|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING TAShQI IQTISODIY FAOLIYATI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun yangi tahrirda qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 77-II-son “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 30-sentabrdagi 364-XII-son “O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi (asosiy qonuni)ga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan “O‘zbekiston SSR” degan so‘zlar tegishli kelishikda “O‘zbekiston Respublikasi” degan so‘zlar bilan almashtirilgan. Shuningdek, “Qoraqalpog‘iston ASSR” degan so‘zlar tegishli kelishikda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi” degan so‘zlar bilan almashtirilgan.
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining asosiy qoidalarini va bu faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi. Qonun mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchilarining huquqlari, manfaatlari va mol-mulki xalqaro huquqning hamma tomonidan e’tirof etilgan normalariga muvofiq muhofaza qilinishini ta’minlaydi, respublika iqtisodiyoti jahon iqtisodiy sistemasiga samarali ravishda qo‘shilishi uchun huquqiy asos yaratib beradi.
Ushbu Qonun tashqi iqtisodiy aloqalarning barcha turlari va shakllariga, shu jumladan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikka, kadrlar tayyorlashga, tashqi savdo va chegara savdosiga, sug‘urta, bank, transport operatsiyalariga, sayyohlikka va xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasidagi boshqa faoliyatga nisbatan amal qiladi.
I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat
Oldingi tahrirga qarang.
Tashqi iqtisodiy faoliyat deganda O‘zbekiston Respublikasi davlat idoralarining, yuridik va jismoniy shaxslarining xorijiy davlatlar, ularning yuridik va jismoniy shaxslari, xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro foydali hamkorlik o‘rnatishga, bunday hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan jami amaliy harakatlari tushuniladi.
(1-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatning subyekti sifatida
O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga:
tashqi iqtisodiy faoliyatni tashkil etishning qonun asoslarini belgilash;
tashqi iqtisodiy siyosatni, shu jumladan valyuta-kredit siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi valyuta fondini shakllantirish va undan foydalanish;
tashqi iqtisodiy iqtisodiy faoliyat sohasida xalqaro shartnomalar tuzish va ularni ijro etish;
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida respublikaning, uning yuridik shaxslari va fuqarolarining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish;
respublika hududida chet ellik investorlar faoliyati uchun huquqiy kafolatlarni belgilash;
O‘zbekiston Respublikasi nomidan xalqaro iqtisodiy tashkilotlar va birlashmalarda vakillik qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan boshqa vakolatlar kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuniga muvofiq chiqarib tashlangan — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlar bilan tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi munosabatlarining asosiy qoidalari
(3-moddaning tartib raqami O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatni:
barcha davlatlar, chet el yuridik va jismoniy shaxslari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik o‘zaro manfaatliligi;
tomonlarning tengligi;
tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha sheriklarning ichki ishlariga aralashmaslik;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan bitimlar bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlarni halol va aniq bajarish prinsiplari;
hamma tomonidan e’tirof etilgan boshqa xalqaro normalar, qoidalar va shartlarga rioya etgan holda amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
4-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat obyektlari
Hamma turdagi resurslar, xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlari va sohalarida yaratiladigan tovarlar hamda ko‘rsatiladigan xizmat, qimmatbaho qog‘ozlar, fan-texnika mahsulotlari, intellektual va boshqa boyliklar. O‘zbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatning obyektlaridir, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan tashqi iqtisodiy faoliyatda foydalanish man etiladigan obyektlar bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
5-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari
(5-moddaning tartib raqami O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Mulkchilikning shakllaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy aloqalarning ishtirokchilari sifatida ro‘yxatga olinib, respublika hududida yoki uning tashqarisida ish olib borayotgan yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan ajnabiy yuridik va jismoniy shaxslar, xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining subyektlari bo‘lishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar subyektlarini ro‘yxatga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Ro‘yxatga olishni rad etish konkret iqtisodiy yoki boshqa hisob-kitoblar va dalillar bilan asoslab berilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
6-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga soladigan qonun normalari va boshqa normalar
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlar ushbu Qonun, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hamda bitimlari, shuningdek xalqaro normalar, qoidalar va shartlar bilan tartibga solinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
7-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vakolatlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vakolatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan belgilanadi.
II. TAShQI IQTISODIY FAOLIYATNI AMALGA OShIRISh
Oldingi tahrirga qarang.
8-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlari
(8-moddaning tartib raqami O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Mulkchilikning shakllari va tashqi iqtisodiy faoliyatining turlaridan qat’i nazar, tashqi iqtisodiy faoliyatning barcha subyektlari tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda teng huquqlarga egadir.
