1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.27.00.00 Valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish / 07.27.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Moliya / Valyutani tartibga solish. Qimmatbaho metallar (toshlar)]
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrug‘i
Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 29-sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3461]
O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2023-yil 20-sentabr,
68-son
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2023-yil 20-sentabrdagi 68-son buyrug‘iga ILOVA
Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududida mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish hamda faoliyatni tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
anonim kripto-aktiv — anonimlik prinsipi asosida ishlovchi (amalga oshirilgan operatsiyalar haqidagi ma’lumot yashirin bo‘lgan) kripto-aktiv;
mayning faoliyati (bundan buyon matnda mayning deb yuritiladi) — hisoblash operatsiyalarini bajarish orqali ma’lumotlarning taqsimlangan reyestrini yuritish, bloklarning yaxlitligini yaratish va tasdiqlash faoliyati;
mayner — mayning bilan shug‘ullanish maqsadida ruxsatnoma olgan yuridik shaxs;
mayning uskunalari — mayningni amalga oshirishga imkon beruvchi dasturiy-apparat va (yoki) texnik vositalar;
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.04.00 Agentliklar, inspeksiyalar va boshqa idoralar]
vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi;
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.07.00.00 Ma’muriy-huquqiy tartiblar (rejimlar) / 02.07.07.00 Boshqa ruxsat beruvchi va ro‘yxatga olish tartiblari]
ruxsatnoma — vakolatli organ tomonidan maynerga mayningni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat;
yashirin mayning — maxsus dasturiy ta’minotdan foydalanish orqali uchinchi shaxslarning hisoblash quvvatlarida, ularga bildirmagan holda yoki roziligisiz mayningni amalga oshirish bo‘yicha faoliyat;
“Ro‘yxatga olish” axborot tizimi (bundan buyon matnda axborot tizimi deb yuritiladi) — vakolatli organ tomonidan maynerlarni masofaviy ro‘yxatga olish va ruxsatnomani taqdim etishga mo‘ljallangan axborot tizimi;
talabgor — mayning bilan shug‘ullanish maqsadida ruxsatnoma olish uchun murojaat qiluvchi yuridik shaxs;
mayningni (maynerlarni) ro‘yxatdan o‘tkazish — ruxsatnoma olish to‘g‘risidagi arizani topshirish, qabul qilish va ko‘rib chiqish, ruxsatnomani berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish, amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish jarayoni bilan bog‘liq tadbirlar majmui.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 19-fevraldagi 17-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Mayning-pul faoliyatini amalga oshirish qoidalari (ro‘yxat raqami 3507, 2024-yil 20-mart).
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.02.00 Yuridik shaxslarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish. Yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatiga olish]
2. Mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Maynerlar iste’mol qilingan elektr energiyasini hisobga olish uskunasini o‘rnatib, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yagona elektr energetika tizimiga ulanishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-son “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
3. Maynerlarga ruxsatnoma berish, ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish, unga o‘zgartirish kiritish hamda uning amal qilish muddatini uzaytirish, ruxsatnomaning amal qilish muddatini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish faqat axborot tizimi orqali elektron shaklda mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Ruxsatnoma olish, uni qayta rasmiylashtirish va o‘zgartirish kiritish, ruxsatnomani amal qilish muddatini uzaytirish, to‘xtatib turish, tugatish hamda bekor qilish jarayonida talabgor nomidan ish yuritish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar ishtirok etadi hamda ariza va boshqa hujjatlarni vakolatli organga taqdim etadi.
5. Mayner unga ruxsatnoma berilgan vaqtdan boshlab mayningni amalga oshirishi mumkin.
6. Ruxsatnoma besh yil muddatga beriladi.
7. Maynerlar o‘z faoliyatini faqat ro‘yxatga olingan paytda ko‘rsatilgan manzilda, yong‘in xavfsizligi hamda sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirish huquqiga ega.
