|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 25.03.2004
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT GEOLOGIYA VA MINERAL RESURSLAR QO‘MITASI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-martdagi 139-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Yer osti boyliklari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va yer osti boyliklaridan foydalanishning belgilangan tartibini ta’minlash, respublikaning mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida o‘z tasarrufiga tegishli bo‘lgan masalalar bo‘yicha qabul qilgan qarorlari vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida” 1991-yil 10-maydagi 125-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizom o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari Q.J. Haqqulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 9-dekabr,
435-son
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat geologiya qo‘mitasi deb yuritiladi) davlat yer osti boyliklari fondini boshqarish va kon munosabatlari sohasida maxsus vakil qilingan davlat organi hisoblanadi, O‘zbekiston hududini geologik o‘rganish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar (uglevodorod xomashyosiga taalluqli ishlardan tashqari)ning tarmoqlararo muvofiqlashtirilishini ta’minlaydi.
Davlat geologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatini to‘liq xo‘jalik hisob-kitobi shart-sharoitlarida amalga oshiradi, respublika hududi geologik jihatdan o‘rganilishi va mineral resurslardan foydalanilishi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar o‘z vakolati doirasida hal etilishini ta’minlaydi, chet ellarda o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalaydi.
2. Davlat geologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Oliy Majlis qarorlariga va boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ hujjatlarga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
II. DAVLAT GEOLOGIYA QO‘MITASINING ASOSIY VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI
3. Quyidagilar Davlat geologiya qo‘mitasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
yer osti boyliklarini geologik o‘rganish va mineral resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlarni davlat yo‘li bilan boshqarish;
yer osti boyliklari to‘g‘risida geologik va boshqa axborotlarni olish uchun foydali qazilmalar resurslarini prognozlashtirish va baholash, aerokosmik o‘rganish ham shu jumlaga kiradi, ulardan tejab va oqilona foydalanish shart-sharoitlarini aniqlash uchun, shuningdek foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda yer osti boyliklaridan foydalanish imkoniyatlarini asoslash uchun boshqa axborotlarni olish maqsadida yer osti qa’rini geologik o‘rganish;
tosh geologiya materiallari davlat fondini, ilmiy, madaniy, estetik va boshqa ahamiyatga ega bo‘lgan alohida qo‘riqlanadigan geologiya obyektlarini boshqarish;
yer osti boyliklari to‘g‘risidagi geologik axborot davlat fondini yuritish, yer osti boyliklarini, shuningdek, boshqa maqsadlar uchun foydalanishga beriladigan yer osti uchastkalarini geologik o‘rganish bo‘yicha ishlarni davlat yo‘li bilan hisobga olish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
yer osti boyliklari geologik o‘rganilishi va mineral resurslardan oqilona foydalanilishi ustidan davlat nazoratini (o‘z vakolati doirasida) o‘rnatish.
4. Davlat geologiya qo‘mitasi o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
O‘zbekiston hududining geologik jihatdan o‘rganilganligini, xalq xo‘jaligining mineral xomashyo zaxiralari bilan ta’minlanganligini tahlil qiladi va shuning asosida vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda mineral-xomashyo bazasidan foydalanish, takror ishlab chiqarish sur’atlarini, yanada kengaytirish, mustahkamlash va sifat jihatidan yaxshilash, oqilona va kompleks foydalanish strategiyasi va ushbu maqsadlar uchun zarur bo‘lgan davlat mablag‘lari va boshqa investitsiyalar haqida takliflar ishlab chiqadi;
respublika mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish dasturini vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar ishtirokida ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi, ularning bajarilishini nazorat qiladi;
respublikani ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqishda, mineral-xomashyo bazasidan foydalanish dasturini, yer osti boyliklarini geologik o‘rganish va muhofaza qilish davlatlararo va xalqaro dasturlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda qatnashadi;
yer osti boyliklarini geologik o‘rganish va mineral resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi ishlarning ilmiy asoslanishini amalga oshiradi;
davlat buyurtmalarini joylashtiradi, Davlat geologiya qo‘mitasi korxonalari va tashkilotlari tomonidan bajariladigan geologiya-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarini davlat mablag‘lari hisobidan ta’minlaydi, qaysi idoraga bo‘ysunishi va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxonalar va tashkilotlarning geologiya-qidiruv ishlariga ajratiladigan davlat mablag‘laridan oqilona foydalanilishini nazorat qiladi;
shartnoma asosida geologiya-qidiruv ishlari olib borilishini, mineral xomashyosining asosiy turlari zaxiralari o‘sishi bo‘yicha davlat buyurtmalari va respublika mineral-xomashyo bazasini shakllantirish, mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha geologiya topshiriqlari bajarilishini ta’minlaydi;
respublika hududining geologik o‘rganilishi sohasidagi ilmiy-tadqiqot, mavzular bo‘yicha, tajriba-konstruktorlik ishlari va boshqa ishlarning asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqadi;
O‘zbekiston hududini geoekologik tadqiq etish dasturlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishida qatnashadi;
yer osti boyliklarini geologik o‘rganishni va mineral resurslardan oqilona foydalanishni tartibga soluvchi tarmoqlararo va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
qo‘shni davlatlarning geologik xizmatlari bilan birgalikda radioaktiv va zaharli elementlar bilan ifloslangan o‘choqlarni aniqlash va o‘rganish ishlarini amalga oshiradi, qo‘shni hududlarning ekologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan alohida xavfli zonalar va uchastkalar aks ettirilgan geologik xaritalar va atlaslar tuzadi hamda ularni manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarga taqdim etadi;
yer osti boyliklari, tosh geologik materiallar (jinslar, rudalar, jilolanuvchi tosh xomashyo, nodir mineralogik hosilalar, paleontologik qoldiqlar va boshqa geologik kolleksiya materiallari), konlarning davlat kadastri, foydali qazilmalar, texnogen hosilalar (mineral-xomashyo qazib olish va ularni qayta ishlashda hosil bo‘ladigan chiqindilar) va mineral xomashyoning barcha turlari, uglevodorod xomashyosi ham shu jumlaga kiradi, bo‘yicha foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi to‘g‘risidagi geologik axborotning davlat fondi yuritilishini amalga oshiradi;
yer osti boyliklarini, shuningdek, foydali qazilmalar qazib olish, texnogen hosilalardan foydalanish, jilolanuvchi tosh xomashyo, paleontologik qoldiqlar va boshqa geologik kolleksiya materiallari namunalarini to‘plash, foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlari qurish va ulardan foydalanish uchun berilgan uchastkalarni geologik o‘rganish bo‘yicha ishlarning davlat hisobini va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini yuritadi;
ilmiy, madaniy, estetik va boshqa ahamiyatga ega bo‘lgan alohida qo‘riqlanadigan geologik obyektlar (ilmiy va o‘quv poligonlari, geologiya qo‘riqxonalari, zakazniklar, nodir geologik ochiq tog‘ jinslari, g‘orlar va boshqalar) hududlarida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilishini muvofiqlashtiradi, yangi geologiya qo‘riqxonalari, zakazniklar tashkil etish to‘g‘risida xulosalar beradi va takliflar kiritadi;
xavfli geologik jarayonlar (ko‘chkilar, siljishlar, cho‘kishlar, suffozilar, karstlar) hosil bo‘lishi va rivojlanishi ustidan kuzatish ishlarini olib boradi;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda suv manbalari (yer osti suvlaridan foydalanish va hududlarni texnogen va xavfli geologik jarayonlarning ta’siridan muhofaza qilish sxemalarini ishlab chiqadi;
foydali qazilma konlarini ilmiy prognozlashtirish, izlash va qidirish metodikasini takomillashtirish, geologiya-qidiruv ishlab chiqarishi texnikasi va texnologiyasini mukammallashtirish masalalarida yagona ilmiy-texnik siyosatni muvofiqlashtiradi va olib boradi;
sanoat va fuqaro qurilishini istiqbolli joylashtirish uchun muhandislik-geologik va geoekologik asosni tayyorlaydi;
turli xildagi foydali qazilmalarni yo‘l-yo‘lakay qazib chiqarishni amalga oshiradi va ularni shartnoma asosida kon qazish korxonalariga qayta ishlash uchun beradi, statistika organlariga belgilangan tartibda tegishli hisobotlar taqdim etadi;
o‘z vakolati doirasida mineral xomashyoga va yer qa’ridagi qidirilgan foydali qazilmalarga konditsiyalarni tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi foydali qazilmalar zaxiralari davlat komissiyasi (O‘zbekiston Respublikasi DZK) ekspertlarining shaxsiy tarkibi bo‘yicha takliflar kiritadi, Davlat geologiya qo‘mitasi huzuridagi foydali qazilmalar zaxiralari markaziy komissiyasi (MZK)ning shaxsiy tarkibini kelishib oladi, O‘zbekiston Respublikasi DZK ishida qatnashish uchun o‘z mutaxassislarini yuboradi;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korxonalar va mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda yer qa’rini geologik o‘rganish, undan foydalanish hamda uni muhofaza qilish sohasida tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish strategiyasi to‘g‘risida takliflar ishlab chiqadi;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar bilan birgalikda, shu jumladan, xorijiy firmalar ham ishtirok etgani holda, yer qa’ridan foydalanishga litsenziyalar olish uchun da’vogarlarni tanlash maqsadida ko‘riklar (tenderlar) o‘tkazishga materiallar tayyorlashni amalga oshiradi;
xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlarini olib boradi, chet el investorlari bilan muzokaralarda ishtirok etadi hamda ularga yer qa’ridan foydalanish huquqini berish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, simpoziumlar, ko‘rgazmalar o‘tkazadi, belgilangan tartibda xalqaro tashkilotlar, boshqa mamlakatlarning geologiya xizmatlari bilan Davlat geologiya qo‘mitasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan aloqada bo‘ladi;
xavfli geologiya jarayonlari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zonalarda xalq xo‘jaligi va fuqaro obyektlarini qurish uchun hududlarni tanlash yuzasidan va qurilish qilinishi uchun so‘ralayotgan maydonlarda ruda yo‘qligi to‘g‘risida xulosalar berishni ta’minlaydi;
foydali qazilma zaxiralarining holati va ulardan foydalanishning mintaqaviy va lokal axborot tizimlarining faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni ta’minlaydi, davlat geologiya, geoekologiya xaritalari va atlaslarini, axborot byulletenlarini (shu jumladan yer osti suvlarining holati to‘g‘risida), to‘plamlarni, kataloglarni, uslubiy materiallarni nashr etadi;
sanoat ahamiyatini yo‘qotgan yoxud keyinchalik geologiya-qidiruv ishlarida yoki konlarni qazish chog‘ida tasdiqlanmagan foydali qazilma zaxiralarini yer qa’ridan foydalanuvchining hisobidan chiqarish to‘g‘risida xulosalar beradi;
shartnoma asosida o‘ziga qarashli, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar va tashkilotlar tomonidan yer qa’rini geologik o‘rganish, mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlash hamda boshqa faoliyat bo‘yicha o‘z tarkibiy bo‘linmalarini tashkil etish ishlarini olib boradi, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq qo‘shma korxonalarning muassislari sifatida ishtirok etishi mumkin;
shartnoma asosida va boshqa asosda o‘ziga qarashli korxonalar va tashkilotlar bilan birgalikda yer qa’rini geologik o‘rganishga oid ishlarni amalga oshiradi hamda geologiya-qidiruv ishlarini, foydali qazilmalar qazib olish va boshqa faoliyatni, shu jumladan, chet mamlakatlarda ham amalga oshirish bo‘yicha xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etadi;
o‘ziga qarashli korxonalar va tashkilotlar bilan birgalikda moddiy-texnik resurslarning ilmiy asoslangan me’yoriy xarajatlarini shakllantirishni, davlat buyurtmalariga ajratiladigan markazlashtirilgan resurslarga limitlarni taqsimlashni amalga oshiradi, moddiy-texnik ta’minot masalalarini muvofiqlashtiradi, ulgurji savdoni rivojlantirishga hamda yetkazib beruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘rialoqalarni rivojlantirishga, moddiy resurslarni sotishga, shartnomalarning o‘z vaqtida tuzilishiga, ikkilamchi va mahalliy resurslardan oqilona foydalanishga ko‘maklashadi;
qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan yirik sanoat va qishloq xo‘jaligi obyektlarining tabiiy muhitga ta’sirini baholash ishlarida ishtirok etadi;
yer osti suvlari holatini kuzatishning mintaqaviy tarmog‘ining faoliyat ko‘rsatishini tashkil etadi va ta’minlaydi;
tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan o‘zaro hamkorlikda yer qa’ri monitoringini amalga oshiradi, geologiya muhiti obyektlarini muhofaza qilish, shu jumladan yer osti suvlarining ifloslanishi va kamayishini muhofaza qilish ustidan idoraviy nazoratni ta’minlaydi;
respublika hududining sho‘rlanishiga hamda sahroga aylanishiga ta’sir etuvchi mintaqaviy ekzogen geologiya jarayonlarini o‘rganishni amalga oshiradi;
foydali qazilmalar joylashgan maydonlarda imorat qurish mumkinligi hamda ular joylashgan joylarda foydali qazilmalar qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini joylashtirish, shuningdek, foydali qazilma konlariga yaqin maydonlarda imorat qurish mumkinligi to‘g‘risida xulosalar beradi;
yer qa’ri uchastkalarini o‘rganishni ta’minlaydi hamda ulardan foydali qazilmalarni qazib chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini qurish va ularni ishlatish uchun foydalanish, zaharli moddalarni, radioaktiv chiqitlarni va ishlab chiqarish chiqitlarini ko‘mish uchun foydalanish mumkinligi to‘g‘risida xulosalar beradi;
suv (yer osti suvlaridan maxsus foydalanishga ruxsatnomalarni kelishib oladi;
Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi va Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda keng tarqalgan foydali qazilmalar ro‘yxatini belgilaydi va uni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda geologiya-razvedka ishlari (mineral xomashyo negizini yaratishga xarajatlarni qoplash stavkalari miqdorlarini, geologiya-qidiruv ishlarini moliyaviy ta’minlash va uni kreditlash bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqadi;
yer qa’ri uchastkalari, yer va suv resurslari qiymatini baholash metodikasi bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishda hamda ularning qiymatini belgilashda ishtirok etadi;
yer qa’rini geologik o‘rganishga oid ishlarni loyihalashtirish, smeta baholarini shakllantirish va amalga oshirish sohasidagi O‘zbekiston hududida geologik o‘rganish ishlarini amalga oshiruvchi barcha yuridik va jismoniy shaxslarning bajarishi uchun majburiy bo‘lgan standartlar, me’yorlar, qoidalar va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
xo‘jalik hisob-kitobini mustahkamlash, bozor munosabatlarini rivojlantirish va takomillashtirish, korxona va tashkilotlar ishining rentabelligini oshirish, asosiy va aylanma mablag‘lar hamda bank kreditlaridan samarali foydalanishga oid ishlarni amalga oshiradi, o‘ziga qarashli korxonalarning moliyaviy faoliyatini yaxshilashga ko‘maklashadi;
tarmoq korxonalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda ishtirok etadi, mulkchilikning turli shakllariga asoslangan yangi tuzilmalarning tashkil etilishida ko‘maklashadi;
ekstremal sharoitlarda (suvsizlik, baland tog‘, yer osti va boshqalar) ishlarni olib borishga ustama to‘lovlarning miqdorlarini belgilash bo‘yicha takliflarni asoslaydi va ishlab chiqadi;
buxgalteriya va statistika hisobini takomillashtiradi, nazorat-taftish ishlarini tashkil etadi, o‘ziga bo‘ysunuvchi tashkilotlarning buxgalteriya hisobotlari va balanslarini tasdiqlaydi, Davlat geologiya qo‘mitasining ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyati to‘g‘risida buxgalteriya va statistika hisobotlarini tayyorlaydi;
tarmoqda ishlarni olib borish uchun ekspertizani tashkil etadi hamda loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlaydi;
ishlarni olib borishning xavfsizligi bo‘yicha tarmoq me’yoriy hujjatlarini ishlab chiqadi, o‘ziga qarashli korxonalar va tashkilotlarda mehnat haqidagi qonunchilik, mehnatni va atrof tabiiy muhitini muhofaza qilish qoidalari va me’yorlari talablariga rioya qilish, xodimlarning ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalardan davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasidan o‘z vaqtida o‘tkazilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
bozor munosabatlarini rivojlantirish sharoitlarida ishlab chiqarishni tashkil etish, mehnatga haq to‘lash shakllari va metodlarini takomillashtirish, tarmoq xodimlari hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy muhofazalashni ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi;
kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni olib boradi, rahbar kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, shuningdek, rezervni shakllantirish, o‘rta, alohida hollarda yuqori bo‘g‘in geolog mutaxassislarini o‘qitishni amalga oshiradi.
III. DAVLAT GEOLOGIYA QO‘MITASINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
5. Davlat geologiya qo‘mitasiga quyidagi huquqlar beriladi:
o‘ziga qarashli korxona va tashkilotlarni belgilangan tartibda tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish;
yer qa’rini geologik o‘rganish hamda mineral resurslardan foydalanishga doir ishlarni o‘z vakolati doirasida tekshirish;
respublika vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralari, korxonalar va tashkilotlar bilan kelishgan holda ularning mutaxassislarini geologiya materiallarini mustaqil ekspertizadan o‘tkazish uchun jalb etish;
o‘z vakolati doirasida korxonalar va tashkilotlardan belgilangan hisobot shakllari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish;
yer osti boyliklarini geologik o‘rganish qoidalari va normalari buzilgan, mineral resurslardan nooqilona foydalanilgan hollarda yer osti boyliklaridan foydalanishni to‘xtatish, bir oz to‘xtatib turish yoki ulardan foydalanish qoidasini cheklash to‘g‘risida qarorlar chiqarish;
o‘z vakolati doirasida barcha yer osti boyliklaridan foydalanuvchi, ularni geologik o‘rganishni va mineral resurslardan foydalanishni amalga oshiruvchilar uchun bajarish majburiy bo‘lgan yo‘riqnomalar, uslubiy ko‘rsatmalar va boshqa normativ hujjatlar nashr etish;
zarur hollarda boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda qo‘shma normativ hujjatlar, yo‘riqnomalar, qoidalar nashr etish;
belgilangan tartibda yer osti boyliklarini geologik o‘rganish va mineral resurslardan foydalanish sohasida davlat geologik va geoekologik kartalar, atlaslar va boshqa kartografik materiallar, ilmiy asarlar, yo‘riqnomalar, ma’lumotnomalar, axborot byulletenlari va boshqa xil adabiyotlar nashr etish;
belgilangan tartibda shartnoma asosida yer osti boyliklari haqidagi geologik hamda boshqa xil axborotlarni amalga oshirish (berish, almashish, sotish);
tashkilotlar hamda korxonalar bilan ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun xo‘jalik shartnomalari tuzish;
banklarda hisob-kitob, valyuta va boshqa schyotlar ochish;
geologiya tarmog‘ining ko‘krakka taqiladigan belgilarini ta’sis etish va belgilangan tartibda Davlat geologiya qo‘mitasi, geologiya tarmog‘i korxonalari va tashkilotlari xodimlarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining hamda xorijiy mamlakatlarning boshqa fuqarolarini geologiya tarmog‘ining belgilari, faxriy yorliqlar bilan mukofotlash, ularga nisbatan rag‘batlantirishning boshqa choralarini qo‘llash.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining mansabdor shaxslari o‘zlariga yuklangan vazifalarning bajarilishi va o‘z xizmat vazifalarining amalga oshirilishi uchun qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
IV. DAVLAT GEOLOGIYA QO‘MITASINING RAHBAR ORGANLARI
7. Davlat geologiya qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Rais boshchilik qiladi.
Rais Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan o‘rinbosarlarga, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega bo‘ladi. O‘rinbosarlar o‘rtasidagi vazifalarni Davlat geologiya qo‘mitasi Raisi taqsimlaydi.
