.

Vakolatli organ rahbarining F.I.O. ____________________________________________ QR-kod

Guvohnoma egasi arxiv hujjatlarini faqat oʻzi faoliyat yuritadigan tashkilotda tartibga keltiradi yoki uning nomidan boshqa tashkilotlarga xizmat koʻrsatadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 208-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarorida:
oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
yettinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) 5-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2021-yil 15-fevraldagi 68-son qaroriga 1-ilovaning 3-bandi “d” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2025-y., 09/25/208/0326-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son; 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)