Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 24-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 6-yanvarda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi madaniy faoliyat, shuningdek madaniyat tashkilotlari faoliyati sohasidagi (bundan buyon matnda madaniy faoliyat sohasidagi deb yuritiladi) munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilik
Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ijodkor — kasbiy yoki nokasbiy asosda (havaskorlik asosida) madaniy faoliyatning bir yoxud bir necha yoʻnalishi boʻyicha ijodiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxs;
ijodiy jamoa — ijodkorlardan va boshqa mutaxassislardan tarkib topgan, madaniy faoliyatning bir yoki bir necha yoʻnalishi boʻyicha ijodiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun tashkil etilgan kasbiy yoki nokasbiy jamoalar (havaskorlik jamoalari);
ijodiy faoliyat — madaniyat obyektlarini barpo etishga, takrorlashga, tarqatishga, tiklashga yoki saqlashga, shuningdek madaniyatni rivojlantirishga doir faoliyat;
madaniy tadbirlar — madaniy faoliyat sohasidagi madaniy-tomosha tadbirlari, madaniy-maʼrifiy, madaniy-ommaviy va boshqa tadbirlar;
madaniy tadbir tashkilotchisi — tashabbusiga koʻra madaniy tadbir oʻtkaziladigan va (yoki) bunday tadbirga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir tashkiliy yoki moliyaviy yoxud moddiy taʼminotni amalga oshiradigan yuridik yoki jismoniy shaxs;
madaniyat xodimi — oʻz kasbiy faoliyatini madaniyat tashkilotlarida amalga oshiruvchi jismoniy shaxs.
4-modda. Madaniy faoliyat sohasidagi asosiy prinsiplar
Madaniy faoliyat sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
maʼnaviy, axloqiy va madaniy qadriyatlarning ustuvorligi;
ijodiy faoliyat erkinligi;
milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish;
madaniyatlar xilma-xilligi;
madaniyatlararo munosabatlarda teng huquqlilik;
madaniy faoliyat sohasidagi taʼlim va tarbiyaning tizimliligi, ilmiyligi hamda uzluksizligi.
2-bob. Madaniy faoliyat sohasini tartibga solish
5-modda. Madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
madaniyatni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
tarixiy va madaniy merosning but saqlanishini taʼminlash, shuningdek xalq ijodiyotini qoʻllab-quvvatlash;
madaniy faoliyat sohasiga davlat-xususiy sheriklikni joriy etish;
aholining madaniy ehtiyojlarini qanoatlantirish va madaniy xizmatlar sifatini yaxshilash;
aholining, shu jumladan yoshlarning ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish va ularni yaxshilash;
yosh isteʼdodlarni oʻqitish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
madaniy faoliyat sohasida zarur shart-sharoitlarni va sogʻlom raqobat muhitini yaratish;
xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-sentabrdagi 558-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi toʻgʻrisidagi nizom.
6-modda. Madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni amalga oshiruvchi organlar
Madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni amalga oshiruvchi organlar quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi;
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilmagan davlat organlari va tashkilotlar madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda qonunchilikka muvofiq ishtirok etadi.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining madaniy faoliyat sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
madaniy faoliyat sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
madaniy faoliyat sohasidagi davlat dasturlari ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlarini tashkil etadi, qayta tashkil etadi hamda tugatadi;
konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi;
davlat boshqaruvi organlarining madaniy faoliyat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining madaniy faoliyat sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan monitoring yuritadi, uni takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqadi;
teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy sanʼati rivojlanishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasida va xorijiy mamlakatlarda kasbiy hamda havaskorlik sanʼati festivallari, koʻrik-tanlovlar, shuningdek koʻrgazmalar oʻtkazilishini tashkil etadi;
madaniyat va sanʼat sohasidagi yuksak yutuqlar uchun mukofotlar taʼsis etish hamda Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini berish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda kiritadi;
madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga doir maqsadli dasturlarni ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
madaniyat xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha choralar koʻradi;
manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda madaniy faoliyat sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
dramatik, musiqali, musiqali-dramatik asarlarni, tasviriy va amaliy sanʼat asarlarini hamda haykaltaroshlik asarlarini yaratishga doir davlat buyurtmasini amalga oshiradi;
madaniyatshunoslikni, teatrshunoslikni, sanʼatshunoslikni, musiqashunoslikni va madaniy faoliyat sohasidagi boshqa ilmiy yoʻnalishlarni rivojlantirish, oliy taʼlim tashkilotlarida hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanishini takomillashtirish yuzasidan choralar koʻradi;
Oldingi tahrirga qarang.
