Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 07.06.2022
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 305-sonli “Aktuariy malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida” 2019-yil 15-fevraldagi PQ-4193-son hamda “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019-yil 2-avgustdagi PQ-4412-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
aktuariy malaka sertifikatini olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar;
malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish tartibi;
malaka imtihonini o‘tkazish tartibi;
aktuariy malaka sertifikatini berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, uni qayta rasmiylashtirish va dublikatini berish tartibi;
aktuariy malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish, uni tugatish va bekor qilish tartibi;
malaka sertifikatiga ega bo‘lgan aktuariylar reyestrini yuritish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 17-dekabr,
797-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-dekabrdagi 797-son qaroriga
ILOVA
Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom aktuariy malaka sertifikatini berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilishini tugatish va bekor qilish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
aktuariy — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan belgilangan tartibda aktuariy malaka sertifikatini olgan va aktuar tashkilot shtatida turgan yoki aktuar tashkilot bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzgan jismoniy shaxs;
aktuar tashkilot — aktuar xizmatlarini ko‘rsatuvchi va o‘z shtatida kamida bitta aktuariyga ega bo‘lgan yuridik shaxs;
aktuariy malaka sertifikati — jismoniy shaxsga, agar u aktuar tashkilot shtatida bo‘lsa yoki u bilan aktuar tashkilot o‘rtasida fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzilgan bo‘lsa, aktuar xizmatlarini ko‘rsatish huquqini beruvchi hujjat;
da’vogar — aktuariy malaka sertifikatini olishga da’vogar bo‘lgan jismoniy shaxs.
3. Da’vogar malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda, aktuariy malaka sertifikati Agentlik tomonidan beriladi. Mazkur Nizom bilan belgilangan malaka talablariga javob beradigan da’vogar malaka imtihonini topshirishga qo‘yiladi.
4. Aktuariy malaka sertifikatini berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, uni qayta rasmiylashtirish uchun, shuningdek, uning dublikatini berish uchun mazkur Nizomda belgilangan miqdorlarda yig‘im undiriladi.
Ko‘rsatilgan mablag‘lar Agentligining budjetdan tashqari Jamg‘armasi hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va ulardan malaka imtihonlarini o‘tkazish, aktuariy malaka sertifikatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi.
5. Aktuariy malaka sertifikatini berish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Malaka talablari
6. Aktuariy malaka sertifikatini olish uchun da’vogar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) iqtisodiyot yoki matematika ta’lim sohalarining oliy ta’lim yo‘nalishlari va ixtisosliklaridan biri bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida olingan oliy ma’lumotga yoki xorijiy davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida olingan hamda qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida tan olingan oliy ma’lumotga ega bo‘lish yoxud O‘zbekiston Respublikasida yoki xorijiy davlatlarda (qonunchilik hujjatlariga muvofiq tan olishdan o‘tgan taqdirda) olingan fizika-matematika yoki iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ilmiy darajaga ega bo‘lish;
(6-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
b) so‘nggi o‘n yil ichida kamida besh yil sug‘urta, matematika, statistika, axborotlashtirish sohalarida ish (jumladan, o‘rindoshlik asosida) yoki pedogogik stajga ega bo‘lish.
3-bob. Aktuariy malaka sertifikatini olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
7. Aktuariy malaka sertifikatini olish uchun da’vogar Agentlikka mazkur Nizomga 2-ilovadagi shaklga muvofiq malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi arizani quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda topshiradi:
mazkur Nizomga 3-ilovadagi shaklga muvofiq to‘ldirilgan anketa;
pasport nusxasi;
oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom yoki fizika-matematika, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ilmiy daraja olganligi to‘g‘risidagi hujjat (nusxasi olinib, asli qaytariladi) yoxud oliy ma’lumot yoki ilmiy daraja haqidagi xorijiy hujjatni tan olish to‘g‘risida vakolatli davlat organning guvohnomasi (nusxasi olinib, asli qaytariladi);
