1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.10.00 Yoqilgʻi sanoati (neft qazib chiqarish va neftni qayta ishlash sanoati, gaz va koʻmir sanoati);
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.20.00.00 Energetika / 09.20.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Energetika]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 673-sonli “Energiya servis xizmatlari bozorini shakllantirish hamda aholi uy-joylarining energiya samaradorligi oshirilishini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilgʻi-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 10-iyuldagi PQ-4779-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasining vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, mablagʻlarni shakllantirish, foydalanish hamda Jamgʻarmani boshqarish tartibini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilgʻi-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 10-iyuldagi PQ-4779-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi mablagʻlari:
binolar va koʻp kvartirali uylarda energiya samarador texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini joriy etgan holda ularning energiya samaradorligini oshirish, jismoniy shaxslarga tijorat banklari orqali milliy valyutada ajratiladigan “yashil” isteʼmol kreditlarini, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan, hamda ajratilayotgan kreditlarning Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan 5 foizlik qismini qoplash uchun uch yil muddatga kompensatsiya ajratish, shu jumladan, issiqlik himoyasini yaxshilash boʻyicha loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini tayyorlashni moliyalashtirish, shuningdek, energiya auditini oʻtkazish;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 894-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 09/24/894/1094-son)
energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish yoʻnalishida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv markazlari tashkil etish (bino va inshootlarni qurishdan tashqari) va seminarlar oʻtkazish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, issiqlik nasoslari, rekuperatorlar, reaktiv quvvatni tiklovchi qurilmalar (kondensator batareyalari), rele himoyasi uchun mikroprotsessor bloklari, chastotali oʻzgartirgichlar va bir tekis ishga tushirish qurilmalarini ishlab chiqarish boʻyicha startap-loyihalarni moliyalashtirish, ishlab chiqarish korxonalarining ustav jamgʻarmalari (kapitallari) hamda korxonalarning loyihalarini shakllantirishda ishtirok etish;
Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi faoliyatini taʼminlash, uning xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, ularni moddiy ragʻbatlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-son qarorining 6-bandida koʻrsatilgan tadbirlarni oʻtkazish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarda energiya auditi oʻtkazish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
shahar transportining yoqilgʻi-energetika samaradorligini yaxshilash, shuningdek, energiya xarajatlarini kamaytirish uchun transport oqimlarini axborot va imitatsion modellashtirish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha innovatsion tadbirlarni oʻtkazish uchun yoʻnaltirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 9-oktabr,
640-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-oktabrdagi 640-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, mablagʻlarni shakllantirish, foydalanish hamda Jamgʻarmani boshqarish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.
3. Jamgʻarma davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz mustaqil balansiga, bank hisobvaraqlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhriga ega.
4. Jamgʻarma joylashgan joy (pochta manzili): Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Istiqbol koʻchasi, 21 uy.
5. Jamgʻarmaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi;
qisqartirilgan nomi — Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi;
b) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Extra-budgetary Intersectoral Energy Saving Fund under the Ministry of energy of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Extra-budgetary Intersectoral Energy Saving Fund;
v) rus tilida:
toʻliq nomi — Vnebudjetniy Mejotraslevoy fond energosberejeniya pri Ministerstve energetiki Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Vnebudjetniy Mejotraslevoy fond energosberejeniya.
6. Jamgʻarmaning asosiy maqsadi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda hamda aholi xonadonlarida energiya samaradorligi loyihalarini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) amalga oshirishga investitsiyalarni jalb qilish va moliyalashtirishdir.
7. Quyidagilar Jamgʻarma faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari hisoblanadi:
tijorat banklari yoki xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlar moliya tashkilotlari bilan birgalikda loyihalarni moliyalashtirish;
grant asosida energiya samaradorligini oshirish loyihalarini rivojlantirishda vakillik xarajatlarni qisman qoplash;
iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarish jarayonlarida, shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari va aholi xonadonlarida zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalar hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etilishida bank bilan kelishilgan holda imtiyozli kredit berish;
daromad olish va ushbu olingan daromadlarni kichik energetika sohasini rivojlantirishga qayta yoʻnaltirish;
iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va aholi xonadonlarida energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish (qisman yoki toʻliq moliyalashtirish) va energiya samaradorligi loyihalarini va energiya tejamkorlik tadbirlarini ekspert guruhi xulosalariga koʻra moliyalashtirish (moliyaviy qarz berish) va amalga oshirilishini monitoring qilish;
iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalar, asbob-uskunalar va materiallarni ishlab chiqaruvchilarga moliyaviy yordam koʻrsatish;
energiya tejamkorligi va energiya samaradorligini oshirish sohasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
energiya samaradorligini oshirish va energiya tejamkorligi boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishda yoqilgʻi-energetika resurslarini ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilarga belgilangan tartibda imtiyozli ravishda moliyaviy qarz berish;
ikkilamchi energiya manbalari va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini hamda kichik energetikani rivojlantirish bilan bogʻliq tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya auditini oʻtkazishda moliyaviy va texnik koʻmaklashish;
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining yoqilgʻi-energiya resurslari isteʼmolini qisqartirish va oqilona foydalanishga qaratilgan faoliyatini taʼminlash va iqtisodiyot tarmoqlari tashkilotlarida energetik tekshiruvlarni oʻtkazilish jarayonida foydalaniladigan texnologik uskunalar va texnik vositalarni xarid qilishni qisman yoki toʻliq moliyalashtirish;
iqtisodiyot tarmoqlari tashkilotlari uchun energiya tejamkor uskunalarni xarid qilish va oʻrnatilishida moliyaviy yordam koʻrsatish;
energiya samaradorligini oshirish loyihalari doirasida tijorat banklariga beriladigan kredit kafolatlari kabi kreditga layoqatni oshirish mexanizmlaridan foydalanish;
energiya samaradorligini oshirish loyihalari doirasida tijorat banklari bilan hamkorlikda energiya servisi kompaniyalarini moliyalashtirish;
energiya samaradorlikni oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish loyihalarini amalga oshirish yuzasidan davlat idoralari bilan energiya servisi xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha shartnomalar tuzish;
Jamgʻarma Kuzatuv kengashining qaroriga muvofiq energiya samaradorligi loyihalarini moliyalashtirish;
energiya tejamkorligi va energiya samaradorligi yoʻnalishida mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishda koʻmaklashish;
yoqilgʻi-energiya resurslaridan oqilona foydalanish yuzasidan targʻibot va axborot taʼminotini tashkil etishda ishtirok etish;
amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa energiya tejamkorligi tadbirlarini amalga oshirishni moliyalashtirish.
(7-bandning yigirmanchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
qarz oluvchi — loyiha tashabbuskori xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki ijtimoiy soha muassasasi;
kredit — qarz oluvchilar loyihalarini moliyalashtirish uchun foydalaniladigan bank krediti;
energiya samaradorligi loyihalari — energiya tejamkor texnologiyalar va energiya tejamkor uskunalarni, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish orqali obyektning energiya sarfini kamaytirish, yoqilgʻi-energiya resurslaridan (elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiqlik energiyasi, suyultirilgan gaz, koʻmir) foydalanishda kamida oʻn foiz samaradorlikka olib keluvchi chora-tadbirlari majmui.
2-bob. Jamgʻarmani boshqarish
9. Jamgʻarma oʻz faoliyati toʻgʻrisida Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashiga (keyingi oʻrinlarda — Kuzatuv kengashi) hisobot beradi.
10. Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi Direksiya hisoblanadi. Direksiyani ijrochi direktor boshqaradi.
