Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakat iqtisodiyotining raqamli sektori kengayib, uning asosiy oʻsish omillari hisoblangan elektron tijorat platformalari, raqamli servislar va ularda amalga oshiriladigan toʻlovlarni sifatli va xavfsiz qayta ishlash bilan bogʻliq moliyaviy texnologiyalar shiddat bilan rivojlanmoqda.
Shu bilan birga, keyingi vaqtlarda bank kartalaridan foydalangan holda oʻgʻrilik yoki firibgarlik holatlarining koʻpayishi aholining raqamli moliyaviy savodxonligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasi yetarli emasligi, tijorat banklari, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarida huquqbuzarliklarning oldini olishning zamonaviy tizimlari mavjud emasligidan dalolat bermoqda.
Raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish, shuningdek, aholining raqamli moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida:
1. Belgilansinki:
a) 2024-yil 1-iyuldan boshlab toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi va faoliyat koʻrsatishi boʻyicha talablar kiritiladi;
b) toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori:
2024-yil 1-iyuldan boshlab — toʻlov tizimi operatorlari uchun 50 mlrd soʻmni, toʻlov tashkilotlari uchun 10 mlrd soʻmni;
2025-yil 1-iyuldan boshlab — toʻlov tashkilotlari uchun 20 mlrd soʻmni tashkil etadi;
v) “Milliy banklararo protsessing markazi” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushi toʻliq Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkaziladi;
g) Raqamli texnologiyalar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining elektron tijoratni tartibga solish va rivojlantirish sohasidagi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini tartibga solish sohasidagi vazifa, funksiya va vakolatlari Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) oʻtkaziladi.
2. Oʻgʻrilik, firibgarlik va boshqa huquqbuzarliklarga oʻz vaqtida chek qoʻyish maqsadida Markaziy bankka tijorat banklari, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlariga bank kartalari bilan bogʻliq shubhali (frod) operatsiyalar sodir etilgan taqdirda, bank kartalari, bank hisobvaraqlari va mobil ilovalardagi hisobvaraqlardan foydalanishni uch kungacha muddatga vaqtincha cheklash toʻgʻrisida majburiy koʻrsatmalar berish vakolati berilsin.
3. Markaziy bank manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
tijorat banklari, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan fuqarolarga onlayn xizmatlar koʻrsatishda texnik himoya usullarini takomillashtirish, antifrod tizimlarini joriy etish, ketma-ket uch yoki undan ortiq oʻtkazmalar nazoratini avtomatlashtirish, bank kartalaridan foydalanishni hamda jismoniy shaxslar oʻrtasida katta miqdordagi pul oʻtkazmalarini qoʻshimcha biometrik va boshqa himoya choralarini qoʻllagan holda nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish;
zamonaviy tahdidlar, bank kartalari (karta rekvizitlari) bilan, shu jumladan elektron toʻlov tizimlari orqali noqonuniy operatsiyalarning oldini olish uchun aholining raqamli moliyaviy savodxonligini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqib, tasdiqlasin.
4. Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlariga “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
mablagʻlarni oluvchi tomonidan qimor oʻyinlari tashkil etish va oʻtkazish faoliyati hamda kapital harakati operatsiyalari amalga oshirilayotganligi toʻgʻrisidagi toʻlov tizimining operatsiya kodi yoki boshqa identifikatorlar belgilanganligi haqida maʼlumotlar mavjud boʻlganda, tijorat banklari tomonidan bank kartasi yordamida Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisida joylashgan mablagʻlarni qabul qiluvchiga transchegaraviy oʻtkazish taqiqlanadi;
Agentlik murojaatlari asosida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan qonunga xilof ravishda qimor oʻyinlarida qatnashish hamda kapital harakati operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beruvchi Internet tarmogʻidagi axborot resurslari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi reyestriga kiritiladi.
6. Bosh prokuratura Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Agentlik, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga raqamli texnologiyalar vositasida jinoyat sodir etilgan joy va usulini aniqlashning jinoiy va jinoyat-protsessual asoslarini, elektron (raqamli) dalillarni aniqlash, toʻplash, tekshirish, ekspertiza qilish, hisobga olish va saqlash tartibini takomillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
7. Ichki ishlar vazirligi Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish metodikasini tasdiqlasin.
8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmati manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2024-yil 1-aprelga qadar axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin. Bunda:
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarning oldini olish boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan davlat oliy taʼlim muassasalarini aniqlash, ushbu soha boʻyicha kadrlarni tayyorlash davlat buyurtmasi parametrlarida davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlarini belgilash;
Huquqni muhofaza qilish akademiyasida, Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish institutida hamda Davlat xavfsizlik xizmatining taʼlim muassasalarida tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovoldi tekshirishni, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha doimiy kurslarni tashkil etishni nazarda tutsin.
9. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 30-noyabr,
PQ-381-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-noyabrdagi PQ-381-son qaroriga
ILOVA
Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”

T/r

Tadbir nomlanishi

Amalga oshirish mexanizmi

Amalga oshirish shakli

Ijro muddati

Masʼul ijrochilar

1.

