|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.02.2001
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VAZIRLIGI TIZIMIDAGI ORGANLAR FAOLIYATINI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-fevraldagi 75-son “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish sohasida taʼsirchan ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonun va bozor iqtisodiyoti talablariga muvofiq aholining ish bilan taʼminlanish darajasini oshirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va mehnatga haq toʻlashni bundan buyon ham takomillashtirib borish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining tarkibiy tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirining uch nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
vazirlikning hayʼati 7 kishidan iborat boʻladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat vaziri lavozimiga koʻra hayʼat tarkibiga kiradi.
respublikaning barcha mehnat organlari xodimlarining soni koʻpi bilan 3940 kishidan, shu jumladan, Mehnat vazirligi markaziy apparati boʻyicha — 70 kishidan (binoga xizmat koʻrsatish va qoʻriqlash xodimlaridan tashqari) iborat boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmalari xodimlarini mablagʻ bilan taʼminlash davlat budjetidan, tuman (shahar) mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boʻlimlari (mehnat organlari) xodimlari esa ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 23-iyuldagi 310-son qarori tahririda)
2. Oʻzbekiston mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻzbekiston ijtimoiy tadqiqotlar respublika markazi va Tarmoq axborot-hisoblash markazi tugatilib, Oʻzbekiston mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish muammolarini oʻrganish respublika markazi tashkil etilsin. Mehnat vazirligi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, hokimliklar, vazirliklar, idoralar, korxona va tashkilotlar buyurtmalariga binoan xoʻjalik hisobi asosida tashkil etish maqsadga muvofiq deb topilsin;
Ishchi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ishdan boʻshab qolganlarni kasbga yoʻnaltirish va qayta oʻqitish Oʻzbekiston respublika metodologik markazi tugatilib, uning oʻqish rejalari, dasturlari va qoʻllanmalar ishlab chiqishga doir vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi markaziy apparati zimmasiga yuklatilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi boʻyicha Respublika markaziy laboratoriyasi faoliyatini xoʻjalik hisobi asoslarida tashkil etish maqsadga muvofiq deb topilsin.
3. Bosh boshqaruv organi etib:
demografik jarayonlarni hisobga olgan holda, mehnatdan foydalanish va ish bilan taʼminlash, aholini ijtimoiy himoya qilish mexanizmlarini, mehnatga haq toʻlash, mehnat meʼyorlari va sharoitlarini takomillashtirish, ijtimoiy mehnat munosabatlari masalalariga doir xalqaro shartnomalarni bajarish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha— Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi;
aholining turmush darajasini, tarkibini, sonini tahlil qilish va prognozlash, hisobga olib borish, demografiya, mehnat resurslari balanslarini ishlab chiqish boʻyicha “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi belgilansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmalarining hamda tuman (shahar) mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boʻlimlari (mehnat organlari)ning namunaviy tuzilmalari va xodimlarining cheklangan soni 2 va 3-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2, 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Belgilab qoʻyilsinki:
viloyatlar va Toshkent shahar mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmalari tegishli hokimliklarning tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi, hokimliklar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga boʻysunadi va ularga hisob beradi;
tuman (shahar) mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boʻlimlari tegishli hokimliklarning tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi, hokimliklar, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmalariga boʻysunadi va ularga hisobga beradi, ularga uslubiy rahbarlik qilish va ular faoliyatini muvofiqlashtirish esa Mehnat vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
viloyatlar va Toshkent shahar mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmalari boshliqlarini ishga tayinlash viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Tuman (shahar) mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boʻlimlari (mehnat organlari) rahbarlarini ishga tayinlash tegishli viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan, tuman (shahar) hokimlari tavsiyasiga koʻra amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mehnat organiga uslubiy rahbarlik qiladi va ularning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
(1-bandning birinchi va beshinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 23-iyuldagi 310-son qarori tahririda)
5. Mehnat organlari tizimi zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirish yuklatilsin:
Mehnatdan foydalanish va ish bilan taʼminlash sohasida:
migratsiya jarayonlarini boshqarish, demografik vaziyatni oʻrganish va uni yaxshilash boʻyicha takliflar tayyorlash;
ish bilan band boʻlmagan aholini hisobini olish va ishsizlar sonini aniqlash;
mehnat bozorining talab va ehtiyojlarini tahlil qilish va prognozlash;
ishsizlarni va ish bilan band boʻlmagan aholini ishga joylashtirish, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash;
ish bilan taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va undan samarali foydalanish;
jamoat ishlarini tashkil etish;
xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa davlatlarning mehnat organlari bilan ishchi kuchlaridan foydalanish boʻyicha aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirish, xorijiy mehnat bozorlarining aloqa va ehtiyojlarini oʻrganish, ishchi kuchlarini eksport qilish hamda tuzilgan shartnoma va kontraktlarga muvofiq chet ellarga ishga ketayotgan respublika fuqarolari manfaati va huquqlarini himoya qilishni taʼminlash mexanizmini ishlab chiqish.
