O‘zbekiston Respublikasining
Qonuni
Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 15-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 13-iyunda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qo‘llanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Tabiiy resurslarni (yer, yer osti boyliklari, suv, havo bo‘shlig‘i, foydali qazilmalar, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar), moddiy madaniy meros obyektlarini, O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini, oltin zaxirasini, valyuta fondini, uy-joy fondini va boshqa davlat fondlarini boshqarish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining hamda uning tasarrufidagi tashkilotlarning mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasining alohida qonunlari bilan tartibga solinadi.
2-modda. Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilik
Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Xorijda turgan davlat mulkini boshqarish ushbu mulk turgan davlatning qonunchiligi inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat ishtirokidagi korxona — ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori ellik foizdan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyati yoxud ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori xo‘jalik jamiyatining boshqa har bir aksiyadori (ishtirokchisi) ulushiga nisbatan ko‘p bo‘lgan xo‘jalik jamiyati;
(3-moddaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
davlat muassasasi — boshqaruv vazifalarini, ijtimoiy-madaniy vazifalarni yoki boshqa notijorat tusdagi vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organi yoki tashkiloti tomonidan tashkil etilgan hamda to‘liq yoxud qisman u tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilot;
davlat mulki — respublika mulkidan va ma’muriy-hududiy tuzilmalarning mulkidan (munitsipal mulk) iborat bo‘lgan ommaviy mulk;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksining 17-bobi.
davlat mulki reyestri — davlat mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona elektron axborot bazasi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat ulushi — xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli bo‘lgan aksiyalar yoki ulushlar.
(3-moddaning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuniga asosan 3-modda yettinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 8-may — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
4-modda. Davlat mulkini boshqarish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
Davlat mulkini boshqarish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
davlat mulkining to‘liq hisobga olinishini ta’minlash;
davlat mulki ushbu Qonunda ko‘rsatilgan mezonlarga muvofiq bo‘lganda unga egalik qilish;
raqobat rivojlangan sohalarda davlat mulkini xususiylashtirish, qayta tashkil etish va tugatish orqali davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish;
davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv prinsiplarini joriy etish;
zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish;
ochiq va shaffof hisobot tizimini yaratish;
davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish, shuningdek ularni ichki va tashqi bozorlarda raqobatlashishga qodir bo‘lgan, samarali korxonalarga bosqichma-bosqich aylantirish bo‘yicha choralar ko‘rish.
5-modda. Davlat mulkini boshqarishning asosiy prinsiplari
Davlat mulkini boshqarishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
hisobdorlik;
ochiqlik va shaffoflik;
sog‘lom raqobat uchun shart-sharoitlarning tengligi;
davlat mulkiga egalik qilishning asoslanganligi;
davlat mulkidan foydalanishning samaradorligi;
mulkdor va tartibga soluvchi vazifalarining ajratilganligi;
atrof-muhitni va tabiiy resurslarni muhofaza qilishning ustuvorligi.
6-modda. Qonuniylik prinsipi
Davlat mulkini boshqarish O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
7-modda. Hisobdorlik prinsipi
Davlat ishtirokidagi korxonalar o‘z faoliyatining iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi axborotning, shuningdek o‘zining moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) taqdim etib borilishini ta’minlaydi.
Davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘zlariga biriktirilgan davlat mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qonunchilikda belgilangan tartibda Agentlikka taqdim etadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 404-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi to‘g‘risida nizomning 9-bandi.
Agentlik davlat ishtirokidagi korxonalarda moliyaviy natijadorlik va davlat mulkidan foydalanish holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir yilda kamida bir marta, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga esa ularning so‘rovlari bo‘yicha hisobot berib boradi.
8-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi
Davlat mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlar barcha uchun ochiq bo‘lishi kerak, bundan qonunga muvofiq ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor etilmaydigan davlat mulki mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mulkini jismoniy va nodavlat yuridik shaxslarga realizatsiya qilish, shuningdek ijaraga va ishonchli boshqaruvga berish ommaviy savdolar orqali (auksionlar, tanlovlar, muzokaralarga ommaviy taklif etish yo‘li bilan va boshqalar) hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda amalga oshirilishi kerak.
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 14-fevraldagi O‘RQ-907-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.02.2024-y., 03/24/907/0127-son — 2024-yil 16-maydan kuchga kiradi)
Davlat mulkini boshqarish samaradorligi to‘g‘risidagi hisobot ommaviy axborot vositalarida, Internet jahon axborot tarmog‘ida, shu jumladan davlat mulkini boshqarish subyektlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinishi kerak.
9-modda. Sog‘lom raqobat uchun shart-sharoitlarning tengligi prinsipi
Davlat mulkini boshqarish davlat ishtirokidagi korxonalarning iqtisodiyotdagi ulushini qisqartirishga, xususan, ularning tovar va moliya bozorlaridagi ustun mavqeyini bekor qilishga, shuningdek xaridlarning ochiq va shaffof tizimini yaratishga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Davlat ishtirokidagi korxonalarga va nodavlat yuridik shaxslarga ular xo‘jalik faoliyatini yuritishi uchun teng shart-sharoitlar yaratiladi, shuningdek davlat ishtirokidagi korxonalarga qo‘shimcha imtiyozlar va preferensiyalar berilmaydi.
10-modda. Davlat mulkiga egalik qilishning asoslanganligi prinsipi
Davlat mulkiga egalik qilishga ushbu mulk quyidagi mezonlardan biriga yoki bir nechtasiga muvofiq bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi:
asosiy faoliyatni tabiiy monopoliyalar sohasida amalga oshirish;
aholi uchun zarur bo‘lgan, ko‘rsatilishi xususiy sektor uchun norentabel bo‘lgan tayanch xizmatlarni ko‘rsatish;
faoliyatni strategik manfaat, shuningdek aholi xavfsizligini ta’minlash sohalarida amalga oshirish yoki milliy iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan va ushbu Qonunga muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulkining mavjud bo‘lishi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan davlat mulkiga egalik qilishning o‘zgacha mezonlari ham belgilanishi mumkin.
11-modda. Davlat mulkidan foydalanishning samaradorligi prinsipi
Davlat mulkini boshqarish subyektlari o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni hisobga olgan holda fuqarolar va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini qanoatlantirish hamda ularning farovonligi maqsadida davlat mulkidan samarali foydalanish choralarini ko‘rishi kerak.