Onlayn savdo platformalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda amalga oshirilayotgan elektron tijoratda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlash.

1. Barch� onlayn savdo platformalarining sotuvchi va xaridorlarining mulkiy manfaatlarini kafolatlashga qaratilgan metodologiyani oʻrganish, tahlil qilish, shu jumladan:

onlayn savdo platformalarida tomonlar mulkiy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash tartibotini oʻrnatish;

onlayn savdo platformalari faoliyatini baholash reytingini ishlab chiqish va eʼlon qilish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2024-yil yanvar

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi

(ILMA),

Markaziy bank,

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

2. Elektron savdo maydonchalari (raqamli marketpleys) faoliyatini tashkil etish uchun ruxsat etish tartib-tamoyillarini belgilash. Banklar tomonidan berilgan EPOS terminallarida qonunga zid ravishda faoliyat olib borgan tashkilotlarga nisbatan ularning faoliyatini cheklashgacha boʻlgan taʼsirchan choralarni koʻrish.

Qonun loyihasi

2024-yil fevral

3. Qonunchilikda belgilangan talablarga rioya qilmasdan ijtimoiy tarmoqlarda va onlayn savdo platformalarida elektron tijorat tashkil etish holatlari uchun huquqiy taʼsir choralarini koʻrish boʻyicha yagona mexanizmni ishlab chiqish va tasdiqlash. Bunda quyidagilarga eʼtibor qaratiladi:

soliq idoralari, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Ishchi guruh tashkil etish hamda ijtimoiy tarmoqlarda va onlayn savdo platformalarida elektron tijorat tashkil etish holatlarini aniqlash boʻyicha samarali faoliyatni yoʻlga qoʻyish;

ijtimoiy tarmoqlarda tashkil etilgan savdo maydonlaridan foydalanishda sotuvchi va xaridorning mulkiy huquqlari kafolatlanmaganligini aholi orasida keng tushuntirish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2024-yil may

Soliq qoʻmitasi,

ILMA,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

2.

Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish.

Quyidagi talablarni joriy etish:

a) 2024-yil 1-iyuldan boshlab toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarini faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etish;

b) ustav kapitalning eng kam miqdori 2024-yil 1-iyuldan boshlab toʻlov tizimi operatorlari uchun 50 mlrd soʻm, toʻlov tashkilotlari uchun 10 mlrd soʻm va 2025-yil 1-iyuldan boshlab 20 mlrd soʻm.

Qonun loyihasi

2024-yil yanvar

Markaziy bank,

ILMA,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Adliya vazirligi,

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

3.

Toʻlov tizimlari operatorlari faoliyati uchun teng raqobat muhitini taʼminlash

Toʻlov tizimlari operatorlari faoliyati uchun teng raqobat muhitini taʼminlashga qaratilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Kompleks chora-tadbirlar dasturi

2024-yil mart

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi,

Raqobat qoʻmitasi

4.

Banklar, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarida antifrod tizimlarini joriy etish.

1. Toʻlov tizimi operatorlarida tranzaksion antifrod tizimini hamda banklar va toʻlov tashkilotlarida session antifrod tizimlaridan foydalanish uchun Markaziy bankda markazlashgan antifrod tizimini joriy etish.

Kompleks chora-tadbirlar dasturi

2023-yil dekabr

(dasturni tasdiqlash)

Markaziy bank,

Banklar assotsiatsiyasi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi,

ILMA

2. Zamonaviy biometrik identifikatsiya tizimini qoʻllagan holda, Markaziy bankda mijozlarni identifikatsiya qilish tizimini joriy etish.

3. SIM-karta, mobil qurilma IMEI-kodi, Internet tarmogʻi (rouming) orqali maʼlumotlarni identifikatsiya qilish tizimini banklar, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarida joriy etish.

4. Banklar va toʻlov tizimlarining mobil ilovalaridagi xavfsizlik darajasini oshirish (yangi roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchining 1 soatgacha mablagʻlarni oʻtkazish imkoniyatini cheklash va asosiy foydalanuvchiga uning profiliga kirilganlik haqida darhol SMS-xabar yuborish, mobil qurilmalar xususida IMEI, IMSI, DeviceID va boshqa qoʻshimcha maʼlumot yigʻish).

5. Foydalanuvchilarning SMS-xabarlar orqali olinadigan bir martalik (one time password) parollarini himoya qilish mexanizmini joriy etish.

6. Bank kartalaridan mablagʻlarni oʻgʻirlash holatlari haqida kelib tushayotgan murojaatlar boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralarni (bloklash va boshqalar) koʻrish.

2024-2025-yillar

(dastur ijrosini taʼminlash)

5.

Bank karta maʼlumotlarini xavfsizligini kuchaytirish.

Internet tarmogʻidagi axborot resurslarida bank karta maʼlumotlari tarqalishi boʻyicha xabardor boʻlish hamda ularni monitoring qilish maqsadida zamonaviy dasturiy vositalarni joriy etish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2024-yil dekabr

Markaziy bank

6.

