O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatimizda sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, malakali kadrlarni tanlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, sud tizimiga yetarli bilim va hayotiy tajribaga ega bo‘lgan munosib kadrlarni tanlash va lavozimga tayinlash hamda sudyalar faoliyatini xolis baholash jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmaganligi bu boradagi ishlar shaffofligining yetarlicha ta’minlanmay qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, sud hokimiyati tizimida korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni chuqur o‘rganish va tahlil qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda.
Sud tizimini malakali va halol pok kadrlar bilan to‘ldirish, sud organlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi PF-5729-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Sudyalar mustaqilligini ta’minlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha kasbiy faoliyatini har qanday ko‘rinishdagi tashqi ta’sirlardan samarali muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni yaratish;
sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni ta’minlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish;
sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yo‘lga qo‘yish hamda sud tizimida aniqlangan har qanday korrupsiyaviy harakatni murosasiz holat deb baholash;
sudyalarning kasbiy malakasi, ma’naviyati va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali yuksak professional sudyalar korpusini shakllantirish.
2. Sudyalar oliy kengashi (keyingi o‘rinlarda — Kengash) va Oliy sudning quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2021-yil 1-fevraldan boshlab sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, Kengash va sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida:
ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlarini Internet tarmog‘i (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borishni yo‘lga qo‘yish;
sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dasturni ishlab chiqish va joriy qilish;
sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilishi munosabati bilan 2021-yil 1-yanvardan ushbu sudlarning malaka hay’atlarini shakllantirish.
3. Sudyalarning yuridik javobgarligi masalasini hal etish paytida ularning odil sudlov bilan bog‘liq faoliyatiga har qanday aralashuvning oldini olish maqsadida shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021-yildan boshlab:
sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik holatlari yuzasidan Kengash raisi tomonidan kiritilgan taqdimnoma prokuratura organlari tomonidan bir oy muddatda ko‘rib chiqilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi yoki qo‘zg‘atish rad etilganligi haqida Kengashga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan xabar beriladi;
sudyalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilish uchun chaqirishga tegishli malaka hay’atlari roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi;
sud hokimiyati mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar va tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish holati yuzasidan Kengash raisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakuni bo‘yicha axborot taqdim etib boriladi.
4. Kengashning sudlarda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni tizimli ravishda bartaraf qilish va unga qarshi kurashish samaradorligini oshirish borasidagi quyidagi takliflari ma’qullansin:
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-noyabrdagi PF-188-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.11.2023-y., 06/23/188/0835-son)
Sudyalar daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha sud inspeksiyasi negizida Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasini tuzish;
Sudyalar kasbiy tayyorgarligini tashkillashtirish shu’basini tugatish;
Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish shu’basi negizida matbuot xizmati va birinchi bo‘lim, shuningdek ijro apparati negizida axborot-tahlil, murojaatlar bilan ishlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini ta’minlash tuzilmalari hamda arxiv va devonxona tashkil etish;
Kengashga kelib tushayotgan shikoyatlarni umumlashma tahlil qilish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida sudyalar malaka hay’atlari bilan birgalikda aniq choralar belgilash vazifasini yuklash;
sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatini rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish, “Ibratli sudya” mukofotini, odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilib pensiyaga chiqqan sudyalar uchun “Sud faxriysi” ko‘krak nishonini joriy etish;
Kengash huzurida amaldagi moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llanilishi yuzasidan so‘rovlariga tushuntirishlar berish vakolatiga ega bo‘lgan jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Sudyalar klubini (keyingi o‘rinlarda — Klub) tashkil etish.
Belgilansinki, Klub o‘z faoliyatini Kengash tomonidan tasdiqlanadigan Nizom asosida amalga oshiradi va uning doimiy mas’ul a’zolari tarkibi ko‘p yillik ish tajribasiga, chuqur bilim va yuksak obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan amaldagi va faxriy sudyalar orasidan shakllantiriladi.
5. Kengash (X.B. Yodgorov) bir oy muddatda:
Sudyalar assotsiatsiyasi (U.Q. Mingboyev) va Oliy sud (K.F. Kamilov) bilan birgalikda Klub tashkil etilishi va faoliyatini boshlashi bo‘yicha choralar ko‘rsin;
“Ibratli sudya” mukofoti hamda “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlasin.
6. Kengash raisining doimiy asosda faoliyat yurituvchi o‘rinbosari lavozimi joriy etilishi munosabati bilan Sudyalar oliy maktabining Ilmiy va axborot-tahliliy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimi tugatilsin.
7. Kengash huzurida sudyalar hamjamiyati organi bo‘lgan va o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan sudyalikka nomzodlarning Sudyalar oliy maktabiga kirish va yakunlash imtihonlari natijalaridan norozi bo‘lib bergan murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha imtihon komissiyasi tuzilsin hamda uning qarorlari ustidan Kengashga shikoyat qilish tartibi belgilansin.
8. Quyidagilar:
Sud hokimiyati mustaqilligini yanada kuchaytirish, sudyalar daxlsizligini ta’minlash hamda tizimda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-227-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.11.2025-y., 06/25/227/1064-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-227-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.11.2025-y., 06/25/227/1064-son)
9. Kengash (X.B. Yodgorov) Oliy sud (K.F. Kamilov) va Sudyalar assotsiatsiyasi (U.Q. Mingboyev) bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda sud organlari tizimida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasizlik immunitetini shakllantirish borasida kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
10. Kengash manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.R. Inoyatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 7-dekabr,
PF-6127-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PF-6127-son Farmoniga
1-ILOVA
Sud hokimiyati mustaqilligini yanada kuchaytirish, sudyalar daxlsizligini ta’minlash hamda tizimda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Ijro mexanizmi

