Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining rasmiy veb-saytlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarida (keyingi oʻrinlarda — davlat ishtirokidagi korxonalar) korporativ boshqaruvni yanada takomillashtirish, ular faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining rasmiy veb-saytlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish boʻyicha talablar;
davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytini yuritish boʻyicha talablar;
davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-sayti mazmuniga qoʻyiladigan talablar.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-yanvardagi 23-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.01.2024-y., 09/24/23/0023-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-fevral,
81-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-fevraldagi 81-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining rasmiy veb-saytlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida
NIZOM
(ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi miqdori 50 foizdan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari yoxud ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori xoʻjalik jamiyatining boshqa har bir aksiyadori (ishtirokchisi) ulushiga nisbatan koʻp boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining (keyingi oʻrinlarda — davlat ishtirokidagi korxonalar) rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishi majburiy boʻlgan axborotga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
2. Aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytlari Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-iyuldagi 176-son qarori bilan tasdiqlangan Aksiyadorlik jamiyatlarining korporativ veb-saytlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga ham muvofiq boʻlishi kerak.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat ishtirokidagi korxonalar — ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi miqdori 50 foizdan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari yoxud ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori xoʻjalik jamiyatining boshqa har bir aksiyadori (ishtirokchisi) ulushiga nisbatan koʻp boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari;
(3-bandning ikkinichi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
muhim fakt — ushbu Nizomda belgilangan davlat ishtirokidagi korxonalar moliya-xoʻjalik faoliyatida yoki korporativ harakatlarida yuz bergan oʻzgarishlar;
boshqaruv organi — davlat nomidan mulkdor (muassis, aksiyador, ishtirokchi) funksiyalarini bajaruvchi vazirliklar va idoralar;
Oldingi tahrirga qarang.
yirik bitimlar — “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 83-moddasida (aksiyadorlik jamiyatlari uchun) yoxud “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 44-moddasida (masʼuliyati cheklangan jamiyatlar uchun) nazarda tutilgan bitim yoki oʻzaro bogʻlangan bir nechta bitimlar;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
affillangan shaxslar — “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 85-moddasida (aksiyadorlik jamiyatlari uchun) yoxud “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasida (masʼuliyati cheklangan jamiyatlar uchun) nazarda tutilgan davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan tuziladigan bitimlarda manfaatdorligi mavjud yuridik yoki jismoniy shaxslar.
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyat turi va moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, rasmiy veb-saytga ega boʻlishlari lozim, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
2-bob. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish boʻyicha talablar
5. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytida majburiy joylashtirilishi kerak boʻlgan axborotlar va hisobotlar quyidagilar hisoblanadi:
a) doimiy:
korxona faoliyatining asosiy yoʻnalishlari va maqsadlari;
ustav fondi (ustav kapitali) va uning taqsimlanishi;
korxonaning ustavi;
korxonaning tashkiliy tuzilmasi, tarkibiy boʻlinmalari, filiallari, vakolatxonalari, davlat nomidan mulkdor (muassis, aksiyador, ishtirokchi) funksiyalarini bajaruvchi vazirliklar va idoralar, shuningdek, ulushi boʻlgan korxonalarning nomi, ularning joylashgan manzili va bogʻlanish uchun telefon raqami, elektron pochta manzili hamda ularning ish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
korxonaning rahbarlari (direktor yoki boshqaruv raisi va oʻrinbosarlari) toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma axborot;
maʼmuriy, ishlab chiqarish va texnik xodimlar bilan birgalikda korxonadagi boʻsh ish oʻrinlari, ishga qabul qilish shartlari va ish oʻrniga qoʻyilgan talablar, shu jumladan, mehnat sharoitlari va lavozim vazifalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
korxonaning affilangan shaxslari va yakuniy manfaatdor shaxslari (benefitsiarlari) roʻyxati;
korxonaning boshqaruv masalalari toʻgʻrisidagi nizomlari va boshqa ichki hujjatlari;
korxonaning davlat nomidan mulkdor (muassis, aksiyador, ishtirokchi) funksiyalarini bajaruvchi vazirliklar va idoralar tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishda qabul qilingan qarorlar yoxud yigʻilish oʻtkazilishi sanasi, vaqti, oʻtkaziladigan joyi, muhokama qilinadigan masalalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
korxona tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar (bajariladigan ishlar va koʻrsatiladigan xizmatlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
tovarlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish) boʻyicha korxona va ulushi boʻlgan korxonalar tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar (tenderlar) yoxud kimoshdi savdolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
korxonaning va ulushi boʻlgan korxonalarning boʻsh turgan, foydalanilmayotgan, nosohaviy aktivlari va ular toʻgʻrisidagi asosiy axborotlar;
rasmiy veb-saytdagi axborot materiallaridan boshqa shaxslar foydalanganda korxonaning rasmiy veb-saytiga majburiy havolalar koʻrsatilishi toʻgʻrisidagi talablar;
Oldingi tahrirga qarang.
