O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“Imom Buxoriy” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 12-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 13-avgustda ma’qullangan
1-modda. “Imom Buxoriy” ordeni ta’sis etilsin.
2-modda. “Imom Buxoriy” ordeni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3-modda. “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordenining tavsiflari tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi 176-I-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 11-aprelda qabul qilingan O‘RQ-473-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 221-modda; 2019-yil, № 9, 589-modda; 2020-yil, № 3, 200-modda, № 5, 299, 300-moddalar, № 6, 334-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:
1) 8-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasining ordenlari tarkibiga “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni ham kiradi”;
sakkizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oliy Darajali Do‘stlik” va “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordenlari ko‘krakning o‘ng tomoniga yoki orden zanjirida taqiladi”;
o‘n ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Plankalardagi lentalarni taqib yurish qoidalari oliy mukofot belgisi — “Oltin Yulduz” medaliga, “Mustaqillik”, “Amir Temur”, “Oliy Darajali Imom Buxoriy”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir ko‘krak nishonlariga nisbatan qo‘llanilmaydi”.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 15-avgust,
O‘RQ-789-son
O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 15-avgustdagi O‘RQ-789-sonli Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
“Imom Buxoriy” ordeni to‘g‘risida
NIZOM
1. “Imom Buxoriy” ordeni ikki darajadan iborat bo‘ladi:
“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni;
“Imom Buxoriy” ordeni.
“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni “Imom Buxoriy” ordenidan yuqori darajada hisoblanadi.
2. “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom ma’rifati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishda katta yutuqlarga erishganligi uchun:
xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari;
xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari;
xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari, shuningdek xorijiy arboblar va olimlar;
mamlakatimizning atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, atoqli olimlar, adiblar, pedagoglar va ilmiy tadqiqotchilar mukofotlanadi.
3. “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan:
buyuk allomalarimizning ilmiy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganib, ularning islom ma’naviyati va falsafasi hamda jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro hamjamiyatga yetkazishdagi faol ishtiroki;
hadisshunoslikning rivojlanishi, uning ilmiy-ma’naviy asoslarini har tomonlama o‘rganish asosida hadislardagi ezgu umuminsoniy g‘oyalarni xalqaro hamjamiyatga yetkazishdagi ulkan xizmatlari;
ajdodlarimiz qoldirgan asarlarni tarjima, tadqiq va tahlil qilish orqali ulardagi insonparvarlik, Vatanga muhabbat g‘oyalarini targ‘ib etish hamda jamiyat ma’naviy hayotining bugungi kundagi dolzarb muammolarini hal etishning ilmiy-ma’rifiy asoslarini ishlab chiqishga qo‘shgan munosib hissasi;
islom sivilizatsiyasi va madaniyatiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalarimizning yaratgan asarlarining ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini jahon jamoatchiligiga yetkazish va xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishdagi alohida xizmatlari;
mamlakatimizda hamda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan buyuk allomalarimizning qo‘lyozma va toshbosma asarlari, islom dini va madaniyatiga oid boy va tarixiy merosini to‘plash va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishdagi faol ishtiroki;
O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan insonparvarlik siyosatini amalga oshirish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini himoya qilish, aholi o‘rtasida dinlararo va konfessiyalararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni targ‘ib etishdagi ko‘p yillik va fidokorona mehnati;
milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, millatlararo do‘stlik, o‘zaro mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashdagi ko‘p yillik samarali xizmatlari uchun mukofotlanadi.
4. “Imom Buxoriy” ordeni bilan buyuk allomalarimizning ilmiy va diniy merosini tadqiq etish hamda targ‘ib qilish, islom dinining umuminsoniy qadriyatlari va asl mohiyatini mamlakat aholisi, ayniqsa yoshlarga yetkazishdagi xizmatlari uchun:
ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat, san’at va adabiyot sohasi xodimlari;
davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari;
diniy ulamolar;
olimlar va tadqiqotchilar mukofotlanadi.
5. “Imom Buxoriy” ordeni bilan:
ulug‘ allomalarimiz ilmiy merosini chuqur o‘rganib, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ajdodlar merosiga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari;
yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan tarixiy merosimizni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlashdagi samarali mehnati;
mamlakatimizdagi diniy-ijtimoiy jarayonlar hamda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash masalalarini o‘rganishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini o‘tkazishdagi faoliyati;
“Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida islom diniga nisbatan sodir etilayotgan g‘arazli tahdid va harakatlarning oldini olish, bunday xatarlarga qarshi kurashishning ilmiy-ma’rifiy asoslarini ishlab chiqish hamda amaliyotda qo‘llash borasidagi xizmatlari;
islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlarini, jumladan, xalqimiz ma’naviyati va madaniyati rivojida tutgan o‘rni hamda ahamiyatini o‘rganib, ularning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq etishdagi katta xizmatlari uchun mukofotlanadi.
6. “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni bilan boshqa shaxslar ham ilm-ma’rifatni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanishi mumkin.
7. “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash, shuningdek uni topshirish “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
8. “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 17-dekabrdagi PF-3942-sonli “Faxriy unvonlar uchun to‘lovlar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 3-yanvardagi 2-sonli qarori bilan tasdiqlangan Faxriy unvonlar egalariga to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
9. “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti beriladi.
10. “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.