Jinoyat ishlari doirasida kripto-aktivlarni olib qoʻyish, xatlash, saqlash hamda topshirish tartibini belgilash.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishda yoki jinoyatlarni tergov qilish davomida aniqlangan kripto-aktivlarni olib qoʻyish, xatlash, saqlash hamda topshirish tartibini belgilash.

Kripto-aktivlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashadigan huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kripto-hamyonlar ochish va ularni yuritish tartibini joriy qilish.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

2024-yil yanvar

Ichki ishlar vazirligi,

Bosh prokuratura,

ILMA,

Adliya vazirligi

7.

Tergovchiga abonentlar yoki abonent qurilmalari oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisida axborotni mustaqil olish vakolatini berish.

Jinoyat-protsessual kodeksini tergov harakati sifatida abonentlar yoki abonent qurilmalari oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisida axborot olishni nazarda tutuvchi norma bilan toʻldirish.

Qonun loyihasi

2024-yil mart

Ichki ishlar vazirligi,

Bosh prokuratura,

Davlat xavfsizlik xizmati

8.

Elektron dalillarni rasmiylashtirish tartibini takomillashtirish.

“Elektron (raqamli) dalil” tushunchasi, ularni aniqlash, toʻplash, tekshirish, ekspertizadan oʻtkazish, baholash, qayd etish, saqlash tartiblari va bu jarayonda ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini belgilash.

Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar boʻyicha kibermakonni xolislar ishtirokisiz, majburiy videoyozuv yordamida koʻzdan kechirish, tintuv oʻtkazish tartibini belgilash.

Axborot resurslarida raqamli izlarni saqlashda saqlanayotgan maʼlumotlarga aniq talablarni (maʼlumot turlarini) belgilash.

Normativ-huquqiy hujjatlar

2024-yil fevral

Bosh prokuratura,

Ichki ishlar vazirligi,

Oliy sud,

Davlat xavfsizlik xizmati

9.

Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarning oldini olish yoʻnalishida professional kadrlarni uzluksiz, bosqichma-bosqich tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini joriy etish.

1. 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarning oldini olish boʻyicha bosqichma-bosqich kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalarini belgilash va ushbu taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash kvotalarini davlat buyurtmasiga asosan davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning har yilgi davlat buyurtmasi parametrlarini belgilashda inobatga olish.

2. 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab kamida bir nafar yetakchi milliy va xorijiy mutaxassisni, ekspert va professor-oʻqituvchilarni raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarning oldini olishning tashkiliy-texnik yechimlari va bunda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlarini oʻqitish, ularning malakasini oshirishda ishtirok etish uchun jalb qilish.

3. Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura va Oliy sud tasarrufidagi taʼlim muassasalarida jinoyatlarni aniqlash, fosh etish hamda ular yuzasidan tergov va sud harakatlarini olib borish yoʻnalishida xizmat qiluvchi xodimlarni kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha har ikki yilda bir marta, qisqa muddatli malaka oshirish amaliyotini yoʻlga qoʻyish.

4. “Raqamli kriminalistika” yoʻnalishi boʻyicha tergovchilar hamda prokuratura organlarining tezkor-qidiruv xizmati xodimlari uchun doimiy maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish, shuningdek, “kiber huquq” magistratura yoʻnalishini ochish.

5. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimidagi oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida “Axborot xavfsizligi” taʼlim yoʻnalishini tashkil etish va unda axborot texnologiyalari sohasida dastlabki bilimga ega boʻlgan oʻquvchi yoshlarni saralab olib, ushbu yoʻnalishda malakali taʼlim berishni yoʻlga qoʻyish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2024-yil mart

Ichki ishlar vazirligi,

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi,

Bosh prokuratura,

Adliya vazirligi,

Tashqi ishlar vazirligi

10.

Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash.

Raqamli kriminalistika ilmiy-metodik markazi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish.

Institut faoliyatini toʻlaqonli yoʻlga qoʻyish uchun zarur moddiy-texnik baza hamda qoʻshimcha 10 ta shtat birliklarini ajratish masalasini koʻrib chiqish.

Institut tarkibida “Ixtisoslashtirilgan raqamli tadqiqot markazi”, “Raqamli tergovga koʻmaklashuvchi guruh”, “Metodik yordam koʻrsatish guruhi va “Raqamli kriminalistika laboratoriyasi” (Digital forensic lab) faoliyatini yoʻlga qoʻyish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori

2024-yil mart

Bosh prokuratura,

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

11.

Onlayn qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar ustidan davlat nazoratini takomillashtirish.

Manfaatdor idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etgan holda onlayn qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni samarali tartibga solish tizimi joriy etilgan mamlakatlar (Gruziya, Koreya Respublikasi, Singapur, Vengriya, Estoniya va boshqa mamlakatlar) tajribasini joyida oʻrgangan holda, normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2024-yil mart-aprel

ILMA,

Davlat xavfsizlik xizmati,

Ichki ishlar vazirligi,

Bosh prokuratura,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Adliya vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi,

Tashqi ishlar vazirligi

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2024-yil iyun

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2023-y., 07/23/381/0913-son)