korxona tomonidan ishlab chiqilgan strategiya, uni amalga oshirish chora-tadbirlari va ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, maxfiy yoki tijorat sirlarini oʻz ichiga olgan maʼlumotlar bundan mustasno;
korxonada odob-axloq standartlarini qamrab olgan Odob-axloq qoidalari joriy etilganligi va bu boradagi maʼlumotlarni;
(5-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-oktabrdagi 619-sonli qaroriga asosan oʻn beshinchi va oʻn oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2022-y., 09/22/619/0968-son)
korxonaning rasmiy veb-saytida joylashtirishni korxona boshqaruv organlari zarur deb hisoblaydigan boshqa maʼlumotlar;
b) har chorak yakunlari boʻyicha hisobot davrining keyingi oyi davomida:
biznes-reja ijrosi holati toʻgʻrisida (shu jumladan, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari bajarilishi va maqsadlarga erishish inobatga olingan holda) va rivojlanish strategiyalarida nazarda tutilgan dasturlarning natijalari toʻgʻrisidagi axborotlar;
buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlar;
korxonaning boshqaruv sohasi boshqaruv qoidalariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi axborotlar;
xaridlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan import evaziga xaridlarning toʻliq roʻyxati (mahsulot (ish, xizmat) nomi, hajmi, bir birlik narxi va umumiy qiymati, yetkazib beruvchi haqida toʻliq maʼlumot) va uni amalga oshirishning zarurati hamda uni qisqartirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisidagi asoslangan axborotlar;
korxonaning boshqaruv organlari tomonidan oʻtkazilgan umumiy yigʻilishda qabul qilingan qarorlar;
Oldingi tahrirga qarang.
korxonaning tijorat maqsadlari va notijorat maqsadlarni amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumot. Bunda korxonalarning notijorat maqsadlari, ularni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, korxonaning moliyaviy natijalariga taʼsirining miqdoriy bahosi koʻrsatilishi lozim;
(5-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-oktabrdagi 619-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2022-y., 09/22/619/0968-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v) yil yakunlari boʻyicha moliya yili tugaganidan keyin olti oy ichida:
(5-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-oktabrdagi 619-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2022-y., 09/22/619/0968-son)
korxonaning faoliyatini baholash natijalari toʻgʻrisidagi axborotlar;
affillangan shaxslar bilan tuzilgan va yirik bitimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
boshqaruv va nazorat organlariga toʻlangan ragʻbatlantirish miqdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
yil yakunlari boʻyicha buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlar, yillik moliya-xoʻjalik faoliyatni tekshirish natijalari boʻyicha auditorlik tashkilotining xulosasi va yillik hisobot, shu jumladan, moliyaviy, operatsion, huquqiy va boshqa tavakkalchiliklar, maxfiy yoki tijorat sirlarini oʻz ichiga olgan maʼlumotlar bundan mustasno;
hisoblangan va toʻlangan dividendlar (ajratmalar), shu jumladan, qarzdorlik miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, aksiyadorlar (ishtirokchilar) tomonidan dividendlarni olish uchun bogʻlanish maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlar.
g) muhim faktlarda oʻzgarish yuz bergandan soʻng ikki ish kunida:
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu Nizomning 5-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan axborotlar oʻzgarganda;
(5-band “g” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-oktabrdagi 619-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2022-y., 09/22/619/0968-son)
korxonaning mol-mulki, bank hisobvaraqlari xatlanganda, korxonaga nisbatan uning aktivlari qiymatining 10 foizidan ortiq miqdorda daʼvo qoʻzgʻatilganda;
korxona tomonidan yirik bitimlar va manfaatdor shaxslar va (yoki) affilangan shaxslar bilan bitimlar tuzilganda;
korxona faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish uchun litsenziya olganda yoki litsenziya bekor qilinganda, litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilganda yoki tugatilganda;
dividend (ajratma)ni hisoblash, ularni toʻlash boshlanganda va tugallanganda;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadigan boshqa maʼlumotlar.
