Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasi hamda uning xududiy komissiyalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy taʼsirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 6-maydagi PF-73-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasi hamda uning hududiy komissiyalari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy taʼsirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 6-maydagi PF-73-son Farmoni bilan:
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) tarkibi hamda uning hududiy komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiyalar) namunaviy tarkibi tasdiqlanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi (keyingi oʻrinlarda — Milliy markaz) etib qayta tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar:
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha hududiy komissiya toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Hududiy komissiyalar:
bir hafta muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan namunaviy nizom asosida oʻzining nizomini ishlab chiqish va tasdiqlash;
bir oy muddatda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha tuman (shahar) komissiyalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Milliy markaz:
Keyingi tahrirga qarang.
mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda Davlat komissiyasi hamda uning hududiy komissiyalariga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda ularga har tomonlama koʻmaklashsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori R.M. Mamatov zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 4-oktabr,
631-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-oktabrdagi 631-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) maqomi, vazifalari va funksiyalari, huquq va majburiyatlarini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi davlat organlari va tashkilotlari hamda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, boshqa tashkilot va muassasalarga (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlar) nisbatan tatbiq etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Davlat komissiyasining muvofiqlashtiruvchi organi hisoblanadi hamda uning faoliyatini axborot-tahlil jihatdan taʼminlaydi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-noyabrdagi 732-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son)
4. Davlat komissiyasi giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hamda prekursorlarning (keyingi oʻrinlarda — giyohvandlik vositalari) qonuniy muomalasi ustidan nazoratni oʻrnatish hamda noqonuniy muomalasi va suiisteʼmoliga qarshi kurashish sohasida davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlovchi idoralararo kollegial organ hisoblanadi.
5. Davlat komissiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Agentlik giyohvandlik vositalarining qonuniy muomalasi ustidan nazoratni oʻrnatish hamda noqonuniy muomalasi va suiisteʼmoliga qarshi kurashish sohasida mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari) hamda Giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha hududiy komissiyalar (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiyalar) hamda tuman (shahar) komissiyalari faoliyatini oʻrganib boradi, shuningdek, ularga tashkiliy va uslubiy yordam koʻrsatadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-noyabrdagi 732-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son)
7. Davlat komissiyasi quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha qaror qabul qilishda vakolatli hisoblanadi:
yangi paydo boʻlayotgan giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi va suiisteʼmolining barvaqt oldini olish maqsadida vaqtinchalik taqiq yoki cheklov (moratoriy) joriy etish;
zarur hollarda giyohvandlik vositalari muomalasi ustidan nazoratni taʼminlash va hududlarda narkovaziyatni sogʻlomlashtirish boʻyicha qisqa muddatli dasturlarni tasdiqlash;
mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari hamda hududiy komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish;
giyohvandlik vositalari muomalasiga oid ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash;
giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish borasidagi vazifa va topshiriqlar ijrosini taʼminlashda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga nisbatan tegishli chora koʻrish.
8. Davlat komissiyasining oʻz vakolati doirasida qabul qilingan qarorlari davlat organlari va tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
9. Davlat komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarni bajarishda hududiy komissiyalar, davlat organlari va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
10. Davlat komissiyasining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
2-bob. Davlat komissiyasining vazifa va funksiyalari
11. Quyidagilar Davlat komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha 2024 — 2028-yillarga moʻljallangan milliy strategiyaning (keyingi oʻrinlarda — Milliy strategiya) toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish, uni amalga oshirish boʻyicha yillik milliy dasturlarni tasdiqlash va ijrosini nazorat qilib borish, ushbu yoʻnalishda mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari hamda hududiy komissiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
har chorakda Milliy strategiya va uni amalga oshirish boʻyicha yillik milliy dastur ijrosining tanqidiy oʻrganilishini, belgilangan maqsad va vazifalarni roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan aniq choralar koʻrilishini taʼminlash;
respublikada giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish, aholi orasida giyohvandlik va zaharvandlikning barvaqt profilaktikasi boʻyicha samarali chora-tadbirlarni belgilash.
