|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SURUNKALI ALKOGOLIZM YOKI GIYOHVANDLIKKA MUBTALO BOʻLGAN BEMORLARNI MAJBURIY DAVOLASH UCHUN IXTISOSLASHTIRILGAN DAVOLASH-PROFILAKTIKA MUASSASALARI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida” 1992-yil 9-dekabrdagi 753a-XII-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalari toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi yuqorida qayd qilingan Nizomga muvofiq 1993-yil mobaynida respublika viloyatlarida surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalari tashkil etish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqsin va hal etsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 1-may,
195-son
Surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalari toʻgʻrisida
NIZOM
1. Surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalari “Surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tashkil etiladi.
2. Alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlganlarni majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalariga surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan hamda sogʻliqni saqlash organlarining narkologik muassasalarida davolanishdan boʻyin tovlovchi, jamoat tartibini, boshqa shaxslar huquqini buzuvchi yoki aholining salomatligi va maʼnaviyati xavfsizligiga tahdid qiluvchi bemorlar yuboriladi. Davolash muddati toʻgʻrisidagi masala davolash muassasasi tomonidan komission tartibda, bemor davolash uchun joylashtirilgan kundan boshlab 5 kun muddatda hal etiladi.
Bemorlarni majburiy davolash shaxs davolanayotgan davolash muassasasining komission qarori asosida toʻxtatiladi. Davolash muddati 1,5 yildan oshmasligi kerak.
3. Alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalariga yuborish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-oktabrdagi 842-son “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga narkologik yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
4. Qayd qilib oʻtilgan toifadagi shaxslarni majburiy davolashga yuborish haqidagi materiallar tibbiyot xulosasi boʻlgan taqdirda ichki ishlar organlari tomonidan oʻzining tashabbusi bilan, yohud bemorning oila aʼzolari yoki qarindoshlari, mehnat jamoalari, sogʻliqni saqlash muassasalari, ichkilikbozlik va giyohvandlikka qarshi kurash boʻyicha komissiyalarning taqdimnomalari asosida tayyorlanadi va rasmiylashtiriladi.
5. Majburiy davolashga yuborish masalasi 20 kun muddatda bemor yashaydigan joydagi sud tomonidan uning ishtirokida hal etiladi. Bemor uzrli sababsiz sudga kelmagan taqdirda u ichki ishlar organlari orqali majburiy ravishda olib kelinishi kerak. Sudning majburiy davolash toʻgʻrisidagi qarori ustidan u haqida sud qarori chiqarilgan shaxs tomonidan, yohud uning himoyachisi tomonidan shikoyat qilinishi yoki prokuror tomonidan 7 kun muddatda kassatsion tartibda yuqori turuvchi sudga shikoyat arizasi berilishi mumkin.
6. Majburiy davolanishi kerak boʻlgan alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorni tekshiruvdan yoki vrachlarning tekshiruvidan oʻtkazish narkologik statsionarlarda 10 kun muddat ichida amalga oshiriladi. Majburiy davolashga yuborish maqsadida vrachlarning tekshiruvidan bosh tortgan bemor ham ichki ishlar organlarining koʻmagida narkologik statsionarlarda 10 kun muddat ichida majburiy tekshiruvdan oʻtkazilishlari kerak.
7. Majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarining shtat normativlari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shtat normativlariga muvofiq belgilanadi.
8. Alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlganlarni majburiy davolashga ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarini qoʻriqlash Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalarining kuchi bilan shartnoma asosida taʼminlanadi. Bu boʻlinmalarning soni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida belgilanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi 568-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2019-y., 09/19/568/3403-son)
9. Majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalariga yuborilgan surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlar oʻz huquq va burchlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining boshqa fuqarolari bilan tengdirlar, Qonunda va Nizomda aniq koʻrsatilgan hollar bundan istisnodir.
10. Alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlar davolash maqsadida majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarida boʻlgan davrda jismoniy ahvollari hisobga olingan holda hamda tibbiy koʻrsatkichlarga muvofiq ularning mehnat terapiyasi va qayta mehnat tarbiyasi taʼminlanadi. Mana shu maqsadda alkogolizm yoki giyohvandlikdan majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasi bilan sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish korxonasi oʻrtasida yuqorida qayd qilingan bemorlarning mehnat terapiyasini tashkil etish toʻgʻrisida namunaviy shartnoma tuziladi.
11. Mehnat terapiyasi tartibida sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish korxonalarida ish bilan band boʻlgan surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlar ish vaqtining qancha davom etishi mazkur korxonada qabul qilingan ish kuniga muvofiq boʻlishi kerak.
12. Ishlab chiqarishda mehnat jarayonlarini tashkil etish tibbiyot xodimlarining nazorati ostida korxona maʼmuriyati tomonidan amalga oshiriladi.
13. Surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan va majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasiga joylashtirilgan hamda davolash maqsadida sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish korxonalarida mehnatga jalb qilingan bemorlarning ish haqi bu korxonalar tomonidan amaldagi normalar, baholar, mehnatga haq toʻlash shartlaridan kelib chiqqan holda hamda mazkur korxona ishchi va xizmatchilari uchun belgilangan ish haqi toʻlash tartibida hisoblab chiqiladi.
Surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlar davolash maqsadida mehnatga jalb qilinadigan korxonalar ishlab berilgan vaqt uchun bu shaxslarga hisoblangan ish haqining 30 foizini surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasining maxsus mablagʻlariga, ish haqining qolgan qismini esa soliqlar, aliment boʻyicha toʻlovlar hamda amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar ushlab qolingandan keyin qayd etilgan bemorlarga toʻlash uchun majburiy davolovchi ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasiga oʻtkazadilar. Bir vaqtning oʻzida davolash muassasasiga bemorlar uchun oʻtkazilgan ish haqi miqdori koʻrsatilgan holda ularning familiyalari roʻyxati taqdim etiladi.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 15-bobi (“Mehnatga haq toʻlash”).
14. Ish haqi surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikdan majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasida davolanayotgan bemorning ishonchnomasi boʻyicha qonunchilikda belgilangan muddatlarda uning oila aʼzolariga yoki bemor muassasadan chiqarilgan kuni uning oʻziga beriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining X bobi (“Vakillik va ishonchnoma”).
15. Surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasida hosil boʻladigan maxsus mablagʻlar (davolash maqsadida mehnatga jalb qilinadigan alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlar ish haqining 30 foizi) bemorlarni qoʻshimcha ravishda ovqatlantirishga, shuningdek shu muassasalarning binolari va inshootlarini asosli tuzatishga, ularning hududlarini obodonlashtirishga, ular uchun tibbiy, madaniy va xoʻjalik inventari sotib olishga, yuqorida aytib oʻtilgan muassasada boʻlgan shaxslar uchun madaniy tadbirlar oʻtkazishga sarflanishi mumkin.
16. Alkogolizm yoki giyohvandlikdan majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarining tashkil etilishi va tartibi ularda alkogol ichimliklar va narkotik moddalar isteʼmol qilishni mutlaqo istisno qilishi kerak.
17. Alkogolizm yoki giyohvandlikdan majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalari Oʻzbekiston Respublikasi IIV qoidalari, buyruqlari, yoʻriqnomalariga muvofiq koʻriqlashning muhandislik-texnik vositalari bilan taʼminlanadilar.
18. Bemorlar majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasidan qochib ketgan hollarda davolash-profilaktika muassasasi ichki ishlar organlari bilan birgalikda ularni qidirib topish choralarini koʻradilar hamda majburiy davolashga qaytaradilar.
19. Majburiy davolanishda boʻlgan hamda davolashga va mehnat terapiyasiga vijdonan munosabatda boʻlgan shaxslarga qonunda belgilangan tartibda taʼtil, shuningdek, oilaviy ahvoli boʻyicha qisqa muddatli taʼtil berilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 14-bobi (“Dam olish vaqti”).
20. Bemorlarni qarindoshlari kelib koʻrishiga ularning ahvoli va ularni davolash tartibiga bogʻliq ravishda majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasi maʼmuriyati tomonidan ruxsat beriladi. Surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarga chetdan oziq-ovqatlar berish muddatlari va roʻyxati mana shu muassasaning tartibiga muvofiq belgilanadi.
Belgilangan ichki tartib qoidalarini buzuvchi yoki davolanish va ishlashdan bosh tortuvchi shaxslar ularni qarindoshlari kelib koʻrishdan, joʻnatmalar yoki chetdan oziq-ovqatlar olish huquqidan vaqtincha mahrum qilinishlari mumkin.
21. Majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarida alkogolga va giyohvand moddalarga qarshi davolash Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan qoidalar va yoʻriqnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
22. Majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalariga yuborilgan alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlardagi somatik (jismoniy) kasalliklarni davolash Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan shtat normativlarida nazarda tutilgan tegishli mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
23. Majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalaridan chiqarilgan surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni sogʻliqni saqlash organlarining narkologik muassasalarida ularni alkogolga qarshi davolashni davom ettirish uchun maxsus hisobga olish tashkil etiladi. Bunda davolanishni narkologik dispanserning ambulatoriya sharoitlarida davom ettirish uchun statsionarda majburiy davolash muddati qisqartirilgan shaxslarga alohida eʼtibor beriladi.
24. Surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasida boʻlgan shaxsni davolash muddati tamom boʻlishidan 10 kun oldin bu muassasalarning maʼmuriyatlari ularning tibbiyot kartalaridan koʻchirmalarni yashash joyidagi narkologiya muassasasiga va hududiy hokimlikka yuboradi hamda IIV organlariga bildirish xati yuboradi.
25. Qayd qilib oʻtilgan Qonunning surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash uchun ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarida ijro etilishini nazorat qilish prokuror tomonidan amalga oshiriladi.