|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 2007-yil 15-yanvardagi OʻRQ-78-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan.
1-modda. Ommaviy axborot vositalari
Gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, axborot agentliklari, televideniye (kabelli, efir-kabelli televideniye) va radioeshittirishlar, hujjatli kino, elektron axborot tizimi, shuningdek, doimiy nomga ega boʻlgan, davlat tasarrufidagi, mustaqil va boshqa ommaviy davriy nashrlar ommaviy axborot vositalaridir.
Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilovalar nashr etishi mumkin.
2-modda. Ommaviy axborot vositalari erkinligi
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkin boʻlib, ular Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat koʻrsatadi.
Ommaviy axborot vositalari axborotni izlash, olish va tarqatish huquqidan foydalanadilar hamda oʻzlari eʼlon qilayotgan axborotning toʻgʻriligi va haqqoniyligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Ushbu Qonunning 28-moddasidagi sharhga qarang.
3-modda. Soʻz erkinligi
Har kim ommaviy axborot vositalarida chiqish, oʻz fikri va eʼtiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.
4-modda. Senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Eʼlon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek, ularning matni oʻzgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqqi yoʻq.
Oldingi tahrirga qarang.
41-modda. Monopollashtirishga yoʻl qoʻyilmasligi
Ommaviy axborot vositalarining ishlab chiqarilishi hamda tarqatilishi sohasida monopollashtirishga va insofsiz raqobatga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bironta ham yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositalarining tegishli markaziy yoki mahalliy bozoriga chiqariladigan ommaviy axborot vositalarining yigirma besh foizidan ortigʻiga muassis (hammuassis) boʻlishga va (yoki) ularni shuncha miqdorda oʻz mulkida, egaligida, foydalanishida, tasarrufida, yurituvida yoxud boshqaruvida (bevosita yoki affillangan shaxslar orqali) saqlashga haqli emas.
(41-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
5-modda. Ommaviy axborot vositalarining tili
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari oʻz faoliyatini Davlat tili haqidagi Qonunga muvofiq amalga oshiradi.
6-modda. Ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda suiisteʼmollarga yoʻl qoʻyilmasligi
Ommaviy axborot vositalaridan Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat qilish, urush va zoʻravonlikni, shafqatsizlikni, milliy, irqiy va diniy adovatni targʻib etish, davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan oʻzga sirni oshkor etish, jinoiy javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir qilish maqsadida foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularning shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.
Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz dastlabki tergov materiallarini eʼlon qilish, muayyan ish boʻyicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning hal qiluv qarori yoxud hukmi qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoki sudga oʻzgacha yoʻl bilan taʼsir koʻrsatish, nomini koʻrsatmaslik sharti bilan maʼlumot bergan shaxsning nomini oshkor qilish (sud oshkor etishni talab qiladigan hollar bundan mustasno) taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu modda talablarini buzganlikda aybdor shaxslar, shu jumladan muharrir (bosh muharrir), jurnalist, boshqa shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(6-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuniga asosan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan, — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
7-modda. Ommaviy axborot vositasining tahririyati
Ommaviy axborot vositasining tahririyati muassis tomonidan tuziladi hamda ushbu Qonun, boshqa qonun hujjatlari, oʻz ustavi (nizomi) asosida ish olib boradi.
8-modda. Tahririyat xodimi
Tahririyat xodimi deganda tahririyat shtatida turuvchi va materiallar toʻplash, ularni tahlil hamda tahrir qilish, tayyorlash bilan shugʻullanuvchi shaxs tushuniladi.
9-modda. Jurnalistik tekshiruv
Tahririyat xodimi murojaatlardan yoki boshqa manbalardan oʻziga maʼlum boʻlgan yoxud oʻzi guvoh boʻlgan muayyan voqea, holat yuzasidan jurnalistik tekshiruv oʻtkazishga, faktlarni, guvohlik koʻrsatmalarini toʻplashda audio va video texnikadan foydalanishga haqli. Jurnalistik tekshiruv tergov va sud jarayoniga taʼsir oʻtkazmasligi kerak.
Tahririyat xodimi muayyan voqea yoki holatga nisbatan shaxsiy fikrini ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilishga, agar voqea yoki holat yuzasidan tergov tugamagan boʻlsa, sudning hal qiluv qarori yoki hukmi qonuniy kuchga kirganidan soʻng jurnalistik taxminlarini shaxsiy mulohaza tarzida eʼlon qilishga haqlidir.
10-modda. Axborot manbaini oshkor etmaslik
Ommaviy axborot vositasi xabar, maʼlumot, fakt yoki dalillar taqdim etgan manbaning yoki taxallusini qoʻygan muallifning nomini ularning yozma roziligisiz oshkor etishga haqli emas.
Ommaviy axborot vositasi axborot manbaining yoki taxallusini qoʻygan muallifning iltimosiga binoan sudda uning nomidan ishtirok etishi mumkin.
11-modda. Ommaviy axborot vositalarini taʼsis etish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari ommaviy axborot vositalarini taʼsis etish huquqiga egadirlar.
Ommaviy axborot vositasi bir necha muassis tomonidan ham taʼsis etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Quyidagilar muassis boʻlishi mumkin emas:
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar;
faoliyati qonun bilan taqiqlangan jamoat birlashmalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi oʻttiz foizdan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarning ommaviy axborot vositalarini tashkil etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuniga asosan uchinchi va toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan, — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
111-modda. Taʼsis hujjatlari
Taʼsis shartnomasi va ustav (nizom) ommaviy axborot vositasining taʼsis hujjatlari hisoblanadi.
Bir nechta muassis oʻrtasida tuziladigan taʼsis shartnomasida quyidagi maʼlumotlar boʻladi:
muassislarning nomi haqidagi;
taʼsis etilayotgan ommaviy axborot vositasining turi, faoliyati predmeti va maqsadi, chiqish davriyligi haqidagi;
taʼsis etilayotgan ommaviy axborot vositasining nomi, pochta manzili haqidagi;
ommaviy axborot vositasining ustav fondi miqdori, moliyalashtirish manbalari va uni hosil qilish tartibi haqidagi;
muassislarning ommaviy axborot vositasi faoliyatida ishtirok etishiga doir huquqlari va majburiyatlari haqidagi;
ommaviy axborot vositasi faoliyatini boshqarish tartibi haqidagi;
foydani taqsimlash tartibi haqidagi;
ommaviy axborot vositasini qayta tashkil etish, tugatish (ommaviy axborot vositasining faoliyatini tugatish) tartibi haqidagi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar toʻgʻrisidagi.
Agar bir shaxs muassis hisoblansa, u roʻyxatga oluvchi organga ustavini taqdim etadi.
(111-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuniga bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
112-modda. Muassis bilan tahririyat oʻrtasidagi shartnoma
Muassis bilan tahririyat oʻzaro huquqlar va majburiyatlar, javobgarlik, nizolarni hal etish tartibi va boshqa shartlar toʻgʻrisida, shuningdek uchinchi shaxslar bilan oʻzaro munosabatlari toʻgʻrisida shartnoma tuzadilar.
(112-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
113-modda. Muassisning huquqlari va majburiyatlari
Muassis quyidagi huquqlarga ega:
taʼsis shartnomasi, ustav (nizom) va qonun hujjatlarida, shuningdek u bilan tahririyat oʻrtasida tuzilgan shartnomada belgilangan vakolatlari doirasida ommaviy axborot vositasining ishlarini boshqarishda ishtirok etish;
qoʻshgan mulkiy ulushiga muvofiq ravishda foyda va zararlar taqsimotida ishtirok etish;
ommaviy axborot vositasini muassis yoki uning tomonidan koʻrsatilgan uchinchi shaxs manfaatlarini koʻzlab qonun hujjatlariga muvofiq boshqaruvni amalga oshirishi lozim boʻlgan boshqa shaxsga (ishonchli boshqaruvchiga) mulkiy majmui sifatida ishonchli boshqaruvga topshirish;
ommaviy axborot vositasi muharririni (bosh muharririni), shuningdek tahrir hayʼati aʼzolarini tayinlash va ozod qilish;
eng katta hajmi va eʼlon qilish muddati tahririyat ustavida (nizomida) yoki taʼsis shartnomasida belgilanadigan xabarni yoki reklama tusida boʻlmagan materialni oʻz nomidan bepul joylashtirish;
ommaviy axborot vositasi tugatilgan yoki ommaviy axborot vositasining faoliyati tugatilgan taqdirda kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkning bir qismini yoki uning qiymatini qoʻshgan mulkiy ulushiga muvofiq qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda olish.
Muassis quyidagilarni bajarishi shart:
ommaviy axborot vositasining ustavini (nizomini) tasdiqlash;
ommaviy axborot vositasi tahririyati bilan shartnoma tuzish;
ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlash.
Muassis senzurani amalga oshirishga, retsenziyadan oʻtkazishga yoki tahririyatning ijodiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek ommaviy axborot vositasining ishlab chiqarilishi va tarqatilishi masalalariga aralashishga haqli emas, taʼsis shartnomasida yoki ustavda (nizomda) nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Qonun hujjatlariga muvofiq muassis boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(113-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuniga bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
114-modda. Muassis huquqlari va majburiyatlarining tugatilishi
Muassisning huquqlari va majburiyatlari quyidagi hollarda tugatiladi:
ommaviy axborot vositasi uchinchi shaxs foydasini koʻzlab boshqa shaxsga oʻtkazilganda;
muassis — yuridik shaxs bankrotga uchraganda yoki tugatilganda;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun sud hukmi bilan sudlanganda;
vafot etganda.
Muassisning huquqlari va majburiyatlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa hollarda ham tugatilishi mumkin.
(114-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
12-modda. Ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish
Tahririyat roʻyxatdan oʻtkazilganlik toʻgʻrisida guvohnoma olinganidan keyin faoliyat boshlashi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi ariza Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati vakolat bergan davlat organiga belgilangan tartibda muassis tomonidan topshiriladi. Arizaga taʼsis hujjatlari ilova qilinadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-sentabrdagi 418-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
(12-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni tahririda, — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi ariza topshirilgan kundan boshlab bir oy muddat ichida koʻrib chiqilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositasini chiqarishga kirishish huquqi guvohnoma olingan kundan boshlab olti oy davomida saqlanib turadi. Belgilangan muddat ichida ommaviy axborot vositasining birorta ham soni (dasturi) eʼlon qilinmagan taqdirda roʻyxatdan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi.
(12-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni tahririda, — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
13-modda. Ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi ariza
Roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi arizada ommaviy axborot vositasining:
1) muassisi (muassislari);
2) nomi, qaysi tilda (tillarda) eʼlon qilinishi, manzili;
3) maqsad va vazifalari;
4) qanday doiradagi oʻquvchiga (tomoshabinga, tinglovchiga) moʻljallanganligi;
5) davriyligi, hajmi, moddiy-texnika taʼminoti hamda pul bilan taʼminlanish manbalari koʻrsatilishi kerak.
Koʻrsatilgan maʼlumotlarda oʻzgarish boʻlsa, ommaviy axborot vositasi belgilangan tartibda qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi shart. Oʻzgartishlar jiddiy boʻlmagan hollarda roʻyxatga oluvchi organ ommaviy axborot vositasini qayta roʻyxatdan oʻtkazish shart emasligi toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-sentabrdagi 418-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 9—11-bandlari.
Roʻyxatga olish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun haq qonun hujjatlarida belgilanadigan tartib va miqdorlarda undiriladi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-sentabrdagi 418-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 7—10-bandlari.
