Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Paxta xom ashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qoʻllashni izchil davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Paxta xom ashyosini yetishtirish va sotish tizimini moliyalashtirishni bozor mexanizmlariga moslashtirish, paxta tannarxini maqbullashtirish, paxta xom ashyosini birja savdolari orqali sotishni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, xoʻjaliklarning va qayta ishlovchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida:
1. Belgilansinki, 2025-yil paxta hosilidan boshlab:
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (keyingi oʻrinlarda — Birja) kalendar yilining 1-noyabr kunida (2025-yil hosili uchun 1-fevralda) paxta tolasining Nyu-York birjasidagi fyuchers kotirovkalarining oxirgi 6 oydagi oʻrtacha kotirovkasidan kelib chiqqan holda kelgusi yil hosili uchun paxta xom ashyosining boshlangʻich narxini (birinchi nav, ikkinchi sinf) aniqlab, Birjaning rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha paxta xom ashyosi yetishtiruvchi xoʻjaliklar (keyingi oʻrinlarda — xoʻjaliklar) va klasterlar hamda paxta xom ashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega toʻqimachilik korxonalari (keyingi oʻrinlarda — qayta ishlovchilar) oʻrtasida paxta xom ashyosi yetkazib berish boʻyicha oldi-sotdi (fyuchers, forvard va spot) shartnomalari (keyingi oʻrinlarda — shartnomalar) Birjaning paxta xom ashyosi seksiyasida har bir hudud (Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoki tegishli viloyat) boʻyicha alohida oʻtkaziladigan savdolarda tuziladi;
xoʻjaliklar hamda qayta ishlovchilar oʻrtasida tuziladigan shartnomalar tomonlarning erkin tanlovi asosida oʻtkaziladigan birja savdolari orqali xoʻjaliklar tomonidan yetkazib berish muddatlarini hamda bir yoki bir nechta xaridorni mustaqil ravishda tanlash orqali rasmiylashtiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Birjada barcha shartnomalar Agroportal bilan integratsiya qilingan maʼlumotlar bazasida mavjud boʻlgan xoʻjaliklar va qayta ishlovchilar oʻrtasida tuziladi.
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil paxta hosilidan boshlab:
a) fyuchers shartnomalari kalendar yilning 1-noyabridan keyingi yilning 1-iyunigacha xoʻjaliklar va qayta ishlovchilar oʻrtasida birjada erkin shakllanadigan, biroq eʼlon qilingan boshlangʻich narxdan past boʻlmagan narxda tuziladi.
Bunda fyuchers shartnomasi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) resurslari hisobidan imtiyozli kredit ajratishga asos boʻladi va imtiyozli kredit eʼlon qilingan boshlangʻich narxdan kelib chiqib ajratiladi;
b) forvard shartnomalari kalendar yilning 1-noyabridan keyingi yilning 1-martigacha xoʻjaliklar va qayta ishlovchilar oʻrtasida oʻzaro kelishilgan narxlarda tuziladi.
Bunda paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlari xoʻjaliklar va qayta ishlovchilarning oʻz mablagʻlari yoki tijorat kreditlari hisobidan amalga oshiriladi;
v) spot shartnomalari real vaqt rejimida omborda saqlanayotgan paxta xom ashyosi hajmiga xoʻjaliklar va qayta ishlovchilar oʻrtasida oʻzaro kelishilgan narxda tuziladi. Bunda:
xoʻjaliklarga Jamgʻarma resurslari hisobidan imtiyozli kreditlar ajratishda bankka kredit qiymatining 50 foizi miqdorida likvidli mol-mulk taqdim etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
spot shartnomalari rasmiylashtirishni rejalashtirgan xoʻjaliklar har hosil yilining 1-martigacha (2025-yil hosili uchun 1-maygacha) mavjud paxta xom ashyosini saqlash omborlari (maskan) belgilangan talablarga javob berishi yuzasidan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va boshqa tegishli idoralar tomonidan berilgan xulosani yoki xuddi shunday xulosasi mavjud omborlarda vaqtincha saqlash boʻyicha tuzilgan ijara shartnomasini Agroportalga kiritishi shart;
(2-band “v” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)
g) saqlash omborlari yoki ijara shartnomalari mavjud boʻlmagan xoʻjaliklar oʻzi yetishtiradigan paxta xom ashyosi boʻyicha har hosil yilining 1-martigacha forvard yoki 1-iyunigacha fyuchers shartnomalari rasmiylashtiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
d) fyuchers va forvard shartnomalarida belgilangan paxta xomashyosi hajmidan ortiq qismiga ham mazkur shartnomalar asosida hisob-kitoblar amalga oshirilishiga ruxsat beriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrdagi PF-181-sonli Farmoniga asosan “d” kichik bandi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2025-y., 06/25/181/0919-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki:
a) 2025-yil hosili uchun paxta xom ashyosini yetishtirish uchun olingan imtiyozli kreditlarni hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31-dekabriga) qadar qaytargan xoʻjaliklarga ushbu kreditlar boʻyicha toʻlangan foiz toʻlovlarining 4 foizlik punktini subsidiya sifatida qaytarib berish tartibi joriy etiladi;
b) 2025-yil hosilidan boshlab:
paxta xom ashyosini oʻz mablagʻlari va tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, Birjada sotgan xoʻjaliklarga shakllangan hisobvaraq-faktura qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bunda 2026-yil hosilidan boshlab ushbu subsidiya Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan ajratiladi;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, fermerlar hamda kooperativlarga paxta xom ashyosini saqlash va birlamchi (tegirmon usulida) qayta ishlash xizmatlarini tashkil etish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarni sotib olishga Jamgʻarma resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan Markaziy bankning asosiy stavkasida (shundan 2 foiz bank marjasi) uch yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladi. Bunda tadbirkorlik subyektlari faqat paxta xom ashyosini qayta ishlab berish bilan shugʻullanadi va paxta xom ashyosini sotib olish huquqiga ega boʻlmaydi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan subsidiyalarni ajratish tartiblarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-82-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/82/0479-son)
4. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qayta ishlovchilar tomonidan faoliyati davomida bankrotlik eʼlon qilinib, keyinchalik ushbu korxonalar faoliyati tiklanganda, bankrotlik davri mobaynida tijorat banklari tomonidan toʻxtatilib va undirilmagan foiz xarajatlari toʻliq toʻlab berilishi yuzasidan amaldagi qonunchilikka oʻzgartirish kiritish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi har yili 1-sentabrga qadar:
Transport vazirligi bilan birgalikda paxta xom ashyosini tashish xarajatlarining xaridor tomonidan qoplanishini nazarda tutuvchi tavsiyaviy tarifni;
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan birgalikda paxta xom ashyosini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash boʻyicha xizmat tariflarining cheklangan miqdorini tasdiqlaydi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi “Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash xarajatlarini moliyalashtirishning uzluksizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi PF-98-son Farmoniga asosan Jamgʻarma xarajatlarini moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ajratilgan kreditlarning qoldiq qismini qaytarish muddati 5 yilga uzaytirilsin.
7. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Jamgʻarma resurslari hisobidan istiqbolli loyihalari bor paxta-toʻqimachilik klasterlariga 2022-2023-yillar paxta hosilini yetishtirish va terimini moliyalashtirish uchun ajratilgan kreditlarning muddatlarini uzaytirish va muddatlariga mutanosib ravishda foiz stavkalarini belgilash yuzasidan tegishli qarorni tasdiqlasin.
Bosh prokuratura (J. Xatamov) muddati uzaytiriladigan kreditlarning oʻz muddatlarida qaytarilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi uch oy muddatda:
Paxtachilik kengashi hamda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda paxta xom ashyosini navlar boʻyicha qabul qilishning davlat standartlariga oʻzgartirishlar kiritsin;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligini sifatli, hosildorligi yuqori va kasalliklarga chidamli urugʻlik bilan taʼminlash hamda import urugʻga boʻlgan talab oʻsishining oldini olish maqsadida seleksioner olimlar, urugʻchilik korxonalari, shu jumladan, xususiy korxonalarning manfaatdorligini oshirish tizimini tubdan yaxshilash boʻyicha takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
paxta va gʻalla qabul qilish maskanlaridagi elektron tarozidagi maʼlumotlar toʻgʻridan-toʻgʻri Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Hosil qabuli” axborot tizimiga uzatilishini yoʻlga qoʻysin.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda “Hosil qabuli” axborot tizimini takomillashtirish boʻyicha ishlarni yakuniga yetkazish maqsadida klasterlar, kooperativlar va toʻqimachilik korxonalariga qabul maskanlarini kuzatuv kameralari bilan jihozlash, dasturiy yechimlarni joriy etish, uzluksiz internet va quvvat manbalarini oʻrnatish kabi kompleks xizmatlar taqdim etsin.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Birja, manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda donni qabul qilish va omborlardan chiqarish, shuningdek, birja savdolarida sotish jarayonlari tezkor va shaffof amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida tegishli axborot tizimlarini Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Hosil qabuli” axborot tizimi bilan integratsiya qilsin.
10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
a) Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda har yili avgust oyida paxta xom ashyosini qabul qiluvchi korxonalarning (klasterlar, kooperatsiyalar) paxta xom ashyosini qabul qilish bilan shugʻullanuvchi xodimlarini elektron tarozi va “Hosil qabuli” axborot tizimi bilan ishlash uchun qayta tayyorlab borishni tashkil etsin;
b) Suv xoʻjaligi vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
dastlabki bosqichda sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanuvchi subyektlar yerlari tuproqlarining tahlil maʼlumotlari, tuproq holati, xossa-xususiyatlari, unumdorligi, gumus va ozuqa miqdorlari, shoʻrlanishi, eroziyasi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarni aks ettirgan tegishli xaritalar hamda har bir kontur va ekin turiga qarab ilmiy asoslangan tavsiyalarni oʻz ichiga oluvchi “tuproq-pasporti”ning 2026-yil yakuniga qadar ishlab chiqilishini;
2027-yil hosilidan boshlab, ekinlarni joylashtirish, agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini moliyalashtirish jarayonlari “tuproq pasporti”ga muvofiq ilmiy asosda amalga oshirilishini taʼminlasin.
11. Birja Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda paxta xom ashyosini sotish boʻyicha fyuchers, forvard va spot shartnomalarining shakllarini mazkur Farmon bilan belgilangan tartibga muvofiqlashtirsin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Birja bilan birgalikda bir oy muddatda barcha xoʻjaliklar va qayta ishlovchilar uchun birjada ishtirok etish tartibi yuzasidan oʻquv seminarini tashkil etish choralarini koʻrsin.
13. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanayotgan maydonlarni suvda eriydigan mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlash maqsadida respublikadagi kimyo sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan mineral oʻgʻitlarga nisbatan qoʻyilgan texnik talablarni qayta koʻrib chiqsin hamda mineral oʻgʻitlarning suvda eruvchanlik darajasini texnik talablarda qatʼiy belgilasin.
14. “Oʻzkimyosanoat” AJ Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda har oyda kamida bir marta hududlarda “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan mineral oʻgʻitlarning sifati va xususiyatlari yuzasidan dehqon, fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari ishtirokida tahlillar oʻtkazish, ularning fikrlarini oʻrganish hamda maqbul takliflarni amaliyotga tatbiq etish tizimini yoʻlga qoʻysin.
15. Belgilansinki, 2025-yil 1-apreldan boshlab paxta xom ashyosi va undan tayyorlangan barcha turdagi mahsulotlar boʻyicha elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilganda bir vaqtning oʻzida tovar-transport yuk xatini ham rasmiylashtirish talab etiladi. Bunda:
ushbu mahsulotlar turlari roʻyxati Mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi kodlari boʻyicha Soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan muddatdan soʻng elektron hisobvaraq-faktura va tovar-transport yuk xati rasmiylashtirilmagan va omborlarda saqlanayotgan tovar-moddiy zaxiralar qoldiqlari soliq organlari tomonidan sanoqdan (inventarizatsiyadan) oʻtkazilmaydi va soliq solish maqsadlarida soliq toʻlovchining omborida mavjud emas deb hisoblanadi hamda soliq bazasini yashirish (kamaytirib koʻrsatish) deb baholanadi.
16. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan barcha paxta xom ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar boʻyicha mavjud tovar-moddiy zaxiralar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar 2025-yil 1-aprelga qadar soliq organlarining maʼlumotlar bazasiga kiritilishi taʼminlansin.
17. Soliq qoʻmitasi ikki oy muddatda tadbirkorlik subyektlariga ularning hisobotlariga asosan qoldiqda qolayotgan tovarlar turlari va miqdorlarini koʻrsatish imkonini beruvchi dasturiy taʼminotni ishga tushirsin.
Bunda, mazkur dasturiy taʼminotni ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar Soliq qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
18. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Birja hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda 2025-yil 1-martga qadar ushbu Farmonning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari, shu jumladan, klaster va fermer xoʻjaliklari orasida keng yoritish ishlarini tashkil etsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
20. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev hamda qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abduraxmonov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish, masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-yanvar,
PF-7-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi PF-7-son Farmoniga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi faoliyatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6179-son Farmonida:
a) 4-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“maqsadli subsidiyalarni”;
ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
“Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Kengashi” bloki quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Kengashi”;
“Agrar sohani moliyalashtirish boshqarmasi 8” bloki quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agrar sohani moliyalashtirish boshqarmasi 10”;
“Qishloq xoʻjaligini texnika bilan jihozlashni moliyalashtirish boʻlimi 2” bloki quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qishloq xoʻjaligini texnika bilan jihozlashni moliyalashtirish boʻlimi 3”;
izoh qismidagi “32” raqami “35” raqami bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-287-son Farmoni 8-bandining “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) amal qilish muddati belgilanmagan:
agrar va oziq-ovqat sohalarida faoliyat yuritayotgan yuridik va jismoniy shaxslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy yordam turlari, shu jumladan, subsidiyalar 2026-yil 1-yanvarga qadar;
boshqa subsidiyalar 2025-yil 1-yanvarga qadar joriy etilgan hisoblanadi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-205-son Farmonida:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi — oltinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
birinchi xatboshidagi “2024” raqami “2025” raqami bilan almashtirilsin;
“a” kichik band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“paxta xom ashyosi yigʻim-terimi uchun — paxta xom ashyosi yalpi qiymatining 20 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) 4 oyga kredit ajratiladi”;
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) klasterlar hamda paxta xom ashyosini qayta ishlash va ip kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega toʻqimachilik korxonalariga:
paxta xom ashyosi yalpi hosili xaridi boʻyicha yakuniy hisob-kitob uchun paxta xom ashyosi qiymatining 80 foizigacha yillik 14 foiz stavkada, 60 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) 12 oyga, shu jumladan, 6 oylik imtiyozli davr va oxirgi 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan;
ijara huquqi mavjud boʻlgan yer uchastkasida paxta xom ashyosi yetishtirish uchun — paxta xom ashyosi qiymatining 60 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) 18 oyga, shu jumladan, 12 oylik imtiyozli davr va oxirgi 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan;
