Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Metropolitenda yoʻlovchilar hamda boshqa shaxslarning boʻlish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Metropolitenda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish, yoʻlovchilar tashishni boshqarishda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, metropoliten infratuzilmasini saqlash va undan foydalanish ishlarini samarali tashkil etish hamda metropoliten faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Transport toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-oktabrdagi PQ-5260-sonli “Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Transport toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan metropolitenda yoʻlovchilar hamda boshqa shaxslarning boʻlishi qoidalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Metropolitenda yoʻlovchilar hamda boshqa shaxslarning boʻlishi qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yoʻlovchilarning, metropoliten xodimlarining hamda boshqa shaxslarning huquq va majburiyatlari;
metropolitendan foydalanishda xavfsizlikni taʼminlash talablari;
metropoliten texnik vositalaridan foydalanish hamda ularning uzluksiz ishlashini taʼminlash;
metropolitenda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, yoʻlovchilar va boshqa shaxslarning harakatlanish tartibi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 10-oktabr,
535-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-oktabrdagi 535-son qaroriga
ILOVA
Metropolitenda yoʻlovchilar hamda boshqa shaxslarning boʻlishi
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar metropolitenda yoʻlovchilar hamda boshqa shaxslarning (metropoliten xodimlari, metropolitenda oʻz xizmat vazifasini bajaruvchi ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari hamda metropoliten rahbariyatining ruxsati bilan tashrif buyuruvchi shaxslar) boʻlishi, ularning huquq va majburiyatlarini, shuningdek, metropolitendan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bekat platformasi — bekatdagi poyezdlarni kutish joyi;
yoʻl chiptasi — metropolitendan foydalanish uchun QR-kodli bir martalik yoʻl haqi toʻlovi amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat;
yoʻlovchi — metropolitendan foydalanish uchun toʻlovni amalga oshirgan yoki imtiyozga hamda bepul yurish huquqiga ega boʻlgan shaxs (isteʼmolchi);
koʻzdan kechirish — metropolitenda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida tashish va foydalanish taqiqlangan moddalar va buyumlarni aniqlash uchun moʻljallangan, maxsus texnik vositalarni qoʻllagan holda amalga oshiriladigan tadbirlar majmui;
metropoliten xodimi — metropolitenda faoliyat olib boruvchi va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatuvchi xodim (bekat navbatchisi, mashinist va boshqalar);
nazorat-oʻtkazish punktlari — yoʻl haqi toʻlovini nazorat qilish punktlari;
transport kartasi — yoʻlovchilar foydalanadigan jamoat transportida yurganlik uchun yoʻl haqini toʻlashga moʻljallangan, koʻp martalik toʻlov kartasi;
elektron toʻlov tizimi — elektron ilovalar orqali toʻlovlarni amalga oshirish tizimi;
eskalator — uzluksiz harakatlanuvchi zinapoyalardan iborat boʻlgan yuqoriga koʻtaruvchi va pastga tushiruvchi qurilma;
yuk — oʻz oʻlchamlari va vazniga koʻra (uchta oʻlchovi boʻyicha yigʻindisi 200 sm dan oshmaydigan) oʻram turi va xilidan qatʼi nazar, yengil koʻtarib yuriladigan, yoʻlovchi vagonlarida qiyinchiliksiz joylashtiriladigan yuklar va buyumlar.
3. Metropolitenda yoʻlovchining boʻlishi va uning yukini tashish shartnomasi tuzilganligi yoʻl chiptasi orqali yoki imtiyozga hamda bepul yurish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning tegishli hujjatini koʻrsatishi bilan tasdiqlanadi.
4. Metropolitenda yoʻlovchilarning xavfsiz va qulay harakatlanishi taʼminlanadi.
2-bob. Metropolitendan foydalanishda xavfsizlik talablari
5. Metropolitenda harakatlanish davomida metropoliten xodimlari va yoʻlovchilar ogoh, hushyor va eʼtiborli boʻlishi lozim.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2022-yil 9-iyundagi 7-son buyrugʻiga bilan tasdiqlangan Temir yoʻl transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bogʻliq hodisalarni tasniflash, xizmat tekshiruvini olib borish va hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 3-bobi (roʻyxat raqami 3376, 2022-yil 27-iyul).
6. Oʻtish yoʻllari, vestibyullar, bekat platformasi va vagonlarda shubhali va qoldirilgan ashyolar (buyumlar) aniqlanganda, metropolitenning navbatchi xodimlariga yoki ichki ishlar organlari xodimlariga xabar berilishi lozim.
