|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.02.2017
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYAT VA SPORT IShLARI VAZIRLIGI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi PQ-2778-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 27-sentabrdagi PF-3491-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimiga kiruvchi tashkilotlar va muassasalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 14-martdagi PQ-2146-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2014-y., 12-son, 137-modda)
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 30-sentabrdagi 455-son qarori 1-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshi hamda ushbu qarorga 1 va 2-ilovalar (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 9-son, 95-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 5-aprel,
96-son
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) madaniyat va sport sohasidagi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Vazirlik tizimiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari boshqarmalari, tuman (shahar) madaniyat va sport ishlari boʻlimlari, “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi, “Oʻzbekraqs” milliy raqs birlashmasi, “Oʻzbekdavlatsirki” respublika birlashmasi, “Oʻzbekmuzey” respublika jamgʻarmasi hamda Vazirlikka qarashli boshqa madaniyat, sport va taʼlim muassasalari kiradi.
Vazirlikning hududiy boʻlinmalari ikki tomonlama boʻysunadilar hamda Vazirlikka va mahalliy davlat hokimiyati tegishli organiga hisob beradilar.
Vazirlikning hududiy boʻlinmalari moliya organlari tomonidan belgilangan hajmlar va muddatlarda budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha xarajatlar smetasining ijrosi toʻgʻrisida tegishli moliya organlariga hisobot taqdim etadilar hamda nusxasini Vazirlikka topshiradilar.
4. Vazirlik oʻz faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini moliyalashtirish davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
6. Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalari, Vazirlik tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
II. Vazirlikning vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari hisoblanadi:
madaniyat va ommaviy sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, xalqning boy madaniy merosini qayta tiklash, asrlar davomida shakllangan yuksak maʼnaviyatini, xalq anʼanalari va urf-odatlarini har tomonlama rivojlantirish, jismonan sogʻlom, maʼnaviy jihatdan boy va uygʻun kamol topgan shaxslarni tarbiyalash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
milliy istiqlol gʻoyasidan, Oʻzbekiston xalqining madaniy va maʼnaviy-axloqiy anʼanalaridan kelib chiqqan holda aholi oʻrtasida madaniy-maʼrifiy, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy sport ishlarini amalga oshirish, odamlarning madaniy va estetik ehtiyojlarini yanada toʻlaroq qondirish;
teatr, musiqa, xoreografiya, tasviriy sanʼat, sirk, xalq amaliy va estrada sanʼatini yanada rivojlantirish, ularning gʻoyaviy-badiiy va maʼnaviy saviyasini oshirish, xalq tarixining eng yorqin sahifalarini va uning hozirgi hayotini, mamlakatning erkin demokratik taraqqiyotini yoritib beradigan asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga har tomonlama koʻmaklashish;
madaniy-ommaviy va bayram tadbirlarining chuqur gʻoyaviy mazmun bilan boyitilishini taʼminlash, respublikaning ijodiy uyushmalari va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ijodkor yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning oʻz talant va isteʼdodlarini toʻla namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, aholini, birinchi navbatda yoshlar va bolalarni sport bilan shugʻullanish zarurligini anglash ruhida tarbiyalash, ularga sogʻlom turmush tarzi va sportga muhabbat ishtiyoqini singdirish, yoshlarni mehnatga va respublika qurolli kuchlarida xizmat qilishga tayyorlash;
Olimpiya, paralimpiya hamda surdlimpiya oʻyinlarida, jahon va Osiyo qitʼasi chempionatlarida, xalqaro sport musobaqalarida Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qiladigan va yuqori sport natijalariga erisha oladigan yuksak mahoratli sportchilarni tayyorlash uchun sport-taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash va zarur shart-sharoitlar yaratish, jumladan, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
(7-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
respublikada bolalar sporti harakatini rivojlantirishga koʻmaklashish;
“Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” uzluksiz sport musobaqalarining uch bosqichli tizimini tashkil etish va oʻtkazish;
milliy sport turlari boʻyicha xalq oʻyinlari, sport musobaqalarini tashkil qilish va oʻtkazish;
(7-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
turar joylar va mahallalarda madaniy-maʼrifiy faoliyatni, aholini madaniy va jismoniy jihatdan tarbiyalashni tashkil qilishda, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy sport ishlarini oʻtkazishda davlat va jamoat tashkilotlari, oʻquv yurtlari, mahalliy hokimiyat organlari bilan faol hamkorlik qilish va ularga koʻmaklashish;
davlatlararo va xalqaro madaniy hamda sport aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash, konferensiyalar, koʻrgazmalar va sport musobaqalari oʻtkazish, madaniyat, sanʼat va sport sohasiga xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish ishlarini tashkil qilish;
madaniy-maʼrifiy va sport-sogʻlomlashtirish muassasalari, obyektlari va inshootlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mustahkamlash, ulardan eng yuqori darajada toʻliq va samarali foydalanishni taʼminlash;
madaniyat va sport sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil qilish, respublika madaniy-maʼrifiy, sport-sogʻlomlashtirish muassasalarini, oʻquv yurtlarini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash;
professional, xalq va havaskorlik ijodiyotini, ommaviy jismoniy tarbiya va sport, ommabop madaniy-maʼrifiy va sport dasturlarini keng targʻib qilish, shuningdek madaniyat va sport sohasida ommabop adabiyotlarni chop etish hamda video va kino materiallar chiqarish.
8. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari va birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning madaniyat va sport sohasidagi ishlarini muvofiqlashtiradi;
Vazirlik vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha qonun hujjatlariga rioya qilish monitoringini olib boradi, uni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va ularni koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
madaniyat va sport sohasida hamkorlik boʻyicha xalqaro loyihalarni ishlab chiqadi, qabul qilingan xalqaro bitimlarning bajarilishini taʼminlaydi;
teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy sanʼatini rivojlantirishni taʼminlaydi, ijodiy jamoalarga xalqimiz tarixining eng yorqin sahifalarini, uning hozirgi hayotini, mustaqil rivojlanish tajribasini aks ettiruvchi asarlar yaratishda har tomonlama yordam beradi;
kadrlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak maʼnaviyat ruhida tayyorlash jarayonini tashkil qiladi, kishilarning oʻzining umumtaʼlim va madaniy saviyasini oshirishga intilishini ragʻbatlantirish, ularni milliy, jahon madaniyati va sanʼatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish ishlarini amalga oshiradi;
Vazirlik tizimi kadrlari malakasini oshirishni, ularni qayta tayyorlashni, attestatsiyadan oʻtkazishni, shuningdek xorijda tajriba orttirishini, oʻqitishni taʼminlaydi;
muzeylarda milliy mustaqillik gʻoyalariga hamohang boʻlgan, oʻzbek xalqining boy madaniy merosini, uning insoniyat tarixidagi roli va ahamiyatini, uning rivojlanish bosqichlarini haqqoniy aks ettiruvchi ekspozitsiyalarning tashkil etilishini, shuningdek zamonaviy rivojlanish istiqbollarini chuqur oʻrganishni, muzeyshunoslik, muzeylar fondlaridagi eksponatlarning yagona katalogini yuritish boʻyicha umummilliy siyosatning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
respublika aholisini Oʻzbekiston xalqlari tarixi toʻgʻrisida xabardor qiluvchi chet ellarda saqlanayotgan qadimiy buyumlar, shuningdek mamlakatimiz muzeylarida namoyish qilinayotgan noyob eksponatlar bilan keng tanishtirish vositasida odamlarda umuminsoniy qadriyatlarni, boy milliy madaniy merosni hurmat qilish va eʼtirof etish tuygʻusini tarbiyalashga koʻmaklashadi;
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish boʻyicha qonun hujjatlarining yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, qoʻriqlash, targʻib qilish va ulardan foydalanish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqishda qatnashadi;
madaniy meros obyektlarini taʼmirlash, konservatsiya, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish boʻyicha davlat dasturlarining amalda roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi;
madaniy meros obyektlarini aniqlash, roʻyxatdan oʻtkazish, muhofaza qilish, targʻib etish va ulardan foydalanishni taʼminlaydi;
madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini yuritadi, ularni tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazishni tashkil qiladi va amalga oshiradi;
madaniy qimmatga ega boʻlgan buyumlarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda klassifikatsiyasini aniqlaydi;
madaniy boyliklarning chetga olib chiqib ketilishi, vaqtinchalik olib chiqib ketilishi toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
chetga olib chiqib ketiladigan va chetdan olib kelinadigan, shuningdek vaqtinchalik olib chiqib ketiladigan va vaqtinchalik olib kelinadigan madaniy boyliklarni roʻyxatdan oʻtkazadi;
chetga olib chiqib ketiladigan, vaqtinchalik olib chiqib ketiladigan, shuningdek vaqtinchalik olib chiqib ketilgandan keyin qaytarib olib kelingan madaniy boyliklarning ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlaydi;
madaniy boyliklarni chetga olib chiqib ketish va vaqtinchalik olib chiqib ketish huquqiga sertifikatlar beradi;
tutib qolingan yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda musodara qilingan madaniy boyliklarni davlat tegishli organlaridan qabul qilib oladi, ularni ekspertizadan oʻtkazadi va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;
Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlarning jamoalari va yakkaxon ijrochilarining gastrol-konsert faoliyatini, shu jumladan chet ellardagi gastrol-konsert faoliyatini tashkil qiladi;
respublikada va xorijiy mamlakatlarda professional sanʼat va havaskorlik sanʼati festivallari, koʻrik-tanlovlari, shuningdek koʻrgazmalar oʻtkazishni tashkil qiladi;
Estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi bilan birgalikda respublika madaniyat va aholi dam olish markazlari, konsert zallari va stadionlarida oʻtkaziladigan madaniy-maʼrifiy hamda konsert tadbirlarining tematik, repertuar rejalari va dasturlarini takomillashtirishga doir ishlarning muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi;
(8-bandning yigirma uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-sentabrdagi 249-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 38-son, 491-modda)
mamlakatimiz taʼlim muassasalarida dars berish uchun respublika va xorijiy mamlakatlarning taniqli ijrochilarini hamda sanʼat va sport arboblarini, yetakchi mutaxassis pedagoglarini taklif qiladi;
chet ellarda oʻqiyotgan va samarali ijodiy faoliyat koʻrsatayotgan ijodkor yoshlarning respublikada oʻtkaziladigan koʻriklar, tanlovlar hamda festivallarda qatnashishini taʼminlaydi;
iqtidorli yoshlar va sanʼat arboblarining ijodiy safarlarini tashkil qilishni hamda ularning xalqaro koʻlamda va respublika miqyosida sanʼat va sport sohasida oʻtkaziladigan koʻriklarda, tanlovlarda, festivallarda, boshqa anjumanlarda ishtirok etishini taʼminlaydi;
kulturologiyani, teatrshunoslikni, sanʼatshunoslikni, musiqashunoslikni va mazkur sohadagi boshqa ilmiy yoʻnalishlarni rivojlantirish, oliy oʻquv yurtlarida va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash chora-tadbirlarini koʻradi;
dramatik, musiqali, musiqali-dramatik asarlar, tasviriy va amaliy sanʼat va haykaltaroshlik asarlari yaratishga davlat buyurtmalarini amalga oshiradi;
ijodiy jamoalar, madaniyat, sanʼat va sport mutaxassislarini, arboblarini, shuningdek sportchilarni hamda ularning idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, boshqa vakillarni xalqaro tanlovlar, festivallar, sport musobaqalarida va chet ellardagi boshqa tadbirlarda qatnashish uchun tayyorlashni, joʻnatishni va qabul qilinishini taʼminlaydi;
(8-bandning yigirma toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
mamlakatda sport turlarini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari sportchilari va aʼzolarini sport inventarlari, jihozlari, kiyim-kechak va poyabzal bilan taʼminlaydi;
(8-bandning oʻttiz birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
respublikada madaniyat va sportni rivojlantirishning ahvoli monitoringini amalga oshiradi, mamlakatda ularni rivojlantirishga doir har yillik prognozlarni shakllantiradi;
