1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish;
2.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.02.00 Yuridik shaxslarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish. Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatiga olish;
3.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.05.00.00 Ish yuritish (shtamplar, blankalar)]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat xizmati. Arxiv ishi;
2.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Yuridik shaxslar. Tijorat tashkilotlari. Notijorat tashkilotlari;
3.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini roʻyxatga olish;
4.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi)]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish va uning asosida davlat xizmatini koʻrsatishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
“Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga muvofiq Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri (keyingi oʻrinlarda — KTYADR) boʻyicha maʼlumot taqdim etish xizmatining davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali koʻrsatilishi belgilab qoʻyilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
Yagona klassifikatsiyalar tizimi asosida yuridik shaxslarning davlat hisobini va ularni identifikatsiyalashni taʼminlash;
davlat boshqaruvi organlari bilan axborot almashish borasida oʻzaro hamkorlik qilishda ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarning mosligini va taqqoslanuvchanligini taʼminlash;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlardan olingan yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va saqlash, shuningdek, ularni foydalanuvchilarga belgilangan tartibda taqdim etish tartibi.
(2-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 612-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2023-y., 09/23/612/0874-son)
3. Belgilansinki, xizmatdan foydalanuvchilar KTYADR boʻyicha maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining rasmiy veb-sayti orqali soʻralayotgan yuridik shaxsning soliq toʻlovchining identifikatsiyalash raqami kodini kiritgan holda real vaqt rejimida bepul olishlari mumkin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
ushbu qaror bilan tasdiqlanayotgan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri boʻyicha maʼlumot taqdim etish xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti boʻyicha davlat xizmatining YIDXP orqali joriy etilishini;
davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigʻimlarning davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun toʻlangan davlat bojlari va yigʻimlar summasi hisobini yurituvchi yagona billing tizimi orqali elektron shaklda toʻlanishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 28-sentabr,
539-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 539-son qaroriga 1-ILOVA
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga muvofiq Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrining (keyingi oʻrinlarda — KTYADR) axborot fondini tashkil etish hamda yuritish tartibini belgilaydi.
2. KTYADR axborot-maʼlumotnoma tusidagi, real vaqt rejimida yangilab boriladigan maʼlumotlardan iborat boʻlgan avtomatlashtirilgan tizim hisoblanadi hamda yagona klassifikatsiyalar tizimi asosida korxonalar va tashkilotlarning davlat hisobini va ularni identifikatsiyalashni taʼminlaydi.
KTYADR davlat statistikasining yagona axborot tizimi tarkibidagi davlat axborot resursi hisoblanadi.
KTYADR davlat tilida yuritiladi.
3. Quyidagilar KTYADRni yuritishning maqsadi hisoblanadi:
yagona tasniflar tizimi asosida yuridik shaxslarning yagona davlat hisobini va ularni identifikatsiyalashni taʼminlash;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi va boshqa davlat organlaridan olingan yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va saqlash, shuningdek, ularni davlat boshqaruvi organlariga va boshqa foydalanuvchilarga belgilangan tartibda taqdim etish;
statistika registrlarini hamda statistika kuzatuvlari obyektlarining maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va muntazam yangilab borish;
respublika va hududiy davlat boshqaruvi organlari bilan axborot almashish borasida oʻzaro hamkorlik qilishda ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarning mosligini va taqqoslanuvchanligini taʼminlash.
4. Quyidagilar KTYADRni yuritishning asosiy prinsiplari hisoblanadi:
KTYADR tarkibidagi korxonalar va tashkilotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, yangilash, saqlash va tarqatishning xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan metodologiyasining yagonaligi;
statistika tasniflagichlaridan foydalangan holda, KTYADR axborotlarini kodlashtirishning yagona tizimini qoʻllash;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan yuridik shaxslarni toʻliq qamrab olish;
yagona dasturiy-texnik vositani qoʻllash va doimiy ravishda yangilab borish;
KTYADR axborotlaridan foydalanishning qulayligi va uni Milliy axborot tizimiga integratsiyalash.
2-bob. KTYADR axborot fondining mazmuni
5. KTYADR axborot fondi Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etilgan va davlat roʻyxatidan oʻtgan yuridik shaxslar toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
identifikatsiyalash koʻrsatkichlari — yuridik shaxsning nomi, korxona va tashkilotning umumdavlat tasnifi kodi (keyingi oʻrinlarda — KTUT), soliq toʻlovchining identifikatsiyalash raqami (keyingi oʻrinlarda — STIR);
yuridik shaxsning klassifikatsiya koʻrsatkichlari — asosiy faoliyat turining xususiyati, joylashgan joyi, tashkiliy-huquqiy shakli, kichik tadbirkorlik subyektlariga mansubligi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tuzilmasiga kirishi;
maʼlumotnoma tusidagi koʻrsatkichlar — pochta manzili, telefonlar raqami, taʼsischilari (aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, rahbari, ustav fondi, yuridik shaxslarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi (faoliyat koʻrsatayotganligi, faoliyat koʻrsatmayotganligi va tugatilganligi) toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar.