8. O‘zbekiston Respublikasi hududida:
yashirin mayningni;
anonim kripto-aktivlar mayningini;
ro‘yxatga olingan paytda ko‘rsatilgan manzilga mos kelmaydigan manzilda mayningni amalga oshirish;
mayningni ruxsatnomasiz amalga oshirish taqiqlanadi.
9. Maynerlar amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vakolatli organning so‘roviga asosan elektron shaklda taqdim etishlari shart.
10. Maynerlar mayningni amalga oshirish natijasida olingan kripto-aktivlarni O‘zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan kripto-birjalar (bundan buyon matnda kripto-birjalar deb yuritiladi) orqali sotishga haqli.
11. Ruxsatnomani mayningni amalga oshirish uchun boshqa yuridik shaxsga berish taqiqlanadi.
2-bob. Ruxsat berish talablari va shartlari
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.06.00 Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash. Ruxsat berish (shuningdek, 02.08.06.00ga qarang) / 09.01.06.01 Umumiy qoidalar. Litsenziyalanishi lozim bo‘lgan faoliyat turlari;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.06.00 Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash. Ruxsat berish (shuningdek, 02.08.06.00ga qarang) / 09.01.06.03 Ruxsat berish]
12. Quyidagilar mayningni amalga oshirish uchun ruxsat berish talablari va shartlari hisoblanadi:
a) mayningni amalga oshirish uchun quyosh fotoelektr stansiyasi orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanish, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
b) mayning uskunalarini o‘rnatish uchun mo‘ljallangan alohida joyning mavjudligi;
v) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 14-iyuldagi 32-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3380, 15.08.2022-y.).
g) mayningni faqat ro‘yxatga olingan paytda ko‘rsatilgan manzilda amalga oshirish;
d) mayning uskunalarini o‘rnatish uchun mo‘ljallangan joyning yong‘in xavfsizligi, sanitariya normalari va qoidalari hamda texnik xavfsizlik talablarini inobatga olgan holda, elektr energiyasi ta’minoti tizimining texnik sozligini ta’minlash;
e) mayning yagona elektr energetika tizimiga ulangan holda amalga oshirilgan taqdirda, iste’mol qilinadigan elektr energiyasi alohida hisoblanishini ta’minlash maqsadida Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) ulanish imkoniyatiga ega bo‘lgan, ro‘yxatdan o‘tkazilgan elektr energiyasini hisobga olish asbobining mavjudligi;
j) yashirin mayning, anonim kripto-aktivlar mayningini hamda muqaddam muomalada bo‘lgan kripto-aktivlarni muomalaga kiritishni amalga oshirmaslik;
z) mayning to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vakolatli organning talabiga muvofiq bepul taqdim qilish;
i) mayningni amalga oshirish uchun qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan yig‘imlarni o‘z vaqtida va to‘liq to‘lash.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuni.
3-bob. Ruxsatnoma olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.06.00.00 Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va burchlari / 01.06.03.00 Asosiy (Konstitutsiyaviy) siyosiy huquq va erkinliklar / 01.06.03.04 Ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi;
2.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.01.00 Umumiy qoidalar;
3.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.13.00.00 Soliqqa oid ish yurituv]
13. Talabgor ruxsatnoma olish uchun axborot tizimiga Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali kirib, arizani quyidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda elektron ravishda to‘ldiradi:
a) soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
b) yuridik shaxsning to‘liq nomi va tashkiliy-huquqiy shakli;
v) yuridik shaxsning joylashgan yeri (pochta manzili), telefon raqami, elektron pochta manzili;
g) mayning uskunalarini o‘rnatish uchun mo‘ljallangan joyning manzili;
d) yuridik shaxsga xizmat ko‘rsatadigan bank muassasasining nomi va xisobraqami;
e) murojaatning maqsadi (yangi ruxsatnoma olish, ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish yoki unga o‘zgartirish kiritish);
j) mayningni amalga oshirish uchun quyosh fotoelektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi manbalari to‘g‘risidagi quyidagi ma’lumotlar va hujjatlar:
talabgorga tegishli bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasidagi fotoelektr panellarining soni hamda ular orqali ishlab chiqariladigan elektr energiyasining umumiy miqdori, quyosh fotoelektr stansiyasidan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma nusxasi va uning texnik xususiyati;
quyosh fotoelektr stansiyasi talabgorga tegishli bo‘lmagan taqdirda, elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma hamda quyosh fotoelektr stansiyasi orqali ishlab chiqariladigan elektr energiyasining umumiy miqdori to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumot;
z) mayning uskunalari to‘g‘risidagi ma’lumot (uskuna modeli, ishlab chiqaruvchining nomi, uskunalar soni, uskunaning texnik yo‘riqnomasiga muvofiq iste’mol qilinadigan elektr energiyasi miqdori, bojxona yuk deklaratsiyasi (BYD)ning yoki mayning uskunalariga egalik huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatning nusxasi);
i) mayning natijasida olinishi mo‘ljallanayotgan kripto-aktivlar ro‘yxati hamda mazkur kripto-aktivlarning kripto-hamyon manzillari.