mehnat daftarchasining nusxasi (mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan ko‘chirma);
3 x 4 hajmdagi ikki dona fotosurat;
aktuariy malaka sertifikatini berish uchun tegishli yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi bank to‘lov hujjati nusxasi.
Ko‘rsatilgan hujjatlar bitta nusxadan taqdim qilinadi.
4-bob. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish tartibi
8. Agentlik ariza kelib tushgan kundan boshlab o‘n kun muddatda da’vogarga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Agentlik da’vogarni uch kun muddatda rad etish uchun asoslarni ko‘rsatgan holda, qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qiladi. Malaka imtihonini topshirishga rad to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan vaqtga mutanosib bo‘lishi shart.
Da’vogarning arizasini qayta ko‘rib chiqishda ilgari malaka imtihoni topshirishga ruxsat berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilmagan yangi asoslar bo‘yicha malaka imtihonini topshirishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda, Agentlik malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan da’vogarlarning ro‘yxatini imtihon komissiyasiga topshiradi.
9. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan da’vogarlar malaka imtihonini o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risida imtihon o‘tkazilishidan kamida o‘n kun oldin yozma ravishda xabardor qilinadi.
10. Agentlik da’vogar tomonidan tegishlicha rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim qilinishi, shuningdek, da’vogarning mazkur Nizomning 6-bandida bayon etilgan malaka talablariga muvofiq kelmasligi sababli da’vogarga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etishga haqlidir.
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilgan da’vogar Agentlik tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyingina ariza bilan qayta murojaat qilishi yoki qarordan norozi bo‘lgan taqdirda, sudga murojaat qilishi mumkin.
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilgandan so‘ng da’vogar bir yil ichida qayta murojaat etsa, malaka sertifikatini rasmiylashtirish va berish uchun to‘lov qayta to‘lamaydi.
5-bob. Imtihon komissiyasi
11. Malaka imtihonini tashkil etish va o‘tkazish uchun Agentlik tomonidan imtihon komissiyasi tashkil qilinadi. Imtihon komissiyasi rais, rais o‘rinbosari, kotib va kamida uch a’zodan iborat bo‘ladi.
Imtihon komissiyasi tarkibiga Agentlik xodimlari, aktuar hisob-kitoblar va sug‘urta sohalaridagi mutaxassislar kiritiladi. Imtihon komissiyasi tarkibi har bir malaka imtihoni uchun alohida tuziladi va doimiy hisoblanmaydi.
12. Malaka imtihoni komissiyasining soni va shaxsiy tarkibi, shuningdek, ish reglamenti Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.
Imtihon komissiyasining uchdan ikki qismi ishtirok etgan tarkibda va rais yoki rais o‘rinbosarining majburiy ishtirokida malaka imtihonini o‘tkazishga haqlidir.
13. Imtihon komissiyasining ishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma imtihon komissiyasining raisi tomonidan tasdiqlanadi va ishtirok etgan barcha a’zolar tomonidan imzolanadi.
6-bob. Malaka imtihonini o‘tkazish tartibi
14. Da’vogarlarga pasporti yoki ularning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, malaka imtihonini topshirish uchun ruxsat beriladi. Yonida pasport yoki ularning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlari bo‘lmagan yoki malaka imtihoniga kechikkan da’vogarlar imtihonga kelmagan hisoblanadi va navbatdagi malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi.
15. Malaka imtihoni kamida uch kishidan iborat guruhning shakllanishiga ko‘ra, lekin kamida uch oyda bir marta o‘tkaziladi. Malaka imtihonining o‘tkazish sanasi Agentlik tomonidan belgilanadi.
16. Malaka imtihoni ikki bosqichda o‘tkaziladi:
test sinovi (uch akademik soat davomida yozma shaklda). Uning natijasiga ko‘ra da’vogarga yozma-og‘zaki imtihonni topshirish uchun ruxsat beriladi;
imtihon biletlari bo‘yicha yozma-og‘zaki imtihon (masalalarni yechish va og‘zaki javobga tayyorlanish uchun uch akademik soat beriladi).
Malaka imtihonining ikkala bosqichini bir kun davomida o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.
17. Test va imtihon biletlari Agentlik tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Test va imtihon savollariga kiritilgan fanlar bo‘yicha mavzular Agentlikning veb-saytiga joylashtiriladi.
Imtihon komissiyasi raisining imzosi qo‘yilmagan test blankalari va imtihon biletlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Testlar va imtihon biletlari mazmuni qonunchilik hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni hisobga olgan holda davriy ravishda qayta ko‘rib chiqiladi.
