Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-son Farmoniga muvofiq Toshkent davlat yuridik universiteti hamda yuridik texnikumlarda kredit-modul tizimini (Kredit toʻplash va koʻchirishning Yevropa tizimini) joriy etish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent davlat yuridik universitetida va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etishning quyidagi tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi Toshkent davlat yuridik universitetida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
oʻquv rejasi majburiy va tanlov fanlari asosida ishlab chiqiladi hamda taʼlim oluvchiga oʻzining taʼlim dasturini mustaqil shakllantirish imkoniyati yaratiladi;
taʼlim oluvchi tomonidan muayyan modul (fan) boʻyicha oʻzlashtirilgan oʻquv yuklamasi kreditlar asosida hisoblanadi;
Toshkent davlat yuridik universitetida bakalavriat va magistraturada oʻquv yili (semestr) boshida talabalarning shaxsiy taʼlim trayektoriyasi shakllantiriladi, talabalar fan (modul) va oʻqituvchilarni tanlash boʻyicha roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda akademik guruhlar tuziladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlarida oʻquv yili (semestr) boshida oʻquvchilarning shaxsiy taʼlim trayektoriyasi shakllantiriladi, oʻquvchilar fan (modul) va oʻqituvchilarni tanlash boʻyicha roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda akademik guruhlar shakllantiriladi;
har oʻquv yilida oʻquv rejasiga muvofiq dars jadvali shakllantiriladi va oʻquv jarayoni amalga oshiriladi hamda doimiy ravishda taʼlim natijalari boʻyicha talabaning kreditlari hisoblanadi.
3. Belgilansinki, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:
Toshkent davlat yuridik universitetida taʼlimning kredit-modul tizimi toʻliq joriy etiladi, bunda Toshkent davlat yuridik universiteti taʼlim dasturi katalogi va oʻqitish sharoitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda dolzarb axborotlar uning rasmiy veb-saytida taʼlim beriladigan barcha tillarda oʻquv yili boshlanishidan kamida bir oy oldin joylashtiriladi va doimiy ravishda yangilab boriladi;
taʼlim sifatini oshirish va professor-oʻqituvchilar oʻrtasida raqobatni shakllantirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti kengashi qaroriga asosan talabalarga fan doirasida professor-oʻqituvchilarni tanlash imkoniyati beriladi. Bunda talabalar taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimi portali orqali oʻquv semestri boshida tanlangan professor-oʻqituvchining mashgʻulotida ishtirok etish uchun onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtadi;
yuridik texnikumlarda taʼlim sifati, pedagogik faoliyat darajasi, oʻquv-metodik ishlar, oʻquvchilar va bitiruvchilar bilimini tavsiflovchi maʼlumotlar bazasini tizimli shakllantirish hamda ularni reyting indikatorlariga muvofiq baholash asosida yuridik texnikumlarning har yili yangilab boriladigan reytingi yuritiladi;
yuridik texnikumlarda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan oliy taʼlim tizimi bilan integratsiyalashgan taʼlim dasturlarini tugatgandan soʻng, ushbu xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni davom ettirgan va uni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarga (yuridik texnikum bitiruvchilariga) xorijiy oliy taʼlim muassasalarining belgilangan shaklda berilgan diplomlari (bakalavriat, magistratura) Oʻzbekiston Respublikasida qoʻshimcha maʼmuriy tartib-taomillarsiz oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda:
Adliya vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha, shu jumladan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda yuridik texnikumlarning reytingini aniqlash tartibini tasdiqlashni belgilovchi qaror loyihasini kiritsin;
Toshkent davlat yuridik universiteti hamda yuridik texnikumlarda kredit-modul tizimi joriy etilishi munosabati bilan “yurisprudensiya” sohasidagi mutaxassisliklarning malaka talablari, oʻquv rejasi va fan dasturlari takomillashtirilishini hamda tashkiliy masalalarga doir hujjatlar namunalari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlari faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 30-oktabrdagi 677-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq qoʻshimcha kiritilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 10-iyun,
359-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-iyundagi 359-son qaroriga
1-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universitetida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Toshkent davlat yuridik universitetida (keyingi oʻrinlarda — TDYU) taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. TDYU oʻquv jarayonida kredit-modul tizimi Kredit toʻplash va koʻchirishning Yevropa modeli (European Credit Transfer and Accumulation System — ECTS)ga muvofiq tashkil qilinadi. Shu jumladan, amaliy oʻqitish hamda klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi joriy etiladi.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 350-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2026-y., 09/26/350/0667-son)
Agar TDYU tomonidan boshqa oliy taʼlim tashkilotlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari doirasidagi shartnomalarda ushbu Nizomda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar nazarda tutilgan boʻlsa, shartnomada belgilangan qoidalar qoʻllaniladi.
TDYUda tashkil qilingan xorijiy til va huquqni oʻrganish markazlarida talabalar tomonidan oʻrganilgan modullar TDYU kengashi tomonidan oʻzlashtirilgan deb tan olinishi hamda kredit berilishi mumkin.
3. Oʻquv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etishning tashkiliy masalalariga oid maʼlumotlar, jumladan, taʼlim dasturi, fanlar katalogi, akademik mobillikni taʼminlash, kreditlarni tan olish va koʻchirib oʻtkazishga taalluqli hujjatlar hamda diplomga ilovaning shakllari, shuningdek, akademik mobillik davrida talabaning bilim darajasini aniqlash boʻyicha koʻrsatkichlar va boshqa zarur hujjatlar namunalari TDYU tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
akademik mobillik — TDYU talabalarining muayyan vaqt mobaynida respublika hududidagi yoki xorijiy davlatdagi boshqa bir oliy taʼlim tashkilotiga oʻqish maqsadida borishi;
kredit — taʼlim olish natijalariga koʻra talaba tomonidan muayyan fan boʻyicha oʻzlashtirilgan oʻquv yuklamasining oʻlchov birligi;
kreditlarni koʻchirish — talabalarning akademik mobilligini taʼminlash maqsadida bir oliy taʼlim tashkiloti taʼlim dasturi boʻyicha olingan kreditlarni boshqa oliy taʼlim tashkilotiga koʻchirish va tan olish;
kredit toʻplash — taʼlim elementlarini oʻzlashtirish va boshqa yutuqlarga erishish natijasida taqdim etiladigan kredit birliklarini toʻplash;
mobillik dasturi — ikki yoki undan ortiq oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida oʻzaro taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuv asosida tashkil etilgan akademik mobillik dasturi;
oliy taʼlim tashkiloti — belgilangan miqdordagi kreditlarni tan olishni hisobga olgan holda, taʼlim va malaka toʻgʻrisidagi hujjat beruvchi tashkilot;
talabaning shaxsiy taʼlim trayektoriyasi — talaba tomonidan tanlangan hamda unga ketma-ketlikda bilimlar toʻplash va xohlagan kompetensiyalar yigʻindisiga ega boʻlish imkoniyatini beradigan yoʻnalish (marshrut). Taʼlim trayektoriyasi institutsional hujjatlar va yoʻriqnomalar yordamida tuzilishi hamda turli taʼlim trayektoriyalari natijada bir xil malaka olishga olib kelishi mumkin;
taʼlim dasturi — bakalavriat taʼlim yoʻnalishi yoki magistratura mutaxassisligi boʻyicha oʻquv jarayonini amalga oshirishga moʻljallangan taʼlimning asosiy xususiyatlari (hajmi, mazmuni, rejalashtirilgan natijalar), tashkiliy-pedagogik shart-sharoitlar, fan dasturlariga qoʻyilgan umumiy talablar, shuningdek, taʼlimni tashkil etish va amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborot-resurs va oʻquv-metodik koʻrsatmalar majmui;
taʼlim dasturi katalogi — oliy taʼlim tashkiloti tavsifi, kredit-modul tizimiga kirish, mavjud bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari, xizmatlar va resurslar, oʻquv fanlari dasturlari, aniq taʼlim dasturlari elementlari tavsifi toʻgʻrisidagi axborot;
Oldingi tahrirga qarang.
klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi — ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi kurs talabalari uchun yuridik taʼlim dasturlarining 50 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 50 foizi (amaliyot qismi) sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda oʻtkazish jarayoni;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 350-sonli qaroriga asosan oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2026-y., 09/26/350/0667-son)
taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimi — talabalarni roʻyxatga olish, oʻquv materiallarni tarqatish, talabalar va oʻqituvchilar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni taʼminlash, topshiriqlarni berish, nazoratlar oʻtkazish, baholash va uning natijalarini qayd etish kabi imkoniyatlarga ega boʻlgan elektron tizim (maxsus dasturiy vosita);
taʼlimning kredit-modul tizimi — taʼlim oluvchiga yoʻnaltirilgan, taʼlim olish, taʼlim berish va taʼlim oluvchilar bilimini baholash jarayonlarining shaffofligi tamoyili asosida kreditlarni yigʻish va oʻtkazishdan iborat tizim;
taʼlim moduli (modul) — bu oʻzida bilimga oid hamda kasbiy jihatlarni qamrab oladigan, talabada bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan taʼlim dasturining tarkibiy elementi sifatida nazorat qilishning tegishli turi bilan yakunlanadigan alohida oʻquv fani (uning qismi yoki oʻzaro bir sohaga doir fanlar majmui);
taʼlim natijalari — talaba tomonidan oʻzlashtirilgan va baho bilan tasdiqlangan malaka darajasini aks ettiradigan, taʼlim jarayonini tugatgach talaba oʻzlashtirgan koʻnikmalar va ularni amalda bajarish qobiliyatining tavsifi;
taʼlim elementlari — taʼlim dasturining bir qismi boʻlib, taʼlim olish natijalariga erishish va taʼlim dasturida koʻrsatilgan bilimlarni oʻzlashtirishga koʻmaklashuvchi oʻqitish turi;
transkript — taʼlim olishning tegishli davrida oʻzlashtirilgan kreditlar va baholarning harf va raqamlardagi ifodasi koʻrsatib oʻtilgan fanlar roʻyxatini oʻz ichiga olgan belgilangan shakldagi hujjat;
oʻqish yuklamasi — talaba tomonidan oʻquv faoliyatining barcha turlari — maʼruza, amaliy mashgʻulot, seminar, laboratoriya ishi, kurs loyihasi (ishi), amaliyot va mustaqil ishni amalga oshirish asosida kutilgan oʻquv natijalariga erishish uchun zarur boʻlgan soatlar hajmi;
roʻyxatga olish xizmati — taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlardan foydalanib professor-oʻqituvchilar, xodimlar va talabalar boʻyicha taʼlim jarayoniga oid maʼlumotlar bazasini shakllantirishni, shuningdek, talabalarning barcha oʻquv natijalarini roʻyxatga olish, bilimini nazorat qilish hamda ularning akademik reytingini hisoblashning barcha turlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi xizmatlar;
GPA (Grade Point Average) — taʼlim oluvchining dastur boʻyicha oʻzlashtirgan ballari oʻrtacha qiymati boʻlib, u quyidagi formula yordamida hisoblanadi:
K — har bir fan/modulga ajratilgan kreditlar miqdori;
U — har bir fan/modul boʻyicha talaba toʻplagan ball.
Bunda, talaba faqat fan/modulni muvaffaqiyatli yakunlagan taqdirda, ushbu fan/modul boʻyicha kredit beriladi.
5. TDYUda kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish mazkur Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Taʼlim dasturi tuzilmasi
6. Oʻquv yili uchun taʼlim dasturi tuzilmasi bir yoki bir nechta modullardan iborat taʼlim elementlaridan tashkil topgan boʻlib, TDYU kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Taʼlim dasturi taʼlim olish natijalariga mos boʻlgan va kreditlarda ifodalangan oʻquv mashgʻulotlari, ilmiy loyihalar, mustaqil taʼlim, amaliyot, stajirovka, ijtimoiy va jamoat faoliyati va boshqa taʼlim elementlaridan iborat boʻlishi mumkin.
7. Taʼlim dasturi tuzilmasi uning har bir taʼlim elementiga mos keladigan taʼlim olish natijalarini koʻrsatgan holda, bir akademik oʻquv yiliga 60 kreditga mos kelishini hisobga olib ishlab chiqiladi. Taʼlim dasturida kreditlarning miqdori oʻquv yuklamasi asosida koʻrsatiladi.
8. Talabalarning taʼlim dasturini muvaffaqiyatli oʻzlashtirishlari hamda talab qilingan malakaga ega boʻlishlari uchun talablar aniq belgilanadi. Oʻzlashtirish qoidalari tanlangan taʼlim dasturi boʻyicha oʻqitishning turli bosqichlari uchun belgilangan kreditlar miqdorida yoki kreditlar oraligʻida ifodalanishi mumkin.
9. Taʼlim dasturining talabalar tomonidan muvaffaqiyatli bajarilishiga yordam berish uchun TDYUning tegishli boʻlinmalari va xodimlari, shu jumladan, taʼlimning kredit tizimini boshqarishga masʼul boʻlimi, tyutor tomonidan maslahat va tushuntirishlar berib boriladi. Maslahat doirasida talabalarga taʼlim olish natijasida erishgan yutuqlar va tajribani tan olish imkoniyatlari tushuntiriladi.
10. TDYU taʼlim dasturi katalogi va oʻqitish sharoitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda dolzarb axborotlar TDYUning rasmiy veb-saytida taʼlim beriladigan barcha tillarda (oʻzbek, rus, ingliz va b.) oʻquv yili boshlanishidan kamida bir oy oldin joylashtiriladi va doimiy ravishda yangilab boriladi.
11. Taʼlim dasturi va uning elementlarini amalga oshirishga masʼul oʻqituvchilar taʼlim dasturida koʻrsatilgan natijalar bilan taʼlim berish hamda baholash jarayonlari oʻrtasidagi mutanosiblikni taʼminlashlari lozim.
3-bob. Oʻquv yuklamalarini hisoblash. Oʻquv jarayonini rejalashtirish, monitoring va taʼlim sifatini taʼminlash
12. Oʻquv jarayoni oʻquv va nazorat tadbirlari majmuini oʻz ichiga oladi. Oʻquv tadbirlarida barcha turdagi auditoriya mashgʻulotlari, amaliyot va mustaqil ishlarning tashkil etilishi nazarda tutiladi. Nazorat tadbirlari taʼlim oluvchilarning oʻquv rejasidagi tegishli fanlar boʻyicha bilimlarni oʻzlashtirishini va ularning natijalarini baholashni nazarda tutadi.
13. Oʻquv jarayoni talabalar, professor-oʻqituvchilar va maʼmuriyat oʻrtasida ochiq muloqot shaklida talabaga yoʻnaltirilgan yondashuv asosida rejalashtiriladi. Ushbu jarayonda talabalarning talab va istaklari muhokama qilinadi. Barcha manfaatdor tomonlar taʼlim dasturining yaratilishi va oʻzlashtirilishining konstruktiv muhokamasiga jalb etilishi mumkin. Bunday muhokamalarda talabalar vakillari ovoz berish huquqi orqali ishtirok etishlari mumkin.
14. Oʻquv jarayonini rejalashtirish quyidagi bosqichlardan iborat boʻladi:
taʼlim dasturi katalogi va oʻquv rejasini ishlab chiqish;
fanlarning dasturlarini (sillabusni) ishlab chiqish;
oʻquv rejasi va tanlov fanlari roʻyxatiga mos ravishda tyutor yordami va fakultet dekani tomonidan yoʻnalish berish orqali talabalarning shaxsiy taʼlim trayektoriyasini shakllantirish;
oʻquv jarayoni jadvalini tuzish;
akademik guruhlar boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari jadvalini tuzish.
Oʻquv rejasiga talabalar tomonidan ixtiyoriy ravishda oʻzlashtiriladigan qoʻshimcha kreditlar ajratiladigan taʼlim elementlari kiritiladi. Talabaning jamoat ishlaridagi, ilmiy toʻgaraklar, yuridik klinikalar faoliyatidagi ishtiroki hamda xorijiy mutaxassislar tomonidan oʻtkaziladigan qisqa muddatli kurslardagi ishtiroki ragʻbatlantirilib, kreditlar ajratiladi.
Talaba oʻquv yuklamasidan tashqari oʻz ixtiyoriga koʻra roʻyxati taqdim etiladigan qoʻshimcha fanlarni (modullarni) yoki boshqa fakultet va taʼlim yoʻnalishi oʻquv rejasining tanlov fanlarida mavjud fanlar roʻyxatidan qoʻshimcha fanni tanlab toʻlov-kontrakt asosida oʻqishiga ruxsat etiladi. Bunda qoʻshimcha oʻzlashtirilgan fanlar talaba oʻquv yuklamasiga (kreditlar hajmiga) qoʻshiladi hamda diplom ilovasida qayd etiladi.
15. Semestr davomida talaba tomonidan toʻplanishi lozim boʻlgan kreditlar miqdori oʻquv rejasida koʻrsatilgan majburiy va tanlov fanlarini oʻz ichiga oladi. Majburiy va tanlov fanlari tarkibi va ularni oʻrganishga ajratiladigan kreditlar miqdori TDYU tomonidan mustaqil belgilanadi. Talabalar shaxsiy taʼlim trayektoriyasida belgilangan tanlov fanlari doirasida fanlarni mustaqil tanlashi mumkin.
Bakalavriat (magistratura) talabasi oʻquv rejasida nazarda tutilgan davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirib, oʻquv rejasida belgilangan kredit miqdorini jamlaganda, bakalavr (magistr) darajasiga ega boʻladi.
16. Oʻquv yili davomiyligi TDYU kengashi tomonidan belgilanadi.
Kredit-modul tizimida 1 kredit oʻrtacha 25 — 30 soatlik oʻquv yuklamasiga teng. Yaʼni talaba muayyan fandan tegishli kreditlarni toʻplashi uchun maʼlum miqdordagi oʻquv yuklamasini oʻzlashtirishi zarur. Oʻquv yuklamasi bakalavriatda — 40-50% auditoriya soati, 50-60% mustaqil ish soatiga, magistraturada — 30-40% auditoriya soati, 60-70% mustaqil ish soatiga boʻlinadi. Oʻquv rejasiga muvofiq amaliyot va bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi uchun ham kreditlar ajratiladi. Kreditning soatlardagi miqdori va oʻquv yuklamasi miqdori TDYU kengashi tomonidan belgilanadi va TDYU veb-sahifasida shaffof tarzda joylashtiriladi.
Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida talaba odatda bir semestrda 30 kredit, bir oʻquv yilida 60 kredit toʻplashi belgilanadi. Semestr davomida talaba tomonidan oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan kreditlar hajmi oʻquv rejasida koʻrsatilgan majburiy va tanlov fanlarini oʻz ichiga oladi. Talaba oʻzining shaxsiy taʼlim trayektoriyasini shakllantirishda har bir semestr uchun 30 kredit hajmidagi fanlarni oʻzlashtirishni nazarda tutishi, ular tarkibida oʻquv rejasidagi majburiy fanlar boʻlishi shart.
Talaba bakalavriatda oʻqish muddati kamida 3 yil boʻlganda 180 kredit, oʻqish muddati kamida 4 yil boʻlganda 240 kredit toʻplashi zarur. Magistraturada oʻqish muddati kamida 1 yil boʻlganda 60 yoki 90 kredit, oʻqish muddati kamida 2 yil boʻlganda 120 kredit toʻplashi talab etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bakalavriat taʼlim yoʻnalishining 2, 3 va 4-kurslarida oʻquv jarayoni nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi tashkil etilishi mumkin. Bunda, talabalar oʻquv yuklamasining 50 foizi auditoriyada nazariy mashgʻulotlar hamda 50 foizi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa korxonalarda amaliy mashgʻulotlar shaklida taqsimlanadi. Amaliy mashgʻulotlar kredit yuklamasining tarkibiy qismi hisoblanadi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 350-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2026-y., 09/26/350/0667-son)
17. Oʻquv jarayonining monitoringi taʼlim olishning belgilangan natijalariga erishish, nominal mehnat hajmi hamda ularning haqqoniyligi va mosligini baholash maqsadida oʻtkaziladi.
18. Taʼlim sifati samaradorligi TDYU tomonidan ishlab chiqiladigan taʼlim dasturining vakolatli tashkilotlar tavsifnomalari va talablariga mosligini taʼminlash bilan belgilanadi.
Taʼlim sifatini oshirish va professor-oʻqituvchilar oʻrtasida raqobatni shakllantirish maqsadida TDYU kengashi qaroriga asosan talabalarga fan doirasida professor-oʻqituvchilarni tanlash imkoniyati beriladi. Bunda talabalar taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimi portali orqali oʻquv semestri boshida tanlangan professor-oʻqituvchining mashgʻulotida ishtirok etish uchun onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtadi.
19. Akademik qarzdor talabalarning tashabbusi bilan mavjud akademik qarzlarni topshirish maqsadida yozgi semestr TDYU tomonidan taʼtil vaqtida pulli asosda tashkil etilishi mumkin.
Yozgi semestrning davomiyligi akademik taqvim asosida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari, magistratura mutaxassisliklari va kurslar boʻyicha belgilanadi.
Yozgi semestr quyidagi reglament asosida tashkil qilinadi:
talaba yozgi semestr boshlanguniga qadar TDYU oʻquv-uslubiy boshqarmasiga oʻzining yozgi semestrda oʻqishi istagini bildiradi;
TDYU ushbu talabalarga yozgi semestr uchun dars jadvalini tuzadi va talaba toʻlov pulini toʻlaganidan soʻng darslarga kiritiladi;
yozgi semestr amaldagi baholash tizimi asosida talabalar bilimini shaffof baholash tamoyiliga koʻra tashkil qilinadi.
Yozgi semestrga jalb qilingan professor-oʻqituvchilarga soatbay asosida ish haqi toʻlanadi.
20. TDYUda oʻquv yuklamalari hajmi, oʻquv mashgʻulotlari soati (kontakt yoki akademik soat), bir kreditning jami soatlari va ularning boʻlinishi TDYU kengashi tomonidan belgilanadi.
4-bob. Akademik mobillik va kreditlarni tan olish
21. Akademik mobillikni taʼminlash va talabaning kreditlari oliy taʼlim tashkiloti tomonidan tan olinishida quyidagi hujjatlardan foydalaniladi:
taʼlim dasturi (fanlar) katalogi;
taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuv, maʼlumotnoma va sertifikat.
Mazkur hujjatlar taʼlim olish natijalarini aks ettiradi va oliy taʼlim tashkilotiga kreditlarni tan olish va koʻchirib oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
22. Taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuvga muvofiq TDYU tomonidan akademik mobillik doirasidagi talabaning barcha kreditlari taʼlim dasturini oʻzlashtirishda talabaga qoʻshimcha topshiriqlarsiz hisobga olinadi.
23. Talaba joʻnatuvchi oliy taʼlim tashkiloti tavsiyasiga asosan qabul qiluvchi oliy taʼlim tashkilotiga akademik mobillikni amalga oshirish uchun zarur hujjatlarni topshiradi. Joʻnatuvchi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan talabaga belgilangan shakldagi transkript taqdim etiladi.
24. Talabaning akademik mobillik davrida oʻzlashtirilishi belgilangan taʼlim elementlarini joʻnatuvchi oliy taʼlim tashkilotining roziligisiz va u bilan kelishmasdan oʻzgartirish mumkin emas. Xorijdagi hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlarida belgilangan taʼlim olish natijalari joʻnatuvchi oliy taʼlim tashkilotining taʼlim dasturi boʻyicha taʼlim olish natijalariga mos kelishi yoki ularni toʻldirishi lozim. Akademik mobillik vaqtida akademik yil koʻrsatkichlari tahlil qilinadi va ushbu Nizomga asosan kreditlar tan olinishi belgilanadi.
25. Qabul qiluvchi oliy taʼlim tashkilotida talaba tomonidan oʻzlashtiriladigan oʻquv elementlarining toʻplami va ular TDYU taʼlim dasturiga integratsiya qilinganligi taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuvda aniq koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Qabul qiluvchi oliy taʼlim tashkilotida oʻzlashtiriladigan kreditlar miqdori xorijda oʻqish davriga (3 — 6 oy yoki 1 — 3 yil) mutanosib boʻlishi kerak. Joʻnatuvchi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan akademik mobillik davrida talabaning oʻzlashtirgan (toʻliq yoki qisman) kreditlari tan olinadi.
Talaba joʻnatuvchi oliy taʼlim tashkilotiga qaytib kelgach, akademik mobillik davrida toʻplangan kreditlar miqdoridan kelib chiqqan holda TDYU kengashi tomonidan belgilangan tartib-qoidalar asosida uni keyingi kursga oʻtkazish yoki kursda qoldirish belgilanadi.
26. TDYU akademik mobillik dasturi boʻyicha rejalashtirilgan taʼlim elementlarini oʻzlashtirish uchun talabani belgilangan shakl asosida roʻyxatdan oʻtkazadi va akademik mobillik davrida ushbu elementlarni oʻzlashtirish imkoniyatlari taʼminlanishi majburiyatini oladi.
27. Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan taʼlim dasturlari doirasida akademik mobillik uchun taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuvlar tuzilishi zarur hisoblanmaydi.
28. Taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuvga muvofiq akademik mobillik davrida talabaning bilim darajasini aniqlovchi koʻrsatkichlar TDYU baholash tizimini boshqa baholash tizimlariga konvertatsiya qilish jadvali asosida qabul qilinadi.
29. Stajirovkani oʻtash boʻyicha kelishuv talaba, joʻnatuvchi va qabul qiluvchi tashkilot tomonidan uch tomonlama imzolanadi.
30. Stajirovka davomida talaba tomonidan oʻzlashtirilgan bilimlarning oshkoraligini taʼminlash va ularni tasdiqlash maqsadida qabul qiluvchi tashkilot tomonidan stajirovkani oʻtaganlik toʻgʻrisida sertifikat beriladi.
5-bob. Baholash, baholarni konvertatsiya qilish
31. Talabalar taʼlim dasturi doirasida oʻqitish shaklidan qatʼi nazar, belgilangan tartibdagi baholash mezonlari asosida baholanadi.
32. Fan dasturida (sillabusda) belgilangan baholash tartibi hamda ijobiy baholar doirasida baholangan talabalarga kreditlar beriladi. Talaba belgilangan taʼlim olish natijalariga erisha olmagan taqdirda, kreditlar berilmaydi.
33. Baholash usullari fan yoki modul doirasidagi talabaning yutuqlarini aks ettiruvchi va tasdiqlovchi yozma, ogʻzaki, amaliy ish, loyiha, portfolio va nazoratlar kabi turlarni oʻz ichiga qamrab oladi. Baholash mezoni taʼlim olish natijasiga erishilganligini aks ettirishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda oraliq va yakuniy nazorat turlari sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalariga asoslangan avtomatlashtirilgan baholash tizimlari hamda inson omilisiz nazorat qilish (proktoring) tizimi orqali oʻtkazilishi mumkin.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 350-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2026-y., 09/26/350/0667-son)
34. Kreditlarni koʻchirish TDYUda baholash tizimini boshqa baholash tizimlariga konvertatsiya qilish jadvalini boshqa oliy taʼlim tashkilotida tuzilgan shunga oʻxshash jadval bilan solishtirish asosida amalga oshiriladi.
