|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 14.08.2017
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyatini tashkil qilishni takomillashtirish toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi PF-5147-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining vakolatlarini kengaytirish, budjet jarayonini chuqurroq va har tomonlama tahlil etish va uning bajarilishini nazorat qilishni taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Davlat budjeti loyihasining makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va parametrlarini shakllantirish jarayonini chuqur va puxta oʻrganish, ularni bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish borasida oʻtkazilayotgan siyosatning gʻoyat muhim ustuvor yoʻnalishlariga, respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish sohasida qabul qilingan maqsadli kompleks dasturlarga toʻla-toʻkis mos kelishi nuqtai nazaridan tanqidiy baholash;
tarmoqlar va hududlar boʻyicha Davlat budjetining daromad qismi shakllantirilishi va ijrosini moddama-modda, har tomonlama chuqur tahlil etish, budjet daromadlarining asosiy moddalari boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarining realligi va tigʻizligiga baho berish, bunda yoqilgʻi-energetika kompleksi, qazib chiqarish sanoati, isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va savdo, iqtisodiyotning daromad hosil qiluvchi boshqa tarmoq va sohalaridagi zaxiralarni aniqlashga alohida eʼtibor qaratish;
agrosanoat kompleksidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy holati monitoringini amalga oshirish, qishloq va suv xoʻjaligini rivojlantirishga ajratiladigan budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etilgan maqsadli davlat jamgʻarmalari va boshqa jamgʻarmalarning mablagʻlaridan maqsadli, oqilona va samarali foydalanilishini nazorat qilish;
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari shakllantirilishi va ijro etilishini, ularning balanslanishini muntazam tahlil etish va nazorat qilish, mahalliy boshqaruv va fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarni bajarish uchun ularga real moliyaviy mablagʻlar ajratib berish vazifasini hal etish zarurligidan kelib chiqqan holda, barcha darajalardagi budjetlar oʻrtasidagi nisbatni maqbullashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
budjet tizimining barcha budjet darajalarida davlat budjetining ijrosi va davlat mablagʻlarining sarflanishi ustidan nazoratni tashkil qilish va taʼminlash. Davlat xarajatlarini kamaytirish rezervlarini aniqlash. Markazda va joylarda budjet mablagʻlaridan qonuniy, maqsadli va samarali foydalanilishini, ulardan foydalanishda qonunbuzarliklar va suiisteʼmolchiliklarning oldini olish choralarini amalga oshirish;
(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etilgan maqsadli davlat jamgʻarmalari va boshqa jamgʻarmalarning mablagʻlari toʻliq tushishi, ulardan maqsadli, oqilona va samarali foydalanilishi ustidan qattiq nazoratni amalga oshirish;
(1-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
oʻtkazilayotgan pul-kredit siyosatini, milliy valyutani mustahkamlash, uning xarid qobiliyatini oshirish, pul massasi va pul agregatlarini maqbul holga keltirish, bankdan tashqari pul aylanishini keskin qisqartirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni chuqur tahlil qilish va baholash;
respublika tashqi savdo oborotining ahvolini chuqur tahlil qilish, respublika toʻlov balansini shakllantirish va undan foydalanishni baholash. Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti prognozi bajarilishi, mahsulot importi maqbullashtirilishining taʼminlanishi, eksport tushumlari va xorijiy valyutani sotish toʻla-toʻkis va oʻz vaqtida boʻlishi monitoringini amalga oshirish. Ichki valyuta bozorida valyutaga boʻlgan talab va taklifni oʻrganish, ayirboshlash kursi dinamikasi boʻyicha takliflar ishlab chiqish, milliy valyutaning erkin almashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
tashqaridan olinadigan qarzlarning hajmlari va maqsadga muvofiqligini tanqidiy baholash, olinadigan xorijiy kredit va grant mablagʻlaridan samarali va oqilona foydalanilishini, shuningdek Hukumat tomonidan yoki Oʻzbekiston Respublikasining Davlat kafolati bilan olingan tashqi kreditlarga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatilishini qattiq nazorat qilish;
(1-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
oltin-valyuta zaxiralarining holati va uning harakati ustidan nazoratni amalga oshirish, tashqi aktivlarni boshqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish va ularni xorijiy banklarda samarali joylashtirish va qayta joylashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, oltin-valyuta zaxiralari, shu jumladan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalar ustidan nazoratni taʼminlash.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining cheklangan soni 20 kishidan iborat boʻlgan yangi tuzilmasi hamda boshqaruv sxemasi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga* muvofiq;
* 1, 2, 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi huzuridagi yangilangan Hayʼat tarkibi 4-ilovaga** muvofiq tasdiqlansin.
** 4-ilova berilmaydi.
3. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasini tashkil etish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 21-iyundagi PF-3093-sonli Farmoniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil b yanvardagi PF-3536-sonli Farmoni 1-bandi, shuningdek mazkur Farmonning ilovasi;
“Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasini tashkil etish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 21-iyundagi PF-3093-sonli Farmoniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 4-noyabrdagi PF–3157-sonli Farmoni 1 va 2-bandlari, shuningdek mazkur Farmon ilovasi;
“Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasini tashkil etish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 21-iyundagi PF-3093-sonli Farmoni 3-ilovasi.
4. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari V.A. Golishev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 4-aprel,
PF-3592-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 101-modda; 2006-y., 46-47-son, 453-modda; 2010-y., 1-2-son, 1-modda; 2011-y., 9-son, 84-modda, 25-son, 254-modda; 2012-y., 3-4-son, 26-modda; 8-9-son, 76-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda)