|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 08.05.2001
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DIPLOMATIK, KONSULLIK VA ULARGA TENGLAShTIRILGAN ChET EL VAKOLATXONALARINI, OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI VAKOLATXONALARINI VA MUXBIRLIK PUNKTLARINI HAMDA ULARNING XODIMLARINI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TAShQI IShLAR VAZIRLIGI HUZURIDA AKKREDITATSIYA QILISh TARTIBINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 8-maydagi 207-sonli “Xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalarining, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining hamda ular xodimlarining Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyati toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mazkur qarorning ommaviy axborot vositalari muxbirlik punktlarini hamda ular xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilishga oid qismi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 11-sentabrdagi 391-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qoidalarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Diplomatik va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarni, muxbirlik punktlarini hamda ularning xodimlarini akkreditatsiya qilish tartib-qoidalarini tartibga solish va takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Diplomatik, konsullik va ularga tenglashtirilgan chet el vakolatxonalarini, ommaviy axborot vositalari vakolatxonalarini va muxbirlik punktlarini hamda ularning xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiya qilish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi oʻzlarining idoraviy normativ hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. .Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov va Bosh vazir oʻrinbosari S.S. Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 15-noyabr,
436-son
Diplomatik, konsullik va ularga tenglashtirilgan chet el vakolatxonalarini, ommaviy axborot vositalari vakolatxonalari va muxbirlik punktlarini hamda ularning xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiya qilish
TARTIBI
I. Umumiy qoidalar
1. Chet el diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, ommaviy axborot vositalari vakolatxonalari va muxbirlik punktlari hamda koʻrsatib oʻtilgan vakolatxonalarning xodimlari, shuningdek ularning oila aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida xalqaro huquq normalariga va Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq akkreditatsiya qilinadilar.
2. Xalqaro huquq normalariga va milliy qonunchilikka, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ushbu qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida quyidagilar yuridik shaxslar sifatida akkreditatsiya qilinadilar:
a) diplomatik va konsullik vakolatxonalari;
b) xalqaro hukumatlararo tashkilotlar;
v) muruvvat yordami koʻrsatish, iqtisodiy va texnik hamkorlik boʻyicha hukumat tasarrufida boʻlmagan xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari;
g) xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalarining vakolatxonalari va muxbirlik punktlari.
Akkreditatsiya qilingan barcha vakolatxonalar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining maxsus reyestriga yozib qoʻyiladi.
3. Akkreditatsiya qilingan vakolatxonalarning huquqiy holati va vakolati xalqaro hujjatlar (BMT Ustavi, Diplomatik aloqalar toʻgʻrisida 1961-yil 18-apreldagi Vena konvensiyasi, Konsullik aloqalari toʻgʻrisida 1963-yil 24-apreldagi Vena konvensiyasi, BMTning imtiyozlari va daxlsizliklari toʻgʻrisida 1948-yil 13-fevraldagi Konvensiya va boshqalar), Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari hamda xalqaro bitimlar bilan tartibga solib boriladi.
4. 2a-bandda koʻrsatilgan vakolatxonalarni akkreditatsiya qilish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitimlar;
konsullik munosabatlari oʻrnatish toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitimlar;
xorijiy davlatlar Tashqi ishlar vazirliklarining Oʻzbekiston Respublikasida diplomatik vakolatxona ochish toʻgʻrisidagi notasi;
xorijiy davlatlar Tashqi ishlar vazirliklarining Oʻzbekiston Respublikasida konsullik muassasasi ochish toʻgʻrisidagi notasi.
2b-bandda koʻrsatilgan vakolatxonalarni akkreditatsiya qilish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi va xalqaro hukumatlararo tashkilot oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu tashkilot vakolatxonasini ochish toʻgʻrisidagi bitimlar;
Oʻzbekiston aʼzosi boʻlgan xalqaro hukumatlararo tashkilotning Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu tashkilot shtab-kvartirasini taʼsis etish toʻgʻrisidagi qarori.
2v-bandda koʻrsatilgan vakolatxonalarni akkreditatsiya qilish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi va hukumat tasarrufida boʻlmagan xalqaro tashkilot oʻrtasida ushbu tashkilot xodimlariga Diplomatik aloqalar toʻgʻrisida 1961-yil 18-apreldagi Vena konvensiyasida nazarda tutilgan imtiyoz va daxlsizliklar berilishiga asos boʻladigan bitim;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi muruvvat yordamini taqsimlash komissiyasining ularni xayriya tashkiloti sifatida akkreditatsiya qilishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
ushbu tashkilotning ustavi yoki boshqa taʼsis hujjati.
