Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-iyundagi “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PF-84-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bosh prokurorga, zarur hollarda, Inspeksiyaning tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
2. Belgilansinki:
Inspeksiya faoliyati respublika budjeti va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi;
Inspeksiya boshligʻi maqomi, mehnatga haq toʻlash shartlari, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) boshligʻi oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
Inspeksiyaga Bosh prokuror oʻrinbosari — Departament boshligʻining taqdimnomasiga asosan Bosh prokuror tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi;
Inspeksiya Bosh prokurorga hamda Bosh prokuror oʻrinbosari — Departament boshligʻiga boʻysunuv va hisobdorlik asosida faoliyat koʻrsatadi;
Inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga ega boʻladi;
Inspeksiya xodimlari Inspeksiya boshligʻining taqdimnomasiga asosan Bosh prokuror oʻrinbosari — Departament boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
prokuratura organlari xodimlari xizmatda qoldirilgan holda Inspeksiyada lavozimga tayinlanishi mumkin. Bunda lavozimga tayinlangan xodimning faoliyat davri navbatdagi darajali unvon berish, koʻp yillik xizmati uchun ustama haq toʻlash, maoshini belgilash, pullik taʼminot va pensiya tayinlash huquqini berish uchun prokuratura organlaridagi xizmat stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Belgilansinki, Inspeksiyada xizmatni oʻtash tartibi Bosh prokuror tomonidan belgilanadi. Bunda xodimlarni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etishda Departament organlariga xizmatga qabul qilish va xizmatdan boʻshatish talablari va shartlari tatbiq etiladi.
3. Inspeksiyaning yuridik shaxs tashkil etmagan holda budjetdan tashqari jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) quyidagilar Jamgʻarmani shakllantirish manbalari hisoblanadi:
alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarganlik yoki isteʼmol etil spirti hamda alkogol mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi uchun undiriladigan jarima summasining 50 foizi;
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, ulgurji va chakana savdo yoʻnalishida litsenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar;
isteʼmol va texnik etil spirtidan maqsadsiz foydalanilganlik uchun undiriladigan moliyaviy jarima summasining 20 foizi;
isteʼmol va texnik etil spirtini transport vositalarida tashish boʻyicha litsenziya talablarini buzganlik uchun undiriladigan moliyaviy jarima summasining 50 foizi;
tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya berganlik uchun davlat boji, shuningdek, isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishga, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosini amalga oshirishga litsenziyalar berish uchun toʻlanadigan yigʻimlar va yillik litsenziya toʻlovlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari (qarzlari) va grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
b) Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilarga yoʻnaltiriladi:
Inspeksiyaning samarali faoliyatini taʼminlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va ularga qoʻshimcha haq toʻlash;
alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini monitoring va nazorat qilish imkonini beruvchi videokuzatuv vositalarini oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlar;
alkogol va tamaki bozori holatini tahlil qilishga sohada amaliy ish tajribaga ega boʻlgan mahalliy va (yoki) xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda tadqiqotlar oʻtkazish;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tadbirlar.
5. Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash choralari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Departament ikki oy muddatda:
a) Inspeksiyaning yuqori malakali kadrlar bilan, birinchi navbatda, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va realizatsiya qilish sohasida amaliy ish tajribasiga ega va Inspeksiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir shaxslar orasidan toʻldirilishini;
b) Inspeksiya xodimlari samarali faoliyat koʻrsatishi uchun mebel, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va boshqa jihozlar bilan taʼminlasin.
Bunda ushbu kichik bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan xarajatlar Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
v) quyidagilarni tasdiqlashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom;
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining budjetdan tashqari jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom;
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishni va ularning aylanmasini nazorat qilish boʻyicha xavfni tahlil etish avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
7. Departament Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-yanvarga qadar quyidagi axborot tizimlari (keyingi oʻrinlarda — hisobga olish axborot tizimi) amalda joriy etilishini taʼminlasin:
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasi hajmini hisobga olish axborot tizimi;
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishni va ularning aylanmasini nazorat qilish boʻyicha xavfni tahlil qilish tizimi;
isteʼmol va texnik etil spirti tashuvchi avtotransport vositalari harakatini markazlashtirilgan tarzda monitoring va nazorat qilish imkoniyatiga ega geoaxborot tizimi.
Bunda:
Oldingi tahrirga qarang.
hisobga olish axborot tizimlari “Unicon-Soft” MCHJ tomonidan ishlab chiqiladi;
(7-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son)
2025-yil 1-yanvarga qadar hisobga olish axborot tizimlari oʻzaro axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish uchun Soliq qoʻmitasi, Bojxona qoʻmitasi, Kadastr agentligi, “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ, “Asl belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “Asl belgisi” axborot tizimi) hamda boshqa manfaatdor idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.
Ushbu axborot tizimlarini ishlab chiqish hamda tizim ishlashi uchun zarur infratuzilmani yaratish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish Inspeksiyaning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
8. Departament:
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda 2025-yil 1-yanvarga qadar isteʼmol va texnik etil spirti hamda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalarida realizatsiya qilingan etil spirti hamda ishlab chiqarilgan alkogol mahsulotlari miqdorining onlayn hisobini yuritadigan elektron hisoblagichlarga muvofiqlik sertifikatini berish hamda oʻlchov uskunalarining hisobga olish axborot tizimiga integratsiya qilinishini taʼminlasin. Bunda hisobga olish axborot tizimi bilan integratsiya qilinmagan va axborot (maʼlumot) berilishi taʼminlanmagan taqdirda, isteʼmol va texnik etil spirti hamda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish uchun berilgan litsenziya bekor qilinadi;
2024-yil 1-avgustga qadar isteʼmol va texnik etil spirti hamda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish normalarini qayta koʻrib chiqish orqali xalqaro talablarga muvofiqlashtirsin;
ikki oy muddatda isteʼmol va texnik etil spirti hamda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish, idishlarga quyish, saqlash va ulgurji sotishni hisobga olish hamda nazorat qilishga doir yangi tahrirdagi nizom loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda Ichki ishlar vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda savdo subyektlari tomonidan qonun talablarini buzish holatlarini hamkorlikda aniqlash hamda oʻzaro axborot almashish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
9. Soliq qoʻmitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-iyulga qadar oʻz ehtiyojlarida texnik spirtni olish uchun sarflangan etil spirtining boshlangʻich fraksiyasiga aksiz soligʻini hisoblashni takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. Soliq qoʻmitasi:
a) Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Asl belgisi” axborot tizimi operatori bilan birgalikda ikki oy muddatda:
“Asl belgisi” axborot tizimi maʼlumotlari asosida raqamli markirovkalangan mahsulotlarni tizimga kiritish, ularning harakatini avtomatlashtirilgan tarzda tahlil va nazorat qilish imkonini beruvchi dasturiy mahsulotni ishlab chiqsin;
quyidagilarni nazarda tutgan holda “Asl belgisi” axborot tizimini takomillashtirsin:
ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan raqamli markirovkalangan mahsulotlarning hisobini toʻgʻri yuritish hamda mahsulotlar harakati zanjirini axborot tizimida toʻliq va haqqoniy aks ettirish;
mahsulotlar harakati zanjirini axborot tizimida toʻliq va haqqoniy aks ettirish maqsadida raqamli markirovkalangan mahsulotlar aylanmasi ishtirokchilarining aniq faoliyat manzili, shu jumladan, mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash va realizatsiya qilish manzillari hisobini toʻgʻri yuritish;
shubhali holatlarni aniqlash va bunday maʼlumotlarni soliq organlariga avtomatlashtirilgan tarzda taqdim etish;
b) Raqamli texnologiyalar vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda litsenziya (ruxsat etish, xabarnoma hujjati), raqamli markirovka kodlarini toʻgʻri oʻqishni va aniqlashni taʼminlovchi maxsus qurilmalar mavjudligi, “Asl belgisi” axborot tizimida roʻyxatdan oʻtganligi hamda raqamli markirovka kodlari toʻgʻri aks ettirilishini elektron hisobvaraq-fakturada avtomatik tekshirish tizimini joriy etsin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Milliy statistika qoʻmitasi Inspeksiyani statistik axborot majburiy tarqatiladigan reyestrga kiritsin, shuningdek, belgilangan tartibda doimiy asosda Inspeksiya soʻrovlariga muvofiq, uni zarur qoʻshimcha statistik axborot bilan taʼminlasin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
12. Belgilansinki, Inspeksiyani saqlash va axborot tizimini yaratish bilan bogʻliq xarajatlar joriy yilda Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasining 2024-yil boshiga qoldiq mablagʻlarining 25 milliard soʻm miqdoridagi qismi hisobidan moliyalashtiriladi, 2025-yildan boshlab esa tegishli yil uchun Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutiladi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir hafta muddatda Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 25 milliard soʻm mablagʻ Inspeksiyaning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga oʻtkazilishini taʼminlasin.
13. Inspeksiya Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Taraqqiyot 1-berk koʻchasi, 8-uy manzilidagi binoga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
14. Ichki ishlar vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Bojxona qoʻmitasi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Inspeksiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda unga har tomonlama koʻmaklashsin.
15. Departament manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh prokuror N.T. Yoʻldoshev belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 3-iyun,
PQ-204-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-iyundagi PQ-204-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining
TUZILMASI

