O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Energetika vazirligi huzurida “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoniga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Energetika vazirligi huzurida Milliy dispetcherlik markazi davlat unitar korxonasini tashkil etish to‘g‘risida” 2022-yil 24-martdagi 126-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Vazirlar Mahkamasining “Energetika vazirligi huzurida “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasini tashkil etish to‘g‘risida” 2022-yil 24-martdagi 126-son qaroriga muvofiq:
Energetika vazirligi huzurida “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasi (keyingi o‘rinlarda — Milliy dispetcherlik markazi) tashkil etilgani;
Milliy dispetcherlik markaziga “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning milliy, mintaqaviy va hududiy dispetcherlik funksiyalarini o‘tkazish belgilangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
3. Belgilansinki, Milliy dispetcherlik markazi tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar yagona elektr energetika tizimiga ulangan tashkilotlarning real vaqt rejimida, markazlashtirilgan tarzda uzluksiz tezkor-dispetcherlik boshqaruvini amalga oshiradi hamda yagona elektr energetika tizimining qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan parallel ravishda ishlash rejimini boshqaradi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bir oy muddatda:
Milliy dispetcherlik markazni yuqori malakali mutaxassis xodimlar bilan to‘ldirish chorasini ko‘rsin;
Milliy dispetcherlik markazining 2022-yil uchun daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlasin va Moliya vazirligiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Geologiya, energetika, sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 10-iyun,
325-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-iyundagi 325-son qaroriga
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi
NIZOM
(ilovaning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasining (keyingi o‘rinlarda — Markaz) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va mas’uliyatini belgilaydi.
2. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga (keyingi o‘rinlarda — Energetika vazirligi) bo‘ysunadi.
3. Markaz o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
4. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, o‘z nomi yozilgan shtamplar, blankalarga ega bo‘ladi.
2-bob. Markazning vazifalari va funksiyalari
5. Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
yagona elektr energetika tizimini real vaqt rejimida operativ boshqarish va uning ishonchli ishlashini ta’minlash;
yagona elektr energetika tizimi tarkibiga kiruvchi korxonalarning dispetcherlik boshqaruvini amalga oshirish;
elektr energiyasiga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqib, shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarish va uning iste’mol qilinishiga ta’sir qiluvchi barcha omillarni hisobga olgan holda uni ishlab chiqarish va iste’mol qilishning har soatlik rejimini shakllantirish;
yagona elektr energetika tizimining texnik va iqtisodiy jihatdan eng maqbul rejimlarda ishlashini ta’minlash;
yagona elektr energetika tizimining qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan parallel ravishda ishlash rejimlarini boshqarish;
Markaz xodimlarini doimiy ravishda xorijda malaka oshirishini ta’minlash hamda malakali xorijiy mutaxassislarni Markazga jalb qilish;
avariya rejimlari yuzaga kelishining oldini olish, ularni bartaraf etish va avariya rejimi bartaraf etilganidan keyin tizimning ishonchliligini tiklash.
6. Markaz o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) yagona elektr energetika tizimini real vaqt rejimida operativ boshqarish va uning ishonchli ishlashini ta’minlash sohasida:
elektr energetika obyektlarining tezkor-dispetcherlik boshqaruvini amalga oshirish, shuningdek, yagona elektr energetikasi tizimining boshqa davlatlar elektr energetikasi tizimlari bilan hamkorligini ta’minlash;
yagona elektr energetika tizimidagi mavjud barcha zaxiralardan foydalanish orqali davlatlararo kelishilgan quvvat oqimlarini hisobga olgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish balansini ta’minlash;
yagona elektr energetika tizimidagi mavjud elektr energiyasining ishlab chiqarish va turg‘unlik zaxiralari doirasida yuklama va davlatlararo elektr energiyasi oqimlari rejasi bajarilishini ta’minlash;