(5-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-oktabrdagi 619-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2022-y., 09/22/619/0968-son)
6. Agar axborotni veb-saytga joylashtirish muddatining tugashi ish kuni boʻlmagan kunga toʻgʻri kelsa, undan keyingi birinchi ish kuni axborotni oshkor qilish muddatining tamom boʻlish kuni deb hisoblanadi.
7. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytida boshqa manbalardan maʼlumotlarni joylashtirishga faqat axborot manbai koʻrsatilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
3-bob. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytini yuritish boʻyicha talablar
8. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytida quyidagilar boʻlishi kerak:
guruhlar boʻyicha joylashtirilgan axborot tasniflangan holda qulay va oddiy interfeys;
korxona rasmiy veb-saytining foydalaniladigan interfeysi unda joylashtirilgan axborotning tuzilishi toʻgʻrisidagi koʻrgazmali tasavvurni, boʻlimlar va sahifalarga darhol va mantiqli oʻtishni taʼminlashi kerak;
korxona bilan qayta aloqa bogʻlash imkoniyati;
joylashtirilgan axborotni arxivlashtirish, tiklash va takrorlash imkoniyati;
elektron pochta vositasida hamda yangilashlar va yangiliklarni yetkazib berishning ommabop avtomatlashtirilgan formatlari vositasida rasmiy veb-saytning yangilanishlariga yozilish imkoniyati.
9. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytida joylashtirilgan axborotdan uning tomonidan bazaviy axborot xizmatlari koʻrsatilishi doirasida foydalanish erkin va bepul boʻlishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Davlat ishtirokidagi korxonalarning bazaviy axborot xizmatlaridan tashqari, korxonaning rasmiy veb-sayti orqali, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda pulli asosda qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatilishi mumkin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
11. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari qarori bilan korxonaning rasmiy veb-saytidagi axborotni shakllantirish, joylashtirish, shuningdek, yangilash uchun masʼul boʻlgan shaxs belgilanadi.
12. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytidagi axborotlar davlat tilida taqdim etilishi kerak hamda rus va ingliz tillarida yoki imkon boʻlsa, boshqa tillardagi versiyalari boʻlishi mumkin.
13. Davlat ishtirokidagi korxonalar oʻz rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan axborot yoʻq qilinishi, blokirovka qilinishi, buzilishi va qalbakilashtirilishining, shuningdek, ruxsat berilmagan aralashuvlar boshqa shakllarining oldini olishdan himoya qilishning tegishli chora-tadbirlarni koʻrishlari kerak.
14. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytida quyidagi asosiy funksiyalar joriy etilishi majburiy hisoblanadi:
rasmiy veb-sayti boʻyicha izlash;
mobil qurilmalar uchun soddalashtirilgan dizaynli korxona rasmiy veb-sayti versiyasi;
imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish (kontrastni qoʻshimcha qilish, shriftni kattalashtirish, ovoz joʻrligi va boshqa funksiyalar);
jamoatchilik fikrini oʻrganish va korxona faoliyatiga tegishli masalalarni muhokama qilish vositalari (onlayn soʻrovlar, bloglar, forumlar);
tashriflarni va statistikani nazorat qilish vositalari.
4-bob. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-sayti mazmuniga qoʻyiladigan talablar
15. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytida joylashtirilgan axborot ishonchli boʻlishi va korxona faoliyatini xolisona yoritishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-saytida davlat siriga va xizmatda foydalanish uchun tegishli boʻlgan axborot, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq eʼlon qilish va tarqatish taqiqlangan boshqa axborot boʻlmasligi kerak.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
17. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2021-y., 09/21/81/0128-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 27.10.2022-y., 09/22/619/0968-son; 12.01.2024-y., 09/24/23/0023-son; 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son; 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)