Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xodimlar tomonidan xizmatni oʻtash tartibini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy gvardiya) xodimlarini tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ularning masʼuliyatini oshirish, moddiy taʼminoti va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, shuningdek, xodimlarning xizmat oʻtashini tashkil etish maqsadida:
1. Milliy gvardiya xodimlari tomonidan xizmatni oʻtash tartibini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
boʻsh lavozimlarni oʻz kasbiy fazilatlari, ishchanligi, xulq-atvori va psixologik barqarorligi bilan namuna boʻlgan istiqbolli kadrlar bilan toʻldirish mexanizmini joriy etish;
ish tajribasining uzviyligini, yosh xodimlarning xizmatga amaliy moslashishini, kasbiy shakllanish jarayonini tezlashtirish hamda ularda xizmat vazifasi boʻyicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini rivojlantirishni taʼminlovchi samarali murabbiylik tizimini yoʻlga qoʻyish;
xodimlar oʻrtasida barqaror professional muhitni shakllantirish, xodimlarning uzoq muddatli xizmatini ragʻbatlantirish, shuningdek, kadrlarning professional va shaxsiy fazilatlari hamda qobiliyatlarini inobatga olgan holda lavozimlarga optimal taqsimlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
ijro intizomini, shu jumladan boshqaruv qarorlari har bir ijrochiga bevosita oʻz vaqtida yetkazilishi va bajarilishini tizimli nazorat qilishning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali taʼminlash mexanizmini qayta koʻrib chiqish.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining xizmat oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining intizom ustavi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Shunday tartib belgilansinki, unga muvofiq Milliy gvardiya qoʻmondonining oʻrinbosarlari va boshqarma boshliqlari:
a) har chorakda joylarga chiqib, Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasining boʻlinmalari, oʻquv markazlari rahbarlarining erishgan aniq natijalarini koʻrsatgan holda, boshqaruv qarorlarining amalga oshirilishi haqidagi shaxsiy hisobotlarini eshitadi;
b) har yarim yil yakunlari boʻyicha Milliy gvardiya hayʼatida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, shuningdek, xizmat oʻtashni tashkillashtirish, ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar talablarini inobatga olgan holda bajarilgan ishlar yuzasidan shaxsan hisobot beradi. Bunda quyidagilar boʻyicha aniq choralar koʻrilishi nazarda tutiladi:
tashabbus koʻrsatmaydigan va masʼuliyatsiz rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash;
Milliy gvardiya boʻlinmalarining ijobiy ish tajribasini tatbiq etish va qoʻllash.
4. Milliy gvardiya va Adliya vazirligining:
Milliy gvardiya xodimlarini Milliy gvardiya tizimidagi taʼlim muassasalari va boshqa taʼlim muassasalarining kunduzgi va sirtqi taʼlim shaklida tayyorlash;
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya xodimlarini Milliy gvardiya oʻquv markazlarida belgilangan tartibda maxsus kasbiy (boshlangʻich) tayyorgarlikdan oʻtkazish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
(4-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-sonli Farmoniga asosan uchinchi xatboshi bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.01.2024-y., 06/24/1/0001-son)
5. Milliy gvardiyada murabbiylar faoliyatini samarali yoʻlga quyish maqsadida:
Milliy gvardiyada murabbiylar mutaxassislik boʻyicha kamida besh yil xizmat qilgan, yuksak kasbiy fazilatlar, xizmatda samarali koʻrsatkichlar va tarbiyaviy yoʻnalishda koʻnikmalarga ega boʻlgan eng tajribali xodimlar orasidan tanlab olinadi;
murabbiylarga, qoida tariqasida, koʻpi bilan bir nafar ofitserlar tarkibidan boʻlgan xodim, besh nafargacha safdor va serjantlar tarkibidan boʻlgan xodimlar biriktiriladi.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddati kalendar hisobida yigirma yilni tashkil qiladi, imtiyozli hisoblanadigan davr xodimlarga pensiya miqdori hisoblanayotgan vaqtdagina inobatga olinadi;
Milliy gvardiyaning jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalar asosida faoliyat yurituvchi boʻlinmalarining xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Milliy gvardiya xodimlariga belgilangan pul taʼminotining normalari tatbiq etiladi;
Milliy gvardiya xodimlarining farzandlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga yashash yoki xizmatni oʻtash joyi boʻyicha qabul qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son “Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
7. Milliy gvardiyaning xizmat intizomi va benuqson uzluksiz xizmati uchun tashabbuskor va vijdonli xodimlarni taqdirlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining fidoyi xodimi” idoraviy koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
8. Quyidagilarga:
Milliy gvardiya qoʻmondoniga — amalga oshirilayotgan islohotlar talablariga muvofiq Milliy gvardiyaga yuklatilgan vazifalar hamda faoliyat yoʻnalishlarining sifatli va toʻla hajmda amalga oshirilishi, xizmatlar faoliyatining samarali muvofiqlashtirilishi, hamkorligi taʼminlanishi va Milliy gvardiya rahbariyatining topshiriqlarini soʻzsiz va oʻz vaqtida ijro etilishi yuzasidan tizimli nazorat oʻrnatilishi boʻyicha;
barcha darajadagi tarkibiy boʻlinmalar rahbarlariga — xodimlarni tanlash va joy-joyiga maqsadli qoʻyish, xodimlarni oʻz vaqtida va xolislik bilan ragʻbatlantirish hamda intizomiy jazo choralarini koʻrish, ularning ijtimoiy himoya kafolatlarini taʼminlash, shuningdek, rahbarlik qilayotgan boʻlinmada ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha;
tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarining kadrlar va tarbiyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlariga — oʻz xizmat vazifalarini vijdonan bajarayotgan xodimlarning xizmatda koʻtarilishini taʼminlovchi kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularni oʻqitish va ulardan toʻlaqonli foydalanish, shaxsiy tarkib bilan samarali tarbiyaviy ish olib borish va xizmatni oʻtashni nazorat qilishni tashkil etish boʻyicha;
mutaxassislarga biriktirilgan murabbiylarga — xodimlarga amalga oshirayotgan faoliyatida natijadorlikka hamda yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishga intilishni singdirish, ularda ishga amaliy yondashuvni va xizmat burchiga tashabbuskorlik bilan munosabatda boʻlish koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.
9. Milliy gvardiya:
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining pul taʼminoti tarkibiga kiruvchi toʻlovlarning tuzilmasi va roʻyxati tasdiqlanishini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;
uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 22-aprel,
PQ-5089-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5089-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy gvardiya) safdor-serjant va ofitserlar tarkibidagi xodimlarining (keyingi oʻrinlarda — xodimlar) xizmatni oʻtash tartibini belgilaydi.
2. Xodimlarning xizmati (keyingi oʻrinlarda — xizmat) davlat xizmati turi boʻlib, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, qonun ustuvorligini, jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha vazifalarni amalga oshirishdan iborat.
3. Xizmatni oʻtash quyidagi tartiblarni oʻz ichiga oladi:
xizmatga qabul qilish;
maxsus unvonlar berish va ulardan mahrum etish;
lavozimga tayinlash, lavozimdan ozod etish va lavozimdan lavozimga oʻtkazish;
xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
xodimning boshqa davlat organlari va tashkilotlariga saylanganida (tayinlanganida, safarbar etilganida) xizmat oʻtashi;
attestatsiya oʻtkazish;
taʼtillar berish;
huquqiy va ijtimoiy himoya qilish;
xizmat oʻtash rejimini taʼminlash;
xizmat muddatlarini uzaytirish, xizmatdan boʻshatish va xizmatga tiklash.
2-bob. Milliy gvardiya boʻlinmalariga maxsus unvonli lavozimlarga xizmatga qabul qilish
Oldingi tahrirga qarang.
4. Xizmatga ixtiyoriy ravishda yoshi oʻn sakkizdan kichik va oʻttizdan katta boʻlmagan, shu jumladan oʻttiz yoshda boʻlgan Qoʻriqlash bosh boshqarmasi idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega, tayyorgarlik mashgʻulotlari va tanlov bosqichlaridan oʻtgan ishchi va xizmatchilari orasidan (bundan tor doiradagi mutaxassislikka ega boʻlgan nomzodlar mustasno) tanlab olish orqali Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-11-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 07/23/11/0045-son)
Zarur hollarda, Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadigan roʻyxat boʻyicha Milliy gvardiyaning ayrim boʻlinmalariga Milliy gvardiya xodimlari lavozimiga oʻttiz yoshdan katta boʻlgan fuqarolar agar ular xizmatda boʻlishning eng yuqori yoshiga toʻlgan paytida koʻp yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega boʻlsa qabul qilinishi mumkin.
5. Erkaklar Milliy gvardiya xodimi lavozimiga tayinlanguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruv rezervidagi harbiy xizmatni oʻtashi yoxud oliy oʻquv yurtlarida harbiy tayyorgarlikdan oʻtishi kerak.
6. Xizmatga kirish istagini bildirgan fuqaro (keyingi oʻrinlarda — nomzod) doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyidagi Milliy gvardiya boʻlinmalariga Milliy gvardiya Qoʻmondonining buyrugʻi bilan belgilanadigan roʻyxat boʻyicha hujjatlarni taqdim etadi.
7. Nomzodlarning boʻy koʻrsatkichlari quyidagi antropometrik parametrlarga mos boʻlishi lozim:
erkaklar uchun 178 santimetrdan past boʻlmasligi;
ayollar uchun 170 santimetrdan past boʻlmasligi lozim.
Nomzodlarga maxsus biometrik parametrlar oʻrnatiladigan boʻlinmalar va lavozimlar roʻyxati hamda tor ixtisoslik boʻyicha mutaxassislar qatoridan boʻlgan nomzodlarning boʻy koʻrsatkichlari Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
8. Alohida hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori yoki farmoyishi, shuningdek, roziligiga yoxud Milliy gvardiya qoʻmondonining buyrugʻiga asosan boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan xodimlar, Milliy gvardiyaning katta amaliy ish tajribasiga ega pensionerlari, ushbu Nizomning 4-bandi da belgilangan talablar inobatga olinmagan holda xizmatga qabul qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-noyabrdagi PF-188-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2023-y., 06/23/188/0835-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Quyidagi fuqarolar Milliy gvardiya xodimi lavozimiga qabul qilinishi mumkin emas:
a) belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan;
b) xizmatni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari boʻlgan;
v) boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga koʻra boʻshatilgan fuqarolar;
g) sodir etgan jinoyati uchun qoʻllangan jazo turidan, sudlanganlik holati tugallanganidan yoki olib tashlanganidan yoxud amnistiya akti yoki afv etish qoʻllanganidan qatʼi nazar muqaddam sudlangan;
d) xizmatni oʻtash bilan bogʻliq boʻlgan cheklovlarga rioya etishni rad qilgan yoki Milliy gvardiyaning maxsus talablariga javob bermagan.
Milliy gvardiya boʻlinmalariga maxsus unvonli lavozimlarga xizmatga kirish istagini bildirgan fuqaro Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan Milliy gvardiya organlarida xizmatni oʻtash bilan bogʻliq boʻlgan cheklovlar hamda Milliy gvardiyaning maxsus talablari bilan yozma shaklda tanishtiriladi, bunda nomzod cheklovlarga rioya etishni rad etganda yoki maxsus talablarga javob bermaganda, uni xizmatga qabul qilish rad etiladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-yanvardagi PQ-21-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2025-y., 07/25/21/0070-son)
Oldingi tahrirga qarang.
91. Milliy gvardiya xodimlari quyidagilarga haqli emas:
oʻzaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻillar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) Milliy gvardiya organlarida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita boʻysunishiga olib kelsa;
ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa faoliyat bilan shugʻullanishga;
tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) boʻlishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarishga;
oʻz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olishga;
qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlardan, preferensiyalar yoki afzalliklardan oʻz xizmat mavqeyi bilan bogʻliq holda foydalanishga;
qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarda, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ishtirok etishga;
chet davlat fuqaroligini yoki chet davlatda doimiy yashash huquqini beruvchi hujjatni olish maqsadida murojaat qilishga;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega boʻlishga, koʻchmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga, bundan chet davlatda taʼlim olish, stajirovka oʻtash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar mustasno;
oʻzining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalarining va ular organlarining manfaatlarini koʻzlab amalga oshirishga, xizmat majburiyatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq hollar bundan mustasno;
xizmatni oʻtash vaqtida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajarishga, bundan farzand tugʻilishi, nikoh, toʻy va dafn marosimlari mustasno;
Milliy gvardiya organlarining binolarida va hududida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni tashkil etishga, diniy mazmundagi materiallar va buyumlarni saqlashga, xizmat majburiyatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq hollar bundan mustasno.
(91-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-yanvardagi PQ-21-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2025-y., 07/25/21/0070-son)
10. Tanlov quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
nomzodni dastlabki oʻrganish;
yakka tartibda suhbat;
jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
psixologik test.
11. Tanlovlarni tashkil etish uchun Milliy gvardiya boʻlinmalarida qabul komissiyalari tashkil etiladi.
Milliy gvardiyaga xizmatga qabul qilish boʻyicha tanlov nomzodning doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyi boʻyicha amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasi apparati, Davlat organlari obyektlarini qoʻriqlash boʻyicha boshqarmasi, Xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarni qoʻriqlash boʻyicha alohida batalyoni va Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasiga xizmatga istisno tariqasida, Toshkent shahrida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinmagan fuqarolar orasidan ham nomzodlarni tanlash va qabul qilishga ruxsat beriladi.
12. Tor ixtisoslik boʻyicha mutaxassislardan iborat boʻlgan nomzodlar Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadigan roʻyxat va tartibda tanlovsiz xizmatga qabul qilinishi mumkin.
Milliy gvardiya axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, psixologik va yuridik taʼminlash boʻlinmalariga xizmatga qabul qilinayotgan nomzodlar, istisno tariqasida, tanlov imtihonlaridan ozod etiladi.
Milliy gvardiya uchun zarur hollarda ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega boʻlgan fan arboblari, shuningdek, madaniyat vakillari, soʻnggi besh yil davomida respublika miqyosidagi sport musobaqasining gʻolibi boʻlgan yoki xalqaro miqyosdagi sport musobaqasining 1 — 3-oʻrinlaridan birini egallagan sportchilar istisno tariqasida tanlovsiz xizmatga qabul qilinishi mumkin.
13. Nomzodning tegishli hujjatlarini yigʻish jarayonida unga bir paytning oʻzida xizmatga yaroqlilik darajasini aniqlash maqsadida harbiy-tibbiy komissiyasiga yoʻllanma beriladi.
Xizmatni oʻtashga toʻsqinlik qiluvchi kasalliklar va jismoniy nuqsonlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Xizmatga kiruvchi nomzodlarga xizmat siri hisoblanuvchi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadigan hamda oshkor etilishi man etiladigan maxsus talablar ham oʻrnatiladi.
Nomzodning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildlarini rasmiylashtirish davomida xizmatga qabul qilinishida toʻsqinlik qiluvchi maʼlumotlar (xizmatga qabul qilish uchun umumiy va maxsus talablarga mos kelmaslik) aniqlangan taqdirda uni shaxsiy hujjatlar yigʻmajildlarini rasmiylashtirish toʻxtatilib, xizmatga qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida vakolatli rahbar tomonidan qaror qabul qilinadi, bu haqda nomzodga xabar beriladi. Rad etilishi sabablari nomzodga maʼlum qilinmaydi.
Xizmatga mavjud boʻsh lavozimlarni hisobga olgan holda tanlov yakuniga koʻra yuqori natijalarga erishgan nomzodlar qabul qilinadi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari va Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylarining bitiruvchilari xizmatga qabul qilinishi uchun Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadigan tartibda ustunlikka ega boʻladi.
15. Tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar xizmatga qabul qilish vakolatiga ega boʻlgan boshliqning buyrugʻi bilan xizmatga qabul qilinib, lavozimga tayinlanadi.
16. Xodimlar lavozimlarga quyidagicha jamlanadi:
ofitserlar tarkibi — oliy maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan;
safdor-serjantlar tarkibi — oʻrta, oʻrta-maxsus, kasb-hunar yoki oliy maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining zaxirasidagi ofitserlarni Milliy gvardiyaning safdor-serjantlar tarkibi lavozimlariga tayinlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
17. Xizmatga birinchi marta qabul qilingan fuqarolar quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:
“Men (familiyasi, ismi, otasining ismi) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga xizmatga kirar ekanman, Oʻzbekiston xalqi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga sadoqatli boʻlishga, Vatanga, qasamyodga, Jangovar Bayroqqa sodiq qolishga, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablarini, oʻz xizmat burchimni soʻzsiz hamda vijdonan bajarishga, har qanday sharoitda xiyonat va sotqinlik qilmaslikka, oʻzimning jangovar shayligim uchun shaxsan javobgar boʻlishga, mardlik va fidokorlik bilan, oʻz hayotimni ayamasdan xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga qasamyod qilaman”.
18. Xizmatga qabul qilishda xodimga xizmat guvohnomasi va shaxsiy raqamli jeton beriladi.
Xodimning xizmat guvohnomasi va jetonining namunalari, shuningdek, ularni berish va hisobini yuritish tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan tasdiqlanadi.
Xodimning xizmat guvohnomasi oʻqotar qurolni olib yurish va saqlash huquqini, shuningdek, qonunga muvofiq unga berilgan boshqa huquq va vakolatlarni tasdiqlaydi.
19. Tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek, nomzodlarning shaxsiy hujjatlari yigʻmajildlarini rasmiylashtirish tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
20. Qasamyod qabul qilish, dastlabki sinov muddatini oʻtash va murabbiylarni biriktirish tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
21. Xizmatga qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining harbiy xizmatga majbur fuqarolari harbiy hisobdan chiqariladi va Milliy gvardiyaning maxsus hisobida turadi.
22. Xizmatga qabul qilingan xodimga dastlabki sinov muddati tayinlanadi va unga murabbiy biriktiriladi.
Dastlabki sinov muddati uch oydan ortiq boʻlishi mumkin emas.
23. Xizmatga qabul qilish va boʻshatish, shuningdek, maxsus unvonlar berish Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan vakolat berilgan rahbarlarning buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
3-bob. Maxsus unvonlarni berish va ulardan mahrum qilish
24. Maxsus unvon xodimning xizmat majburiyatlariga munosabati, oʻtagan xizmat yillari va egallagan lavozimini inobatga olgan holda yakka tartibda beriladi.
25. Xodimlarga quyidagi maxsus unvonlar beriladi:
safdor-serjantlar tarkibi — safdor, kichik serjant, serjant, katta serjant;
ofitserlar tarkibi:
kichik ofitserlar tarkibi — leytenant, katta leytenant, kapitan;
katta ofitserlar tarkibi — mayor, podpolkovnik, polkovnik;
generallar tarkibi — general-mayor, general-leytenant, general-polkovnik.
26. Birinchi va navbatdagi maxsus unvonlar maxsus unvonlar berish vakolatiga ega boʻlgan boshliqning buyrugʻi bilan beriladi.
27. “Safdor” maxsus unvoni Milliy gvardiya safdor-serjantlar tarkibi lavozimiga tayinlangan shaxslarga ularni tayinlash (qabul qilish) bilan bir vaqtda beriladi.
“Safdor” maxsus unvoni xizmatga qabul qilish vakolatiga ega boʻlgan boshliqlar tomonidan beriladi.
28. “Kichik serjant”, “serjant”, “katta serjant” maxsus unvonlari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining mintaqaviy oʻquv markazlarida malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlagan safdor-serjant tarkibiga beriladi.
29. Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan nomzodlarga ularni lavozimga tayinlash bilan bir vaqtda “katta serjant” maxsus unvoni beriladi, bu unvonda ular dastlabki sinov muddati tugab, ofitserlik unvoni berilguniga qadar xizmat olib boradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasidagi ofitserlar hisoblanuvchi va Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan nomzodlarga mavjud harbiy unvoniga teng darajadagi maxsus unvon beriladi.
30. Milliy gvardiya ofitserlar tarkibining birinchi maxsus unvoni “leytenant” hisoblanadi.
Ayrim hollarda, ilmiy darajasi yoxud faoliyatning tor ixtisoslik turlari boʻyicha koʻp yillik staji va ish (xizmat) tajribasiga ega boʻlgan fuqarolarga Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi lavozimlariga tayinlash vaqtida birinchi unvon sifatida “mayor” maxsus unvonigacha boʻlgan, shu jumladan “mayor” unvoni ham maxsus unvonlaridan biri berilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori, farmoyishi asosida yoki roziligi bilan generallar tarkibi lavozimlariga xizmatga yuborilgan, maxsus, harbiy va boshqa unvoni boʻlmagan shaxslarga belgilangan tartibda “polkovnik” maxsus unvonigacha boʻlgan, shu jumladan “polkovnik” maxsus unvoni ham berilishi mumkin.
Milliy gvardiya ofitserlar tarkibining birinchi maxsus unvoni Milliy gvardiya qoʻmondonining buyrugʻi bilan beriladi.
“Leytenant” maxsus unvoni quyidagilarga beriladi:
Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilinib, sinov muddatini muvaffaqiyatli oʻtagan shaxslarga;
Milliy gvardiya safdor-serjantlar tarkibidan ofitserlik lavozimlariga tayinlanganlarga.
31. Milliy gvardiya ofitserlar tarkibining navbatdagi maxsus unvonlari quyidagilar tomonidan beriladi:
“mayor” maxsus unvonigacha — ofitserlar tarkibi unvonlarini berish vakolatiga ega boshliqlar tomonidan, boshliqlari bunday vakolatga ega boʻlmagan tarkibiy tuzilmalar xodimlariga esa Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan;
“podpolkovnik” maxsus unvoni — Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan;
“polkovnik” maxsus unvoni — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan;
generallar tarkibining maxsus unvonlari — Milliy gvardiya qoʻmondonining tavsiyanomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan.
32. Maxsus unvonda xizmat oʻtash muddatlari quyidagicha belgilanadi:
“safdor” — ikki yil;
“kichik serjant” — ikki yil;
“serjant” — ikki yil;
“katta serjant” — muddatsiz;
“leytenant” — ikki yil;
Oldingi tahrirga qarang.
“katta leytenant” — uch yil;
(32-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-avgust dagi PQ-296-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2024-y., 07/24/296/0640-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“kapitan” — toʻrt yil;
(32-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-avgust dagi PQ-296-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2024-y., 07/24/296/0640-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“mayor” — besh yil;
(32-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-avgust dagi PQ-296-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2024-y., 07/24/296/0640-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“podpolkovnik” — olti yil;
(32-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-avgust dagi PQ-296-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2024-y., 07/24/296/0640-son)
“polkovnik” va undan yuqori maxsus unvonlarda xizmat qilish muddatlari belgilanmaydi.
33. Navbatdagi maxsus unvonlar belgilangan xizmat muddatini oʻtagan xodimlarga ular egallab turgan lavozimining unvon pogʻonasiga muvofiq beriladi.
34. Navbatdagi maxsus unvonni chetlab oʻtib, maxsus unvonlar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
35. Xodim mavjud unvonidan yuqori darajadagi unvon belgilangan lavozimga oʻtkazilganda, mavjud unvonida boʻlish muddati oʻtgan boʻlsa, lavozimiga qachon tayinlanganidan qatʼi nazar, navbatdagi maxsus unvon berish uchun taqdim etiladi.
36. Maxsus unvonda xizmat oʻtash muddati kalendar hisobda maxsus unvon berish haqida buyruq chiqarilgan kundan eʼtiboran hisoblanadi (ushbu Nizomning 46 va 47-bandlari talablari asosida berilgan maxsus unvonlar bundan mustasno).
Xodimning maxsus unvoni pasaytirilgan taqdirda uning avvalgi unvonini qayta tiklanguniga qadar oʻtagan xizmat davri navbatdagi unvon muddatiga qoʻshilmaydi.
37. Mardlik va qahramonlik, yuqori professionallik va vatanparvarlik sifatlarini koʻrsatgan xodimlarga navbatdagi maxsus unvon muddatidan oldin berilishi, shuningdek, shtat boʻyicha egallab turgan lavozimidagi maxsus unvonidan bir pogʻona yuqori unvon berilishi mumkin.
Muddatidan oldin navbatdagi maxsus unvonlar quyidagilarga beriladi:
generallar tarkibi lavozimlariga tayinlangan (“polkovnik” maxsus unvonidan past unvonga ega boʻlgan) xodimlarga — mavjud maxsus unvonda qancha muddat xizmat oʻtaganidan qatʼi nazar;
ofitserlar tarkibidagi lavozimlarda xizmat qilayotgan xodimlarga — mavjud maxsus unvonda xizmat qilish uchun belgilangan muddatning kamida uchdan ikki qismi oʻtganidan soʻng.
Milliy gvardiya qoʻmondoni mavjud maxsus unvonda xizmat oʻtash uchun qancha muddat belgilanganidan qatʼi nazar, navbatdagi maxsus unvonlarni berish huquqiga ega.
Egallab turgan lavozimiga koʻra nazarda tutilgandan bir pogʻona yuqori navbatdagi maxsus unvon quyidagilarga beriladi (generallar tarkibi maxsus unvonlari bundan mustasno):
ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega boʻlgan Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi xodimlariga — mavjud unvonda xizmat oʻtash muddati tugaganidan soʻng;
Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi lavozimlaridagi xodimlarga — mavjud unvonda xizmat oʻtash muddatining kamida bir yarim baravari oʻtganidan soʻng.
Bir vaqtning oʻzida muddatidan oldin hamda egallagan lavozimiga koʻra nazarda tutilgan bir pogʻona yuqori navbatdagi maxsus unvon berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
38. Pensiya olish huquqini beradigan xizmat yilini hamda navbatdagi maxsus unvon uchun belgilangan muddatini oʻtagan, egallab turgan lavozimiga koʻra belgilangan unvon pogʻonasi “kapitan” boʻlgan, ijobiy tavsiflanadigan ofitserlar tarkibidagi xodimlarga xizmatdan boʻshatish bilan bir vaqtda “mayor” maxsus unvoni berilishi mumkin.
39. Xodimlarga navbatdagi maxsus unvon berilishi quyidagi hollarda kechiktiriladi:
xodim Milliy gvardiya ixtiyorida boʻlganda;
xodimda amaldagi intizomiy jazosi mavjud boʻlganda;
xodim attestatsiyadan shartli ravishda oʻtganida;
xodimga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganda;
intizomiy jazo tariqasida egallab turgan lavozimidan ozod etilgan va boshqa lavozimga oʻtkazilgan taqdirda — lavozimidan ozod etilgan kundan boshlab, bir yil davomida.
40. Navbatdagi maxsus unvon berilishini asossiz ravishda kechiktirilishiga yoʻl qoʻygan boshliqlar va xodimlar belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortiladi.
41. Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi xodimlarining maxsus unvonlarini intizomiy jazo tariqasida bir pogʻona pasaytirish mumkin. Bunda unvon “leytenant” maxsus unvonigacha pasaytiriladi.
“Podpolkovnik” va undan past maxsus unvonlar Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan pasaytiriladi.
“Polkovnik” maxsus unvoni Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda pasaytiriladi.
Maxsus unvoni pasaytirilgan xodimning avvalgi unvoni egallab turgan lavozimidan qatʼi nazar, Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan unvonini pasaytirishni tavsiya etgan boshliqning (yoki unga tenglashtirilgan boshliqning) yoxud yuqori lavozimdagi boshliqning taqdimnomasi boʻyicha tiklanishi mumkin.
Generallar tarkibi xodimlarining maxsus unvonlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan pasaytiriladi va tiklanadi.
42. Maxsus unvoni pasaytirilgan va soʻngra tiklangan xodimning maxsus unvondagi muddati unvoni pasaytirilguniga qadar oʻtagan xizmati bilan qoʻshib hisoblanadi.
43. Sudning hukmi asosida maxsus unvonlardan mahrum qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
safdor-serjantlar tarkibining maxsus unvonlari — ushbu unvonlarni berish vakolatiga ega boshliqlar tomonidan;
ofitserlar tarkibining maxsus unvonlari — Milliy gvardiya qoʻmondonining buyrugʻi bilan.
Generallar tarkibi maxsus unvoniga ega shaxslar maxsus unvonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sudning tegishli taqdimnomasi asosida mahrum qilinishi mumkin.
Sud shaxsning maxsus unvonini tiklash haqida qaror qabul qilganida maxsus unvondan mahrum qilgan boshliq yoki bunday vakolatga ega yuqori turuvchi rahbar tomonidan tiklanadi.
44. Nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi yoki maxsus unvon va martaba darajasi boʻlishi nazarda tutilgan boshqa organlardan xizmatga qabul qilingan yoki oʻtkazilgan shaxslarning maxsus unvonlari egallab turgan lavozimidan qatʼi nazar, Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan ushbu Nizom ilovasiga muvofiq beriladi.
Ushbu tartib nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi yoki maxsus unvonlar boʻlishi nazarda tutilgan boshqa organlar boʻlinmalariga qabul qilingan yoki oʻtkazilgan xodimlarga ham qoʻllaniladi.
45. Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi tuzilmalar va taʼlim muassasalaridan xizmatni davom ettirish uchun kelgan oddiy askar va serjantlar tarkibi harbiy xizmatchilariga (shartnoma asosida xizmat oʻtagan) lavozimga tayinlash toʻgʻrisidagi buyruq bilan birga ularning harbiy unvonlariga muvofiq tenglashtirilgan maxsus unvonlar beriladi.
46. Ushbu Nizomning 44 va 45-bandlarida belgilangan tartibda navbatdagi maxsus unvon berilgan xodimlarga ularni avvalgi ish joyida unvonda xizmat oʻtagan davri hisobga olinadi.
47. Ushbu Nizomning 30-bandi uchinchi xatboshi, 44 yoki 45-bandlariga muvofiq maxsus unvonlar berilgan (shu jumladan mazkur Nizom kuchga kirgunga qadar xizmatga qabul qilingan yoki oʻtkazilgan) xodimlarga xizmat yillari uchun foizli ustama haq belgilashda ularning avvalgi ish joyidagi (foizli ustama toʻlash uchun belgilangan) xizmat yoki mehnat stajlari inobatga olinadi hamda ushbu davr xodim Milliy gvardiyadan boʻshatilgan taqdirda, unga pensiya tayinlashda umumiy xizmat stajiga qoʻshib hisoblanadi.
48. Yuqori yoki teng lavozimga vazifasini bajaruvchi etib tayinlagan xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar vazifa bajaruvchi etib tayinlangunga qadar egallagan lavozimining unvon pogʻonasi boʻyicha beriladi.
Agar vaqtincha lavozimni bajarish uchun tayinlangan xodimning avval egallagan lavozimining unvon pogʻonasi navbatdagi unvonni berish uchun mos kelmasa, uni navbatdagi maxsus unvonga tavsiya etish mumkin emas. Bunda lavozim vazifasini bajarish muddati olti oydan oshmasligi lozim.
49. Xodimlar avval egallagan lavozimlaridagi shtat jadvali boʻyicha oʻzgarishlar (shtatlar qisqarishi, unvon pogʻonasi koʻtarilishi yoki tushirilishi) lavozim vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganlaridan yoki oʻqishga kirganlaridan soʻng inobatga olinmaydi.
50. Maxsus unvonlar berish, ulardan mahrum qilish va ularni tiklashga doir hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ularni koʻrib chiqish tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
4-bob. Lavozimga tayinlash, lavozimdan ozod etish va lavozimdan lavozimga oʻtkazish
51. Milliy gvardiya xodimlarining asosiy lavozimlari boʻyicha maxsus unvonlari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, ularga tenglashtirilgan lavozimlar roʻyxati esa Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan tasdiqlanadi.
52. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va ozod etiladigan lavozimlardan tashqari, lavozimlarga tayinlash va ozod etish tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
53. Tayinlanishi uchun xodimlarning sogʻligi inobatga olinishi talab etiladigan lavozimlar Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
54. Xodimlar lavozimga vakolatli boshliqlar tomonidan quyidagi qoidalarga rioya etgan holda tayinlanadi:
a) xodimlarni lavozimga tayinlash ularning maʼlumoti, mutaxassisligi yoki lavozimga yaqin mutaxassislik, shuningdek, amaliy ish tajribasiga muvofiq amalga oshiriladi;
b) boʻsh lavozim vazifasini bajarishning uzluksiz muddati olti oydan, jamlangan lavozimda esa toʻrt oydan oshmasligi lozim;
v) tashkiliy-shtat oʻzgarishlari boʻlganida, shuningdek, xodimning hayoti va faoliyati bilan bogʻliq holatlar yuzaga kelganida u egallab turgan lavozimdan ozod qilinadi va oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatga, ayrim hollarda esa Milliy gvardiya qoʻmondonining ruxsati bilan ikki oydan oshmagan muddatga pul taʼminoti (oxirgi lavozimi boʻyicha) saqlangan va xizmat stajini bir kuni bir kunga hisoblagan holda, Milliy gvardiyaning lavozimga tayinlash va ozod etish vakolatiga ega boʻlgan boʻlinmalar ixtiyoriga olinadi.