elektr energiyasi va quvvat ishlab chiqarish, uzatish va iste’mol qilish rejimlarini boshqarish, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, magistral elektr tarmoqlari, hududiy elektr tarmoqlari tashkilotlari va yirik elektr energiyasi iste’molchilarining texnologik faoliyatini muvofiqlashtirish;
o‘zaro kelishilgan yuriqnomalarga asosan “Energiya” koordinatsion dispetcherlik markazining (keyingi o‘rinlarda — “Energiya” KDM) topshiriq va ko‘rsatmalariga muvofiq yagona elektr energetika tizimining davlatlararo kunlik rejalashtirilgan elektr energiyasi va quvvat oqimlarining qiymatlarini o‘zgartirishni ta’minlash;
Markaziy Osiyo Birlashgan elektr energetika tizimida davlatlararo elektr energiyasi va quvvat oqimlariga ta’sir etuvchi elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalarning yuklamasini o‘zgartirishini ta’minlash;
davlatlararo elektr energiyasi va quvvat oqimlarini kelishilgan qiymatini ta’minlash uchun energotizimda mavjud zaxira quvvatlarni ishga solish;
yagona elektr energetika tizimining Markaziy Osiyo yagona elektr energetika tizimi orasidagi saldo oqimlar jadvallari tuzilishida ishtirok etish va uning bajarilishini ta’minlash;
o‘tgan kun uchun energotizim elektr energiyasi iste’moli va ishlab chiqarish jadvallarini tahlil qilish hamda saldo oqimlar og‘ishini aniqlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
elektr energetikasi obyektlarida o‘rnatilgan releli himoya va avariyaga qarshi avtomatika uskunalari ekspluatatsiyasi ustidan nazorat qilish;
(6-band “a” kichik bandining o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
yangi qurilayotgan elektr energetika obyektlarining loyihalarini ishonchlilik talablari, rele himoya hamda avariyaga qarshi avtomatika bo‘yicha prinsipial yechimlari qismida ko‘rib chiqish va kelishish;
Markaz va uning mintaqaviy boshqarma va hududiy bo‘limlari tezkor tasarrufida va qaramog‘ida bo‘lgan elektr qurilmalarida sodir bo‘lgan avariya holatlarini bartaraf etishda rahbarlik qilish;
rele himoya va avariyaga qarshi avtomatika, dispetcherlik-texnologik boshqaruv vositalari qurilmalarining kunlik ishlash holatlarini tahlil qilish;
yangi obyektlarni ishga tushirish bilan bog‘liq holatlar uchun asosiy sxemalar va elektr rejimlarni ishlab chiqish;
yagona elektr energetika tizimini tezkor boshqarish, rele himoya hamda avariyaga qarshi avtomatika qurilmalari bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish va o‘z vaqtida qayta ko‘rib chiqishni nazorat qilish;
yagona elektr energetika tizimining haqiqiy quvvat oqimlari, tarmoq elementlarining yuklanishi, asosiy nazorat nuqtalarida kuchlanish qiymatlarini va avtomatik chastotaviy yuksizlantirish hamda maxsus yuklamani o‘chirish qurilmasining haqiqiy quvvatlarini aniqlash uchun nazorat o‘lchashlarni olib borishni tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
yagona elektr energetikasi tizimi va uning qismlarida yangi obyektlarni kiritish, mavjudlarini kengaytirish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarni ko‘rib chiqishda qatnashish, shuningdek, ushbu loyihalar to‘g‘risida takliflar berish va kelishish, elektr energetikasi obyektlariga ulanish uchun texnik shartlarni ko‘rib chiqish va kelishish;
(6-band “a” kichik bandining o‘n sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
b) yagona elektr energetika tizimi tarkibiga kiruvchi korxonalarning dispetcherlik boshqaruvini amalga oshirish sohasida:
yagona elektr energetika tizimidagi elektr energetika obyektlarida tezkor-dispetcherlik bo‘ysunuvini aniqlash va uni qayta ko‘rib chiqish;
Markaz va uning mintaqaviy boshqarma va hududiy bo‘limlari tezkor bo‘ysunuvida bo‘lgan elektr energetika obyektlarining asosiy va yordamchi qurilmalarini yillik va oylik mukammal va joriy ta’mirlash jadvallarini ko‘rib chiqish va kelishish;
Markaz dispetcheri bo‘ysunuvi yoki qaramog‘ida bo‘lgan rele himoya hamda avariyaga qarshi avtomatika, chastota va quvvatni avtomatik rostlash va dispetcherlik-texnologik boshqaruv vositalari qurilmalarining profilaktika va tiklash bo‘yicha yillik ish rejalarini ishlab chiqishda qatnashish va “Energiya” KDM dispetcheri bo‘ysunuvi yoki qaramog‘ida bo‘lgan rele himoya hamda avariyaga qarshi avtomatika, chastota va quvvatni avtomatik rostlash va dispetcherlik-texnologik boshqaruv vositalari qurilmalari rejalarini muvofiqlashtirish;