7. Qoldirilgan ashyoga (buyumga) biron-bir mexanik taʼsir koʻrsatish (boshqa joyga olib oʻtish, ochish va boshqalar), uning atrofidagi yorugʻlikni, haroratni va tovushni oʻzgartirish hamda ashyo yaqinida radioelektr uskunalaridan, shuningdek, aloqa vositalaridan foydalanish qatʼiyan man etiladi.
8. Yoʻlovchilar va boshqa shaxslar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabiga asosan yuklarini koʻzdan kechirish uchun taqdim etadi.
Bunda qidiruvdagi shaxslar deb gumon qilingan yoki koʻzdan kechirish jarayonida oʻzini shubhali tutayotgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda shaxsiy koʻzdan kechirilishi mumkin.
Yoʻlovchilar va boshqa shaxslar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabiga asosan koʻzdan kechirishdan oʻtishni rad etgan taqdirda, metropolitenga kiritilmaydi.
9. Metropoliten infratuzilmasi obyektlari va xavfsizlik hududlarida quyidagilar taqiqlanadi:
yonuvchan, portlovchi moddalardan va bosim ostida ishlovchi qurilmalardan foydalanishni talab etadigan barcha faoliyat turlari bilan shugʻullanish va shu bilan bogʻliq koʻngilochar shoxobchalarni qurish hamda tashkil etish;
metropoliten inshootlaridan, shu jumladan, yer usti shamollatish qurilmalaridan 25 metrdan kam masofada chiqindilarni toʻplash, yoqish va gulxanlar tashkil etish;
gaz yoqilgʻisida harakatlanuvchi transport vositalari (avtomatik yongʻin oʻchirish tizimi bilan jihozlangan, estakada inshootlari ostidagi maxsus ochiq avtoturargohlar bundan mustasno) va yonuvchi materiallar ortilgan transport vositalarini estakada inshootlari ostiga (avtoturargohlarga) joylashtirish.
10. Metropolitenda quyidagilarga ruxsat etilmaydi:
parapetlar, toʻsiqlar ustiga chiqish, shuningdek, ular ustidan sakrab (oshib) oʻtish;
spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglarini isteʼmol qilish yoki mast holda kirish;
qizdiriladigan tamaki, elektron sigaretalar va nosvoy chekish;
metropoliten hududida va vagonlarda ochiq olov, pirotexnika vositalaridan (feyerverklar, petardalar va boshqalar) foydalanish;
metropoliten hududida oyoq kiyimsiz va kiyimsiz holda boʻlish;
bekatga yoʻlovchilarning kiyimi, metropoliten vagonlari, inshootlari va qurilmalarini kir qilishi mumkin boʻlgan yuklar va buyumlar, shuningdek, velosiped (yigʻiladigandan tashqari), moped, skuter va boshqa harakatlanish vositalari (ushbu Qoidalarning 16-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan buyumlar bundan mustasno) bilan kirish;
bekat va harakat tarkibi vagonlarida yoʻlovchilarning kiyimini kir qilishi mumkin boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish;
yonuvchan gazlar bilan toʻldirilgan sharlarni metropolitenga olib kirish;
bekat, uning hududida va bekatga tutashgan yer osti oʻtish yoʻlaklarida mototsikl va skuterlarda harakatlanish, uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish;
bekat hududida, vagonlarda akrobatik va sport mashqlarini bajarish, har xil turdagi sport toʻplarini oʻynash;
xizmat koʻrsatish (texnik) xonalarida va maxsus obyektlarda video va foto suratga olish;
yoʻlovchilarga bekatdagi poyezd yoʻllariga tushish, texnologik xonalar va tunnellarga kirish, vagonlar tomiga chiqish va yurish, vagonlar orasiga va poyezdlarning boshqa qismlariga chiqish, mashinistlar kabinalariga kirish;
yoʻlovchilarga metropoliten obyektlariga, devor (panjara) bilan oʻralgan va ishlab chiqarish hududlariga ruxsatsiz kirish;