Milliy gvardiya ixtiyorida boʻlish muddatini hisoblashda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik davri (layoqatsizlik haqidagi hujjat boʻlganida) yoki qoʻshimcha taʼtilda boʻlish (bola parvarishlash taʼtilida boʻlish vaqti bundan mustasno) inobatga olinmaydi.
Xodimlarning Milliy gvardiya ixtiyorida belgilangan muddatdan ortiq boʻlgani uchun haq toʻlanmaydi, bunda ushbu davrning bir kuni bir kunga tenglashtirilgan holda umumiy xizmat stajiga kiritiladi;
g) xodim yoki uning oila aʼzolari hayoti yoxud sogʻligʻiga xavf yuzaga kelganida, shuningdek, ularning sogʻligi holati tufayli xizmat (yashash) joyini oʻzgartirish zarur boʻlganida, ushbu xodimni boshqa tuman (shahar, viloyat)ga xizmatga oʻtkazish lavozimga tayinlash vakolatiga ega boshliq tomonidan amalga oshiriladi;
d) oʻzaro qarindosh boʻlgan xodimlar (ota-ona, turmush oʻrtogʻi, aka-uka, opa-singil, farzandlar, shuningdek, turmush oʻrtogʻining ota-onasi, aka-ukasi, opa-singillari), agar unda xizmat oʻtash birining ikkinchisiga boʻysunishi yoki nazorat ostida boʻlishi bilan bogʻliq boʻlsa, bir boʻlinmadagi lavozimlarga tayinlanishi mumkin emas;
e) Milliy gvardiya taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilar tarkibi lavozimlariga tegishli sohada kamida oʻn yillik ilmiy, pedagogik yoki amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan shaxslar shahodatlangan lavozimlar hisobidan tayinlanishi mumkin;
j) xodimni egallab turgan lavozimdan chetlashtirishga doir jinoyat ishi boʻyicha sud qarori chiqarilganda, u egallab turgan lavozimidan ozod etiladi hamda avvalgi xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boʻlmagan past yoki teng mavqeli lavozimga tayinlanadi yoxud Milliy gvardiyaning lavozimga tayinlash va ozod etish vakolatiga ega boʻlgan boʻlinmalari ixtiyorida qoldiriladi.
Egallab turgan lavozimidan chetlashtirilgan xodimni Milliy gvardiyadan boʻshatish yoki uni avvalgi yoxud teng mavqeli lavozimga tayinlash masalasi bunga vakolatli boshliqlar tomonidan sud qarori asosida hal etiladi.
Xodimni egallab turgan lavozimidan qonunga xilof tarzda chetlashtirish tufayli yuzaga kelgan majburiy progulning bir yildan ortiq boʻlmagan muddati uchun unga pul taʼminoti tarzida haq toʻlanadi.
55. Xodimni lavozimdan lavozimga oʻtkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
yuqori lavozimga — bosqichma-bosqich, ularning ishchanlik va axloqiy-kasbiy qobiliyatlari, yuqori lavozimdagi majburiyatlarni bajarishda topshirilgan uchastkalarda erishgan yutuqlari va koʻrsatgan natijalari, murakkab sharoitlarda vazifalarni bajarish qobiliyatiga baho berilgan holda;
teng lavozimga — xizmat zarurati yuzasidan, oʻzining xohishiga koʻra, sogʻligi boʻyicha (harbiy-tibbiy komissiya xulosasi asosida), oilaviy sharoitiga koʻra, sud qarori asosida lavozimdan chetlashtirish yoki boʻsh lavozimlarni jamlash zarurati yuzaga kelganda xodimning kasbiy va shaxsiy xislatlarini inobatga olib, uning egallab turgan lavozimidagi amaliy tajribasidan foydalanish maqsadida, shuningdek, tashkiliy-shtat oʻzgarishlari boʻlganida;
past lavozimga — oʻzining xohishiga koʻra, sogʻligi boʻyicha (harbiy-tibbiy komissiya xulosasi asosida), attestatsiya tartibida egallab turgan lavozimiga noloyiq deb topilganida, intizomiy jazo chorasi sifatida egallab turgan lavozimidan ozod etilganda, shuningdek, tashkiliy-shtat oʻzgarishlari boʻlganida yoki sud qarori asosida lavozimidan chetlashtirilganligi sababli teng lavozimga oʻtkazish imkoniyati boʻlmaganda yoki mustahkamlash tariqasida.
Boshliqning xodimni past lavozimga oʻtkazish haqidagi buyrugʻida buning asoslari koʻrsatiladi.
56. Yuqori, teng yoki past lavozimlar egallab turgan lavozim bilan nazarda tutilgan maxsus unvonga muvofiq, maxsus unvonlar teng boʻlganida esa — lavozim maoshi miqdori boʻyicha aniqlanadi.
57. Egallab turgan lavozimiga noloyiqligi sababli yoki intizomiy jazo tariqasida past lavozimga tayinlangan xodimlarni xizmat boʻyicha koʻtarish ularning kasbiy va shaxsiy xislatlari, sogʻligi, ish natijalari va xizmat vazifalarini bajarish boʻyicha koʻrsatgan qobiliyatidan kelib chiqib, kamida bir yildan keyin amalga oshiriladi.
58. Xizmat joyi oʻzgargan xodim Milliy gvardiya xizmat boʻyicha koʻchirish haqida buyruqni yoki yozma xabarni olgan kunidan soʻng oʻn kundan kechikmasdan moddiy va ishonib berilgan mulkni topshirganidan keyin, xizmat joyiga safarbar qilinishi lozim, xodim navbatdagi taʼtilda yoki davolanishda boʻlgan hollar bundan mustasno.
59. Milliy gvardiya oliy harbiy taʼlim muassasalariga hamda harbiy va ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlikka oʻqishga qabul qilingan xodimlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etiladi va kursantlar (tinglovchilar) safiga kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
60. Xodimni maxfiy hujjatlar bilan ishlash belgilangan lavozimga tayinlashda unga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma berish belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomasi boʻlmagan xodimni maxfiy hujjatlar bilan ishlash belgilangan lavozimga tayinlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xodim davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomadan belgilangan tartibda mahrum qilinganda, egallab turgan lavozimidan ozod etiladi va maxfiy hujjatlar bilan ishlash talab etilmaydigan lavozimga oʻtkaziladi.
(60-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
61. Milliy gvardiyada rahbar lavozimlarini egallagan xodimlar faoliyatining samaradorligini oshirish, korrupsiya va vakolatlar suiisteʼmol qilinishining oldini olish, shaxsiy tarkib oʻrtasida sogʻlom muhitni taʼminlash maqsadida xodimlar amaliy ish tajribasini va kasbiy tayyorgarlik darajasini inobatga olgan holda teng lavozimga, jumladan boshqa tuman (shahar, viloyat) yoki tarkibiy tuzilmaga, qoida tariqasida, egallab turgan lavozimida besh yil ishlaganidan soʻng rotatsiya tartibida oʻtkazilishi mumkin.
62. Xodimlarni Milliy gvardiya ixtiyorida qoldirish, rotatsiya qilish hamda xodimlarni harbiy xizmatchi lavozimlariga, harbiy xizmatchilarni xodimlar lavozimlariga tayinlash tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
5-bob. Xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
Oldingi tahrirga qarang.
63. Milliy gvardiya uchun xodimlarni tayyorlash Milliy gvardiya taʼlim muassasalari, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida, shuningdek, xalqaro shartnomalar asosida xorijiy davlatlar taʼlim muassasalarida amalga oshiriladi.
(63-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.01.2024-y., 06/24/1/0001-son)
Xorijiy davlatlar taʼlim muassasalarida oʻqish uchun tanlov oʻtkazish tartibi va shartlari Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
64. Xizmatga qabul qilingan fuqarolar (kursantlar va tinglovchilar bundan mustasno) majburiy tartibda maxsus kasbiy (boshlangʻich) tayyorgarlikdan oʻtadi.
65. Xodim boshqa turdagi kasbiy faoliyat bilan bogʻliq lavozimga tayinlanganda yoki uni yangi yoʻnalishlar boʻyicha tayyorlash zarur boʻlganida qayta tayyorgarlikdan oʻtishi shart.
66. Xodimlar Milliy gvardiya taʼlim muassasalarida Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan tasdiqlanadigan dasturlar asosida malaka oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya taʼlim muassasalarida nazarda tutilmagan mutaxassisliklar boʻyicha xodimlarning malakasini oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa taʼlim muassasalarida yoki xorijiy davlatlar taʼlim muassasalarida tashkil etiladi.
(66-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.01.2024-y., 06/24/1/0001-son)
67. Xodimlarning xizmat, jangovar va jismoniy tayyorgarligini, maʼnaviy-axloqiy darajasini oshirish uchun Milliy gvardiyada tizimli ravishda xizmat, jangovar va jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari tashkil etiladi.
Xodim maxsus tayyorgarlikdan, shuningdek, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllash bilan bogʻliq sharoitlarda harakatlanishga kasbiy yaroqliligi boʻyicha har yilgi tekshiruvdan oʻtishi shart. Maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan xodimga tegishli sertifikat beriladi.
68. Xodimlarni maxsus kasbiy (boshlangʻich) tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, xizmat oʻtash vaqtida xizmat, jangovar va jismoniy tayyorgarlikdan oʻtishini tashkil etish tartibi va shartlari Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
6-bob. Xodimning boshqa davlat organlari va tashkilotlariga saylanganida (tayinlanganida, safarbar etilganida) xizmatni oʻtashi
69. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga, Senati aʼzoligiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari deputatligiga saylangan (tayinlangan), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori, farmoyishi, shuningdek, roziligiga yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga, farmoyishiga asosan boshqa davlat organlariga yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlarga tayinlangan, xuddi shuningdek, Milliy gvardiya qoʻmondonining buyrugʻi bilan boshqa davlat organlarining taʼlim muassasalariga oʻqishga yuborilgan xodimlar egallab turgan lavozimidan ozod etilib, Milliy gvardiya kadrlarining amaldagi zaxirasiga (keyingi oʻrinlarda — kadrlar zaxirasi) kiritiladi.
70. Agarda qonunchilikda boshqa tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar ushbu Nizomda belgilangan tartibda xizmat oʻtaydi.
71. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarning lavozimi oʻzgarganda (boshqa lavozimga tayinlangan, lavozimdan ozod qilingan, oʻqishdan chetlashtirilgan), ular ragʻbatlantirilgan, shuningdek, intizomni buzgan taqdirda, ular faoliyat koʻrsatayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, taʼlim muassasalari rahbarlari bu haqda Milliy gvardiyani yozma ravishda xabardor qiladi.
72. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarni davlat mukofotiga tavsiya etish, Milliy gvardiyada xizmatda boʻlishning belgilangan chegaradagi yoshiga toʻlganida xizmat muddati ular faoliyat olib borayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek, taʼlim muassasalari rahbarlarining taqdimnomasiga asosan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uzaytiriladi.
73. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarga maxsus unvonlar quyidagi tartibda beriladi:
“polkovnik” maxsus unvonigacha, shu jumladan “polkovnik” unvoni ham — avval egallagan lavozimidan qatʼi nazar, xodim faoliyat olib borayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek, taʼlim muassasalari rahbarlarining kiritgan tavsiyanomasiga koʻra, mazkur Nizomda belgilangan tartibda Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan;
generallar tarkibining maxsus unvonlari — Milliy gvardiya qoʻmondoni hamda ular faoliyat koʻrsatayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlarining birgalikdagi tavsiyanomasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan.
74. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarga taʼtillar, shuningdek, xorijiy davlatlarga borishlari uchun ruxsatnomalar ular faoliyat olib borayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, taʼlim muassasalari rahbarlarining ruxsati bilan rasmiylashtiriladi.
75. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar xizmatni oʻtash tartibi bilan bogʻliq oʻzgarishlardan xabardor boʻlishlari, lavozimi oʻzgarganida (boshqa lavozimga tayinlanganida, lavozimidan ozod etilganida, oʻqishdan chetlashtirilganida), mukofotlanganida, intizom buzilishiga yoʻl qoʻyganida, shuningdek, oʻzlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganida Milliy gvardiyaga yozma ravishda axborot berishi shart.
76. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar nikohdan oʻtganida, oilasi tarkibida boshqa oʻzgarishlar boʻlganida, qarindoshlariga (ota-ona, er-xotin, aka-uka, opa-singil, oʻgʻil-qizlar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari) nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganida uch ish kuni ichida, mehnat taʼtili yoki xizmat safarida boʻlganida esa taʼtil va safar tugashi bilan darhol Milliy gvardiyaga yozma ravishda xabar beradilar.
77. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar xizmat majburiyatlarini bajarish (oʻqish) muddati yakunlanganidan soʻng davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek, taʼlim muassasalari tomonidan Milliy gvardiya ixtiyoriga qaytarib yuboriladi.
78. Milliy gvardiyaga qaytgan xodim Milliy gvardiya qoʻmondonining buyrugʻi bilan kadrlar zaxirasidan chiqariladi va avvalgi, unga teng yoki yuqori lavozimga tayinlanadi.
79. Intizom buzilishi va boshqa salbiy sabablarga koʻra davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlardagi lavozimidan ozod etilib, shuningdek, oʻqishdan chetlashtirilib, Milliy gvardiyaga qaytarib yuborilgan xodimni lavozimga tayinlash yoki xizmatdan boʻshatish ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
80. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar taʼlim muassasalarini tamomlaganidan soʻng oʻqish davrida olgan maʼlumoti va mutaxassisligiga hamda amaliy ish tajribasidan kelib chiqib lavozimga tayinlanadi.
81. Xizmatda boʻlishning belgilangan chegara yoshiga yetgan yoki xizmatni davom ettirish istagi boʻlmagan xodimlar kadrlar zaxirasiga kiritilguniga qadar egallagan lavozimi boʻyicha mazkur Nizomga muvofiq xizmatdan boʻshatiladi.
82. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar va ularning oila aʼzolari xizmat (oʻqish) vaqtida, shuningdek, boʻshatilganidan soʻng qonun hujjatlari va mazkur Nizomda Milliy gvardiya xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun belgilangan barcha turdagi taʼminot, huquq, imtiyoz va boshqa afzalliklardan foydalanadi.
83. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarning davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek, taʼlim muassasalarida lavozim majburiyatlarini bajarish (oʻqish) davri ularga xizmat qilgan yillari uchun ustamani toʻlash, navbatdagi maxsus unvonni olish va pensiya tayinlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmat stajiga qoʻshib hisoblanadi.
7-bob. Attestatsiya oʻtkazish
84. Milliy gvardiyada attestatsiya xodimlarning bilim darajasini, ishga munosabatini, kasbiy tayyorgarligini, egallab turgan lavozimiga loyiqligini xolisona baholash, mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining mazmun-mohiyatidan xabardorligi darajasini aniqlash, shuningdek, xizmat intizomini mustahkamlash va zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish chogʻida ularning masʼuliyatini oshirish maqsadlarida oʻtkaziladi.
Attestatsiya oshkoralik, talabchanlik, prinsipiallik va xayrixohlik vaziyatida oʻtishi lozim.
85. Xodimlar xizmat davrida navbatdagi va navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtadilar.
86. Navbatdagi attestatsiyadan oʻtkazish muddati lavozimga tayinlangan va oxirgi attestatsiyadan oʻtkazilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Navbatdagi attestatsiya besh yilda bir marta yoki navbatdagi maxsus unvon berish uchun oʻtkaziladi.
Quyidagi xodimlar navbatdagi attestatsiyadan oʻtmaydilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanganlar;
egallab turgan lavozimida bir yildan kam muddat xizmat qilganlar;
xizmat safarida, davolanishda (davolash-profilaktika muassasalarida vaqtincha xizmatdan ozod qilish varaqasi yoki maʼlumotnomasi berilgan holda) va malaka oshirishda boʻlganlar;
kadrlar zaxirasiga kiritilganlar. Ushbu toifadagi xodimlar kadrlar zaxirasidan chiqarilib, Milliy gvardiyadagi lavozimga tayinlangan kundan boshlab kamida bir yil oʻtganidan soʻng umumiy tartibda attestatsiyadan oʻtadilar;
homiladorlik, tugʻish va bolani parvarish qilish taʼtilida boʻlganlar. Bolani parvarish qilish taʼtilida boʻlgan xodimlar xizmat vazifalarini bajarishga kirishganlaridan soʻng kamida bir yil oʻtganidan soʻng attestatsiyadan oʻtadilar.
87. Navbatdan tashqari attestatsiyadan:
yuqori lavozimga, xizmat muddatini uzaytirishga va davlat mukofotiga tavsiya etilayotganida;
ish koʻrsatkichlari past boʻlgan, kasbiy yaroqliligini aniqlash boʻyicha tekshiruvdan oʻta olmagan, xizmat intizomini qoʻpol tarzda buzgan yoki muntazam buzib kelayotgan, Milliy gvardiya xodimining shaʼniga putur yetkazuvchi nojoʻya harakatlar sodir etgan xodimlar oʻtadilar.
Navbatdan tashqari attestatsiya oʻtkazish haqidagi qarorni lavozimga tayinlash vakolatiga ega boʻlgan boshliq qabul qiladi.
88. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Milliy gvardiya qoʻmondonining qaroriga asosan xodimlar navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazilishi mumkin, buning uchun maxsus komissiya tuziladi.