magistral elektr tarmoqlari, elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalari va elektr tarmoq xo‘jalik obyektlari tezkor-dispetcherlik xizmatlarining bevosita bo‘ysunuvchi xodimlari ustidan yagona elektr energetika tizimi elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalarida mavjud talablarga muvofiq elektr tarmoq inshootlari asosiy uskunalarini yoqish va o‘chirish, kommutatsion apparatlarning mavjud yo‘riqnomaga mosligi, kunlik jadvaldan chiqish holatlarida elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalari energobloklarining yuklamasini o‘zgartirish, kuchlanish va chastotani rostlash, qaynoq zaxirani joylashtirish masalalari bo‘yicha harakatlarini boshqarish;
“Energiya” KDM tezkor boshqaruvi yoki qaramog‘ida bo‘lgan uskunalarda hamda rele himoyasi va avtomatika qurilmalari zanjirlarida qayta ulash operatsiyalarini bajarish;
Markaz va “Energiya” KDM tezkor bo‘ysunuvi yoki qaramog‘ida bo‘lgan elektr energetika obyektlari elektr qurilmalari rele himoya va avtomatika uskunalari bilan jihozlanganligi hamda ularning o‘rnatmalari sozlanishi ustidan nazorat olib borish hamda tezkor-texnik rahbarlikni amalga oshirish;
Markaz va “Energiya” KDM tezkor boshqaruvi yoki qaramog‘idagi tarmoqlardagi rele himoyasi va avtomatika qurilmalari ishlashini doimiy tahlil qilish;
“Energiya” KDM va ichki ko‘rsatmalarga muvofiq rele himoya va avtomatika qurilmalari ishlashini nazorat qilish;
elektr energetika obyektlari uchun tezkor-dispetcherlik boshqaruvi hamda elektr energetika tizimidagi avariyalarning oldini olish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish;
elektr energetika obyektlari tomonidan taqdim etilgan asosiy uskuna hamda rele himoya va avtomatika qurilmalari sinov dasturlarini kelishish;
tezkor-dispetcherlik boshqaruvi sohasidagi normativ hujjatlarga asosan chastotani rostlashda ishtirok etish;
tezkor-dispetcherlik boshqaruvi sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq Markaziy Osiyo Birlashgan elektr energetika tizimi asosiy tarmog‘ining nazorat nuqtalarida kuchlanish qiymatlarini aniqlash va uni tartibga solishda qatnashish;
tezkor-dispetcherlik boshqaruvi, shuningdek, rele himoya va avariyaga qarshi avtomatika qurilmalarini ekspluatatsiya qilishning muammoli masalalarini hal qilish uchun zarur tadqiqotlarni tashkil qilish, shuningdek, ushbu masalalarni hal qilishda ixtisoslashgan tashkilotlarni jalb etish;
elektr energetika obyektlari tomonidan taqdim etilgan yagona elektr energetika tizimining asosiy uskunalarini sinovdan o‘tkazish dasturlarini ko‘rib chiqish va ushbu sinovlarni o‘tkazishda rahbarlik qilish;
elektr energiyasini cheklash va uzib qo‘yish jadvallarini joriy etish tartibini belgilash;
elektr stansiyalari va tarmoqlarining asosiy uskunalarini, energetika tizimi subyektlarining rele himoya va avariyaga qarshi avtomatika qurilmalarini, dispetcherlik-texnologik boshqarish vositalarini ta’mirlashga chiqarishga buyurtmanomalarni, energetika tizimi rejimlarini hisobga olgan holda ko‘rib chiqish;
mulkchilik shakllaridan qat’i nazar elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, magistral va hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining buyurtmanomalari asosida elektr stansiyalari va elektr tarmoqlarining asosiy uskunalarini, dispetcherlik-texnologik boshqarish vositalarini, rele himoyasi va avtomatika qurilmalarini ta’mirlash va zaxiraga chiqarish ustidan tezkor-dispetcherlik rahbarlikni amalga oshirish;
elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarning ayrim generatorlari, tizimning ichki bog‘lanishlari va ayrim tugunlari uchun normal va ta’mirlash rejimlari bo‘yicha statik va dinamik turg‘unlik hisob-kitoblarini amalga oshirish, avariyaga qarshi avtomatikaga rejim talablarini, o‘rnatmalarini ishlab chiqish, shuningdek, ularni joriy etish uchun elektr energetika tizim tashkilotlariga topshiriqlar berib, bajarilishi ustidan nazorat olib borish;
yagona elektr energetika tizimida mavjud avtomatik chastotaviy yuksizlantirish quvvatlari hajmini aniqlash va kelishish;
v) elektr energiyasiga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqib, shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarish va uning iste’mol qilinishiga ta’sir qiluvchi barcha omillarni hisobga olgan holda uni ishlab chiqarish va iste’mol qilishning har soatlik rejimini shakllantirish sohasida:
elektr energiyasi iste’moli prognoziga binoan yagona elektr energetikasi iste’molchilari uchun kelgusi kunga soatlik yuklama jadvallarini ishlab chiqish;
yagona elektr energetika tizimiga ulangan elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalariga elektr energiyasi iste’moli talabidan kelib chiqib kelgusi kunga barcha omillarni hisobga olgan holda soatlik yuklama jadvallarini ishlab chiqish;
