O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Respublikada daraxtlar, butalar va yashil hududlarni muhofaza qilish hamda ularning maydonlarini kengaytirish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 30-dekabrdagi PF-46-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 30-dekabrdagi PF-46-son Farmonining:
1-bandiga muvofiq butun mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etilganligi hamda unda hududlarda Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish nazarda tutilganligi;
8-bandining “g” kichik bandiga muvofiq “Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etish, saqlash va rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirish manbalari belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) “Yashil bog‘lar” to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
shaharlar va boshqa aholi punktlarida daraxtzor va butazorlarni barpo etish, ko‘paytirish, qayta tiklash, parvarish qilish, muhofaza qilish va ularning mahsudorligini oshirish uchun alohida obyektlar — “Yashil bog‘lar”ni tashkil qilish tartibi;
“Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga tashabbus bilan chiqish va ularni barpo etish tartibi;
barpo etilgan “Yashil bog‘lar”ni foydalanishga qabul qilib olish va ulardan foydalanish tartibi;
“Yashil bog‘lar”dan foydalanishda qo‘yiladigan cheklovlar, “Yashil bog‘lar” egalarining huquq va majburiyatlari;
b) “Yashil jamoat parklari” to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
“Yashil jamoat parklari”ni ularning idoraviy mansubligidan qat’i nazar, bino va inshootlar, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish obyektlari, attraksionlar qurilishi taqiqlangan hamda aholi sayil qilishi uchun mo‘ljallangan hudud sifatida tashkil qilish tartibi;
“Yashil jamoat parklari”ni barpo etishga qo‘yiladigan talablar, “Yashil jamoat parklari”ning tasnifi, ularni barpo etish tartibi;
“Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga tashabbus bilan chiqish va ularni barpo etish tartibi;
barpo etilgan “Yashil jamoat parklari”ni foydalanishga qabul qilib olish va ulardan foydalanish tartibi;
“Yashil jamoat parklari”dan foydalanishda qo‘yiladigan cheklovlar, “Yashil jamoat parklari” egalarining huquq va majburiyatlari.
3. Belgilansinki:
“Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari” qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasiga kiritilmagan va sug‘orish imkoniyati mavjud yer uchastkalarida tashkil etiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etish uchun mas’ul va javobgar hisoblanadi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 27-sentabr,
529-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-sentabrdagi 529-son qaroriga
1-ILOVA
“Yashil bog‘lar” to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Yashil bog‘lar”ning maqomi, maqsadi va asosiy vazifalari, shuningdek, ularni barpo etish va ularning faoliyat yuritish tartibini belgilaydi.
2. “Yashil bog‘lar” shaharlar va boshqa aholi punktlarida daraxtzor va butazorlarni barpo etish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, parvarish qilish, muhofaza qilish hamda ularning mahsuldorligini oshirishga xizmat qiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yashil bog‘lar — shaharlar va boshqa aholi punktlarida daraxtzor va butazorlarni barpo etish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, parvarish qilish, muhofaza qilish hamda ularning mahsuldorligini oshirishga mo‘ljallangan hududlar (obyektlar);
yashil hududlar — shaharlar va aholi punktlarining rekreatsion maqsaddagi hududlari, shuningdek, yashil ekinlar bilan qoplangan va tabiatni muhofaza qilish funksiyalarini bajaradigan hamda aholining dam olishi uchun foydalaniladigan ularga tutash hududlar;
ko‘chatxona — daraxt va butalarning qalamchalaridan, nihollaridan ko‘kalamzorlashtirish maqsadlarida ekish uchun tayyor (yaroqli) bo‘lgan ko‘chatlar parvarish qilinadigan maydon.
4. “Yashil bog‘lar”ni tashkil etish, saqlash va rivojlantirish tadbirlari mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Shaharlar va boshqa aholi punktlarida daraxtzor va butazorlarni barpo etish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, parvarish qilish, muhofaza qilish hamda ularning mahsuldorligini oshirish “Yashil bog‘lar”ning asosiy vazifalari hisoblanadi.