Tashqi iqtisodiy faoliyatning har bir subyekti amal qilib turgan qonunlar doirasida tashqi iqtisodiy aloqalardagi o‘z ishtirokining turlari, shakllari va yo‘nalishlarini mustaqil belgilashi, o‘z xohishiga qarab tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarni belgilangan tartibda shartnoma asosida yoki boshqacha tarzda haq to‘lab yoxud to‘lamasdan jalb etishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy faoliyatining har bir subyekti O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyatning natijalariga, shu jumladan chet el valyutasidagi daromadga egalik qilishga, ulardan foydalanishga va ularni tasarruf etishga haqlidir. Uning qaroriga ko‘ra tashqi iqtisodiy faoliyatning natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish huquqlari qonunlarda belgilangan tartibda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga o‘tkazilishi yoxud ularga ishonib topshirilishi mumkin. Huquqlar ana shu tarzda o‘zgaga o‘tkaziladigan taqdirda tomonlar o‘zaro munosabatlarni shartnomalar (bitimlar) asosida tartibga oladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
9-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining vazifalari
(9-moddaning tartib raqami O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyekti:
O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qilib turgan qonun normalari va normalarga, hamma tomonidan e’tirof etilgan xalqaro normalar va qoidalarga rioya etishi;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy aloqalarning ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi hamda buxgalteriya va statistika hisobotlarini taqdim etishi;
xalqaro hamkorlik doiralarida bajarilayotgan ishlar, qidiruv ishlari va loyihalarning sanitariya-gigiyena, ekologiya talablari va boshqa talablarga muvofiqligi haqida ekspertiza xulosasini olishi;
ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tashqi iqtisodiy faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
10-modda. O‘zbekiston Respublikasi banklarining tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdagi ishtiroki
O‘zbekiston Respublikasining to‘lov balansini tartibga solish, chet el valyutasidagi mablag‘larni jalb etish va joylashtirish bilan bog‘liq xalqaro valyuta-kredit hamda hisob-kitob operatsiyalarining tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hisob-kitob-kredit, kassa operatsiyalari va boshqa operatsiyalar O‘zbekiston Respublikasi davlat bankining litsenziyalari bo‘yicha ajnabiy yuridik va jismoniy shaxslar uchun so‘m bilan yuritiladigan hisob raqamlari, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun esa valyuta bilan yuritiladigan hisob raqamlarini ochish huquqiga ega bo‘lgan tijorat banklari, boshqa banklar va bank muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
11-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi iqtisodiy faoliyat
O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va ayrim fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan korxonalar, shuningdek shu’balar, vakolatxonalar va boshqa alohida bo‘linmalar barpo etishga haqlidirlar. Ularni ochish va ular faoliyatini to‘xtatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, shuningdek hududida bu korxonalar ish olib boradigan davlatning qonunlari bilan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasining, uning shaxslari va fuqarolarning huquqi hamda manfaatlarini ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida bevosita o‘zaro foydali aloqalarni o‘rnatish maqsadida xorijiy davlatlarda xalqaro tashkilotlar huzurida O‘zbekiston Respublikasining savdo yoki o‘zga vakolatxonalari ta’sis etilishi mumkin. Bu vakolatxonalar o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, o‘zlari to‘g‘risidagi nizomga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hamda vakolatxona joylashgan davlatlar ishtirokida bo‘lgan xalqaro shartnomalarga amal qiladi. O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalari to‘g‘risidagi nizomni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
12-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida ajnabiy subyektlar ishtirokidagi tashqi iqtisodiy faoliyat
O‘zbekiston Respublikasi hududida uning qonunlariga muvofiq chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar, O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning yuridik shaxslari hamda fuqarolari ishtirokida xalqaro iqtisodiy tashkilotlar va moliya tashkilotlari tuzilishi mumkin.
Chet davlatlar, firmalar, banklar, xalqaro tashkilotlar hamda o‘zga yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiruvchi o‘z vakolatxonalarini , shu’balarini va o‘zga tarmoq bo‘linmalarini ta’sis etishlari mumkin.
Ularni ochish va ular faoliyatini to‘xtatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasida erkin iqtisodiy zonalar tuzilishi mumkin, bu zonalarda xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish shartlari O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
III. TAShQI IQTISODIY FAOLIYATNING DAVLAT TOMONIDAN TARTIBGA SOLINIShI
Oldingi tahrirga qarang.