jonli ijroni targʻib qilish hamda jonli ijro etish orqali milliy sanʼat va madaniyatning nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan sanʼatkorlarni, ijodkorlarni hamda ijrochilarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
davlat madaniy konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda jonli ijro va fonogrammadan foydalanish darajasini hamda usullarini belgilaydi;
konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammalardan va mualliflik asarlaridan foydalanishda ijrochilar tomonidan amaldagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan monitoring yuritadi;
musiqa sanʼatini har tomonlama rivojlantirish, konsert-tomosha tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, ijrochilarga oʻz salohiyatini toʻlaqonli namoyish etishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida oʻz konsert dasturlarini jonli ijro usulida amalga oshiruvchi xonandalar, sozandalar va boshqa ijrochilar faoliyatini ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 11-martdagi OʻRQ-1046-sonli Qonuniga asosan oʻn ikkinchi — oʻn beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2025-y., 03/25/1046/0229-son)
vazirliklarning, idoralarning, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning madaniyat va sanʼat sohasidagi ishlarini muvofiqlashtiradi;
isteʼdodli yoshlarni va istiqbolli ijodiy jamoalarni aniqlash hamda qoʻllab-quvvatlashga doir tadbirlar majmuini amalga oshiradi;
xalqaro madaniy aloqalarni amalga oshiradi va rivojlantiradi;
tarmoqlarga oid badiiy kengashlarni tashkil etish va shakllantirish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Vazirliklar va idoralar tasarrufida boʻlgan madaniyat obyektlariga doir qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan kelishuvga koʻra, qonunchilikda belgilangan tartibda qabul qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni , Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-sonli “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-sentabrdagi 558-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi toʻgʻrisidagi nizom.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining madaniy faoliyat sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining vakolatlari “Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-fevraldagi PQ-4151-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori.
10-modda. “Oʻzbekkino” Milliy agentligining madaniy faoliyat sohasidagi vakolatlari
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi kinematografiya sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi:
kinematografiya sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
kinematografiya sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
kinematografiya tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
kinematografiya sohasiga xalqaro va davlatlararo standartlarni joriy etishga doir takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni namoyish etish, sifatli xizmatlar koʻrsatish va kinojihozlardan texnik jihatdan foydalanish qoidalarini ishlab chiqadi;
kinematografiya mahsulotining badiiy va mafkuraviy darajasini oshirish boʻyicha choralar koʻradi.
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1030-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekkino” Milliy agentligi toʻgʻrisidagi nizom.
11-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining madaniy faoliyat sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari madaniy faoliyat sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
(11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuniga asosan birinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(11-modda ikkinchi qismning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
madaniy faoliyat sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritadi hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
(11-modda ikkinchi qismning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
tegishli hududda joylashgan madaniyat muassasalari va tashkilotlariga koʻmaklashadi;
madaniy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi;
madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda ishtirok etadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Fuqarolarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining madaniy faoliyatda ishtirok etishi
Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:
madaniy faoliyat sohasidagi dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
madaniy faoliyat sohasidagi davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
fuqarolarning madaniyatini yuksaltirishga doir ishlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
13-modda. Tarmoqlarga oid badiiy kengashlar
Tasarrufida madaniyat tashkilotlari boʻlgan davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek madaniyat tashkilotlari tomonidan teatr, musiqa va konsert faoliyati, sirk sanʼati va tasviriy sanʼat, arxitektura va dizayn boʻyicha tarmoq badiiy kengashlari tashkil etiladi.
Tarmoqlarga oid badiiy kengashlar maslahat organlari hisoblanadi.
Tarmoqlarga oid badiiy kengashlar tarkibiga, qoida tariqasida, taniqli ijodkorlar, madaniyat xodimlari, olimlar, mutaxassislar, madaniyat tashkilotlari assotsiatsiyalarining (uyushmalarining) vakillari kiradi.
3-bob. Madaniy faoliyat sohasidagi asosiy huquq va majburiyatlar
14-modda. Fuqarolarning madaniy faoliyat sohasidagi huquq va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari quyidagi huquqlarga ega:
madaniyat yutuqlaridan foydalanish va jamiyatning madaniy hayotida ishtirok etish;
ijodiy jamoalar tarkibida yoki mustaqil ravishda, kasbiy yoki nokasbiy (havaskorlik) asosda ijodiy faoliyat bilan shugʻullanish;
oʻz ehtiyojlariga, manfaatlari va qobiliyatiga (imkoniyatlariga) muvofiq madaniy faoliyat yoʻnalishlarini erkin tanlash;
oʻz mulkida turgan madaniy boyliklarga qonunchilikda belgilangan tartibda egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish;
madaniy-ommaviy tadbirlar jarayonida qonunchilikda taqiqlanmagan turli ramzlardan va oʻz fikrini oshkora ifoda etishning boshqa vositalaridan foydalanish;
qonunchilikda belgilangan tartibda madaniyat obyektlariga borish, Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari, axborot-kutubxona muassasalari hamda axborot-kutubxona resurslari, shuningdek arxiv hujjatlari bilan tanishish.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari:
Oʻzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosini avaylab asrashi;
madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishi;
Oʻzbekiston xalqining hamda uning hududida yashovchi boshqa millatlar va elatlarning milliy madaniyatini, anʼanalarini va tilini hurmat qilishi;
madaniy-ommaviy tadbirlar va boshqa madaniy tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda jamoat tartibini saqlashi, shuningdek umum qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-bobi.