Ijro muddati

Mas’ul ijrochilar

I. Sudyalarning daxlsizligini ta’minlash va tizimda korrupsiyaning oldini olish

1.

Sud tizimida sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish.

1. Sudyalarning daxlsizligini ta’minlash, odil sudlov faoliyatiga har qanday aralashuvning oldini olish yuzasidan qat’iy chora-tadbirlar belgilash.

2. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va sharoitlarini bartaraf etish hamda 2021-yilda sud organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturni ishlab chiqish va tasdiqlash.

3. Sudyalar va sud xodimlarining kasbiy malakasi, ma’naviyati va mas’uliyatini oshirish, shuningdek, tizimda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish yuzasidan onlayn o‘quv tashkil etish.

4. Tizimda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishiga omil bo‘luvchi har qanday holatlarni tahliliy o‘rganib, bartaraf etish choralarini ko‘rish.

5. Korrupsiyaviy omillarni aniqlash va bartaraf etishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

6. Sohada korrupsiyaviy holatlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqida OAV orqali keng jamoatchilikni xabardor qilib borish.

7. “Sudyaning ma’naviyati, odobi va mas’uliyati” nomli kitobni tayyorlash va chop etish.

2021-yil yanvar -


2021-yil fevral



2021-yil davomida alohida reja asosida



Doimiy




Doimiy


2021-yil davomida alohida reja asosida


2021-yil mart

Sudyalar oliy kengashi,

Oliy sud


Sudyalar oliy kengashi


Sudyalar oliy kengashi


Oliy malaka hay’ati, Sudyalar oliy kengashi


Sudyalar malaka hay’atlari, Sudyalar oliy kengashi



Oliy malaka hay’ati, Sudyalar oliy kengashi

Sudyalar oliy kengashi

II. Malaka hay’atlarini qaytadan shakllantirish

2.

Sudyalarning malaka hay’atlari tarkibini qaytadan shakllantirish.

1. “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlash haqidagi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim qilish.

2. “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlash haqidagi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga belgilangan tartibda kiritish.

3. Tegishli sudlar sudyalarining konferensiyalarida malaka hay’ati a’zolarini saylash.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida yangi tarkibdagi malaka hay’atlari faoliyatini boshlash.

2020-yil 20-dekabrga qadar


2020-yil 25-dekabrga qadar


2021-yil 10-yanvarga qadar

2021-yil 15-yanvar

Sudyalar oliy kengashi



Sudyalar oliy kengashi


Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari, Sudyalar oliy kengashi

Viloyatlar va unga tenglashtirilgan sudlar malaka hay’atlari

III. Sudyalik lavozimlariga tanlovning oshkoraligi va ochiqligini ta’minlash

3.

Ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash jarayonlarining oshkoraligi va ochiqligini ta’minlash.

1. Kengash faoliyatiga zamonaviy axborot-texnologiyalarni keng joriy qilish.

2. Ilk bor, yangi vakolat muddatiga yoki boshqa sudyalik lavozimiga tayinlash bo‘yicha suhbatda beriladigan savollarni avtomatlashtirilgan tizim yordamida tanlashni, shuningdek suhbat jarayonini boshqa nomzodlar monitoring orqali kuzatib turish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish.

3. Ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash jarayonlarini Kengash veb-sayti orqali onlayn yoritib borish.

2021-yil davomida



2021-yil

yanvar




2021-yil yanvar

Sudyalar oliy kengashi


Sudyalar oliy kengashi



Sudyalar oliy kengashi

4.