13-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish shakllari
Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish:
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni;
tabaqalashtirilgan soliqlar va imtiyozlar sistemasini, shu jumladan valyuta bo‘yicha ham belgilanishni;
tashqi iqtisodiy faoliyatni axborot bilan ta’minlashning davlat sistemasini yaratishni;
ayrim mintaqalar, tarmoqlar va korxonalarning tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish va rivojlantirishi uchun dotatsiyalar, subsidiyalar, subvensiyalar, budjetdan qarz berish tarzida moliyaviy yordam ko‘rsatishni, tavakkalchilikni sug‘urta qilishni;
respublika tashqi iqtisodiy aloqalarining turli shakllarini rivojlantirishga qaratilgan aniq maqsadli kompleks dasturlarni ishlab chiqish, pul bilan ta’minlash va ekspertiza qilishni;
O‘zbekiston Respublikasiga olib kelinadigan va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketiladigan tovarlar va boshqa mol-mulklarni hujjatlashtirishni;
mahsulotni (ishlarni, xizmatlarni) eksport va import qilish tartibini belgilashni;
valyuta va boshqa fondlar mablag‘larini vujudga keltirish va ulardan foydalanishni o‘z ichiga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasida davlat idoralarining vakolatlari va mas’uliyati
(14-moddaning tartib raqami O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Ushbu Qonunning ijrosini tashkil etishni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi vakolatli davlat idoralari orqali amalga oshiradi.
Bu idoralarning tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasidagi vakolatlari va mas’uliyati amaldagi qonunlar bilan belgilanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining xo‘jalik faoliyatiga hokimiyat idoralari va davlat boshqaruvi idoralarining, shuningdek mansabdor shaxslarning o‘z vakolat doirasidan ortiqroq darajada aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
15-modda. Valyuta bilan o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash
(15-moddaning tartib raqami O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining barcha valyuta xarajatlari ularning valyuta tushumlari, shuningdek chet el valyutasini olishning qonunlarda ruxsat etilgan boshqa manbalaridan kelgan mablag‘lar hisobidan ta’minlanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining o‘z xarajatlarini valyuta bilan o‘zi qoplashi ular ishtirokida yaratiladigan uyushmalar, konsorsiumlar va boshqa birlashmalar doirasida ta’minlanishi mumkin.
IV. TAShQI IQTISODIY FAOLIYAT SUBYEKTLARI HUQUQLARINING KAFOLATI VA ULARNING JAVOBGARLIGI
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari huquq va manfaatlarining kafolati
(16-moddaning tartib raqami O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining qonuniy manfaatlari ta’minlanishga kafolat beradi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat idoralari tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining Ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini buzuvchi hujjatlar qabul qilgan taqdirda, ularda keltirilgan zarar O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va hamma tomonidan e’tirof etilgan xalqaro huquq normalariga muvofiq sud tartibida shu idoralar tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlariga to‘lanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni to‘xtatib turish va to‘xtatish
Ushbu Qonunning 5-moddasida belgilab qo‘yilgan subyektlarning tashqi iqtisodiy faoliyati ularni ro‘yxatga olgan idoraning taqdimnomasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 6 (olti) oygacha muddatda to‘xtatib turilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari buzilgan, subyekt singan hollarda hamda ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa asoslarga ko‘ra subyektlarning tashqi iqtisodiy faoliyati mustaqil ravishda yoki sud qarori bilan to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Bunday hollarda zararni qoplash tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni to‘xtatib turish yoki to‘xtatish haqidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat berilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
18-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining javobgarligi
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining majburiyatlari bo‘yicha davlat javobgar bo‘lmaydi. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari davlat majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar.
Shartnoma majburiyatlariga rioya etmagan taqdirda tashqi iqtisodiy faoliyatning subyektlari qonunlarda va tuzilgan shartnomalarda ko‘zda tutilgan mulkiy va boshqacha javobgar bo‘ladilar.
Shartnoma talablarini buzganlik uchun jarimalarni to‘lash, shuningdek keltirilgan zararni qoplash aybdor tomonni majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi, basharti qonunda yoki shartnomada o‘zga hol nazarda tutilmagan bo‘lsa.
Oldingi tahrirga qarang.
19-modda. Nizolarni hal etish
(19-moddaning tartib raqami O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish natijasida kelib chiqadigan nizolar sudlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida va hamma tomonidan e’tirof etilgan xalqaro huquq normalarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
20-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik
(20-moddaning tartib raqami O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Ushbu Qonunning va tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlarining qoidalarini buzganlik uchun aybdorlar O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq grajdanlik-huquqiy, ma’muriy tartibda va jinoiy javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 14-iyun,
285-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 8-son, 182-modda; 11-son, 273-modda; 1992-y., 9-son, 335-modda)