89. Attestatsiyani tashkil qilish va oʻtkazish, attestatsiya komissiyalari tarkibini shakllantirish va tasdiqlash tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
8-bob. Taʼtillar
90. Xodimlarga quyidagi taʼtillar beriladi:
yillik asosiy taʼtil;
homiladorlik va tugʻish, bolalarni parvarish qilish taʼtillari;
kasallik boʻyicha (harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga asosan) taʼtil;
oʻqish bilan bogʻliq taʼtil — oliy taʼlim muassasalarida sirtqi taʼlim shaklida oʻqiyotgan xodimlar uchun;
ijodiy taʼtil — amaliy faoliyatni ilmiy ish bilan birga olib borayotgan xodimlarga dissertatsiyasini yakunlashi uchun;
qoʻshimcha taʼtil — Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish imtihonlarni topshirishi uchun, oilaviy sharoiti boʻyicha, jangovar harakatlarda va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda qatnashganlarga.
Shuningdek, xodimlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar boʻyicha ham taʼtillar berilishi mumkin.
91. Xodimlarga dam olish va ish qobiliyatini tiklashlari uchun taʼtilni oʻtkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur boʻlgan, biroq uch kalendar kundan oshmaydigan vaqt qoʻshilgan (bayram kunlari hisobga olinmagan, lavozimi va pul taʼminoti saqlangan) holda davomiyligi oʻttiz kalendar kun boʻlgan yillik asosiy taʼtil beriladi.
92. Xodimlarga birinchi xizmat yili uchun beriladigan taʼtilning davomiyligi ular xizmatga qabul qilingan kundan boshlab kalendar yilning oxirigacha boʻlgan vaqtga mutanosib ravishda har toʻliq oy xizmat uchun taʼtilning ikki yarim kun hisobida taʼtil muddatini toʻliq bir kungacha yetkazish tomoniga yaxlitlash yoʻli bilan hisoblanadi. Muddati oʻn kalendar kundan kam boʻlgan taʼtil xodimning xohishiga koʻra keyingi yili asosiy taʼtil bilan birga qoʻshib berilishi mumkin.
Bunda ushbu taʼtil xodimni dastlabki sinov muddatini oʻtganidan soʻng beriladi.
Milliy gvardiya qoʻmondoni asosiy taʼtilni xodim dastlabki sinov muddatini oʻtaganidan soʻng xizmatining birinchi yilining istalgan davrida berish huquqiga ega.
93. Xodimning belgilangan xizmat muddatini oʻtagandan keyin yillik asosiy taʼtiliga qoʻshimcha ravishda kalendar hisobida davomiyligi quyidagicha boʻlgan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil beriladi:
oʻn yillik xizmatidan soʻng — besh kun;
oʻn besh yillik xizmatidan soʻng — oʻn kun;
yigirma yillik xizmatidan soʻng — oʻn besh kun.
94. Yillik asosiy taʼtil davrida xodim Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlarining davolash-profilaktika muassasalarida vaqtincha xizmatdan ozod qilish varaqasi yoki maʼlumotnomasi berilgan holda davolanganida taʼtil ushbu muddatga uzaytiriladi.
95. Favqulodda holatlar davri belgilangan, tabiiy ofat hududi deb eʼlon qilingan yoki ularga tenglashtirilgan joylarda xizmat oʻtagan xodimlarga ular foydalanmagan yillik asosiy taʼtil ularning xohishiga koʻra keyingi yilning asosiy taʼtiliga qoʻshib beriladi.
96. Xodimlar Milliy gvardiyaning boshqa boʻlinmalariga oʻtkazilgan taqdirda, ularning foydalanilmay qolgan yillik asosiy taʼtili yangi xizmat joyi boʻyicha beriladi.
97. Xodimga yiliga bir marotaba qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida yillik asosiy taʼtilni oʻtkazadigan joyiga, shuningdek, sanatoriy-kurortlarda davolanish joylariga borishi va qaytishi uchun sarflagan yoʻl xarajatlari toʻlab beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Mehnat kodeksining 17-bobi.
98. Xodimlarga yillik asosiy taʼtil xohishiga koʻra ikki qismga boʻlib berilishi mumkin. Bunda, taʼtilning bir qismi oʻn besh ish kunidan kam boʻlmasligi kerak. Ushbu holatda taʼtil guvohnomasi taʼtilning har bir qismi uchun alohida rasmiylashtiriladi.
99. Ayol xodimlarga homiladorlik va tugʻish, bolani parvarishlash uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taʼtil beriladi. Bunda ularga qonunchilikda belgilangan qoʻshimcha imtiyoz, kafolat va kompensatsiyalar tatbiq etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Mehnat kodeksining 404-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-maydagi 327-son “Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
Bola (bolalarni) asrab olgan xodimlarga qonun hujjatlariga muvofiq bolani parvarishlash uchun taʼtil beriladi. Ayol xodimlarga homiladorlik va tugʻish taʼtili pul taʼminoti saqlangan holda, bolani parvarishlash taʼtili esa pul taʼminoti saqlanmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan muddat va tartibda beriladi.
Qonunchilikda belgilangan alohida hollarda bolani parvarishlash taʼtili erkak xodimlarga ham berilishi mumkin.
Homiladorlik va tugʻish taʼtillari navbatdagi taʼtil hisobiga qoʻshilmaydi. Homiladorlik va tugʻish taʼtili oldidan yoki bevosita undan keyin ayol xodimlarga ularning xohishiga koʻra joriy yil uchun navbatdagi taʼtil beriladi.
Bolani parvarishlash uchun taʼtil tugaydigan yildagi navbatdagi taʼtil kalendar yilning oxirigacha ushbu taʼtil tugagan kundan boshlab kalendar yilining oxirigacha boʻlgan vaqtga mutanosib ravishda har toʻliq oy xizmat uchun ikki yarim kun hisobida hisoblanadi va ushbu Nizomning 92-bandida belgilangan talablar hisobga olingan holda beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bolani parvarish qilish taʼtillari davrida xodimning lavozimi saqlanadi va ushbu taʼtillar muddati xizmat stajiga (shu jumladan mutaxassisligi boʻyicha xizmat stajiga ham) qoʻshiladi, lekin hammasini jamlaganda olti yildan oshmasligi kerak. Bunda xizmat muddati har bir kuni bir kunga tenglashtirilgan holda hisoblanadi.
(99-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-11-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 07/23/11/0045-son)
100. Xodimlarga kasalligi boʻyicha taʼtillar harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasi asosida beriladi. Ushbu taʼtilning davomiyligi harbiy-tibbiy ekspertizasiga oid qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Kasallik sababli taʼtilda boʻlishning uzluksiz umumiy muddati toʻrt oydan oshmasligi lozim. Ayrim kasalliklar boʻyicha davolanishda boʻlish uchun koʻproq muddat talab qilingan hollarda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uzaytirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Mehnat kodeksining 229-moddasi.
Xodimlar kasallik boʻyicha taʼtilda uzluksiz boʻlishning belgilangan muddati tugaganidan soʻng keyingi xizmatga yaroqliligini hal qilish uchun harbiy-tibbiy komissiyada guvohlantirilishi lozim.
Xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishda olingan yaradorligi (shikastlanish, jarohatlar)ni davolashda boʻlgan davri, jarohat prognozini inobatga olgan holda maʼlum bir muddat bilan cheklanmaydi. Shaxslarning mazkur toifasi davolanish tugagandan soʻng harbiy-tibbiy guvohlantirilishidan oʻtkaziladi.
Kasallik sababli berilgan taʼtil yillik asosiy taʼtil hisobiga kiritilmaydi.
Xodim xizmatdan boʻshatilayotganda, unga kasalligi sababli taʼtil berilmaydi.
101. Oliy taʼlim muassasasi yoki ilmiy tadqiqot muassasasining mustaqil izlanuvchisi boʻlgan xodimlarga dissertatsiyalarini yakunlashlari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda ijodiy taʼtil beriladi.
102. Oliy taʼlim muassasasiga kirish imtihonlari topshirish uchun ruxsat olgan xodimlarga taʼlim muassasasiga borish va u yerdan qaytish vaqtini hisobga olgan holda, kamida oʻn besh kalendar kuni davom etadigan va pul taʼminoti saqlanmaydigan qoʻshimcha taʼtil beriladi.
Oliy taʼlim muassasalarida sirtdan oʻqiyotgan xodimlarga imtihonlar, sinovlar va boshqa oʻquv ishlarini topshirish davrida sessiya muddatiga pul taʼminoti saqlangan holda taʼtil beriladi.
103. Xodimlarga oilasidagi kechiktirib boʻlmaydigan ijtimoiy-maishiy masalalarni hal etish, qarindoshlik burchini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan, shuningdek, boshqa uzrli sabablarga koʻra taʼtilni oʻtkazish joyiga borish va qaytish uchun vaqt hisobga olinmagan, pul taʼminoti saqlanmagan holda oʻn kungacha qisqa muddatli qoʻshimcha taʼtil berilishi mumkin.
104. Xodimlarga yillik asosiy taʼtil joriy kalendar yili davomida berilmagan boʻlsa, ushbu taʼtil keyingi yilning birinchi choragida berilishi lozim.
105. Xodimni taʼtildan faqat xizmat yuzasidan oʻta zarur hollardagina oʻzining roziligi va xizmatga qabul qilish vakolatiga ega boshliqning yozma qarori bilan chaqirib olishga yoʻl qoʻyiladi.
Taʼtildan chaqirib olinganida uning foydalanilmay qolgan qismi, qoida tariqasida, joriy yilda beriladi.
Agar yillik asosiy taʼtilning foydalanilmagan qismi oʻn kun va undan ortiq boʻlsa, xodimga taʼtil oʻtkazadigan joyiga borishi uchun pul mablagʻi beriladi, ammo masofa uni chaqirib olingan aholi punktidan uzoq boʻlmasligi kerak.
106. Ushbu Nizomning 135-bandi “a”, “b”, “v”, “g”, “d” va “e” kichik bandlari asosida xizmatdan boʻshatilayotgan xodimlarga ishdan boʻshatish haqida qaror qabul qilingan kalendar yili uchun haq toʻlanadigan har yilgi asosiy va qoʻshimcha taʼtillar beriladi.
Boshqa asoslarga koʻra xizmatdan boʻshatilayotgan xodimlarga foydalanilmagan haq toʻlanadigan asosiy va qoʻshimcha taʼtillar uchun pul kompensatsiyasi toʻlanadi.
107. Xodimlarga taʼtillar berish, taʼtildan chaqirib olish, shuningdek, ularni muddatlarini hisoblash tartibi va shartlari Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
9-bob. Xodimlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasi va majburiyatlari
108. Xodim oʻz faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari talablaridan kelib chiqqan holda, egallab turgan lavozimi boʻyicha xizmat vazifalarini bajarishda davlat organining vakili sifatida ish yuritadi va davlat himoyasi ostida boʻladi.
109. Xodimning xizmat vazifalarini bajarish chogʻida oʻz vakolatlari doirasidagi qonuniy talablari barcha fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir. Xodimning qonuniy talablarini bajarmaslik va uning xizmat vazifalarini bajarishga toʻsqinlik qiluvchi xatti-harakatlar (harakatsizlik) qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikni keltirib chiqaradi.
110. Xodim tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni yoki oʻqotar qurolni qoʻllash qonun asosida amalga oshirilgan boʻlsa, bunda u jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻlmaydi.
Xodimlarning jismoniy kuch ishlatishi, maxsus vositalarni yoki oʻqotar qurolni qoʻllashining asosliligi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadi.
111. Xodim xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida zarur mudofaa yoki oxirgi zarurat holatida, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash yoxud buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish vaqtida, shuningdek, kasb faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik qilish oqibatida zarar yetkazsa, uni javobgarlikdan ozod qilish masalasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
112. Xodim xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida faqat bevosita yoki toʻgʻridan-toʻgʻri boshligʻiga boʻysunadi.
113. Qonun bilan toʻgʻridan-toʻgʻri vakolat berilgan shaxslardan tashqari hech kim xodimning qonuniy faoliyatiga aralashish, xodimni qonun bilan Milliy gvardiyaga yuklatilmagan majburiyatlarni bajarishga majburlash huquqiga ega emas.
Xodim oʻz ish yurituvida boʻlgan ishlar va materiallarning mohiyati boʻyicha hech qanday tushuntirish berishga, shuningdek, ularni, shu jumladan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlarni tanishib chiqish uchun taqdim etishga majbur emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar va tartiblar bundan mustasno.
114. Xodimlarni ijtimoiy himoya qilish quyidagilar orqali taʼminlanadi:
sogʻligʻini saqlash;
pul taʼminotini toʻlash;
uy-joy maydoni bilan taʼminlash;
mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash;
xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida transport vositalaridan imtiyozli foydalanish;
davlat pensiya taʼminoti;
davlat sugʻurtasi;
ijtimoiy yordam koʻrsatish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa chora-tadbirlar.
115. Xodimlar belgilangan namunadagi bepul kiyim-bosh bilan taʼminlanadilar.
116. Milliy gvardiya xodimlari, qonun hujjatlari bilan bepul davolanish imtiyozi boʻlgan pensionerlari hamda ularning oila aʼzolariga tibbiy-sanitariya yordami (ortopedik, stomatologiya va ortodontiya yordami bundan mustasno) ichki ishlar organlari davolash-profilaktika muassasalari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bepul amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya xodimlari, qonun hujjatlari bilan bepul davolanish imtiyozi boʻlgan pensionerlari sanatoriy-kurort sharoitida davolanish uchun yiliga bir marta imtiyozli yoʻllanmalar bilan taʼminlanadi.
Sanatoriy-kurort sharoitida davolanish va tibbiy reabilitatsiya tadbirlarini tashkil etish ichki ishlar organlari xodimlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya xodimlari safiga qabul qilinayotgan nomzodlar, xodimlar, pensionerlar hamda ularning oila aʼzolarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ichki ishlar organlari tizimidagi harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya xodimlari, pensionerlari hamda ularning oila aʼzolari ichki ishlar organlari davolash-profilaktika muassasalarida statsionar ravishda davolanganda ularning ovqatlanishi uchun pul toʻlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya tasarrufidagi obyektlarda sanitariya nazoratini hamda epidemiologik surishtiruv ishlarini olib borish Milliy gvardiya tizimidagi tibbiyot xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
117. Milliy gvardiya xodimlari belgilangan tartibda har yili dispanserizatsiyadan oʻtkaziladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
118. Xodimlarning farzandlari yashayotgan joydagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli roʻyxat asosida, shuningdek, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar vazirligi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga va yozgi sogʻlomlashtirish oromgohlariga navbatsiz va imtiyozli ravishda joylashtiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
(118-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)
Milliy gvardiya maktabgacha taʼlim muassasalari va yozgi sogʻlomlashtirish oromgohlariga qabul qilish tartibi va shartlari Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
119. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlariga, shuningdek, Milliy gvardiyadan boʻshatilgan fuqarolarga hamda ularning oila aʼzolariga ushbu Nizomda nazarda tutilmagan boshqa imtiyoz, kafolat va kompensatsiyalar qonunchilikda belgilangan manbalar hisobidan ham berilishi mumkin.
120. Xizmat muddati, pedagogik ish staji, shuningdek, ilmiy unvoni mavjudligi uchun xodimlarga qonun hujjatlarga muvofiq ustama haqlar toʻlanadi.
Xizmat muddatini hisoblash tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
121. Xizmat vazifalarini vijdonan bajarib kelayotgan, yuksak kasbiy tayyorgarlik darajasiga erishgan, yuksak maʼnaviy-axloqiy xislatlarga ega boʻlgan, shuningdek, oʻz faoliyatida yuqori natijalarni koʻrsatgan xodimlarga har oylik qoʻshimcha toʻlovni nazarda tutuvchi “uchinchi toifa mutaxassisi”, “ikkinchi toifa mutaxassisi”, “birinchi toifa mutaxassisi” va “usta” malaka toifalari beriladi.
Malaka toifalarini berish tartibi va shartlari Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
122. Xodim yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrni ixtiyoriy yoki majburiy sugʻurta mablagʻlaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻliq hajmda qoplanadi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Ushbu qoida Milliy gvardiyadan pensiyaga chiqarilgan shaxslarga, agar zarar ularga yoki yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga Milliy gvardiyadagi xizmat faoliyati bilan bogʻliq holda yetkazilganida ham tatbiq etiladi.
Xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishi tufayli, uning yoki yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
123. Xodimlar Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan mablagʻlar hisobidan davlat tomonidan majburiy sugʻurta qilinadi.
124. Xizmatdan boʻshatilayotgan xodimlarga bir marta toʻlanadigan nafaqa puli beriladi.
Xizmatdan boʻshatilayotgan xodimlar koʻp yillik va vijdonan (benuqson) xizmatlari uchun vakolatli rahbarlar tomonidan qimmatbaho sovgʻa yoki pul mukofoti bilan taqdirlanishi mumkin.