vagonlarning oʻrindiqlariga bolalarni kir oyoq kiyimi bilan qoʻyish va hajmi katta yuklarni joylashtirish;
vagonlarning harakatlanish va toʻxtash vaqtida eshiklarini ochish, bekatlarda ularning ochilishiga yoki yopilishiga xalaqit berish, vagonlarning derazalaridan tana aʼzolarini chiqarish, buyumlar va chiqindilarni tashlash;
metropoliten infratuzilmasi obyektlariga va poyezdlarga zarar yetkazish;
metropoliten infratuzilmasi obyektlarida hamda harakat tarkibining tashqi (ichki) yuzalariga yozuvlar, rasmlar, axborot hamda reklama materiallarini metropoliten rahbariyati bilan kelishmagan holda joylashtirish;
bekat platformalari va vagonlarda savdo-sotiqni amalga oshirish;
metropoliten faoliyatiga toʻsqinlik qiladigan xatti-harakatlarni sodir etish yoki ularni amalga oshirish uchun tayyorgarlik koʻrish, shu jumladan, yoʻlovchilarning hayoti va sogʻligiga xavf soladigan holatlar yoxud harakatlar toʻgʻrisida bila turib yolgʻon xabarlarni tarqatish;
sanchiluvchi, kesuvchi va oson sinuvchi buyumlarni, chana, changʻi, konkilar va baliq ovi uchun qarmoqlarni gʻilofsiz olib yurish;
poyezd bekatga kelib toʻxtagan vaqtdan tashqari vaqtlarda bekatdagi taqiqlangan chegara chizigʻidan oʻtish;
eskalatorlar ishlashiga toʻsqinlik qiladigan harakatlarni amalga oshirish, ularga oʻtirish va yuk qoʻyish.
11. Metropolitenda quyidagilarni tashish taqiqlanadi:
tegishli ruxsatnomasiz barcha turdagi oʻqotar va tigʻli qurollar;
tegishli ruxsatnomasiz barcha turdagi zaharli va zaharlovchi moddalar;
tez yonuvchan va portlovchi moddalar;
siqilgan va suyultirilgan gazlar;
germetik idishlarsiz va oʻramlarsiz tashiladigan oʻyuvchi, badboʻy va yemiruvchi moddalar.
12. Metropolitenda quyidagilarga faqat metropoliten rahbariyatining yozma roziligi bilan ruxsat beriladi:
bekat hududida professional foto va videotasvirga olish;
vagonlarda va metropoliten infratuzilmasi obyektlarida musiqa asboblari va ovozni kuchaytiruvchi qurilmalardan foydalanish (eshitish apparatlari va quloqchinlardan foydalanish bundan mustasno);
bekatlarda shou-tomoshalar oʻtkazish, shuningdek, teatr, ertak qahramonlari kiyimlarida va tomosha niqoblarida kirish;
madaniy, sport, koʻngilochar, siyosiy va boshqa tadbirlarni oʻtkazish.
3-bob. Metropolitenda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, yoʻlovchilar va boshqa shaxslarning harakatlanish tartibi
13. Yoʻlovchilarning hayoti va sogʻligʻi uchun xavf tugʻdiradigan favqulodda vaziyatlar yuz berganda, ular bekatdan tashqariga yoki poyezdda qoʻshni bekatga evakuatsiya qilinadilar, shuningdek, metropoliten xodimlarining koʻrsatmalari boʻyicha harakatlanadilar.
14. Poyezd yoki boshqa texnik qurilmalarda nosozlik yuz berganda, vaziyatdan kelib chiqqan holda yoʻlovchilar poyezdlarda bir yoʻldan ikki tomonlama harakatlanish yoʻli bilan bekatlarga yetkaziladi.
Agar poyezdlarda tashish imkoni boʻlmaganda, yoʻlovchilar mazkur bekat tashqarisiga evakuatsiya qilinib, transport tashkilotlarining avtobuslari yordamida metropoliten yoʻnalishida parallel ravishda bekatlarga yetkaziladi.
15. Bekatlar yoki yer usti yoʻllari oraligʻidagi harakat xavfsizligiga taʼsir etuvchi texnik vositalarda nosozliklar yuz berganda, metropoliten xodimlari tomonidan yoʻlovchilarni tonnel va estakada orqali xavfsiz evakuatsiya qilish choralari koʻriladi.