6. KTUT — KTYADRga kiritishda yuridik shaxsga beriladigan va statistika kuzatuvlarini amalga oshirish jarayonida foydalaniladigan individual raqam hisoblanadi.
KTUT sakkizta raqamli belgilardan iborat boʻladi, dastlabki yettita raqam generatsiyalaydigan dasturiy metod bilan tasodifiy raqamni tashkil qiladi, sakkizinchi raqam kod himoyachisi hisoblanadi (bir razryadli nazorat soni).
KTUT bir marta beriladi, yuridik shaxsning tugatilishi munosabati bilan bekor qilinmaydi va boshqa yuridik shaxsga berish uchun undan takroran foydalanilmaydi.
7. Tasniflash koʻrsatkichlarini aniqlash uchun statistika ishlarini tashkil etish uchun zarur boʻlgan iqtisodiy-statistika tasniflagichlari qoʻllanadi.
Statistika organlari oʻrtasida axborot almashishni birxillashtirish maqsadida soliq va roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar tomonidan KTYADRda STIRdan foydalaniladi.
3-bob. KTYADRni yuritish
8. KTYADRni yuritish quyidagi holatlarda maʼlumotlarning elektron bazasiga tegishli yozuvni kiritishni oʻz ichiga oladi:
a) yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda;
b) yuridik shaxsning taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda;
v) yuridik shaxsni qayta tashkil etishni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda;
g) Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga yuridik shaxs tugatilganligi yoki qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning faoliyati toʻxtatilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlarni kiritishda;
d) roʻyxatdan oʻtkazuvchi organdan yuridik shaxs tomonidan moliya-xoʻjalik faoliyati amalga oshirilmayotganligi yoki harakatsiz holatga oʻtkazilganligi, shuningdek, uning ixtiyoriy tugatish jarayonidaligi yoki tugatish jarayonining toʻxtatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar olinganda;
e) yuridik shaxsning joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgarganda;
j) yuridik shaxsning asosiy faoliyat turi va unda ishlayotganlarning oʻrtacha yillik soni oʻzgarganda — yillik statistika hisoboti asosida hamda yuridik shaxslar va (yoki) roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlarning murojaatlari asosida quyidagi hollarda:
yuridik shaxs yangi tashkil etilgan vaqtda asosiy faoliyat turi (IFUT) kodini biriktirishda yoki xodimlar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotni toʻldirishda noaniqlikka yoʻl qoʻyilgan deb hisoblanganda;
yuridik shaxs faoliyat koʻrsatmayotganda, qoʻshib olish yoʻli bilan qayta tashkil etilganda, belgilangan tartibda faoliyati tiklanganda;
yuridik shaxs qayta roʻyxatdan oʻtib, taʼsis hujjatlarida ushbu faoliyat turi asosiy faoliyat turi deb belgilanganda;
yuridik shaxs maʼlum faoliyatni amalga oshirish boʻyicha litsenziya olganda yoki litsenziyasi bekor qilinganda;
z) yuridik shaxsning idoraviy mansubligi oʻzgarganda — uning muassislari hamda davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalaridan tushgan maʼlumotlari asosida.
9. KTYADRni yuritish uchun:
roʻyxatdan oʻtkazgan organlardan tushadigan maʼlumotlardan;
statistika kuzatuvlarini amalga oshirishda olingan statistika maʼlumotlaridan;
soliq va boshqa davlat organlarining registrlaridan hamda maʼlumotlar axborot bazalaridan foydalaniladi.
10. KTYADR maʼlumotlar yagona bazasiga yozuvlarni kiritish tartibi va ularning shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
11. KTYADR milliy statistika tizimida qoʻllanadigan dasturiy-texnologik vositalardan foydalangan holda elektron shaklda yuritiladi.
KTYADR maʼlumotlari yoʻqolishining oldini olish maqsadida har oyda elektron manbalarda oyning 1-kunidagi holatiga koʻra, uning zaxira nusxasi shakllantiriladi, uning yoʻqolishini bartaraf etadigan joylarda asl nusxasi bilan birgalikda saqlanadi.