Mazkur bandning “j” va “z” kichik bandlarida nazarda tutilgan hujjatlar arizaga ilova qilinadi hamda ular o‘qish mumkin bo‘lgan yuqori sifatda “PDF”, “PNG” yoki “JPEG” formatlarda bo‘lishi lozim.
Talabgor ariza berish vaqtida amalga oshirmoqchi bo‘lgan faoliyatining ruxsat berishga oid talab va shartlarga mosligini va ularga rioya etishini tasdiqlashi lozim.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 14-iyuldagi 32-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 3-bobi. (ro‘yxat raqami 3380, 2022-yil 15-avgust).
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.16.00.00 Aloqa / 09.16.07.00 Elektron pochta]
14. Talabgorning arizada elektron pochta manzilini ko‘rsatishi uning barcha xabarnoma va qarorlarni elektron hujjat shaklida olishga roziligini anglatadi.
4-bob. Ruxsatnoma berish yoki ruxsatnoma berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.09.00.00 Soliq qonunchiligi / 07.09.03.00 Soliqlar va yig‘imlar]
15. Vakolatli organ tomonidan arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 14-iyuldagi 32-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom. (ro‘yxat raqami 3380, 2022-yil 15-avgust).
16. Vakolatli organ tomonidan ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza va mazkur Nizomning 13-bandida ko‘rsatilgan ma’lumotlar hamda hujjatlar to‘liq taqdim etilgan kundan e’tiboran yigirma kun ichida qabul qilinadi.
17. Tarkibi vakolatli organ rahbari tomonidan tasdiqlangan ekspert komissiyasi (bundan buyon matnda ekspert komissiyasi deb yuritiladi) taqdim etilgan arizani o‘n besh kun ichida ko‘rib chiqadi hamda ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida xulosa tayyorlaydi.
18. Vakolatli organ ekspert komissiyasining xulosasi asosida besh kun ichida ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
19. Vakolatli organ tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kun ichida bu haqda talabgorni elektron tarzda xabardor qiladi.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.07.00.00 Ma’muriy-huquqiy tartiblar (rejimlar) / 02.07.07.00 Boshqa ruxsat beruvchi va ro‘yxatga olish tartiblari]
20. Ruxsatnoma vakolatli organ tomonidan qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kun ichida QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda elektron hujjat tarzida rasmiylashtiriladi.
Ruxsatnoma rasmiylashtirilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Ruxsatnoma rasmiylashtirilgan kunning o‘zida axborot tizimida mayner uchun shaxsiy kabinet yaratiladi.
Ruxsatnoma mayner tomonidan qog‘oz ko‘rinishida chop etilishi mumkin hamda qog‘oz ko‘rinishida chop etilgan ruxsatnoma elektron shaklda berilgan hujjatga tenglashtiriladi.