ijara huquqi mavjud boʻlgan yer uchastkasida yetishtiriladigan paxta xom ashyosining yigʻim-terimi uchun — paxta xom ashyosi qiymatining 20 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) 12 oyga, shu jumladan, 3 oylik imtiyozli davr va oxirgi 9 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan kredit ajratiladi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi “Suv xoʻjaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash toʻgʻrisida”gi PF-74-son Farmoniga 5-ilovaning izoh qismi ikkinchi xatboshisi “lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda va miqdorlarda” soʻzlaridan keyin “suv xoʻjaligi sohasidagi davlat va xalqaro tashkilotlardagi ish stajidan kelib chiqib” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyuldagi “Paxtachilik sohasi korxonalarining iqtisodiy-moliyaviy holatini yaxshilashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-103-son Farmoni 1-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) kredit resurslari hisobidan 2023-yil hosili uchun paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlariga tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlarni toʻliq qaytargan, shu bilan birga imtiyozli kreditlarning qoldigʻini qaytarish muddatini 2025-yil 1-aprelga qadar uzaytirgan biroq 2024-yil 1-dekabrga qadar toʻliq qaytargan klasterlarga ushbu kredit boʻyicha foiz toʻlovlari (bank marjasidan tashqari) 2025-yil 1-martga qadar Jamgʻarma hisobidan qaytarib beriladi”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-noyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish hamda birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-430-son qarorining 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Belgilab qoʻyilsinki:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan birja savdolari natijalariga taʼsir etuvchi, shu jumladan, tovar bozori ishtirokchilari hamda ular tomonidan beriladigan narxlarga cheklovlar oʻrnatish yuzasidan qarorlar qabul qilinishi yoki koʻrsatmalar berilishi taqiqlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qarorlariga muvofiq bozor tamoyillari asosida monopolist korxonalar va (yoki) ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar yoki ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan birja savdolari orqali sotilishi belgilangan yuqori likvidli, monopol va talab yuqori boʻlgan mahsulot turlari, xom ashyo va materiallar 2027-yil 1-dekabrga qadar faqat Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi orqali realizatsiya qilinadi”.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligi maydonlaridagi qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-465-son qaroriga 8-ilovaning 2-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “Bir oy muddatda” soʻzlari “Uch oy muddatda” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi “Fermer xoʻjaliklarining nasos agregatlari va sugʻorish quduqlari isteʼmol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 320-son qarorining 6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Paxta va gʻalla yetishtiruvchi xoʻjaliklar tomonidan 2023-2024-yillarda paxta va gʻalla yetishtirishda foydalanilgan elektr energiyasi xarajatlarining bir qismini qoplash uchun “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali 2025-yil 1-yanvarga qadar taqdim etilgan arizalar boʻyicha subsidiya mablagʻlari istisno tariqasida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan 2025-yilda ajratib berilsin.
2023-yilda paxta xom ashyosi va gʻalla yetishtirishda sugʻorish ishlariga sarflangan elektr energiyasi miqdori qishloq xoʻjaligi ekinlarini gidromodul rayonlashtirish va sugʻorish rejimidan kelib chiqib aniqlanadi. Bunda qiymati qoplab beriladigan elektr energiyasi miqdori haqiqatda sarflangan elektr energiyasi miqdorining 50 foizidan oshib ketmasligi lozim”.
9. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 130-son qarori bilan tasdiqlangan Bugʻdoy yetishtirish xarajatlarini kreditlash tartibi toʻgʻrisida nizomda:
13-banddan “xom ashyosi” soʻzi chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi 131-band bilan toʻldirilsin:
“131. Bugʻdoy yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun Jamgʻarma kreditlari hisobidan tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar doirasida sugʻurta shartnomalari boʻyicha vositachilikni taqdirlash toʻlovlarini hisoblashga yoʻl qoʻyilmaydi”.
10. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-avgustdagi “Agrar va oziq-ovqat sohalari uchun subsidiya ajratish tizimini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 331-son qarori 1-bandining uchinchi xatboshisidagi “2025” raqami “2026” raqami bilan almashtirilsin.
11. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirish va paxta yigʻim-terimi xarajatlarini kreditlash hamda ularni realizatsiya qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 680-son qarorida:
beshinchi xatboshidagi “fyuchers” soʻzi “fyuchers, forvard, spot” soʻzlari bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshidagi “12” raqami “6” raqami bilan almashtirilsin;
3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Paxta xom ashyosi uchun eʼlon qilingan boshlangʻich narxdan past boʻlmagan narxda paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar va paxta-toʻqimachilik klasterlari, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalar oʻrtasida fyuchers shartnomalari kalendar yilning 1-noyabridan keyingi yilning 1-iyunigacha tuziladi”;
6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Jamgʻarma oʻzining kredit resurslarini tijorat bankiga paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun normativ hosildorlik (sentner/gektar), paxta yigʻim-terimi va yakuniy hisob-kitob xarajatlarini moliyalashtirish uchun yalpi hosildorlik asosida moliya yilidan oldingi yilning 1-noyabrida eʼlon qilingan boshlangʻich narxdan kelib chiqib hisoblangan qiymat asosida joylashtiradi.
Bunda paxta xom ashyosi yigʻim-terimi va yakuniy hisob-kitobi xarajatlarini moliyalashtirishda spot shartnomasida belgilangan narx eʼlon qilingan narxdan past boʻlganda, moliyalashtirish spot shartnomasida belgilangan narx boʻyicha amalga oshiriladi”;
“a” kichik band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“paxta xom ashyosi yigʻim-terimi uchun — paxta xom ashyosi yalpi qiymatining 20 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) 4 oyga kredit ajratiladi”;
