Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 03.07.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika “Qoʻriqlash” birlashmasini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining muassasadan tashqari qoʻriqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil qilish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 421-sonli “Ichki ishlar organlari qoʻriqlash xizmati faoliyatini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, tashkilotlari, muassasalari va korxonalarining, respublika hududida joylashgan xorijiy va qoʻshma korxonalarning mulklarini, moddiy va pul boyliklarini qonunga zid tajovuzlardan muhofaza qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Respublika “Qoʻriqlash” birlashmasi mavjud shaxsiy tarkibiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining muassasadan tashqari qoʻriqlash Bosh boshqarmasi etib qayta tashkil qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining muassasadan tashqari qoʻriqlash Bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston SSR Vazirlar Kengashining “Oʻzbekiston SSR Jamoat tartibini saqlash vazirligining militsiya organlari huzuridagi muassasadan tashqari qoʻriqlash haqidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 1966-yil 19-apreldagi 184-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 1-mart,
110-son
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 1-martdagi 110-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining muassasadan tashqari qoʻriqlash Bosh boshqarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Muassasadan tashqari qoʻriqlash Bosh boshqarmasi* Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tarkibiy boʻlinmasi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, tashkilotlari, muassasalari, korxonalari hamda uning hududidagi chet el firmalari, qoʻshma korxonalarining mulklarini, moddiy va pul boyliklarini qonunga zid tajovuzlardan muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan.
*Bundan keyin —Boshqarma
2. Boshqarma oʻz faoliyatida amaldagi qonunchilikka, Prezident farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyruqlari va yoʻriqnomalariga amal qiladi.
3. Boshqarma tarkibida qoʻriqlashni, moliyaviy-xoʻjalik faoliyatni, xizmatni tashkil etuvchi va ularga rahbarlik qiluvchi boshqarmalar, boʻlimlar hamda boʻlinmalar tuziladi.
4. Boshqarma yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va boshqarma nomi yozilgan muhrga, Oʻzbekiston Respublikasining bank muassasalarida oʻzining joriy va valyuta hisoblariga ega boʻladi.
5. Boshqarmada ish yuritish va maxfiylik tartibi boʻyicha koʻzda tutilgan tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining amaldagi aktlarida belgilangan tartibda yuritiladi.
6. Boshqarma va uning boʻlinmalari oʻzlarining faoliyatini oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash va oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash asosida tashkil qiladilar, mulkdorlar bilan shartnoma munosabatlari asosida ishlaydilar va qoʻriqlash xizmatlari koʻrsatganlik uchun shartnomalar boʻyicha tushadigan mablagʻlar hisobiga taʼminlanadilar.
Boshqarma va uning boʻlinmalari shtatlari, smetalari moliya organlarida qayd etilmaydi.
7. Boshqarmaning va uning boʻlinmalari boshqaruv apparatlarining shtatlari xizmatdagilar soniga kirmaydi, biroq ular xizmatdagilar sonining toʻrt foizidan oshmasligi shart.
8. Muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalari shaharlarda, tuman markazlarida, shahar posyolkalarida, boshqa yirik aholi yashash joylarida tashkil etiladi va militsiya, harbiylashtirilgan hamda soqchilik boʻlinmalaridan, shuningdek, muhandis-texnik boshqarmasi va xizmat koʻrsatuvchilardan iborat boʻladi.
9. Muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalarining mulk egalari bilan oʻzaro munosabatlari va tomonlarning masʼuliyati obyektlarni qoʻriqlash toʻgʻrisidagi namunaviy shartnoma asosida tuzilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan shartnomaga binoan belgilanadi.
10. Obyektlarni qoʻriqlash hamda qoʻriqlash xizmatining boshqa turlari uchun haq toʻlash shartnomaviy narxlar asosida amalga oshiriladi. Narxlarning hisob-kitobi Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalda boʻlgan narxlarni indeksatsiya qilish tartiblarini hisobga olgan holda yuritiladi.