12-modda. Mulkdor va tartibga soluvchi vazifalarining ajratilganligi prinsipi
Davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan bir vaqtning o‘zida ham mulkdorning, ham tartibga soluvchining vazifalarini bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu holat mulkdorning vazifalarini davlat organidan Agentlikka o‘tkazish yoki mazkur korxonani tugatish yoxud tartibga soluvchining vazifalarini ushbu davlat organidan boshqa davlat organiga o‘tkazish yo‘li bilan bartaraf etiladi.
13-modda. Atrof-muhitni va tabiiy resurslarni muhofaza qilishning ustuvorligi prinsipi
Davlat mulkini boshqarish atrof-muhitni, shu jumladan biosfera va ekologik tizimlar barqarorligini saqlashga, odamlarning ekologik jihatdan xavfsizligini hamda fuqarolarning hayot uchun qulay tabiiy muhitga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak.
2-bob. Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqining yuzaga kelishi va bekor qilinishi asoslari
14-modda. Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqining yuzaga kelishi asoslari
Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra yuzaga keladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 182-moddasi.
Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi quyidagi asoslarga ko‘ra ham yuzaga kelishi mumkin:
shartnomalar va boshqa bitimlar tuzilganda, shu jumladan garchi qonunda nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, lekin unga zid bo‘lmagan shartnomalar hamda boshqa bitimlar tuzilganda;
mol-mulkni va (yoki) mol-mulkdan foydalanish huquqini, soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek davlat ulushi bo‘yicha hisoblangan dividendlarni xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritish yo‘li bilan ulushni olishda;
sud qarorlari asosida.
15-modda. Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqining bekor qilinishi asoslari
Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra bekor qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 197-moddasi.
Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi quyidagi asoslarga ko‘ra ham bekor qilinishi mumkin:
xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni.
davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi mulkiy huquqlarni (ulushlarni) olish evaziga boshqa shaxsga o‘tganda.
3-bob. Davlat mulki, uning toifalarini o‘zgartirish. Davlat mulkini boshqarish subyektlari va ularning vakolatlari
16-modda. Respublika mulki
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 214-moddasida nazarda tutilgan davlat mulki respublika mulki jumlasiga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining mablag‘lari yoki davlatning boshqa mablag‘lari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan o‘zga mol-mulk, shu jumladan davlat muassasasi, xo‘jalik jamiyatining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi, shuningdek intellektual mulk obyektlari respublika mulki jumlasiga kirishi mumkin.
(16-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida turgan davlat mulki ham respublika mulki jumlasiga kiritilishi mumkin.
Respublika mulkini boshqarish va saqlashga doir xarajatlarni moliyalashtirish respublika budjeti hamda davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
17-modda. Munitsipal mulk
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 215-moddasida nazarda tutilgan davlat mulki munitsipal mulk jumlasiga kiradi.
Mahalliy budjet mablag‘lari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining boshqa mablag‘lari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan o‘zga mulk, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tasarrufida turgan munitsipal uy-joy fondi, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim tizimlarining korxonalari hamda muassasalari, madaniyat va madaniy faoliyat tashkilotlari, xo‘jalik jamiyatining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi hamda intellektual mulk obyektlari munitsipal mulk jumlasiga kirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida turgan davlat mulki ham munitsipal mulk jumlasiga kiritilishi mumkin.
Munitsipal mulkni boshqarish va saqlashga doir xarajatlarni moliyalashtirish tegishincha mahalliy budjetlarning, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining, budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamg‘armalarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
18-modda. Davlat mulkining toifasini o‘zgartirish
Davlat mulki respublika mulki toifasidan munitsipal mulk toifasiga, munitsipal mulk toifasidan esa respublika mulki toifasiga o‘tkazilishi mumkin.
Davlat mulki toifasining o‘zgartirilishi davlatning mulkka bo‘lgan mulk huquqi tugatilishiga olib kelmaydi.
Davlat mulkining toifasini o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Agentlik tomonidan davlat mulki reyestriga tegishli yozuvlarni kiritish orqali amalga oshiriladi.
19-modda. Xususiylashtirilmaydigan davlat mulki
Quyidagi davlat mulki xususiylashtirilmaydi:
O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasidagi yer (bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno), yer osti boyliklari, shuningdek suv omborlari, shu jumladan qor va sel natijasida to‘plangan suv omborlari, suv xo‘jaligining yirik va o‘ta muhim obyektlari, havo bo‘shlig‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi;
Oldingi tahrirga qarang.
moddiy madaniy meros obyektlari, arxiv hujjatlari, davlat muzeylari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, shu jumladan tabiat bog‘lari, milliy bog‘lar va botanika bog‘lari, shuningdek skverlar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, sayilgohlar;
(19-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi O‘RQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
Oldingi tahrirga qarang.