Ruxsatnoma ruxsatnoma egasining arizasida ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga avtomatik tarzda yuboriladi.
21. Ruxsatnoma axborot tizimiga va vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi hamda tanishib chiqish uchun ochiq bo‘ladi.
Ruxsatnomaning haqiqiyligi vakolatli organning rasmiy veb-sayti orqali tekshirilishi mumkin.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.30.00.00 Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish / 07.30.01.00 Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan choralar]
22. Quyidagilar ruxsatnoma berishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
mazkur Nizomning 13-bandida ruxsatnoma berish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar va (yoki) hujjatlarning to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilganligi;
talabgorning mazkur Nizomning 12-bandida belgilangan ruxsat berish talablari hamda shartlariga muvofiq emasligi;
taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri va (yoki) buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarning mavjudligi;
talabgorning mansabdor shaxslari va (yoki) ta’sischilarning iqtisodiy jinoyatlarda, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish, ularni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, korrupsiya va axborot texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlarda ishtirok etganligi yoki ishtirok etishda gumonlanayotganligi haqida ma’lumotlar mavjudligi.
Ruxsatnoma berishni maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan yoki mazkur bandda nazarda tutilmagan asoslarga ko‘ra rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
23. Mazkur Nizomning 22-bandi ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan hollar aniqlanganda, agar arizada bartaraf etish mumkin bo‘lgan kamchiliklar mavjud bo‘lsa, vakolatli organ ularni bartaraf etish uchun talabgorga muddat beradi.
24. Kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risidagi xabarnoma, taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish usullari, shuningdek kamchiliklarni bartaraf qilib, arizani takroran to‘ldirishi hamda tegishli hujjatlarni taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan holda talabgorning elektron pochta manziliga elektron hujjat tarzida bir kun ichida yuboriladi.
Xabarnomada ko‘rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘ladigan vaqtga mutanosib bo‘lishi, lekin ushbu muddat o‘ttiz ish kunidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
25. Kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida xabarnoma yuborilgan taqdirda, ruxsatnoma olish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati to‘xtatib turiladi.
26. Xabarnomada ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmagan yoki hujjatlar xabarnomada belgilangan muddatda taqdim etilmagan taqdirda, vakolatli organ ruxsatnoma berishni rad etish haqida qaror qabul qilishga haqli. Bunda, ruxsatnoma berishni kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilmagan yangi asoslar bo‘yicha rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
27. Ruxsatnoma berish rad etilganligi haqidagi xabarnoma talabgorga rad etish sabablari, qonunchilikning aniq normalari va talabgor mazkur sabablarni bartaraf etib, arizani takroran taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan holda elektron hujjat tarzida yuboriladi.
Talabgor rad etish sabablarini bartaraf etishga va arizani takroran ko‘rib chiqish uchun to‘ldirishga haqli bo‘lgan muddat ruxsatnoma berish rad etilganligi haqidagi xabarnoma olingan kundan e’tiboran o‘n ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
28. Talabgor ruxsatnoma berishni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablarni belgilangan muddatda bartaraf etgan holda arizani takroran taqdim etganda, uning arizasi olingan kundan e’tiboran yetti kundan oshmaydigan muddat ichida vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Talabgorning arizasini takroran ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im undirilmaydi.
29. Arizani takroran ko‘rib chiqishda vakolatli organ tomonidan talabgorga ilgari bayon qilinmagan rad etish sabablarini keltirishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan ilgari ko‘rsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar va (yoki) hujjatlar bilan bog‘liq rad etish sabablari keltirilishi hamda mazkur Nizomning 22-bandi beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlar mustasno.
30. Ruxsatnoma berish rad etilganligi haqidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tganidan keyin talabgor tomonidan berilgan ariza yangidan topshirilgan hisoblanadi va vakolatli organ tomonidan umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi.