11. Boshqarma oʻziga yuklatilgan vazifalarni boshqa davlat organlari, jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari hamda mulklarni qonunga zid tajovuzlardan himoya qilishga yordam koʻrsatish maqsadida tuzilgan jamoatchilik tuzilmalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
12. Boshqarmaning xizmat faoliyatiga tegishli masalalarni hal qilish yakkaboshchilik bilan, ularni muhofaza etishda kollegiallikni qoʻshib olib borish asosida tashkil etiladi, bunda har bir xodimning oʻziga topshirilgan faoliyat sohasidagi ishlarning ahvoli uchun shaxsiy javobgarligi belgilab qoʻyiladi.
Boshqarma oʻziga yuklatilgan vazifalarni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (IIV)ning boshqa tarkibiy boʻlinmalari, respublikaning hamda boshqa mustaqil davlatlarning vazirliklari, idoralari, korxonalari va tashkilotlari bilan hamkorlikda hal etadi.
13. Boshqarma boshligʻi huzurida moliya hamda xizmat-xoʻjalik faoliyatini rivojlantirish istiqbolining muhim masalalari, signalizatsiyaning arzon va ishonchli vositalarini rivojlantirish va joriy etish boʻyicha qarorlar ishlab chiqish uchun Kengash tuziladi, uning tarkibiga Boshqarma va respublika qoʻriqlash boʻlinmalarining eng tajribali xodimlari kiradi. Kengash qarorlari tavsiya xarakterida boʻladi.
14. Boshqarmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iboratdir:
a) mulkdorlarning mulklarini qoʻriqlashni taʼminlash hamda qoʻriqlash boʻyicha shartnomada koʻzda tutilgan boshqa xizmatlar koʻrsatish;
b) qoʻriqlashning eng yangi texnika vositalarini ishlab chiqish signalizatsiya vositalarining texnik foydalanishini tashkil etish va joriy qilish boʻyicha yagona texnika siyosatini yuritish, shu asosda qoʻriqlashning shakl va usullarini takomillashtirish;
v) respublika hududidagi soqchilik boʻlinmalarini, ularning qaysi muassasaga boʻysunishlaridan qatʼi nazar, belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazishni amalga oshirish;
g) davlat mulkining va fuqarolar shaxsiy mulklarining daxlsizligini taʼminlashda jamoatchilik va mehnat jamoalari bilan, qoʻriqlash boʻlinmalari faoliyatini targʻib etish va qonunbuzarlikning oldini olishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilishning shakl va usullarini takomillashtirish;
d) kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, ularni oʻqitish va tarbiyalash, qoʻriqlash boʻlinmalarining shaxsiy tarkibi oʻrtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash ishlarini tashkil etish;
e) qoʻriqlashning daromad va xarajatlarini, moddiy-texnika taʼminotini rejalashtirish, Rentabellikni oshirish boʻyicha tadbirlar oʻtkazish, qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibini ijtimoiy sugʻurta qilish;
j) qoʻriqlashning texnik vositalarini ishlab chiqishda, chiqarishda, montaj qilishda, xizmat koʻrsatishda va ularni standartlashda chet el firmalari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish;
z) qoʻriqlash texnik vositalarining xorijiy namunalarini sinovdan oʻtkazish va Oʻzbekiston Respublikasida priborlardan foydalanishga sertifikatlar berish;
i) qoʻriqlash naryadlari xizmat qilayotgan joylarda qonunbuzarlikning oldini olish va unga yoʻl qoʻymaslik.