8. Davlat geologiya qo‘mitasi Raisi:
barcha davlat organlarida, tashkilotlarida, korxonalarida, jumladan, xorijiy tashkilotlar va korxonalarda geologiya tarmog‘i manfaatlarini ifodalaydi, shartnomalar (kontraktlar) tuzadi;
Davlat geologiya qo‘mitasiga yuklangan vazifalar va majburiyatlarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, Rais o‘rinbosarlarining, bo‘limlar boshliqlarining va tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining javobgarlik darajalarini belgilaydi;
o‘z vakolati doirasida buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi, bajarish uchun majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi hamda ularning ijrosini tekshiradi; Davlat geologiya qo‘mitasi apparati tuzilmasini, shtatlar jadvalini, xodimlarga ish haqi to‘lash va mukofotlash haqidagi nizomni, Davlat geologiya qo‘mitasiga bevosita bo‘ysunuvchi tashkilotlarning ustavlari (nizomlari)ni tasdiqlaydi, o‘ziga qarashli korxonalar va tashkilotlarning rahbarlarini, shuningdek, Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan bo‘shatadi;
geologiya tarmog‘ining ko‘krakka taqiladigan belgilari haqidagi nizomni, ularning tavsifini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, tarmoq xodimlarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarning boshqa fuqarolarini geologiya tarmog‘ining ko‘krakka taqiladigan belgilari, faxriy yorliqlar bilan mukofotlashga taqdim etish tartibini tasdiqlaydi;
zarur hollarda respublikaning boshqa vazirliklari va idoralari bilan birga qo‘shma qarorlar chiqaradi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasida tarkibida Rais (hay’at raisi), Rais o‘rinbosarlari, shuningdek, boshqa rahbar xodimlar bo‘lgan 9 kishidan iborat hay’at tuziladi. Hay’at a’zolari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat geologiya qo‘mitasi hay’ati o‘z majlislarida geologiya-qidiruv, ilmiy-tadqiqot va boshqa ishlarni rivojlantirish, Davlat geologiya qo‘mitasi tashkilotlari tomonidan davlat buyurtmalari va geologiya topshiriqlarining bajarilishi, ishlab chiqarishdagi ish sharoitlarining ahvoli, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va o‘z qarorlarining bajarilishini nazorat qilish masalalarini ko‘rib chiqadi, o‘zlariga qarashli korxonalarning hisobotlarini, shuningdek, Davlat geologiya qo‘mitasi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni eshitadi, o‘zlariga qarashli faxriy nomlarni, ko‘krakka taqib yuriladigan belgilarni, faxriy yorliqlarni ta’sis etadi.
Hay’at qarorlari, odatda, Raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Rais bilan hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lib qolgan hollarda Rais Vazirlar Mahkamasiga vujudga kelgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida xabar berib, o‘z qarorini o‘tkazaveradi, hay’at a’zolari esa o‘z navbatida ana shu joyga o‘z mulohazalarini ma’lum qilishlari mumkin.
10. Ishlarning eng muhim yo‘nalishlari va natijalarini va yer osti boyliklarini geologik o‘rganish va mineral resurslardan foydalanish bilan bog‘liq boshqa masalalarni ko‘rib chiqish uchun Davlat geologiya qo‘mitasida yuqori malakali mutaxassislardan, shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlarining, ilmiy-texnika jamiyatlarining va boshqa tashkilotlarning vakillaridan iborat ilmiy-texnika kengashi tuziladi.
Ilmiy-texnika kengashi tarkibi va uning haqidagi nizom Davlat geologiya qo‘mitasi Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
11. Mineral xomashyo uchun konditsiyalashni va foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash uchun Davlat geologiya qo‘mitasi huzurida Davlat geologiya qo‘mitasi Raisi boshchilik qiladigan Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha markaziy komissiya tuziladi.
Zaxiralar bo‘yicha markaziy komissiya to‘g‘risidagi nizom Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, “O‘zsanoatkontexnazorat” davlat qo‘mitasi bilan kelishib olinadi va Davlat geologiya qo‘mitasi Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Davlat geologiya qo‘mitasi apparati o‘ziga qarashli korxonalar va tashkilotlarning foydasidan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga, shuningdek, apparat tomonidan bajariladigan ishlar va xizmatlarni, shu jumladan, o‘ziga qarashli korxonalar, tashkilotlar, shuningdek, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun ishlar va xizmatlarni amalga oshirishdan olingan daromadlar hisobiga ta’minlanadi.
13. Davlat geologiya qo‘mitasi Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan berilgan o‘ziga qarashli korxonalar va tashkilotlarning to‘la xo‘jalik tasarrufida bo‘lgan davlat mulkiga egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqini amalga oshiradi.
14. Davlat geologiya qo‘mitasi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi aks ettirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1996-y., 12-son, 34-modda)