jahon ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlari, xorijiy mamlakatlarda madaniyat va sportni rivojlantirishning ilgʻor tajribasi umumlashtirilishini, ushbu yutuqlarning tarmoqda joriy etilishini taʼminlaydi;
manfaatdor vazirliklar, idoralar, tashkilotlar bilan birgalikda madaniyat va sport sohasida ilmiy tadqiqotlar rivojlanishiga, shuningdek aholini jismoniy tarbiyalashga koʻmaklashadi, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etadi va ushbu ishlar olib borilishini muvofiqlashtiradi;
madaniyat va sport boʻyicha oʻquv dasturlari, qoʻllanmalari va boshqa ilmiy-metodik adabiyotlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi, shuningdek ularni tasdiqlaydi;
madaniyat va sportni rivojlantirish boʻyicha maqsadli dasturlarni, madaniyat va sport sohasiga taalluqli dasturiy-metodik va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi, ularning toʻgʻri bajarilishini taʼminlaydi;
davlat boshqaruvi boshqa organlari bilan birgalikda madaniyat va sport arboblarini, shu jumladan sportchilarni, trenerlarni, sport faxriylarini va boshqa mutaxassislarni ijtimoiy muhofaza qilish masalalarini hal etadi;
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, sport federatsiyalari (uyushmalari) va jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashadi;
(8-bandning oʻttiz sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
Oʻzbekistondagi sportning milliy turlarini va xalq oʻyinlarini rivojlantirishga har tomonlama koʻmaklashadi, mamlakatda va chet ellarda sportning milliy turlari boʻyicha sport musobaqalari, xalq oʻyinlari boʻyicha jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar tashkil etilishi va oʻtkazilishi moliyalashtirilishini, shuningdek xalqaro sport maydonlarida sportning milliy turlari targʻib qilinishi va rivojlantirilishini belgilangan tartibda taʼminlaydi;
(8-bandning oʻttiz toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
xalqaro va respublika sport tadbirlari va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari oʻtkazilishini, sportchilar, trenerlar va boshqa mutaxassislar taʼminotini, sportchilarni, Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalarini tayyorlashni va ularning Olimpiada va Osiyo oʻyinlarida, jahon, Osiyo chempionatlari, kuboklari va birinchiliklarida hamda boshqa xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishini, xalqaro tashkilotlarga aʼzolik badallari toʻlanishini belgilangan tartibda taʼminlaydi;
(8-bandning qirqinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning qirq birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
sport federatsiyalarining (uyushmalarining) taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan xalqaro sport tadbirlari va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida sportning alohida turlari boʻyicha qatnashadigan sportchilarni, Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalarini tasdiqlaydi va ularning ishtirok etishini taʼminlaydi;
(8-bandning qirq birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
aholining keng qatlamlari oʻrtasida madaniy tadbirlar va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda mamlakatning davlat va jamoat tashkilotlariga koʻmaklashadi;
(8-bandning qirq ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
oʻziga qarashli tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishda va ularni axborot bilan taʼminlashda, maslahat berish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashda hamda boshqa yordam turlarini koʻrsatishda ularga koʻmaklashadi;
barcha mavjud madaniyat va sport inshootlarini, kutubxonalar, teatrlar, madaniyat va aholi dam olish markazlari, istirohat bogʻlari, muzeylar va boshqa madaniy-maʼrifiy muassasalarni xatlovdan oʻtkazadi;
(8-bandning qirq beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-sentabrdagi 249-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 38-son, 491-modda)
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini pasportlashtiradi;
(8-bandning qirq oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
madaniyat va sport sohasidagi ulkan yutuqlar uchun mukofotlar taʼsis etish va Oʻzbekiston Respublikasi faxriy unvonlarini berish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda kiritadi;
xalqaro madaniyat hamda sport aloqalarini amalga oshiradi va rivojlantiradi;
madaniyat va sport muassasalarining davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilishini belgilangan tartibda taʼminlaydi.
sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritadi, uni yuritish tartibini belgilaydi;
xalqaro va respublika miqyosidagi Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantiradi hamda manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ularning moliyalashtirilishi va oʻtkazilishini taʼminlaydi;
trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari tarkiblarini va ularning yaqin zaxirasini tasdiqlaydi, Oʻzbekiston sport delegatsiyalarini jamlaydi, ularning tayyorgarlik koʻrishini hamda xalqaro sport musobaqalarida va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida ishtirok etishini taʼminlaydi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qaroriga asosan xatboshlar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
9. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek oʻzining hududiy boʻlinmalari, oʻziga qarashli boshqa tashkilotlar orqali amalga oshiradi.
III. Vazirlikning huquq va majburiyatlari
10. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
madaniyat va sport sohasida davlatlararo hamkorlik masalalari boʻyicha muzokaralarda ishtirok etish hamda respublika Hukumatining topshirigʻiga koʻra shartnomalar va bitimlarni imzolash, idoraviy mansub tashkilotlar va boshqa tashkilotlarning oʻzaro foydali munosabatlar asosida xorijiy mamlakatlar bilan toʻgʻridan toʻgʻrialoqalar oʻrnatishiga koʻmaklashish, shuningdek oʻz vakolatlari doirasida boshqa mamlakatlar tashkilotlari bilan madaniyat va sportni rivojlantirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida shartnomalar, bitimlar va boshqa hujjatlar tuzish;
vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalardan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan hisobot shakllarida nazarda tutilgan, Vazirlik vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha maʼlumotlarni olish;
madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan oʻtkazganlik va hujjatlarni rasmiylashtirganlik uchun maxsus yigʻim undirishdan tushadigan, ular boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishiladigan mablagʻlarning bir qismini olish;
tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflar tayyorlash hamda ularni koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda Hukumatga kiritish;
madaniyat va sport boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazish, ilmiy va ekspert ishlarini amalga oshirish, dolzarb masalalarni ishlab chiqish uchun vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va oʻquv yurtlaridan, shu jumladan chet ellardan yuqori malakali mutaxassislarni shartnoma asosida taklif etish;
belgilangan tartibda umumxalq bayramlari, yubileylar, madaniy va ommaviy jismoniy tarbiya-sport tadbirlari tashkil etish;
Vazirlik tizimiga kiruvchi sport, teatr-tomosha tashkilotlari, madaniy-maʼrifiy va taʼlim muassasalarini jihozlash uchun zarur boʻlgan yoritish va ovoz kuchaytirish asbob-uskunalarini, musiqa asboblarini, sport jihozlari, anjomlari, sport formalarini va boshqa zarur jihozlarni markazlashtirilgan tartibda sotib olish;
muzey fondlarini va asarlar koʻrgazmalarini toʻldirish uchun tarixiy-badiiy qimmatga ega boʻlgan kino, tasviriy va dekorativ-amaliy sanʼat asarlari hamda materiallarini, noyob qadimiy buyumlarni, shuningdek sahna va musiqa asarlarini, qoʻshiqlarni aniqlash va sotib olish, muzeylar fondlaridagi eksponatlarning yagona katalogini nashr etish;
respublikada oʻtkaziladigan xalqaro tanlovlar, koʻriklar, festivallar va boshqa tadbirlarda qatnashish uchun xorijiy jamoalarni va alohida ijrochilarni taklif etish;
Vazirlik tizimiga kiruvchi oʻquv yurtlarida va taʼlim muassasalarida dars berish, shuningdek master-klasslar oʻtkazish uchun yuqori malakali professorlar va oʻqituvchilarni, respublikamizdagi va chet ellardagi taniqli sanʼat va sport arboblarini taklif etish;
madaniyat va sport sohasida iqtidorli yoshlar vakillarini aniqlash, ularni chet ellarga oʻqishga yuborish;
badiiy havaskorlik jamoalariga, madaniyat muassasalariga “Xalq”, “Bolalar namunali jamoasi”, “Xalq muzeyi” unvonlari, respublika sport unvonlari va toifalari berish, kuboklar, medallar, nishonlar, diplomlar, yorliqlar va sovrinlar bilan mukofotlash;
Vazirlikka ajratiladigan, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan mavjud budjetdan tashqari moliyaviy mablagʻlarni uning tomonidan oʻtkaziladigan madaniy-ommaviy, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini tashkil etishga, madaniyat, sanʼat va sport arboblarini turli tanlovlar, sport musobaqalari va shu kabilarga tayyorlashga hamda ularda qatnashtirishga yoʻnaltirish;