2g-bandda koʻrsatilgan vakolatxonalarni akkreditatsiya qilish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
ommaviy axborot vositasi rahbariyatining Oʻzbekiston Respublikasida vakolatxona yoki muxbirlik punkti ochish toʻgʻrisidagi tegishli xati;
ushbu tashkilotning ustavi yoki boshqa taʼsis hujjati;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining Oʻzbekiston Respublikasida vakolatxona yoki muxbirlik punkti ochishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi belgilangan tartibda kelishilgan xulosasi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Diplomatik aloqalar toʻgʻrisida 1961-yil 18-apreldagi Vena konvensiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari hamda muxbirlik punktlari xodimlari soniga cheklashlar joriy etish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Yuqorida qayd etilgan vakolatxonalar xodimlari soni toʻgʻrisida aniq bitim mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno.
6. Vakolatxona foydalanishida boʻlgan yoki akkreditatsiya kartochkalari egalarining shaxsiy mulk huquqidagi avtotransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish va ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan tartibda tartibga solib boriladi.
II. Akkreditatsiya qilinadigan jismoniy shaxslar
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi quyidagilarni akkreditatsiya qiladi:
diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarining boshliqlari, diplomatik xodimlar aʼzolari, konsullik mansabdor shaxslari, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari, harbiy attashelarning maʼmuriy-texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari hamda koʻrsatib oʻtilgan shaxslarning qaramogʻida boʻlgan oila aʼzolari;
xalqaro tashkilotlarning xizmat ishlari bilan Oʻzbekiston Respublikasiga kelishgan mansabdor shaxslari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida shtab-kvartirasi boʻlgan xalqaro tashkilotlar huzuridagi mamlakatlar vakolatxonalari xodimlari, shuningdek ularning oila aʼzolari;
Oʻzbekiston Respublikasida shtab-kvartirasi boʻlgan xalqaro tashkilotlar va boshqa chet el muassasalarining mazkur tashkilotlar taʼsis hujjatlariga yoki tegishli shartnomalarga muvofiq diplomatik imtiyozlar va daxlsizliklardan foydalanishadigan vakillari, shuningdek ularning oila aʼzolari;
chet mamlakatlar ommaviy axborot vositalarining vakillari va ularning oila aʼzolari.
III. Akkreditatsiya kartochkalarini berish
8. 7-bandda koʻrsatilgan shaxslarga Tashqi ishlar vazirligi lavozimiga koʻra akkreditatsiya kartochkalari beradi va ularning chet el pasportlariga akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida yozib qoʻyadi.
Akkreditatsiya kartochkalari 6 (olti) toifaga boʻlinadi: “A”, “V”, “S”, “D”, “E”, “Gʻ”.
9. “A” toifasidagi yashil rangli akkreditatsiya kartochkalari diplomatik pasporti boʻlgan yoki pasportda egasining diplomatik maqomini tasdiqlovchi yozuv boʻlgan diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalari boshliqlariga beriladi.
“V” toifasidagi qizil rangli akkreditatsiya kartochkalari Oʻzbekiston Respublikasida vakolatxonasi boʻlgan va Tashqi ishlar vazirligining maxsus reyestriga kiritilgan xalqaro hukumatlararo tashkilotlar boshliqlariga beriladi.
“S” toifasidagi toʻq sariq rangli akkreditatsiya kartochkalari Oʻzbekiston Respublikasiga texnik va muruvvat yordami koʻrsatayotgan Tashqi ishlar vazirligining maxsus reyestriga kiritilgan Hukumat tasarrufida boʻlmagan xalqaro tashkilotlar boshliqlariga beriladi.
“D” toifasidagi koʻk rangli akkreditatsiya kartochkalari diplomatik vakolatxonalar, xalqaro hukumatlararo tashkilotlar vakolatxonalari hamda diplomatik maqomga ega boʻlgan konsullik muassasalari xodimlariga beriladi.
“E” toifasidagi havorang akkreditatsiya kartochkalari diplomatik vakolatxonalarning, xalqaro hukumatlararo va hukumat tasarrufida boʻlmagan tashkilotlar vakolatxonalari konsullik muassasalarining maʼmuriy-texnik xodimlari aʼzolariga, shuningdek xalqaro bitimlarga muvofiq ularga tenglashtirilgan shaxslarga beriladi.
“G” toifasidagi sariq rangli akkreditatsiya kartochkalari Oʻzbekiston Respublikasida oʻz vakolatxonalari yoki muxbirlik punktlari boʻlgan va Tashqi ishlar vazirligining maxsus reyestriga kiritilgan xorijiy davlatlarning ommaviy axborot vositalari, radio va televideniyesi hamda axborot agentliklari vakillariga beriladi.