125. Milliy gvardiya qoʻmondoni xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan xodimlarga, shuningdek, halok boʻlganlarning oilasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan tartibda va miqdorda bir martalik nafaqa tayinlashga haqli.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-iyuldagi PQ-4382-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga (xodimlariga) yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga bir martalik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Xodimlar, boquvchisini yoʻqotganda esa ularning oila aʼzolari qonunda belgilangan tartibda va miqdorda davlat pensiya taʼminoti olish huquqiga ega.
126. Xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati, shikastlanish olgan yoki halok boʻlgan xodimlarning farzandlarini xizmatga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari va harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda afzalliklar berish tartibi va shartlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
127. Sogʻliqni saqlash, moliyaviy taʼminoti, taʼtillar berish, uy-joy maydoni va imtiyozli ipoteka kreditlari bilan taʼminlash, mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida transport vositalaridan imtiyozli foydalanish, davlat pensiya taʼminoti, davlat ijtimoiy sugʻurtasi, ijtimoiy yordam koʻrsatish jarayonida xodimlar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10-bob. Xizmatni oʻtash rejimi
128. Xodimlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonun hujjatlari va mazkur Nizomda belgilangan majburiyatlarni bajaradilar hamda huquq va erkinliklardan foydalanadilar.
129. Xodimlarning haftalik ish vaqti qirq soatdan oshishi mumkin emas, zarur boʻlgan hollarda esa ular kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimda xizmatni oʻtashga jalb etilishi mumkin.
Odatdagi xizmatni oʻtash rejimi olti kunlik ish haftasi oʻrnatilishini nazarda tutadi, bunda kunlik ish davomiyligi yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa — sakkiz soatdan oshmasligi kerak.
Kuchaytirilgan rejim kuniga ish vaqtidan tashqari davomiyligi toʻrt soatdan oshmaydigan xizmat belgilanishini nazarda tutadi.
Sutkalik rejim uch mahal ovqatlanish hamda kamida sakkiz soat dam olish uchun vaqt berilgan holda, xizmatni yigirma toʻrt soat davomida oʻtashni nazarda tutadi.
Sutkalik rejim xodimlarga xizmatni oʻtash chogʻida ularning xohishiga koʻra, xizmat oʻtash joyida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari uchun belgilangan umumqoʻshin payogi normalari doirasida belgilanadigan oziq-ovqat payogi uchun beriladigan kompensatsiya oʻrniga uch mahal bepul ovqat berilishi mumkin, oʻz xizmat vazifalarini doimiy ravishda sutkalik navbatchilik asosida bajaradigan xodimlar bundan mustasno.
Kuchaytirilgan yoki sutkalik rejim joriy etilishi munosabati bilan ish soatlari (kunlari)ning belgilangan normalari oshirilganligi evaziga xodimga Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilangan tartibda pul kompensatsiyasi toʻlanadi yoki dam olish kunlari (otgullar) beriladi yoxud bu kunlar uning yillik asosiy taʼtiliga qoʻshiladi.
Kuchaytirilgan va sutkalik rejimni joriy etish hamda bekor qilish, shuningdek, xodimlarni jangovar harakatlarda ishtirok etishga jalb qilish Milliy gvardiya qoʻmondonining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
130. Dam olish va bayram kunlari xizmat vazifalarini bajarishga jalb etiladigan xodimlarga haftaning boshqa kunlarida dam olish kuni beriladi.
131. Milliy gvardiya boʻlinmalarining navbatchilik qismlari sutkalik naryadining xizmati yigirma toʻrt soatga moʻljallab tashkil etiladi.
Navbatchilik vaqtida naryad xodimlariga navbatma-navbat ovqatlanish va qisqa muddatli dam olish uchun umumiy davomiyligi uch smenalik rejimda — olti soat, toʻrt smenalik rejimda — toʻrt soat davom etadigan tanaffuslar beriladi.
Smena tugagach, Navbatchilik qismlari va obyektlarni qoʻriqlash naryadlari xodimlariga hamda xizmat vazifalarini sutkalik navbatchilik rejimida doimiy bajaruvchi boshqa xodimlarga belgilangan tartibda dam olish beriladi.
132. Milliy gvardiyada asosiy xizmat vazifalariga qoʻshimcha ravishda sutkalik rejimda navbatchilikka tushgan xodimlarga navbatchilik tugaganidan soʻng kamida 24 soat davom etadigan dam olish vaqti beriladi.
133. Milliy gvardiya xizmat faoliyatining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, sohaviy boʻlinmalari boshliqlar tomonidan tasdiqlanadigan kun tartibi ishlab chiqiladi.
134. Urush holati eʼlon qilingan davrda xodimlarning xizmatni oʻtash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
11-bob. Xizmat muddatini uzaytirish, xizmatdan boʻshatish va xizmatga tiklash
135. Xodim quyidagi asoslarga koʻra xizmatdan boʻshatiladi:
a) oʻzining xohishi (pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini oʻtamaganlarga) — xodimning bildirgisi asosida;
b) xizmatda boʻlishning belgilangan chegara yoshiga toʻlganligi;
v) pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini oʻtaganligi — xodimning bildirgisi asosida;
g) tashkiliy-shtat oʻzgarishlari;
d) kasalligi — harbiy-tibbiy komissiyaning xizmatga yaroqsizligi toʻgʻrisidagi xulosasi asosida;
e) sogʻligining cheklanganligi holati — harbiy-tibbiy komissiyaning Milliy gvardiyadagi xizmatga yaroqliligi cheklangani toʻgʻrisidagi va xizmat boʻyicha boshqa lavozimga oʻtkazish imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda, egallab turgan lavozimiga muvofiq xizmat majburiyatlarini bajara olmasligi haqidagi xulosasi asosida;
j) dastlabki sinov muddati davomida xizmatga yaroqsizligi;
z) malakasi yetarli emasligi oqibatida egallab turgan lavozimiga noloyiqligi − attestatsiya natijalari asosida;
i) xizmat intizomini qoʻpol ravishda buzganligi;
k) Milliy gvardiya xodimining shaʼniga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar sodir etganligi;
l) jinoyati uchun sudning hukmi, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin hukm qilinganligi;
m) xodimda intizomiy jazo chorasi mavjud boʻlgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzganligi;
n) boshqa turdagi davlat xizmatiga oʻtganligi (kadrlarning amaldagi zaxirasiga kiritmasdan);
o) Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi bekor qilinganligi yoki xorijiy davlat fuqaroligini olganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
p) xodimlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlar va Milliy gvardiyaning maxsus talablariga rioya etmaganligi.
(135-bandning “p” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-yanvardagi PQ-21-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2025-y., 07/25/21/0070-son)
136. Milliy gvardiyada xizmatda boʻlishning chegara yoshi safdor-serjant tarkibidagi xodimlar uchun ellik yosh, ofitserlar tarkibi uchun — ellik besh yosh, generallar tarkibi uchun — oltmish yosh, ayollarga esa (mavjud unvonidan qatʼi nazar) — ellik yoshni tashkil etadi.
137. Yuksak kasbiy tayyorgarlikka, egallab turgan lavozimida ish tajribasiga ega boʻlgan va sogʻligining holatiga koʻra xizmatni oʻtashga yaroqli xodimlarning xizmat muddati oʻzining roziligi bilan Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilangan tartibda besh yilgacha, boshliqlar tarkibidagi, Milliy gvardiya taʼlim muassasalarida professor-oʻqituvchilik lavozimlarini egallab turgan va ilmiy darajaga ega boʻlgan shaxslarning esa — oʻn yilgacha boʻlgan muddatga uzaytirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
138. Xizmat muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi qaror xodimni mazkur Nizomda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha Milliy gvardiyadan boʻshatish ehtimolini istisno etmaydi.
139. Quyidagi hollarda xodimlarning xizmatdan boʻshatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
tibbiyot muassasalarida davolanishda boʻlganida, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar vazirligining tibbiyot muassasalari tomonidan vaqtincha mehnatga layoqatsiz deb topilganda;
taʼtilda yoki xizmat safarida boʻlganda;
asirga yoki garovga olinganida (oʻz ixtiyori bilan asirga yoki garovga tushish hollari bundan mustasno).
140. Xodimga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgan, sudda koʻrilayotgan jinoyat ishi boʻyicha yakuniy qaror qabul qilinmagan yoki sud hukmi qonuniy kuchga kirmagan boʻlsa, u xizmatdan boʻshatilishi mumkin emas.
141. Xodim yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga xizmatdan boʻshatilishi yuzasidan shikoyat qilish huquqiga ega.
142. Xizmatdan boʻshashga qaror qilgan xodim boʻshashni rejalashtirgan kundan kamida ikki oy avval boʻshatish vakolatiga ega boʻlgan boshligʻiga bildirgi bilan murojaat etadi.
Xodimlarning xizmatdan boʻshatilishi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
“podpolkovnik” maxsus unvonigacha, shu jumladan “podpolkovnik” unvoni ham, — Milliy gvardiya qoʻmondonining yoki xizmatga qabul qilish vakolatiga ega boshliqning buyrugʻi bilan;
“polkovnik” va undan yuqori maxsus unvonlardagi xodimlar — belgilangan tartibda Milliy gvardiya qoʻmondonining buyrugʻi bilan.
143. Xodimning xizmat muddati kalendar hisobda yigirma yilga yetganidan soʻng oʻtagan xizmat muddati uchun pensiya olish huquqiga ega boʻladi. Bunga Milliy gvardiya va xorijiy davlatlar oliy taʼlim muassasalarida (Milliy gvardiya xalqaro shartnomalarga muvofiq), Oʻzbekiston Respublikasining oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasalarida oʻqish, Qurolli Kuchlarda muddatli harbiy xizmat yoki safarbarlik chaqiruv rezervidagi xizmatni oʻtash davrini ham oʻz ichiga oladi.
Ushbu holatda xodimga pensiya tayinlashda uning kalendar tarzda hisoblanadigan xizmat muddatiga qonun hujjatlarida va ushbu Nizomda belgilangan imtiyozli hisoblanadigan xizmat muddati qoʻshiladi.
144. Pensiya olish huquqini beruvchi xizmat muddatini oʻtamagan, ushbu Nizomning 135-bandi “b”, “g”, “d” yoki “e” kichik bandlariga muvofiq xizmatdan boʻshatilayotgan xodimlar boʻshash kunida umumiy ish staji yigirma besh va undan ortiq yilni tashkil etganda, shuning kamida oʻn ikki yil olti oyi Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar organlari xizmatlariga toʻgʻri kelganda pensiya olish huquqiga ega boʻladi.
145. Xodimlar halok boʻlganligi (vafot etganligi), bedarak yoʻqolgan deb topilganligi yoki vafot etgan deb eʼlon qilinganligi sababli Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi roʻyxatidan oʻchiriladi.
Sudning bedarak yoʻqolgan yoki vafot etgan deb topish toʻgʻrisidagi qarori bekor qilinganda, bedarak yoʻqolgan yoki vafot etgan deb topilishi oqibatida shaxsiy tarkib roʻyxatidan oʻchirilgan shaxsni xodim sifatida qayta shaxsiy tarkib roʻyxatiga kiritish Milliy gvardiya qoʻmondonining buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.
146. Ushbu Nizomning 135-bandi “l” kichik bandiga asosan xizmatdan boʻshatilib, gʻayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi yoxud asossiz boʻshatilganligi tan olingan hollarda, shuningdek, gʻayriqonuniy ravishda xizmatdan boʻshatilgan deb topilgan shaxslarni xizmatga tiklash sudning xizmatga tiklash toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan qarori yoxud Milliy gvardiya qoʻmondonining qarori asosida amalga oshiriladi.
Tiklanishi lozim boʻlgan shaxslarni shaxsiy tarkib roʻyxatiga kiritish va lavozimga tayinlash Milliy gvardiya qoʻmondoni buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
147. Ushbu Nizomning 146-bandida nazarda tutilgan shaxslar boʻshatilganidan yoki sudning xizmatga tiklash toʻgʻrisidagi qarori chiqarilganidan boshlab uch oy muddatda xizmatga tiklash haqida Milliy gvardiyaga murojaat etishlari lozim.
Xizmatga tiklash shaxsni boʻshatilgan kunidan tiklangan kuniga qadar boʻlgan oraliq davri uchun navbatdagi maxsus unvon berish, foizli qoʻshimcha haq toʻlash va pensiya tayinlash uchun xizmat yillarini hisoblashda xizmat stajiga qoʻshib hisoblash sharti bilan avvalgi maxsus unvoni, egallab turgan lavozimi, buning imkoni boʻlmasa, unga teng yoki boshqa lavozimga tayinlash orqali amalga oshiriladi.
Xizmatdan boʻshatilgan shaxs boʻshatilganidan yoki sudning xizmatga tiklash toʻgʻrisidagi qarori qonuniy kuchga kirgan kundan uch oy muddat oʻtgandan keyin Milliy gvardiyaga murojaat etsa, murojaat qilish muddatidan keyingi davr navbatdagi maxsus unvon berish, foizli qoʻshimcha haq toʻlash va pensiya tayinlash uchun xizmat yillarini hisoblashda uzluksiz xizmat stajiga qoʻshib hisoblanmaydi.
Agar shaxs uch oylik muddatni uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborgan taqdirda, ushbu muddat Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan tiklanishi mumkin.
148. Xizmatga tiklanayotgan shaxsga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar sudning qarori asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
149. Xizmatga tiklangan xodimlarga pensiya tayinlash uchun xizmat yillarini hisoblash chogʻida hisobga olinadigan xizmat stajiga:
ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash bilan bogʻliq jazolar oʻtalganda — bir kuni uch kun;
qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilganida — bir kuni uch kun;
ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar oʻtalganda bir kuni bir kun hisobida qoʻshiladi.
Xizmatga tiklangan xodimlarga navbatdagi maxsus unvon berish, foizli qoʻshimcha haq toʻlashda xizmat yillariga boʻshatilgandan keyingi davri bir kuni bir kun hisobida qoʻshiladi.
150. Ushbu Nizomning 135-bandi “v”, “g”, “e” va “n” kichik bandlariga muvofiq xizmatdan boʻshatilgan xodimlar maxsus unvonni tiklagan holda xizmatga qayta qabul qilinishi mumkin.
Ushbu Nizomning 135-bandi “a” kichik bandiga muvofiq xizmatdan boʻshatilgan xodimlar ularning Milliy gvardiyadagi kalendar hisobdagi amaliy ish staji oʻn yildan ortiq boʻlganda, Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari va sohaviy xizmatlari, taʼlim muassasalari boshliqlarining asoslantirilgan taqdimnomalariga asosan, shuningdek, xizmatdan boʻshashiga oʻqishga kirishi sabab boʻlgan hollarda xizmatga qayta qabul qilinishi mumkin.
Milliy gvardiyadan avval boʻshatilgan shaxslarni xizmatga qabul qilish tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
151. Davlat hokimiyati organlariga tayinlanganligi munosabati bilan xizmatdan boʻshatilgan va tayinlangan lavozimi boʻyicha vakolat muddati tugaganligi sababli xizmatga qayta qabul qilingan xodimlarning ushbu organlardagi mehnat faoliyati davri, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, Milliy gvardiyadagi umumiy xizmat muddatiga qoʻshilib, bir kuni bir kunga hisoblanadi.
152. Milliy gvardiyada xizmatni oʻtayotgan, shu jumladan kadrlar zaxirasida boʻlgan xodimlarga xizmat muddati, agar qonun hujjatlarda va ushbu Nizomda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, imtiyozli ravishda — bir kuni bir yarim kunga tenglashtirib hisoblanadi.
Milliy gvardiya, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari va xorijiy davlatlar (Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro shartnomalarga muvofiq yuborilgan taqdirda) oliy taʼlim muassasalarida, jumladan, kasbiy tayyorgarlik fakultetida va rahbar kadrlar tayyorlash fakulteti (oliy kurslari)da kunduzgi taʼlim oʻqish davri bir kuni bir kunga hisoblagan holda xizmat muddatiga qoʻshiladi.
Alohida davrda jamoat tartibini saqlashda, terrorchilikka qarshi operatsiyalar oʻtkazishda, favqulodda holat tartibini huquqiy taʼminlash va ularning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan, shuningdek, ushbu harakatlarda ishtirok etishi davomida olgan yaradorligi, shikastlanish va jarohatlanganligi oqibatida davolash-profilaktika muassasasida boʻlgan xodimlar ushbu davrdagi xizmat muddati bir kuni uch kunga tenglashtirilib hisoblanadi.
Xodimlarning alohida davrda jamoat tartibini saqlashda, terrorchilikka qarshi operatsiyalarda, favqulodda holat rejimini huquqiy taʼminlashda va uning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etganligi va muddatlari haqida vakolatli boshliq buyruq chiqaradi, buyruqdan koʻchirma ularning shaxsiy hujjatlari yigʻmajildlariga qoʻshiladi.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
153. Mazkur Nizom asosida Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan Milliy gvardiyaning ayrim boʻlinmalarida xodimlar tomonidan xizmatni oʻtashning boshqa tartibi va shartlari belgilanishi mumkin.
154. Fuqarolarni Milliy gvardiyadagi ishchi va xizmatchilar lavozimiga ishga qabul qilish va hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi mehnat faoliyatining xususiyatidan kelib chiqib, Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
Milliy gvardiya ishchi va xizmatchilarining mehnat munosabatlari mehnat sohasidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
155. Xizmatni oʻtashning ushbu Nizomda nazarda tutilmagan masalalari qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiya xodimlarining xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlari unvonlarining boshqa davlat xizmatlaridagi unvon va martaba darajalariga nisbatan
TAQQOSLANMASI