pul belgilarini, qimmatli qog‘ozlarni, ordenlarni, medallarni hamda pochta markalarini ishlab chiqarishni ta’minlovchi korxonalar va tashkilotlar, milliy etalonlar;
(19-modda birinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 17-martdagi O‘RQ-1122-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining, Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyaning, Ichki ishlar vazirligining va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining korxonalari, muassasalari, shuningdek harbiy texnikaviy mulki (sanoatda utilizatsiya qilinguniga qadar yoki sanoatda utilizatsiya qilinmaydigan mulki);
ionlovchi nurlanish manbalaridan foydalanib ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlarini olib boruvchi, rentgen uskunalari, asbob-uskunalar va jihozlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar va obyektlar;
radioaktiv elementlarni kavlab olishni, ishlab chiqarishni, transportda tashishni, qayta ishlashni, radioaktiv chiqindilarni ko‘mishni, uran va boshqa bo‘linuvchi materiallarni, shuningdek ulardan yasalgan buyumlarni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar va obyektlar;
qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni, himoya vositalarini, harbiy texnikani, ular uchun ehtiyot qismlarni, butlovchi qismlarni hamda asbob-uskunalarni, pirotexnika buyumlarini, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallarni va uskunalarni ishlab chiqishni, ishlab chiqarishni, ta’mirlashni hamda realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar;
kuchli ta’sir etuvchi zaharlarni, giyohvandlik moddalarini va zaharli moddalarni ishlab chiqaruvchi, shuningdek tarkibida giyohvandlik moddalari va zaharli moddalar bo‘lgan ekinlarni ekishni, yetishtirishni hamda qayta ishlashni amalga oshiruvchi korxonalar;
O‘zbekiston Respublikasining davlat zaxiralari, fuqaro muhofazasi hamda safarbarlik maqsadidagi obyektlar va mulk;
yadroviy qurilmalar, saqlash punktlari (yadroviy materiallarni, yadroviy reaktorlarning issiqlik o‘tkazmaydigan to‘plamlarini, ishlatib bo‘lingan yadroviy yoqilg‘ini saqlash punktlari), yadroviy yoqilg‘i, yadroviy reaktorlarning issiqlik o‘tkazmaydigan to‘plamlari, ishlatib bo‘lingan yadroviy yoqilg‘i, yadroviy materiallar (tabiiy uran, uran-235 izotopi bilan boyitilgan barcha shakldagi uran, uran-233 izotopi, plutoniy, ameritsiy, kaliforniy elementlarining barcha izotoplari, Np-237 izotopi va tarkibida barcha sanab o‘tilgan izotoplar bo‘lgan aralashmalar);
portlash xavfi bo‘lgan va zaharli moddalarni transportda tashishni amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalar;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari;
sanitariya-epidemiologiya stansiyalari, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi, atrof-muhit holatini nazorat qilish va tabiatni muhofaza qilish xizmatlari;
maxsus vazifalarni bajaruvchi korxonalar (Respublika maxsus aloqa uzeli, 15361 raqamli harbiy qism, Elektromagnit moslashuv markazi);
dafn etish joylari.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan boshqa davlat mulki ham xususiylashtirilmaydigan davlat mulki jumlasiga kiritilishi mumkin.
20-modda. Davlat mulkini boshqarish subyektlari
Davlat mulkini boshqarish subyektlari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Agentlik;
maxsus vakolatli davlat organlari;
davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlari.
Davlat mulkini boshqarish subyektlari davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilik bilan belgilangan o‘z vakolatlarini boshqa davlat organlaridan, o‘zga tashkilotlardan va ularning mansabdor shaxslaridan, jismoniy va yuridik shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshiradi.
21-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
davlat mulkini boshqarishda davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirish yuzasidan davlat organlarining hamkorligini ta’minlaydi;
davlat mulkini boshqarish sohasidagi rivojlantirish dasturlarini tasdiqlaydi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi tarkibiga davlat ulushi bo‘yicha nomzodlarni saralash tartibini (tanlov reglamentini) tasdiqlaydi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini tasdiqlaydi;
davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) davlat mulkiga sotib olish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
davlat mulkini tekin foydalanishga berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
ko‘chmas mulkni bir davlat muassasasidan boshqa davlat muassasasiga o‘tkazish tartibini belgilaydi;
(21-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
xorijda turgan davlat mulkini boshqarish tartibini belgilaydi;
korporativ boshqaruvchining malaka attestatini olish tartibini belgilaydi;
davlat mulki reyestrini yuritish tartibini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish hamda ularning faoliyat yuritish tartibini belgilaydi;
(21-modda birinchi qismining o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasasi va davlat organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi mulkiy munosabatlarni o‘zgartirish tartibini belgilaydi;
(21-modda birinchi qismining o‘n uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq bo‘lmagan, realizatsiya qilinishi, qayta tashkil etilishi va tugatilishi lozim bo‘lgan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatini har yili 1-oktabrga qadar bo‘lgan muddatda tasdiqlaydi;
davlat ishtirokidagi korxonalarni, davlat muassasalarini tashkil etish va qayta tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining (bundan buyon matnda monopoliyaga qarshi kurashish organi deb yuritiladi) oldindan berilgan roziligi asosida qaror qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
22-modda. Agentlikning davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Agentlik davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Agentlik:
davlat mulkini boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat mulkining reyestrini yuritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasalarining, shu jumladan davlat organlarining va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat mulkini boshqarish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
(22-modda ikkinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
davlat mulkidan foydalanish qoidalarini va davlat mulkini boshqarish samaradorligini baholash tartibini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasalariga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan davlat mulkining ortiqcha qismini, shuningdek foydalanilmayotgan yoki lozim darajada foydalanilmayotgan davlat mulkini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
(22-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvga ko‘ra davlat mulkini xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
davlat ulushiga nisbatan aksiyador (ishtirokchi) vazifasini amalga oshiradi, bundan aksiyadorning (ishtirokchining) vazifalari ushbu Qonunga muvofiq maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladigan hollar mustasno;
davlat mulkining, shu jumladan xorijda turgan davlat mulkining sotuvchisi vazifalarini bajaradi, shuningdek ularning ijaraga berilishini va ishonchli boshqaruvga o‘tkazilishini tashkil etadi;
monopoliyaga qarshi kurashish organi, manfaatdor vazirliklar, qo‘mitalar va idoralar bilan birgalikda har yili davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini tahlil (inventarizatsiya) qiladi va saqlab qolinishi, realizatsiya qilinishi yoki tugatilishi yoxud qayta tashkil etilishi lozim bo‘lgan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatini belgilaydi hamda uni tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat ishtirokidagi korxonalarda samarali dividend siyosati yuritilishini muvofiqlashtiradi, davlat ulushi bo‘yicha hisoblangan va to‘langan dividendlarning (ajratmalarning) hisobini yuritadi;
(22-modda ikkinchi qismining o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 22-oktabrdagi O‘RQ-980-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son)
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya qilish va xususiylashtirish jamg‘armasi mablag‘larini belgilangan tartibda tasarruf etadi;
davlat ishtirokidagi korxonalar uchun korporativ boshqaruv qoidalarini tasdiqlaydi;
korporativ boshqaruv prinsiplariga muvofiq davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi a’zolari va ijroiya organlari rahbarlarini ularning boshqaruv organlari orqali tayinlashni (tanlov o‘tkazishni, saylashni) tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
tegishli davlat organlari bilan kelishuvga ko‘ra davlat ko‘chmas mulk obyektlarini (bundan xususiylashtirilmaydigan obyektlar mustasno), idoraviy mansubligidan qat’i nazar, operativ boshqaruv huquqi asosida bir davlat muassasasidan boshqa davlat muassasasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
(22-modda ikkinchi qismining o‘n beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasasini xo‘jalik jamiyati etib o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
(22-modda ikkinchi qismining o‘n oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
davlat organlaridan, davlat mulkidan foydalanayotgan shaxslardan davlat mulkini boshqarish bilan bog‘liq axborotni va hujjatlarni so‘rab oladi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning boshqaruv organlari majlislarida ularning rahbarlarini almashtirish masalasi yuzasidan tashabbus bilan chiqadi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyatini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish yoki maxsus masalalar bo‘yicha auditorlik tekshiruvi o‘tkazish tashabbusi bilan chiqadi;
davlat mulkini xususiylashtirish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun ishonchli boshqaruvchilar, maslahatchilar va ekspertlarni jalb etadi, shuningdek ularga to‘lanadigan haq miqdorini belgilaydi.
