Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoni 1-bandiga muvofiq:
a) davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi (keyingi oʻrinlarda — Mobil-ID tizimi) joriy etilishi;
b) quyidagi tartib oʻrnatilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi;
shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga koʻra davlat xizmatlari markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi;
Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan bevosita Markaz yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi hamda Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi, elektron shaklda qoʻl barmogʻi izi olinadi va mobil telefon raqami YIDXPdagi shaxsiy kabinetga bogʻlanadi;
Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan YIDXPning mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qoʻllaniladi hamda mobil telefon raqami YIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bogʻlanadi;
bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrga qadar toʻlov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik toʻlov undirilgan holda amalga oshiriladi;
Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qoʻllamagan holda barcha davlat xizmatlaridan (bundan kreditlash sohasida koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlar mustasno) foydalanishi mumkin;
fuqaroning YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga koʻra va belgilangan toʻlovlar asosida Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
foydalanuvchilarni oʻz xohishiga koʻra davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan (fuqaroning yuzini raqamli formatda rasmga tushirish, elektron shaklda qoʻl barmogʻi izini olish) yoxud YIDXPning mobil ilovasi (fuqaroni masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzoni qoʻllagan holda maʼlumotlarni tasdiqlash) orqali identifikatsiyalash tartibi;
bevosita davlat xizmatlari markazlari yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiyalashni 2022-yil 31-dekabrga qadar toʻlov undirmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik toʻlov undirish orqali amalga oshirish;
Mobil-ID tizimidan foydalanishning maqsadlarini belgilash, ushbu tizimni joriy qilish va texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlashning moliyalashtirish manbalarini belgilash.
3. Belgilansinki, Mobil-ID tizimining uzluksiz ishlashini taʼminlash “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi sifatida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Adliya vazirligining birgalikdagi vazifalari hisoblanadi hamda Mobil-ID tizimi operatori vazifasini bajarish Adliya vazirligi “Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi zimmasiga yuklatiladi.
4. Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda jismoniy shaxslarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha axborot tizimi ishlab chiqilishini taʼminlasin.
5. Adliya vazirligi 2022-yil 1-sentabrga qadar:
a) ushbu qaror bilan tasdiqlanayotgan Nizomga muvofiq:
markazlar va notarial idoralarni jismoniy shaxslarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha zarur moddiy-texnik baza (fuqarolarning yuzini raqamli formatda rasmga tushirish va elektron shaklda qoʻl barmogʻi izini olishga moʻljallangan vositalar) bilan taʼminlasin;
markazlar va notarial idoralarda jismoniy shaxslarni Mobil-ID tizimida identifikatsiya qilishni yoʻlga qoʻysin;
b) davlat xizmatlari markazlari va davlat notarial idoralari xodimlari ishtirokida ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomni amalda qoʻllashning samaradorligi va natijadorligini oshirishga yoʻnaltirilgan oʻquv seminarlari tashkil etilishi va oʻtkazilishini taʼminlasin.
6. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
a) 2022-yil 1-sentabrga qadar:
jismoniy shaxslarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalashni YIDXPning mobil ilovasi orqali joriy etilishini;
Mobil-ID tizimi orqali roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilarga SMS-xabar yuborishni yoʻlga qoʻyishni;
b) bir oy muddatda Mobil-ID tizimida masofaviy identifikatsiyalashda elektron raqamli imzo maʼlumotlarini solishtirish uchun Davlat soliq qoʻmitasining axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini;
v) “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanilganda, bu haqida shaxsga doir maʼlumotlar subyektining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan oʻtgan mobil telefon raqamiga xabarnoma hamda soʻrovlar yuborilishini doimiy taʼminlasin.
7. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov, Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va ilmiy faoliyatni rivojlantirish masalalari departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 30-avgust,
479-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-avgustdagi 479-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarni (keyingi oʻrinlarda — foydalanuvchilar) Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash, undan foydalanish va identifikatsiyani bekor qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Mobil-ID tizimi — interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatishda foydalanuvchini roʻyxatga olish, identifikatsiyalash, autentifikatsiyalash, verifikatsiya qilish hamda idoralararo elektron hamkorlik qilishda foydalanuvchilar bilan aloqani taʼminlashga moʻljallangan mobil telefon raqamiga bogʻlangan identifikatsiya tizimi;
maʼlumotlarni yigʻish punkti — Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish uchun murojaat qilgan foydalanuvchilarning biometrik maʼlumotlarini jamlash, ularni Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish vazifalarini bajaruvchi davlat xizmatlari markazlari hamda notarial idoralar;
Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish uchun soʻrovnoma (keyingi oʻrinlarda — soʻrovnoma) — maʼlumotlarni yigʻish punktida Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtadigan foydalanuvchining shaxsiga doir hamda biometrik maʼlumotlarini oʻz ichiga olgan elektron hujjat;
xodim — maʼlumotlarni yigʻish punktining foydalanuvchilarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash uchun soʻrovnomani toʻldiruvchi masʼul xodimi;
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi (keyingi oʻrinlarda — YIDXPning mobil ilovasi) — Mobil-ID tizimida masofadan turib identifikatsiyadan oʻtishni taʼminlovchi hamda davlat xizmatlarini koʻrsatishga moʻljallangan ilova.
3. Foydalanuvchilar Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtgandan keyin “Tasdiqlangan foydalanuvchi” maqomini oladi va barcha elektron davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin, bundan kreditlash sohasida koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlar mustasno.
Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalash yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi.
5. Foydalanuvchilar Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish uchun Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 177-son qaroriga muvofiq biriktirilgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga hamda Oʻzbekiston Respublikasida telekommunikatsiyalar sohasida tegishli litsenziyaga ega boʻlgan mobil aloqa operatorlari tomonidan berilgan mobil telefon raqamga (hisob balansi faol boʻlgan holda) ega boʻlishi zarur.
Foydalanuvchi bir nechta mobil telefon raqamlariga ega boʻlganda uning tanloviga asosan faqat bir mobil telefon raqami Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkaziladi.
6. Mobil-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan oʻtish:
bevosita maʼlumotlarni yigʻish punktiga kelib murojaat etganda 2022-yil 31-dekabrga qadar toʻlov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida toʻlov undirilgan holda;
YIDXPning mobil ilovasi orqali murojaat qilinganda bepul amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilganda Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga mazkur bandning ikkinchi xatboshisida belgilangan toʻlovning 50 foizi miqdorida, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga belgilangan toʻlovning 75 foizi miqdorida chegirma qoʻllaniladi. Bunda chegirma Ijtimoiy reyestrning:
“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilalarga, ularning ilgari belgilangan toifasiga muvofiq miqdorda;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga “kambagʻal oila” toifasidagi oila uchun belgilangan miqdorda qoʻllaniladi.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazilganligi uchun toʻlov toʻlanganligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.
7. Toʻlov summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markazlariga murojaat etganda:
15 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga (shu jumladan, 0,5 foizi yigʻim toʻlanganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanganligi uchun);
15 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
qolgan mablagʻlar — “Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
b) notarial idoraga murojaat etganda:
15 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga (shu jumladan, 0,5 foizi yigim toʻlanganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanganligi uchun);
15 foizi — “Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — notarial idoraga oʻtkaziladi.
8. Foydalanuvchilarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Maʼlumotlarni yigʻish punkti orqali foydalanuvchilarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash tartibi
9. Foydalanuvchi Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish uchun maʼlumotlarni yigʻish punktiga shaxsan oʻzi kelib murojaat etadi.
Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtishni ishonchnoma asosida yoki vakil orqali amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Foydalanuvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda shaxsini tasdiqlovchi hujjatning aslini taqdim etadi. Maʼlumotlarni yigʻish punkti xodimi foydalanuvchi nomidan ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron ravishda toʻldiradi.
11. Maʼlumotlarni yigʻish punkti orqali foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazishda taqdim etilayotgan mobil telefon raqam aynan murojaat qilayotgan foydalanuvchi nomida rasmiylashtirilgan boʻlishi talab etilmaydi.
12. Xodim foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazilgan telefon raqamiga har bir kiruvchi SMS-xabar uchun belgilangan miqdorda toʻlov undirilishi haqida ogohlantiradi va rozilik bildirilganda keyingi harakatlar amalga oshiriladi.
Foydalanuvchi ushbu Nizomning 13-bandida koʻrsatilgan biometrik maʼlumotlarini topshirishi, uning mazkur bandning birinchi xatboshisida belgilangan toʻlovlarni toʻlashga roziligini anglatadi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Maʼlumotlarni toʻplash punktiga murojaat qilganda, xodim foydalanuvchining yuzini raqamli formatda rasmga tushiradi hamda elektron shaklda qoʻl barmogʻi izini oladi.
Davlat xizmatlari markazlari orqali identifikatsiya ID-kartalari va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish jarayonida foydalanuvchilar Mobil-ID tizimida ularning xohishiga koʻra kompozit shaklda identifikatsiyadan oʻtkazilishi mumkin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
14. Xodim foydalanuvchining maʼlumotlari va taqdim etilgan mobil telefon raqamini “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — OneID tizimi) orqali birlamchi tekshiruvdan oʻtkazadi. Bunda OneID tizimiga ulangan mobil telefon raqam va Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish uchun taqdim etilgan mobil telefon raqam oʻrtasida farq mavjud boʻlsa yoki taqdim etilgan mobil telefon raqamiga OneID tizimidagi bir nechta shaxsiy kabinetlar ulangan boʻlsa, xodim foydalanuvchini taqdim etilgan mobil telefon raqami faqat foydalanuvchining OneID tizimidagi shaxsiy kabinetida qoldirilishini va qolgan shaxsiy kabinetlar ushbu mobil telefon raqamdan oʻchirilishi haqida ogohlantirib, kelgusi bosqichga oʻtish uchun rozilik oladi. Mazkur bandda koʻrsatilgan harakatlar foydalanuvchining roziligi bilan amalga oshiriladi.
15. Xodim real vaqt rejimida foydalanuvchining shaxsiga doir va biometrik maʼlumotlarini Mobil-ID tizimiga yuboradi.
16. Mobil-ID tizimi identifikatsiyadan oʻtkazish uchun taqdim etilgan mobil telefon raqamga amal qilish muddati oʻn besh daqiqa boʻlgan bir martalik tasdiq kodni yuboradi.
Bir martalik tasdiq kod oʻn besh daqiqa ichida Mobil-ID tizimiga kiritilmasa yoki foydalanuvchining mobil telefon raqamiga kelmasa, xodim bir martalik tasdiq kodni qayta olish uchun Mobil-ID tizimiga tegishli soʻrovni qayta yuboradi.
17. Xodim foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan bir martalik tasdiq kodni Mobil-ID tizimiga kiritadi va foydalanuvchiga Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazilganlik toʻlovini amalga oshirish uchun invoysni chop etgan holda taqdim etadi.
Mobil-ID tizimida bir martalik tasdiq kodning mosligi avtomatik solishtiriladi va tasdiq kod mos boʻlganda foydalanuvchining mobil telefon raqamini YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga bogʻlaydi. Agar foydalanuvchi Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish uchun taqdim etgan mobil telefon raqamiga OneID tizimidagi bir nechta shaxsiy kabinetlarga ulangan boʻlsa, tegishli harakatlar foydalanuvchining mobil telefon raqamini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish jarayonida amalga oshiriladi.
Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash yakunlanganda, bu haqda foydalanuvchining Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazilgan mobil telefon raqamiga xabar yuboriladi.
Agar foydalanuvchi OneID tizimida ilgari roʻyxatdan oʻtmagan boʻlsa, unga Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish jarayonida OneID tizimida shaxsiy kabinet ochiladi. Bunda foydalanuvchining OneID tizimida shaxsiy kabinetiga login sifatida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami tanlanadi. Foydalanuvchiga login hamda parol koʻrsatilgan xabarnoma yuboriladi.
18. Quyidagi holatlarda foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish rad qilinadi:
soʻrovnomaga kiritilgan maʼlumotlarning notoʻgʻri ekanligi yoki toʻliq emasligi Mobil-ID tizimi orqali aniqlanganda;
2023-yil 1-yanvardan boshlab Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish uchun ushbu Nizomning 6-bandida belgilangan toʻlov toʻlanmaganda;
foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq boʻlmaganda;
shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etilmaganda;
foydalanuvchining biometrik maʼlumotlari va shaxsini tasdiqlovchi hujjatdagi maʼlumotlari mos kelmaganda;
foydalanuvchi ushbu Nizomning 13-bandida belgilangan biometrik maʼlumotlarni taqdim etishdan bosh tortganda.
Foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
19. Foydalanuvchi ushbu Nizomning 18-bandida belgilangan kamchiliklarni bartaraf etgan holda istalgan vaqtda Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish boʻyicha qayta murojaat qilishi mumkin. Bunda foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash umumiy tartibda amalga oshiriladi.
3-bob. YIDXPning mobil ilovasi orqali foydalanuvchilarni Mobil-ID tizimida identifikatsiya qilish tartibi
20. Foydalanuvchi masofadan turib Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish uchun YIDXPning mobil ilovasidan foydalanadi. Bunda foydalanuvchi mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron ravishda toʻldiradi.
21. YIDXPning mobil ilovasi orqali foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazishda taqdim etilayotgan mobil telefon raqami aynan murojaat qilayotgan foydalanuvchi nomiga rasmiylashtirilgan boʻlishi zarur. Bunda Mobil-ID tizimiga kiritilayotgan mobil telefon raqami foydalanuvchi nomida ekanligini tekshirish axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi.
22. Mobil-ID tizimi foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazilgan telefon raqamiga har bir kiruvchi SMS-xabar uchun mobil operatorlar tomonidan belgilangan toʻlov undirilishi haqida ogohlantiradi va rozilik bildirilganda keyingi harakatlar amalga oshiriladi.
23. Foydalanuvchi YIDXPning mobil ilovasi orqali murojaat qilganda masofadan turib identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo asosida oʻzining shaxsini va kiritilgan maʼlumotlarni tasdiqlaydi.
Bunda Face-ID maʼlumotlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazining axborot tizimi bilan, ID-kartadagi elektron raqamli imzo maʼlumotlari Davlat soliq qoʻmitasining axborot tizimidagi maʼlumotlar bilan solishtiriladi.
24. Foydalanuvchining maʼlumotlari va taqdim etilgan mobil telefon raqami OneID tizimi vositasida avtomatik birlamchi tekshiruvdan oʻtkaziladi. Bunda:
OneID tizimiga ulangan mobil telefon raqami va Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish uchun taqdim etilgan mobil telefon raqam oʻrtasida farq mavjud boʻlsa Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazilgan mobil telefon raqam OneID tizimiga kiritilishi va avvalgi ulangan mobil telefon raqami OneID tizimidan oʻchirilishi haqida;
taqdim etilgan mobil telefon raqamiga OneID tizimidagi bir nechta shaxsiy kabinetlar ulangan boʻlsa, taqdim etilgan mobil telefon raqami faqat foydalanuvchining OneID tizimidagi shaxsiy kabinetida qoldirilishi va qolgan shaxsiy kabinetlar ushbu mobil telefon raqamdan oʻchirilishi haqida Mobil-ID tizimi foydalanuvchini ogohlantirib, kelgusi bosqichga oʻtish uchun rozilik oladi.
25. Foydalanuvchi YIDXPning mobil ilovasi orqali yuborgan biometrik maʼlumotlari mos kelganda yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo foydalanuvchiga tegishli ekanligi aniqlanganda, Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish uchun taqdim etilgan mobil telefon raqamga amal qilish muddati bir soat boʻlgan bir martalik tasdiq kod yuboriladi.
Bir martalik tasdiq kod bir soat ichida Mobil-ID tizimiga kiritilmasa yoki foydalanuvchining mobil telefon raqamiga kelmasa, foydalanuvchi bir martalik tasdiq kodni qayta olish uchun Mobil-ID tizimiga tegishli soʻrovni yuboradi.