11. Kuzatuv kengashi oʻz faoliyati doirasida quyidagilarni amalga oshiradi:
energiya samaradorligi loyihalari va energiya tejamkorlik tadbirlarini koʻrib chiquvchi ekspert guruhi tarkibini tasdiqlaydi va uning faoliyatini moliyalashtirish masalalarini tashkil etadi;
Jamgʻarma tomonidan energiya samarador loyihalarni moliyalashtirish tartibini belgilaydi;
iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va aholi xonadonlarida energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish va energiya samaradorligi loyihalarini va energiya tejamkorlik tadbirlarini ekspert guruhi xulosalariga koʻra tayyorlangan Direksiyaning taklifini koʻrib chiqib, moliyalashtirish boʻyicha qaror qabul qiladi;
Jamgʻarmaning yillik daromadlar va xarajatlar prognozini tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini depozitlar va boshqa moliyaviy aktivlarni tijorat banklariga joylashtirishni cheklovchi parametrlarini belgilaydi;
Jamgʻarmaning umumiy strategiyasini, uning investitsiya siyosatini, moliyalashtirish manbalarini, moliyalashtirish vositalarini, loyihaga muvofiqlik mezonlarini va operativ boshqaruvni tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaning faoliyatini, shu jumladan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanishini, moliyaviy yordam koʻrsatish toʻgʻrisida oʻz vaqtida qaror qabul qilishni nazorat qiladi;
mablagʻlarning sarflanishi, shuningdek, amalga oshirilayotgan ishlar va ajratilgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligi va natijalari toʻgʻrisida Jamgʻarma Direksiyasining hisobotlarini doimiy ravishda eshitib boradi;
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotlarni koʻrib chiqadi hamda tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaning mablagʻlaridan maqsadli foydalanish yuzasidan yil yakuni boʻyicha audit oʻtkazish uchun audit tashkilotini tanlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadsiz foydalanish hollari aniqlanganda asossiz xarajatlarni va yetkazilgan zararni qoplash va suisteʼmol qilish holatlarini bartaraf etish choralarini koʻradi;
kichik energiya, qayta tiklanuvchi energiya va ikkilamchi energiya manbalarini rivojlantirish, ayniqsa chekka hududlarni infratuzilmaviy rivojlantirish loyihalar boʻyicha imtiyozli kreditlar ajratish choralarini koʻradi;
Vazirlar Mahkamasiga Jamgʻarmaning ustav jamgʻarmasini koʻpaytirish toʻgʻrisida taklif kiritadi.
12. Direksiyaning taʼminoti Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
13. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi:
Jamgʻarmaning joriy faoliyatini boshqaradi;
kelgusi yil uchun daromadlar va xarajatlar operatsion rejalari va prognozlarini shakllantiradi va Kuzatuv kengashiga taqdim etadi;
tijorat banklarini qarz oluvchilar boʻyicha qayta moliyalashtirish uchun qaytarish shartlari asosida moliyaviy resurslar bilan taʼminlaydi;
Kuzatuv kengashiga Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va manbalarini kengaytirish boʻyicha takliflarni tayyorlaydi va kiritadi;
Jamgʻarmaning oʻz vaqtida va samarali ishlashi uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha amaliy choralarni koʻradi;
Jamgʻarmaning daromadlarini va xarajatlarini hamda ularning bajarilishi toʻgʻrisida hisobotni tayyorlab, ularni tasdiqlash uchun Kuzatuv kengashiga taqdim etadi;
Jamgʻarmaning mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan tizimli monitoring olib boradi va javobgar hisoblanadi;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini depozitlar va boshqa moliyaviy aktivlarini tijorat banklariga joylashtirish yuzasidan Kuzatuv kengashiga takliflar kiritadi;
Kuzatuv kengashi koʻrsatmalariga muvofiq Jamgʻarmaning investitsiya siyosatini amalga oshiradi;
loyihalarni moliyalashtirishni tashkil etish maqsadida loyihalarni moliyalashtirish buyurtmalarini berish hamda moliyaviy vositalarni qoʻllash qoidalari va tartiblarini belgilovchi qoʻllanmani ishlab chiqadi.