Agentlik qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 404-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi to‘g‘risidagi nizomning 3-bobi.
Agentlik respublika mulki jumlasiga kiruvchi davlat mulkini ishonchli boshqaruvga berishda, shuningdek Agentlikka operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan davlat mulkini ijaraga berishda naf oluvchi bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik tomonidan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek davlat muassasalari tomonidan ijro etilishi shart.
(22-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
23-modda. Maxsus vakolatli davlat organlarining davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga asosan alohida davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish uchun maxsus vakolatli davlat organlari belgilanishi mumkin.
Maxsus vakolatli davlat organlari:
davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushiga nisbatan aksiyador (ishtirokchi) vazifalarini amalga oshiradi;
aksiyador (ishtirokchi) vazifalarini amalga oshirishda davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati holatini tahlil qiladi.
Maxsus vakolatli davlat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
24-modda. Davlat muassasalarining, shu jumladan davlat organlarining davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari:
operativ boshqaruv huquqi asosida o‘ziga biriktirilgan davlat mulkini qonunchilikda belgilangan tartibda ijaraga beradi;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14-bobi.
operativ boshqaruv huquqi asosida o‘ziga biriktirilgan davlat ko‘char mulkini, shu jumladan transport vositalarini qonunchilikda belgilangan o‘z vakolatlari doirasida tasarruf etadi;
o‘z tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga tegishli ko‘chmas mulkni bir tashkilotdan boshqa biriga operativ boshqaruv huquqi asosida o‘tkazish to‘g‘risida Agentlik bilan kelishuvga ko‘ra qaror qabul qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
o‘z bo‘ysunuvidagi davlat muassasalarining muassisi vazifalarini amalga oshiradi hamda ularning samarali boshqarilishini ta’minlaydi.
(24-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
25-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari:
davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq bo‘lmagan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish, qayta tashkil etish yoki tugatish to‘g‘risida o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi;
munitsipal mulkni belgilangan tartibda ijaraga yoki ishonchli boshqaruvga beradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan hollarda xo‘jalik jamiyatlaridagi davlat ulushlariga nisbatan aksiyador (ishtirokchi) vazifalarini amalga oshiradi;
mahalliy budjet mablag‘lari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining boshqa mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan davlat muassasalarida muassis vazifalarini amalga oshiradi;
davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq bo‘lmagan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish, qayta tashkil etish yoki tugatish to‘g‘risida o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi;
munitsipal mulkni belgilangan tartibda ijaraga yoki ishonchli boshqaruvga beradi;
munitsipal mulkni davlat muassasalariga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirish to‘g‘risida o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi;
munitsipal mulk hisobidan tashkil etilgan davlat ishtirokidagi korxonalarning boshqaruv organlari orqali ularning kuzatuv kengashlari a’zolarini va ijroiya organlari rahbarlarini tayinlashni (tanlov o‘tkazishni, saylashni) belgilangan tartibda, korporativ boshqaruv prinsiplariga muvofiq tashkil etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Munitsipal mulk bo‘lgan davlat muassasalari va xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushlarini xususiylashtirish dasturlari Agentlik hamda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
(25-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 17-martdagi O‘RQ-1122-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Munitsipal mulk bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini xususiylashtirish dasturlari tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
(25-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 17-martdagi O‘RQ-1122-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(25-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
4-bob. Davlat mulkiga egalik qilish va (yoki) undan foydalanishning umumiy qoidalari
26-modda. Davlat mulkiga egalik qilish va (yoki) undan foydalanish
Davlat mulkiga egalik qilish va (yoki) undan foydalanish davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Davlat mulki ijaraga, ishonchli boshqaruvga, tekin foydalanishga, saqlashga va garovga, shuningdek davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida berilishi mumkin.
Xususiylashtirilmaydigan davlat mulkiga egalik qilishga va (yoki) undan foydalanishga ijara shartnomasiga yoki davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga, davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasiga, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga, shu jumladan konsessiya shartnomasiga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Davlat mulki o‘ziga biriktirilgan shaxslar davlat mulkidan oqilona va samarali egalik qilish va (yoki) undan foydalanilishini ta’minlaydi hamda o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, unga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, uning yaxlitligini va but saqlanishini ta’minlash uchun mas’uldir.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mulkining yaxlitligini va but saqlanishini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish tasdiqlangan xarajatlar smetalariga muvofiq, ushbu davlat mulki o‘ziga biriktirilgan davlat organlari va davlat muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
(26-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
27-modda. Davlat mulkini ijaraga berish
Davlat mulki jismoniy shaxslarga va nodavlat yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion asosida (bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno), auksion o‘tkazilishi to‘g‘risida kamida o‘n besh kun oldin xabardor qilingan holda ijaraga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasi ijaraga oluvchi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazi o‘rtasida tuziladi.
(27-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 22-oktabrdagi O‘RQ-980-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son)
Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasi bir yil muddatga tuziladi, bundan qonunchilikda belgilangan muddatlar mustasno. Davlat mulkini ijaraga olgan jismoniy shaxslar va nodavlat yuridik shaxslar tomonidan shartnoma majburiyatlari lozim darajada bajarilgan taqdirda, davlat mulkini ijaraga berish muddati tugaganidan keyin mazkur mulk ularga elektron onlayn-auksion o‘tkazilmagan holda xuddi shu muddatga taklif etiladi.