6-bob. Kredit-modul tizimida talabalarni roʻyxatga olish
35. Roʻyxatga olish xizmati taʼlim va talabalar bilimini baholash jarayonlarini alohida yuritish, talabalar haqidagi akademik maʼlumotlarni elektron tarzda avtomatik boshqarish hamda yakuniy nazoratlarni oʻtkazish maqsadida tashkil etiladi.
36. Roʻyxatga olish xizmati talabaga tanlagan mutaxassisligi boʻyicha yuqori darajadagi bilim, koʻnikma va malakalarga erishishda yordam berishga qaratilgan boʻlib, u quyidagi funksiyalarni qamrab oladi:
oʻquv jarayoni jadvalini tuzish va bajarilishini nazorat qilish;
talabalarning fanlarga roʻyxatdan oʻtishini nazorat qilish;
fakultetlar bilan hamkorlikda akademik guruhlarni shakllantirish;
oraliq, yakuniy baholashlar va yakuniy davlat attestatsiyasining oʻtkazilishini nazorat qilish;
taʼlim olayotgan talabalarning baholarga oid maʼlumotlarini arxivga qadar saqlash;
transkript formalarini shakllantirish va talabalarning maʼlumotlarini kiritish;
talabalar kontingenti boʻyicha statistikani yuritish.
37. Roʻyxatga olish xizmati funksiyalari TDYU Oʻquv-uslubiy boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
38. TDYU Oʻquv-uslubiy boshqarmasi taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimi orqali fakultetlar tomonidan talabalarning fanlarga roʻyxatdan oʻtkazilishini va talabaning shaxsiy taʼlim trayektoriyasini shakllantirish jarayonini muvofiqlashtiradi. Talabaning shaxsiy taʼlim trayektoriyasi ular tomonidan mustaqil ravishda tyutor yordamida oʻquv rejasi va tanlov fanlari katalogi asosida tegishli oʻqish davri uchun tuziladi. Talabaning taʼlim trayektoriyasi taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimidan fanlarni tanlash orqali avtomatik ravishda shakllanadi. Shaxsiy taʼlim trayektoriyasiga har oʻquv yilidan oldin oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
39. Talabalarning shaxsiy taʼlim trayektoriyasi asosida TDYU Oʻquv-uslubiy boshqarmasi fakultetlar bilan hamkorlikda akademik guruhlarni shakllantiradi va biron-bir fanga yozilish yetarli boʻlmagan taqdirda, shaxsiy taʼlim trayektoriyasini oʻzgartirish zarurligi toʻgʻrisida talabalarga xabar beradi. Talabaning shaxsiy taʼlim trayektoriyasi shakllantirib boʻlingandan soʻng, dars jadvali tuziladi.
40. TDYU Oʻquv-uslubiy boshqarmasi har bir talabani roʻyxatdan oʻtkazish sanasi va vaqtini belgilaydi (odatda, talaba tomonidan yetarli GPA koʻrsatkichlarining toʻplanganligi va kontrakt toʻlovlari amalga oshirilganligiga qarab). Birinchi kurs talabalarini roʻyxatdan oʻtkazish ular bilan akademik va kasbga yoʻnaltirish tadbirlari amalga oshirilganidan keyin boshlanadi.
41. Talabalar tanlagan fanlarini har semestrning dastlabki birinchi haftasi ichida oʻzgartirishi mumkin.
42. Birinchi kurs talabalarini roʻyxatga olish jarayoni quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
tyutor TDYU oʻquv-uslubiy boshqarmasidan biriktirilgan guruh talabalarining login va parollarini oladi, talabaga taʼlim jarayonini tushuntiradi, taʼlim dasturi bilan tanishtiradi, login va parol beradi hamda talaba portalidan foydalanishni oʻrgatadi;
talaba professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻtkaziladigan fanlar boʻyicha tanishtiruv taqdimotlariga qatnashadi, majburiy va tanlov fanlari bilan tanishadi va taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimidagi talaba portali orqali fanlarga roʻyxatdan oʻtadi;
talaba taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimidagi portali orqali dars jadvalini aniqlaydi va darslarga qatnashadi.
7-bob. Talabalarni oʻqishdan chetlashtirish, qayta tiklash, kursdan-kursga oʻtkazish mexanizmlari
43. Talabalar TDYUdan quyidagi hollarda chetlashtiriladi:
oʻz xohishiga binoan;
oʻqishning boshqa oliy taʼlim tashkilotiga koʻchirilishi munosabati bilan;
oʻquv intizomini va TDYU tomonidan oʻrnatilgan ichki tartib-qoidalarni muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganligi uchun;
shartnoma asosida oʻqiyotgan taʼlim oluvchilar shartnoma bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarmaganligi uchun;
sud tomonidan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanganligi sababli;
sud qaroriga koʻra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi aniqlanganda (ushbu holatda talabalar safidan chetlashtirilganlar talabalar safiga qayta tiklanmaydi);
taʼlim dasturini belgilangan muddatda oʻzlashtirmagan taqdirda;
vafot etganligi sababli.
Chetlashtirilgan talabaga belgilangan shakldagi taʼlim toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma beriladi.
44. Bir fanga ajratilgan auditoriya soatining 25 foizini va undan ortiq soatni sababsiz qoldirgan talaba ushbu fandan chetlashtirilib, yakuniy nazoratga kiritilmaydi hamda mazkur fan boʻyicha tegishli kreditlarni oʻzlashtirmagan hisoblanadi. Yakuniy nazorat turiga kiritilmagan yoki kirmagan, shuningdek, ushbu nazorat turi boʻyicha qoniqarsiz baho olgan talaba akademik qarzdor hisoblanadi.
Akademik qarzdor talabalar taʼtil vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida tegishli fanlardan oʻzlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda toʻlovni amalga oshirgandan soʻng oʻzlashtirilmagan fanlarni oʻz hisobidan qayta oʻqish huquqiga ega boʻladi.
TDYU kengashi qarori bilan auditoriya soatini sababsiz qoldirish foizi qisqartirilishi va akademik qarzdorlikni bir marta bepul topshirishga ruxsat berilishi mumkin.
45. Taʼlim oluvchini kursdan kursga oʻtkazish uning GPA yoki kreditlar miqdori qiymatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. TDYU talabalarni kursdan kursga oʻtkazishda GPA koʻrsatkichi yoki kreditlar miqdorini mustaqil belgilaydi.
GPA oʻtish ballini toʻplay olmagan talaba qayta oʻqish uchun tegishli kursda qoldiriladi. Semestr va oʻquv yili yakuni natijalari boʻyicha akademik qarzdorligi bor taʼlim oluvchilar oʻqishdan chetlashtirilmaydi.
Kursdan kursga qolgan talabalar faqat qarzdor boʻlgan fanlarni quyi kurslar bilan birga yoki mustaqil oʻzlashtirib, ularga mos ravishda shartnoma mablagʻlarini toʻlaydi.
Talaba kreditlarni topshirish vaqtida oʻzlashtirmagan fanni oʻquv rejasidan chiqib ketganligi sababli, quyi kurslarda oʻqitilmaydigan boʻlsa, fakultet dekani tavsiyasiga binoan TDYU oʻquv ishlari boʻyicha prorektori tomonidan ixtisosligiga koʻra mazmuni yaqin boʻlgan boshqa fanni oʻzlashtirishga ruxsat berilishi mumkin.
Shartnoma asosida bir kursda qayta oʻqish soni chegaralanmaydi.
46. Taʼlim oluvchi qonunchilik hujjatlari asosida oʻqishini qayta tiklash va koʻchirish huquqiga ega. Taʼlim oluvchi tomonidan chetlashtirilgunga qadar oʻzlashtirgan kreditlar miqdori TDYU tomonidan toʻliq hajmda hisobga olinadi.
 LexUZ sharhi
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
Taʼlim oluvchining tegishli davrda oʻzlashtirgan fanlari kreditlarda ifodalanmagan taqdirda, mazkur fanlar bir semestr uchun 30 kredit hajmida belgilanadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
47. TDYUda taʼlim olishning toʻlov qiymati qonunchilik hujjatlariga muvofiq TDYU tomonidan mustaqil belgilanadi.
48. Oʻquv yuklamasi boʻyicha hisoblangan soatlar hajmi TDYU shtat birliklari sonini hamda professor-oʻqituvchilarning oylik maoshlarini belgilash uchun asos boʻlmaydi.
Shtat birliklari professor-oʻqituvchilarning talabalar soniga nisbati boʻyicha, oylik maoshi esa tegishli normativ-huquqiy hujjatlar asosida belgilanadi hamda ish haqi hisoblash va toʻlash tabel asosida amalga oshiriladi.
49. Fanlar boʻyicha qayta taʼlim olish uchun toʻlov qiymati TDYU tomonidan butun oʻquv yilining stipendiyasiz kontrakt summasidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Qayta taʼlim olish uchun toʻlov mexanizmi TDYU tomonidan bir kredit qiymatini hisoblash asosida belgilanadi. Bir kredit qiymati oʻquv yili davomidagi taʼlim olish uchun toʻlanadigan stipendiyasiz kontrakt summasini rejalashtirilgan kreditlar miqdoriga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
50. Talaba TDYU taʼlim dasturini muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan taqdirda, unga akademik darajasini tasdiqlaydigan diplom va diplom ilovasi beriladi.
Toshkent davlat yuridik universitetida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Toshkent davlat yuridik universitetida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish
SXEMASI

