O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish, bolalarni joylashtirishning oilaviy hamda boshqa muqobil shakllarini amaliyotga kiritish, ularni mustaqil hayotga tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Belgilansinki, 2022-yil 1-sentabrdan boshlab:
Oldingi tahrirga qarang.
oilaviy bolalar uylari yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni (keyingi o‘rinlarda — tarbiyalanuvchilar) oilaga tarbiyaga olishni istagan fuqarolar tomonidan yuridik shaxs maqomisiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining qarori asosida tashkil etiladi;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
Oldingi tahrirga qarang.
oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar soni ko‘pi bilan 5 nafarni tashkil qilishi lozim. Bunda oilaviy bolalar uyini tashkil qilgan fuqarolarning voyaga yetmagan farzandlari hamda tarbiyalanuvchilarning umumiy soni 8 nafardan oshmasligi kerak;
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-dekabrdagi PF-256-son Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.12.2025-y., 06/25/256/1205-son)
oilaviy bolalar uylarini tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan fuqarolar tomonidan tashkil qilishga ruxsat etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
oilaviy bolalar uylari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan amalga oshiriladi;
(1-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
oilaviy bolalar uyini tashkil etish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilgan shaxslardan tegishli vazirlik va idoralarning elektron ma’lumotlar bazalaridan olish mumkin bo‘lgan hujjatlarni talab qilish man etiladi.
2. Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov) Milliy gvardiya (R. Djurayev), Adliya vazirligi (R. Davletov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda amalda yuridik shaxs maqomidagi davlat tarbiya muassasasi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan oilaviy bolalar uylarini yuridik shaxs maqomisiz qayta tashkil etish choralarini ko‘rsin.
Belgilansinki, mazkur qarorning 1-bandida oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarning eng ko‘p soniga o‘rnatilgan cheklov davlat tarbiya muassasasi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan va yuridik shaxs maqomisiz qayta tashkil etilayotgan oilaviy bolalar uylariga tatbiq etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, ushbu oilaviy bolalar uylaridagi tarbiyalanuvchilar 18 yoshga to‘lgunga yoxud umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarini tamomlaguniga qadar mazkur uylarda qoladi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
3. Milliy gvardiya (R. Djurayev) Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov) bilan birgalikda bir oy muddatda oilaviy bolalar uylarini tashkil qilmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini tashkil etish va ushbu jarayonga malakali, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish choralarini ko‘rsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
Belgilansinki, oilaviy bolalar uylarini tashkil qilmoqchi bo‘lgan fuqarolar nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan tashkil qilingan tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarida o‘qishi va tegishli sertifikatni olishi mumkin.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-sentabrdan boshlab:
a) oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga har oyda Davlat budjetidan:
oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchining yashash xarajatlari uchun 7 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida, 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida;
oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchini parvarish qilish uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari (nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1,5 baravari) miqdorida;
oilaviy bolalar uyiga tarbiyaga olingan har bir nogironligi bo‘lgan bolani davolash-sog‘lomlashtirish uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida mablag‘ ajratiladi;
b) oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarning yashash xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar har oyning 5-sanasiga qadar tutingan ota-ona nomiga ochilgan bank plastik kartasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib beriladi;
v) oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga hududda joylashgan davlat sport majmualari, ma’naviy-ma’rifiy maskanlar, to‘garaklar, ot sporti seksiyalari, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa o‘quv markazlaridagi to‘garaklar va kurslarga bepul qatnashish huquqi beriladi;
g) oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar uchun:
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yiliga bir marotaba sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olish uchun bepul yo‘llanmalar ajratiladi;
tuman (shahar) hokimliklari tomonidan bir yilda ikki marotaba respublikamizning tarixiy shaharlariga bepul sayohatlar hamda teatr tomoshalari va konsert dasturlari tashkil etiladi;
d) oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan bir yilda ikki marotaba bepul to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi;
e) oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga mazkur qarorga muvofiq berilayotgan sog‘lomlashtirish oromgohiga va sayohatga borish, teatr tomoshalari va konsertlarda qatnashishga oid imtiyozlar oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarning o‘z farzandlariga ham tatbiq etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari Milliy gvardiya xodimlari hamda mahallalardagi xotin-qizlar faollari bilan hamkorlikda oilaviy bolalar uylarini tashkil etishda tutingan ota-onalarga zarur tashkiliy yordam ko‘rsatsin hamda har oyda kamida bir marta bolalarning turmushi va ularni tarbiyalash uchun yaratilgan sharoitlarini kuzatib borsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
6. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda oilaviy bolalar uylarini tashkil etish va ularni moliyalashtirish, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ushbu uylarga berish tartibini tasdiqlasin.
7. Milliy gvardiya (R. Djurayev):
Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A. Ko‘chimov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev) bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvarga qadar bir oyda kamida bir marta ushbu qaror maqsadi va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini olib borsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Milliy gvardiya qo‘mondoni R.M. Djurayev, xalq ta’limi vaziri B.O. Saidov hamda moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 4-avgust,
PQ-345-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.08.2022-y., 07/22/345/0711-son; 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son; 24.12.2025-y., 06/25/256/1205-son)