15-modda. Chet el fuqarolarining hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning madaniy faoliyat sohasidagi huquq va majburiyatlari
Chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududida madaniy faoliyat sohasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda huquqlardan foydalanadi va zimmasida majburiyatlar boʻladi.
16-modda. Madaniy faoliyat sohasidagi mulk huquqi
Har bir shaxs madaniy faoliyat sohasida mulk huquqiga ega.
Mulk huquqi tarixiy, ilmiy, badiiy yoki oʻzgacha madaniy qimmatga ega boʻlgan ashyolarga, shuningdek moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan tatbiq etilishi mumkin.
Tarixiy, ilmiy, badiiy yoki oʻzgacha madaniy qimmatga ega boʻlgan ashyolarni, shuningdek moddiy madaniy meros obyektlarini olish tartibi, ularga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etishning oʻziga xos xususiyatlari qonunchilikda belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martdagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasida madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi masalalarini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarori.
17-modda. Madaniy faoliyat sohasidagi mualliflik huquqi va turdosh huquqlar
Madaniy faoliyat sohasida fan, adabiyot va sanʼat asarlarini yaratish (mualliflik huquqi) hamda ulardan foydalanish, ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali eshittirish va namoyish etish tashkilotlarining eshittirishlari hamda koʻrsatuvlarini yaratish va ulardan foydalanish (turdosh huquqlar) bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan munosabatlar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Ijodiy faoliyat bilan kasbiy va nokasbiy asosda (havaskorlik asosida) shugʻullanuvchi ijodkorlar mualliflik huquqi hamda turdosh huquqlar sohasida teng huquqlarga, shuningdek intellektual mulk huquqiga, oʻz ijodiy faoliyatining natijalarini erkin tasarruf etish, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanish huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonun.
18-modda. Ijodiy faoliyat natijalarini olib chiqish va olib kirish huquqi
Yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda oʻz ijodiy faoliyati natijalarini koʻrgazmaga qoʻyish, ommaga koʻrsatishning boshqa shakllaridan foydalanish, shuningdek ularni sotish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martdagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasida madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi masalalarini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarori.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda madaniy boyliklarni olib chiqish hamda olib kirish madaniy boyliklarni olib chiqish va olib kirish toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
19-modda. Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi millatlar va elatlarning madaniyatini, urf-odatlarini hamda anʼanalarini saqlash va rivojlantirish
Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi millatlar va elatlar oʻz madaniyatini, urf-odatlarini, anʼanalarini saqlash hamda rivojlantirish, shuningdek oʻz madaniy-tarixiy muhitini tiklash va saqlash huquqiga ega.
4-bob. Madaniy faoliyat sohasidagi ayrim faoliyat turlarini amalga oshirish
20-modda. Madaniy-ommaviy tadbirlar
Aholini madaniy tadbirlarda ishtirok etish uchun jalb qilishga, madaniyatga erishtirishga va aholi oʻrtasida yuksak darajadagi madaniyatni shakllantirishga qaratilgan madaniy tadbirlar madaniy-ommaviy tadbirlar jumlasiga kiradi.
Madaniy-ommaviy tadbirlar ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun maxsus moʻljallangan yoki moslashtirilgan, yongʻinga qarshi xavfsizlik, tez tibbiy yordam koʻrsatish, evakuatsiya qilish tizimlariga qoʻyiladigan kommunikatsiya, muhandislik-texnik himoya vositalari va boshqa vositalar hamda madaniy-ommaviy tadbirlar ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash tizimlari bilan jihozlanganlikning yagona normativ-huquqiy talablariga muvofiq boʻlgan ochiq joy uchastkalarida, binolarda, inshootlarda hamda boshqa joylarda (madaniy-maʼrifiy muassasalarning, sport majmualarining binolarida) oʻtkazilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining 2014-yil 17-iyundagi 22, 7, 11 va 4-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan obyektlarda yongʻin xavfsizligiga, tez tibbiy yordam koʻrsatishga, evakuatsiyaga va himoyalash boʻyicha muhandislik-texnik vositalar bilan jihozlashga qoʻyiladigan yagona talablar hamda ularga rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2596, 2014-yil 23-iyun).
Madaniy-ommaviy tadbirlar ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun ruxsatnomalar mavjud boʻlgan taqdirda oʻtkaziladi.