IV. Akkreditatsiya kartochkalarini berish tartibi
10. Tashqi ishlar vazirligi akkreditatsiya kartochkalari berishning quyidagi tartibini belgilaydi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiya qilingan Diplomatik vakolatxona, konsullik muassasasi, xalqaro tashkilot vakolatxonasi, ommaviy axborot vositalari vakolatxonasi yoki muxbirlik punkti oʻz xodimini akkreditatsiya qilish va akkreditatsiya kartochkalarini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga tegishli nota yoki xatni, pasport nusxasini, 4, ta fotosuratni (3x4 sm oʻlchamli), tegishli toifalarning 1-shakldagi ikkita akkreditatsiya blankini va 2-shakldagi bitta blankini yuboradi.
b) akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlarni koʻrib chiqish va akkreditatsiya kartochkalarini berish 14 kun davomida amalga oshiriladi.
11. Akkreditatsiya kartochkalarini berish tartibi 9-bandda koʻrsatilgan, ular bilan birga yashovchi shaxslarning oila aʼzolariga ham, ularning shaxslarini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud boʻlgan taqdirda, joriy qilinadi.
12. Xodimning xizmat mavqei oʻzgargan taqdirda (lavozimning oshishi, maʼmuriy-texnik xodimning diplomatik vazifaga oʻtishi) ushbu xodim ishlaydigan diplomatik vakolatxona yoki konsullik muassasasi Tashqi ishlar vazirligini yozma shakldagi nota bilan, unga xodimning yangi diplomatik mavqei va lavozimi koʻrsatilgan diplomatik pasportning nusxasini, 1-shakldagi ikkita akkreditatsiya blankini, 2-shakldagi bitta blankni va ilgari berilgan diplomatik va xizmat kartochkasini ilova qilgan holda, xabardor qiladi.
V. Akkreditatsiya qilish muddati
13. Tashqi ishlar vazirligi mazkur Tartibning 9-bandida koʻrsatilgan shaxslarni uzoq va qisqa muddatga akkreditatsiya qiladi.
Qisqa muddatga akkreditatsiya qilingan holda akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma notasida safarning qisqacha dasturi, boʻlish muddatlari, boriladigan shaharlar, uchrashish moʻljallanayotgan rasmiy shaxslar koʻrsatilishi kerak.
2 oygacha qisqa muddatga akkreditatsiya qilinganda, 9-bandda koʻrsatilgan shaxslarga, ushbu shaxsning vaqtinchalik akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida Tashqi ishlar vazirligi blankida maʼlumotnoma berilishi mumkin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiya qilingan muassasa xodimi respublikadan ketganda xodimning, uning oila aʼzolarining chet elga olib chiqib ketilmaydigan akkreditatsiya kartochkalari Tashqi ishlar vazirligiga majburiy tartibda qaytariladi.
15. Akkreditatsiya kartochkasi yoʻqotib qoʻyilgan yoki u yaroqsiz boʻlib qolgan taqdirda kartochka egasining 2 ta fotosuratini qoʻshgan holda nota bilan bu haqda tezda Tashqi ishlar vazirligini xabardor qilish zarur. Dublikat mazkur nota olingandan keyin 14 kun oʻtgach beriladi.
16. Xalqaro huquq normalariga muvofiq (Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisida 1961-yil 18-apreldagi Vena konvensiyasining 9-moddasi, Konsullik munosabatlari toʻgʻrisida 1963-yil 24-apreldagi Vena konvensiyasi 12-moddasining 2-bandi va 23-moddasi) Tashqi ishlar vazirligi vakolatxonaning u yoki bu xodimini akkreditatsiya qilishni rad etish huquqiga egadir.
Bunda vazirlik vakolatxona davlatiga yoki xalqaro tashkilotning vakolatxonasiga bunday rad etish sabablarini xabar qilishga majbur emas.
Bu holda bunday xodimning Oʻzbekiston Respublikasi hududida bundan keyin qolish-qolmasligi haqidagi masala diplomatik yoʻllar bilan hal etiladi.
17. Ushbu Tartibning 9-bandida koʻrsatib oʻtilgan shaxslar mehmonxonalarda va ichki ishlar organlarida chet el pasportlarini roʻyxatdan oʻtkazishdan ozod qilinadilar.
VI. Imtiyoz va daxlsizliklar
18. Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisida 1961-yil 18-apreldagi Vena konvensiyasining 29—36-moddalarida koʻrsatilgan imtiyozlar va daxlsizliklardan “A”, “V” za “D” toifasidagi akkreditatsiya kartochkalari beriladigan shaxslar, shuningdek, ularning birga yashaydigan oila aʼzolari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasalar, foydalanadilar.