energetika va irrigatsiya ehtiyojlaridan kelib chiqib daryo oqimlaridan to‘la va samarali foydalanish maqsadida gidroelektr stansiyalari ish rejimlarini ishlab chiqish;
elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalarni, ularning texnik-iqtisodiy tavsiflaridan kelib chiqqan holda berilgan yuklama grafiklariga asosan o‘z vaqtida ishga qo‘yish va ishdan to‘xtatishni ta’minlash;
g) yagona elektr energetika tizimining texnik va iqtisodiy jihatdan eng maqbul rejimlarda ishlashini ta’minlash sohasida:
yuklamani elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasida iqtisodiy maqbul ravishda taqsimlash;
yagona elektr energetika tizimining aktiv va reaktiv quvvatlar bo‘yicha optimal rejimini ta’minlash;
suv trakt rejimi tezkor boshqaruvini amalga oshirish, Chorvoq suv omborini to‘ldirish va ishlatish jadvallarini tuzish va yil davomida uning bajarilishi ustidan rahbarlikni amalga oshirish;
irrigatsiya va elektr energiyasi ehtiyojlaridan kelib chiqib daryo oqimlaridan to‘liq va samarali foydalanish maqsadida gidroelektrostansiyalar (keyingi o‘rinlarda — GES) ish rejimlarini ishlab chiqishda qatnashish;
gidrotexnik rejimlar bo‘yicha hisob-kitoblar va dasturlarni ko‘rib chiqish hamda kelishish (gidroenergetik traktlarning bo‘shatilishi, to‘ldirilishi, suv omborlarining ishlatilishi va boshqalar);
yagona elektr energetika tizimining turli ish holatlari uchun, shu jumladan, yangi ishga kiritilayotgan, Markaz tezkor bo‘ysinuvida yoki qaramog‘ida bo‘lgan obyektlarning asosiy sxemalari elektr rejimlarini hisoblash;
elektr stansiyalar, podstansiyalar, elektr uzatish liniyalarining asosiy uskunalari, rele himoyasi, avariyaga qarshi avtomatika, yagona elektr energetika tizimi subyektlarining, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, texnologik boshqarish tizimlarini joriy ta’mirlash jadvallarini kelishish, ta’mirlash rejalarini optimallashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash.
d) yagona elektr energetika tizimining qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan parallel ravishda ishlash rejimlarini boshqarish sohasida:
Markaziy Osiyo Birlashgan elektr energetika tizimining parallel ishlashini tartibga soluvchi hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha yig‘ilishlarda qatnashish;
chegaradosh davlatlarning energetika tizimlari bilan parallel ishlash, shu jumladan, ularning dispetcherlik markazlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo Koordinatsion Kengashi ishlarida ishtirok etish;
“Energiya” KDM tomonidan tizimlararo elektr energiyasi oqimlari va quvvat rostlash bo‘yicha taqdim etilgan tezkor va yakuniy hisobotlarni tahlil va nazorat qilish;
yilning muayyan davrlari uchun yagona elektr energetika tizimining quvvat balansini ishlab chiqishda ishtirok etish hamda elektr energetika tizimi bo‘yicha yillik hisobot uchun ma’lumotlarning tayyorlanishini nazorat qilish;
Markaziy Osiyo Birlashgan elektr energetika tizimi tarkibiga kiruvchi energetika tizimlari bilan sutkalik va yillik quvvat oqimlari grafigini tuzish;
yagona elektr energetikasi tizimining ishonchlilik mezonlari asosida chegaradosh davlatlarning energetika tizimlari bilan parallel ishlash, shu jumladan, ularning dispetcherlik markazlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibini ishlab chiqishda qatnashish;
e) Markaz xodimlarining doimiy ravishda xorijda malaka oshirishini ta’minlash hamda malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish sohasida:
xodimlarni rivojlangan xorijiy davlatlarda o‘qitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
mutaxassislarning malakasini oshirish doirasida rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasiga tayangan holda maxsus kurslarda, shu jumladan, chet davlatlarda o‘qitishni tashkil etish;
Markaz tarkibidagi xodimlarning tasdiqlangan jadvallar bo‘yicha bilimlarini tekshirishni nazorat qiladi va uni amalga oshirish;
yagona elektr energetika tizimidagi podstansiyalar boshqaruvini avtomatlashtirish, obyektlar va korxonalarda teleboshqaruv funksiyalarini joriy etish ustidan nazorat qilish;
xorijiy davlatlar tezkor-dispetcherlik boshqaruvining eng yaxshi amaliyotlarini, shuningdek, rele himoya hamda avariyaga qarshi avtomatika qurilmalari ishlatishning ilg‘or tajribasini umumlashtirish, tarqatish va ularni amalga oshirishda yordam berish;
