1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YUNESKO bilan hamkorlikda madaniy meros masalalari bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasini tashkil etish va uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 26-maydagi PF-6000-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, madaniy merosni muhofaza qilish, asrash, ommalashtirish va ulardan oqilona foydalanishda O‘zbekiston Respublikasi va YUNESKO o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasining (keyingi o‘rinlarda Milliy — komissiya):
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
O‘zbekistonda madaniy meros masalalari bo‘yicha tashkil qilinadigan Xalqaro maslahat qo‘mitasini (keyingi o‘rinlarda — Xalqaro maslahat qo‘mitasi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etish;
O‘zbekistonda madaniy meros masalalari bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasining 2-ilovadagi tashkiliy sxemaga muvofiq boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Quyidagilar Xalqaro maslahat qo‘mitasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari ekanligi inobatga olinsin:
jahon madaniyatiga munosib hissa qo‘shgan mamlakatimizning madaniy merosini Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash hamda bu borada xalqaro tashkilotlar va YUNESKO maslahatlashuv organlari (IKOMOS, IKKROM) bilan hamkorlikni kengaytirish;
moddiy madaniy meros obyektlari va Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar (obyektlar) muhofazasini kuchaytirish, ularning umumbashariy bemisl qimmatini ishonchli saqlab qolish bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar tayyorlash, tegishli loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish;
Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar (obyektlar) boshqaruv rejalari, merosga bo‘lgan ta’sirini baholash hisobotlarini ishlab chiqishda ishtirok etish hamda aholiga munosib turmush tarzini yaratib berish uchun tarixiy shaharlarni oqilona rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlash;
YUNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasi qarorlari va tavsiyalarini O‘zbekistonda samarali amalga oshirilishida ishtirok etish hamda bu boradagi milliy hisobotlar tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatish;
moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish jarayonida paydo bo‘ladigan masalalarni ilmiy jihatdan ko‘rib chiqish, ularni hal etish bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar tayyorlash;
madaniy meros sohasida kadrlar malakasini oshirish maqsadida xalqaro konferensiyalar va seminar-treninglar o‘tkazish, uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqishga ko‘maklashish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
Xalqaro maslahat qo‘mitasi moddiy madaniy meros masalalari hamda Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar (obyektlar) bo‘yicha maslahat organi hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Xalqaro maslahat qo‘mitasining ishchi organi hisoblanadi;
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Xalqaro maslahat qo‘mitasi faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining Madaniy meros agentligiga taqsimlanadigan mablag‘lari doirasida qoplanadi;
(3-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Xalqaro maslahat qo‘mitasining xarajatlar smetasi har yili yanvar oyining 20-sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, Milliy komissiya hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan hamda YUNESKO takliflari inobatga olingan holda tuziladi va Milliy komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
(3-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Xalqaro maslahat qo‘mitasi a’zolarining O‘zbekiston Respublikasidagi transport, mehmonxona, ovqatlanish va tashriflari bilan bog‘liq boshqa sarf-xarajatlari qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan manbalar hisobidan qoplanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining talabnomalariga binoan Xalqaro maslahat qo‘mitasining chet ellik a’zolariga belgilangan tartibda kirish vizalari konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtiriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
5. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Madaniy meros agentligining talabnomalariga asosan Xalqaro maslahat qo‘mitasining chet ellik a’zolariga ko‘p martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi hamda muddatini uzaytirishni belgilangan tartibda ta’minlansin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
6. Xalqaro maslahat qo‘mitasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:
Milliy komissiya, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi, Madaniyat vazirligi, Qurilish vazirligi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari Xalqaro maslahat qo‘mitasi bilan yaqin hamkorlik qilsin hamda uning faoliyatini samarali tashkil etishga ko‘maklashsin;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar Xalqaro maslahat qo‘mita tavsiya va takliflarini ko‘rib chiqib, asosli tavsiya va takliflarni belgilangan tartibda amalga oshirilishini tashkil etsin.
7. Xalqaro maslahat qo‘mitasiga Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko‘chasi 107 B-manzilidagi O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi binosidan tekin foydalanish huquqi asosida tegishli xona ajratilsin.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 278-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.05.2022-y., 09/22/278/0439-son)
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 14-iyun,
371-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-iyundagi 371-son qaroriga 1-ILOVA
O‘zbekistonda madaniy meros masalalari bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasining
TARKIBI
1.
Maykl Terner
—
shahar dizayni bo‘yicha mustaqil ekspert, professor (Isroil)
2.
Mixael Yansen
—
arxeologiya va hujjatlashtirish bo‘yicha mustaqil ekspert, professor (Germaniya)
3.
Kristina Yamandi
—
shaharsozlik va madaniy merosni asrash bo‘yicha ekspert (Ruminiya)
4.
Etyen Klement
—
madaniy meros huquqi bo‘yicha mustaqil ekspert (Belgiya)
5.
Yukio Nisimura
—
madaniy meros va shaharsozlikni saqlash bo‘yicha ekspert, professor (Yaponiya)
6.
Kra Terra
—
tuproqli me’moriy arxitektura bo‘yicha ekspert (Fransiya)
7.
Shadiya Yusef Tukan
—
YUNESKO Umumjahon merosi markazining Arab mintaqasi direktori, arxitektor va tarixiy shaharlar bo‘yicha mutaxassis
8.
Tamar Teneishvili
—
arxeolog, professor (Gruziya)
9.
Mavluda Yusupova
—
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti bo‘lim boshlig‘i, arxitektura fanlari doktori, professor (O‘zbekiston)
10.
Gavxar Durdiyeva
—
Xorazm Mamun akademiyasi raisining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, arxitektura fanlari doktori (O‘zbekiston)
11.
Kelishuvga muvofiq
—
Yodgorlik va diqqatga sazovor joylar bo‘yicha xalqaro kengashi (IKOMOS) vakili
12.
Kelishuvga muvofiq
—
Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi (IKKROM) vakili
13.
Dmitriy Voyakin
—
Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti direktori (lavozimiga muvofiq)
Izoh. Zarur hollarda Xalqaro maslahat qo‘mitasi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi raisi tomonidan YUNESKO bilan kelishilgan holda o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-iyundagi 371-son qaroriga 2-ILOVA
O‘zbekistonda madaniy meros masalalari bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasining boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilishning
Bosh vazir o‘rinbosari — YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi raisi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi
YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi
(kelishuvga muvofiq)
Madaniy meros obyektlari boshqaruv rahbarlari
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2021-y., 09/21/371/0558-son; 21.05.2022-y., 09/22/278/0439-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)