“S” yoki “E” toifasidagi akkreditatsiya kartochkalari beriladigan shaxslar, ularning birga yashovchi oila aʼzolari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasalar yoki u yerda doimiy yashamasalar, yuqorida qayd etilgan konvensiyaning 29—35-moddalarida koʻrsatilgan imtiyozlar va daxlsizliklardan foydalanadilar. Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik va maʼmuriy yurisdiksiyasidan daxlsizlik ularning oʻz vazifalarini bajarishmayotganda sodir etgan xatti-harakatlariga joriy etilmasligi bundan mustasno.
Xalqaro huquq normalariga muvofiq (Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisida 1961-yil 18-apreldagi Vena konvensiyasining 38-moddasi, Ixtisoslashtirilgan muassasalarning imtiyozlari va daxlsizliklari toʻgʻrisida 1947-yil 21-noyabrdagi Konvensiyaning 39-moddasi va boshqalar) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida Akkreditatsiya qilingan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshimcha imtiyozlar va daxlsizliklar berishi mumkin.
VII. Akkreditatsiya kartochkalari egalarining huquq va majburiyatlari
19. Akkreditatsiya kartochkasi egasi quyidagilardan ozod etiladi:
a) barcha shaxsiy va mulkiy, davlat va mahalliy soliqlar, yigʻimlar hamda poshlinalardan, quyidagilar bundan mustasno:
odatda tovar va yoki koʻrsatilgan xizmat narxiga qoʻshiladigan bilvosita soliqlar;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xususiy koʻchmas mulkdan, agar u vakolatxona maqsadi uchun akkreditatsiya qiluvchi davlat nomidan ularga egalik qilmasa, olinadigan yigʻimlar va soliqlar;
merosdan olinadigan soliqlar va meros qoldirish poshlinalari;
manbai Oʻzbekiston Respublikasida boʻlgan shaxsiy daromaddan olinadigan yigʻimlar va soliqlar hamda Oʻzbekiston Respublikasidagi tijorat korxonalariga kapital qoʻyilmalardan olinadigan soliqlar;
xizmatning aniq turlaridan olinadigan yigʻimlar;
roʻyxatga olish, sud va reyestr poshlinalari, ipoteka yigʻimlari hamda koʻchmas mulkka nisbatan ham olinadigan yigʻimlar;
b) ularning xususiyatlaridan qatʼi nazar, barcha mehnat davlat majburiyatlaridan va shuningdek rekvizitsiya, kontributsiya kabi harbiy majburiyatlardan va harbiy postdan.
20. Akkreditatsiya kartochkasi egasi quyidagi mahsulotlarni boj poshlinasi toʻlamasdan bepul keltirish huquqiga egadir (tashish va saqlash uchun olinadigan yigʻimlar bundan mustasno):
vakolatxonalarning rasmiy foydalanishi uchun moʻljallangan buyumlar;
shaxsiy maqsadda foydalanish uchun moʻljallangan buyumlar, shuningdek roʻzgʻor buyumlari.
Oʻzbekiston Respublikasining milliy qonunchiligiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga muvofiq u koʻchuvchi va koʻchmas mulklarga egalik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashash, Oʻzbekiston Respublikasining mahalliy valyutasiga, shuningdek xorijiy valyutaga avia va temir yoʻl chiptalari sotib olish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlarni toʻlash huquqiga egadir.
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan oʻzaro asosda yoki bir tomonlama tartibda akkreditatsiya kartochkalari egalariga qoʻshimcha huquqlar berilishi mumkin.
21. Akkreditatsiya kartochkalari egalarining majburiyatlari.
Akkreditatsiya kartochkasi egasi quyidagilarga majburdir:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini, qonunchiligini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarini, boshqa normativ hujjatlarni hurmat qilish va ularga rioya etish;
b) Oʻzbekiston Respublikasining ichki ishlariga aralashmaslik;
v) vakolatxona binosidan yoki yashash joyidan, avtotransportdan faqat Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisida 1961-yil 18-apreldagi Vena konvensiyasida nazarda tutilgan vakolatxona vazifalariga muvofiq boʻlgan maqsadlardagina foydalanish;
g) Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi xalqlarning urf-odatlarini, madaniyatini, ananalarini va turmushini hurmat qilish;
d) mudofaa xususiyatlariga ega boʻlgan yopiq obyektlarga va hududlarga Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organining maxsus ruxsatisiz bormaslik;
e) berilgan akkreditatsiya kartochkasini ehtiyotlash;
j) Oʻzbekiston Respublikasidan butunlay joʻnab ketayotganda akkreditatsiya kartochkasini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga topshirish.
VIII. Vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish
22. 7-bandda koʻrsatilgan shaxslarga vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish masalalari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunchiligi asosida hamda akkreditatsiya muddatiga muvofiq Konsullik boshqarmasi tomonidan hal etiladi.