12. Davlat komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) giyohvandlik vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishining barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashish yoʻnalishida:
yangi paydo boʻlayotgan giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi va suiisteʼmolining barvaqt oldini olish maqsadida vaqtinchalik taqiqlash yoki cheklash (moratoriy) boʻyicha choralar koʻrish;
mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari hamda hududiy komissiyalar tomonidan respublikadagi narkovaziyat boʻyicha, Milliy strategiya va milliy dasturlar ijrosi yuzasidan yuboriladigan maʼlumotlar oʻz vaqtida taqdim etilishini tashkil etish;
giyohvandlik vositalari muomalasi ustidan nazorat qilish boʻyicha qisqa muddatli dasturlarni tasdiqlash va ularning amalga oshirilishini nazorat qilib borish;
giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasining yangi, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻidagi usullariga barham berish, bu boradagi tezkor-qidiruv, tergov va ekspert-kriminalistik choralar kompleksini rivojlantirishga koʻmaklashish;
mutasaddi davlat organlari va tashkilotlarining giyohvandlik vositalari qonuniy muomalasi ustidan nazorat oʻrnatish hamda noqonuniy muomalasi va suiisteʼmoliga qarshi kurashish boʻyicha moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda xodimlar salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;
giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi va suiisteʼmoliga qarshi kurashishda mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari mutaxassislari hamda hududiy komissiyalar masʼullarining malakasini oshirish tadbirlarini belgilash;
b) aholi orasida giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirish, giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq vaziyatni hududlar kesimida ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilish va narkologik yordam koʻrsatish yoʻnalishida:
Oldingi tahrirga qarang.
hududiy komissiyalar tomonidan milliy dasturlar ijrosini taʼminlashga qaratilgan hududlar kesimida manzilli chora-tadbirlar (“yoʻl xaritalari”) ishlab chiqilishi hamda har chorakda Agentlikka amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar kiritilishini tashkil etish;
(12-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-noyabrdagi 732-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son)
giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq vaziyatning asosiy omillari hamda tendensiyalarini aniqlash va prognoz qilish orqali giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olishga doir taʼsirchan choralarni belgilash;
aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni, oʻquvchi va talabalar orasida psixotrop moddalarni isteʼmol qilishga murosasiz munosabatni shakllantirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni belgilash;
mahalla, qishloq, ovul, chegara hududlari va taʼlim tashkilotlarida giyohvandlik vositalarining suiisteʼmoli va noqonuniy aylanishining oldini olish, aholi orasida giyohvandlik va zaharvandlik profilaktikasi boʻyicha samarali chora-tadbirlarni belgilash;
aholiga sifatli narkologik yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish, giyohvandlikning barvaqt profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimini takomillashtirishga koʻmaklashish;
v) respublikada giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq vaziyatni hududlar kesimida ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilish va maʼlumotlarni shakllantirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida:
respublikada giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq vaziyatni hududlar kesimida ilmiy-amaliy va axborot-tahliliy jihatdan tizimli ravishda chuqur oʻrganib borish, asosiy omillar hamda tendensiyalarni aniqlash va prognoz qilishga koʻmaklashish;
giyohvandlikning oldini olish va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish boʻyicha metodika, taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga koʻmaklashish;
hududlar kesimida narkovaziyatni kompleks baholash va natijasi boʻyicha vaziyatni sogʻlomlashtirishga doir chora-tadbirlarni belgilash;
giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasi ustidan nazorat qilish boʻyicha respublika yagona idoralararo maʼlumotlar bazasini tashkil etishga koʻmaklashish;
xorijiy davlat tuzilmalari va xalqaro tashkilotlar bilan manzilli hamkorlikni oʻrnatish, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan BMTga yillik maʼruzalar tayyorlashga koʻmaklashish;
g) giyohvandlik vositalarining qonuniy muomalasi ustidan taʼsirchan davlat nazoratini tashkil etish hamda bu boradagi qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yoʻnalishida:
giyohvandlik vositalarining qonuniy muomalasi ustidan taʼsirchan davlat nazoratini oʻrnatish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash va takliflar ishlab chiqish;
giyohvandlik vositalarining qonuniy muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiruvchi litsenziatlar ustidan samarali davlat nazoratini tashkil etish;
giyohvandlik vositalarini respublika hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazishga ruxsatnomalar rasmiylashtirilishi uchun tegishli qaror qabul qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
texnik kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va undan foydalanish faoliyati ustidan davlat nazoratini tashkil etish;
tibbiyot muassasalari va dorixonalarning giyohvandlik vositalaridan foydalanish amaliyotini nazorat qilish, farmatsevtika korxonalari, giyohvandlik vositalarining ulgurji va chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi subyektlar masʼuliyatini oshirishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish;
giyohvandlik vositalarini nazorat qilish yoʻnalishida huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga koʻmaklashish;
hududiy komissiyalar, davlat organlari va tashkilotlarning giyohvandlik vositalarini nazorat qilish sohasiga oid tahliliy material va tavsiyalarini koʻrib chiqish;
Milliy strategiya ijrosini samarali tashkil etishda respublika budjeti mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlari jalb etilishini taʼminlash choralarini koʻrish.