T/r

Milliy gvardiyaning maxsus unvonlari

Ichki ishlar organlarining maxsus unvonlari

Harbiy unvonlar

Bojxona xizmatlarining maxsus unvonlari

Davlat soliq xizmati organlarining maxsus unvonlari

(Harbiy) prokuratura xizmatlarining martaba darajalari

Adliya xizmatlarining martaba darajalari

Sud xizmatlarining martaba darajalari

1.

leytenant

leytenant

leytenant

bojxona xizmati leytenanti

soliq xizmatining III darajali inspektori

3-darajali yurist, adliya leytenanti

3-darajali yurist

3-darajali yurist

2.

katta leytenant

katta leytenant

katta leytenant

bojxona xizmati katta leytenanti

soliq xizmatining II darajali inspektori

2-darajali yurist, adliya katta leytenanti

2-darajali yurist

beshinchi malaka darajasi, 3-darajali yurist

3.

kapitan

kapitan

kapitan

bojxona xizmati kapitani

soliq xizmatining I darajali inspektori

1-darajali yurist, adliya kapitani

1-darajali yurist

toʻrtinchi malaka darajasi, 2-darajali yurist

4.

mayor

mayor

mayor

bojxona xizmati mayori

soliq xizmatining III darajali maslahatchisi

adliya maslahatchisi, adliya mayori

3-darajali adliya maslahatchisi

uchinchi malaka darajasi, 3-darajali adliya maslahatchisi

5.

podpolkovnik

podpolkovnik

podpolkovnik

bojxona xizmati podpolkovnigi

soliq xizmatining II darajali maslahatchisi

adliya kichik maslahatchisi, adliya podpolkovnigi

2-darajali adliya maslahatchisi

ikkinchi malaka darajasi, 2-darajali adliya maslahatchisi

6.

polkovnik

polkovnik

polkovnik

bojxona xizmati polkovnigi

soliq xizmatining I darajali maslahatchisi

adliya katta maslahatchisi, adliya polkovnigi

1-darajali adliya maslahatchisi

birinchi malaka darajasi, 1-darajali adliya maslahatchisi

7.

general-mayor

general-mayor

general-mayor

bojxona xizmati general-mayori

soliq xizmatining III darajali davlat maslahatchisi

3-darajali davlat adliya maslahatchisi, adliya general-mayori

3-darajali davlat adliya maslahatchisi

oliy malaka darajasi

8.

general-leytenant

general-leytenant

general-leytenant

bojxona xizmati general- leytenanti

soliq xizmatining II darajali davlat maslahatchisi

2-darajali davlat adliya maslahatchisi, adliya general-leytenanti

2-darajali davlat adliya maslahatchisi

9.