Madaniy-ommaviy tadbirlar oʻtkazilayotgan vaqtda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatishga, shafqatsizlik va zoʻravonlikni targʻib etishga, shuningdek oʻzga shaxslarning huquqlarini kamsitishga qaratilgan plakatlar, timsollar, transparantlardan va boshqa ashyolardan foydalanish taqiqlanadi.
Madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek ommaviy tadbirlarni oʻtkazishga doir ruxsatnomalarni berish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalari.
21-modda. Konsert-tomosha faoliyati
Oʻzbekiston Respublikasi hududida hamda uning tashqarisida konsert-tomosha faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi beradigan konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir litsenziya asosida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-dekabrdagi 354-sonli “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 4-bandi.
Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirishga doir litsenziya talablari va shartlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka majburiy ravishda rioya etish;
ijrochilarning qonunchilikda belgilanadigan mezonlar va malaka talablariga muvofiq boʻlishi;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan aholiga konsert-tomosha xizmatlarini qonunchilikda nazarda tutilgan talablarga muvofiq koʻrsatish;
konsert-tomosha tadbirlarida, toʻylarda va boshqa tantanalarda sanʼatkorning odob-axloq qoidalariga, sahna madaniyatiga hamda tashqi koʻrinish madaniyatiga zid boʻlgan xatti-harakatlar amalga oshirilishini, maʼnaviyatga salbiy taʼsir koʻrsatadigan hamda tomoshabinlarning his-tuygʻularini haqorat qiladigan axloqsizlik gʻoyalarini targʻib qilishni istisno etgan holda milliy mentalitetga, milliy qadriyatlar va urf-odatlarga muvofiq boʻlgan qoʻshiqlarni hamda ular boʻyicha yaratilgan videokliplarni ijro etish;
oʻtkazilgan konsert-tomosha tadbirlarining soni toʻgʻrisida litsenziyalovchi organning hududiy boʻlinmalariga litsenziyalovchi organ tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha choraklik hisobotlar taqdim etish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida konsert-tomosha tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisida litsenziyalovchi organni yozma ravishda xabardor qilish;
konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun davlat boji toʻlash.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-iyuldagi PF-168-sonli “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni.
Oldingi tahrirga qarang.
Konsert-tomosha tadbirlarida musiqali va boshqa asarlarni ijro etishda fonogrammadan foydalanish darajasiga qarab, ijrochilar tomonidan quyidagi usullar bilan ijro amalga oshirilishi mumkin:
jonli ijro — musiqali yoki boshqa asar barcha ijrochilar (xonandalar, sozandalar, boshlovchilar, soʻz ustalari va boshqa ijrochilar) tomonidan raqamli yoki analog axborot tashuvchilardagi oldindan yozib olingan audioyozuvlardan foydalanmagan holda, oʻz ovozi bilan kuylash yoki oʻqish, shuningdek musiqiy asboblarda ijro etish yoʻli bilan real vaqt rejimida ijro etiladi;
fonogrammadan qisman foydalanilgan holda — musiqali yoki boshqa asar tovush elementlarining bir qismi oldindan yozib olingan audioyozuvlardan foydalangan holda, qolgan elementlar esa real vaqt rejimida sahnada musiqachilar va vokalchilar tomonidan ijro etiladi;
fonogrammadan foydalanilgan holda — musiqali yoki boshqa asarning barcha tovush elementlari oldindan yozib olingan audioyozuvlardan foydalaniladi hamda musiqiy asarning ijrosiga vokal, cholgʻu yoki vokal-cholgʻu ijrochisi (ijrochilari) tomonidan bir vaqtning oʻzida taqlid qilinadi.
(21-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 11-martdagi OʻRQ-1046-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2025-y., 03/25/1046/0229-son)
22-modda. Ijodiy jamoalarning va ijrochilarning gastrol faoliyati
Ijodiy jamoalarning va alohida ijrochilarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi gastrol faoliyati buyurtmachi bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Ijodiy jamoalarning va ijrochilarning xorijiy mamlakatlar hududidagi gastrollari mualliflik huquqiga va turdosh huquqlarga rioya etilishini taʼminlaydigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
23-modda. Ijodiy buyurtma
Ijodiy buyurtma davlat organlari va tashkilotlarining ijodiy jamoalar yoki ijodkorlar tomonidan quyidagilarni yaratishga doir buyurtmasidan iboratdir:
ommaviy ijro etish uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik, adabiy asarlarni;
haykaltaroshlik, tasviriy sanʼat asarlarini;
badiiy, rassomlik, kinematografik va teatr asarlarini;
Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik tarixini, milliy va umumjahon qadriyatlarini aks ettiruvchi boshqa asarlarni.
Ijodiy buyurtmani bajarganlik uchun ijodiy jamoalarga yoki ijodkorlarga mualliflik haqini toʻlash miqdori va tartibi qonunchilikda belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi PQ-3201-sonli “Madaniyat va sanʼat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
24-modda. Xalq ijodiyoti
Xalq ogʻzaki ijodiyoti, xalq musiqasi, xalq teatri (qoʻgʻirchoqbozlik), badiiy havaskorlik xalq ijodiyoti jumlasiga kiradi.