(17-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
18. Malaka imtihonini o‘tkazishga ajratilgan vaqt ichida da’vogarlar imtihon komissiyasiga test, imtihon biletlari va javoblarni topshirishlari shart. Ushbu talablarni buzgan da’vogarlar malaka imtihonini topshirmagan deb hisoblanadi.
19. Imtihon testlari quyidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 40 ta nazariy savollardan iborat:
aktuar matematika (10 ta savol);
statistika va ehtimollar nazariyasi (10 ta savol);
sug‘urta ishi va tavakkalchilik nazariyasi (10 ta savol);
investitsiya faoliyati va moliyani boshqarish (10 ta savol).
Har bitta to‘g‘ri javob uchun bir ball beriladi.
Test sinovlari natijalarini ijobiy deb e’tirof etish uchun asos bo‘ladigan to‘plangan ballar yig‘indisi 30 balldan kam bo‘lmasligi kerak.
Test sinovlari natijalari salbiy deb e’tirof etilganda (30 balldan kam to‘plangan ball), da’vogar yozma-og‘zaki imtihonni topshirishga qo‘yilmaydi.
20. Imtihon bileti quyidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 4 ta nazariy savol va 4 ta amaliy masalalardan iborat:
aktuar matematika;
statistika va ehtimollar nazariyasi;
sug‘urta ishi va tavakkalchilik nazariyasi;
investitsiya faoliyati va moliyani boshqarish.
Imtihon biletining har bir nazariy savoli va amaliy masalasi 5 ballik tizim bo‘yicha baholanadi.
Imtihon bileti bo‘yicha kamida 30 ball to‘plagan da’vogarlar malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.
21. Malaka imtihoni o‘tkazilayotgan vaqtda qonunchilik hujjatlari va yo‘riqnoma materiallaridan, ma’lumotnomalardan va maxsus adabiyotlardan foydalanish, boshqa da’vogarlar bilan gaplashish, shuningdek, aloqa vositalaridan foydalanish man qilinadi. Ushbu talablarni buzgan da’vogarlar malaka imtihonini o‘tkazish tartibi buzilganligi bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, auditoriyadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonini topshirmagan deb hisoblanadi.
(21-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Malaka imtihonida begona shaxslarning ishtirok etishiga ruxsat berilmaydi.
Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida malaka imtihonini o‘tkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi.
22. Malaka imtihoni natijalari imtihon komissiyasi tomonidan imtihon o‘tkazilgandan so‘ng ikki kundan kechiktirilmagan holda e’lon qilinadi.
Malaka imtihoni natijalari imtihon komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va malaka imtihoni o‘tkazilgan sanadan so‘ng uch kun muddat ichida Agentlikka topshiriladi.
Imtihon komissiyasi bayonnomasida quyidagilar ko‘rsatiladi:
imtihon komissiyasi tarkibi;
malaka imtihonining birinchi bosqichida ishtirok etgan da’vogarlarning ular to‘plagan ballar ko‘rsatilgan ro‘yxati;
malaka imtihonining birinchi bosqichiga kelmagan da’vogarlar ro‘yxati;
malaka imtihonining ikkinchi bosqichida ishtirok etish uchun ruxsat berilgan da’vogarlar ro‘yxati;
malaka imtihonining ikkinchi bosqichida ishtirok etgan da’vogarlarning ular to‘plagan ballar ko‘rsatilgan ro‘yxati;
malaka imtihonining ikkinchi bosqichiga kelmagan da’vogarlar ro‘yxati;
malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan da’vogarlar ro‘yxati;
malaka imtihonini topshira olmagan da’vogarlar ro‘yxati.
23. Malaka imtihonini topshirish bo‘yicha yozma ishlar (testlar, biletlar va ularga javoblar), shuningdek, imtihon komissiyasining bayonnomalari Agentlikda besh yil mobaynida saqlanadi.
24. Malaka imtihonini topshira olmagan da’vogar malaka sertifikatini olish uchun yig‘imni to‘lash sharti bilan malaka sertifikatini olish uchun hujjatlarni qayta taqdim etishga haqlidir.
Malaka imtihonini topshira olmagan da’vogarlarga yig‘im qaytarilmaydi.
7-bob. Apellatsiyalarni ko‘rib chiqish
25. Malaka imtihoni natijalariga ko‘ra salbiy qaror chiqarilgan da’vogarlar malaka imtihoni natijalari e’lon qilingan sanadan boshlab o‘ttiz kalendar kuni mobaynida Agentlikka apellatsiya berish huquqiga egadir. Apellatsiya yozma shaklda taqdim etiladi. Apellatsiyani ko‘rib chiqish muddati o‘n besh kundan oshmasligi lozim.
26. Apellatsiyani ko‘rib chiqish uchun Agentlik tomonidan Apellatsiya komissiyasi tashkil qilinadi. Apellatsiya komissiyasi tarkibi Agentlikning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Apellatsiyani komissiyasi tarkibiga imtihon komissiyasi tarkibiga kirgan shaxslar kiritilmaydi.
Apellatsiya komissiyasi besh kun muddat ichida berilgan apellatsiyani da’vogar ishtirokida ko‘rib chiqadi. Apellatsiya komissiyasining ishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma apellatsiya komissiyasining barcha a’zolari va da’vogar tomonidan imzolanadi.
Apellatsiya komissiyasi apellatsiyani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
imtihon komissiyasining qarorini o‘zgarishsiz qoldirish va apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish;
imtihon komissiyasining qarorini bekor qilish va malaka sertifikatini berish to‘g‘risida.
27. Imtihon komissiyasining qarorini o‘zgarishsiz qoldirish va apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
apellatsiya mazkur Nizom talablari buzilgan holda taqdim etilgan bo‘lsa;
apellatsiyada keltirilgan sabablar o‘z tasdig‘ini topmasa.
28. Imtihon komissiyasining qarorini bekor qilish va malaka sertifikatini berish to‘g‘risidagi qaror malaka imtihoni mazkur Nizom talablari buzilgan holda o‘tkazilgan taqdirda qabul qilinadi.
29. Malaka sertifikatini berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan so‘ng Agentlik da’vogarga aktuariy malaka sertifikatini beradi.
30. Qayta apellatsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi.
8-bob. Aktuariy malaka sertifikatini berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, uni qayta rasmiylashtirish va dublikatini berish tartibi
31. Aktuariy malaka sertifikati mazkur Nizomga 4-ilovadagi shaklga muvofiq sertifikatning maxsus blankasida rasmiylashtiriladi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yuridik kuchga ega bo‘ladi.
Aktuariy malaka sertifikati blankalari hisobga olish seriyasi, raqami va himoya darajasiga ega bo‘lgan qat’iy hisobotdagi hujjatlar hisoblanadi va Agentlik buyurtmasi bo‘yicha “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida bosma usulda tayyorlanadi.
Aktuariy malaka sertifikati besh yil muddatga beriladi.
Aktuariy malaka sertifikatini berish uchun da’vogar tomonidan to‘lov kunidagi bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im to‘lanadi.
32. Aktuariy malaka sertifikati Agentlik tomonidan imtihon komissiyasining bayonnomalari tuzilgan va imzolangan sanadan o‘n kun muddat mobaynida rasmiylashtiriladi va malaka sertifikatining egasiga yoxud notarial tasdiqlangan ishonchnoma asosida boshqa shaxsga aktuariylar reyestriga imzo chektirib beriladi.
33. Aktuariy malaka sertifikatining egasi aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati tugashidan uch oy oldin, biroq aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati tugashidan olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda Agentlikka aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arizani quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etadi:
mazkur Nizomga 2-ilovadagi shaklga muvofiq ariza;
mazkur Nizomga 3-ilovadagi shaklga muvofiq anketa;
aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish uchun mazkur Nizomning 34-bandida ko‘rsatilgan yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi bank to‘lov hujjati.
34. Aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati mazkur Nizomning 33-bandida ko‘rsatilgan talablarga rioya qilingan va aktuariy malaka sertifikatining egasi tomonidan malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirilgan taqdirda uzaytiriladi.
Aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati da’vogar arizasida ko‘rsatilgan va besh yildan oshmagan muddatga uzaytiriladi. Aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati aktuariy malaka sertifikati blankasida ko‘rsatilgan amal qilish muddati tugagan sanadan uzaytiriladi.
Aktuariy malaka sertifikati muddatini uzaytirish uchun da’vogar tomonidan to‘lov kunidagi bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravari miqdorida yig‘im to‘lanadi.
35. Aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati dastlab berilgan aktuariy malaka sertifikati blankasiga maxsus belgi qo‘yish yo‘li bilan uzaytiriladi.
Malaka sertifikati blankasining amal qilish muddatini uzaytirishga tegishli bo‘lgan rekvizitlar to‘lgan taqdirda, aktuariy malaka sertifikatining egasiga reyestr bo‘yicha dastlab berilgan tartib raqam bilan yangi aktuariy malaka sertifikati beriladi. Dastlab berilgan aktuariy malaka sertifikatining blankasi belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.
36. Familiyasi, ismi, otasining ismi yoki pasport ma’lumotlari o‘zgargan taqdirda, aktuariy malaka sertifikatining egasi darhol, ammo uch kundan kechikmagan holda, Agentlikka qayta rasmiylashtiriladigan aktuariy malaka sertifikatini va tegishli o‘zgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalarini, shuningdek, malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi bank to‘lov hujjatini ilova qilgan holda aktuariy malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi arizani topshirishi shart.
37. Aktuariy malaka sertifikati aktuariy malaka sertifikati egasi tomonidan tegishli ariza topshirilgan sanadan boshlab besh kun davomida qayta rasmiylashtiriladi. Bunda dastlab belgilangan amal qilish muddati bilan yangi aktuariy malaka sertifikati blankasi beriladi.
Dastlab berilgan aktuariy malaka sertifikatining blankasi belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.
Aktuariy malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun da’vogar tomonidan to‘lov kunidagi bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravari miqdorida yig‘im to‘lanadi.
38. Yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan aktuariy malaka sertifikatining o‘rniga aktuariy malaka sertifikati egasining arizasiga ko‘ra dublikat berilishi mumkin. Bunda yo‘qolgan aktuariy malaka sertifikatining egasi matbuotda aktuariy malaka sertifikatining yo‘qolgani haqida e’lon qilishi va nashr nusxasini Agentlikka taqdim qilishi shart.
Yaroqsiz holga kelgan aktuariy malaka sertifikati Agentlikka qaytarilishi va belgilangan tartibda yo‘q qilinishi kerak.
Aktuariy malaka sertifikatining dublikati reyestr bo‘yicha dastlabki tartib raqami va amal qilish muddati hamda aktuariy malaka sertifikatining yangi blankasida “Dublikat” yozuvi qo‘yilgan holda beriladi.
Aktuariy malaka sertifikati dublikatini berish uchun da’vogar tomonidan to‘lov kunidagi bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yig‘im to‘lanadi.
(38-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-oktabrdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.10.2021-y., 09/21/661/0999-son)
9-bob. Aktuariy malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish, uni tugatish va bekor qilish tartibi
39. Aktuariy malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish, uni tugatish va bekor qilish “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
Aktuariy malaka sertifikatining amal qilishini tugatishga asos bo‘luvchi qo‘pol qoidabuzarliklarga quyidagilar kiradi:
aktuar xizmatlarni ko‘rsatish davomida aktuariy tomonidan olingan ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga aktuar xizmatlari buyurtmachisining ruxsatisiz taqdim etish holatining aniqlanishi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
(39-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
aktuariy malaka sertifikatini boshqa shaxsga o‘z nomidan aktuar xizmatlarni ko‘rsatish uchun ushbu hujjatdan foydalanishi maqsadida berish holatining aniqlanishi.
40. Malaka sertifikatlarining amal qilishi qo‘pol qoidabuzarliklar uchun tugatilgan aktuariylar uning amal qilishi tugatilgan paytdan boshlab uch yil mobaynida aktuariy malaka sertifikatini qayta olish uchun malaka imtihonini topshirishga qo‘yilmaydi.
10-bob. Malaka sertifikatiga ega bo‘lgan aktuariylar reyestrini yuritish
41. Agentlik malaka sertifikatiga ega bo‘lgan aktuariylar reyestrini yuritadi va unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
aktuariy malaka sertifikatini olgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, olgan sanasi va imzosi;
pasport ma’lumotlari va yashash joyi;
aktuariy malaka sertifikatining raqami, berilgan sanasi;
aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilishini to‘xtatib turish, uni tugatish, bekor qilish, qayta rasmiylashtirish va dublikatini berish to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
42. Agentlik veb-saytida aktuariylar reyestri bilan tanishish uchun ochiq bo‘lgan ma’lumotlar joylashtiriladi va unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
aktuariy malaka sertifikatini olgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
malaka sertifikatining raqami, berilgan sanasi;
malaka sertifikatining amal qilish muddati;
malaka sertifikatining amal qilishini tugatish, uni bekor qilish va dublikatini berish to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
43. Agentlikning aktuariy malaka sertifikatini berish, uning amal qilishini tugatish va uni bekor qilish masalalari bo‘yicha qarorlari bo‘yicha manfaatdor shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
(43-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
44. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(44-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
45. Mazkur Nizom bilan tartibga solinmagan munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida hal qilinadi.
(45-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Aktuariy malaka sertifikatini berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Da’vogar

1. Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan ariza va unga ilova hujjatlarni tayyorlaydi.

2. Da’vogar ariza va unga ilova hujjatlarni Agentlikka bevosita yoki ularning olinganligi to‘g‘risida bildirishnoma bilan pochta aloqasi orqali taqdim etadi.

Da’vogarning xohishiga ko‘ra

2-bosqich

Agentlik

1. Agentlik ariza kelib tushgan kundan boshlab da’vogarga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

1. O‘n kun muddatda;

2. Rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda Agentlik da’vogarni rad etish uchun asoslarni ko‘rsatgan holda qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qiladi.

2. Uch kun muddatda

3-bosqich

Agentlik

Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan da’vogarlarni malaka imtihonini o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qiladi.

Malaka imtihoni o‘tkazilishidan kamida o‘n kun oldin muddatda

4-bosqich

Imtihon komissiyasi

Malaka imtihoni ikki bosqichda o‘tkaziladi:

test sinovi (uch akademik soat davomida yozma shaklda). Uning natijasiga ko‘ra da’vogarga yozma-og‘zaki imtihonni topshirish uchun ruxsat beriladi;

imtihon biletlari bo‘yicha yozma-og‘zaki imtihon (masalalarni yechish va og‘zaki javobga tayyorlanish uchun uch akademik soat beriladi).

Ikki kun muddatda

5-bosqich

Imtihon komissiyasi

1. Malaka imtihoni natijalari imtihon komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi.

1. Ikki kun muddatda;

2. Malaka imtihoni natijalari imtihon komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va Agentlikka topshiriladi.

2. Uch kun muddatda

6-bosqich

Agentlik

Aktuariy malaka sertifikati Agentlik tomonidan rasmiylashtiriladi va malaka sertifikatining egasiga yoxud notarial tasdiqlangan ishonchnoma asosida boshqa shaxsga aktuariylar reyestriga imzo qo‘ydirib beriladi.

Imtihon komissiyasining bayonnomasi rasmiylashtirilgandan sanadan boshlab o‘n kun muddatda

Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA

‎‎O‘zbekiston Respublikasi
‎Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta
‎ bozorini rivojlantirish agentligiga ___________________________
‎ _______________________ dan

ARIZA‎

‎‎Meni aktuariy malaka sertifikatini olish, uning amal qilish muddatini uzaytirish (keraksizi o‘chirilsin) uchun malaka imtihoniga kiritishingizni so‘rayman.
‎Arizaga ilova qilinadi:
‎1.
‎2.
‎3.
‎va boshqalar

‎‎20____ y. “_____” ______________ Shaxsiy imzo ____________________________
Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA

‎‎ANKETA
‎Da’vogar to‘g‘risidagi ma’lumotlar
‎Birinchi qism.
‎Anketani to‘ldirish qoidalari

‎‎Anketa qo‘lyozma ravishda, tushunarli yozuv, qora, ko‘k yoki siyohrang rangdagi ruchka bilan to‘ldiriladi. Barcha sanalar arab sonlarida keltirilishi lozim. Anketaning barcha savollariga to‘liq javob berilishi lozim. Anketaning birorta ham qatorlari to‘ldirilmasdan qolmasligi kerak. Bitta to‘ldirilmagan qatorning mavjudligi butun anketaning to‘ldirilmaganligini anglatadi va u da’vogarga to‘liq to‘ldirish uchun qaytarib beriladi. Zaruratga ko‘ra anketa savollari bo‘yicha batafsil ma’lumot berish uchun anketaga qo‘shimcha varaqlar ilova qilinishi mumkin.




‎‎‎Fotosurat
‎uchun


‎ ‎‎

‎‎Ikkinchi qism. Anketa
‎1. ‎Da’vogar shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlar

Kod‎

Savollar‎‎

Javoblar‎‎

‎1.