Bosqichlar

Tadbirlar

Ijro uchun masʼullar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Taʼlim dasturi katalogi va oʻquv rejasini ishlab chiqish.

Oʻquv-uslubiy boshqarma, fakultet dekanati

Har oʻquv yili boshlanishidan kamida 2 oy oldin

2-bosqich

Fanlarning dasturlarini ishlab chiqish.

Kafedra mudirlari, professor-oʻqituvchilar

Har oʻquv yili boshlanishidan kamida 1 oy oldin

3-bosqich

1. Har bir talabaning shaxsiy taʼlim trayektoriyasini shakllantirish.

2. Talabalarni fan (modul) va oʻqituvchilarni tanlash boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish.

Guruh murabbiyi va fakultet dekanati

Bakalavriat 1-kurs va magistraturada akademik va kasbga yoʻnaltirish tadbirlari amalga oshirilganidan keyin, 2 — 4-kurslarda oʻquv yili boshlangunga qadar

4-bosqich

Akademik guruhlarni shakllantirish

Oʻquv-uslubiy boshqarma, fakultet dekanati

Bakalavriat 1-kurs va magistraturada akademik va kasbga yoʻnaltirish tadbirlari amalga oshirilganidan keyin, 2 — 4-kurslarda oʻquv yili boshlangunga qadar