14. Jamgʻarma Direksiyasining ijrochi direktori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
15. Ijro etuvchi direksiyaning direktori:
Jamgʻarmaning boshqaruvini amalga oshiradi, Kuzatuv kengashi vakolatiga kiradigan masalalar bundan mustasno;
Kuzatuv kengashi qarorlarining bajarilishini tashkil qiladi va nazoratini olib boradi;
Jamgʻarma tomonidan energiya samarador loyihalarni moliyalashtirish tartibini ishlab chiqadi va Kuzatuv kengashiga taqdim etadi;
iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida energiya samaradorligini oshirish boʻyicha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va ekspertizadan oʻtkazish, tahlil qilish, aktivlarni boshqarish sohasida yuqori malakali mutaxassislarni direksiyaga jalb qilinishini taʼminlaydi;
xalqaro va xorijiy tashkilotlarda Jamgʻarma manfaatlarini himoya qiladi;
Jamgʻarma nomidan mehnat, iqtisodiy, ssuda va boshqa bitimlar imzolaydi, shuningdek, Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini hamda boshqa moliyaviy aktivlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tijorat banklari depozitlariga joylashtirish choralarini koʻradi;
(15-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
har chorak yakuni bilan bajarilgan ishlar va keyingi chorakda amalga oshirilishi lozim boʻlgan rejalar yuzasidan Kuzatuv kengashiga hisobot beradi;
Jamgʻarma zimmasiga yuklangan vazifalarga muvofiq Direksiyaning faoliyatini tashkil etish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
16. Jamgʻarmaning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash, boshqa ishga oʻtkazish va lavozimidan ozod etish Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
17. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasining shtat birligi va xarajatlar smetasi Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish
18. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbaalar hisobidan shakllantiriladi:
davlat ulushi boʻyicha dividendlar hisobiga neft-gaz va elektr energetikasi tarmoqlari korxonalarining sof foydasidan 5 foiz miqdoridagi oʻtkazmalar, korxonalarning sof foydasidan dividendga yoʻnaltirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan cheklovlar yuzaga kelgan hollar bundan mustasno. Mazkur oʻtkazma mablagʻlari Jamgʻarmaga korxonalar sof foydasining taqsimoti va davlat ulushiga hisoblangan dividendlar toʻgʻrisida ularning vakolatli boshqaruv organlari tomonidan qaror qabul qilingan sanadan boshlab bir oy ichida oʻtkazib berilishi lozim;
(18-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
energiyani meʼyordan ortiqcha isteʼmol qilganlik uchun korxonalarga qoʻllaniladigan oshirilgan tariflardan tushumlar;
yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishda aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha undirilgan iqtisodiy sanksiyalar summasining 20 foizi;
kreditlar berish va Jamgʻarmaning boshqa moliyaviy-xoʻjalik faoliyatidan olingan foyda;
xalqaro moliya institutlarining grantlari va kreditlari hamda donor tashkilotlari mablagʻlari;
jamgʻarma aktivlarini boshqarish, shu jumladan, boʻsh mablagʻlarni bank muassasalarida depozit sifatida joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
tuzilgan shartnomaga muvofiq moliyaviy qoʻllab-quvvatlashdan olingan foydaning bir qismi, bunda uning summasi koʻrsatilgan xizmatlar summasining yigirma besh foizidan oshmasligi lozim;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(18-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
19. Jamgʻarmaning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi gʻaznachilik boʻlimida belgilangan tartibda ochilgan hisobvaraqlarida jamgʻariladi.
20. Jamgʻarmaning mablagʻlaridan:
binolar va koʻp kvartirali uylarda energiya samarador texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini joriy etgan holda ularning energiya samaradorligini oshirish, jismoniy shaxslarga tijorat banklari orqali milliy valyutada ajratiladigan “yashil” isteʼmol kreditlarini, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan, hamda ajratilayotgan kreditlarning Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan 5 foizlik qismini qoplash uchun uch yil muddatga kompensatsiya ajratish, shu jumladan, issiqlik himoyasini yaxshilash boʻyicha loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini tayyorlashni moliyalashtirish, shuningdek, energiya auditini oʻtkazish;
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 894-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 09/24/894/1094-son)
energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish yoʻnalishida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv markazlari tashkil etish (bino va inshootlarni qurishdan tashqari) va seminarlar oʻtkazish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, issiqlik nasoslari, rekuperatorlar, reaktiv quvvatni tiklovchi qurilmalar (kondensator batareyalari), rele himoyasi uchun mikroprotsessor bloklari, chastotali oʻzgartirgichlar va bir tekis ishga tushirish qurilmalarini ishlab chiqarish boʻyicha startap-loyihalarni moliyalashtirish, ishlab chiqarish korxonalarining ustav jamgʻarmalari (kapitallari) hamda korxonalarning loyihalarini shakllantirishda ishtirok etish;
Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi faoliyatini taʼminlash, uning xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, ularni moddiy ragʻbatlantirish;
(20-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentabrdagi 562-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
xoʻjalik yurituvchi subyektlarda energiya auditi oʻtkazish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
shahar transportining yoqilgʻi-energetika samaradorligini yaxshilash, shuningdek, energiya xarajatlarini kamaytirish uchun transport oqimlarini axborot va imitatsion modellashtirish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha innovatsion tadbirlarni oʻtkazish uchun foydalaniladi.
4-bob. Jamgʻarmadan moliyaviy mablagʻ jalb etish uchun hujjatlarni taqdim etish tartibi
21. Loyiha tashabbuskori Jamgʻarmadan moliyaviy mablagʻ jalb etish maqsadida onlayn Direksiyaga (energoservis saytiga) buyurtma toʻldirish orqali murojaat qiladi.
22. Buyurtmada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi shart:
qarz olish uchun ariza, aniq qarz summasini koʻrsatilgan holda;
jalb etiladigan kredit boʻyicha pul oqimini tahlil qilingan holda biznes reja;
soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot;
energoaudit xulosasi, erishilishi kutilayotgan energiya samaradorligi darajasi koʻrsatilgan holda.
Aholi tomonidan buyurtma berilgan arizada, qarz summasi, qarzga xarid qilinadigan uskuna, undan erishiladigan natija koʻrsatiladi.
23. Direksiyaga kelib tushgan buyurtma ekspert guruhi tomonidan besh ish kunida koʻrib chiqiladi va loyihani moliyalashtirish yoki rad etish toʻgʻrisida xulosa tayyorlanadi.
24. Ekspert guruhi tomonidan moliyaviy mablagʻ ajratish toʻgʻrisida ijobiy xulosa berilgan loyihalar boʻyicha Direksiya tomonidan bir hafta muddatda taklif tayyorlanib, Kuzatuv kengashiga qaror qabul qilish uchun kiritiladi.
25. Ekspert guruhi tomonidan moliyaviy mablagʻ ajratish rad etilgan xulosa berilgan loyihalar boʻyicha Direksiya bir hafta muddatda qarz oluvchini xabardor qiladi.
26. Kuzatuv kengashi uch kun muddatda loyihani moliyalashtirish toʻgʻrisida 1-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq bayonnoma toʻldiradi. Ushbu bayonnoma Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi va Jamgʻarmadan mablagʻ ajratilishiga, tijorat banki tomonidan loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun asos hisoblanadi.
27. Kuzatuv kengashining qarori koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Agar ovozlar teng boʻlsa, Kuzatuv kengashi raisining ovozi hal qiluvchi kuchga ega hisoblanadi.
28. Direksiya Kuzatuv kengashi tomonidan mablagʻ ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kundan keyin bir kun muddatda energoservis sayti orqali onlayn tarzda qarz oluvchiga maʼlumot beradi.
29. Jamgʻarmadan mablagʻ ajratilishi Jamgʻarma va qarz oluvchi oʻrtasida shartnoma bilan rasmiylashtiriladi.
30. Qarz oluvchi shartnomada keltirilgan shartlarga asosan mablagʻlarni qaytarish uchun masʼul hisoblanadi.
31. Ekspert guruhi tomonidan mablagʻ ajratish rad etilgan xulosa berilgan taqdirda Direksiya bir kun ichida qarz oluvchiga asoslangan tarzda onlayn rejimda buyurtma qabul qilinmaganligi toʻgʻrisida maʼlumot beradi.
32. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirish 2-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Huquq va majburiyatlar
33. Direksiyaning (Jamgʻarmaning) huquqlari:
qarz olgan tashkilotlar tomonidan Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan toʻliq maʼlumotlar olish;
mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar asosida mol-mulkli boʻlish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga belgilangan tartibda takliflar kiritish;
xalqaro aloqalar oʻrnatish, hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzish hamda xalqaro dasturlar va loyihalarda ishtirok etish;
ish faoliyatini xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga toʻliq mos holda amalga oshirish;
Nizomda nazarda tutilgan maqsadlarga erishishda xususiy sektor, xalqaro hamkorlar va turli milliy, mintaqaviy va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va hamkorlikni ragʻbatlantirish.