Kengash huzurida o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan sudyalikka nomzodlarning Sudyalar oliy maktabiga kirish va yakunlash imtihonlari natijalaridan norozi bo‘lib bergan murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha imtihon komissiyasi tuzish.

Imtihon komissiyasi faoliyatini tartibga solish bo‘yicha nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2021-yil mart

Sudyalar oliy kengashi

IV. Sudyalar faoliyatini baholash mezonlarini takomillashtirish

5.

Sudyalik lavozimlariga nomzodlar va sudyalarning kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi psixologik test tizimini joriy etish.

1. Sudyalik lavozimlariga nomzodlar va sudyalarning kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi psixologik test tizimini joriy etishga doir nizomni tayyorlash va qabul qilish.

2. “Psixologik test” elektron dasturini yaratish.

3. Elektron dasturni yo‘lga qo‘yish.

2021-yil yanvar-fevral

2021-yil mart

2021-yil mart-aprel

Sudyalar oliy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi psixologlar uyushmasi


Sudyalar oliy kengashi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

6.

Sudyalar faoliyati samaradorligini baholashning elektron tartibini joriy etish.

1. Sudyalar faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari to‘g‘risida nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2. Sudyalar faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha elektron reyting dasturini ishlab chiqish.

3. Sudyalar faoliyati samaradorligini baholash mezonlari bilan sudyalarni tanishtirish, reytingda ijobiy natijalarga erishish uchun bajarilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar bo‘yicha sudyalar orasida seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazish.

4. Sudyalarning ish faoliyatini elektron dastur orqali baholanishini ta’minlovchi reyting tizimini sinov tariqasida ishga tushirish va mazkur ma’lumotlardan sudyalar hamjamiyatining barcha a’zolari erkin tanishish imkoniyatini yaratish.

5. Sudyalar ish faoliyati elektron dasturini yo‘lga qo‘yish.

2021-yil fevral


2021-yil fevral-mart


2021-yil

aprel



2021-yil aprel-may




2021-yil 1-iyuldan

Sudyalar oliy kengashi, Oliy malaka hay’ati

Sudyalar oliy kengashi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Sudyalar malaka hay’atlari

Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, Sudyalar malaka hay’atlari

Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, Sudyalar malaka hay’atlari

Sudyalar oliy kengashi

V. Sudyalar va sud faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish

7.

Sudyalar oliy kengashi huzurida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Sudyalar klubini tashkil qilish.

1. Sudyalar klubining nizomini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2. Sudyalar klubining mas’ul a’zolari tarkibini shakllantirish.

3. Sudyalar klubi faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun elektron platformalarni tashkil qilish.

4. Sud amaliyotidagi moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llanilishi yuzasidan so‘rovlariga tushuntirishlar berib borishni yo‘lga qo‘yish.

2021-yil

yanvar


2020-yil fevral


Doimiy


Doimiy

Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar assotsiatsiyasi

Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, Sudyalar assotsiatsiyasi


Sudyalar klubi


Sudyalar klubi

8.

Sudya va faxriy sudyalarni rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish.

1. Odil sudlovni amalga oshirishda samarali faoliyat yuritib, nafaqaga chiqqan hamda nafaqaga chiqib faoliyatini davom ettirayotgan sudyalarni “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni bilan;

odil sudlovni amalga oshirishda samarali faoliyat yuritgan sudyalarni yil yakuni bo‘yicha “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlash bo‘yicha nizomlarni tayyorlash va tasdiqlash.

2. “Sud faxriysi” va “Ibratli sudya” mukofotini tayyorlash.

3. Faxriy va ibratli sudyalarning hayoti va ish faoliyatini OAV va televideniye orqali muntazam yoritib borilishini yo‘lga qo‘yish.

2020-yil dekabr



2021-yil yanvar-fevral


Doimiy



Doimiy

Sudyalar oliy kengashi, Oliy malaka hay’ati, Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti

Sudyalar oliy kengashi, Oliy malaka hay’ati, Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti

Sudyalar oliy kengashi, Oliy malaka hay’ati, Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti

Sudyalar oliy kengashi, Oliy malaka hay’ati

VI. Sudyalik lavozimiga tayinlashga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish

9.

Qonun hujjatlariga Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish.

Qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida loyiha tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish.

2021-yil 15-yanvarga qadar

Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud

Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-227-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.11.2025-y., 06/25/227/1064-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.12.2020-y., 06/20/6127/1609-son; 08.11.2023-y., 06/23/188/0835-son; 23.08.2025-y., 06/25/141/0772-son; 25.11.2025-y., 06/25/227/1064-son)