5-bosqich

Dars jadvalini shakllantirish

Oʻquv-uslubiy boshqarma, fakultet dekanati

Har yili avgust-sentabr oylari

6-bosqich

Oʻquv jarayonini amalga oshirish

Oʻquv-uslubiy boshqarma, fakultet dekanati

Oʻquv rejaga muvofiq

7-bosqich

Taʼlim natijalari boʻyicha talabaning kreditlarini hisoblash

Oʻquv-uslubiy boshqarma

Doimiy

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-iyundagi 359-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida (keyingi oʻrinlarda — yuridik texnikumlar) taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Yuridik texnikumlarda oʻquv jarayonida kredit-modul tizimi Kredit toʻplash va koʻchirishning Yevropa modeli (European Credit Transfer and Accumulation System — ECTS)ga muvofiq tashkil qilinadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi oʻrinlarda — TDYU) tomonidan boshqa oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari doirasidagi shartnomalarda ushbu Nizomda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar nazarda tutilgan boʻlsa, shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3. Oʻquv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etishning tashkiliy masalalariga oid maʼlumotlar, shu jumladan, taʼlim dasturi, fanlar katalogi, akademik mobillikni taʼminlash, taʼlim toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, kreditlarni tan olish va koʻchirib oʻtkazishga taalluqli hujjatlar hamda diplomga ilovaning shakllari, shuningdek, akademik mobillik davrida oʻquvchining bilim darajasini aniqlash boʻyicha koʻrsatkichlar va boshqa zarur hujjatlar namunalari Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi oʻrinlarda — TDYU) tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
akademik mobillik — yuridik texnikum oʻquvchilarining muayyan vaqt mobaynida respublika hududidagi yuridik texnikumga (TDYUga) yoki xorijiy davlatdagi boshqa bir taʼlim muassasasiga oʻqish maqsadida borishi;
kredit — taʼlim olish natijalariga koʻra oʻquvchi tomonidan muayyan fan boʻyicha oʻzlashtirilgan oʻquv yuklamasining oʻlchov birligi;
kreditlarni koʻchirish — oʻquvchilarning akademik mobilligini taʼminlash maqsadida bir taʼlim muassasasi taʼlim dasturida olingan kreditlarni boshqa taʼlim muassasasiga koʻchirish va tan olish;
kredit toʻplash — taʼlim elementlarini oʻzlashtirish va boshqa yutuqlarga erishish natijasida taqdim etiladigan kredit birliklarini toʻplash;
mobillik dasturi — ikki yoki undan ortiq taʼlim muassasasi oʻrtasida oʻzaro kelishuv asosida tashkil etilgan akademik mobillik dasturi;
taʼlim dasturi — yuridik texnikum bitiruvchisiga muayyan egallagan mutaxassislik boʻyicha kasbiy faoliyatni malakali bajarish imkonini berishga qaratilgan professional taʼlim tayyorgarligining asosiy mazmunini aniqlovchi taʼlim standartlari, oʻquv rejasi, oʻquv fanlari (modullar) dasturlari, malaka amaliyot dasturlaridan iborat hujjatlar toʻplami;
taʼlim dasturi katalogi — yuridik texnikum tavsifi, kredit-modul tizimiga kirish, mavjud taʼlim mutaxassisliklari, xizmatlar va resurslar, oʻquv fanlari dasturlari, aniq taʼlim dasturlari elementlari tavsifi toʻgʻrisidagi axborot;
taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimi — oʻquvchilarni roʻyxatga olish, oʻquv materiallarni tarqatish, oʻquvchilar va pedagog xodimlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni taʼminlash, topshiriqlarni berish, nazoratlar oʻtkazish, baholash va uning natijalarini qayd etish kabi imkoniyatlarga ega boʻlgan elektron tizim (maxsus dasturiy vosita);
taʼlimning kredit-modul tizimi — taʼlim oluvchiga yoʻnaltirilgan, taʼlim olish, taʼlim berish va taʼlim oluvchilar bilimini baholash jarayonlarining shaffofligi tamoyili asosida kreditlarni yigʻish va oʻtkazishdan iborat tizim;
taʼlim moduli (modul) — bu oʻzida bilimga oid hamda kasbiy jihatlarni qamrab oladigan, oʻquvchida bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan taʼlim dasturining tarkibiy elementi sifatida nazorat qilishning tegishli turi bilan yakunlanadigan alohida oʻquv fani (uning qismi yoki oʻzaro bir sohaga doir fanlar majmui);
taʼlim toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma — oʻzlashtirilgan modullar, toʻplangan kreditlari miqdori, olingan baholar aks ettiriladigan oʻquvchining akademik oʻzlashtirishi boʻyicha guvohnomasi;
taʼlim elementlari — taʼlim dasturining bir qismi boʻlib, taʼlim olish natijalariga erishish va taʼlim dasturida koʻrsatilgan bilimlarni oʻzlashtirishga koʻmaklashuvchi oʻqitish turi;
transkript — taʼlim olishning tegishli davrida oʻzlashtirilgan kreditlar va baholarning harf va raqamlardagi ifodasi koʻrsatib oʻtilgan fanlar roʻyxatini oʻz ichiga olgan belgilangan shakldagi hujjat;
oʻquvchining shaxsiy taʼlim trayektoriyasi — oʻquvchi tomonidan tanlangan hamda unga ketma-ketlikda bilimlar toʻplash va xohlagan kompetensiyalar yigʻindisiga ega boʻlish imkoniyatini beradigan yoʻnalish (marshrut). Taʼlim trayektoriyasi institutsional hujjatlar va yoʻriqnomalar yordamida tuzilishi hamda turli taʼlim trayektoriyalari natijada bir xil malaka olishga olib kelishi mumkin;
oʻqish yuklamasi — oʻquvchi tomonidan oʻquv faoliyatining barcha turlari (maʼruza, amaliy mashgʻulot, seminar, kurs loyihasi (ishi), amaliyot va mustaqil ish)ni amalga oshirish asosida kutilgan oʻquv natijalariga erishish uchun zarur boʻlgan vaqt sarfi;
GPA (Grade Point Average) — taʼlim oluvchining dastur boʻyicha oʻzlashtirgan ballari oʻrtacha qiymati boʻlib, u quyidagi formula yordamida hisoblanadi:
K — har bir fan/modulga ajratilgan kreditlar miqdori;
U — har bir fan/modul boʻyicha talaba toʻplagan ball.
Bunda, oʻquvchi faqat fan/modulni muvaffaqiyatli yakunlagan taqdirda, ushbu fan/modul boʻyicha kredit beriladi.
5. Yuridik texnikumlarning oʻquv yili uchun taʼlim dasturi tuzilmasi bir yoki bir nechta modullardan iborat taʼlim elementlaridan tashkil topgan boʻlib, TDYU kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Taʼlim dasturi auditoriya mashgʻulotlari, ilmiy loyihalar, mustaqil taʼlim, amaliyot va boshqa taʼlim elementlaridan iborat boʻlishi mumkin.
Taʼlim dasturida kreditlarning miqdori oʻquv yuklamasi asosida koʻrsatiladi.
Taʼlim dasturi katalogi va oʻqitish sharoitlari toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar yuridik texnikumning rasmiy veb-saytiga qulay yuklanadigan shaklda oʻquv yili boshlanishidan kamida bir oy oldin joylashtiriladi va eʼlon qilib boriladi.
6. Yuridik texnikumlarda kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish mazkur Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Oʻquv jarayonini tashkil etish va taʼlim sifatini taʼminlash
7. Yuridik texnikumlarda oʻquv jarayoni oʻquv (auditoriya mashgʻulotlari, amaliyot va mustaqil ishlarning tashkil etilishi) va nazorat (modullar boʻyicha bilimlar oʻzlashtirilishini va ularning natijalarini baholash) tadbirlaridan tashkil topadi.
8. Oʻquv jarayoni oʻquvchilar, pedagog xodimlar va maʼmuriyat oʻrtasida ochiq muloqot shaklida oʻquvchiga yoʻnaltirilgan yondashuv asosida rejalashtiriladi. Ushbu jarayonda oʻquvchilarning talab va istaklari muhokama qilinadi. Barcha manfaatdor tomonlar taʼlim dasturining yaratilishi va oʻzlashtirilishining konstruktiv muhokamasiga jalb etilishi mumkin. Bunday muhokamalarda oʻquvchilar vakillari ovoz berish huquqi orqali ishtirok etishlari mumkin.
9. Oʻquv jarayonini rejalashtirish quyidagi bosqichlardan iborat boʻladi:
taʼlim dasturi katalogi va oʻquv rejasini ishlab chiqish;
modullarning oʻquv dasturini (sillabusni) ishlab chiqish;
oʻquv rejasi va tanlov fanlari roʻyxatiga mos ravishda oʻquvchilarning shaxsiy taʼlim trayektoriyasini shakllantirish;
oʻquv jarayoni jadvalini tuzish;
akademik guruhlar boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari jadvalini tuzish.
Oʻquv rejasiga oʻquvchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda oʻzlashtiriladigan qoʻshimcha kreditlar ajratiladigan taʼlim elementlari kiritiladi. Oʻquvchining jamoat ishlaridagi, ilmiy toʻgaraklar, yuridik klinikalar faoliyatidagi ishtiroki hamda xorijiy mutaxassislar tomonidan oʻtkaziladigan qisqa muddatli kurslardagi ishtiroki ragʻbatlantirilib, kreditlar ajratiladi.
Oʻquvchi oʻquv yuklamasidan tashqari oʻz ixtiyoriga koʻra roʻyxati taqdim etiladigan qoʻshimcha fanlarni (modullarni) yoki boshqa fakultet va taʼlim yoʻnalishi oʻquv rejasining tanlov fanlarida mavjud fanlar roʻyxatidan qoʻshimcha fanni tanlab toʻlov-kontrakt asosida oʻqishiga ruxsat etiladi. Bunda qoʻshimcha oʻzlashtirilgan fanlar oʻquvchi oʻquv yuklamasiga (kreditlar hajmiga) qoʻshiladi hamda diplom ilovasida qayd etiladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Adliya vazirligi) tomonidan akademik davr shakli — nazariy taʼlim davri semestr, trimestr va boshqa shakllarda oʻrnatilishi mumkin, shuningdek, oʻquv jarayonini tizimli tashkil etish uchun dars mashgʻulotlarini boshlash vaqti va smenasi belgilanadi.
Akademik davr davomida oʻquvchi tomonidan toʻplanishi lozim boʻlgan kreditlar miqdori oʻquv rejasida koʻrsatilgan majburiy va tanlov modullarini oʻz ichiga oladi.
Majburiy va tanlov modullari tarkibi hamda ularni oʻrganishga ajratiladigan kreditlar miqdori TDYU tomonidan mustaqil belgilanadi.
Oʻquvchilar shaxsiy taʼlim trayektoriyasida belgilangan tanlov modullari doirasida fanlarni mustaqil tanlashi mumkin. Oʻquvchilarning shaxsiy taʼlim trayektoriyasini shakllantirish tartibi TDYU tomonidan belgilanadi.
11. Yuridik texnikumlarda oʻquvchi bir semestrda 30 kredit, bir oʻquv yilida 60 kredit toʻplashi kerak. Semestr davomida oʻquvchi tomonidan oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan kreditlar hajmi oʻquv rejasida koʻrsatilgan majburiy va tanlov fanlarini oʻz ichiga oladi. Oʻquvchi oʻzining shaxsiy taʼlim trayektoriyasini shakllantirishda har bir semestr uchun 30 kredit hajmidagi fanlarni oʻzlashtirishni nazarda tutishi, ular tarkibida oʻquv rejasidagi majburiy fanlar boʻlishi shart.
12. Yuridik texnikumlarning bitiruvchilari TDYUda ikkinchi kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega ekanligini inobatga olib, TDYUning birinchi kursidagi kreditlarini (60 kredit) yuridik texnikumlarda toʻplaydi.
13. TDYUning birinchi kursidagi toʻplanishi lozim boʻlgan kreditlarning yuridik texnikumning qaysi kursi davomida (birinchi yoki ikkinchi kurs yoxud ikkala kursda) toʻplanishi TDYU tomonidan belgilanadi.