Aholini ijtimoiy himoya qilish va mehnatga haq toʻlash sohasida:
aholini ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish;
muhtojlarga, ularning haqiqiy daromadlarini hisobga olgan holda, koʻrsatilayotgan yordamlarning maqsadga yoʻnaltirilganligini kuchaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
mehnatga haq toʻlash yagona umumdavlat siyosatini oʻtkazish;
ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning eng kam miqdorlarini belgilash boʻyicha takliflar tayyorlash;
ishsizlar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni amalga oshirish;
tuzilgan shartnoma va kontraktlarga muvofiq chet ellarga ishga ketayotganlar mehnatiga haq toʻlash va ularni ijtimoiy kafolatlash shartlari boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Oldingi tahrirga qarang.
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun eng kam miqdordagi ish oʻrinlari yaratish va ushbu oʻrinlarning toʻldirilishini nazorat qilib borishni taʼminlash;
(5-bandning oʻn sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 23-iyuldagi 310-son qarori tahririda)
aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va uning samaradorligini tahlil etish uchun sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish.
Mehnat normativlari va sharoitlari sohasida:
mehnatga ishtiyoq va ragʻbatni kuchaytirish chora-tadbirlarini, normalarni, normativlarni, tarif stavkalari va maoshlarini ishlab chiqish va joriy qilish;
mehnat sharoitlarini, mehnat qonunchiligi bajarilishini davlat ekspertizasidan oʻtkazish va nazorat qilishning normativ-huquqiy hujjatlarini, mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlar uchun imtiyozlar va kompensatsiyalar tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlarini, faoliyat turlari va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, barcha vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, muassasalar, tashkilotlar va korxonalar, mahalliy boshqaruv organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning bajarishi majburiydir.
7. Mehnat munosabatlari yuzasidan kasaba uyushmalari va ishga yollovchilar ishtirokida tuziladigan uch tomonlama bitimlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga davlat manfaatlarini himoya qilish huquqi berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi ikki hafta muddatda:
mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boʻyicha viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va tuman boʻlimlari mehnat birjalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlarni ishlab chiqsin;
tasarrufdagi tashkilotlarning vazifalarini qayta koʻrib chiqsin tuzilmasini va nizomlarini tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 31-dekabrdagi 606-son qaroriga mazkur qarordan kelib chiqadigan zarur oʻzgarishlarni kiritish toʻgʻrisida takliflar tayyorlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi toʻgʻrisidagi Nizom loyihasini, vazirlikning yangi vazifalari va faoliyati yoʻnalishlarini hisobga olgan holda, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vaziriga vazirlikning markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga belgilangan xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgarishlar kiritish huquqi berilsin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi bilan birgalikda:
bozor munosabatlari rivojlanishining hozirgi bosqichini hisobga olgan holda aholini ish bilan taʼminlashning mintaqaviy dasturlari mazmunini, ularni yangi ishchi oʻrinlari barpo etishga, xodimlar tayyorlash va qayta tayyorlash, jamoat ishlarini kengaytirishga koʻproq yoʻnaltirgan tarzda, qayta koʻrib chiqsinlar, Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlaridan samarali foydalanishni taʼminlasinlar;
ikki hafta muddatda mehnat boʻyicha respublika, viloyat, shahar va tuman organlari faoliyatini koʻrib chiqsinlar, ularning tuzilmalarini aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilishni boshqarish masalalarini hal qilishga yoʻnaltirish, ularning oʻzaro va respublika Mehnat vazirligi boʻlinmalari bilan puxta hamkorlik qilishini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrsinlar. Mehnat organlari zimmasiga yuklatilgan yangi vazifalardan kelib chiqqan holda xodimlarni navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazsinlar, ularni yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirish chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
10. Mehnat vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, Tashqi ishlar vazirliklari va boshqa idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda respublikadan ishchi kuchlarini eksport qilishni, chet ellarda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari manfaatlari va huquqlarini himoya qilishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni, xorijiy davlatlar mehnat bozorini oʻrganish mexanizmini ishlab chiqish, mehnat kontraktlari boʻyicha chet ellarga joʻnab ketish hujjatlarini rasmiylashtirish yuzasidan takliflar tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilsin.
11. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga “Mehnat” gazetasini taʼsis etish va xoʻjalik hisobi asosida nashr qilish huquqi berilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Toshkent shahri, Abay koʻchasi, 4-uyga joylashtirilsin.
13. Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-oktabrdagi 253-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S.Hamidov zimmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotganligi 1993-yilning iyulida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 11-mart,
127-son