j) avariya rejimlari yuzaga kelishining oldini olish, bartaraf etish va avariya rejimi bartaraf etilganidan keyin tizimning ishonchliligini tiklash sohasida:
yagona elektr energetika tizimida Markaz va uning mintaqaviy boshqarma va hududiy bo‘limlarning tezkor boshqaruvida yoki qaramog‘ida bo‘lgan elektr qurilmalaridagi avariyaviy rejimlarni bartaraf etishda va avariyadan keyingi rejimlarni tiklashda rahbarlik qilish;
avariyalarni bartaraf etish bo‘yicha maxsus ko‘rsatmalarga muvofiq Markaziy Osiyo Birlashgan elektr energetika tizimida yoki yagona elektr energetika tizimida favqulodda (avariya) vaziyatlarni bartaraf etish;
yagona elektr energetika tizimiga ulangan korxona va tashkilotlar Markazning topshirig‘iga asosan avariya holatlarning oldini olish yoki uni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalarini bajarishini ta’minlash;
avariyaga qarshi avtomatikani joriy etish loyihalarini amalga oshirishda hamda energetika tizimi ish rejimlarini hisoblash usullari va texnik vositalarini ishlab chiqish, tatbiq etish va rivojlantirishda ishtirok etish;
avariya holatlarini tekshirishda hamda avariya sodir bo‘lishini oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
yagona elektr energetika tizimida avariyaviy rejimlar, elektr quvvati va energiya tanqisligi paydo bo‘lganda dastlab hududiy elektr tarmoq korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan va mahalliy hokimiyat bilan kelishilgan cheklov jadvallariga asosan cheklovlar kiritish bo‘yicha topshiriqlar berish;
yagona elektr energetika tizimi tarkibiga kiruvchi energetika obyektlarida texnologik nosozliklarni va baxtsiz hodisalarni tekshirishda qatnashish, ularning oldini oluvchi chora-tadbirlarni kelishishda ishtirok etish;
Markaziy Osiyo Birlashgan elektr energetika tizimida sodir bo‘lgan avariyalarni tahlil qilishda qatnashish;
yangi ishga kiritiladigan va rekonstruksiya qilinadigan elektr tarmoq obyektlari bo‘yicha loyihalashtirish topshiriqlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, loyihalarni va ishga tushirish sxemalarini kelishish;
yagona elektr energetika tizimi obyektlaridagi va korxonalaridagi rele himoya va avariyaga qarshi avtomatika qurilmalarining ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilishni tashkil etish;
energetika tizimining asosiy uskunalari va elektr tarmoqlari, rele himoyasi, avariyaga qarshi avtomatika va aloqa qurilmalarining ishga tayyorligini nazorat qilishni amalga oshirish hamda rele himoya qurilmalarining sxemalarini va ularning parametrlarini kelishish;
o‘zining xizmat ko‘rsatish hududiga kirgan, elektr tarmoqlarining mustahkam ishlashi hamda iste’molchilarni shartlangan uzluksiz elektr energiyasi ta’minotini amalga oshirish, elektr tarmoqlar rejimlarini ishlab chiqish va yuritish;
elektr qurilmalar va tarmoqlarga xizmat ko‘rsatishda, shuningdek, iste’molchilarga elektr energiyasini uzatishda yuqori tejamkorlikni ta’minlash;
o‘z xizmat doirasidagi barcha elektr tarmoqlarida yuklanishning taqsimlanishi bo‘yicha tezkor dispetcherlik boshqaruvni olib borish hamda uni yaxshilash bo‘yicha takliflar berish;
quvvat va elektr energiyasi bo‘yicha topshiriq rejalari iste’molchilar tomonidan bajarilishini nazorat qilish;
iste’molchilarning ishonchli elektr ta’minoti sxemalarini ushlab turish va uni o‘zgartirish;
elektr energiyasi va quvvat iste’moli topshirig‘ining bajarilishini ta’minlash;
o‘zining xizmat ko‘rsatish hududiga kirgan elektr qurilmalarining me’yoriy bir chiziqli sxemasini ishlab chiqish va zaruriyatga qarab ularga o‘zgartirishlar kiritish;
elektr energetikasi obyektlarida iste’molchilarning elektr ta’minoti uzilishlari va avariyaga qarshi avtomatika qurilmalarining ishlashi bilan bog‘liq favqulodda holatlarni tizim korxonalari bilan birgalikda tekshirish va tahlil qilish;
o‘zining tezkor boshqaruvida yoki qaramog‘ida bo‘lgan elektr qurilmalarini mukammal va joriy ta’mirlash uchun tegishli tizim tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan ishlab chiqarish xizmatlari (podstansiyalar xizmati, yuqori kuchlanishli tarmoqlar xizmati, rele himoya va avtomatika xizmati, dispetcherlik va texnologik boshqaruv vositalari xizmati, o‘ta kuchlanishdan himoya qilish va izolyatsiyani sinash xizmati) ning oylik ish rejalari bo‘yicha buyurtmalarni olib, ko‘rib chiqish va ishni tashkil etish:
Markaz mintaqaviy boshqarma va hududiy bo‘limlari tezkor boshqaruvida yoki qaramog‘idagi elektr qurilmalariga yangi ishlab chiqarish yoki iste’molchilar ulanishi yoki sinashida dasturlarga asosan rahbarlik qilish.