26. Foydalanuvchi bir martalik tasdiq kodni Mobil-ID tizimiga kiritadi.
Mobil-ID tizimida bir martalik tasdiq kodning mosligi avtomatik solishtiriladi va tasdiq kod mos boʻlganda foydalanuvchining mobil telefon raqamini YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga bogʻlaydi.
Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash yakunlanganda, bu haqda foydalanuvchining Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazilgan mobil telefon raqamiga xabar yuboriladi.
Agar foydalanuvchi YIDXPda ilgari roʻyxatdan oʻtmagan boʻlsa, unga Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish jarayonida YIDXPda shaxsiy kabinet ochiladi.
27. Quyidagi holatlarda foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish rad qilinadi:
soʻrovnomaga kiritilgan maʼlumotlarning notoʻgʻri ekanligi yoki toʻliq emasligi aniqlanganda;
foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq boʻlmaganda;
foydalanuvchining biometrik (Face-ID) va ID-kartadagi elektron raqamli imzo maʼlumotlari mos kelmaganda;
foydalanuvchi biometrik (Face-ID) va ID-kartadagi elektron raqamli imzo maʼlumotlarni kiritishdan bosh tortganda.
Foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
28. Foydalanuvchi ushbu Nizomning 27-bandida belgilangan kamchiliklarni bartaraf etgan holda istalgan vaqtda Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish boʻyicha qayta murojaat qilishi mumkin. Bunda foydalanuvchini masofadan turib Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazish ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4-bob. Mobil-ID tizimidan foydalanish, uning identifikatsiyasini bekor qilish, Mobil-ID tizimidagi mobil telefon raqamini oʻzgartirish tartibi
29. Mobil-ID tizimidan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
OneID tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlarining portal va axborot tizimlariga kirishda foydalanuvchilarning shaxsini tasdiqlash (autentifikatsiya qilish);
Mobil-ID tizimidan foydalanayotgan foydalanuvchining haqiqiyligini tasdiqlash (verifikatsiya qilish);
elektron davlat xizmatlaridan foydalanish boʻyicha foydalanuvchilar tomonidan berilgan arizalarni tasdiqlash;
foydalanuvchi oʻzining shaxsiga doir maʼlumotlarni davlat organlari va tashkilotlari “Elektron hukumat” tizimi orqali olganda bu haqida xabarnomalar qabul qilish;
foydalanuvchi oʻzining shaxsiga doir maʼlumotlarni davlat organlari va tashkilotlari, xoʻjalik birlashmalari, nodavlat tashkilotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali olishi uchun ruxsat berish;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
30. Mazkur Nizomning 29-bandida Mobil-ID tizimidan foydalangan holda foydalanuvchilarning shaxsini tasdiqlash (autentifikatsiya qilish), arizalarni tasdiqlash va “Elektron hukumat” tizimi orqali shaxsga doir maʼlumotlarni olishga ruxsat berish foydalanuvchining Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtgan mobil telefon raqamiga yuborilgan bir martalik unikal kodli SMS-xabarni kiritish orqali amalga oshiriladi.
31. Foydalanuvchi Mobil-ID tizimidan foydalanish xavfsizligini taʼminlashga shaxsan oʻzi masʼul hisoblanadi. Bunda kelgusida foydalanuvchi tomonidan uning Mobil-ID tizimi orqali foydalanadigan maʼlumotlarning lozim darajada xavfsizligi taʼminlanmaganligi yoki Mobil-ID tizimidan foydalanishni boshqa shaxslarga berilishi natijasida uning nomidan arizalar yoʻllanilishi, foydalanuvchining shaxsiga doir maʼlumotlar ochiqlanib qolishi va boshqa kelib chiqishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlar foydalanuvchi zimmasida boʻladi.
32. Mobil-ID tizimi orqali davlat xizmatlaridan foydalanish boʻyicha berilgan arizalar mavjud identifikatsiya tizimlari vositasida hamda anʼanaviy shaklda berilgan arizalar bilan bir xil ahamiyatga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Foydalanuvchining Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan oʻtgan mobil telefon raqamiga yuboriladigan barcha xabarnoma hamda soʻrovlar uchun toʻlov foydalanuvchining mobil raqami hisobidan yechiladi. Bunda, mazkur toʻlov miqdori har bir xabar uchun “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi tomonidan amaldagi imtiyozli tariflar asosida shakllantiriladi.
(32-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-dekabrdagi 688-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 09/23/688/0996-son)
Mobil-ID tizimi imkoniyatlaridan foydalanish uchun foydalanuvchining identifikatsiyadan oʻtgan mobil telefon raqamida yetarli mablagʻ boʻlishi kerak. Foydalanuvchining Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazilgan mobil telefon raqamida yetarli mablagʻ mavjud boʻlmaganda ushbu raqamga Mobil-ID tizimidan xabarnomalar kelishi toʻxtaydi.
33. Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyaning muddati cheklanmaydi, bundan ushbu Nizomning 34-bandida belgilangan holatlar mustasno.
Foydalanuvchi istalgan vaqtda maʼlumotlarni yigʻish punkti yoki YIDXPning mobil ilovasi orqali Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyani bekor qilishi yoki Mobil-ID tizimidagi mobil telefon raqamini oʻzgartirishi mumkin.
Foydalanuvchining Mobil-ID tizimidagi mobil telefon raqamini oʻzgartirishi umumiy asoslarda ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
34. Quyidagi holatlarda foydalanuvchining Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyasi bekor qilinadi:
ilgari Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtgan mobil telefon raqam boshqa foydalanuvchi tomonidan identifikatsiyadan oʻtkazish uchun taqdim etilganda (avvalgi foydalanuvchi);
Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazilgan mobil telefon raqam mobil aloqa operatori egaligiga oʻtganda, bundan mobil telefon raqam muzlatilgan hollar mustasno;
foydalanuvchi Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyasini bekor qilishni soʻrab murojaat qilganda;
foydalanuvchi vafot etganda.
Foydalanuvchining vafot etganligi “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimidan integratsiya asosida avtomatik ravishda aniqlanadi.
Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazilgan mobil telefon raqam mobil aloqa operatori egaligiga oʻtganligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda mobil aloqa operatorlari oʻrtasida oʻzaro elektron axborot almashish orqali aniqlanadi.
Bunda, mobil aloqa operatorlari Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazilgan mobil telefon raqam roʻyxatini Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan taqdim qilingan maʼlumotlar asosida shakllantiradi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan asoslarga koʻra foydalanuvchining Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyasi bekor qilingandan keyin foydalanuvchi umumiy asoslarda Mobil-ID tizimidan yangidan identifikatsiyadan oʻtadi.
35. Foydalanuvchi Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyasini bekor qilishni soʻrab maʼlumotlarni yigʻish punktiga murojaat qilganda shaxsini tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi.
Xodim maʼlumotlarning mos kelishini tekshiradi va foydalanuvchining raqamli fotosuratini tushirgan holda uning Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyasini bekor qiladi.
36. Foydalanuvchi YIDXPning mobil ilovasi orqali Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyasini bekor qilmoqchi boʻlsa, masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo asosida oʻzining maʼlumotlarini tasdiqlagan holda oʻzining Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyasini bekor qiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Mobil-ID tizimini texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi.
Mobil-ID tizimini joriy qilish va kelgusida texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan teng miqdorda yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
38. Foydalanuvchilarning Mobil-ID tizimidagi mobil telefon raqamiga tegishli xabarnoma va soʻrovlar Elektron hukumat xizmatlari haqida axborot berish va xabardor qilish tizimi orqali yuboriladi.
39. Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish boʻyicha murojaat qilgan shaxslar Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazishni rad etish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari hamda maʼlumotlarni yigʻish punkti mansabdor shaxslari xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
40. Xodim foydalanuvchilarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazishda oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xabardor boʻlgan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi. Ushbu maʼlumotlarni oshkor qilish, shu jumladan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin ham oshkor qilish taqiqlanadi.
41. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Foydalanuvchilarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Foydalanuvchi

Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish uchun maʼlumotlarni yigʻish punktiga oʻzi kelib murojaat qiladi yoki YIDXPning mobil ilovasini yuklagan holda kiradi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

1. Maʼlumotlarni yigʻish punkti

1. Foydalanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatning asli asosida uning maʼlumotlarini Mobil-ID tizimiga kiritadi, fuqaroning yuzini raqamli formatda rasmga tushiradi, elektron shaklda qoʻl barmogʻi izini oladi.

Real vaqt rejimida

2. YIDXPning mobil ilovasi

2. Foydalanuvchi YIDXPning mobil ilovasida masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzoni qoʻllagan holda maʼlumotlarni tasdiqlaydi.

3. Maʼlumotlarni yigʻish punkti, YIDXPning mobil ilovasi

3. Mobil-ID tizimi hamda boshqa axborot tizimlari orqali foydalanuvchining maʼlumotlari (shu jumladan, biometrik maʼlumotlar) va taqdim etilgan mobil telefon raqamini OneID tizimi orqali birlamchi tekshiruvdan oʻtkazadi.

4. Maʼlumotlarni yigʻish punkti, YIDXPn?ng mobil ilovasi

4. Olingan biometrik maʼlumotlarni (ID-kartadagi elektron raqamli imzo maʼlumotlar ham) Mobil-ID tizimiga yuboradi.

3-bosqich

Foydalanuvchi

Mobil telefon raqamiga kelgan tasdiq kodni maʼlumotlarni yigʻish punktiga taqdim etadi yoki kodni YIDXPning mobil ilovasiga kiritadi.

Murojaat qilingan vaqtda, 1 soatdan oshmagan muddatda

4-bosqich

1. Maʼlumotlarni yigʻish punkti.

2. YIDXPning mobil ilovasi.

1, 2. Foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan mobil telefon raqamiga kelgan tasdiq kodni Mobil-ID tizimiga kiritadi va ariza beruvchining mobil telefon raqamini YIDXPdagi shaxsiy kabinetga bogʻlaydi.

Real vaqt rejimida

3. Maʼlumotlarni yigʻish punkti

3. Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazilganligi uchun toʻlovni amalga oshirish boʻyicha invoys taqdim etadi.

5-bosqich

Foydalanuvchi

Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish uchun toʻlovni amalga oshiradi (bundan YIDXPning mobil ilovasi orqali murojaat qilingan hamda toʻlov undirilmaydigan holatlar mustasno).

Murojaat qilingan vaqtda

Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish boʻyicha
SOʻROVNOMA


Jismoniy shaxs t
oʻgʻrisida maʼlumot:

1. Familiyasi:

2. Ismi:

3. Otasining ismi (mavjud boʻlsa):

4. Mobil telefon raqami:

5. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami:

Foydalanuvchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar sifatida quyidagilardan biri taqdim etiladi:

1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga — biometrik pasport, identifikatsiya ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi;

2. Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yashayotgan chet el fuqarolariga — xorijiy davlat fuqarosining pasporti;

3. Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yashayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga — harakatlanish hujjati;

4. Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga — yashash guvohnomalari, identifikatsiya ID-kartalari.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 09/22/479/0786-son; 29.12.2023-y., 09/23/688/0996-son; 19.06.2025-y., 09/25/378/0518-son; 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)