(10-bandning oʻn toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
madaniyat va sport sohasida ilmiy-metodik ishlanmalar boʻyicha korxonalar va tashkilotlarni belgilangan tartibda tashkil etish, qayta tashkil qilish va tugatish, tarmoq mutaxassislari malakasini oshirish, shuningdek madaniy va sport-sogʻlomlashtirish korxonalari, inshootlari qurish;
yuqori malakali va sport zaxirasi sportchilarini tayyorlash ishlarini amalga oshirish, soha tarmoqlarini rivojlantirishni, idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, sport maktablari, klublari va sportga tayyorlash markazlarini ixtisoslashtirishni muvofiqlashtirish;
festivallar, tanlovlar, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, sport tadbirlari va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari gʻoliblari, sovrindorlari, qatnashchilari va faxriy mehmonlarini esdalik sovgʻalari bilan mukofotlash;
(10-bandning oʻn yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 43-son, 499-modda)
eng iqtidorli sanʼat arboblari, alohida fidokorlik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon qilgan madaniyat va sport sohasi xodimlari nomzodlarini mukofotlashga belgilangan tartibda taqdim etish.
Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega.
11. Vazirlik oʻz vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni belgilangan tartibda qabul qilishga haqlidir.
Vazirlik, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa normativ hujjatlar qabul qilish huquqiga ega.
12. Vazirlik madaniyat va sport sohasidagi davlat siyosati amalga oshirilishi va oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi taʼminlanishi uchun javob beradi.
IV. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
13. Vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan Vazir boshchilik qiladi.
Vazirning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan toʻrt nafar oʻrinbosarlari, shu jumladan ikki nafar birinchi oʻrinbosarlari boʻladi.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-maydagi 116-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 19-son, 215-modda)
14. Vazir:
Vazirlik faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlik qiladi hamda Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
zarurat boʻlganda, Vazirlik markaziy apparati tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritadi, shuningdek Vazirlik markaziy apparati, Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar va muassasalar shtat jadvalini, shuningdek xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Vazirlikning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, Vazirlik tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar va muassasalar nizomlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Vazirlikning markaziy apparati xodimlarini, hududiy boʻlinmalar, Vazirlik tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar va muassasalar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Vazir qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15. Vazirlikda Vazir (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimiga koʻra), shuningdek Vazirlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼatning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi Madaniyat va sport ishlari vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:
Vazirlik faoliyatining madaniyat va ommaviy sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni davom ettirish, xalqning boy madaniy merosini qayta tiklash, asrlar davomida shakllangan yuksak maʼnaviyatini, xalq anʼanalari va urf-odatlarini har tomonlama rivojlantirish, jismonan sogʻlom, maʼnaviy jihatdan boy va uygʻun kamol topgan shaxslarni tarbiyalash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek aholi oʻrtasida madaniy-maʼrifiy, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy sport ishlarini amalga oshirish, odamlarning madaniy va estetik ehtiyojlarini yanada toʻlaroq qondirish boʻyicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash uchun Vazirlik rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hayʼat Vazirlik vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
Hayʼat majlisiga Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari Vazirning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Vazir va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda Vazir paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari boshqarmalari oʻz faoliyatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda Vazirlik tomonidan tasdiqlangan nizomlarga muvofiq amalga oshiradilar.