3-bob. Markazning huquqlari va javobgarligi
7. Markaz unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga egadir:
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar, yagona elektr energetika tizimiga ulangan yangi ishlab chiqarish tashkilotlari hamda yirik iste’molchilarning tezkor xodimlariga elektr energetika tizimidagi elektr energiyasi va quvvat balansini ta’minlash, avariya holatlarining oldini olish, ularni bartaraf etish va avariyadan keyingi rejimlarni tiklash vaziyatlarida qat’iy bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar yirik iste’molchilar, yagona energetika tizimiga ulanayotgan yangi ishlab chiqarish quvvatlarining rahbar xodimlariga Markaz vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha farmoyish va tavsiyalar berish;
Markaz rahbar xodimlarining tizim korxonalari texnik rahbar va tezkor navbatchi xodimlarining lavozim bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish jarayonlarida ishtirok etish;
tezkor dispetcherlik boshqaruvi faoliyatida va favqulodda holatlar bartaraf etilishi cho‘zilishiga olib keluvchi dispetcherlik intizomining, texnika xavfsizligi qoidalari, texnikadan foydalanish qoidalarining buzilishi aniqlansa, tizim korxonalari tezkor navbatchi xodimlarini navbatchilikdan chetlashtirish;
avariya rejimini bartaraf etishda Markaz tomonidan yagona elektr energetika tizimida mavjud bo‘lgan barcha zaxira quvvatlardan foydalanish, elektr energetika obyektlarida rejali-joriy ta’mirlash ishlarini bekor qilish, shuningdek, elektr energiyasi iste’moliga cheklovlar joriy etish;
yagona elektr energetika tizimining rivojlanishiga doir loyihalar bo‘yicha tizim korxonalariga va Energetika vazirligiga takliflar berish hamda elektr energetika tizimiga oid investitsiya loyihalarini kelishishda ishtirok etish;
mutaxassislarning malakasini oshirish doirasida rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasiga tayangan holda maxsus kurslarda, shu jumladan, chet davlatlarda o‘qitishni tashkil etish;
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) doirasida xorijiy mamlakatlardagi korxonalar va tashkilotlar bilan o‘zaro foydali hamkorlikni rivojlantirish;
belgilangan tartibda banklarda har qanday hisoblarni, shu jumladan, valyuta hisoblarini ochish, bank ssudalari va kreditlarini olish, qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday to‘lov shakllarini amalga oshirish;
yagona elektr energetika tizimining hamda iste’molchilarning elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish bo‘yicha Energetika vazirligi hamda tizim tashkilotlari rahbarlariga taklif berish;
yagona elektr energetika tizimining turg‘un, ishonchli va barqaror ishlashini ta’minlash uchun Markaz departamenti hamda hududlardagi mintaqaviy dispetcherlik boshqarmasi va hududiy bo‘limlarning elektr energetika obyektlari xodimlariga o‘z vakolati doirasida topshiriqlar berish;
Markaz xodimlariga mulkchilik shakllaridan qat’i nazar barcha elektr energetika obyektlariga kirish va tezkor dispetcherlik boshqaruvi hamda rele himoyasi va avtomatikasi masalalarining bajarilishi ustidan tekshiruv olib borish;
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar yirik iste’molchilar, yagona energetika tizimiga ulanayotgan yangi ishlab chiqarish quvvatlari (shu jumladan, qayta tiklanuvchi elektr manbalari asosida) tezkor xodimlarining Markaz va uning mintaqaviy boshqarma va hududiy bo‘limlarining tomonidan berilgan topshiriqlarini bajarmaganligi, yolg‘on ma’lumot berilganlik yoki avariya holatlarini yashirish holatlari uchun navbatchilikdan chetlashtirib, Markaz komissiyasi tomonidan navbatdan tashqari imtihon o‘tkazish.
Markaz o‘z vazifa va funksiyalari bajarilishini ta’minlashi uchun “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar yirik iste’molchilar, yagona energetika tizimiga ulanayotgan yangi ishlab chiqarish quvvatlari (shu jumladan qayta tiklanuvchi elektr manbalari asosida) tomonidan Markaz va uning tegishli boshqarmalari tomonidan so‘ralgan ma’lumotlar taqdim etilishi shart.
8. Markaz rahbariyati va uning mintaqaviy boshqarma va hududiy bo‘limlarining ularga yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali bajarilishiga javobgar hisoblanadi.
9. Markaz direktori ushbu Nizom talablariga muvofiq boshqaruvning barcha faoliyat turlari uchun javobgardir.
10. Markaz xodimlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar doirasida tasdiqlangan lavozim yo‘riqnomalari, ichki mehnat tartibi qoidalari, O‘zbekiston Respublikasi Elektr stansiyalari va tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish qoidalari, Texnika xavfsizligi qoidalari, Yong‘in xavfsizligi qoidalari va boshqa lavozim, ishlab chiqarish yo‘riqnomalari talablariga rioya etmaganlik uchun javobgar hisoblanadilar.