Jamgʻarma qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(33-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
34. Direksiya (Jamgʻarma)ning majburiyatlari:
oʻz faoliyatini qonunchilik hujjatlariga va Jamgʻarmaning ustaviga muvofiq amalga oshirish;
(34-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
choraklik va yillik hisobotlarni belgilangan tartibda va muddatlarda Kengashga taqdim etish;
barcha buyurtmachilar va tegishli loyihalar kamsitilmasligi, xolislik va teng imkoniyatlar yaratish;
Jamgʻarma faoliyatining oshkoraligini taʼminlash, jamgʻarmaning mol-mulkidan foydalanilishi toʻgʻrisida har yili hisobotlar tayyorlash va eʼlon qilish.
Direksiya (Jamgʻarma) zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham qabul qilishi mumkin.
(34-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
35. Jamgʻarmaning joriy yilda sarflanmagan mablagʻlari olib qoʻyilmaydi va keyingi yilga oʻtkaziladi.
36. Kuzatuv kengash, ijrochi direktor va bosh hisobchi Jamgʻarma mablagʻlaridan qonuniy va maqsadli foydalanilishi yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadi.
37. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
38. Ushbu Nizomni amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
39. Jamgʻarma tugatilgan taqdirda, Jamgʻarma tomonidan kreditorlarning talablari qondirilgandan keyin uning barcha mablagʻlari va aktivlari Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tasarrufiga oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ilova
Budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamgʻarmasidan mablagʻ ajratilishiga ruxsat berish toʻgʻrisida
Kuzatuv kengashi aʼzolari loyiha tashabbuskori tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamgʻarmasi direksiyasi tomonidan ekspert guruhi xulosasiga asosan tayyorlangan taklifni oʻrganib chiqib, qaror qiladi:
1. Taqdim etilgan xulosaga asosan energiya jihatidan samaradorlikka erishish uchun ____________________________ soʻm miqdorida moliyaviy qarz (kredit) berilsin.
2. Ijro etuvchi direksiya loyihani oʻrnatilgan tartibda moliyalashtirilishini tashkillashtirsin.
Ushbu xulosaga ilova qilinayotgan asoslantiruvchi maʼlumotlar uning ajralmas qismi hisoblanadi.
Ilova ____ varaqda.
Kuzatuv Kengashi aʼzolari:
1.
2.
3.
4.
5.
6.
7.
8.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilova
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Chora-tadbirlari
Muddatlar
I bosqich
Loyiha tashabbuskori
1. Loyihani amalga oshirish uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamgʻarmasiga (Nizomda keltirilgan maʼlumotlar) hujjatlarni onlayn tarzda taqdim etadi.
Zarurat boʻlganda
II bosqich
Ekspert guruhi
Tashabbuskorning murojaat va hujjatlarini koʻrib chiqadi va ular boʻyicha loyihani moliyalashtirish yoki moliyalashtirmaslik toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi va Direksiyaga taqdim etadi.
5 ish kuni
III bosqich
Direksiya
1. Ekspert guruhi tomonidan ijobiy xulosa berilgan loyihalar boʻyicha moliyaviy mablagʻ ajratish toʻgʻrisida Direksiya tomonidan taklif tayyorlanib, Kuzatuv kengashiga qaror qabul qilish uchun kiritiladi.
2. Ekspert guruhi tomonidan rad etilgan xulosa berilgan loyihalar boʻyicha qarz oluvchiga xabar beradi.
7 ish kuni
IV bosqich
Kuzatuv kengashi
Kuzatuv kengashi loyihani moliyalashtirish toʻgʻrisida bayonnoma toʻldiradi. Ushbu bayonnoma Jamgʻarmadan mablagʻ ajratilishiga va tijorat banki tomonidan loyihani qayta moliyalashtirishga asos hisoblanadi.
3 ish kuni
V bosqich
Direksiya
Kengash tomonidan mablagʻ ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin onlayn tarzda qarz oluvchiga maʼlumot beradi.
1 ish kuni
VI bosqich
Direksiya, Loyiha tashabbuskori
Jamgʻarmadan mablagʻ ajratish uchun shartnoma rasmiylashtiriladi.
3 ish kuni
VII bosqich
Direksiya, tijorat banki
Tijorat banki orqali Jamgʻarmadan ajratilgan qarz loyiha tashabbuskori hisob raqamiga oʻtkazib beriladi.
1 ish kuni
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2020-y., 09/20/640/1366-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 03.10.2023-y., 09/23/517/0740-son; 30.12.2024-y., 09/24/894/1094-son)