3-bob. Davlat komissiyasining huquq va majburiyatlari
13. Davlat komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari va tashkilotlardan giyohvandlikning holati, giyohvandlik vositalarining qonuniy va noqonuniy muomalasiga tegishli axborot, tahliliy va statistika maʼlumotlarini belgilangan tartibda bepul soʻrab olish;
giyohvandlikning holati, giyohvandlik vositalarining qonuniy va noqonuniy muomalasiga oid faoliyatni oʻrganishda mutaxassis jalb etish;
Oldingi tahrirga qarang.
giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq litsenziyaga ega yuridik shaxslar ustidan litsenziya talablariga rioya etish holatini oʻrganish jarayonida Agentlik ishtirokini taʼminlashga koʻmaklashish;
(13-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-noyabrdagi 732-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son)
giyohvandlik vositalarining qonuniy muomalasi ustidan nazorat oʻrnatish, noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish faoliyatida asoslantirilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida joylarda oʻrganishlarni tashkil etish;
giyohvandlik vositalarini nazorat qilish sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar, yillik milliy dasturlar, Davlat komissiyasi qarorlari va bayonlarida belgilangan topshiriqlar ijrosidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish yoki intizomiy choralar qoʻllash masalalarini koʻrib chiqish.
14. Davlat komissiyasi oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishiga masʼuldir.
4-bob. Davlat komissiyasi faoliyatini tashkil etish
15. Davlat komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tashkil etiladi va tugatiladi.
16. Davlat komissiyasiga Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri raislik qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri:
Davlat komissiyasiga yuklangan vazifalar bajarilishi boʻyicha komissiya aʼzolari ishini muvofiqlashtiradi;
Davlat komissiyasining kun tartibini belgilaydi va uning majlislarini chaqiradi;
Davlat komissiyasi qarorlari ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Agentlik direktori Davlat komissiyasi raisining oʻrinbosari hisoblanadi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-noyabrdagi 732-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son)
Oldingi tahrirga qarang.
18. Agentlik:
(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-noyabrdagi 732-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son)
Davlat komissiyasi majlislariga zarur materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishini tashkil etadi;
Davlat komissiyasining qarorlari bajarilishini nazorat qilishni va monitoring olib borilishini tashkil etadi va ularning natijalarini koʻrib chiqish uchun Davlat komissiyasiga taqdim etadi;
har chorakda Milliy strategiyani amalga oshirish boʻyicha milliy dasturlar ijrosi va respublikadagi giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq vaziyat yuzasidan umumlashtirilgan hisobotni Davlat komissiyasiga kiritadi;
Davlat komissiyasi bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Davlat komissiyasining aʼzolariga tegishli qismi boʻyicha tegishli davlat organlari va tashkilotlarga yuboradi;
davlat organlari va tashkilotlardan oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan axborot va materiallarni belgilangan tartibda oladi;
Davlat komissiyasida ish yurituvini taʼminlaydi;
yil yakuni boʻyicha Milliy strategiyaning ijrosi hamda respublikada giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijalarini aks ettiruvchi yillik milliy maʼruzani tayyorlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida muhokama qilish uchun kiritadi.
19. Davlat komissiyasi oʻz faoliyatini giyohvandlik holati, giyohvandlik vositalarining qonuniy va noqonuniy muomalasiga oid masalalar muhokamasiga bagʻishlangan majlislarni tizimli asosda oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiradi.
Davlat komissiyasi majlislari mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vakillari taklif etilgan holda zaruratga koʻra, biroq har chorakda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
Davlat komissiyasi majlisini komissiyasi raisi, u boʻlmaganda komissiya raisi oʻrinbosari oʻtkazadi.
Davlat komissiyasi aʼzolari giyohvandlik vositalari qonuniy muomalasi ustidan nazorat oʻrnatish, shuningdek, noqonuniy muomalasi va suiisteʼmoliga qarshi kurashishga oid chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan Davlat komissiyasi ishiga koʻmaklashadilar.