4-bob. Yoʻlovchilarning huquq va majburiyatlari
16. Yoʻlovchilar metropolitendan foydalanishda quyidagi huquqlarga ega:
oʻzlari bilan birgalikda yetti yoshgacha boʻlgan bolalarini, bolalar va nogironligi boʻlgan shaxslar aravachalarini, bolalar velosipedlarini, musiqa asboblarini, shuningdek, gʻilofga solingan holda sanchiluvchi, kesuvchi va oson sinuvchi buyumlar, chana, changʻi va baliq ovi uchun qarmoqlarni bepul olib yurish;
nogironligi boʻlgan va imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan metropolitenning texnik vositalaridan (liftlar, nogironligi boʻlgan shaxslar aravachasini koʻtaruvchi/tushuruvchi moslamalar va boshqa jihozlar) foydalanish, zaruratga koʻra tegishli xodimlardan yordam olish;
bekatlarni havaskorlik foto va videotasvirga olish (ushbu Qoidalarning 10-bandi oʻn ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan joylar bundan mustasno);
bekatlarda joylashgan tibbiy punktlar yordamidan foydalanish;
telefon va aloqa vositalaridan foydalanish;
oʻlchamlariga koʻra uchta oʻlchovi yigʻindisi boʻyicha 200 santimetr: eni — 60 santimetr, uzunligi — 70 santimetr, balandligi — 70 santimetr boʻlgan yuklarni bepul olib yurish;
zaruratga koʻra metropoliten xodimlarining ruxsati bilan harakati toʻxtagan eskalatordan foydalanish.
Yoʻlovchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
17. Yoʻlovchilar metropolitendan foydalanishda:
jamoat tartibi, sanitariya-gigiyena normalari va qoidalariga, xizmat vazifasini bajarayotgan metropoliten va ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga hamda ushbu Qoidalarga rioya qilishi;
qonunchilik hujjatlariga va ushbu Qoidalarga muvofiq yoʻlkira haqini hamda yuk uchun toʻlovlarni amalga oshirishi, kirish joyida oʻrnatilgan avtomatlashtirilgan nazorat punktlari orqali oʻtishi;
oʻtish punktlariga yaqinlashganda yoʻl chiptasini, transport kartasini (toʻlov elektron toʻlov tizimi orqali toʻlanganda — elektron qurilmani) oldindan tayyorlashi, imtiyozli yoki bepul yurish huquqini beruvchi hujjatning aslini taqdim etishi;
avtomatlashtirilgan nazorat punktlaridan oʻtayotganda, yoʻl chiptasini, transport kartasini (toʻlov elektron toʻlov tizimi orqali toʻlanganda — elektron qurilmani) maxsus qurilmaga yaqinlashtirishi, ruxsat beruvchi ishora (avtomatlashtirilgan nazorat punktining old panelidagi yashil koʻrsatkich) paydo boʻlishini kutishi va oʻtishi;
avtomatlashtirilgan nazorat punktlaridan oʻtayotganda, xalaqit beruvchi va vagonlarda harakatlanish vaqtida boshqa yoʻlovchilarga noqulaylik keltiruvchi yelkadagi katta hajmdagi yuklarni (sumka, ryukzak va boshqalar) tushirishi;
uzunligi 150 sm dan 220 sm gacha boʻlgan yuklarning har biri uchun toʻlovni amalga oshirishi, bunda yoʻlovchining oʻlchamlari belgilangan kattalikdan ortiq boʻlgan yuki uchun yoʻl haqi yoʻlovchining yoʻl haqi qiymati kabi tartibda belgilanadi;
harakatlanayotgan eskalatorlarning tepa va pastki tarogʻiga tushib qolishning oldini olish uchun uzun kiyimlar etaklarini koʻtarib olishi;
eskalatorda harakat yoʻnalishi boʻyicha oʻng tomonda turishi, tutqichni ushlab turishi, turgʻun qismlarga suyanmasligi, zinapoyalarda belgilangan chegara chiziqlarini bosmasligi va eskalatordan tushayotganda toʻxtab qolmasligi;
eskalator zinapoyalarida oʻtirmasligi, tutqichlarga suyanmasligi va ularga yuklarni qoʻymasligi hamda eskalator zinapoyalarida yugurmasligi;
eskalatorda yosh bolalarni qoʻlidan ushlab turishi yoki koʻtarib olishi, ularning eskalatorning turgʻun qismlariga suyanishiga yoʻl qoʻymasligi, eskalatorda bolalar aravachasi bilan pastga tushayotganda va koʻtarilayotganda bolani qoʻlga koʻtarib olishi;
poyezd yoʻliga tushirib yuborilgan buyumlar, tutun yoki yongʻin paydo boʻlganligi, shuningdek, yoʻlovchilar yoki poyezdlar harakati xavfsizligiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan boshqa holatlar toʻgʻrisida metropoliten hamda ichki ishlar organlari xodimlariga darhol xabar berishi;
bekat platformasida poyezd toʻliq toʻxtaguniga qadar chegara chizigʻidan oʻtmasdan, uzunligi boʻylab bir tekis joylashishi;
yosh bolalarni qarovsiz qoldirmasligi, bekatlarga kirish va chiqish eshiklaridan oʻtishda toʻxtab qolmasligi, eʼtiborli boʻlishi va ortidan keluvchi yoʻlovchilarga xalaqit qilmasligi;
vagon eshiklariga suyanmasligi, yoʻlovchilarning kirish va chiqishiga xalaqit bermasligi, manzilga yaqinlashganda chiqishga oldindan tayyorgarlik koʻrishi hamda oxirgi bekatda vagonlarni tark etishi;
metropoliten hamda ichki ishlar organlari xodimlari xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilmasligi va ularning qonuniy talablarini bajarishi;
favqulodda vaziyat yoki yongʻin sodir boʻlgan vaziyatlarda zudlik bilan 101 yoki 1050 telefon raqamlariga xabar berishi shart.
Yoʻlovchilarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
5-bob. Metropoliten xodimlarining huquq va majburiyatlari
18. Metropoliten xodimlari quyidagi huquqlariga ega:
metropolitenda bepul yurish huquqini beruvchi barcha hujjatlarni tekshirish;
zaruratga koʻra yoʻlovchilarga yordam koʻrsatish;
yoʻlovchilardan yosh bolalarni qarovsiz qoldirmaslik va ularning qoʻlidan ushlab olishni soʻrash;
yoʻlovchilardan metropoliten jihozlariga zarar yetkazmaslikni talab qilish;
metropolitendan foydalanishda yoʻlovchilarga ularning boradigan manzillari boʻyicha tushuntirishlar berish;
yoʻlovchilarni platformadagi ogohlantiruvchi chegara chizigʻidan oʻtmasligini talab qilish;
xizmat vazifalarini oʻtayotgan vaqtida metropolitendan bepul foydalanish.
Metropoliten xodimlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
19. Metropoliten xodimlari:
metropoliten poyezdlarini kutib olishi va joʻnatishni taʼminlashi, yoʻlovchilarning poyezdga xavfsiz chiqishi hamda tushishini nazorat qilishi;
poyezdlar harakati jadvaliga rioya qilinishini va yoʻlovchilarning xavfsizligini, ularga zarur barcha qulayliklarni yaratishi va xizmat koʻrsatish madaniyatini taʼminlashi;
xizmat vaqtida joriy qilingan formali kiyim-boshda boʻlishi, mehnat muhofazasi, yongʻin xavfsizligi va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya qilishi;
yoʻlovchilarga bekatlar va poyezdlarda ehtiyotkor va eʼtiborli boʻlish toʻgʻrisida xabar berishi hamda ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarga yoʻl qoʻymasligi;
yoʻlovchilar tomonidan eskalatordan foydalanish talabini hamda oxirgi bekatda vagonlarni tark etishini nazorat qilishi;
nogironligi boʻlgan va imkoniyati cheklangan shaxslarga koʻmaklashishi;
vagonlar ozodaligi, sovitish va yoritish tizimlari ishlashining sifatli tashkil etilishini taʼminlashi;
yoʻlovchilarni tashishda poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashi, sanitariya-gigiyena normalari va qoidalariga rioya etishi;
metropolitenda bepul yurish huquqini beruvchi barcha hujjatlarni tekshirishi;
nazorat-oʻtkazish punktidan haqiqiy boʻlmagan, yaroqsiz holatga kelgan yoki bepul foydalanish huquqini bermaydigan hujjatlar yordamida oʻtishga harakat qilayotgan barcha yoʻlovchilarni toʻxtatishi;
qalbaki belgilarga ega boʻlgan, shuningdek, transportdan imtiyozli foydalanish huquqini beruvchi muddati oʻtgan hujjatlarni olib qoʻyishi va qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrishi;
platformadagi ogohlantiruvchi chegara chizigʻidan yoʻlovchilar oʻtmasligini talab qilishi;
metropolitenda favqulodda vaziyatlar yuz berganda, yoʻlovchilarni bekatdan tashqariga yoki poyezdda qoʻshni bekatga evakuatsiya ishlarini tashkil etishi shart.
Metropoliten xodimlariga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Mazkur Qoidalar talablarini qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
21. Ushbu Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.10.2023-y., 09/23/535/0766-son)