Davlat mulki o‘ziga ijaraga berilgan jismoniy shaxslar va nodavlat yuridik shaxslar ijaraning butun muddati davomida undan maqsadli foydalanilishini, uning yaxlitligini va but saqlanishini ta’minlaydi.
Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasida davlat mulkining har qanday yaxshilanishi balansda saqlovchining yozma roziligi bilan amalga oshirilishi nazarda tutilishi kerak.
Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasi bekor qilingan taqdirda, davlat mulkining ajralmas qismi bo‘lgan yaxshilanishlarning qiymatini ijaraga oluvchiga qaytarmaslik to‘g‘risidagi shart davlat mulkini ijaraga berish shartnomasida nazarda tutilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-sonli “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori.
28-modda. Davlat mulkini ishonchli boshqarish
Davlat mulki jismoniy shaxslarga va nodavlat yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion vositasida ishonchli boshqaruvga beriladi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Davlat mulkini ishonchli boshqarish Agentlik yoki mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi va ishonchli boshqaruvchi o‘rtasida tuziladigan davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga asosan yuzaga keladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mulkiy majmualar, ko‘chmas mulkning alohida qismlari, davlat ulushi, mutlaq huquqlar va boshqa davlat mulki davlat mulkini ishonchli boshqarish obyekti bo‘lishi mumkin.
(28-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasi tasdiqlangan yillik biznes-rejalarni bajarish sharti bilan besh yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi, bundan qonunchilikda belgilangan muddatlar mustasno.
Davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasi taraflardan birining tashabbusi bilan bekor qilinayotganda, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, boshqa taraf kamida uch oy oldin xabardor qilinishi kerak.
Davlat mulkining ishonchli boshqaruvga berilishi mulk huquqining ishonchli boshqaruvchiga o‘tishiga sabab bo‘lmaydi.
Davlat mulkini davlat organlariga ishonchli boshqaruvga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
29-modda. Davlat mulkidan tekin foydalanish
Davlat mulki yuridik shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq tekin foydalanishga beriladi.
Davlat mulkini tekin foydalanishga berish balansda saqlovchi tomonidan yuridik shaxs bilan tuziladigan davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasi har bir moliya yili uchun alohida tuziladi.
Ko‘chmas va ko‘char mulk obyektlari davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasining obyekti bo‘lishi mumkin.
Yuridik shaxslar o‘ziga tekin foydalanishga berilgan davlat mulkidan tekin foydalanishning butun muddati davomida maqsadli foydalanilishini, uning yaxlitligini va but saqlanishini ta’minlaydi.
Tekin foydalanishga berilgan davlat mulkining har qanday yaxshilanishi balansda saqlovchining yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasida davlat mulkining ajralmas qismi bo‘lgan yaxshilanishlarning qiymatini davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasi bekor qilingan taqdirda foydalanuvchiga qaytarmaslik to‘g‘risidagi shart nazarda tutilishi mumkin.
30-modda. Davlat mulkini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida berish
Davlat mulkini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, shu jumladan konsessiya shartnomasi bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkorga, yuridik shaxslarga yoki yuridik shaxslarning birlashmalariga berish davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuni.
31-modda. Davlat mulkini saqlash
Davlat mulki uning yaxlitligini va but saqlanishini ta’minlash uchun yuridik shaxslarga saqlashga topshirilishi mumkin.
Davlat mulkini saqlashga topshirish balansda saqlovchi va yuridik shaxs o‘rtasida tuziladigan davlat mulkini saqlash to‘g‘risidagi shartnoma yoki davlat mulkini saqlash uchun qabul qilish haqidagi bitimga asosan amalga oshiriladi.
Davlat mulkini saqlash to‘g‘risidagi shartnomada yoki davlat mulkini saqlash uchun qabul qilish haqidagi bitimda davlat mulkini saqlaganlik uchun haq to‘lanishi nazarda tutilishi mumkin.
Saqlovchi davlat mulkini saqlashda texnik normativlarga hamda uni saqlash va (yoki) muhofaza qilish shartlariga doir talablarga rioya etilishini ta’minlanishi shart.
Saqlovchi saqlash uchun qabul qilingan davlat mulkining yo‘qolganligi, kamomadi yoki shikastlanganligi uchun javobgar bo‘ladi. Agar saqlovchi davlat mulkining yo‘qolganligi, kamomadi yoki shikastlanganligi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra sodir bo‘lganligini isbotlasa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
32-modda. Davlat mulkini garovga berish
Davlat mulki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq yuridik shaxslarga garovga berilishi mumkin. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushini garovga berayotganda, agar jamiyat ustavida jamiyatning yoki uning ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinguniga qadar mazkur rozilikni olish talab etiladi.
Davlat mulkini garovga berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan vakolatli shaxs (garovga beruvchi) va garovga oluvchi o‘rtasida tuziladigan garov shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Garov to‘g‘risida”gi Qonuni.
Ushbu Qonunning 19-moddasida nazarda tutilgan davlat mulkini, shuningdek ushbu Qonunning 35-moddasida ko‘rsatilgan hollarda davlat mulkini garovga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat mulkini jismoniy shaxslarning va nodavlat yuridik shaxslarning majburiyatlarini ta’minlash uchun garovga berish taqiqlanadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorida nazarda tutilgan hollar mustasno.
5-bob. Davlat mulki negizida korxonalarni tashkil etish va ularni qayta tashkil etish
33-modda. Davlat ishtirokidagi korxonani tashkil etishning umumiy qoidalari
Davlat ishtirokidagi korxona davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq bo‘lgan taqdirda tashkil etilishi mumkin.
Davlat ishtirokidagi korxonani tashkil etish monopoliyaga qarshi kurashish organining oldindan berilgan roziligi olinganidan keyin:
respublika mulki negizida — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra;
Oldingi tahrirga qarang.
munitsipal mulk negizida — mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
(33-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
34-modda. Xo‘jalik jamiyatining aksiyalarini (ulushlarini) davlat mulki sifatida olish
Xo‘jalik jamiyatining aksiyalarini (ulushlarini) davlat mulki sifatida olish Agentlikning taklifiga ko‘ra, monopoliyaga qarshi kurashish organining xulosasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladi, bundan xo‘jalik yurituvchi subyektning sof foydasini (davlat ulushi bo‘yicha hisoblangan dividendlarni) uning ustav fondiga (ustav kapitaliga) kapitalizatsiya qilish hollari mustasno.