15. Boshqarma oʻzining asosiy vazifalariga muvofiq ravishda quyidagi xizmatlarni amalga oshiradi:
a) xalq xoʻjaligi obyektlarini, kooperativ hamda boshqa korxona va tashkilotlarni, fuqarolarning shaxsiy mulklarini qoʻriqlashni tashkil etish, qoʻriqlash postlari va hududida huquq-tartibotini taʼminlash boʻyicha;
markazlashtirilgan qoʻriqlash punktlari, militsiya, harbiylashtirilgan va soqchilik boʻlinmalarining faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish;
shartnoma boʻyicha (haq toʻlash evaziga) turli xalq xoʻjaligi obyektlarini, ijara korxonalarini, boshqa tashkilot va korxonalarni, fuqarolarning mulklari saqlanayotgan joylarni tekshirish va qoʻriqlash uchun qabul qilib olish, mulkni qoʻriqlash, moddiy boyliklarni kuzatib borish, texnik hujjatlarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirish, himoya vositalarini tayyorlash, oʻrnatish bilan bogʻliq boʻlgan pulli xizmatlar koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ravishda qurilish, montaj qilish, taʼmirlash tashkilotlarini hamda ijara, kichik korxonalarini, aksionerlik jamiyatlarini tuzadi, obyektlarni, fuqarolar shaxsiy mulklarini qoʻriqlashning ishonchliligini oshirishga hamda shu sohada qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish hisobiga soqchilik boʻlinmalarining barqaror moliyaviy ahvolini taʼminlashga doir boshqa tijorat faoliyatini amalga oshirish;
maxsus bank, chet el konsulxonalari, elchixonalari, firma va vakolatxonalari muassasalaridagi mulklar va pul boyliklarining qoʻriqlanishini shartnoma shartlari boʻyicha taʼminlash va takomillashtirish;
xalq xoʻjaligining jinoyat koʻp uchrab turadigan obyektlarida, shu jumladan, xorijiy va qoʻshma firmalar va korxonalarda, ichki va kirish-chiqish tartibiga rioya etish ishlarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
moddiy boyliklarning xoʻjalikda ishlatilishi, umumiy qiymati va ahamiyatidan kelib chiqqan holda obyektlar klassifikatsiyasini ishlab chiqish va ularni qoʻriqlash turini belgilash;
ayrim oʻta muhim obyektlarning, hayotiy zarur inshootlarning roʻyxatini tuzish va ularni idoralar va tashkilotlar mablagʻlari hisobiga faoliyat koʻrsatuvchi militsiya boʻlinmalari tomonidan qoʻriqlash chora-tadbirlarini koʻrish;
b) Boshqarmaning texnika xizmatini tashkil etish boʻyicha:
qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalarini ishlab chiqish va ularni xalq xoʻjaligi obyektlari va fuqarolarning uylarini qoʻriqlashga joriy etish ishlarini tashkil etadi, nazorat qiladi va muvofiqlashtiradi. Shu maqsadda soqchilik boʻlinmalarida, belgilangan shtatlardan tashqari, oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash prinsiplari asosida montaj brigadalari (guruhlari) tuziladi, ularning soni montaj ishlarining hajmiga qarab belgilanadi;
qoʻriqlash boʻlinmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari ehtiyoji uchun ishlab chiqariladigan qoʻriqlash-yongʻindan saqlash vositalarining bosh buyurtmachisi va jamgʻarma egasi sifatida faoliyat koʻrsatadi. Zarurat tugʻilgan hollarda zarur boʻlgan texnika vositalarining eksporti (importi) borasida ham xorijiy tashkilotlar (firmalar)ning vakillarini jalb etgan holda faoliyat koʻrsatadi;
oʻta muhim va boshqa obyektlarning qoʻriqlanishini signalizatsiyaning texnika vositalari va ularni markazlashgan kuzatuv pultiga ulash yordamida kuchaytiradi;
shartnoma asosida xorijiy va qoʻshma korxonalar mulklarini qoʻriqlashda texnika vositalarini joriy etish, ulardan foydalanishda texnika xizmati koʻrsatish tadbirlarini amalga oshiradi, bu obyektlarda oʻrnatilgan signalizatsiyani taʼmirlashni tashkil qiladi;
boʻlinmalarning muhandis-texnik tarkibining qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalarini taʼmirlash va ishlatish, ularga texnika xizmati koʻrsatish ishlarini tashkil etadi va nazorat qiladi;
markazlashtirilgan qoʻriqlash tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirish boʻyicha tashkiliy-amaliy tadbirlar oʻtkazadi;
v) moliya-xoʻjalik faoliyati boʻyicha:
qoʻriqlashni taʼminlash uchun zarur miqdorda mehnatga haq toʻlash fondini belgilaydi, uni qoʻriqlash boʻlinmalari oʻrtasida taqsimlaydi va qayta taqsimlaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, viloyat, shahar hokimliklari IIB qoʻriqlash boʻlinmalarini taʼminlash uchun daromadlar va xarajatlar smetasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, zarurat boʻlganda smeta mablagʻlarini qayta taqsimlaydi;
qoʻriqlovchilar aybi bilan yoʻl qoʻyilgan yirik oʻgʻirliklar, yongʻin va boshqa shunga oʻxshash hodisalar uchun moddiy-texnika va moliyaviy zaxira jamgʻarmasini tashkil etadi;
qoʻriqlash boʻlinmalarining buxgalteriya hisobotlarini koʻrib chiqadi, moliya-xoʻjalik faoliyati boʻyicha yigʻma statistik va buxgalteriya hisobotlarini tuzadi va ularni belgilangan muddatlarda tegishli idoralarga taqdim etadi;
qoʻriqlash boʻlinmalari uchun ajratilgan moddiy, mehnat va moliya resurslaridan yanada oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi;
mehnatga haq toʻlash, mukofotlash shartlari, imtiyozlar, oylik pul maoshlari, qoʻshimcha maoshlar, tarif stavkalari, oddiy va boshliqlar tarkibiga hamda qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi-xizmatchilariga haq toʻlashning boshqa shartlari toʻgʻrisida idoralarga takliflar taqdim etadi;
qoʻriqlash boʻlinmalarining moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish qilishni tashkil etadi va oʻtkazadi. Hisob-kitob va hisobotlarning holatini pul mablagʻlari va moddiy boyliklarning sarflanishi va saqlanishini, qoʻriqlash boʻlinmalarida tejamkorlik qoidasiga rioya etishni nazorat qiladi, foydalanilayotgan tovar-moddiy boyliklarni belgilangan tartibda qayta taqsimlash choralarini koʻradi;
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasiga, respublika IIV moddiy-texnika va harbiy taʼminot boshqarmasiga hamda boshqa idoralarga zarur boʻlgan moddiy-texnika resurslari boʻyicha yigʻma talabnomalarni ehtiyojni hisobga olgan holda ishlab chiqadi va taqdim etadi;
tabelda belgilab qoʻyilganiga muvofiq ravishda qoʻriqlash boʻlinmalarini avtomototransport, yoqilgʻi-moylash materiallari, buyumlar, tashkiliy-texnika, qoʻriqlash-yongʻindan saqlash apparatlari, kabel mahsuloti, aloqa vositalari va shaxsiy tarkibning shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlaydi;
qoʻriqlash boʻlinmalarining operativ xizmat avtotransportlaridan foydalanishini hisobga olib boradi va nazorat qiladi;
g) Boshqarmaning kadrlar va tashkiliy-shtat ishlari boʻyicha:
qoʻriqlash boʻlinmalarining tuzilmalari va shtatlarini ishlab chiqadi, xalq xoʻjaligi obyektlarini qoʻriqlash uchun shtatlar sonini kiritish toʻgʻrisida buyruqlar tayyorlaydi;
qoʻriqlash boʻlinmalarining kadrlarga va rahbarlar tarkibiga boʻlgan ehtiyojini oʻrganadi va aniqlaydi, Oʻzbekiston Respublikasi IIV oʻquv yurtlarida va boshqa mintaqalarda kadrlarni tayyorlashni va qayta tayyorlashni tashkil etadi, shaxsiy tarkibning boshlangʻich, maxsus, xizmat va jangovar tayyorgarligini tashkil etishni nazorat qiladi;
shtat intizomiga rioya qilish, namunaviy shtatlarni qoʻllanish ustidan nazoratni amalga oshiradi, qoʻriqlash boʻlinmalari sonini hisobga olib boradi;
fuqaro oliy oʻquv yurtlari bilan shartnoma asosida qoʻriqlash boʻlinmalarida ishlash uchun mutaxassislar tayyorlash va tanlashni tashkil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi IIV tegishli xizmatlari bilan birgalikda qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibi oʻrtasida tarbiyaviy ishlarni tashkil qiladi va oʻtkazishni taʼminlaydi. Xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, qoʻriqlash xodimlarining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, harbiylashgan va soqchilik boʻlinmalari uchun muhandis-texnik kadrlari tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish masalalarini hal etishda demokratik asoslarni rivojlantirish, obyektlarni qoʻriqlash brigada kengashlarining, brigadirlarining, boshliqlarining, oʻrtoqlik sudlarining rolini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi;
qoʻriqlash boʻlinmalari xodimlari, shuningdek, qoʻriqlash xizmati koʻrsatish istagini bildirgan korxona va kooperativlarning xizmatchilari, xususiy shaxslar tomonidan malaka imtihonlari topshirish tartibini va ularga qoʻyiladigan malaka talablarini ishlab chiqadi.
16. Boshqarma boshligʻi oʻz lavozimiga koʻra yuqori boshliqlar tarkibiga mansub boʻlib (militsiya general-mayori):
Boshqarma apparati ishini tashkil etadi va Boshqarma zimmasiga yuklatilgan vazifalar va xizmatlarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Boshqarma vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha idoralar, muassasalar, tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasi IIV nomidan vakillik qiladi;
belgilangan tartibda, oʻz vakolatlari doirasida buyruqlar chiqaradi va tasarrufidagi boʻlinmalarga tashkiliy-uslubiy koʻrsatmalar beradi;
tarkibiy va bevosita oʻziga boʻysunuvchi boʻlinmalarning vazifalarini ishlab chiqadi;
oʻz oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning oʻziga topshirilgan ish sohasi uchun masʼuliyatini belgilaydi;
tasdiqlangan smeta doirasida pul mablagʻlarini sarflashni boshqaradi, bank muassasalarida joriy va boshqa hisoblar ochadi;
kamomaddan, rastratadan, oʻgʻirlikdan qoʻrilgan va sud tomonidan undirib olish rad etilgan zararlarni, qaytarib olishning iloji yoʻq deb hisoblangan boshqa qarzlarni, konkret aybdorlarni aniqlash mumkin boʻlmagan hollarda boyliklarning normadan ortiqcha miqdorda tabiiy buzilishi tufayli koʻrilgan zarar va yoʻqotishlar tufayli yetishmagan boyliklarni, shuningdek, asosiy jamgʻarmalar tarkibida boʻlgan maʼnaviy eskirgan va bundan keyin foydalanishga yaroqsiz asbob-uskunalarni amaldagi qonunchilikka muvofiq hisobdan chiqarishni amalga oshiradi;
qoʻriqlash signalizatsiyasining ishlab chiqilayotgan apparatlariga texnik vazifalarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi va texnik reglamentlar yoki standartlarni muvofiqlashtiradi, markazlashtirilgan qoʻriqlash punktlari qurilishining namunaviy loyihalarini tasdiqlaydi;
(16-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-martdagi 45-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 10-son, 105-modda)
qoʻriqlash faoliyatining barcha masalalari boʻyicha fuqarolarining takliflari, ariza va shikoyatlarini qurib chiqadi, kamchiliklarni bartaraf qilish choralarini koʻradi, kiritilgan takliflarni amalga oshiradi, respublika qoʻriqlash boʻlinmalarida ishlarning tashkil etilishini nazorat qiladi;
respublika ichki ishlar organlarining qoʻriqlash Boshqarmalari va boʻlinmalaridan Boshqarma zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish, yuqori tashkilotlarga umumlashtirilgan hujjatlar va hisobotlar topshirish, vazirlik rahbariyatiga axborotlar tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi IIV rahbariyati va xayʼatiga maʼlum qilish, kengashlar oʻtkazish va hujjatlarning loyihalarini tayyorlash uchun zarur boʻlgan axborotni belgilangan tartibda talab qilib oladi;
shaxsiy tarkibni tanlash, joy-joyiga quyish, oʻqitish va tarbiyalash boʻyicha ishlarni tashkil etish, Boshqarmada va uning joylardagi boʻlinmalarida shtat-moliya intizomiga rioya qilish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga:
