Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining
buyrugʻi
“Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalarini (AR-AIR-002) tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 19-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3608]
Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksining 41-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son “Maʼmuriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. “Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalari (AR-AIR-002) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor T. NAZAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-yanvar,
3196-son
Kelishildi:
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2025-yil 21-yanvar
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2025-yil 9-yanvar
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2025-yil 8-yanvar
Savdo-sanoat palata raisi D. VAXABOV
2025-yil 4-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2025-yil 22-yanvardagi 3196-son buyrugʻiga
1-ILOVA
“Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalari (AR-AIR-002)
Mazkur Qoidalar fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish tartibini belgilaydi.
Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro havo kemalarining davlat reyestrida roʻyxatga olingan fuqaro havo kemalariga nisbatan tatbiq etiladi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
avtojir — vertikal holatda joylashgan oʻqlar atrofida erkin aylanadigan bitta yoki bir nechta tashuvchi (asosiy) vintlarning havo bilan reaksiyalari hisobiga parvozni amalga oshiradigan havodan ogʻir havo kemasi;
aerostat — dvigatel yordamida harakatga keltirilmaydigan havodan yengil havo kemasi;
vertolyot — dvigatel yordamida vertikal holatda joylashgan oʻqlar atrofida aylantiriladigan bitta yoki bir nechta tashuvchi (asosiy) vintlarning havo bilan reaksiyalari hisobiga parvozni amalga oshiradigan havodan ogʻir havo kemasi;
vint motorli qurilma — dvigatel yordamida harakatga keltiriladigan va bitta yoki bir nechta tashuvchi (asosiy) vintlarning havo bilan reaksiyalari hisobiga parvozni amalga oshiradigan havodan ogʻir havo kemasi;
havo kemasi — havo bilan oʻzaro taʼsir hisobiga, yer sathidan qaytgan havo bilan oʻzaro taʼsirdan tashqari, atmosferada harakatlanadigan uchish apparati;
dirijabl — dvigatel yordamida harakatga keltiriladigan havodan yengil havo kemasi;
havodan yengil havo kemasi — aerostatik koʻtarish kuchi hisobiga havoda ushlab turiladigan har qanday uchish apparati;
havodan ogʻir havo kemasi — parvozda koʻtarish kuchi aerodinamik kuchlar hisobiga paydo boʻladigan har qanday uchish apparati;
ornitopter — qanot qoqish hisobiga qanot yuzlari havo bilan oʻzaro taʼsir natijasida parvozni amalga oshiradigan havodan ogʻir havo kemasi;
planer — dvigatel yordamida harakatga keltirilmaydigan va parvozdagi koʻtarish kuchi harakatlanmaydigan qanot yuzlarida aerodinamik reaksiyalar hisobiga paydo boʻladigan havodan ogʻir havo kemasi;
samolyot — dvigatel yordamida harakatga keltiriladigan va parvozdagi koʻtarish kuchi harakatlanmaydigan qanot yuzlarida aerodinamik reaksiyalar hisobiga paydo boʻladigan havodan ogʻir havo kemasi;
davlat tanish belgisi — Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) veb-saytidagi “Davlat tanish belgilar, milliy gerblar va umumiy havo kemalar belgilari” roʻyxatida Oʻzbekiston Respublikasi uchun nazarda tutilgan lotin alifbosining “UK” ikkita harfidan iborat boʻlgan belgi;
roʻyxat belgisi — havo kemasiga “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan belgilanadigan besh arab raqamlaridan tashkil topgan belgi.
2. Fuqaro havo kemasiga uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada koʻrsatilgan roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi qayd etiladi.
3. Roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisidan tashqari fuqaro havo kemalariga boshqa belgilar (ramzlar, yozuvlar, nishonlar) qoʻyilishi mumkin.
4. Havo kemalari mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq tasniflanadi.
2-bob. Roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi
5. Davlat tanish belgisi lotin alifbosining “UK” ikkita harfidan, roʻyxat belgisi besh arab raqamlaridan tashkil topadi.
6. Davlat tanish belgisi roʻyxat belgisidan oldin qayd etiladi.
7. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) veb-saytidagi “Davlat tanish belgilar, milliy gerblar va umumiy havo kemalar belgilari” roʻyxatida davlat tanish belgisi nazarda tutiladi.
8. Fuqaro havo kemasiga davlat tanish va roʻyxat belgilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq tayinlanadi.
3-bob. Fuqaro havo kemasiga roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini qayd etish
9. Fuqaro havo kemasiga roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini qayd etishda saqlanish xususiyatini yoʻqotmaydigan boʻyoq yoki shunga oʻxshash vositalardan foydalaniladi.
10. Roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi havodan yengil havo kemalariga:
dirijablning korpusi boʻylab ikki tomoniga hamda simmetriya chizigʻi boʻylab ustki yuzasiga;
shar shaklidagi aerostatning maksimal gorizontal aylanasiga yaqin ikki diametral qarama-qarshi tomoniga;
shar shakliga ega boʻlmagan aerostat chizigʻining maksimal koʻndalang kesimiga yaqin bevosita osma belbogʻi ustida yoki savatning osma arqonlarini qotirish nuqtalari ustida ikki tomoniga qayd etilishi kerak.
Yon tomondagi belgilar havodan yengil havo kemalariga ikkala tomondan va yerdan koʻrinadigan tarzda qayd etilishi kerak.
11. Roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi havodan ogʻir havo kemalariga:
fuqaro havo kemasi chap qanoti konstruksiyasi pastki yuzasining chap tomoniga (bunda, roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi qanotning old qismiga parallel holda joylashtirilishi kerak);
fuqaro havo kemasi fyuzelyajining qanotlari va dum qanotlari orasidagi qismining yon tomonlari yuzasiga gorizontal yoʻnalish boʻyicha qatʼiy perpendikulyar;
fuqaro havo kemasi fyuzelyajining qanotlari va dum qanotlari orasidagi qismining yon tomonlari yuzasida roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini qayd etish uchun boʻsh joy boʻlmaganda, fuqaro havo kemasi vertikal dum qanoti yuzasining pastki qismiga har ikki tomonidan;
vertolyotda uning dum balkasining har ikki tomoniga qayd etiladi.
4-bob. Roʻyxat belgisining va davlat tanish belgisining oʻlchamlari
12. Har bir roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi guruhidagi harflar va raqamlar bir xil balandlikka ega boʻlishi kerak.
13. Havodan yengil havo kemalaridagi qayd etiladigan harf va raqamlarning balandligi 50 sm dan kam boʻlmasligi lozim.
14. Havodan ogʻir havo kemalarining qanotlaridagi qayd etiladigan harf va raqamlarning balandligi 50 sm dan kam boʻlmasligi lozim.
Havodan ogʻir havo kemalarining fyuzelyajidagi hamda vertikal dum qanoti yuzasidagi (shu jumladan, vertolyot dum balkasidagi) qayd etiladigan harf va raqamlarning balandligi 30 sm dan kam boʻlmasligi lozim.
15. Fuqaro havo kemasida uning roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi qayd etilishi lozim boʻlgan qismlari (fyuzelaj, qanot, vertikal dum qanot, balka) boʻlmasa yoki mazkur qismlar oʻlchami tegishli oʻlchamdagi roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini qayd qilish uchun kichik boʻlsa, ushbu belgilar fuqaro havo kemasini tezda aniqlash imkonini beradigan oʻlchamlarda qayd etilishi lozim.
5-bob. Roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini qayd etish uchun qoʻllaniladigan harf va raqamlar
16. Harflar lotin alifbosining bosh harflaridan, raqamlar esa, arab raqamlaridan tashkil topadi. Harf va raqamlar bir xil oʻlchamda, naqshlarsiz boʻlishi lozim.
17. Harf va raqamlarning kengligi (“I” harfi va “1” raqamidan tashqari) hamda defisning (agar qoʻllanilsa) uzunligi harf va raqamlar balandligining uchdan ikki qismiga teng boʻlishi lozim.
18. Harflar, raqamlar va defislar uzluksiz chiziq bilan fonning ravshanligini taʼminlovchi rangda (masalan, och fonda qora rang yoki qora fonda oq rangda) boʻlishi lozim.
19. Harflar, raqamlar va defislar chizigʻining qalinligi harf va raqamlar balandligining oltidan bir qismiga teng boʻlishi kerak.
20. Harflar va raqamlarning orasidagi masofa harf va raqamlar kengligining toʻrtdan bir qismiga teng boʻlishi kerak. Bunda, defis alohida harf sifatida qabul qilinadi.
6-bob. Tanituvchi tablo
21. Tanituvchi tabloda oʻyma usulda fuqaro havo kemasining turi, uning roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi hamda seriya raqami davlat va ingliz tillarida koʻrsatilishi lozim.
Tanituvchi tablo issiqlikka dosh beruvchi olovga chidamli materialdan mazkur Qoidalarning 2-ilovasida keltirilgan namunaga muvofiq tayyorlangan boʻlishi lozim.
22. Tanituvchi tablo fuqaro havo kemasining asosiy kirish yoʻlagida koʻrinadigan joyda oʻrnatilishi lozim.
7-bob. Fuqaro havo kemasiga boshqa belgilarni qayd etish
23. Fuqaro havo kemasining tashqi konstruksiyasi elementlariga boshqa belgilar (ramzlar, yozuvlar, nishonlar) qayd etiladi.
Bunda, ushbu belgilar fuqaro havo kemasining tashqi yuzasiga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi koʻrinishini yomonlashtirmaydigan tarzda qayd etiladi.
24. Fuqaro havo kemasining tashqi va ichki konstruksiyasi elementlariga maxsus belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar tarzida qoʻshimcha belgilar ham qayd etiladi.
“Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalariga (AR-AIR-002)
1-ILOVA
Havo kemasining tasnifi
“Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalariga (AR-AIR-002)
2-ILOVA
Tanituvchi tablo namunasi
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2025-yil 22-yanvardagi 3196-son buyrugʻiga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2016-yil 27-iyundagi 81-N-son “Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalarini (OʻzR AQ-44) tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2811, 2016-yil 14-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 28-son, 344-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2017-yil 22-dekabrdagi 104-N-son “Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalariga (OʻZR AQ-44) oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2811-1, 2017-yil 29-dekabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 10/17/2811-1/0480-son).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2025-y., 10/25/3608/0162-son)