Xo‘jalik jamiyatining aksiyalarini (ulushlarini) davlat mulki sifatida olishga, agar bu davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Xo‘jalik jamiyatining aksiyalarini (ulushlarini) davlat mulki sifatida olish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining mablag‘lari yoki davlatning o‘zga mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
35-modda. Davlat muassasasini o‘zgartirish
(35-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq bo‘lmagan davlat muassasasi xo‘jalik faoliyatini yuritishda boshqa nodavlat yuridik shaxslar bilan teng shart-sharoitlar yaratish, ular faoliyatining samaradorligini, ochiqligini va shaffofligini ta’minlash hamda korporativ boshqaruvni joriy etish maqsadida xo‘jalik jamiyati etib o‘zgartirilishi lozim.
(35-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mulkining yaxlitligini va but saqlanishini ta’minlash maqsadida, o‘zgartirilayotgan davlat muassasasining rahbari o‘z roziligiga asosan o‘zgartirish natijasida tashkil etilgan xo‘jalik jamiyatining rahbari etib tayinlanishi mumkin.
(35-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuniga asosan 35-modda uchinchi qismining chiqarilish sanasi 2025-yil 8-may — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
Davlat muassasasi xo‘jalik jamiyati etib o‘zgartirilayotganda uning mulki inventarizatsiyadan o‘tkaziladi va xo‘jalik jamiyati ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori mulk baholashdan o‘tkazilmagan holda, davlat muassasasi mulkining qoldiq (balans) qiymati bo‘yicha belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat muassasasi xo‘jalik jamiyati etib o‘zgartirilayotganda mazkur xo‘jalik jamiyati ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushiga nisbatan aksiyadorning (ishtirokchining) vazifalari Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
(35-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat muassasasini xo‘jalik jamiyati etib o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran va mazkur jarayon yakunlanguniga qadar ushbu muassasaga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan davlat mulkini sotishga, hisobdan chiqarishga, garovga berishga, yuridik shaxslarning ustav fondlariga (ustav kapitallariga) kiritishga yoki uni boshqacha tarzda tasarruf etishga yoxud boshqacha usullar bilan davlat mulkiga nisbatan majburiyatlarni yuzaga keltirishga yo‘l qo‘yilmaydi (bundan joriy xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq hollar mustasno).
(35-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat muassasasi xo‘jalik jamiyati etib o‘zgartirilayotganda xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) xususiylashtirilmaydigan davlat mulki kiritilmaydi.
(35-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
36-modda. Davlat muassasasini tashkil etish
Davlat muassasasi davlat mulki negizida tashkil etiladi.
Davlat muassasasi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarayotganda qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari, shuningdek davlat mulkini boshqarish subyektlarining mablag‘lari hisobidan to‘liq yoki qisman moliyalashtiriladi.
6-bob. Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish
37-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarishning umumiy qoidalari
Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish, shu jumladan ularning boshqaruv organlarini shakllantirish qonunchilikda belgilangan tartibda korporativ boshqaruv prinsiplariga muvofiq amalga oshiriladi.
38-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari faoliyatini moliyalashtirish ularning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
(38-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
39-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini joriy etish
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida tegishincha Agentlik, maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(39-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
davlat ishtirokidagi korxonalar boshqaruv organlarining hisobdorligini nazorat qiladi va tegishli biznes-rejalar ko‘rsatkichlari bajarilmagan taqdirda qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘radi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning rivojlantirish strategiyalari tasdiqlanishini muvofiqlashtiradi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashlari tarkibiga mustaqil a’zolarni jalb etadi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning moliyaviy hisobotlarini moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga muvofiq tayyorlash va xalqaro kredit reytinglariga erishish masalalarini muvofiqlashtiradi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning sohaga oid bo‘lmagan aktivlarini qisqartirish choralarini ko‘radi;
xaridlar jarayonlarini auditdan o‘tkazish, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazoratining samaradorligini oshirish choralarini ko‘radi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashlari tomonidan har chorakda ijroiya organlarining korxona faoliyatining samaradorligi, shu jumladan amalga oshirilgan xaridlar to‘g‘risidagi hisobotlari eshitib borilishini nazorat qiladi;
korporativ boshqaruv tizimining joriy etilishi yiliga kamida bir marta baholashdan o‘tkazilishini nazorat qiladi;
davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashlari va ijroiya organlari a’zolarining javobgarligi sug‘urta qilinishini nazorat qiladi.
40-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimi joriy etilishini baholash tartibi
Davlat ishtirokidagi korxonada korporativ boshqaruv tizimining joriy etilishi baholashdan o‘tkaziladi. Baholash natijalari davlat ishtirokidagi korxona kuzatuv kengashining majlisida ko‘rib chiqiladi hamda uning a’zolariga haq to‘lash mexanizmi mazkur baholash natijalariga bog‘langan holda ishlab chiqiladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimining joriy etilishini baholash tartibi Agentlik tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 404-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi to‘g‘risidagi nizomning 3-bobi.
41-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari
Davlat ishtirokidagi korxonalarda ularning faoliyati samaradorligini baholash mezonlari joriy etiladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari samaradorlikning belgilangan davriylik bo‘yicha hisob-kitob qilinadigan muhim ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga oladi.
Samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari davlat ishtirokidagi korxonaning strategik rivojlanish rejalariga asoslangan, ijroiya organi faoliyatining samaradorligini aniqlash uchun foydalaniladigan, miqdoriy o‘lchovga oid baholash mezonlaridan iboratdir.
Samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari ro‘yxati davlat ishtirokidagi korxona kuzatuv kengashining qarori bilan tasdiqlanadi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar Agentlikning maxsus axborot tizimiga biznes-rejalari ko‘rsatkichlarining va samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi, shu jumladan ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanilishi, soliqlar va yig‘imlarning to‘langanligi, mavjud qarzdorlik, mahalliylashtirish hamda investitsiya loyihalari haqidagi axborotni, shuningdek moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotni qonunchilikda belgilangan tartibda joylashtiradi.