12. KTYADR Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi hududiy organlari tomonidan yuritiladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi quyidagilarni taʼminlaydi:
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
KTYADRni rivojlantirishning metodologik asoslari va yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
KTYADR maʼlumotlari elektron bazasini ishlatish va boshqarish hamda ushbu bazani yuritishda qatnashuvchi organlar tomonidan undan belgilangan tartibda foydalanish;
yuridik shaxslarni hisobga qoʻyish va roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha ishlarga metodik rahbarlik qilish va ularni muvofiqlashtirish;
statistika tasniflagichlari tizimini yuritish;
KTYADRning zaxira nusxalarini saqlash va axborot xavfsizligini taʼminlash;
davlat organlari bilan idoralararo axborot almashish;
KTYADRdan foydalanuvchilarga qonunchilikda belgilangan tartibda axborot-maʼlumotnoma xizmati koʻrsatish.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi davlat statistika organlari quyidagilarni taʼminlaydi:
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlardan tushadigan KTYADR maʼlumotlarini qayta ishlash hamda axborotlarning yoʻqolishi, buzilishi va soxtalashtirilishiga yoʻl qoʻymaslik;
KTYADRdagi tasniflash koʻrsatkichlarini statistika kuzatuvlarini oʻtkazish jarayonida olingan dastlabki statistika maʼlumotlari asosida oʻz vaqtida oʻzgartirish;
tegishli hududdagi davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlar, soliq organlari va davlat mulkini boshqarish organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
KTYADRdan foydalanuvchilarga qonunchilikda belgilangan tartibda axborot-maʼlumotnoma xizmati koʻrsatish.
15. Quyidagi maʼlumotlar qonunchilikda belgilangan tartibda bepul taqdim etiladi:
KTYADRdagi maʼlumotlar — davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, huquqni muhofaza qilish organlariga;
KTYADRdagi maʼlumotlar — yuridik shaxsga unga berilgan statistika kodlari, ularning oʻzgarishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
16. Quyidagilar:
yuridik shaxslar — tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazadigan organlar Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga ushbu Nizom 8-bandining “a” kichik bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar kiritilgandan keyin bir kun muddatda ushbu Nizom 8-bandining “b” — “e” kichik bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar kiritilgandan keyin ikki kun muddatda davlat statistika organlariga elektron shaklda ilovaga muvofiq maʼlumotlar yuboradi;
yuridik shaxslar — davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazadigan organlar ushbu Nizom 8-bandining “a” — “e” kichik bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritilgandan keyin ikki kun muddatda davlat statistika organlariga elektron shaklda ilovaga muvofiq maʼlumotlar yuboradi.
Ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan maʼlumotlar davlat statistika organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining dasturiy-texnologik vositalaridan foydalangan holda, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali taqdim etiladi.
(16-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
17. KTYADRdagi identifikatsiyalash, tasniflash koʻrsatkichlari, shuningdek, yuridik shaxslarning joylashgan yeri (pochta manzili), telefon raqamlari, yuridik shaxslarning taʼsischilari (aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno), rahbari (soliq organlari maʼlumotlari asosida), davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan tartib raqami va sanasi (ustav fondi va taʼsis hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, yagona davlat reyestridan chiqarish) toʻgʻrisidagi maʼlumotlari barchaning foydalanishi uchun ochiq hisoblanadi, KTYADRdagi boshqa koʻrsatkichlar maxfiy tusdagi axborot hisoblanadi.
Bunda yuridik shaxslarning taʼsischilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar faqatgina eng yuqori ulushga ega 5 ta taʼsischilar haqidagi maʼlumotlar hamda 5 tadan koʻp taʼsischisi boʻlgan yuridik shaxslarda beshinchi satrda qolgan taʼsischilarning yigʻindisi aks ettiriladi.
18. KTYADRdan olingan maʼlumotlarni foydalanuvchilar tomonidan axborotning manbaini koʻrsatmasdan tarqatishga va (yoki) KTYADRdagi maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga tijorat maqsadlarida berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-bob. KTYADRni tugatish
19. KTYADR qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tugatiladi.
Tugatishda, agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, KTYADR maʼlumotlari bazasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxiviga beriladi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestridagi yuridik shaxs toʻgʻrisidagi
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 612-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2023-y., 09/23/612/0874-son)
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 539-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2012-yil 25-sentabrdagi 274-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 9-son, 70-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2015-yil 3-iyuldagi 179-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2016-yil 28-oktabrdagi PQ-2646-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 2-son, 5-modda) 4-ilovaning 5-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 2-sentabrdagi PF-5177-son Farmoni)” 2017-yil 9-oktabrdagi 810-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 10-son, 229-modda) 1-ilovaning 23-bandi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 290-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2022-y., 09/22/539/0863-son; 22.11.2023-y., 09/23/612/0874-son; 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)