4-bob. Markazning boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi
11. Markaz o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar yirik iste’molchilar hamda yagona energetika tizimiga yangi ulanayotgan yangi ishlab chiqarish korxonalari va ularning tarkibiy boshqarma va bo‘limlari bilan Markaz tomonidan ishlab chiqilgan va Energetika vazirligi tomonidan tasdiqlangan yuriqnomalarga asosan hamkorlikni amalga oshiradi.
12. Yagona elektr energetika tizimiga ulangan barcha elektr energetika obyektlari tezkor xodimlari Markaz va uning tarkibiga kiruvchi boshqarma va bo‘limlarning faoliyat doirasida berilgan topshiriqlari va ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishga majburdirlar.
13. Markaz va uning hududiy filiallari to‘liq faoliyat ko‘rsatishida zarur inventarlar, aloqa vositalari va boshqa barcha uskunalar, shu jumladan, elektr va issiqlik ta’minoti bilan jihozlangan xonalarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilishida va faoliyat olib borishida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining birinchi rahbarlari shaxsan mas’ul hisoblanadilar.
14. Markaz tarkibiga kiruvchi Milliy dispetcherlik departamenti (MDD), rele himoyasi va avtomatika bo‘limi (RHvaA), elektr rejimlarini hisoblash bo‘limi (ERHB), iqtisodiy rejimlar bo‘limi (IRB), 5 ta mintaqaviy dispetcherlik boshqarmalari (MDB), 14 ta hududiy dispetcherlik bo‘limlari (HDB) operativ jihatdan, energetika vazirining o‘rinbosari tasdiqlagan majburiyatlar taqsimlanishiga muvofiq, vazirning o‘rinbosariga bo‘ysunadilar. Markaz va uning tarkibiga kiruvchi boshqarmalarning yillik va oylik ish rejalari va ular bo‘yicha hisobotlar energetika vazirining o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
15. Markaz Energetika vazirligi tuzilmasiga kiradi. Energetika vazirligi Markazning muassisi hisoblanadi.
16. Markaz tarkibiy tuzilmasiga kiruvchi mintaqaviy boshqarma va hududiy bo‘limlar o‘z faoliyatini Markaz tomonidan ishlab chiqiladigan va Energetika vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan hujjatlar asosida amalga oshiradi.
17. Yagona elektr energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash hamda Markazning tezkor-dispetcherlik boshqaruvi, energetika tizimining ishonchililigi va xavfsizligi borasidagi faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarning oldini olish uchun tizim tashkilotlarining birinchi rahbarlari shaxsan mas’ul hisoblanib, bunday holatlar yuz bergan taqdirda, tizim tashkilotlarining birinchi rahbarlariga Markaz direktori tomonidan Energetika vaziriga intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi bo‘yicha taqdimnoma kiritiladi.
18. Markaz o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish davomida Energetika vazirligi, “Energiya” KDM, yagona elektr energetika tizimi tarkibiga kiruvchi jamiyatlar va korxonalar bilan ushbu Nizom hamda Energetika vazirligi tomonidan tasdiqlangan Markaz va tizim korxonalar o‘rtasidagi yo‘riqnomalar asosida o‘zaro munosabatlarni amalga oshiradi.
19. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Markaz topshirig‘iga asosan iste’molchilar bilan birgalikda, mahalliy davlat hokimiyati idoralari bilan kelishgan holda quvvat va elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha cheklash va uzib qo‘yish jadvallarini ishlab chiqadi va Markazga taqdim etadi. Mazkur cheklov jadvallari Energetika vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
20. Markaz hamda uning tarkibiy bo‘linmalarining Markaz vakolat doirasidan kelib chiqib, tezkor-dispetcherlik boshqaruvini amalga oshirishiga yagona elektr energetika tizimiga kiruvchi boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
5-bob. Markazning hisobot berishi
21. Markaz direktori Markaz faoliyati to‘g‘risida Energetika vazirligi oldida muntazam ravishda hisobot beradi.
Energetika vazirligi Markaz direktori va uning o‘rinbosari faoliyatining ularga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi bo‘yicha doimiy monitoringini olib boradi, Markaz faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
51-bob. Markaz faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash hamda ularni moddiy rag‘batlantirish
201. Markazning moddiy-texnika ta’minoti, Markaz direktori va xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha xarajatlar:
shartnoma asosida ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
202. Markazda buxgalteriya hisobi buxgalteriya hisoboti milliy standartlari asosida yuritiladi, soliq va moliyaviy hisobotlar tuziladi.