5-bob. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish, unga o‘zgartirish kiritish va uning amal qilish muddatini uzaytirish
31. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish axborot tizimida elektron tarzda amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.02.00 Tadbirkorlik subyektlari. Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish]
32. Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyekti o‘zgartirilgan, uning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda, tadbirkorlik subyekti yoxud uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatdan o‘tganidan keyin besh ish kuni ichida shaxsiy kabineti orqali, ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar va (yoki) hujjatlarni taqdim etgan holda, ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart.
Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish besh ish kuni ichida amalga oshiriladi.
33. Yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasida ruxsatnomasi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar qo‘shib yuborilgan taqdirda, ruxsatnomani mazkur Nizomning 32-bandida belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
34. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish uchun hujjatlar mayner tomonidan mazkur Nizomning 13-bandida belgilangan tartibda taqdim etiladi.
35. Mayner ruxsatnoma qayta rasmiylashtirilguniga qadar, unda ko‘rsatilgan faoliyatni ilgari berilgan ruxsatnoma asosida amalga oshiradi.
36. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirishda axborot tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
Ruxsatnoma qayta rasmiylashtirilganidan so‘ng, ruxsatnoma egasining shaxsiy kabinetiga va arizada ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga avtomatik tarzda yuboriladi.
37. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish uchun yig‘im undirilmaydi.
38. Ruxsatnomaning amal qilish muddati talabgorning arizasi asosida uzaytiriladi.
39. Ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza mazkur Nizomning 13-bandida belgilangan tartibda ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashidan kamida bir oy oldin vakolatli organga yuborilishi lozim.
40. Ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish mazkur Nizomning 3 va 4-boblarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
41. Ruxsatnoma maynerning arizasiga muvofiq vakolatli organ tomonidan quyidagi hollarda o‘zgartirilishi mumkin:
a) mayningni amalga oshirish manzilining o‘zgarishi;
b) ilgari keltirilgan ma’lumotlar (mayning uskunalarining modeli va soni, aloqa ma’lumotlari (elektron pochta va telefon raqami), fotoelektr panellar sonining ko‘payishi yoki kamayishi) o‘zgargan taqdirda.
42. Ruxsatnomaga o‘zgartirish kiritish mazkur Nizomning 3 va 4-boblarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-bob. Ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish
43. Ruxsatnomaning amal qilishi quyidagi hollarda to‘xtatib turilishi mumkin:
mayner tomonidan ruxsat berish talablari va shartlarining buzilganligi aniqlanganida;
mayner tomonidan vakolatli organning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini uning zimmasiga yuklovchi qarori unda belgilangan muddatda bajarilmaganda.
44. Ruxsatnomaning amal qilishini o‘n kungacha muddatga to‘xtatib turish vakolatli organ tomonidan, o‘n kundan ortiq, lekin olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga esa sud tomonidan amalga oshiriladi.
45. Vakolatli organ ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlar mayner tomonidan bartaraf etish muddatini belgilashi shart.
Bunda, ko‘rsatilgan muddat mayner ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni olgan kundan e’tiboran besh ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
46. Vakolatli organning ruxsatnomani amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori maynerga ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish sabablari va qonunchilikning aniq normalari ko‘rsatilgan holda, qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay shaxsiy kabinet orqali yuboriladi hamda shaxsiy kabinet va axborot tizimida ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish haqidagi ma’lumot joylashtiriladi.
47. Belgilangan muddat ichida ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan sabablar va kamchiliklar mayner tomonidan bartaraf qilinmasa, vakolatli organ ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish muddatini uzaytirish yoki ruxsatnomani bekor qilish haqida sudga da’vo ariza kiritadi.
48. Ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlar mayner tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, vakolatli organ holatlar bartaraf etilganligi to‘g‘risida shaxsiy kabinet orqali tasdiqnoma olingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida ruxsatnomaning amal qilishini qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilishi shart.