general-polkovnik

general-polkovnik

general-polkovnik

bojxona xizmati general-polkovnigi

soliq xizmatining I darajali davlat maslahatchisi

1-darajali davlat adliya maslahatchisi adliya general-polkovnigi

1-darajali davlat adliya maslahatchisi

Izoh: Unvonlar va martaba darajalari Milliy gvardiyaning general tarkibidagi maxsus unvonlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan holda tenglashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5089-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining
INTIZOM USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining Intizom ustavi (keyingi oʻrinlarda — Ustav) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining (keyingi oʻrinlarda — xodimlar) xizmat intizomiga qoʻyilayotgan talablar va odob-axloq qoidalarini belgilaydi, boshliqlar va xodimlarning oʻzaro munosabatlarini, shuningdek, ragʻbatlantirish hamda intizomiy jazo choralarining qoʻllanilishini tartibga soladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida (keyingi oʻrinlarda — Milliy gvardiya) xizmat intizomi xodimlar tomonidan ushbu Ustav talablariga qatʼiy va soʻzsiz rioya etishdan iborat.
Milliy gvardiyada xizmat intizomi har bir xodimning yuksak darajada anglashiga va xizmat burchini hamda qoʻyilgan vazifa uchun shaxsiy javobgarligini chuqur tushunishiga asoslanadi.
3. Xizmat intizomi har bir xodimni quyidagilarga majbur qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilish, Milliy gvardiya hayʼati qarorlarida belgilangan talablarni, Milliy gvardiyasi qoʻmondonining buyruq, farmoyish va koʻrsatmalarini qatʼiy bajarish;
Milliy gvardiya xodimining oʻz qasamyodiga sodiq boʻlish, “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” degan oʻzining xizmat burchini soʻzsiz bajarish;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini taʼminlash yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qilish;
ishonib topshirilgan tabel quroli, mol-mulk va texnikani asrab-avaylash;
Oldingi tahrirga qarang.
hushyor boʻlish, davlat sirlarini qatʼiy saqlash;
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
xodimlar oʻrtasida oʻzaro munosabatlar qoidalariga amal qilish, boshliqlar va hamkasblarni hurmat qilish;
doimiy ravishda oʻz bilim va kasbiy koʻnikmalarini takomillashtirib borish, malaka va huquqiy madaniyatini oshirish;
xizmatdan tashqari holatlarda oʻzini munosib ravishda tutish, jamoat tartibi va odob-axloq qoidalariga amal qilishda namuna boʻlish.
4. Milliy gvardiyada yuksak xizmat intizomiga:
xodimlarda yuksak maʼnaviy-axloqiy va ishchanlik xususiyatlarini, xizmat burchini bajarishga nisbatan ongli munosabatni shakllantirish;
har bir xodimning oʻz xizmat burchini bajarishga nisbatan shaxsiy masʼuliyati, ichki tartib va xizmat kiyimini kiyish qoidalariga qatʼiy rioya etish;
boshliqlarning qoʻl ostidagi xodimlarga nisbatan kunlik talabchanligi, ularga doimiy gʻamxoʻrligi, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralarini oqilona uygʻunlashtirgan holda va asosli qoʻllash;
Milliy gvardiya boʻlinmalarida zarur moddiy-maishiy sharoitlarni yaratish orqali erishiladi.
2-bob. Xodimlarning odob-axloq qoidalari
5. Odob-axloq qoidalari qaysi lavozimni egallashidan qatʼi nazar, xodimlarning kasb-odobi va xizmatda oʻzini tutish asosiy qoidalarining umumiy prinsiplari majmuini oʻz ichiga oladi.
6. Har bir xodim Milliy gvardiya safiga qabul qilingan kundan eʼtiboran odob-axloq qoidalariga amal qilishga majbur.
Odob-axloq qoidalariga rioya etish xodimning kasbiy faoliyati, samaradorligi va xizmatda oʻzini tutishini baholashning mezonlaridan biri hisoblanadi.
7. Xodim tomonidan odob-axloq qoidalarining asosiy talablariga amal qilish quyidagilarni nazarda tutadi:
fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, kamtar va bosiq boʻlish, ularning mavqeyidan qatʼi nazar, hech bir shaxs, guruh yoki tashkilotlarning kamsitilishi yoki afzal koʻrilishi holatlariga yoʻl qoʻymaslik;
Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar xalqlarining urf-odat va anʼanalarini hurmat qilish, turli etnik, ijtimoiy guruh hamda konfessiyalarning madaniy va boshqa xususiyatlarini inobatga olish, ijtimoiy barqarorlik, millatlararo va dinlararo hamjihatlikka koʻmaklashish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida, begʻaraz va qonuniy koʻrib chiqish;
xodimning oʻz xizmat burchini vijdonan bajarishiga nisbatan fuqaroda shubha uygʻotuvchi xatti-harakatdan tiyilish, shuningdek, Milliy gvardiya obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik.
8. Shaxsiy vaj va boshqa subyektiv sabablar xodimlar tomonidan qonunchilik talablari va odob-axloq qoidalari buzilishiga asos boʻla olmaydi.
9. Xodimlar korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashishi va faollik bilan uning profilaktikasiga koʻmaklashishi shart.
Xodimlar oʻz boshligʻi yoki vakolatli organlarga oʻzlarini boshqa shaxslar huquqbuzarlik sodir etishga undab murojaat qilgan har bir holat, shuningdek, boshqa xodimlar tomonidan sodir etilgan har qanday oʻziga maʼlum boʻlgan huquqbuzarliklar haqida xabar berishi zarur.
10. Xodim oilasida yuzaga kelgan nizolarni qonunchilik talablariga qatʼiy amal qilgan holda hal etadi.
Xodimning oila aʼzolari va yaqin qarindoshlariga nisbatan tergov harakatlari olib borilganda, unga oʻz vakolatlaridan foydalanib aralashish taqiqlanadi.
11. Xodimlar xayrixoh, xushmuomala va eʼtiborli boʻlishi, fuqarolar va hamkasblariga sabr-toqat va hurmat bilan munosabatda boʻlishi zarur.
Xodimlar fuqarolarga nisbatan qoʻpollik qilmasligi, shaxsning shaʼni, qadr-qimmatini kamsitish, asossiz ruhiy va jismoniy taʼsir oʻtkazish holatlariga yoʻl qoʻymasligi kerak.
12. Xizmat vazifalarini bajarish vaqtida xodimlarning tashqi koʻrinishi ish sharoiti va xizmat tadbiri turini inobatga olgan holda, aholida Milliy gvardiyaga nisbatan hurmat uygʻotishi, toza va orasta boʻlishi zarur.
13. Xodimlarga xizmat paytida va xizmat kiyimida alkogol ichimliklar isteʼmol qilish taqiqlanadi.
14. Xodimlar xizmatdan tashqari paytda umumiy odob-axloq qoidalariga amal qilishi, gʻayriijtimoiy harakatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻymasligi zarur.
3-bob. Boshliqlar va xodimlarning oʻzaro munosabatlari
15. Xodim xizmat vazifasini bajarish paytida bevosita va toʻgʻridan-toʻgʻri boshliqqa boʻysunadi.
Xodimlar xizmat boʻyicha boʻysunadigan, shu jumladan vaqtincha boʻysunadigan rahbarlar toʻgʻridan-toʻgʻri boshliqlar deb hisoblanadi.
Xodimga eng yaqin boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri rahbar bevosita boshliq hisoblanadi.
16. Boshliq oʻzi rahbarlik qilayotgan boʻlinmada xizmat intizomiga rioya etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
17. Boshliq unga boʻysunuvchi xodimlar tomonidan Ustavga amal qilinishiga talabchan boʻlishi, ularga yuksak kasbiy mahorat, qonuniylik talablari hamda qasamyodga rioya etish borasida doimiy ravishda namuna koʻrsatishi, ularning xizmat burchi hissini kuchaytirishi va qoʻllab-quvvatlashi, tashabbus, intilish va xizmatlarini ragʻbatlantirishi, shuningdek, xizmat intizomi buzilgan holatlarda jazo qoʻllanilishini taʼminlashi zarur.
18. Buyruq va topshiriqlar boʻysunish tartibida beriladi. Yuqori turuvchi boshliq zarur hollarda, xodimga bevosita boshligʻini xabardor qilmasdan buyruq yoki topshiriq berishga haqli. Bunday hollarda xodim oʻzining bevosita boshligʻini bundan xabardor qilishi zarur.
19. Noqonuniyligi yaqqol koʻrinib turgan va xizmat faoliyatiga aloqasi boʻlmagan buyruq va topshiriqlar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Boshliq qoʻl ostidagi xodimlardan ularning xizmat burchi doirasidan chiquvchi topshiriqlarni bajarishni, shuningdek, gʻayriqonuniy harakatlar sodir etishni talab qilishga haqli emas.
Xodim yaqqol qonunga zid boʻlgan (xizmat faoliyatiga aloqador boʻlmagan) buyruq yoki topshiriq olganda, zudlik bilan yuqori turuvchi rahbariyat yoki xizmatni oʻtash joyidagi oʻz xavfsizligi boʻlinmasiga xabar beradi.
Xodim yuqori turuvchi rahbariyat yoki oʻz xavfsizligi boʻlinmasiga xabar berish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, qonunchilik talablariga rioya etgan holda gʻayriqonuniy buyruq va topshiriqlarni bajarishdan bosh tortishga haqli, imkon paydo boʻlishi bilan ularni xabardor qilishi lozim.
20. Boshliqning buyruq va topshiriqlari (yaqqol qonunga zid boʻlganlari bundan mustasno) soʻzsiz, aniq va oʻz vaqtida bajarilishi shart. Buyruq va topshiriqlarni muhokama etishga, shuningdek, ularni tanqid qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xodim buyruq yoki topshiriqning bajarilgani toʻgʻrisida buyruq yoki topshiriq bergan boshliqqa, shuningdek, bevosita boshligʻiga axborot beradi.
Buyruq yoki topshiriqni bajarish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, xodim zudlik bilan bu haqda buyruq yoki topshiriq bergan boshliqni xabardor etishi shart.
21. Boshliq xodimlarni qarindosh-urugʻchilik, oshna-ogʻaynigarchilik, mahalliychilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari boʻyicha tanlash va joy-joyiga qoʻyish holatlariga yoʻl qoʻymasligi lozim. U oʻz xizmat burchini oʻtash paytida mahalliychilik va tanish-bilishchilik, shuningdek, boshqa salbiy omillarning namoyon etilishiga barham berishi kerak.
22. Boshliq quyidagilarga majbur:
manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va hal qilish, xodimlarga qulay va munosib mehnat sharoitlarni yaratish uchun oʻz vaqtida choralar koʻrish;
korrupsiya va oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olish, xodimlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarga chek qoʻyish choralarini koʻrish;
shaxsiy tarkibni samarali boshqarish, xodimlarning xizmat faoliyatini xolisona baholash;
oʻziga topshirilgan mol-mulk va moliyaviy mablagʻlarga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda boʻlish;
xodimlarning oʻziga xos xususiyatlarini oʻrganish, ular bilan oʻzaro yaqin munosabat oʻrnatish, jamoani birlashtirish, xodimlar tomonidan sodir etilgan nojoʻya xatti-harakatlarning sababini oʻz vaqtida aniqlash va ularning oldini olish, xizmat intizomi buzilishiga murosasiz munosabatda boʻlish boʻyicha choralarni koʻrish;
xodimlar, ularning oila aʼzolarining talab va ehtiyojlarini oʻrganish, ularni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ijtimoiy adolat prinsiplariga amal qilish choralarini koʻrish, yuqori turuvchi rahbariyatga qoʻl ostidagi xodimlarning huquqlarini taʼminlash boʻyicha takliflar kiritish.
4-bob. Ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralari
23. Xodimlarga nisbatan quyidagi ragʻbatlantirish choralari qoʻllaniladi:
a) minnatdorchilik eʼlon qilish;
b) qimmatbaho sovgʻa yoki pul mukofoti bilan taqdirlash;
v) Faxriy yorliq bilan taqdirlash;
g) idoraviy koʻkrak nishoni bilan taqdirlash;
d) muddatidan oldin navbatdagi maxsus unvon berish;
e) egallab turgan lavozimiga koʻra nazarda tutilgandan bir pogʻona yuqori maxsus unvon berish.
Shuningdek, ragʻbatlantirish tariqasida mazkur Ustavning 27-bandi “a” va “b” qismida, 28-bandi “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan muqaddam qoʻllanilgan intizomiy jazoni muddatidan oldin bekor qilish mumkin.
24. Milliy gvardiya oʻquv markazlarida mazkur Ustavning 23-bandida nazarda tutilgan ragʻbatlantirish choralaridan tashqari kursantlar va tinglovchilarga nisbatan quyidagi ragʻbatlantirish choralari ham qoʻllaniladi:
a) oʻquv markazi hududidan navbatdan tashqari chiqib kelish;
b) hurmat taxtasiga kiritish;
v) kursant va tinglovchilarning ota-onasi yoki turar joyiga minnatdorchilik xati yuborish.
25. Alohida xizmatlari uchun xodimlar Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlari va davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin.
26. Oylik ish haqi, mukofotlar, qoʻshimcha haq va ustamalar hamda xodimlarning pul taʼminotida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar ragʻbatlantirishga kirmaydi.
27. Xodimlarga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin:
a) hayfsan;
b) qattiq hayfsan;
v) egallab turgan lavozimiga notoʻliq loyiqligi toʻgʻrisida ogohlantirish;
g) maxsus unvonini bir pogʻona pasaytirish;
d) egallab turgan lavozimidan ozod etish;
e) gauptvaxtada hibsda ushlab turish;
j) Milliy gvardiya xizmatidan boʻshatish.
28. Milliy gvardiya oʻquv markazlarida Ustavning 27-bandida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralaridan tashqari oʻquv markazlarining belgilangan ichki tartib-qoidalarini buzgan, oʻquv dasturini qoniqarsiz oʻzlashtirgan kursantlarga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari ham qoʻllanilishi mumkin:
a) navbatdan tashqari naryadda xizmat oʻtashga yoki besh sutkagacha xoʻjalik ishlariga jalb etish;
b) bir oy muddatgacha oʻquv markazi hududidan navbatdagi chiqish huquqidan mahrum etish;
v) kursantlar roʻyxatidan oʻchirish.
5-bob. Boshliqlarning ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralarini qoʻllash boʻyicha vakolatlari
29. Boshliqlar tomonidan ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralari oʻzlariga berilgan vakolatlar doirasida qoʻllaniladi.
30. Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasi tarkibiy tuzilmalaridagi alohida batalyon va alohida otryad komandirlari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan rahbarlar quyidagi huquqlarga ega:
Ustavning 23-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash;
Ustavning 27-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qoʻllash.
31. Milliy gvardiya qoʻmondonining oʻrinbosari — Qoʻriqlash bosh boshqarmasi boshligʻi, hududiy boshqarma va Oʻquv markazlari boshliqlari hamda Xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarini qoʻriqlashni taʼminlash boʻyicha alohida batalyoni komandiri quyidagi huquqlarga ega:
mazkur Ustavning 23-bandi “a”, “b” va “v” kichik bandlarida hamda 24-bandining “a”, “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash;
mazkur Ustavning 27-bandi “a”, “b”, “v” kichik bandlarida hamda 28-bandida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qoʻllash.
32. Milliy gvardiya qoʻmondoni mazkur Ustavning 23, 24, 27 va 28-bandlarida nazarda tutilgan ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralarini qoʻllaydi, shuningdek, xodimlarni Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga va davlat mukofotlariga taqdim etadi.
33. Xodimni lavozimga tayinlash vakolatiga ega boshliqlar unga nisbatan mazkur Ustavning 27-bandi “d”, “e”, va “j” kichik bandlarida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qoʻllash huquqiga ega.
34. Qoʻl ostidagi xodimlariga nisbatan oʻz vakolatlariga kirmaydigan ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash zarurati yuzaga kelganda boshliq yuqori turuvchi rahbariyatga bu toʻgʻrisida iltimosnoma kiritadi.
35. Boshliq qoʻl ostidagi xodim tomonidan sodir etilgan nojoʻya xatti-harakatning oʻta jiddiyligi sababli uni lozim darajada jazolash uchun oʻziga berilgan vakolatlarni yetarli emas deb hisoblasa, u yuqori turuvchi rahbariyatga xodimga nisbatan ogʻirroq intizomiy jazo qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma kiritadi.
36. Intizomiy jazo chorasini qoʻllashda oʻz vakolati doirasidan chetga chiqqan yoki mazkur Ustavda nazarda tutilmagan intizomiy jazo chorasini qoʻllagan boshliq javobgarlikka tortiladi, qoʻllanilgan intizomiy jazo esa yuqori turuvchi rahbariyat tomonidan bekor qilinadi.
37. Xodim xizmat safari yoki davolanishda boʻlgan vaqtda xizmat intizomini buzgan taqdirda, mazkur xatti-harakatdan xabar topgan boshliq bu holatni bartaraf etish choralarini koʻradi va bu haqda xodimning xizmat joyiga xabar beradi.
6-bob. Ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash
38. Ragʻbatlantirish choralari alohida xodimga nisbatan ham, bir guruh xodimlarga nisbatan ham qoʻllanilishi mumkin.