Boshliq

Yordamchi

Alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarilishi va aylanmasini nazorat qilish boshqarmasi

(7)

Boshliq oʻrinbosari

Litsenziyalash boʻlimi

(3)

Xavfni tahlil qilish boʻlimi

(3)

Raqamlashtirish va axborot xavfsizligini taʼminlash boʻlimi

(3)

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ijro intizomi boʻlimi

(2)

Texnik va texnologik normalarga rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha vakolatli organlar bilan hamkorlik boʻlimi

(3)

Bosh yuriskonsult

(2)

Matbuot kotibi

Birinchi boʻlim

Ishlar boshqarmasi

Bosh hisobchi

Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 30 nafar.
Texnik va yordamchi xodimlar soni belgilangan meʼyorlarga muvofiq aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-iyundagi PQ-204-son qaroriga
2-ILOVA
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash
CHORALARI
1. Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) xodimlarining ish haqi fondi quyidagilar hisobidan shakllantiriladi:
Yagona tarif setkasi boʻyicha tasdiqlangan razryadlarga muvofiq lavozim maoshi;
lavozim maoshining 40 foizi miqdorida ustama (mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti);
uzoq muddat uzluksiz xizmati uchun lavozim maoshiga 20 foizdan 60 foizgacha miqdorda ustama;
oʻz vazifalarini vijdonan, shuningdek, alohida muhim va masʼuliyatli ishlarni bajarayotgan xodimlarni mehnatga haq toʻlash fondi doirasida mukofotlash;
yilda bir marta oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorida moddiy yordam koʻrsatish;
moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlari hisobidan shaxsiy ustamalar.
2. Inspeksiya xodimlariga budjetdan tashqari jamgʻarma mablagʻlari hisobidan quyidagi miqdorlarda uzoq muddat uzluksiz xizmati uchun har oylik lavozim maoshiga ustama toʻlanadi (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):
1 yildan 5 yilgacha — 0,2;
5 yildan 10 yilgacha — 0,3;
10 yildan 20 yilgacha — 0,4;
20 yildan ortiq — 0,6.
Bunda, koʻp yillik ishlaganlik uchun ustama olish huquqini beruvchi ish staji Inspeksiya boshligʻi tomonidan tasdiqlanadigan tartib asosida amalga oshiriladi.
3. Inspeksiya xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlari ilovaga muvofiq miqdorda qoʻllanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Inspeksiya xodimlarining yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti — 1,5 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllanadi.
5. Inspeksiyasi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Bosh prokuror tomonidan tasdiqlanadi.
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha choralarga
ILOVA
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning yagona tarif setkasi boʻyicha
RAZRYADLARI

Lavozimlar nomi

Razryadlar

Inspeksiya boshligʻi

19

Inspeksiya boshligʻining oʻrinbosari

17

Boshqarma boshligʻi

14

Boʻlim boshligʻi (bosh hisobchi)

13

Bosh mutaxassis (bosh inspektor, inspeksiya boshligʻi yordamchisi)

11

Yetakchi mutaxassis

10

Mutaxassis

9

Izoh:
Inspeksiya boshligʻining razryadi belgilangan tarif stavkasidan 3 foizga kam miqdorda boʻladi.
Boshqarma va boʻlim boshligʻi oʻrinbosarining razryadlari tegishlicha boshqarma va boʻlim boshligʻining tarif stavkalaridan 5 foizga kam miqdorda boʻladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2024-y., 07/24/204/0398-son; 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son; 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)