203. Markaz direktori va xodimlarining mehnatiga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga, ushbu Nizomga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, jamoa shartnomasiga, shuningdek, boshqa normativ hujjatlarga muvofiq haq to‘lanadi va u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
lavozim maoshlari (tarif stavkalari);
lavozim maoshlariga qo‘shimchalar va ustamalar;
mehnatning yakuniy natijalariga ko‘ra belgilanadigan mukofotlar.
204. Markaz shtatlar jadvali Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadi hamda energetika vaziri tomonidan kelishiladi hamda unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi beriladi.
205. Xodimning lavozim maoshi belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori yagona tarif setkasining tegishli razryadi tarif koeffitsiyentini 1,5 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llanadi.
206. Mehnat qonunchiligida belgilangan bayram kunlari va kasb bayrami munosabati bilan xodimga lavozim maoshining 2 baravari miqdorida mukofot puli to‘lanadi.
207. Markaz va uning tarkibiy bo‘linmalari tarkibiga kiradigan xodimlarning Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshi, lavozim maoshiga ustama haqlar, bayram puli, har oylik (rag‘batlantiruvchi tusdagi) pullar hamda boshqa to‘lovlar va ustamalarni belgilashda tarif koeffitsiyenti oshirilgan tarif koeffitsiyentini hisobga olgan holda qo‘llanadi.
208. Markaz va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlariga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq Markaz mablag‘lari hisobidan lavozim maoshiga quyidagi qo‘shimchalar va ustamalar to‘lanadi:
xodimlar mehnatini rag‘batlantirish maqsadida lavozim maoshiga 40 foiz miqdorida ustama (markaziy apparat xodimlariga) to‘lov;
ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarida har oylik kompensatsiya to‘lovi;
yo‘lkira xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarida har oylik kompensatsiya (xizmat avtotransport vositalari bilan ta’minlangan yoki shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalangani uchun kompensatsiya to‘lovlarini oladigan, shu jumladan, xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladigan xodimlar bundan mustasno) to‘lovi;
xodimga lavozim maoshining ikki baravari miqdorida ustama va qo‘shimcha haq to‘lovlari;
Markazning boshqaruv, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlariga umumiy ko‘p yillik xizmati uchun oshirilgan koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga quyidagi miqdorlarda har oyda ustama (uzoq muddat ishlagan yillari uchun mukofot olish huquqini beruvchi ish staji Markazning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi) to‘lov:
1 yildan 3 yilgacha — 0,1;
3 yildan 5 yilgacha — 0,2;
5 yildan 7 yilgacha — 0,3;
7 yildan 10 yilgacha — 0,4;
10 yildan 15 yilgacha — 0,5;
15 yildan 20 yilgacha — 0,6;
20 yildan 30 yilgacha — 0,7;
30 yildan ortiq — 0,8;
xodimga har yillik mehnat ta’tiliga chiqayotganda moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari.
209. Markazning xo‘jalik faoliyati natijalariga ko‘ra xodimlar samarali mehnatini hisobga olgan holda, yil yakuni bo‘yicha lavozim maoshining o‘n baravarigacha miqdorda mukofotlanadi.
Yil yakuni bo‘yicha mukofotlash tartibi va to‘lov shartlari Markazning ichki hujjatlarida belgilangan qoidalar bilan tartibga solinadi.
2010. Xodimlar muhim topshiriqlarni sifatli, natijadorlik bilan bajargani uchun ularga bo‘ysunuvi bo‘yicha tarkibiy bo‘linma rahbari yoki direktor o‘rinbosari tomonidan berilgan bildirgi asosida lavozim maoshining ikki baravarigacha bo‘lgan miqdorda mukofot puli berilishi (shuningdek, Energetika vazirligining topshirig‘i asosida ham mukofot berilishi) mumkin.
Funksional vazifalarini o‘z vaqtida, sifatli bajargan xodimlarni mukofotlash, ularning faoliyatini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun ular samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) natijalariga ko‘ra Markazning o‘z mablag‘lari hisobidan lavozim maoshining besh baravarigacha rag‘batlantiriladi.
2011. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish uchun bir kalendar yilda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining o‘n besh baravarigacha miqdorda moddiy yordam to‘lanadi (ushbu moddiy yordam, qoida tariqasida, kuz oylarida beriladi).
2012. Markaz o‘z faoliyatida belgilangan vazifalarini bajarishda mahalliy, xorijiy mutaxassislar va xalqaro maslahatchilarni jalb qilish huquqiga ega. Ularga ish haqi tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq to‘lanadi.
2013. Energetika sohasida ko‘p yillik xizmatlari uchun beriladigan unvonlar va ilmiy darajaga ega bo‘lgan xodimlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarda qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi.
(51-bob O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)
6-bob. Yakunlovchi qoida
22. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/325/0512-son; 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)