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) yer uchastkasiga egalik huquqi boʻlgan paxta-toʻqimachilik klasterlarining paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun 18 oy muddatga (bunda kreditni qaytarish 13-oydan boshlanadi), 12 oylik imtiyozli davr va soʻnggi 6 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti bilan, paxta xom ashyosi qiymatining 60 foizigacha yillik 8 foiz stavkada, kredit resurslarini qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz joylashtiradi;
“d” kichik banddagi “80 foizigacha (shundan, 20 foizi paxta yigʻim-terimi xarajatlari uchun), yillik 8 foiz stavkada,” soʻzlari “80 foizigacha yillik 12 foizda, 60 foizigacha yillik 8 foiz stavkada” soʻzlari bilan almashtirilsin;
13-band quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“spot shartnomasi boʻyicha imtiyozli kredit qiymatining 50 foizi miqdoridagi likvidli mol-mulk”;
toʻrtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
“a” kichik band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“paxta xom ashyosi yigʻim-terimi uchun — paxta xom ashyosi yalpi qiymatining 20 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan bank marjasi 2 foiz) 4 oyga kredit ajratiladi”;
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yer uchastkasiga egalik huquqi boʻlgan paxta-toʻqimachilik klasterlarining paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun 18 oy muddatga (bunda kreditni qaytarish 13-oydan boshlanadi), 12 oylik imtiyozli davr va soʻnggi 6 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti bilan, paxta xom ashyosi qiymatining 60 foizigacha, yillik 10 foiz stavkada (shundan bank marjasi 2 foiz) kredit ajratadi”;
“d” kichik banddagi “80 foizigacha (shundan 20 foizi paxta yigʻim-terimi xarajatlari uchun), yillik 10 foizda (shundan bank marjasi 2 foiz)” soʻzlari “80 foizigacha yillik 14 foiz stavkada, 60 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan bank marjasi 2 foiz)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 181-band bilan toʻldirilsin:
“181. Paxta xom ashyosini yetishtirish, terim va yakuniy hisob-kitob xarajatlarini kreditlash uchun Jamgʻarma kreditlari hisobidan tijorat banklar tomonidan ajratiladigan kreditlar doirasida sugʻurta shartnomalari boʻyicha vositachilikni taqdirlash toʻlovlarini hisoblashga yoʻl qoʻyilmaydi”;
22-band quyidagi mazmundagi “v” kichik band bilan toʻldirilsin:
“v) monitoring boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, koʻrilgan choralar natijalari tijorat bankining viloyat boshqarmalari rahbarlari tomonidan har oyda, boshqaruv raisi tomonidan har chorakda bir marotaba yakuniy muhokama qilinadi.
Tegishli davrda qarz oluvchilar monitoring oʻtkazishga sharoit yaratmaganligi, qarshilik qilishlari oqibatida ajratilgan kreditlar boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarning oldini olish maqsadida tijorat banki tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonuniy chora koʻrish boʻyicha murojaat qilinadi”;
b) 2-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 680-son qaroriga
2-ILOVA
Paxta xom ashyosini birja savdolari orqali sotishni tartibga solish toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom respublikada yetishtirilgan paxta xom ashyosini birja savdolariga qoʻyish, sotish va xarid qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
avans — sotuvchi va xaridor tomonidan kiritiladigan, birja vositachilik yigʻimini va tomonlarning zakalatini oʻz ichiga oladigan mablagʻ;
birja — “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ;
birja aʼzolari — birja tomonidan belgilangan tartibda birja savdolarida ishtirok etish hamda diler va broker sifatida birja bitimlarini tuzish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxslar;
Jamgʻarma — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;
manipulyatsiya — birja savdolari ishtirokchilarining qoʻshimcha daromad olish maqsadida narxlarni sunʼiy oʻzgartirishga, bir darajada ushlab turishga va boshqa ishtirokchilarning xatti-harakatlariga taʼsir etishga qaratilgan harakatlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va internet tarmogʻida qasddan yolgʻon maʼlumotlar tarqatish;
sotuvchi — paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar;
xaridor — birja savdolari orqali paxta xom ashyosini sotib oluvchi yuridik shaxslar;
fyuchers shartnomasi — tegishli yil hosilidan paxta xom ashyosini yigʻim-terim davrida yetkazib berish sharti bilan tuziladigan oldi-sotdi bitimi;
forvard shartnomasi — mahsulotni shartnomada belgilangan muddatda yetkazib berish sharti bilan tuziladigan oldi-sotdi bitimi;
spot shartnomasi — birja tovarlarini kechiktirmasdan (bir oy ichida) yetkazib berish sharti bilan tuziladigan oldi-sotdi bitimi;
standart birja kontrakti — birja tomonidan belgilangan tartibda kotirovkalash varagʻiga kiritilgan standart birja kontrakti;
eʼlon qilinadigan narx — Nyu-York birjasida paxta tolasi fyuchers kotirovkalarining oxirgi 6 oydagi oʻrtacha kotirovkasi toʻgʻrisida “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladigan maʼlumot;
23210 — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun ajratilgan maqsadli mablagʻlar hisobvaragʻi.
3. Mazkur Nizomga asosan sotuvchi tomonidan paxta xom ashyosi ichki bozorda muayyan hududdagi (viloyatdagi) paxta-toʻqimachilik klasteriga birjaning ikki tomonlama qarama-qarshi auksion tizimining alohida paxta seksiyasi orqali fyuchers, forvard shartnomasi asosida yoki toʻliq oʻz mablagʻi va/yoki tijorat krediti hisobidan yetishtirilgan paxta xom ashyosi yoki paxta xom ashyosini tegirmon usulida birlamchi qayta ishlash natijasida olingan mahsulotlar (tola, chigit, lint, oʻlik paxta) barcha xaridorlarga birja savdolari orqali erkin sotiladi.