20. Davlat komissiyasining qarorlari Davlat komissiyasining majlisida ishtirok etadigan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
21. Koʻrib chiqilayotgan masalalar xususiyatidan kelib chiqqan holda Davlat komissiyasi majlisiga boshqa davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
22. Istisno hollarda, qarorlarni tezkorlik bilan qabul qilish zarurati yuzaga kelganda, Davlat komissiyasining raisi ayrim masalalar boʻyicha komissiya qarorlarini soʻrov yoʻli bilan tasdiqlashga vakolatli hisoblanadi.
23. Davlat komissiyasi qarorlari bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi. Davlat komissiyasi majlisi bayonnomasiga uning barcha aʼzolari tomonidan viza qoʻyiladi, masʼul kotib tomonidan imzolanadi hamda Davlat komissiyasining raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Davlat komissiyasi bayonnomasining asl nusxasi va unga ilova qilingan materiallar Agentlikda saqlanadi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-noyabrdagi 732-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son)
25. Davlat komissiyasi oʻz faoliyatini uning yangi tarkibi tasdiqlanguniga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining uning faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinguniga qadar amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-oktabrdagi 631-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha hududiy komissiya toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy nizom Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha hududiy komissiyaning (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiya) maqomi, vazifalari va funksiyalari, huquq va majburiyatlarini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Hududiy komissiya Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) hududlardagi faoliyatini tashkil etuvchi va ishini taʼminlovchi hududiy idoralararo kollegial organ hisoblanadi.
3. Hududiy komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Davlat komissiyasi qarorlari, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Hududiy komissiya giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha tuman (shahar) komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — tuman (shahar) komissiyalari), hududiy davlat organlari va tashkilotlarining sohaga oid faoliyatini oʻrganib, tahlil qilib boradi.
5. Hududiy komissiya oʻz faoliyatida Davlat komissiyasi oldida hisobdordir.
6. Hududiy komissiya quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha qaror qabul qilish vakolatiga ega:
hududiy komissiyaning namunaviy tarkibi asosida hududiy komissiya tarkibini shakllantirish, hududda giyohvandlik vositalarining suiisteʼmoli va noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish;
tuman (shahar) kesimida giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq vaziyatni chuqur oʻrganib borish va natijasidan kelib chiqib, uni sogʻlomlashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi tomonidan kiritilgan taqdimnomalar boʻyicha choralar koʻrish;
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-noyabrdagi 732-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son)
yillik ish rejalar, hududiy komissiya qarorlari va bayonlarida belgilangan topshiriqlar ijrosidan kelib chiqib, hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va xodimlarini hamda tuman (shahar) komissiyalari masʼullarini ragʻbatlantirish yoki intizomiy chora qoʻllash masalalarini koʻrib chiqish.
7. Hududiy komissiyaning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari hududiy davlat organlari va tashkilotlari hamda tuman (shahar) komissiyalari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
8. Hududiy komissiya oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda hududiy davlat organlari va tashkilotlari hamda tuman (shahar) komissiyalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
2-bob. Hududiy komissiyaning vazifa va funksiyalari
9. Hududiy komissiya:
giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq vaziyatning asosiy omillari hamda tendensiyalarini aniqlash va prognoz qilish orqali, giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olishga qaratilgan yillik va qisqa muddatli ish rejalarini ishlab chiqadi va ijrosini nazorat qilib boradi;
hududdagi narkovaziyatni kompleks baholash va natijasi asosida vaziyatni sogʻlomlashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
aholi orasida giyohvandlik va zaharvandlikning barvaqt profilaktikasi boʻyicha tuman (shahar) kesimida samarali chora-tadbirlarni belgilaydi;
giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq vaziyatni tuman (shahar) kesimida ilmiy-amaliy va axborot-tahliliy jihatdan chuqur oʻrganadi hamda natijasi boʻyicha tegishli tahliliy materiallar, taklif va tavsiyalar tayyorlaydi hamda Davlat komissiyasiga kiritadi;
hududdagi davlat organlari va tashkilotlari hamda tuman (shahar) komissiyasining giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi va suiisteʼmoliga qarshi kurashish faoliyatini muvofiqlashtiradi;
hududdagi davlat organlari va tashkilotlari hamda tuman (shahar) komissiyasi masʼul rahbarlarining ish rejalari ijrosi yuzasidan hisobotlarini eshitish va tanqidiy muhokama qilib boradi;
aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni, oʻquvchi va talabalar orasida psixotrop moddalarni isteʼmol qilishga murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini belgilaydi;
mahalla, qishloq, ovul, chegara hududlar va taʼlim muassasalarida giyohvandlik vositalarining suiisteʼmoli va noqonuniy aylanishining oldini olish, zaharvandlikning barvaqt aniqlash boʻyicha tizimli choralar koʻradi;
giyohvandlik vositalarining nazorat qilish samaradorligini oshirish yoʻnalishida milliy va xalqaro konferensiyalar hamda simpoziumlarni oʻtkazishga koʻmaklashadi;
hududdagi narkologiya muassasalari va huquqni muhofaza qilish organlarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga koʻmaklashadi.