25-modda. Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼati
Jismoniy va yuridik shaxslarning asosan qoʻl mehnati usulida, anʼanaviy asbob-uskunalar hamda moslamalardan foydalanilgan, shuningdek tegishli bilimlar hamda koʻnikmalar qoʻllanilgan holda buyumlar va asarlarni yaratishga doir faoliyati xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼati jumlasiga kiradi.
26-modda. Oʻzbekiston xalq oʻyinlari
Xalq oʻyinlarining milliy va ijtimoiy-madaniy yoʻnalishga ega boʻlgan turlari (dorbozlik, yogʻoch oyoqda yurish bilan bogʻliq oʻyinlar va boshqalar) Oʻzbekiston xalq oʻyinlari jumlasiga kiradi.
5-bob. Madaniy faoliyatni tashkil etish
27-modda. Madaniyat tashkilotlari
Madaniy faoliyat sohasidagi faoliyatni asosiy faoliyat turi sifatida amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki yuridik shaxsning tarkibiy boʻlinmasi madaniyat tashkilotidir.
Madaniyat tashkilotlari davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari yoki nodavlat madaniyat tashkilotlari shaklida tashkil etilishi mumkin.
Davlat mulkida turgan mulk negizida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilgan muassasalar va tashkilotlar davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari jumlasiga kiradi.
Madaniy faoliyat sohasidagi faoliyatni asosiy faoliyat turi sifatida amalga oshiruvchi nodavlat tashkilotlar nodavlat madaniyat tashkilotlari jumlasiga kiradi.
Madaniyat tashkilotlari faoliyatining turlari ularning muassislari tomonidan belgilanadi hamda ustavda va (yoki) boshqa taʼsis hujjatlarida koʻrsatiladi.
Davlat muassasalari va madaniyat tashkilotlari oʻzida saqlanayotgan madaniy boyliklar toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek teatr sahna asarlarining va (yoki) ijodiy dasturlarning mavsumiy repertuaridan chiqarilgan audiovizual yozuvlarni qonunchilikda belgilangan tartibda elektron axborot resurslariga joylashtiradi.
28-modda. Madaniyat tashkilotlarining asosiy toifalari
Madaniyat tashkilotlari madaniy faoliyatning turlariga qarab quyidagi toifalarga boʻlinadi:
madaniy-tomosha tashkilotlari;
madaniy-maʼrifiy tashkilotlar;
boshqa madaniyat tashkilotlari.
Faoliyatining asosiy turi sahna sanʼati asarlarini yaratishdan va ularni omma oldida namoyish etishdan iborat boʻlgan madaniyat tashkilotlari (teatrlar, filarmoniyalar, sirklar, konsert tashkilotlari (professional ijodiy jamoalar, musiqiy jamoalar hamda ansambllar va boshqalar), kinematografiya tashkilotlari va boshqalar) madaniy-tomosha tashkilotlari jumlasiga kiradi.
Faoliyatining asosiy turi madaniyat obyektlaridan foydalanishni taʼminlashdan, shaxsning intellektual, maʼnaviy-axloqiy, madaniy va taʼlim olishga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirishdan, shaxsning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishdan, shuningdek milliy madaniyatni tiklash va yanada rivojlantirishga koʻmaklashishdan, madaniy meros obyektlarini saqlashdan iborat boʻlgan madaniyat tashkilotlari (madaniyat markazlari, milliy madaniy markazlar, muzeylar, badiiy galereyalar (koʻrgazmalar), koʻrgazma zallari, tarixiy-madaniy qoʻriqxonalar, madaniyat va istirohat bogʻlari, klub muassasalari, madaniyat saroylari hamda uylari, madaniyat va sanʼat sohasidagi taʼlim muassasalari, madaniy-axborot markazlari hamda madaniy-maʼrifiy markazlar va boshqalar) madaniy-maʼrifiy tashkilotlar jumlasiga kiradi.
Moddiy madaniy meros obyektlari va arxitektura yodgorliklari, qayta tiklash (restavratsiya) markazlari, tadqiqot markazlari, ijodiy ustaxonalar, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼati tashkilotlari hamda boshqalar boshqa madaniyat tashkilotlari jumlasiga kiradi.
29-modda. Madaniyat markazlari
Davlat muassasasi shaklida tashkil etilgan, aholining madaniy ehtiyojlarini oʻrganish, shuningdek madaniy-maʼrifiy va koʻngilochar xizmatlar koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi, badiiy ijod, amaliy sanʼat va havaskorlik bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxs madaniyat markazidir.
Madaniyat markazlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholiga koʻrsatiladigan madaniy xizmatlar sifatini yaxshilash, aholining boʻsh vaqti mazmunli oʻtishini taʼminlash va madaniy ehtiyojlarini qanoatlantirish, ijodiy jamoalarning milliy qadriyatlarni, urf-odatlar va anʼanalarni oʻzida mujassam etgan namunaviy dasturlarni shakllantirish;
xalq ijodiyotini va badiiy havaskorlikni saqlash hamda rivojlantirish, badiiy va amaliy ijodiy jamoalarni, havaskorlik guruhlarini tashkil etish, ularning faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ijodiy jarayonlarni tizimli asosda boyitib borish;
bolalarni toʻgaraklarga jalb etish, ularni chet tillarga oʻqitish, “Nutq madaniyati” kurslarini tashkil etish, xalq ijodiyotining barcha janrlari va yoʻnalishlarini, havaskorlik sanʼatini va nomoddiy madaniy merosni keng targʻib qilish, shuningdek ularni asl holida kelajak avlodga yetkazish;
adabiyot va sanʼat arboblari, professional ijodiy guruhlar bilan birga maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil etish hamda ular ishtirokida aholi, shu jumladan yoshlar bilan ijodiy uchrashuvlar va suhbatlar oʻtkazish;
xalq ijodiyoti va tomosha sanʼati tanlovlarini, tuman (shahar) festivallarini oʻtkazish, isteʼdodli yoshlarni aniqlash hamda ijodkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash;
ommaviy bayramlar, tomoshalar hamda xalq sayillarini tashkil etish, yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalarga koʻra ijtimoiy-madaniy boʻsh vaqtni tashkil etish sohasida pulli xizmatlar koʻrsatish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 264-son qarori bilan tasdiqlangan Madaniyat markazlari toʻgʻrisidagi namunaviy nizom.
30-modda. Milliy madaniy markazlar
Milliy madaniy markazlar tilni, madaniyatni, urf-odatlar va anʼanalarni, tarixiy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish, madaniy va maʼnaviy merosni saqlash, millatlararo tinchlik va totuvlikni saqlab turish, millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish, xalqaro madaniy almashinuvni ragʻbatlantirish, shuningdek xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi millatlar va elatlarning vakillari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari nodavlat notijorat tashkilotlari shaklida milliy madaniy markazlarni tashkil etishi mumkin.
Milliy madaniy markazlar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va qonunchiligida belgilangan tartibda, chet davlatlarda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan yoki Oʻzbekiston Respublikasida chet davlatlar tomonidan tashkil etilishi mumkin.
31-modda. Teatr
Teatr sahna asarlarini (drama, musiqali drama, musiqa, raqs, qoʻgʻirchoq, pantomima, hajviy va hazil-mutoyiba sahna asarlarini, bolalar va oʻsmirlar uchun, yoshlarbop, eksperimental va boshqa asarlarni) yaratishni, ommaviy ijro etishni va (yoki) ommaviy namoyish qilishni amalga oshiradigan madaniy-tomosha tashkilotidir.
Teatrning asosiy vazifalari Oʻzbekiston xalqining (Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi millatlar va elatlarning) teatr madaniyatini, milliy oʻzini oʻzi anglashini va tillarini saqlash hamda rivojlantirishdan, shuningdek sahna asarlarini yaratish, ommaviy ijro etish va (yoki) ommaviy namoyish qilishdan, mazkur yoʻnalishda innovatsion loyihalarni amalga oshirishdan iboratdir.
Teatrlar badiiy yoʻnalishlarni, repertuarni tanlashda, sahna asarlarini yaratish, ommaviy ijro etish va (yoki) ommaviy namoyish qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda, shuningdek samarali ijodiy jarayonni va ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan, qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirishda erkindir.
Sahna asarlarini yaratish, ommaviy ijro etish va (yoki) ommaviy namoyish qilish uchun chet ellik ijodkorlar shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.
Har bir sahna asarini sahnalashtiruvchi rejissorning tavsiyalari asosida davlat teatri rahbari tomonidan sahnalashtirish guruhi tuziladi.
Davlat teatrlarida har bir sahna asari ommaviy ijro etish va (yoki) ommaviy namoyish qilish uchun tayyor ekanligi toʻgʻrisidagi qaror teatrning badiiy kengashi tavsiyasiga koʻra teatr rahbari tomonidan qabul qilinadi.
Davlat teatrining badiiy kengashi toʻgʻrisidagi nizom va uning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda kamida uch yilda bir marta yangilab turiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-apreldagi 329-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
32-modda. Sirk
Sirk estrada-sirk janri asarlarining (akrobatika, gimnastika, jonglyorlik, polvonlik, dorbozlik, qiziqchilik, fokuschilik, pantomima, olov oʻyinlari, chavandozlik (ot sporti turi), hayvonlarni oʻrgatish va boshqalar) sahna tomoshalarini amalga oshiruvchi madaniy-tomosha tashkilotidir.