49. Vakolatli organ ruxsatnomaning amal qilishi qayta tiklanganligi to‘g‘risida qaror qabul qilganidan so‘ng bir ish kunidan oshmagan muddatda shaxsiy kabinet va axborot tizimida ruxsatnomaning amal qilishi qayta tiklanganligi haqidagi ma’lumotni joylashtiradi.
50. Agar vakolatli organ tasdiqnoma olingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida ruxsatnomaning amal qilishini qayta tiklash yoki qayta tiklashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa, mayner mazkur muddat o‘tganidan so‘ng vakolatli organni shaxsiy kabinet orqali xabardor qilgan holda o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkin.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.06.00.00 Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va burchlari / 01.06.03.00 Asosiy (Konstitutsiyaviy) siyosiy huquq va erkinliklar / 01.06.03.04 Ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.06.00 Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash. Ruxsat berish (shuningdek, 02.08.06.00ga qarang) / 09.01.06.03 Ruxsat berish]
51. Mayner o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turgan taqdirda, ruxsatnomaning amal qilishini olti oygacha muddatga to‘xtatib turish haqida vakolatli organga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Agar mayner ruxsatnomaning amal qilishi to‘xtatib turilganidan keyin olti oy ichida ruxsatnomaning amal qilishini qayta tiklash to‘g‘risida vakolatli organga ariza bilan murojaat etmagan bo‘lsa, ruxsatnomaning amal qilishi tugatiladi.
52. Ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish va qayta tiklash to‘g‘risidagi axborot tegishli qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran bir ish kuni ichida vakolatli organning rasmiy veb-saytiga va axborot tizimiga joylashtirilishi kerak.
53. Ruxsatnomaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
ruxsatnoma berish tartibi bekor qilinganda;
ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaganda;
mayner tomonidan vakolatli organga ruxsatnomaning amal qilishini olti oygacha to‘xtatib turish to‘g‘risida ariza bilan ilgari murojaat etilgan bo‘lib, mazkur muddat ichida ruxsatnomaning amal qilishini qayta tiklash to‘g‘risida vakolatli organga ariza bilan murojaat qilinmagan taqdirda.
Ruxsatnomaning amal qilish muddati tugatilgan hollarda vakolatli organ tomonidan ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilish talab etilmaydi.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.02.00 Yuridik shaxslarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish. Yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatiga olish]
54. Ruxsatnoma quyidagi hollarda bekor qilinadi:
mayner ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan e’tiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan e’tiboran, bundan uning o‘zgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsda amaldagi ruxsatnoma mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘shib yuborilishi mustasno;
mayner ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turishiga olib kelgan holatlarni vakolatli organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
vakolatli organning ruxsatnomani berish to‘g‘risidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
mayner tomonidan mazkur Nizomning 58-bandida belgilangan ruxsat berish talablari va shartlari muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qo‘pol ravishda buzilganda;
ruxsatnoma qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
55. Ruxsatnomani bekor qilish mazkur Nizomning 54-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida belgilangan hollarda vakolatli organning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Vakolatli organ tomonidan sudga ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risida ariza yuborilgan kundan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay maynerga shaxsiy kabinet orqali sudga ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risida yuborilgan arizaning asoslari, qonunchilikning aniq normalari ko‘rsatilgan holda yetkaziladi.
56. Ruxsatnoma mazkur Nizomning 54-bandi yettinchi xatboshisida ko‘rsatilgan asos sababli bekor qilingan taqdirda, ruxsatnoma berilgan sanadan boshlab bekor qilingan hisoblanadi.
57. Vakolatli organ ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran, bir ish kunidan kechiktirmay maynerga shaxsiy kabinet orqali ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risidagi qarorning asoslarini, qonunchilikning aniq normalarini ko‘rsatgan holda yetkazadi.
Vakolatli organ ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay bu haqdagi ma’lumotni axborot tizimiga joylashtiradi.