3-bob. Hududiy komissiyaning huquq va majburiyatlari
10. Hududiy komissiya oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
hududdagi davlat organlari va tashkilotlari hamda tuman (shahar) komissiyasidan narkovaziyatning holati, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga tegishli axborot, tahliliy va statistika maʼlumotlarini belgilangan tartibda bepul soʻrab olish;
giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishda asoslantirilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida hududlarda oʻrganishlarni tashkil etish;
giyohvandlikning holati, giyohvandlik vositalarining qonuniy va noqonuniy muomalasiga oid faoliyatni oʻrganishda mutaxassis jalb etish.
11. Hududiy komissiya:
oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli hamda oʻz vaqtida bajarishi;
Davlat komissiyasi tomonidan giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq vaziyat yuzasidan beriladigan topshiriqlar ijrosini taʼminlashi;
hududda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Davlat komissiyasiga hisobot kiritib borishi;
hududdagi narkovaziyatni sogʻlomlashtirish boʻyicha choralarni samarali tashkil etish yuzasidan mahalliy budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar jalb etilishini taʼminlashi lozim.
4-bob. Hududiy komissiyaning faoliyatini tashkil etish
12. Hududiy komissiyaning namunaviy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
13. Hududiy komissiyaga tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari raislik qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari tegishli hududiy komissiya raisining oʻrinbosari hisoblanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari guruhi rahbari hududiy komissiya kotibi vazifasini bajaradi.
14. Hududiy komissiya oʻz faoliyatini giyohvandlikning holati, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga oid masalalarning muhokamasiga bagʻishlangan majlislarni tizimli asosda oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiradi.
15. Hududiy komissiya majlislari tegishli hududdagi davlat organlari va tashkilotlari hamda tuman (shahar) komissiya masʼul rahbarlari taklif etilgan holda zaruratga koʻra, biroq har chorakda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
16. Majlisni hududiy komissiya raisi, u boʻlmaganda hududiy komissiya raisining oʻrinbosari oʻtkazadi.
17. Hududiy komissiyaning qarorlari hududiy komissiyaning majlisida ishtirok etadigan aʼzolarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
18. Hududiy komissiyaning qarorlari uning majlisi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Hududiy komissiya majlisi bayonnomasiga uning barcha aʼzolari tomonidan viza qoʻyiladi, masʼul kotib tomonidan imzolanadi, hududiy komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-oktabrdagi 631-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1994-yil 30-apreldagi 229-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazini tashkil etish hamda narkotik moddalarning noqonuniy ishlatilishiga qarshi kurashuvchi huquqni muhofaza qilish organlari boʻlinmalarini mustahkamlash toʻgʻrisida” 1996-yil 7-noyabrdagi 382-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 30-apreldagi 229-son va 1996-yil 7-noyabrdagi 382-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 1997-yil 6-oktabrdagi 467-son qarori.
4. Vazirlar Mahkamasining “Respublika komissiyalari va kengashlari tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2004-yil 26-iyuldagi 358-son qaroriga 3-ilova.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2005-yil 22-yanvardagi 28-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash boʻyicha ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2010-yil 5-iyundagi 108-son qaroriga ilovaning 9-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 14-martdagi PF-5379-son Farmoni)” 2018-yil 29-maydagi 396-son qaroriga ilovaning 6 va 10-bandlari.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 29-apreldagi 366-son qarori)” 2020-yil 20-yanvardagi 36-son qaroriga ilovaning 3-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2024-y., 09/24/631/0779-son; 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son; 11.07.2026-y., 09/26/359/0724-son)