14-modda. Axborotni roʻyxatdan oʻtkazmagan holda tarqatish
Oʻzlarining normativ hujjatlari yoki oʻzga hujjatlarni rasmiy nashrlarda, axborotnomalar, byulletenlarda chiqaruvchi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek oʻz faoliyatlari uchun zarur boʻlgan axborot materiallarini hamda hujjatlarni chiqaruvchi korxonalar, muassasalar, tashkilotlar (shu jumladan, oʻquv va ilmiy muassasalar) axborotni roʻyxatdan oʻtkazmagan holda tarqatish huquqiga egadirlar.
Ommaviy tarqatishga moʻljallanmagan yoki qoʻlyozma tarzida koʻpaytiriladigan bosma, video va audiovizual mahsulotni texnikaviy vositalar yordamida tayyorlash ishlarini, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, roʻyxatdan oʻtkazilish talab qilinmaydi.
15-modda. Ommaviy axborot vositasini roʻyxatga olishni rad etish
Ommaviy axborot vositasini roʻyxatga olish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
1) ommaviy axborot vositasining maqsad va vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hamda ushbu Qonunga zid boʻlsa;
2) bundan avval xuddu shu nomdagi ommaviy axborot vositasi roʻyxatga olingan boʻlsa;
3) ariza sudning ommaviy axborot vositasi faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganiga bir yil toʻlmay berilgan boʻlsa;
4) ommaviy axborot vositasi muassisning yoki muassislaridan birining yoxud noshirning manzili Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan boʻlsa.
Ommaviy axborot vositasini roʻyxatga olish rad etilgan taqdirda bunga asos boʻlgan sabab koʻrsatilgan holda arizachiga yozma maʼlumot yuboriladi.
16-modda. Ommaviy axborot vositasini chiqarishni yoki nashr etishni tugatish
Oldingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositasini chiqarish yoki nashr etish muassisning yoki sudning qarori bilan tugatilishi (yoki toʻxtatilishi) mumkin.
Ommaviy axborot vositasi ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muntazam rioya etmay kelgan taqdirda vakolatli organ ommaviy axborot vositasini tugatish (uning faoliyatini tugatish) haqida sudga murojaat etishga haqli.
(16-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuniga asosan birinchi va ikkinchi qismlar bilan almashtirilgan, — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Muassis ommaviy axborot vositasini chiqarishni yoki nashr etishni tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilgan taqdirda muharrir (bosh muharrir) yoki tahririyat xodimi ushbu Qonunning 9-moddasiga muvofiq xuddi shu nomda ommaviy axborot vositasi taʼsis etish masalasini qoʻyishi mumkin. Bunday hollarda ommaviy axborot vositasini qayta roʻyxatdan oʻtkazish talab etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Ommaviy axborot vositasini roʻyxatga olishni rad etganlik ustidan shikoyat qilish tartibi
Davlat organi tomonidan ommaviy axborot vositasini roʻyxatga olishning rad etilishi ustidan ommaviy axborot vositasining muassisi yoki tahririyati sudga shikoyat qilishi mumkin.
(17-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
18-modda. Ommaviy axborot vositasining ustavi (nizomi)
Ommaviy axborot vositasi oʻz faoliyatini muassis tasdiqlaydigan ustav (nizom) asosida yuritadi.
Ommaviy axborot vositasining ustavi (nizomi) tahririyat xodimlari umumiy miqdorining kamida uchdan ikki qismi ishtirokidagi umumiy yigʻilishida koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va muassis tomonidan tasdiqlanadi.
Ustavda (nizomda) muassis, muharrir (bosh muharrir) va tahririyat xodimlarining vakolatlari belgilanadi va ommaviy axborot vositasining muassisi, nomi, qaysi tilda (tillarda) eʼlon qilinishi, manzili, faoliyat turi va maqsadlari, tahririyat mol-mulki manbai hamda foydani (daromadni) taqsimlash tartibi, nashrni qayta tashkil etish va tugatish shartlari koʻrsatiladi.
Ustav (nizom) Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid kelmasligi kerak.
19-modda. Ommaviy axborot vositasining muharriri (bosh muharriri) va tahrir hayʼati
Muharrir (bosh muharrir) ommaviy axborot vositasi tahririyati, tahrir hayʼati ishiga rahbarlik qiladi, muassis bilan munosabatlarda ommaviy axborot vositasi nomidan ish olib boradi.