Boshqarma, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, viloyat, shahar hokimliklari IIB qoʻriqlash Boshqarmalari, boʻlimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi shahar, tuman qoʻriqlash organlarining boʻlimlari, boʻlinmalari hamda ularning safdagi boʻlinmalari tuzilmasi va shtatlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida;
Boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlarini lavozimga tayinlash va boshqa ishga oʻtkazish toʻgʻrisida;
Boshqarma va uning boʻlinmalarining katta va oʻrta boshliqlar tarkibidagilarni ichki ishlar organlari oddiy va boshliqlar tarkibi tomonidan xizmatni oʻtash toʻgʻrisidagi Nizomga asosan ishdan boʻshatish vaqtida takliflar kiritadi;
Boshqarmaning Toshkent shahridagi Hukumat muassasalarini qoʻriqlovchi alohida militsiya batalonining oddiy va kichik boshliqlar tarkibini, ishchilar va xizmatchilarni ishga qabul qiladi, tayinlaydi, boshqa ishga oʻtkazadi va ishdan boʻshatadi;
Boshqarmaning Toshkent shahridagi Hukumat muassasalarini Qoʻriqlovchi alohida militsiya bataloni xodimlariga oddiy va kichik boshliqlar tarkibi maxsus unvonlarini beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari Intizomiy ustavi doirasida Boshqarmaning va unga boʻysunuvchi boʻlinmalarning oddiy va boshliqlar tarkibini ragʻbatlantiradi yoki ularga intizomiy jazo beradi.
17. Muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalari quyidagilarga ega:
mulkni jinoyatkorona tajovuzlardan himoya qilishni taʼminlash tartibini belgilovchi qoidalar, meʼyorlar va standartlar loyihalarini tayyorlash va hokimiyat organlariga koʻrib chiqish uchun taqdim etish;
qoʻriqlashning texnik vositalarini yaratishga va koʻplab ishlab chiqarishga, obyektlarni signalizatsiya vositalari bilan jihozlash boʻyicha montaj qilish-sozlash ishlariga va mulkdorlarga qoʻriqlash boʻyicha boshqa xizmatlarni koʻrsatishga moslashgan korxonalarni, shu jumladan, qoʻshma korxonalarni belgilangan tartibda ochish;
qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi apparatlarini, boshqa texnika vositalari va materiallarni oʻzga tashkilotlarga shartnomaviy narxlar boʻyicha sotish;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy aloqalarda qatnashish;
respublika banklarida, shu jumladan, chet el valyutasida oʻz hisoblarini ochish va oʻz kafolatlari bilan qarzlar olish;
ortib qolgan boʻsh mablagʻlarni moddiy ragʻbatlantirish va uy-joy qurish jamgʻarmalariga oʻtkazish hamda ijtimoiy-madaniy tadbirlar uchun sarflash.
18. Muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalari xodimlarining burchi quyidagilardan iborat:
mulkni tajovuzlardan himoya qilish va shartnomaga muvofiq qoʻriqlash tartibiga rioya qilishni taʼminlash;
xizmatni oʻtash joylarida jinoyatchilikning, qonunbuzarlikning oldini olish va unga yoʻl qoʻymaslik;
ichki ishlar idoralari, maʼmuriyat va jamoat birlashmalarining oʻgʻirlikning oldini olish, qonunbuzarlarni qoʻlga olish va moddiy boyliklarni saqlash holatini tekshirish tadbirlarida qatnashish;
yongʻin yoki oʻt chiqish sodir boʻlganda yongʻindan saqlash boʻlinmalariga xabar berish va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;
xizmat sirini saqlash.
19. Muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalarining xodimlari xizmat vazifalarini bajarish vaqtida quyidagi huquqlarga egadirlar:
qoʻriqlanayotgan obyektlar xizmatchilaridan obyektning kirish-chiqish va ichki tartibiga rioya qilishni hamda xizmat burchini oʻtayotgan joylarda boshqa fuqarolardan jamoat tartibini saqlashni talab qilish;
qoʻriqlanayotgan obyektlarga kirganlarni yoki qonunbuzarlik qilganlarni shaxsini aniqlash va protokol tuzish maqsadida ushlash va qoʻriqlash xizmat xonalariga olib kelish, zarur hollarda esa ularni ichki ishlar organlariga topshirish;
talon-torojlarning oldini olish, oʻgʻirlangan buyumlarni olib qoʻyish maqsadida qoʻriqlanayotgan obyektlar hududida yoki binosida boʻlgan fuqarolarni shaxsiy tekshiruvdan oʻtkazish va ularning buyumlarini tekshirib koʻrish;
transport vositalarini koʻzdan kechirish va qoʻriqlanayotgan obyektdan olib ketilayotgan yoki olib kelinayotgan mulklarning tovar-transport hujjatlariga muvofiq ekanligini aniqlash;
oʻgʻirlangan mol-mulkni topib olish va olib qoʻyishda texnika vositalarini qoʻllanish, qonunga zid xatti-harakatlarni qayd etish uchun sugʻurta olish, ovoz yozish, kino va videotasvirga tushirishdan foydalanish;
belgilangan tartibga muvofiq qurol ishlatish, shaxsiy himoya va faol mudofaa vositalaridan foydalanish.
20. Boshqaruv apparatini va markazlashgan qoʻriqlash punktlarini joylashtirish, moddiy-texnika vositalarini, qurollar va avtotransportni saqlash uchun xizmat binolari muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalariga mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ajratiladi.
Muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan kapital mablagʻlar hisobiga xizmat binolarini loyihalashtirishlari va qurishlari, xizmat binolarini qurishda ulush qoʻshish yoʻli bilan qatnashishlari mumkin.
21. Muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalari xodimlariga uy-joy quyidagilar hisobidan beriladi:
hokimiyatning mahalliy ijroiya organlari hisobidan;
obyektlari qoʻriqlanayotgan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar tomonidan, shartnomalarga muvofiq, ishchi va xizmatchilar bilan umumiy asosda;
IIV, viloyat, shahar hokimliklari ichki ishlar boʻlimlari hisobidan uy-joy qiymatini qoʻriqlash boʻlinmalari tomonidan toʻlagan holda;
oʻz xususiy mablagʻlariga qurilgan uy-joy fondi hisobidan.
Yotoqxonaga ega boʻlgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar ulardan muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalari xodimlariga shartnoma asosida turar joy beradilar. Yotoqxonalardan turar joy berish, kommunal va maishiy xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar qoʻriqlash boʻlinmalari tomonidan toʻlanadi.
22. Muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalarini sim, kabel mahsulotlari, transport vositalari, yoqilgʻi-moylash materiallari, qurollar, oʻq-dorilar, maxsus vositalar bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan meʼyorlar va jamgʻarmalar boʻyicha mavjud baholarda amalga oshiriladi.
23. Muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalari moddiy-texnika vositalarini, yoqilgʻi-moylash materiallarini bozor fondidan chakana narxlarda sotib olish huquqiga egadirlar.
24. Muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalari xodimlariga va ularning oila aʼzolariga ichki ishlar organlarining tibbiy muassasalari tomonidan hamda qoʻriqlanayotgan obyektlarning ishchi-xizmatchilari bilan umumiy asoslarda poliklinikalar, kasalxonalar, sanatoriylar, dam olish uylari, bolalar yaslilari, ovqatlanish punktlari tomonidan xizmat koʻrsatiladi.
25. Mehnat sharoitlari sogʻliq uchun zararli boʻlgan obyektlarda xizmat qiluvchi muassasadan tashqari qoʻriqlash boʻlinmalari xodimlari shu obyektlarning ishchi va xizmatchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va qulayliklardan foydalanadilar.