14. Yuridik texnikumlarda oʻquv yuklamasi hajmi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
15. Kredit-modul tizimida 1 kredit miqdori va oʻquv mashgʻulotlari soati (astronomik yoki akademik soat) TDYU Kengashi tomonidan belgilanadi.
16. Taʼlim sifati samaradorligi TDYU tomonidan ishlab chiqiladigan taʼlim dasturining vakolatli tashkilotlar tavsifnomalari va talablariga mosligini taʼminlash bilan belgilanadi.
Taʼlim sifatini takomillashtirish va pedagog xodimlar oʻrtasida raqobatni shakllantirish maqsadida TDYU Kengashi qaroriga asosan taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimi portali orqali oʻquvchilarga modul doirasida oʻquvchilarning shaxsiy taʼlim trayektoriyasini shakllantirish jarayonida pedagog xodimlarni tanlash imkoniyati beriladi.
17. Pedagog xodimlarning tarkibi mehnatini meʼyorlashtirish, ularning ish vaqtini faqat oʻquv tadbirlariga asoslangan holda amalga oshirishlari, pedagog xodimlarning shaxsiy ish rejasidagi tadbirlar roʻyxati va ularning minimal soatlari (sarflanadigan vaqt meʼyorlari) ECTS talablariga muvofiq TDYU kengashi qarori bilan belgilanadi.
ECTS talablariga muvofiq oʻquv yuklamasi boʻyicha hisoblangan soatlar hajmi, oʻqituvchilarning yillik ish rejasi soatlar miqdori shtat birliklari sonini hamda pedagog xodimlarning oylik maoshlarini belgilash uchun asos boʻlmaydi.
Shtat birliklari pedagog xodimlarning oʻquvchilar soniga nisbati boʻyicha, oylik maoshi esa tegishli normativ-huquqiy hujjatlar asosida belgilanadi hamda ish haqi hisoblash va toʻlash tabel asosida amalga oshiriladi.
3-bob. Oʻquvchilar oʻzlashtirishini baholash tizimi
18. Taʼlim dasturi doirasida oʻqitish shaklidan qatʼi nazar, yuridik texnikum oʻquvchilarining bilimini baholash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
19. Yuridik texnikumlarda taʼtil vaqtida, qoida tariqasida, yozgi semestr tashkil etilishi mumkin. Yozgi semestr modullarni oʻzlashtirish (akademik qarzlarni topshirish), oʻquv dasturidagi farqlarni yoʻqotish maqsadida pullik asosda tashkil qilinadi.
20. Yozgi semestrning davomiyligi oʻquv jarayonining grafigi asosida yoʻnalishlar, mutaxassisliklar va kurslar kesimida belgilanadi. Bunda, oʻquvchilar bilimini baholash amalda belgilangan tartib asosida tashkil etiladi.
21. Yozgi semestrga jalb qilingan pedagog xodimlarga soatbay asosida ish haqi toʻlanadi.
22. Oʻquvchilar oʻzlashtirishi natijalari transkriptda aks ettiriladi.
23. Kreditlarni koʻchirish yuridik texnikumda baholash tizimini boshqa baholash tizimlariga konvertatsiya qilish jadvalini boshqa taʼlim muassasasida tuzilgan shunga oʻxshash jadval bilan solishtirish asosida amalga oshiriladi.
4-bob. Oʻquvchilar akademik mobilligi va kreditlarni tan olish
24. Akademik mobillikni taʼminlash va oʻquvchining kreditlarini boshqa yuridik texnikum (TDYU) tomonidan tan olinishida quyidagi hujjatlardan foydalaniladi:
taʼlim dasturi (fanlar) katalogi;
taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuv, maʼlumotnoma va sertifikat.
Mazkur hujjatlar taʼlim olish natijalarini aks ettiradi va yuridik texnikumga kreditlarni tan olish va koʻchirib oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
25. Oʻquvchi tomonidan yuridik texnikum taʼlim dasturi boʻyicha toʻplangan kreditlar miqdori boshqa yuridik texnikumda (TDYUda) belgilangan taʼlim olish natijalariga muvofiq oʻzlashtiriladigan kreditlar miqdoriga teng hisoblanadi.
26. Oʻquvchi joʻnatuvchi taʼlim muassasasi tavsiyasiga asosan qabul qiluvchi taʼlim muassasasiga akademik mobillikni amalga oshirish uchun zarur hujjatlarni topshiradi. Joʻnatuvchi taʼlim muassasasi tomonidan oʻquvchiga belgilangan shakldagi transkript taqdim etiladi.
27. Oʻquvchining akademik mobillik davrida oʻzlashtirilishi belgilangan taʼlim elementlarini joʻnatuvchi taʼlim muassasasining roziligisiz va u bilan kelishmasdan oʻzgartirish mumkin emas. Xorijdagi hamkor taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlarida belgilangan taʼlim olish natijalari yuridik texnikumlarning oʻquv dasturi boʻyicha taʼlim olish natijalariga mos kelishi yoki ularni toʻldirishi lozim.
28. Qabul qiluvchi taʼlim muassasasida oʻquvchi tomonidan oʻzlashtiriladigan taʼlim elementlari joʻnatuvchi taʼlim muassasasining oʻquv dasturiga integratsiya qilinganligi, shuningdek, akademik mobillik davrida oʻquvchining bilim darajasini aniqlovchi koʻrsatkichlarning joʻnatuvchi va qabul qiluvchi taʼlim muassasalarining baholash tizimlariga konvertatsiya qilinganligi akademik mobillik toʻgʻrisidagi shartnomada aniq koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Qabul qiluvchi taʼlim muassasasida oʻzlashtiriladigan kreditlar miqdori yuridik texnikum (TDYU)da yoki xorijda oʻqish davriga (6 oy yoki 1-2 yil) mutanosib boʻlishi kerak. Joʻnatuvchi taʼlim muassasasi tomonidan oʻquvchi akademik mobillik davrida oʻzlashtirgan (toʻliq yoki qisman) kreditlar tan olinadi. Oʻquvchi joʻnatuvchi taʼlim muassasasiga qaytib kelgach, akademik mobillik davrida toʻplangan kreditlar miqdoridan kelib chiqqan xolda amaldagi tartib-qoidalar asosida uni keyingi kursga oʻtkazish yoki kursda qoldirish belgilanadi.
TDYUning hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan taʼlim dasturlari doirasida akademik mobillik uchun taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuvlar tuzilishi talab etilmaydi.
29. Yuridik texnikum oʻquvchilarining oʻqishini boshqa yuridik texnikumga koʻchirish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-avgustdagi 466-son “Oʻzbekiston Respublikasida uzluksiz boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
5-bob. Oʻquvchilarni oʻqishdan chetlashtirish, qayta tiklash, kursdan kursga oʻtkazish
30. Yuridik texnikum oʻquvchilarini oʻqishdan chetlashtirish qonunchilik hujjatlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Oʻquvchi chetlashtirilguniga qadar oʻzlashtirgan kreditlar miqdori yuridik texnikum tomonidan toʻliq hajmda hisobga olinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-avgustdagi 466-son “Oʻzbekiston Respublikasida uzluksiz boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
Chetlashtirilgan oʻquvchiga belgilangan shakldagi taʼlim toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma beriladi.
31. Oʻquvchilar qonunchilik hujjatlari asosida oʻqishini qayta tiklash va koʻchirish huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-avgustdagi 466-son “Oʻzbekiston Respublikasida uzluksiz boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
32. Bir fanga ajratilgan auditoriya soatining 30 foizini va undan ortiq soatni sababsiz qoldirgan oʻquvchi ushbu fandan chetlashtirilib, yakuniy nazoratga kiritilmaydi hamda mazkur fan boʻyicha tegishli kreditlarni oʻzlashtirmagan hisoblanadi. Yakuniy nazorat turiga kiritilmagan yoki kirmagan, shuningdek, ushbu nazorat turi boʻyicha qoniqarsiz baho olgan oʻquvchi akademik qarzdor hisoblanadi.
Akademik qarzdor oʻquvchilar taʼtil vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida tegishli fanlardan oʻzlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda toʻlovni amalga oshirgandan soʻng oʻzlashtirilmagan fanlarni oʻz hisobidan qayta oʻqish huquqiga ega boʻladi.
TDYU kengashi qarori bilan auditoriya soatini sababsiz qoldirish foizi qisqartirilishi va akademik qarzdorlikni bir marta bepul topshirishga ruxsat berilishi mumkin.
33. Oʻquvchini kursdan kursga oʻtkazish uning GPA qiymatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Yuridik texnikumlar oʻquvchilarini kursdan kursga oʻtkazishda GPA koʻrsatkichi TDYU tomonidan belgilanadi. GPA koʻrsatkichini toʻplay olmagan oʻquvchi qayta oʻqish uchun tegishli kursda qoldiriladi.
34. Semestr va oʻquv yili yakuni natijalari boʻyicha akademik qarzdorligi bor taʼlim oluvchilar oʻqishdan chetlashtirilmaydi va kursda qoldiriladi.
Kursda qolgan oʻquvchilar faqat qarzdor boʻlgan modullarni oʻzlashtirib ularga mos ravishda shartnoma mablagʻlarini toʻlaydi. Shartnoma asosida bir kursda qayta oʻqish soni chegaralanmaydi.
Oʻquvchi ikkinchi kursni tugatgandan soʻng ikkala bosqichlari uchun belgilangan eng kam kreditlar miqdorini toʻplab, shartnoma toʻlovidan qarzi boʻlmasa “bitiruvchi” maqomiga ega boʻladi. Bunda bitiruvchi maqomiga ega oʻquvchi modullarni mustaqil oʻzlashtirgan holda muntazam ravishda oʻtkaziladigan imtihon sessiyalarida imtihon topshirish yoki yakuniy davlat attestatsiyasidan shartnoma-toʻlov asosida oʻtish uchun murojaat qilishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
35. Oʻquvchi oʻquv rejasida nazarda tutilgan kreditlarni toʻplasa, shu jumladan yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli oʻtsa oʻrta maxsus professional maʼlumot darajasiga ega boʻladi.
36. Yuridik texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlab TDYUga oʻqishga yakka tartibdagi suhbat orqali qabul qilingan talabalarning TDYUning birinchi kursi uchun yuridik texnikumlarda toʻplangan kreditlari TDYU kengashi qarori bilan koʻchiriladi.
37. Yuridik texnikumlarda taʼlim olishning toʻlov qiymati qonunchilik hujjatlariga muvofiq Adliya vazirligi tomonidan mustaqil belgilanadi.
Oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakt 60 kredit miqdorida hisoblanadi. Oʻzlashtirishlari shart boʻlgan (majburiy va tanlov modullar doirasida) kreditlardan tashqari oʻquvchilarga oʻz ixtiyorlari bilan qoʻshimcha modulni qoʻshimcha toʻlov asosida oʻzlashtirishiga ruxsat etiladi.
38. Fanlar boʻyicha qayta taʼlim olish uchun toʻlov qiymati Adliya vazirligi tomonidan butun oʻquv yilining kontrakt summasidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Qayta taʼlim olish uchun toʻlov mexanizmi Adliya vazirligi tomonidan bir kredit qiymatini hisoblash asosida belgilanadi. Bir kredit qiymati oʻquv yili davomidagi taʼlim olish uchun toʻlanadigan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorini rejalashtirilgan kreditlar miqdoriga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
39. Taʼlim dasturida belgilangan natijalarga erishish hamda kredit-modul tizimi toʻgʻri va haqqoniy qoʻllanilayotganligini aniqlash va baholash maqsadida oʻquv jarayonining monitoringi oʻtkaziladi.
Monitoring yuridik texnikumlar va TDYU tomonidan soʻrovnoma, fokus-guruhlar, intervyu olish yoki erishilgan natijalarni tahlil qilish va boshqa usullarda amalga oshirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish
SXEMASI