Muharrirni (bosh muharrirni) lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish tartibi ustavda (nizomda) belgilab qoʻyiladi.
Tahrir hayʼati ommaviy axborot vositasi ustavida (nizomida) nazarda tutilgan tartibda tuziladi. Ommaviy axborot vositasining muassisi, tahririyati va noshiri oʻrtasidagi ishlab chiqarish, mulkiy, moliyaviy va boshqa munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
20-modda. Ommaviy axborot vositalarida homiylar ishtiroki
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari ommaviy axborot vositalariga homiylik qilishi mumkin. Ommaviy axborot vositalari bilan homiylar oʻrtasidagi munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Homiylarning ommaviy axborot vositalari va ular xodimlarining kasb faoliyatiga aralashuvi taqiqlanadi.
21-modda. Nashrga oid maʼlumotlar
Davriy nashrning har bir sonida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
1) nashrning nomi;
2) tahririyatning manzili;
3) muassis (muassislar)ning nomi;
4) muharrirning (bosh muharrirning) familiyasi, ismi-sharifi;
5) davriy nashrning roʻyxatga olingan tartib raqami hamda bosilib chiqqan sanasi, gazetalarning esa, shuningdek, chop etishga ruxsat berilib, imzo qoʻyilgan vaqti;
6) aloqa korxonalari orqali tarqatiladigan davriy nashrlar uchun indeks raqami;
7) tiraji;
8) bosmaxonaning nomi va manzili.
Televideniye, radioeshittirish tahririyati har safar efirga chiqqanda, uzluksiz eshittirish chogʻida esa, bir kecha-kunduzda kamida toʻrt marta televideniye, radioeshittirish tahririyati nomini eʼlon qilishi shart.
22-modda. Nazorat nusxalari va taqdim etilishi shart boʻlgan nusxalar
Davriy bosma nashrlarning nazorat nusxalari tahririyatga, muassisga va roʻyxatga oluvchi organga bepul yuboriladi.
Davriy bosma nashrlarning taqdim etilishi shart boʻlgan nusxalari yuboriladigan tashkilotlar va muassasalarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
23-modda. Telekoʻrsatuv va radioeshittirish materiallarining saqlanishi
Televideniye, radioeshittirish tahririyatlari telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar materiallarini (plyonkalarni) ular efirga berilganidan soʻng bir oy davomida saqlab turishlari, oldindan yozib olmay, toʻgʻridan toʻgʻri efirga beriladigan koʻrsatuvlar va eshittirishlarni roʻyxatga olish daftarini yuritishlari, ularning mavzui, namoyish etilgan (efirga berilgan) kuni, boshlangan va tugagan vaqti, ularni olib borgan kishining familiyasi va ismini qayd etib borishlari shart.
Telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarni roʻyxatga olish daftari unga soʻnggi yozuv kiritilgan kundan boshlab bir yil davomida saqlanadi. Tarixiy, ilmiy, madaniy va boshqa yoʻsindagi ahamiyatga molik materiallar qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda saqlanishi kerak.
24-modda. Ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish tartibi
Ommaviy axborot vositalarining mahsulotlarini bevosita noshirning va tahririyatning oʻzi yoki shartnoma asosida aloqa korxonalari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tarqatishi mumkin.
Ommaviy axborot vositasining har bir alohida sonini tarqatishga muharrir (bosh muharrir) uni chop etishga (efirga berishga) ruxsat etganidan keyingina yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish Oʻzbekiston Respublikasi tegishli qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalar qoidalari asosida amalga oshiriladi.
25-modda. Rasmiy xabarlar, axborot va eʼlonlarni eʼlon qilish
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan taʼsis etilgan ommaviy axborot vositalari mazkur organlarning rasmiy xabarlarini eʼlon qilishlari shart.
Favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisidagi shoshilinch xabarlar yoki davlatning vakolatli organlari tomonidan omma eʼtiboriga zudlik bilan yetkazish maqsadida berilgan xabarlar barcha ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Sudning aynan shu ommaviy axborot vositasida eʼlon qilish toʻgʻrisidagi koʻrsatmasi boʻlgan, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorini tahririyat koʻrsatilgan muddatda bepul eʼlon qilishi shart.
Boshqa har qanday xabar, axborot va eʼlonlar tahririyat bilan oʻzaro shartnoma tuzish asosida eʼlon qilinadi.
26-modda. Muallif materiallari va xatlaridan foydalanish
Ommaviy axborot vositalarida tegishli qonun hujjatlariga asoslangan holda jurnalistika, adabiyot, sanʼat asarlaridan va ilmiy asarlardan foydalanilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Tahririyatga kelgan xatlarni eʼlon qilishga tayyorlash chogʻida mazmunini buzmagan holda ularning matnini qisqartirish va tahrir etishga yoʻl qoʻyiladi.
Tahririyat qonuniy asoslarda rad etgan materialni ommaviy axborot vositasida majburan eʼlon qildirishga hech kimning haqqi yoʻq.
27-modda. Raddiya berish va javob qaytarish huquqi
Yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida eʼlon qilingan, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan va oʻzining shaʼni hamda qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan maʼlumotlar boʻyicha raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqlidir.
Eʼlon qilingan material tufayli huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan yuridik va jismoniy shaxslar oʻz raddiyasini mazkur ommaviy axborot vositasi orqali eʼlon qilishga haqlidir. Raddiya yoki javob maxsus ruknda yoxud ana shunga sabab boʻlgan material bosilgan ayni oʻsha sahifada eʼlon qilinishi shart. Raddiya yoki javob gazetalarda ular kelgan kundan eʼtiboran bir oy muddat ichida, boshqa davriy nashrlarda esa navbatdagi sonda eʼlon qilinadi.
Olingan raddiya yoki javob radioeshittirish yoki televideniye tahririyati tomonidan radioeshittirish yoxud telekoʻrsatuvning ayni oʻsha dasturi yoki turkumida, kelgan kunidan eʼtiboran bir oy muddat ichida eʼlon qilinadi.
Asosli va odob doirasidagi javob matnini, agar uni eʼlon qilish hajm yoki vaqt nuqtai nazaridan ommaviy axborot vositasining faoliyatiga zarar yetkazmasa, tahrir qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ommaviy axborot vositasi raddiya yoki javobni eʼlon qilishdan bosh tortsa yoxud ularni eʼlon qilish uchun belgilab qoʻyilgan muddatni buzsa, yuridik yoki jismoniy shaxs daʼvo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
28-modda. Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini buzishda aybdor deb topilgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 218-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi ikkinchi qismi va 140-moddasi ikkinchi qismi.
Muharrir (bosh muharrir), shuningdek, jurnalist ommaviy axborot vositasida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan materiallarni tarqatganlik uchun, agar maʼlumotlar: rasmiy xabarlardan olingan boʻlsa; axborot agentliklari yoki davlat organlarining matbuot xizmati orqali olingan boʻlsa yoxud muallifning oldindan yozib olinmay, toʻgʻridan toʻgʻri efirga berilayotgan nutqlarida aytilgan boʻlsa, javobgar boʻlmaydilar.
29-modda. Chet el ommaviy axborot vositalari vakolatxonalari va vakillarining Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyati
Chet el ommaviy axborot vositalari vakolatxonalari va vakillari Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtganlaridan keyin amalga oshiradilar.
Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan chet el ommaviy axborot vositalari vakolatxonalari va vakillarining huquqiy maqomi va kasb faoliyatini amalga oshirish shartlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 11-sentabrdagi 391-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari korrespondentlarining kasb faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida tartibga soladigan asosiy qoidalar.
30-modda. Xalqaro shartnomalar
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 26-dekabr,
541-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 1-son, 10-modda; 2002-y., 9-son, 165-modda)