Sirklar badiiy yoʻnalishlarni, repertuarni tanlashda, estrada-sirk janri asarlarini yaratish va sahnalashtirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilishda, shuningdek samarali ijodiy jarayonni va ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan, qonunchilikka zid boʻlmagan faoliyatni amalga oshirishda erkindir.
Sirklarning hayvonlarni parvarishlash, oʻrgatish hamda ular ishtirokida sahna tomoshalarini namoyish etishga tayyorlash boʻyicha faoliyatida hayvonlarni oziqlantirish hamda ularga xizmat koʻrsatish normalariga, veterinariya-sanitariya va zootexnika talablariga, shuningdek xavfsizlik talablariga rioya etilishi kerak.
Estrada-sirk janridagi asarlarni yaratish va sahnalashtirish uchun shartnoma asosida chet ellik ijodkorlar jalb etilishi mumkin.
33-modda. Konsert tashkilotlari
Konsert tashkiloti sanʼat asarlarini ommaviy ijro etishni, badiiy jamoalar va alohida ijrochilarning faoliyatini tashkil etish bilan shugʻullanuvchi tashkilotdir.
Konsert tashkilotlarining asosiy vazifalari musiqiy-estetik jihatdan tarbiyalash, yuksak badiiy ijodiy dasturlarni va alohida ijrolarni yaratish uchun shart-sharoitlarni taʼminlash, professional badiiy jamoalar va alohida ijrochilar konsertlarini tashkil etish, musiqiy-maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishdan iboratdir.
Konsert tashkilotlari ijodiy dasturlarni va alohida ijrolarni yaratishda, repertuarni tanlashda mustaqildir.
Ijodiy dasturlarni va alohida ijrolarni yaratish uchun chet ellik ijodkorlar shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.
34-modda. Madaniy-maʼrifiy tashkilotlar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
Madaniy-maʼrifiy tashkilotlar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
xalq ijodiyotini, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼatini, shuningdek madaniy meros obyektlarini saqlash va targʻib qilish;
Oʻzbekiston Respublikasida oʻtkaziladigan bayramlarni, konsertlarni, ashula va raqs bayramlarini, taqdimotlarni, festivallarni, tanlovlarni, xalq amaliy va tasviriy sanʼati koʻrgazmalarini tashkil etish;
ilmiy-amaliy, axborot-uslubiy ishlarni tashkil etish;
madaniy-koʻngilochar faoliyatning va xalq ijodiyotining ilgʻor tajribasini oʻrganish, umumlashtirish, ommalashtirish, tatbiq etish va tarqatish;
eng yaxshi xalq ijodiyoti jamoalarini viloyatlar, hududlar, respublika bayramlarida, xalqaro bayramlarda, tanlovlarda, festivallarda ishtirok etish uchun jalb qilish orqali ularni ommalashtirish;
madaniyat tashkilotlarining assotsiatsiyalarini (uyushmalarini), shuningdek madaniyatni saqlash va rivojlantirishga qaratilgan innovatsion loyihalarni, madaniy tadbirlar hamda tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash.
35-modda. Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlariga “Milliy” yoki “Akademik” maqomini berish
Davlat madaniyat muassasalariga va tashkilotlariga madaniyat hamda sanʼat sohasida erishgan yutuqlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Milliy” yoki “Akademik” maqomi berilishi mumkin.
36-modda. Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlarining attestatsiyasi
Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlarining attestatsiyasi ular asosiy faoliyatining samaradorligini baholash, moddiy, mehnat va moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish, ularning tuzilmalarini tartibga solish maqsadida uch yilda bir marta oʻtkaziladi.
Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlarining attestatsiyasi tartibi qonunchilikda belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-fevraldagi 91-sonli “Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish hamda taʼlim sifati monitoringini amalga oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
6-bob. Madaniyat tashkilotlarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish. Madaniyat tashkilotlarini assotsiatsiyalarga (uyushmalarga) birlashtirish
37-modda. Madaniyat tashkilotlarini tashkil etish
Madaniyat tashkilotlari mulkdor yoki u vakil qilgan shaxs tomonidan yoxud vakolatli organning farmoyishi asosida tashkil etiladi.
38-modda. Madaniyat tashkilotlarini qayta tashkil etish
Madaniyat tashkilotlarini qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, birlashtirish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) ular muassislarining (ishtirokchilarining) qaroriga yoki taʼsis hujjatlarida shunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Madaniyat tashkilotini qayta tashkil etish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-apreldagi 139-son “Davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni qayta tashkil etish va tugatishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
39-modda. Madaniyat tashkilotlarini tugatish
Madaniyat tashkilotlarini tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
40-modda. Madaniyat tashkilotlarini assotsiatsiyalarga (uyushmalarga) birlashtirish
Madaniyat tashkilotlari oʻz faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarni ifoda etish va himoya qilish maqsadida assotsiatsiyalar (uyushmalar) shaklida jamoat birlashmalari tashkil etishi mumkin.