Fyuchers shartnomasidan ortiqcha hajmda yetishtirilgan paxta xom ashyosi yoki uni qayta ishlash natijasida olingan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlarni (tola, chigit, lint, oʻlik paxta) sotuvchi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri fyuchers shartnomasi tuzgan xaridorga sotish shartnomasi birjaning axborot portalida tuziladi va ushbu shartnoma boʻyicha toʻlovlar birjaning hisob-kitob-kliring operatsiyalarini oʻtkazish (toʻlov hujjatlariga muvofiq pul oʻtkazish) qoidalari asosida amalga oshiriladi.
4. Birja xaridor tomonidan sotuvchiga yetkazib berilgan paxta mahsulotlari uchun amalga oshirgan toʻlovlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan tizim orqali soliq organiga taqdim etib boradi.
2-bob. Paxta xom ashyosini fyuchers, forvard shartnomasi asosida sotish
5. Xaridorlar har yili 1-noyabrdan boshlab paxta xom ashyosini forvard, fyuchers shartlarida sotib olish boʻyicha kelgusi yil hosili uchun standart birja kontraktini ochishga ariza bilan birjaga murojaat qiladi.
Spot shartnomalarida sotuvchi tomonidan ariza bilan murojaat qilinadi.
6. Paxta xom ashyosining birja savdolari standart birja kontraktlari asosida amalga oshiriladi, bunda paxta xom ashyosi yetkazib beriladigan hudud, uning lot miqdori, navi, turi, sinfi (chigit navi) majburiy tarzda aks ettiriladi.
Standart birja kontrakti fyuchers, forvard savdolarida xaridorning, spot savdolarida sotuvchining arizasiga asosan ochiladi.
7. Paxta xom ashyosi birja savdolarida sotuvchi joylashgan hududdagi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoki tegishli viloyatlar boʻyicha) paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan xarid qilinadi.
8. Birja savdolariga qoʻyilgan tovar umumiy qiymati va moʻljallanayotgan bitim hajmi boʻyicha sotuvchi va xaridor tomonidan fyuchers shartnomasida 0,1 foiz miqdorida, forvard, spot shartnomasida 10 foizgacha zakalat mablagʻi birjaning hisob-kliring palatasidagi shaxsiy hisobvaraqlariga kiritiladi.
9. Birja aʼzolari sotuvchi va xaridorning murojaatiga asosan birja savdolarining elektron tizimiga (keyingi oʻrinlarda — BSET) arizalarni joylashtirish orqali birja bitimlarini tuzadi.
10. BSETda sotuvchi va xaridorning buyurtmalarini birlashtirish natijasida tuzilgan bitimlar roʻyxatga olinadi va soʻngra BSETning dasturiy kompleksida bitimlar reyestri shakllantiriladi.
11. Bitim tuzilganidan soʻng xaridor:
fyuchers shartnomasi doirasida paxta xom ashyosi qabul qilingan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan paxta xom ashyosi qiymatining 80 foizini, qolgan qismini moliya yilining 31-dekabriga qadar sotuvchining 23210 hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi;
forvard shartnomasida koʻrsatilgan muddat ichida paxta xom ashyosi qiymatini sotuvchining talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaragʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlab beradi. Bunda toʻlov muddati 15 ish kunidan kam boʻlmasligi shart.
Sotuvchi va xaridor forvard shartnomasida nazarda tutilgan yuklash davri doirasida mahsulotni yuklash va toʻlovni amalga oshirish muddatini oʻzaro kelishadi.
Xaridor fyuchers, forvard shartnomasi doirasida qabul qilgan paxta xom ashyosi uchun toʻlovlarni belgilangan muddatda toʻlamaganda, kechiktirilgan har bir kun uchun fyuchers shartnomasi qiymatidan toʻlanmagan toʻlovning 0,1 foizi miqdoridagi penyani sotuvchiga toʻlab beradi.
12. Paxta xom ashyosining narxi (birinchi nav, ikkinchi sinf) Nyu-York birjasida paxta tolasi fyuchers kotirovkalarining oxirgi 6 oydagi oʻrtacha kotirovkasidan kelib chiqqan holda quyidagi formula asosida milliy valyutada (soʻm) aniqlanadi:
Bx=(Jn x Vk-Kx) x Tch+Imq
Bunda:
Bx — bir tonna paxta xom ashyosining milliy valyutadagi (soʻm) narxi;
Jn — bir tonna paxta tolasining Nyu-York birjasi oʻrtacha 6 oylik fyuchers kotirovkalarining oxirgi 6 oydagi oʻrtacha qiymatidan kelib chiqib aniqlangan AQSH dollaridagi oʻrtacha narxi (oʻrtacha fyuchers kotirovkasi x 22,046);
Vk — Markaziy bank tomonidan eʼlon qilingan 1 AQSH dollarining oxirgi 6 oydagi oʻrtacha valyuta kursi, soʻm/dollar;
Kx — paxta-toʻqimachilik klasterining bir tonna paxta tolasiga toʻgʻri keladigan paxta xom ashyosini tayyorlash, tashish, saqlash va qayta ishlash boʻyicha xarajatlari paxta tolasining Nyu-York birjasi oʻrtacha 6 oylik fyuchers kotirovkalari boʻyicha AQSH dollaridagi oʻrtacha narxining 20 foizi miqdorida, soʻmda;
Tch — oʻrtacha tola chiqish koeffitsiyenti (33,5%);
Imq — bir tonna paxta xom ashyosiga toʻgʻri keladigan ikkilamchi mahsulotning oʻrtacha 6 oylik qiymati, soʻmda (chigit chiqish koeffitsiyenti — 53%, lint — 4%, oʻlik paxta — 2%).
Yuqorida keltirilgan formula asosida aniqlangan oʻrtacha narxdan kelib chiqib, paxta xom ashyosi xaridining yakuniy hisob-kitoblari mazkur Nizomga 1-ilovadagi har bir sanoat navi, sinfi va tipi boʻyicha koeffitsiyentlarni oʻrtacha narxga koʻpaytirgan holda amalga oshiriladi.
13. Quyidagilar:
paxta xom ashyosining nav va sinflar boʻyicha narxini hisoblash koeffitsiyentlari 1-ilovaga muvofiq;
paxta tolasining tip va kodlar boʻyicha narxini qayta hisoblash koeffitsiyentlari 2-ilovaga muvofiq aniqlanadi.
Xaridor paxta xom ashyo sini davlat standarti (Oʻz DSt 615:2008) talablari asosida sifat koʻrsatkichlariga (namlik, ifloslik) muvofiq qabul qiladi.
Paxta xom ashyosini qabul qilish jarayonida eʼtirozlar yuzaga kelganda, sotuvchi hududdagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining malakali mutaxassislaridan iborat arbitraj guruhlariga murojaat qilishi va ularning xulosasini olishi mumkin.
14. Sotuvchi fyuchers, forvard shartnomasi doirasida paxta xom ashyosi boʻyicha toʻlovlarni toʻliq qabul qilgandan soʻng bir ish kuni ichida birjani toʻlovlar toʻliq amalga oshirilgan sana haqida xabardor qiladi.
Birja ushbu xabarnomada berilgan maʼlumotlarni soliq organi tomonidan taqdim etilgan elektron hisobvaraq-fakturalarga solishtirib tekshiradi.