58. Mazkur Nizom bilan belgilangan ruxsat etish talablari va shartlarini bir marotaba qo‘pol ravishda buzilishlariga quyidagilar kiradi:
a) yashirin mayning, anonim kripto-aktivlar mayningini hamda muqaddam muomalada bo‘lgan kripto-aktivlarni muomalaga kiritishni amalga oshirish;
b) ro‘yxatga olingan paytda ko‘rsatilgan manzildan boshqa manzilda mayningni amalga oshirish;
v) mayningni amalga oshirish uchun quyosh fotoelektr stansiyasi orqali ishlab chiqarilmagan elektr energiyasidan foydalanilganda, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
g) yagona elektr energetika tizimiga ulangan holda mayning uchun iste’mol qilingan elektr energiyasini hisobga olishni ta’minlash maqsadida Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) mos keladigan alohida hisobga olish asbobining mavjud emasligi.
Mazkur bandning “a” — “g” kichik bandlarida ko‘rsatilmagan ushbu Nizomning 12-bandida belgilangan ruxsat berish talablari va shartlarining bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba buzilishlari muntazam ravishda buzilishlar deb hisoblanadi.
7-bob. Ruxsat berish talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.07.00.00 Ma’muriy-huquqiy tartiblar (rejimlar) / 02.07.07.00 Boshqa ruxsat beruvchi va ro‘yxatga olish tartiblari]
59. Mayner tomonidan ruxsat berish talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat vakolatli organ tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 14-iyuldagi 32-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3380, 15.08.2022-y.).
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.11.00 Tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan davlat nazorati / 09.01.11.01 Umumiy qoidalar. Tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan davlat nazoratini olib boruvchi organlar]
60. Vakolatli organ mayner tomonidan ruxsat berish talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilishda o‘z vakolatlari doirasida quyidagilarga haqli:
maynerdan kripto-aktivlar aylanmasi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini talab qilish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan holda mayner tomonidan ruxsat berish talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish;
ruxsat berish talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chog‘ida paydo bo‘ladigan masalalar yuzasidan maynerdan zarur axborotni shaxsiy kabinet orqali so‘rash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida mayner tomonidan ruxsat berish talablari va shartlariga doir qoidabuzarliklarni ko‘rsatgan holda dalolatnomalar (ma’lumotnomalar) tuzish;
maynerga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
mazkur Nizomga muvofiq ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki ruxsatnomani bekor qilish masalasi bo‘yicha qaror chiqarish va (yoki) sudga murojaat qilish;
ruxsatnomasiz mayning amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida aniqlangan faktlar haqidagi ma’lumotlarni belgilangan tartibda tegishli organlarga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan choralar ko‘rish uchun yuborish.
61. Ruxsat berish talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda vakolatli organ xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi maynerga beriladi, ikkinchi nusxasi vakolatli organda qoladi.
8-bob. Yakuniy qoidalar
62. Vakolatli organning ruxsatnoma berishni rad etish, amal qilishini to‘xtatib turish, bekor qilish haqidagi qarorlari, shuningdek vakolatli organ mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
63. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 2789-moddasi.
Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ILOVA
Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish
SXEMASI
Bosqich
Subyektlar
Chora-tadbirlar
Muddatlar
1-bosqich
Talabgor — yuridik shaxs
1. Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomda nazarda tutilgan talablarga muvofiq ruxsatnoma olish uchun tegishli hujjatlarni, barcha texnik va boshqa vositalarni, joyni tayyorlaydi.
2. Mayning amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan barcha zarur ma’lumotlarni ko‘rsatib o‘tgan holda elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tadi (onlayn ariza to‘ldiradi).
Talabgorning ixtiyoriga ko‘ra
2-bosqich
Vakolatli organ
Ruxsatnoma olish uchun barcha kerakli ma’lumotlar mavjudligini (barcha maydonchalarni to‘ldirilishini) tasdiqlaydi.
Taqdim etilgan kunda
3-bosqich
Vakolatli organ
Arizani va tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqadi va ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
20 kun muddatda
Vakolatli organ
1. Tarkibi vakolatli organning rahbari tomonidan tasdiqlangan ekspert komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi va ular asosida ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi xulosa tayyorlaydi.