Madaniyat tashkilotlari tomonidan tuzilgan assotsiatsiyalar (uyushmalar) nodavlat notijorat tashkilotlari boʻlib, ular oʻz faoliyatini taʼsis hujjatlari asosida amalga oshiradi.
7-bob. Madaniy faoliyat sohasidagi xalqaro hamkorlik
41-modda. Madaniy faoliyat sohasidagi xalqaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari
Madaniy faoliyat sohasidagi xalqaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
xalqaro madaniy almashinuv;
xalqaro madaniyat tashkilotlari bilan hamkorlik;
madaniyat obyektlarini va sanʼat asarlarini ommalashtirish.
42-modda. Xalqaro madaniy almashinuv
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro madaniy almashinuvni rivojlantirishga koʻmaklashadi.
Xalqaro madaniy almashinuvning asosiy shakllari quyidagilardan iborat:
milliy madaniy markazlarni tashkil etish va rivojlantirish;
madaniyat xodimlarini oʻqish (tajriba orttirish) uchun yuborish;
madaniyat sohasida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni, texnik vositalarni yaratish va amalda joriy etish;
milliy urf-odatlar va anʼanalarni namoyish qilish;
milliy madaniyat kunlari, koʻrik-tanlovlar, festivallar, koʻrgazmalar, konferensiyalar, adabiy seminarlar, gastrollar hamda boshqa madaniy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish;
madaniyat xodimlari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashishni va hamkorlikning boshqa turlarini yoʻlga qoʻyish.
Xalqaro madaniy almashinuvni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va qonunchiligi bilan belgilanadi.
43-modda. Xalqaro madaniyat tashkilotlari bilan hamkorlik
Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va qonunchiligiga muvofiq xalqaro madaniyat tashkilotlarining filiallari hamda vakolatxonalari tashkil etilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining madaniyat tashkilotlari oʻz taʼsis hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq xalqaro madaniyat tashkilotlariga aʼzo boʻlish, chet el fuqarolarining, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, shuningdek xalqaro va xorijiy tashkilotlarning xayriyalarini qonunchilikda belgilangan tartibda tasarruf etish huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Homiylik toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasining “Metsenatlik toʻgʻrisida”gi Qonuni.
44-modda. Madaniyat obyektlarini va sanʼat asarlarini ommalashtirish
Davlat madaniyat obyektlarini va sanʼat asarlarini ommalashtirish choralarini koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar, idoralar va muassasalar bilan hamkorlikda madaniyat obyektlarini va sanʼat asarlarini ommalashtirish maqsadida:
madaniyat va sanʼatning barcha yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro koʻrik-tanlovlar, festivallar va koʻrgazmalar tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida oʻtkaziladigan xalqaro koʻrik-tanlovlar, festivallar va koʻrgazmalarda ishtirok etadi;
chet davlatlarda “Oʻzbekiston madaniyati kunlari”ni tashkil etadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari ham madaniyat obyektlarini va sanʼat asarlarini ommalashtirish maqsadida koʻrik-tanlovlar, festivallar va koʻrgazmalar tashkil etishi mumkin.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
45-modda. Olis hududlarda madaniyatni rivojlantirish
Olis va borish qiyin boʻlgan joylarda madaniyatni rivojlantirish, madaniyat tashkilotlarining faoliyatini yoʻlga qoʻyish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, aholining estetik ehtiyojlarini qanoatlantirish va aholiga koʻrsatilayotgan madaniy xizmatlar sifatini yaxshilash boʻyicha ishlarga davlat tomonidan ustuvor ahamiyat beriladi.
46-modda. Madaniy faoliyat sohasidagi faoliyatni moliyalashtirish
Madaniy faoliyat sohasidagi faoliyatni moliyalashtirish manbalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari;
madaniyat tashkilotlarining oʻz mablagʻlari;
xalqaro va xorijiy tashkilotlarning mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning (metsenatlarning) xayriyalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
47-modda. Madaniyat xodimlarini ijtimoiy himoya qilish
Madaniyat xodimlarini ijtimoiy himoya qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-oktabrdagi 539-son “Aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini taʼminlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini koʻrsatishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
48-modda. Madaniyat xodimlarini ragʻbatlantirish
Madaniyatni rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshgan madaniyat xodimlari davlat mukofotlari (premiyalari) bilan taqdirlanishi, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakllarda ragʻbatlantirilishi mumkin.
49-modda. Nizolarni hal etish
Madaniy faoliyat sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
50-modda. Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
51-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
52-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
53-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 20-yanvar,
OʻRQ-668-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2021-y., 03/21/668/0051-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2025-y., 03/25/1046/0229-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)