Tuman (shahar) madaniyat va sport ishlari boʻlimlari oʻz faoliyatini tuman (shahar) hokimliklari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari boshqarmalari tomonidan tasdiqlangan nizomlarga muvofiq amalga oshiradilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari boshqarmalari rahbarlari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan Vazir tomonidan tayinlanadi.
Tuman (shahar) boʻlimlari boshliqlari tegishli tuman (shahar) hokimi taqdimnomasiga binoan tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari boshqarmalari boshliqlari tomonidan tayinlanadi.
17. Madaniyat va sport ishlari vazirligini tugatish va qayta tashkil etish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining
2005-yil 5-apreldagi 96-son qaroriga
2-ILOVA
2005-yil 5-apreldagi 96-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimiga kiruvchi tashkilotlar va muassasalar roʻyxati
I. Madaniyat muassasalari
1. “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi.
2. “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi.
3. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali direksiyasi.
4. Orkestr (simfonik, kamerli, xalq cholgʻu asboblari).
6. “Oʻzbekraqs” milliy raqs birlashmasi.
7. “Oʻzbeksirk” respublika birlashmasi.
8. Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi.
9. Oʻrta maxsus taʼlim muassasalari.
10. Respublika metodika va axborot markazi.
11. Xalq ijodiyoti va madaniy-maʼrifiy ishlar respublika ilmiy-metodik markazi.
12. Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi.
13. Badiiy ekspertiza boshqarmasi.
14. “Oʻzbekmuzey” respublika jamgʻarmasi, respublika muzeylari.
15. “Guliston”, “Teatr”, “Moziydan sado” jurnallari tahririyatlari.
16. Respublika markaziy koʻzi ojizlar kutubxonasi.
17. Oʻzbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi.
18. Respublika madaniy-maʼrifiy muassasalari.
II. Sport muassasalari
19. Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti.
20. Olimpiya zaxiralari kollejlari.
21. Sport turlari boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktablari.
22. “Sertifikatlash va kompyuterlashtirish markazi” davlat korxonasi.
23. “Sport” gazetasi tahririyati.
24. Olimpiya shon-shuhrati muzeyi.
25. Gimnastika boʻyicha bolalar-oʻsmirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 18-noyabrdagi 388-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 46-son, 532-modda)
26. Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi.
27. Ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish respublika markazi.
28. Sportning eshkak eshish turlari boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi.
29. Federatsiyalar va assotsiatsiyalar.
(2-ilova matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-maydagi 116-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 19-son, 215-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 14-martdagi PQ-2146-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 12-son, 137-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 104-modda, 27-son, 191-modda; 2006-y., 11-son, 83-modda, 34-35-son, 345-modda, 34-35-son, 346-modda; 2008-y., 24-25-son, 226-modda; 2010-y., 8-son, 63-modda, 23-son, 183-modda; 2012-y., 33-34-son, 391-modda, 44-son, 507-modda; 2013-y., 20-son, 258-modda, 38-son, 491-modda; 2014-y., 12-son, 137-modda, 19-son, 215-modda; 2016-y., 43-son, 499-modda, 46-son, 532-modda)