6. Aholi punktlarida qarovsiz qolgan daraxtlarni saqlash va parvarish qilish hamda “Yashil bog‘lar”ni ko‘kalamzorlashtirish, shu jumladan, ularning hududida daraxtlarni ekish, saqlash va parvarish qilish ishlariga ishsiz shaxslar, birinchi navbatda, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar faol jalb qilinadi.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan aholiga bepul ko‘chat tarqatish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlariga ko‘chatlar yetkazib beradi hamda “Yashil bog‘lar”ga daraxt ekish maqsadida kelgan fuqarolarni ko‘chat ekish uchun zarur jihozlar bilan ta’minlaydi.
8. “Yashil bog‘lar” joylashgan yer uchastkalari ularning mulkdorlari tasarrufida, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari egaligida (foydalanishida) bo‘ladi.
2-bob. “Yashil bog‘lar”ni barpo etish tartibi
9. “Yashil bog‘lar”ni barpo etish ishlari ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
10. Quyidagilar “Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga tashabbus bilan chiqish huquqiga ega:
davlat organlari va tashkilotlari;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari;
ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlari.
11. Ushbu Nizomning 10-bandida ko‘rsatilmagan jismoniy va yuridik shaxslar “Yashil bog‘lar”ni o‘z mablag‘lari hisobiga barpo etish yuzasidan taklif kiritishlari mumkin.
12. “Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha kiritilgan takliflar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
13. “Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha kiritilgan takliflar ma’qullangan taqdirda, har yili 10-fevralga qadar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan “O‘rmonloyiha” loyihalash instituti o‘rtasida “Yashil bog‘lar”ni barpo etish va loyihalash ishlari bo‘yicha shartnomalar tuziladi. Bunda “Yashil bog‘lar” hududida ularning faoliyati uchun loyiha asosida quriladigan bino va inshootlar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tasarruf etiladi va ular davlat mulki hisoblanadi.
14. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan “O‘rmonloyiha” loyihalash institutiga “Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha texnik topshiriqlar har yili 1-martga qadar taqdim etiladi.
Ushbu Nizomning 10-bandida ko‘rsatilmagan jismoniy va yuridik shaxslar hisobidan “Yashil bog‘lar”ni barpo etishda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyihalash instituti jismoniy va yuridik shaxslarning o‘zlari tomonidan belgilanishi mumkin.
15. “O‘rmonloyiha” loyihalash instituti loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, har yili 1-mayga qadar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etadi.
16. “Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha takliflar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan har yili 15-mayga qadar tegishli qaror qabul qilish uchun xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritiladi.
17. Kiritilgan takliflar xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, “Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha kelgusi yilning manzilli dasturiga kiritish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etiladi.
18. Manzilli dasturga kiritilgan “Yashil bog‘lar”ni barpo etish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) o‘rtasida shartnomalar tuziladi.
Bunda shartnomalarni tuzish ishlari manzilli dastur tasdiqlangandan keyin kelgusi yilning 20-yanvariga qadar amalga oshiriladi.
19. “Yashil bog‘lar”ga ko‘chat ekish tadbirlari har yili bahor va kuz mavsumlarida “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) tomonidan amalga oshiriladi.
20. “Yashil bog‘lar”ning hududida boshqa joylardan daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish mumkin, daraxtlarni belgilangan tartibda yoki noqonuniy kesganlik uchun kompensatsiya sifatida uning o‘rniga daraxt ekiladi.
21. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan mavjud daraxtzorlar joylashgan hududlarda “Yashil bog‘lar”ni barpo etish yuzasidan xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuziladi.
22. Xatlov komissiyasi tomonidan daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi va uning yakuni bo‘yicha dalolatnoma tuziladi. Bunda:
“Yashil bog‘lar” barpo qilish uchun ajratilgan yerning umumiy maydoni va undagi mavjud daraxt-butalarning soni aniqlanadi;
daraxt-butalarning morfologik va biologik ko‘rsatkichlari (diametri, balandligi, yoshi va hozirgi holati) baholanadi.
23. Tanlangan obyektda “Yashil bog‘lar”ni barpo etishdan oldin quyidagilar:
obyektning sanitariya holati, jumladan, agressiv daraxtlarning turlari, kasallik o‘choqlarining mavjud yoki yo‘qligining aniqlanishi, ular aniqlanganda tegishli tartibda tozalash-profilaktika ishlarining tashkil etilishi;
sug‘orish manbalariga egaligi;
yo‘l infratuzilmasining mavjudligi;
manzarali daraxt-buta turlarini ko‘paytirish uchun tuproq-iqlim sharoitining mosligi;
tanlangan “Yashil bog‘lar” hududlarini himoya qilish imkoniyatining mavjudligi aniqlanishi;
ushbu yer maydonlarining har xil chiqindilardan xoli bo‘lishi;
biologik yoshini o‘tab bo‘lgan (qurigan) daraxt va butalar, singan shox-shabbalarni olib tashlash kabi tadbirlar amalga oshirilishi kerak.
24. Hududlardagi mavjud daraxtzorlarda tegishli soha mutaxassislarining ilmiy xulosalari hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining tavsiyasi asosida xalq deputatlari mahalliy kengashlarining qarorlari asosida “Yashil bog‘lar”ni barpo etishga ruxsat beriladi.
3-bob. “Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha tugallangan loyihalarni foydalanishga qabul qilish
25. Barpo etilgan (rekonstruksiya qilingan) “Yashil bog‘lar” “Yashil bog‘lar”ni qabul qilish komissiyalari (keyingi o‘rinlarda — komissiya) tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinadi.
26. Komissiya tarkibi tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
27. Komissiya tarkibiga tuman (shahar) hokimi, bosh pudrat tashkiloti, manfaatdor vazirliklar va idoralarning hududiy bo‘linmalari va loyiha tashkilotlari hamda yerdan foydalanuvchilar vakillari kiritiladi.
28. “Yashil bog‘lar”ni barpo qilish (rekonstruksiya qilish) bo‘yicha loyiha tugallangandan so‘ng (“Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) tomonidan tabiiy qurib qolgan daraxt ko‘chatlarini qayta ekib berish sharti bilan) ikki oy muddatda komissiya tomonidan qabul qilib olinadi.
29. “Yashil bog‘lar”ning mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari belgilanmagan bo‘lsa, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan “Yashil bog‘lar” ulardan foydalanuvchi yoki ularga xizmat ko‘rsatuvchi tegishli davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi.
30. Yerdan foydalanuvchi “Yashil bog‘lar”ni kelgusida parvarish qilinishi, saqlanishi, o‘z funksiyasi bajarilishini ta’minlash uchun javob beradi.
4-bob. “Yashil bog‘lar” faoliyatiga qo‘yiladigan cheklovlar
31. “Yashil bog‘lar” faoliyatiga qo‘yiladigan cheklovlar quyidagilardan iborat:
“Yashil bog‘lar” hududida bino va inshootlar (bog‘ faoliyati uchun loyiha asosida qurilgan bino va inshootlar bundan mustasno), ishlab chiqarish va noishlab chiqarish obyektlari, shu jumladan, attraksionlar qurish;
“Yashil bog‘lar” faoliyatiga zid bo‘lgan va uning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xo‘jalik faoliyati (chorva va parrandalarni ko‘paytirish, boqish, baliqchilik) bilan shug‘ullanish;
“Yashil bog‘lar” hududida daraxtlarni noqonuniy kesish;
“Yashil bog‘lar” tashkil etilgan maydonlarni xususiylashtirish.
5-bob. “Yashil bog‘lar” egalarining huquqlari va majburiyatlari
32. “Yashil bog‘lar” egalari:
“Yashil bog‘lar” faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilish;
“Yashil bog‘lar”ni parvarish va muhofaza qilish uchun shartnoma asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish;
qonunchilikda belgilangan tartibda daraxtlarni sanitariya jihatidan kesish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi nizom
bog‘ hududida ko‘kalamzorlashtirish uchun ko‘chatchilik bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
“Yashil bog‘lar” egalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
33. “Yashil bog‘lar” egalari:
“Yashil bog‘lar” hududidagi mavjud daraxtlar va butalarni parvarish qilishi, sug‘orishi, qo‘riqlashi va muhofaza qilishi;
“Yashil bog‘lar” hududidagi mavjud daraxtlar va butalarning zararkunanda va kasalliklarga chalinmasligi uchun tizimli kurashish choralarini ko‘rishi;
“Yashil bog‘lar” hududida yong‘in xavfsizligini ta’minlashi shart.
“Yashil bog‘lar” egalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘z zimmasiga boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. “Yashil bog‘lar” qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49, 55-moddalari
35. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning VIII bobi (Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik).
“Yashil bog‘lar” to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
“Yashil bog‘lar”ni barpo etish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlari

“Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taklif kiritadi.

Zaruratga ko‘ra

2-bosqich

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari

1. “Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha kiritilgan takliflarni ko‘rib chiqadi.

15 ish kuni ichida

2. Ma’qullangan takliflar asosida “Yashil bog‘lar”ni barpo etish va loyihalash bo‘yicha “O‘rmonloyiha” loyihalash instituti bilan shartnoma tuzadi.

Har yili 10-fevralgacha

3. “O‘rmonloyiha” loyihalash institutiga “Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha texnik topshiriqlarn taqdim etadi.

Har yili 1-martgacha

3-bosqich

“O‘rmonloyiha” loyihalash instituti

“Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etadi.

Har yili 1-maygacha

4-bosqich

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari

“Yashil bog‘lar”ni barpo etish bo‘yicha takliflarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga tegishli qaror qabul qilish uchun kiritadi.

Har yili 15-maygacha

5-bosqich

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari

Xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, “Yashil bog‘lar”ni barpo etish uchun “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) bilan shartnoma tuzadi.

Manzilli dastur tasdiqlangandan keyin kelgusi yil 20-yanvargacha

6-bosqich

“Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari)

“Yashil bog‘lar”ga ko‘chat ekish tadbirlarini amalga oshiradi.

Har yili bahor va kuz mavsumlarida

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-sentabrdagi 529-son qaroriga
2-ILOVA
“Yashil jamoat parklari” to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Yashil jamoat parklari”ning maqomi, maqsadi va asosiy vazifalari, shuningdek, ularni barpo etish va ularning faoliyat yuritish tartibini belgilaydi.
2. “Yashil jamoat parklari” idoraviy mansubligidan qat’i nazar, bino va inshootlar, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish obyektlari, shu jumladan, attraksionlar qurilishi taqiqlangan hamda aholi sayil qilishiga mo‘ljallangan daraxtzor va butazorlardan iborat bo‘ladi.
3. “Yashil jamoat parklari” yuridik shaxs hisoblanmaydi.
4. Quyidagilar “Yashil jamoat parklari”ning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholining sayil qilishi, tabiat bilan uyg‘unlashgan holda ochiq havoda hordiq chiqarishi uchun yetarli sharoitlar yaratish;
aholiga ochiq havoda kitob mutolaa qilish, shaxmat, shashka kabi o‘yinlar bilan shug‘ullanish uchun sharoitlar yaratish;
hududdagi o‘simlik dunyosini saqlash va boyitish;
atrof muhit sofligini saqlash va yashillikni ko‘paytirish borasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash;
aholi yashash hududlarida ta’lim va ekologiya bilan bog‘liq madaniy-ma’rifiy faoliyatni rivojlantirish;
park hududida dekorativ qush va hayvonlarni muhofaza qilish hamda ko‘paytirish;
o‘z hududidagi o‘simliklarning kasallik va zararkunandalarini monitoring qilish hamda ularga qarshi kurashish;
muayyan hududning ekologik sofligi va mo‘tadilligi doimiy saqlanishini ta’minlash.
5. “Yashil jamoat parklari” hududiga kirish bepul.
6. “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etish, saqlash va rivojlantirish tadbirlari mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
7. “Yashil jamoat parklari”ni ko‘kalamzorlashtirish, shu jumladan, ularning hududida daraxtlar ekish, ularni saqlash va parvarish qilish ishlariga ishsiz shaxslar, birinchi navbatda, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar faol jalb qilinadi.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan aholiga bepul ko‘chat tarqatish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlariga ko‘chatlar yetkazib beradi hamda “Yashil jamoat parklari”ga daraxt ekish maqsadida kelgan fuqarolarni ko‘chat ekish uchun zarur jihozlar bilan ta’minlaydi.
9. “Yashil jamoat parklari” quyidagi hujjatlar (keyingi o‘rinlarda — shaharsozlik hujjati) asosida tashkil etiladi:
aholi punktlarining bosh rejalari;
batafsil rejalashtirish loyihalari.
10. Shaharsozlik hujjati mavjud bo‘lmaganda, yer uchastkalarini tanlash va ajratish bo‘yicha materiallar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kelishiladi.
11. “Yashil jamoat parklari” aholi punktlarida, odatda, obodonlashtirilmagan bo‘sh turgan hududlarda, ular mavjud bo‘lmaganda esa bog‘-park yoki daraxtzorlar hududiga joylashtiriladi.
12. Quyidagilar “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etishga qo‘yiladigan asosiy talablar hisoblanadi:
aholining sayil qilishiga, tabiat bilan uyg‘unlashgan holda ochiq havoda hordiq chiqarishiga mo‘ljallangan bo‘lishi;
aholi yashash punktida yoki unga tutash hududlarda joylashgan bo‘lishi;
maydoni 0,5 gektardan kam bo‘lmagan daraxt-butazor hamda maysazorlardan iborat bo‘lishi.
13. “Yashil jamoat parklari” hududida, odatda, shaharsozlik faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq velosipedlar uchun ekoyo‘laklar tashkil etiladi. Ushbu hududlarda ko‘rgazmalar, bayram tadbirlari (sport tadbirlari, xalq sayillari va boshqa tadbirlar) o‘tkazilishi mumkin. Shahardagi istirohat bog‘lari tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishi va bog‘-park san’atining obyektlari-yodgorliklari hisoblanishi mumkin.
14. “Yashil jamoat parklari” hududida quyidagilar mavjud bo‘ladi:
tungi yoritkichlar;
ochiq havodagi kutubxonalar;
shaxmat, shashka, domino kabi o‘yinlar uchun yashil sport maydonchalari;
landshaft dizaynining zamonaviy namunalari (topiar, kompozitsiya, bonsay, vertikal ko‘kalamzorlashtirish);
sun’iy kichik ko‘llar yoki sun’iy sharsharalar;
ochiq havoda sayil va ommaviy tadbirlar uchun maydonlar;
usti yopiq ayvonlar va dam olish o‘rindiqlari;
yugurish va sayr qilish yo‘lakchalari (trotuar) hamda tashrif buyuruvchilar tinchligini buzmaydigan boshqa elementlar.
“Yashil jamoat parklari” hududida yengil konstruksiyalar asosida qurilgan ko‘rgazma maydonlari tashkil qilinishi ham mumkin.
“Yashil jamoat parklari” hududida yo‘l va sun’iy konstruksiyalar maydonlari hudud umumiy maydonining 5 — 10 foizidan oshmasligi kerak.
15. “Yashil jamoat parklari”ni joylashtirishda mavjud o‘simliklar va suv havzalari bo‘lgan uchastkalarni imkon qadar saqlab qolish zarur.
16. “Yashil jamoat parklari” quyidagi mezonlar bo‘yicha tasniflanadi:
a) aholi punktlari hududida joylashuvi bo‘yicha:
umumshahar (markaziy);
tuman (turar joy hududlarida);
b) geografik joylashuvi bo‘yicha:
shahar yashil jamoat parklari;
shahardan tashqari yashil jamoat parklari;
qishloq yashil jamoat parklari (shahar tipidagi shaharchalarda, qishloqlar va ovullarda);
v) hajmi bo‘yicha:
I tip — 8 va undan ortiq gektar maydonga ega;
I tip — 8 va undan ortiq gektar maydonga ega;
III tip 0,5 — 4 gektargacha maydonga ega.
17. “Yashil jamoat parklari” joylashgan yer uchastkalari ularning mulkdorlari tasarrufida, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari egaligida (foydalanishida) bo‘ladi.
2-bob. “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish tartibi
18. “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish ishlari ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
19. Quyidagilar “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga tashabbus bilan chiqish huquqiga ega:
davlat organlari va tashkilotlari;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari;
ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlari.
20. Ushbu Nizomning 19-bandida ko‘rsatilmagan jismoniy va yuridik shaxslar “Yashil jamoat parklari”ni o‘z mablag‘lari hisobidan barpo etish yuzasidan taklif kiritishlari mumkin.
21. “Yashil jamoat parklari” estetik, rekreatsion, sog‘lomlashtirish va boshqa alohida ahamiyatga ega yer uchastkalarini o‘z ichiga olgan hududlarda joylashtiriladi.
22. “Yashil jamoat parklari” ko‘kalamzorlashtirish va tabiiy landshaftni saqlash orqali tashkil etiladi. Bunda “Yashil jamoat parklari” hududida ularning faoliyati uchun loyiha asosida quriladigan bino va inshootlar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tasarruf etiladi va ular davlat mulki hisoblanadi.
23. “Yashil jamoat parklari” aholi yashash punktlarida yoki ularning jamoat transportida yetib borish vaqti 20 daqiqadan oshmagan hududlarda joylashgan bo‘lishi lozim.
24. “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha kiritilgan takliflar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
25. “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha kiritilgan takliflar ma’qullangan taqdirda, har yili 10-fevralga qadar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan “O‘rmonloyiha” loyihalash instituti o‘rtasida “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish va loyihalash ishlari bo‘yicha shartnomalar tuziladi.
26. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan “O‘rmonloyiha” loyihalash institutiga “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha texnik topshiriqlar har yili 1-martga qadar taqdim etiladi.
Ushbu Nizomning 19-bandida ko‘rsatilmagan jismoniy va yuridik shaxslar hisobidan “Yashil jamoat parklari”ni barpo etishda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyihalash instituti jismoniy va yuridik shaxslarning o‘zlari tomonidan belgilanishi mumkin.
27. “O‘rmonloyiha” loyihalash instituti loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, uni har yili 1-mayga qadar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etadi.
28. “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha takliflar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan har yili 15-mayga qadar tegishli qaror qabul qilish uchun xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritiladi.
29. Kiritilgan takliflar xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha kelgusi yilning manzilli dasturiga kiritish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etiladi.
30. Manzilli dasturga kiritilgan “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) o‘rtasida shartnomalar tuziladi.
Bunda shartnomalarni tuzish ishlari manzilli dastur tasdiqlangandan so‘ng kelgusi yilning 20-yanvariga qadar amalga oshiriladi.
31. “Yashil jamoat parklari”ga ko‘chat ekish tadbirlari har yili bahor va kuz mavsumlarida “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) tomonidan amalga oshiriladi.
32. “Yashil jamoat parklari”ning hududida boshqa joylardan daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish mumkin, daraxtlarni belgilangan tartibda yoki noqonuniy kesganlik uchun kompensatsiya sifatida uning o‘rniga daraxt ekiladi.
33. “Yashil jamoat parklari” joylashgan yer uchastkalari mulkdorlari, egalari “Yashil jamoat parklari”ni boshqarish va unga xizmat ko‘rsatuvchi shtat birliklari bilan ta’minlaydi.
34. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan mavjud daraxtzorlar joylashgan hududlarda “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish yuzasidan xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuziladi.
35. Xatlov komissiyasi tomonidan mavjud daraxtzorlar joylashgan hududda “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish yuzasidan xatlov o‘tkaziladi va xatlov yakuni bo‘yicha dalolatnoma tuziladi. Bunda:
“Yashil jamoat parklari”ni barpo qilish uchun ajratilgan yerning umumiy maydoni va undagi mavjud daraxt-butalarning soni aniqlanadi;
daraxt-butalarning morfologik va biologik ko‘rsatkichlari (diametri, balandligi, yoshi va hozirgi holati) baholanadi.
36. Tanlangan obyektda “Yashil jamoat parklari”ni barpo etishdan oldin quyidagilar:
obyektning sanitariya holati, jumladan, agressiv daraxtlarning turlari, kasallik o‘choqlarining mavjud yoki yo‘qligi aniqlanishi, ular aniqlanganda tegishli tartibda tozalash-profilaktika ishlari tashkil etilishi;
sug‘orish manbalariga egaligi;
yo‘l infratuzilmasining mavjudligi;
manzarali daraxt va butalar turlarini ko‘paytirish uchun tuproq-iqlim sharoitining mosligi;
tanlangan “Yashil jamoat parklari” hududlarini himoya qilish imkoniyatining mavjudligi aniqlanishi;
ushbu yer maydonlarining har xil chiqindilardan xoli bo‘lishi;
biologik yoshini o‘tab bo‘lgan (qurigan) daraxt va butalar, singan shox-shabbalarni olib tashlash kabi tadbirlar amalga oshirilishi kerak.
37. Hududlarda mavjud daraxtzorlar joylashgan hududda tegishli soha mutaxassislarining ilmiy xulosalari hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining tavsiyasi asosida xalq deputatlari mahalliy kengashlarining qarorlari asosida “Yashil jamoat parklari” barpo etishga ruxsat beriladi.
3-bob. “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etish bo‘yicha tugallangan loyihalarni foydalanishga qabul qilish
38. Barpo etilgan (rekonstruksiya qilingan) “Yashil jamoat parklari” “Yashil jamoat parklari”ni qabul qilish komissiyalari (keyingi o‘rinlarda — komissiya) tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinadi.
39. Komissiya tarkibi tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
40. Komissiya tarkibiga tuman (shahar) hokimi, bosh pudrat tashkiloti, manfaatdor vazirliklar va idoralarning hududiy organlari, loyiha tashkilotlari hamda yerdan foydalanuvchilar vakillari kiritiladi.
41. Komissiya tomonidan “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish loyihasi tugallangandan so‘ng ikki oy muddatda qabul qilib olinadi.
42. “Yashil jamoat parklari”ning mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari belgilanmagan bo‘lsa, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan “Yashil jamoat parklari” ulardan foydalanuvchi yoki ularga xizmat ko‘rsatuvchi tegishli davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi.
43. Yerdan foydalanuvchi “Yashil jamoat parklari”ning kelgusida parvarish qilinishi, saqlanishi, o‘z funksiyasi bajarilishini ta’minlash uchun javob beradi.
4-bob. “Yashil jamoat parklari” faoliyatiga qo‘yiladigan cheklovlar
44. “Yashil jamoat parklari” faoliyatiga qo‘yiladigan cheklovlar quyidagilardan iborat:
“Yashil jamoat parklari” hududida bino va inshootlar (park faoliyati uchun qurilgan bino va inshootlar bundan mustasno), ishlab chiqarish va noishlab chiqarish obyektlari, shu jumladan, attraksionlar qurilishi;
“Yashil jamoat parklari” hududida tamaki chekish va alkogol mahsulotlari iste’mol qilinishi;
“Yashil jamoat parklari” hududida ovqatlanish va chiqindilarning belgilanmagan joylarga tashlanishi;
“Yashil jamoat parklari” hududida tungi vaqtlarda kirishga cheklovlar o‘rnatilishi;