14 kun muddatda
2. Ekspert komissiyasining xulosasi asosida ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
5 kun muddatda
3. Ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma talabgorga elektron pochta manziliga elektron hujjat tarzida yuboradi.
1 kun muddatda
4-bosqich
Vakolatli organ
Ruxsatnoma QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan elektron hujjat tarzida rasmiylashtiradi va elektron tizimda talabgor uchun shaxsiy kabinet yaratadi.
1 ish kuni ichida
5-bosqich
Vakolatli organ
Ruxsatnoma berish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning talabgor tomonidan to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilgan taqdirda, agar bartaraf etish mumkin bo‘lgan kamchiliklar mavjud bo‘lsa, ruxsatnoma talabgoriga 30 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.
1 ish kuni ichida
6-bosqich
Talabgor
Vakolatli organga kamchiliklarni bartaraf etib tegishli hujjatlarni taqdim qiladi.
xabarnomada ko‘rsatilgan muddatda
7-bosqich
Talabgor
Ruxsatnoma berish rad etilgan taqdirda, rad etish uchun asos bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etib, hujjatlarni qaytadan taqdim etadi
Qayta qo‘rib chiqish uchun arizani muddati ruxsatnoma berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma olingan kundan boshlab 10 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
rad etilganligi haqidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddatda
8-bosqich
Vakolatli organ
Talabgor tomonidan qayta to‘ldirilgan arizani ko‘rib chiqadi va ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
7 kun muddatda
9-bosqich
Mayner
Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyekti o‘zgartirilganda, uning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda, tadbirkorlik subyekti yoxud uning huquqiy vorisi shaxsiy kabinet orqali, ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar va (yoki) hujjatlarni taqdim etgan holda, ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza beradi.
qayta ro‘yxatdan o‘tganidan keyin 5 ish kuni ichida
10-bosqich
Mayner
1. Yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasida ruxsatnomasi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslari qo‘shib yuborilgan taqdirda, ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida shaxsiy kabinet orqali, ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar va (yoki) hujjatlarni taqdim etgan holda, ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza beradi.
qayta ro‘yxatdan o‘tganidan keyin 5 ish kuni ichida
2. Ruxsatnoma qayta rasmiylashtirilguniga qadar, unda ko‘rsatilgan faoliyatni ilgari berilgan ruxsatnoma asosida amalga oshiradi.
ruxsatnomani qayta rasmiylashtirilguniga qadar
11-bosqich
Vakolatli organ
1. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtiradi.
2. Elektron reyestrga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.
5 ish kuni ichida
12-bosqich
Mayner
Ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida ariza yo‘naltiradi.
Ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashidan 1 oydan kam bo‘lmagan muddat ichida
13-bosqich
Vakolatli organ
Arizani va tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqadi va ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi xulosa tayyorlaydi.
ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun nazarda tutilgan muddatlarda
14-bosqich
Mayner
Ruxsatnomaga o‘zgartirish kiritish uchun quyidagi hollarda ariza yo‘naltiradi:
a) faoliyatni amalga oshirish uchun manzilning o‘zgarishi;
b) ilgari keltirilgan ma’lumotlarga (mayning uskunalarining modeli va soni, aloqa ma’lumotlari (elektron pochta va telefon raqami), fotoelektr panellar sonining ko‘payishi yoki kamayishi) o‘zgartirish kiritilgan taqdirda.
muayyan asoslar yuzaga kelgan taqdirda
15-bosqich
Vakolatli organ
Arizani va tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqadi va ruxsatnomaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi xulosa tayyorlaydi.
ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun nazarda tutilgan muddatlarda
16-bosqich
Vakolatli organ
1. Ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish haqida qaror qabul qiladi.
muayyan asoslar yuzaga kelgan taqdirda
2. Ruxsat berish talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi.
doimiy ravishda
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2023-y., 10/23/3461/0743-son)