11. “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni tegishli ketma-ketlikka rioya etgan holda ko‘krakning o‘ng tomoniga yoki orden zanjirida taqiladi.
12. “Imom Buxoriy” ordeni ko‘krakning chap tomoniga yoki bo‘yinga osiladigan shoyi lentada taqiladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 15-avgustdagi O‘RQ-789-sonli Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordenining
TAVSIFI
“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni 750 probali oltindan tayyorlanadi va ikkita qoplamali medalondan iborat bo‘ladi.
Birinchi medalon diametri 87 millimetrli sakkiz qirrali yulduzni ifodalaydi. Yulduz burchaklari orasida qarama-qarshi uchlari oralig‘i 84 millimetr bo‘lgan uchlari yumaloqlangan nur tutamlari joylashgan. Sakkiz qirrali yulduzning ichki qismida yashil emal bilan qoplangan naqshinkor bargsimon shakllar joylashgan. Sakkiz qirrali yulduz 56 ta 2,5 millimetrli, 8 ta 2,6 millimetrli va 8 ta 1,5 millimetrli brilliantlar bilan bezatilgan.
Ordenning markazida joylashgan ikkinchi medalon diametri 45 millimetrli arqonsimon naqsh bilan hoshiyalangan doira shaklida bo‘ladi. Doiraning markazida ko‘k emal fonida ochiq holdagi kitob va uning ustida nur taratayotgan quyosh shakli tasvirlangan. Uning quyi qismida harflari balandligi 3,1 millimetrli “ILM — NUR” so‘zlari yozilgan.
Ikkinchi medalonning aylanasi bo‘ylab oq emal fonida “MUNAMMAD IBN ISMOIL IMOM BUXORIY” yozuvi bitilgan bo‘lib, yozuvlar 2,5 millimetrli ikkita brilliant bilan ajratilgan. Harflarning balandligi — 3,5 millimetr.
Orden ikkita mahkamlagichga ega:
1) gaykaga burab qotiriladigan burama mahkamlagich;
2) orden zanjiriga mustahkamlanadigan yechiladigan qisqich.
Ordenning orqa tomoniga 2 millimetr o‘lchamdagi botiq shrift bilan mukofot raqami tushiriladi.
Uzunligi 900 millimetrli orden zanjiri 750 probali oltindan tayyorlanadi. Zanjir ikki turdagi halqalarga bo‘linadi. Diametri 32 millimetr bo‘lgan halqalar ordenning ikkinchi medaloni tasvirini ifodalaydi, diametri 30 millimetr bo‘lgan halqalar O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi shaklida bo‘lib, atroflari 468 ta 1,2 millimetrli brilliantlar bilan bezatilgan.
Orden zanjirining pastki qismida rang-barang emal bilan qoplangan sakkiz qirrali yulduz hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi shaklidagi halqalar joylashgan.
Zanjir 27 ta halqalar, shu jumladan ilgakdan iborat.
Ordenning umumiy og‘irligi 850 grammdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 15-avgustdagi O‘RQ-789-sonli
Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
“Imom Buxoriy” ordenining
TAVSIFI
“Imom Buxoriy” ordeni 0,15 mikron qalinlikdagi 750 probali oltin bilan qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi va ikkita qoplamali medalondan iborat bo‘ladi.
Birinchi medalon diametri 42 millimetrli sakkiz qirrali yulduzni ifodalaydi. Yulduz burchaklari orasida qarama-qarshi uchlari oralig‘i 47 millimetr bo‘lgan uchlari yumaloqlangan nur tutamlari joylashgan. Sakkiz qirrali yulduzning ichki qismida yashil emal bilan qoplangan naqshinkor bargsimon shakllar joylashgan. Sakkiz qirrali yulduz 72 ta 2,5 millimetrli fianit toshlari bilan bezatilgan.
Ordenning markazida joylashgan ikkinchi medalon diametri 28 millimetrli arqonsimon naqsh bilan hoshiyalangan doira shaklida bo‘ladi. Doiraning markazida ko‘k emal fonida ochiq holdagi kitob va uning ustida nur taratayotgan quyosh shakli tasvirlangan. Uning quyi qismida harflari balandligi 2 millimetrli “ILM — NUR” so‘zlari yozilgan.
Ikkinchi medalonning aylanasi bo‘ylab oq emal fonida “MUNAMMAD IBN ISMOIL IMOM BUXORIY” yozuvi bitilgan. Harflarning balandligi — 2,5 millimetr.
Orden orqa tomonining quyi qismiga 2 millimetr o‘lchamdagi botiq shrift bilan orden raqami tushirilgan.
Tasvir va yozuvlar — bo‘rtma.
Ordenning umumiy og‘irligi 55 grammdan iborat.
Orden eni 24 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan besh qirrali qadag‘ichga ilmoqcha va halqacha yordamida tutashtirilgan.
Shoyi lentaning o‘rtasidan o‘tgan eni 10 millimetrli yashil rangli yo‘lning ikki cheti eni 2 millimetrli ikkita oq rangli chiziqlar bilan hoshiyalangan, uning chekka qismlari bo‘ylab eni 5 millimetr bo‘lgan ko‘k rangli yo‘l o‘tgan.
Qadag‘ichning orqa tomonida ordenni kiyimga taqib qo‘yish uchun to‘g‘nog‘ich ko‘rinishidagi moslama mavjud.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2022-y., 03/22/789/0742-son)