15. Sotuvchi va xaridor fyuchers, forvard shartnomasida nazarda tutilgan yuklash davri doirasida paxta xom ashyosini yuklash muddatini kelishadi.
Bunda:
sotuvchi shartnomada belgilangan miqdordagi paxta xom ashyosini xaridorning tegishli omboriga yetkazib beradi.
16. Sotuvchi fyuchers, forvard shartnomasi doirasida paxta xom ashyosini xaridorga yetkazib berganligini hamda mahsulot uchun toʻlovlar amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (birja bitimlari boʻyicha toʻlov topshiriqnomalari, taraflar tomonidan toʻlovlar toʻliq bajarilganligini tasdiqlovchi kelishuvlar) taqdim etganda, birjada bitim yopiladi.
17. Amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda fyuchers, forvard shartnomasi taraflaridan biriga nisbatan sud qaroriga koʻra toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritish boshlangan taqdirda yoki taraf toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganda, fyuchers shartnomasi ikkinchi tarafning talabiga asosan sud tartibida yoki belgilangan tartibda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan paxta-toʻqimachilik klasteri klasterlar reyestridan chiqarilganda bekor qilinadi hamda toʻlovga qobiliyatsiz taraf toʻgʻrisidagi maʼlumot “Agroplatforma” AT axborot tizimidan chiqariladi.
Bunda paxta-toʻqimachilik klasteriga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritish boshlangan taqdirda yoki u toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganda belgilangan tartibda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan paxta-toʻqimachilik klasteri klasterlar reyestridan chiqarilganda:
shartnoma bekor boʻladi va zakalat pullari sotuvchi foydasiga jarima sifatida oʻtkaziladi;
paxta xom ashyosi birja savdolariga qayta sotuvga chiqariladi.
Bunda sotilmay qolgan paxta xom ashyosi yigʻim-terim davrida sotuvchilar tomonidan spot shartnomasi asosida sotiladi. Sotuvdan tushgan mablagʻlar sotuvchilarning 23210 hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi.
3-bob. Paxta xom ashyosini spot shartnomasi asosida sotish
18. Sotuvchi tomonidan oʻz mablagʻi va/yoki tijorat krediti hisobidan yetishtirilgan paxta xom ashyosi birja savdolari orqali spot shartnomalari asosida sotiladi.
Bunda:
spot shartnomalari rasmiylashtirishni rejalashtirgan sotuvchilar har hosil yilining 1-martigacha (2025-yil hosili uchun 1-maygacha) mavjud paxta xom ashyosini saqlash omborlari (maskan) belgilangan talablarga javob berishi yuzasidan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va boshqa tegishli idoralar tomonidan berilgan xulosani yoki xuddi shunday xulosasi mavjud omborlar boʻyicha paxta xom ashyosini vaqtincha saqlash yoki ushbu omborni ijara olish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomani “Agroplatforma” axborot tizimiga kiritishi shart;
paxta xom ashyosini vaqtincha saqlash yoki omborni ijaraga olish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalari mavjud boʻlmagan sotuvchilar yetishtiriladigan paxta xom ashyosi boʻyicha har hosil yilining 1-martigacha forvard yoki 1-iyunigacha fyuchers shartnomasini rasmiylashtiradi.
19. Standart spot birja kontrakti sotuvchilar tomonidan birjaga taqdim etiladigan ariza hamda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan berilgan sinov xulosasi asosida ochiladi.
20. Birja savdolari amaldagi qonunchilik hujjatlari va hisob-kitob-kliring operatsiyalarini oʻtkazish qoidalariga muvofiq oʻtkaziladi.
21. Sotuvchi va xaridor birja savdolarida mustaqil ravishda birja bilan tuzilgan bitimga muvofiq diler sifatida yoki broker nomidan treyderlar orqali mustaqil ishtirok etadilar.
22. Toʻlangan avans summasiga muvofiq har bir birja savdosi boʻyicha sotuvchi va xaridorni birja savdolarga qoʻyish va ulardan chetlatish, birja savdolari gʻoliblarini aniqlash va birja bitimlarini roʻyxatdan oʻtkazish BSETda amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Tomonlar oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, ularga nisbatan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi va birja savdolari qoidalariga muvofiq tegishli choralar qoʻllanadi.
24. Birja savdolarida narxlar manipulyatsiyasi ichki (insayderlik) maʼlumotlardan foydalanish va asossiz daromad olishning raqobatga zid boshqa usullaridan foydalanishning oldini olish qoidalari asosida nazorat qilinadi.
25. Birja savdolarini tashkil qilish, shartnomaviy majburiyatlarini bajarish va hisob-kitob-kliring xizmatlarini koʻrsatish jarayonida yuzaga keladigan bahs va kelishmovchiliklar birjaning arbitraj komissiyasi yoki sud tomonidan hal etiladi.
Bunda fyuchers, forvard shartnomasi mahsulot yetkazib berish muddatidan oldin taraflarning oʻzaro kelishuvi asosida yoki iqtisodiy sud orqali bekor qilinadi.
Fyuchers, forvard shartnomasi iqtisodiy sud tomonidan bekor qilingan taqdirda, qonuniy kuchga kirgan sudning hal qiluv qarori asosida fyuchers, forvard shartnomasi narxida mahsulot birja savdolariga qayta sotuvga chiqariladi.
26. Xaridor paxta xom ashyosini shartnomada belgilangan narxda sotib olishdan bosh tortganda, belgilangan muddatda toʻliq hisob-kitoblarni amalga oshirmagan, sotuvchi paxta xom ashyosini xaridorga shartnomada belgilangan shart va muddatda yetkazib bermagan taqdirda:
majburiyatlarni bajarmagan tomonning zakalat pullari jabrlanuvchi foydasiga jarima sifatida ushlab qolinadi;
tuzilgan fyuchers, forvard shartnomasi shartlari asossiz bajarilmaganda, sud qaroriga asosan birja bitimi boʻyicha shartnoma qiymatining bajarilmagan qismining 25 foizi miqdorida jarima qoʻllanadi.
Paxta xom ashyosini birja savdolari orqali sotishni tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Paxta xom ashyosining nav va sinflar boʻyicha narxini hisoblash koeffitsiyentlari
(bazis — 1-nav, 2-sinf)