Bosqichlar

Tadbirlar

Ijro uchun masʼullar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Taʼlim dasturi katalogi va oʻquv rejasini ishlab chiqish.

Oʻquv-metodik boʻlim,

fakultet dekanati

Har oʻquv yili boshlanishidan kamida
2 oy oldin

2-bosqich

Fanlarning dasturlarini ishlab chiqish.

Kafedra mudirlari, pedagog xodimlar

Har oʻquv yili boshlanishidan kamida
1 oy oldin

3-bosqich

1. Har bir oʻquvchining shaxsiy taʼlim trayektoriyasini shakllantirish.

2. Oʻquvchilarni fan (modul) va oʻqituvchilarni tanlash boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish.

Guruh murabbiyi va fakultet dekanati

1-kursda akademik
va kasbga yoʻnaltirish tadbirlari amalga oshirilganidan keyin,
2-kursda oʻquv yili boshlangunga qadar

4-bosqich

Akademik guruhlarni shakllantirish

Oʻquv-metodik boʻlim,

fakultet dekanati

1-kursda akademik
va kasbga yoʻnaltirish tadbirlari amalga oshirilganidan keyin,
2-kursda oʻquv yili boshlangunga qadar

5-bosqich

Dars jadvalini shakllantirish

Oʻquv-metodik boʻlim,

fakultet dekanati

Har yili

avgust-sentabr oylari

6-bosqich

Oʻquv jarayonini amalga oshirish

Oʻquv-metodik boʻlim,

fakultet dekanati

Oʻquv rejaga muvofiq

7-bosqich

Taʼlim natijalari boʻyicha oʻquvchining kreditlarini hisoblash

Oʻquv-metodik boʻlim

Doimiy

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-iyundagi 359-son qaroriga
3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlari faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 30-oktabrdagi 677-son qaroriga kiritilayotgan qoʻshimcha
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlari faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 30-oktabrdagi 677-son qarorining 3-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“TDYUga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining yoʻllanmalari hamda TDYU huzuridagi akademik litsey tavsiyanomalari asosida kirish test sinovlarisiz yakka tartibdagi suhbat natijalariga koʻra oʻqishga kirgan yuridik texnikumlar va akademik litseyning bitiruvchilariga (abituriyentlarga) ularning toʻlov-kontrakt asosida oʻqish xarajatlarini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda Adliya vazirligining budjetdan tashqari va TDYUning budjetdan tashqari (toʻlov-kontrakt, shu jumladan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt) mablagʻlari hisobidan grantlar ajratilishi mumkin”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2021-y., 09/21/359/0546-son; 01.07.2026-y., 09/26/350/0667-son)