7-bob. Davlat ishtirokidagi korxonaning boshqaruv organlari faoliyatiga doir asosiy talablar
42-modda. Davlat ishtirokidagi korxonaning yuqori boshqaruv organi
Quyidagilar davlat ishtirokidagi korxonaning yuqori boshqaruv organi hisoblanadi:
xo‘jalik jamiyati aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) umumiy yig‘ilishi.
Oldingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuniga asosan 42-modda birinchi qismi uchinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 8-may — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
Davlat ishtirokidagi korxona aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) umumiy yig‘ilishida davlat vakili — davlat ulushini ishonchli boshqarishni amalga oshiradigan investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi yoki tegishli ishonchnomaga asosan davlat ulushi bo‘yicha ovoz berish vakolatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs ishtirok etadi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) umumiy yig‘ilishi kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilayotganda kuzatuv kengashi ularni oldindan ko‘rib chiqadi va kuzatuv kengashining davlat ulushi bo‘yicha saylangan a’zolari ular bo‘yicha ovoz berish tartibi to‘g‘risidagi takliflarni tegishincha davlat ulushiga nisbatan aksiyadorlar (ishtirokchilar) bo‘lgan Agentlikka, maxsus vakolatli davlat organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etadi:
sof foydani taqsimlash va uning bir qismini dividendlarga yo‘naltirish;
korxonani qayta tashkil etish yoki tugatish;
shu’ba va tobe xo‘jalik jamiyatlarini tashkil etish;
tashkiliy tuzilmani tasdiqlash;
korxonaning ijroiya organini saylash, tayinlash, yollash, uning vakolatlarini muddatidan oldin bekor qilish;
e’lon qilingan aksiyalarning eng yuqori miqdorini belgilash;
aksiyalarni bo‘lish va konsolidatsiyalash;
korxonaning ustav fondi (ustav kapitali) miqdorini ko‘paytirish yoki kamaytirish;
mulkni garovga berish;
yirik bitim tuzish yoki korxonaning affillangan shaxslari bilan bitimlar tuzish.
Agentlik, maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yig‘ilishining kun tartibidagi, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan masalalar bo‘yicha ovoz berish tartibi to‘g‘risidagi yozma ko‘rsatmani davlat vakiliga yig‘ilish o‘tkazilguniga qadar kamida bir kun oldin beradi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilmagan qolgan masalalar bo‘yicha davlat vakili qonunchilikka va davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq mustaqil ravishda qarorlar qabul qiladi.
43-modda. Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi
Davlat ishtirokidagi korxonalarda kuzatuv kengashlari tashkil etiladi. Kuzatuv kengashi a’zolari ushbu Qonunning 44-moddasida nazarda tutilgan tartibda tanlab olinadi va aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yig‘ilishining, muassisning qarori asosida uch yil muddatga saylanadi.
Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi a’zolari o‘z huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda korxona manfaatlarini ko‘zlab harakat qiladi hamda qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Davlat ulushi bo‘yicha kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lgan shaxs davlat ishtirokidagi korxonalarning beshtadan ortiq kuzatuv kengashiga saylanishi mumkin emas, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashlariga kuzatuv kengashining mustaqil a’zolari ham kiritiladi.
Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi majlislari zaruratga qarab, biroq har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi faoliyati samaradorligi ushbu Qonunning 40-moddasiga asosan o‘tkaziladigan korporativ boshqaruv tizimining joriy etilishini baholash natijalariga ko‘ra baholanadi.
Davlat ishtirokidagi korxona kuzatuv kengashining davlat ulushi bo‘yicha saylangan a’zolari o‘z vakolatlari doirasida kuzatuv kengashi majlislarida mustaqil ravishda qarorlar qabul qilish huquqiga ega. Mustaqil ravishda qarorlar qabul qilishga to‘sqinlik qiladigan holatlar yuzaga kelgan taqdirda mazkur shaxslar o‘z majburiyatlarini bajarishni rad etishi kerak.
Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi qoshida kuzatuv kengashi a’zolari orasidan audit bo‘yicha qo‘mita, tayinlovlar va haq to‘lash bo‘yicha qo‘mita, xaridlar bo‘yicha qo‘mita hamda zarur bo‘lganda boshqa qo‘mitalar tashkil etilishi mumkin.
44-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi a’zoligiga davlat ulushi bo‘yicha nomzodlarni tanlash
Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi a’zoligiga davlat ulushi bo‘yicha nomzod tegishincha Agentlik, maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tuzilgan tanlov komissiyasi tomonidan tanlanadi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarning davlat ulushi bo‘yicha kuzatuv kengashi a’zolarini tanlash qoidalari (tanlov reglamenti) Agentlik tomonidan ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Tanlov reglamentida davlat ishtirokidagi korxonalarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, kuzatuv kengashlari a’zoligiga nomzodlarga qo‘yiladigan mezonlar belgilanishi va mazkur mezonlar asosida tanlov o‘tkazilishi nazarda tutilishi kerak.
Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati sohasini litsenziyalash, tartibga solish yoki nazorat qilish vazifalarini amalga oshiruvchi davlat organlarining xodimlari, shuningdek, moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishni amalga oshiruvchi organlarning xodimlari ushbu korxonalar kuzatuv kengashining tarkibiga kiritilishi mumkin emas, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
45-modda. Davlat ishtirokidagi korxonaning ijroiya organi
Davlat ishtirokidagi korxonaning ijroiya organi rahbari kuzatuv kengashining tavsiyasi asosida aksiyadorlarning (ishtirokchilarning) umumiy yig‘ilishi yoki muassis tomonidan uch yil muddatga saylanadi hamda uning faoliyati natijalari qoniqarsiz deb baholangan taqdirda muddatidan oldin lavozimidan ozod etilishi mumkin.
Davlat ishtirokidagi korxonaning ijroiya organiga to‘lanadigan haq miqdori aksiyadorlarning (ishtirokchilarning) umumiy yig‘ilishi yoki muassis tomonidan tasdiqlangan mukofotlashning shaffof tizimiga asoslanishi kerak.
8-bob. Davlat mulki reyestrini yuritish
46-modda. Davlat mulki reyestrini yuritishning umumiy qoidalari
Davlat mulki reyestrini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda va shaklda Agentlik tomonidan amalga oshiriladi, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan davlat mulki mustasno.