Xodimga nisbatan bir yutugʻi uchun faqat bitta ragʻbatlantirish chorasi qoʻllanilishi mumkin.
Ragʻbatlantirish chorasini belgilashda xodimning xizmat koʻrsatkichlari xususiyati, shuningdek, uning avvalgi xizmatga qanday munosabatda boʻlganligi eʼtiborga olinadi.
39. Ustavning 27-bandi “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan intizomiy jazo qoʻllanilgan xodim mazkur jazoni bekor qilish orqali ragʻbatlantiriladi.
Intizomiy jazoni bekor qilish huquqi uni qoʻllagan boshliqqa, shuningdek, yuqori turuvchi vakolatli rahbariyatga beriladi.
40. Ragʻbatlantirish choralari, qoida tariqasida, quyidagicha qoʻllaniladi:
minnatdorchilik eʼlon qilish — yuklatilgan vazifani, boshliqning buyrugʻi yoki topshirigʻini muvaffaqiyatli bajargan xodim (xodimlar guruhi)ga nisbatan;
qimmatbaho sovgʻa yoki pul mukofoti bilan taqdirlash — xodim (xodimlar guruhi)ga nisbatan xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgani, xizmat vazifasini namunali bajargani va benuqson xizmati uchun, shuningdek, zaxiraga (isteʼfoga) chiqishi munosabati bilan yoki musobaqa (bellashuv)ning yakuniy natijalariga koʻra;
Faxriy yorliq bilan taqdirlash — xodim (xodimlar guruhi)ga nisbatan xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgani, xizmat vazifasini namunali bajargani va benuqson xizmati uchun, shuningdek, musobaqa (bellashuv)ning yakuniy natijalariga koʻra va oʻqishni (oʻquv yilini) muvaffaqiyatli yakunlaganda;
idoraviy koʻkrak nishoni bilan taqdirlash — xodimga nisbatan yuqori xizmat intizomi va koʻp yillik benuqson xizmati, Milliy gvardiya tizimini takomillashtirishga salmoqli hissa qoʻshgani, xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik va jasorat koʻrsatgani, shuningdek, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshgani uchun;
muddatidan oldin navbatdagi maxsus unvon berish yoki egallab turgan lavozimiga koʻra nazarda tutilgandan bir pogʻona yuqori maxsus unvon berish — xodimga nisbatan yuqori xizmat intizomi, xizmat burchini bajarish chogʻida koʻrsatgan qahramonligi, jasorati va fidoyiligi, Milliy gvardiya amaliy faoliyatiga salmoqli ilmiy hissa qoʻshgani (ilmiy darajani olganda), xizmat vazifalarini yuksak darajada bajarishda namuna boʻlgani uchun (Milliy gvardiyada xizmat oʻtash masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari talablariga muvofiq);
oʻquv markazi hududidan navbatdan tashqari chiqib kelish — yuklatilgan vazifalarni, komandirlarning buyruq yoki topshiriqlarini vijdonan bajargan Milliy gvardiya oʻquv markazlarining kursantlariga nisbatan;
Hurmat taxtasiga kiritish — ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etgan, oʻquv dasturlarini aʼlo baholarga oʻzlashtirgan Milliy gvardiya oʻquv markazlarining kursantlariga nisbatan;
ota-onasiga yoki turar joyiga minnatdorchilik xati yuborish — ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etgan, oʻquv mavsumini aʼlo baholar bilan yakunlagan Milliy gvardiya oʻquv markazlarining kursantlariga nisbatan.
41. Qoʻllanilgan ragʻbatlantirish chorasi buyruq bilan eʼlon qilinadi. Minnatdorchilik eʼlon qilish va oʻquv markazi hududidan navbatdan tashqari chiqib kelish buyruq orqali yoki ogʻzaki ham eʼlon qilinishi mumkin.
Ragʻbatlantirilganligi haqida xodimga shaxsan, saf oldida yoki kengaytirilgan majlis (yigʻilish)da tantanali tarzda eʼlon qilinadi.
Ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi buyruq eʼlon qilingan vaqtda, qoida tariqasida, xodimlarga faxriy yorliq, qimmatbaho sovgʻa yoki pul mukofotlari, koʻkrak nishonlari topshiriladi.
42. Buyruq bilan eʼlon qilingan ragʻbatlantirish chorasi xodimning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildiga kiritish orqali hisobga olinishi lozim.
Ragʻbatlantirish choralarini hisobga olish tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
7-bob. Intizomiy jazo choralarini qoʻllash
43. Mazkur Ustavda nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qoʻllash taqiqlanadi.
44. Sodir etilgan nojoʻya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo tayinlanadi.
Xizmat intizomi bir necha xodimlar tomonidan buzilganda, intizomiy jazo ularning har biriga nisbatan alohida qoʻllaniladi.
Sodir etilganligi maʼmuriy jazo tayinlashga olib kelgan xatti-harakatlar uchun intizomiy jazo qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Intizomiy jazo choralari qoʻllangan xodimlar, agarda ularning xatti-harakatlarida jinoyat tarkibi alomatlari boʻlsa, ular jinoiy javobgarlikdan ozod etilmaydi.
45. Intizomiy jazo choralarining qoʻllanilishi asosli boʻlishi va sodir etilgan nojoʻya xatti-harakat ogʻirligi hamda ayb darajasiga muvofiq kelishi zarur. Intizomiy jazo choralarini belgilash chogʻida nojoʻya xatti-harakat xususiyati, sodir etish holati, uning oqibatlari, aybdorning bungacha boʻlgan xulq-atvori, Milliy gvardiyada xizmat oʻtagan muddati, shuningdek, yuklatilgan xizmat vazifalarini bajarishga boʻlgan munosabati eʼtiborga olinadi.
Xodim tomonidan sodir etilgan nojoʻya xatti-harakat unchalik ahamiyatga ega boʻlmasa, boshliq unga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllamasligi va boshqa bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik borasida ogʻzaki ogohlantirish berish bilan kifoyalanishi mumkin.
Jamoada yuzaga kelgan nizoli vaziyatlarni hal etish, nojoʻya xatti-harakatlar sodir etgan xodimlarga jamoatchilik taʼsirini oʻtkazish maqsadida umumiy yigʻilishda yoki attestatsiya oʻtkazish tartibida koʻrib chiqiladi.
46. Intizomiy jazo choralari, qoida tariqasida, quyidagicha qoʻllaniladi:
hayfsan — yuklatilgan vazifalarni va boshliqning topshiriqlarini bajarmagan, xizmat kiyimini kiyish va fuqarolar hamda hamkasblari bilan muomala madaniyati qoidalarini buzgan xodimlarga nisbatan;
qattiq hayfsan — normativ-huquqiy hujjatlar va mazkur Ustav talablarini, xizmat guvohnomasidan foydalanish qoidalarini buzgan, belgilangan kun tartibiga muntazam ravishda amal qilmagan va xizmat majburiyatlarini bajarmagan, jamoadagi maʼnaviy-ruhiy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatgan xodimlarga nisbatan;
egallab turgan lavozimiga notoʻliq loyiqligi toʻgʻrisida ogohlantirish — amaldagi “qattiq hayfsan” intizomiy jazosi boʻlgan xodimlarga nisbatan xizmat intizomini, normativ-huquqiy hujjatlar va mazkur Ustav talablarini takroran buzgani uchun;
maxsus unvonini bir pogʻona pasaytirish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etish — amaldagi intizomiy jazosi boʻlgan, xizmat intizomini, normativ-huquqiy hujjatlar va mazkur Ustav talablarini qoʻpol ravishda buzgan, xizmatni oʻtashga loqaydlik bilan munosabatda boʻlgan, yuklatilgan xizmat majburiyatlarini bajarmagan xodimlarga nisbatan;
gauptvaxtada hibsda ushlab turish — intizomiy jazoning qatʼiy chorasi sifatida Milliy gvardiya xizmatidan boʻshatish uchun asos boʻladigan nojoʻya xatti-harakatni sodir etgan xodimlarga nisbatan;
Milliy gvardiya xizmatidan boʻshatish — xizmat intizomini qoʻpol ravishda buzgan, Milliy gvardiya xodimi shaʼniga putur yetkazuvchi xatti-harakat sodir etgan, intizomiy jazo chorasi mavjud boʻlgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzgan, qonun hujjatlarida belgilangan cheklov va taqiqlarga rioya etmagan xodimlarga nisbatan;
navbatdan tashqari naryadda xizmatni oʻtashga yoki besh sutkagacha xoʻjalik ishlariga jalb etish, bir oy muddatgacha oʻquv markazi hududidan navbatdagi chiqish huquqidan mahrum qilish — yuklatilgan vazifalarni va komandir (boshliq)ning topshiriqlarini bajarmagan, oʻquv markazining oʻrnatilgan ichki tartib-qoidalarini buzgan, oʻquv dasturini qoniqarsiz oʻzlashtirgan Milliy gvardiya oʻquv markazlari kursantlariga nisbatan;
kursantlar roʻyxatidan oʻchirish — Milliy gvardiya oʻquv markazlari kursantlariga nisbatan odob-axloq qoidalarini, xizmat intizomini buzganligi, oʻquv dasturini oʻzlashtira olmaganligi uchun.
47. Amaldagi intizomiy jazo bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, xizmat intizomini qoʻpol ravishda buzgan xodimga nisbatan Milliy gvardiya xizmatidan boʻshatishgacha boʻlgan har qanday intizomiy jazo qoʻllanilishi mumkin.
Quyidagilar xizmat intizomini qoʻpol ravishda buzish sirasiga kiradi:
xodimning sababsiz ravishda uzluksiz uch kundan ortiq muddatda xizmat joyida boʻlmasligi;
xizmat joyida alkogol ichimliklar isteʼmol qilish, giyohvandlik vositasi va (yoki) boshqa moddalar taʼsirida mast holatda boʻlish;
fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini buzishga, Milliy gvardiya xodimi shaʼniga jiddiy ravishda putur yetkazishga, odamlarning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga xavf tugʻdirishga olib keluvchi xatti-harakatlar sodir etish (agar bu jinoiy javobgarlikka sabab boʻlmasa);
Oldingi tahrirga qarang.
maxfiylik rejimi talablarini buzish (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa);
(47-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
xizmat postini sababsiz tashlab ketish, xodimga ishonib topshirilgan tabel quroli va uning oʻqlarini, mol-mulk va (yoki) texnikalarni qasddan yoʻq qilish, zararlantirish yoki uning (ularning) yoʻqolishiga olib kelgan ehtiyotsizlik bilan saqlash (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa);
mahbusning yoki qoʻlga olingan shaxsning qochib ketishiga, pul mablagʻi yoki tovar boyliklarini va hujjatlarni yoʻqolishiga sabab boʻlgan post xizmatini oʻtash qoidalarini buzish (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa).
Xodim xizmat joyida alkogol ichimlik, giyohvandlik vositasi va (yoki) boshqa moddalar taʼsirida mast boʻlgani sababli intizomiy javobgarlikka tortish uchun ushbu holatni isbotlash maqsadida tibbiy tekshiruv natijalariga, agar xodim tekshiruvdan bosh tortsa, kamida ikki xodim yoki boshqa shaxslar koʻrsatmalariga asoslaniladi.
48. Odob-axloq qoidalarini, shuningdek, boshliq va xodimlar oʻrtasidagi munosabat qoidalarini qoʻpol ravishda buzish Milliy gvardiya xodimi shaʼniga putur yetkazuvchi xatti-harakat sodir etish hisoblanadi.
Jamiyatdagi odob-axloq qoidalarini ochiqdan-ochiq pisand qilmaslik bilan bogʻliq boʻlmagan oilaviy kelishmovchiliklar, janjallar va maishiy nizolar Milliy gvardiya xodimi shaʼniga putur yetkazuvchi xatti-harakat sirasiga kirmaydi.
49. Intizomiy jazo chorasi mavjud boʻlgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzish deganda buyruq asosida eʼlon qilingan amaldagi intizomiy jazosi boʻlgan holda xodim tomonidan xizmat intizomini bir necha bor buzish tushuniladi.
50. Gauptvaxtada hibsda ushlab turish tarzidagi intizomiy jazo qoʻllanilganda, xodim ushbu nojoʻya xatti-harakati uchun Milliy gvardiya xizmatidan boʻshatilmaydi (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa).
Gauptvaxtada hibsda saqlash muddati safdor va serjantlar hamda kichik ofitserlar tarkibi xodimlari uchun — 10 sutkagacha, katta ofitserlar tarkibi xodimlari uchun — 5 sutkagacha muddatni tashkil etadi.
Gauptvaxtada hibsda ushlab turish tarzidagi intizomiy jazo ayollarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
51. Intizomiy jazo qoʻllashdan avval xodimdan yozma tushuntirish olinishi lozim. Agar xodim ushbu tushuntirishni berishdan bosh tortsa, tegishli ravishda dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Tushuntirishni berishdan bosh tortish holati sodir etilgan qilmish uchun intizomiy jazo tayinlashga toʻsqinlik qila olmaydi va jazoning ogʻirroq koʻrinishi hamda choralarini qoʻllashga olib kelmaydi.
Intizomiy jazo choralarini qoʻllash paytida boshliq xodimning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, u bilan munosabatda qoʻpollikka yoʻl qoʻymasligi zarur.
52. Maxsus unvonini bir pogʻona pasaytirish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etish tarzidagi intizomiy jazo choralari, qoida tariqasida, aybdorga boshqa intizomiy jazo turlari tegishlicha taʼsir koʻrsatmagan hollarda qoʻllaniladi.
53. Intizomiy jazoning qoʻllanilishi xodimni nojoʻya xatti-harakat oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.
54. Intizomiy jazo nojoʻya xatti-harakat boshliqqa maʼlum boʻlgan kundan boshlab bir oy muddat ichida, xizmat tekshiruvi oʻtkazilganda esa — tekshiruv tugagan kundan boshlab 10 sutkadan kechikmay qoʻllanilishi kerak, bunda aybdorning xastalik va taʼtilda boʻlgan vaqti hisobga olinmaydi.
Intizomiy jazo nojoʻya xatti-harakat sodir etilgan kundan bir yildan ortiq muddat oʻtgandan keyin qoʻllanilishi mumkin emas.
55. Mast holatda boʻlgan aybdorga nisbatan intizomiy jazo qoʻllash, shuningdek, undan har qanday tushuntirish olish xodim hushyor holga kelguncha kechiktiriladi.
56. Qoʻllanilgan quyidagi intizomiy jazo chorasi buyruq bilan eʼlon qilinadi:
a) hayfsan;
b) navbatdan tashqari naryadda xizmatni oʻtashga yoki besh sutkagacha xoʻjalik ishlariga jalb etish;
v) bir oy muddatgacha oʻquv markazlari hududidan navbatdagi chiqish huquqidan mahrum etish ham buyruq orqali, ham ogʻzaki eʼlon qilinishi mumkin.
Buyruqda eʼlon qilingan intizomiy jazo qoʻllash haqidagi qaror xizmat tekshiruvi xulosasi, shuningdek, oʻtkazilish tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadigan kompleks yoki inspektorlik tekshiruvlari asosida qabul qilinadi.
Intizomiy jazo chorasi qoʻllanilganligi haqida xodimga shaxsan, saf oldida yoki kengaytirilgan yigʻilish (majlis)da eʼlon qilinadi.
57. Amaldagi intizomiy jazosi mavjud boʻlgan xodim ushbu jazo bekor qilingunga qadar ragʻbatlantirishga, navbatdagi maxsus unvon olishga va yuqori lavozimlarga tayinlanishga taqdim etilmaydi.
58. Shikoyat bilan arz qilingan hollarda tayinlangan intizomiy jazoni ijro etish toʻxtatilmaydi.
Xodim intizomiy jazo eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oy muddat ichida yuqori turuvchi boshliqqa yoki xizmatni oʻtash joyidagi oʻz xavfsizligi boʻlinmasiga shikoyat bilan murojaat etishi mumkin.
59. Buyruq asosida tayinlangan intizomiy jazo tayinlangan vaqtdan boshlab bir yil oʻtgach bekor qilinadi (agar xodim shu muddat ichida yangi intizomiy jazoga tortilmasa). Ragʻbatlantirish tartibida jazo bir yil oʻtmasdan bekor qilinishi mumkin.
Agarda bir yil ichida xodimga nisbatan bir necha intizomiy jazo tayinlansa, ularni bekor qilish muddati oxirgi tayinlangan intizomiy jazo chorasi sanasi boʻyicha hisoblanadi.
60. Buyruqda eʼlon qilingan intizomiy jazo chorasi xodimning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildiga kiritish orqali hisobga olinishi lozim.
Intizomiy jazo choralarini hisobga olish tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
8-bob. Boshliqning harakatlari yuzasidan shikoyat qilish
61. Har bir xodim boshliqning unga nisbatan gʻayriqonuniy yoki nohaq harakatlari yuzasidan yuqori turuvchi rahbariyat yoki xizmat joyidagi oʻz xavfsizligi boʻlinmasiga yozma shikoyat berishga haqli.
62. Xodimning shikoyatida bayon etilgan masalalarni hal etish vakolatiga kirmaydigan yuqori turuvchi rahbariyat ushbu murojaatni besh kun muddatda vakolatli idoraga yuboradi.
63. Yuqori turuvchi rahbariyatga yoki xizmat joyidagi oʻz xavfsizligi boʻlinmasiga qonunchilikni buzish holatlari yoxud oʻziga nisbatan nohaq munosabatda boʻlinganligi haqida murojaat etgani uchun qoʻl ostidagi xodimni taʼqib etgan boshliq intizomiy tartibda javobgarlikka tortiladi (agar uning xatti-harakatlari jinoiy javobgarlikka olib kelmasa).
64. Xodimlarning shikoyati bir oygacha boʻlgan muddatda hal etiladi, qoʻshimcha tekshiruv talab etmaydiganlari esa zudlik bilan, biroq kelib tushgan kundan eʼtiboran 15 kundan kechiktirmagan holda koʻrib chiqiladi.
65. Qasddan yolgʻon shikoyat bilan murojaat etgan xodimlar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2021-y., 07/21/5089/0372-son; 21.01.2023-y., 07/23/11/0045-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son; 08.11.2023-y., 06/23/188/0835-son; 04.01.2024-y., 06/24/1/0001-son; 22.08.2024-y., 07/24/296/0640-son; 24.01.2025-y., 07/25/21/0070-son)