‎Familiya

2.‎

Ism‎‎ ‎‎

3.‎

Otasining ismi‎‎ ‎‎

4.‎

Oldingi familiya (agar familiya o‘zgargan bo‘lsa)‎‎ ‎‎

5.‎

Tug‘ilgan sana‎‎ ‎‎

‎‏6.

Pasport seriyasi va raqami ‎‎‎ ‎‎
Pasportning berilgan vaqti va kim tomonidan berilganligi‎‎ ‎‎

7.‎

Turar joyi (pasportdagi qayd bo‘yicha)‎‎ ‎‎
Turar joyi (yashash manzili bo‘yicha)‎‎ ‎‎

‎‏8.

Telefon: aloqa uchun: ‎‎ ‎‎
uy:‎‎ ‎‎

‎‎
‎2. Ma’lumoti to‘g‘risidagi ma’lumotlar (faqat oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim ko‘rsatiladi, har bir OTM bo‘yicha alohida)

Kod‎

Savollar‎‎‎

Javoblar‎‎

7.‎

‎‎Oliy ta’lim muassasasi nomi ‎‎

8.‎

‎‎Ushbu oliy ta’lim muassasasining da’vogarga ma’lum bo‘lgan so‘nggi manzili ‎‎

9.‎

‎‎Ta’lim shakli (keraklisining tagiga chizilsin) ‎‎a) kunduzgi
‎b) sirtqi
‎ v) kechki

10.‎

‎‎O‘qishga kirish sanasi ‎‎

11.‎

‎‎O‘qishni tugatish sanasi ‎‎

12.‎

‎‎Olingan daraja ‎‎

13.‎

‎‎Olingan m�taxassislik ‎‎

14.‎

‎‎Diplom yoki oliy ta’lim muassasasini bitirganlik to‘g‘risidagi boshqa hujjat seriyasi va raqami ‎‎Seriya ___________
‎Raqam ____________


‎3. Ish staji to‘g‘risidagi ma’lumotlar (mehnat daftarchasidan)

T/r‎‏

Davr‎‎

Ish joyi‎‎‏

Lavozim

kirish‎‎

ketish‎‎

1.‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎

2.‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎

3.‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎

4.‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎

...‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎Men ushbu anketada keltirilgan ma’lumotlarning haqiqiyligi va to‘liqligini tasdiqlayman.

‎Anketani to‘ldirilgan sana: 20___ y. “____” __________________
‎Shaxsiy imzo _____________
Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
4-ILOVA

‎‎NAMUNA

‎‎O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi

‎O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
‎HUZURIDAGI SUG‘URTA BOZORINI RIVOJLANTIRISh
‎AGENTLIGINING AKTUARIY MALAKA SERTIFIKATI

‎‎Seriya: AF

‎‎№ __________




‎Fotosurat‎‎



‎‎O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligining 20___ yil “____” __________ dagi ____-son buyrug‘iga muvofiq ushbu sertifikat bilan _________________________________________________________________________________________ ga

‎‎(aktuariy F.I.O.)

‎‎________________________________________________________________________________
‎(pasport raqami va seriyasi, kim tomonidan va qachon berilgan)

‎‎
‎O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan aktuar tashkilot nomidan aktuar xizmatlarni ko‘rsatish huquqi tasdiqlanadi. Mazkur sertifikat berilgan sanadan boshlab besh yil davomida haqiqiydir. Sertifikat berilgan sana: 20___ yil “____” _____________
‎Reyestr bo‘yicha tartib raqam: ____________________________

‎‎Vakolatli shaxs: ___________________________________________________________

‎‎_____________

‎‎(F.I.O.)

(imzo)

M.O‘.‎

‎‎
‎Aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati uzaytirildi:

‎20___y. “____” _____________ dan 20__y. “____” ____________gacha.
Vakolatli shaxs: ___________________________________________________________‎‎

_____________‎‎

‎‎(F.I.O.)

(imzo)‎‎

M.O‘.‎

‎‎20___y. “____” ______________dan 20___y. “____” _____________gacha.
‎‎Vakolatli shaxs: ___________________________________________________________

_____________‎‎

‎‎(F.I.O.)

(imzo)‎‎

M.O‘.‎

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.12.2020-y., 09/20/797/1640-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.10.2021-y., 09/21/661/0999-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)