“Yashil jamoat parklari” hududiga har qanday avtotransport vositalari (maxsus avtotransportlardan tashqari) kirishi;
“Yashil jamoat parklari” hududida oilaviy tadbirlar o‘tkazilishi;
“Yashil jamoat parklari” faoliyatiga zid bo‘lgan va uning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xo‘jalik faoliyati (chorva va parrandalarni ko‘paytirish-boqish, baliqchilik) amalga oshirilishi;
“Yashil jamoat parklari” hududida daraxtlarni noqonuniy kesish;
“Yashil jamoat parklari” tashkil etilgan maydonlarni xususiylashtirish.
5-bob. “Yashil jamoat parklari” egalarining huquqlari va majburiyatlari
45. “Yashil jamoat parklari” egalari:
“Yashil jamoat parklari” faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilish;
“Yashil jamoat parklari”ni parvarish va muhofaza qilish uchun shartnoma asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish;
qonunchilikda belgilangan tartibda daraxtlarni sanitariya jihatidan kesish;
“Yashil jamoat parklari” hududida ko‘kalamzorlashtirish uchun ko‘chatchilik bilan shug‘ullanish huquqlariga ega.
“Yashil jamoat parklari” egalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
46. “Yashil jamoat parklari” egalari:
“Yashil jamoat parklari” hududidagi mavjud daraxtlar va butalarni parvarish qilishi, sug‘orishi, qo‘riqlashi va muhofaza qilish;
“Yashil jamoat parklari” hududidagi mavjud daraxtlar va butalarning zararkunanda va kasalliklarga chalinishiga qarshi tizimli kurashish choralarini ko‘rishi;
“Yashil jamoat parklari” hududida yong‘in xavfsizligini ta’minlashi shart.
“Yashil jamoat parklari” egalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘z zimmasiga boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
47. “Yashil jamoat parklari” qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
48. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Yashil jamoat parklari” to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
“Yashil jamoat parklari”ni barpo etish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlari

“Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taklif kiritadi.

Zaruratga ko‘ra

2-bosqich

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari

1. “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha kiritilgan takliflarni ko‘rib chiqadi.

15 ish kuni ichida

2. Ma’qullangan takliflar asosida “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish va loyihalash bo‘yicha “O‘rmonloyiha” loyihalash instituti bilan shartnoma tuzadi.

Har yili 10-fevralgacha

3. “O‘rmonloyiha” loyihalash institutiga “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha texnik topshiriqlarni taqdim etadi.

Har yili 1-martgacha

3-bosqich

“O‘rmonloyiha” loyihalash instituti

“Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etadi.

Har yili 1-maygacha

4-bosqich

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari

“Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha takliflarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga tegishli qaror qabul qilish uchun kiritadi.

Har yili 15-maygacha

5-bosqich

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari

Xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish uchun “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) bilan shartnoma tuzadi.

Manzilli dastur tasdiqlangandan keyin kelgusi yil 20-yanvargacha

6-bosqich

“Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari)

“Yashil jamoat parklari”ga ko‘chat ekish tadbirlarini amalga oshiradi.

Har yili bahor va kuz mavsumlarida

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.09.2022-y., 09/22/529/0852-son)