Davlat mulki reyestrida respublika mulkining va munitsipal mulkning hisobi alohida yuritiladi. Munitsipal mulkning hisobi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kesimida, tumanlar (shaharlar) kesimida alohida yuritiladi.
Davlat mulki reyestrining ma’lumotlaridan vakolatli davlat organlari tomonidan davlat mulkini boshqarish va uning yaxlitligini hamda but saqlanishini ta’minlash bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilishda foydalaniladi.
Davlat mulki reyestrini yuritish davlat mulkini hisobga olish va axborotga oid maqsadlar uchun mo‘ljallangan hamda huquqni belgilovchi yoki huquqni tasdiqlovchi fakt bo‘lib hisoblanmaydi.
Maxfiylikning alohida tartibi tatbiq etiladigan davlat mulkining, shu jumladan harbiy va maxsus maqsadlar uchun mo‘ljallangan alohida tartibga bo‘ysunuvchi, alohida muhim va muayyan tartibga bo‘ysunuvchi obyektlarning, shuningdek gidrotexnika inshootlarining hisobini yuritish qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
47-modda. Davlat mulki reyestrida hisobga olinishi lozim bo‘lgan davlat mulki
Davlat mulki reyestrida quyidagi davlat mulkining hisobi yuritiladi:
davlat ulushi;
Oldingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuniga asosan 47-modda birinchi qismi uchinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 8-may — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
davlat muassasalari;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasalariga yoki ularning tarkibiy bo‘linmalariga biriktirilgan davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari, moddiy madaniy meros obyektlari, intellektual mulk obyektlari hamda avtomototransport vositalari.
(47-modda birinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan davlat mulki reyestrini yuritish tartibida davlat mulki reyestrida hisobga olinishi lozim bo‘lgan boshqa davlat mulki ham nazarda tutilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-maydagi 273-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulki obyektlarining hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan davlat mulkining hisobini yuritish qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
48-modda. Davlat mulki reyestrini shakllantirish bosqichlari
Davlat mulki reyestri yagona markazlashtirilgan elektron axborot ma’lumotlar bazasi shaklida yuritiladi.
Davlat mulki o‘ziga biriktirilgan (shu jumladan egalik qilish, foydalanish huquqi asosida yoki boshqacha tartibda biriktirilgan) yuridik shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda ushbu mulkning idoraviy hisobi yuritilishini, uning inventarizatsiya qilinishini hamda qayta baholanishini ta’minlaydi. Bunda davlat mulkining idoraviy hisobini yuritish davlat mulkining haqiqatda mavjudligini aniqlashga, shuningdek hisobga olinmagan davlat mulkini aniqlashga hamda keyinchalik uni tegishli davlat mulkini boshqarish subyektiga biriktirishga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Davlat mulki o‘ziga biriktirilgan yuridik shaxslar ushbu Qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan davlat mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorakda elektron axborot tizimi orqali Agentlikka taqdim etadi.
Davlat mulki reyestrini shakllantirishda Agentlik quyidagi tashkilotlarning davlat mulki to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlaridan foydalanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
aksiyadorlik jamiyatlarining ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) davlat ulushi bo‘yicha — Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi aksiyadorlik jamiyatining;
(48-modda to‘rtinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 22-oktabrdagi O‘RQ-980-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son)
Oldingi tahrirga qarang.
mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) davlat ulushi, davlat muassasalari, shuningdek davlat mulki bo‘lgan intellektual mulk obyektlari bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining;
(48-modda to‘rtinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining;
davlat mulki bo‘lgan moddiy madaniy meros obyektlari bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining;
davlat mulki bo‘lgan avtotransport vositalari bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining.
49-modda. Davlat mulki reyestrini yuritishga doir talablar
Davlat mulki reyestrini yuritish ushbu Qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan davlat mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida kiritish, to‘ldirish, yangilab borish hamda davlat mulki tarkibi haqidagi haqiqiy, xolis va ishonchli ma’lumotlarni aks ettirishga qaratilgan boshqa harakatlarni bajarish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Davlat mulki reyestrini yuritishda davlat mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat mulkiga taalluqli o‘zgarishlar haqidagi tarix saqlangan holda to‘liq hajmda aks ettirilishi kerak. Bunda mulkning davlat mulki reyestriga kiritilishi va uning keyinchalik davlat mulki tarkibidan chiqarilishi alohida hisobga olinadi. Davlatning mulkka bo‘lgan mulk huquqi tugatilishi ushbu mulk to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilishini va uning hisobi yuritilishini to‘xtatish uchun asos bo‘ladi.
9-bob. Davlat mulkini boshqarish sohasidagi axborotni oshkor qilish
50-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining samaradorligi to‘g‘risidagi hisobotni oshkor qilish
Davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari, shuningdek davlat ishtirokidagi korxonalar har yili 1-iyulga qadar bo‘lgan muddatda davlat ishtirokidagi korxonalarning o‘tgan moliya yilidagi faoliyati natijalari to‘g‘risidagi axborotni Agentlikka u tomonidan belgilangan shakl bo‘yicha taqdim etadi.
Agentlik har yili 1-avgustga qadar davlat ishtirokidagi korxonalarning o‘tgan moliya yilidagi faoliyatining samaradorligi to‘g‘risidagi yig‘ma hisobotni o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qiladi.
51-modda. Davlat mulkini saqlash xarajatlari to‘g‘risidagi axborotning ochiqligi va shaffofligi
Davlat mulkining yaxlitligini va but saqlanishini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq tegishincha ushbu davlat mulki o‘ziga biriktirilgan davlat organlari, Agentlik, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan moliyalashtiriladi.
Davlat mulkining yaxlitligini va but saqlanishini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi axborot ushbu davlat mulki o‘ziga biriktirilgan yuridik shaxslarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi, bundan qonunga muvofiq oshkor qilinmaydigan ma’lumotlar mustasno.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
52-modda. Nizolarni hal etish
Davlat mulkini boshqarish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
53-modda. Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
54-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
55-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
56-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 9-mart,
O‘RQ-821-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.03.2023-y., 03/23/821/0132-son; 15.02.2024-y., 03/24/907/0127-son; 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son; 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)