Navlar

Sinflar

Eʼlon qilinadigan narxga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyent

1-nav

1-sinf

1,026

2-sinf

1,000

3-sinf

0,800

2-nav

1-sinf

0,938

2-sinf

0,860

3-sinf

0,791

3-nav

1-sinf

0,822

2-sinf

0,731

3-sinf

0,517

4-nav

1-sinf

0,612

2-sinf

0,475

3-sinf

0,363

5-nav

3-sinf

0,254

Paxta xom ashyosini birja savdolari orqali sotishni tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Paxta tolasining tip va kodlar boʻyicha narxini qayta hisoblash koeffitsiyentlari

Uzun tolali

Tola turi

1a

1b

1

2

3

Uzunligi (duym)

1,11/32

1,5/16

1,9/32

1,1/4

1,7/32

1,3/16

Kod

43

42

41

40

39

38

Koeffitsiyent

1,6080

1,4699

1,4008

1,2331

1,1147

Oʻrta tolali

Tola turi

4

5

6

Uzunligi (duym)

1,5/32

1,1/8

1,3/32

1,1/16

1,1/32

Kod

37

36

35

34

33

Koeffitsiyent

1,0000

0,9865

0,9737

0,9618

.

12. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-sentabrdagi “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 574-son qarorida:
“birja savdolari orqali” soʻzlaridan keyin “2024-yil 31-dekabrga qadar” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
“mablagʻlari hisobidan” soʻzlaridan keyin “2025-yil 1-martgacha” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
beshinchi xatboshi “oshmagan qismini” soʻzlaridan keyin “2025-yil 1-martgacha” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
b) 4-banddagi “2024-yil 1-dekabrga qadar” soʻzlari “2024-yil 1-dekabrdan 2025-yil 1-fevralgacha” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2025-y., 06/25/7/0051-son; 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son; 10.10.2025-y., 06/25/181/0919-son; 12.05.2026-y., 06/26/82/0479-son)