O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 52-moddasiga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqish jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va ushbu sohada ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunining 52-moddasiga muvofiq fuqarolik masalalari bo‘yicha manfaatdor davlat organlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash, shuningdek, hujjatlarni va ma’lumotlarni kiritish, hisobga olish hamda monitoring qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo ma’lumotlar bazasi shakllantirilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati “Pasport-viza” avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasini modernizatsiya qilish orqali uning tarkibida quyidagilarni nazarda tutuvchi “E-Fuqaro” idoralararo ma’lumotlar bazasini (keyingi o‘rinlarda — “E-Fuqaro” IMB) joriy etsin:
fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni qabul qilish va ularni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq tartib-taomillar avtomatlashtiriladi;
fuqarolik masalalari bo‘yicha tushgan arizalar idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan manfaatdor vazirliklar va idoralar o‘rtasida ko‘rib chiqiladi hamda ularga tegishli munosabat bildiriladi;
fuqarolikka qabul qilish, uni tiklash, undan chiqish va uni yo‘qotish bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
3. Quyidagilar:
davlat organlari va tashkilotlarining “E-Fuqaro” IMB orqali real vaqt rejimida ma’lumotlar bazasiga kiritiladigan ma’lumotlari hamda idoralararo o‘zaro elektron hamkorlik orqali ayirboshlanadigan ma’lumotlar sxemasi 1-ilovaga muvofiq;
“E-Fuqaro” IMBni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “E-Fuqaro” IMBning yagona buyurtmachisi va saqlovchisi hisoblanadi;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish haqidagi arizalari real vaqt rejimida “E-Fuqaro” IMB orqali qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda doimiy ravishda idoralararo elektron hamkorlik vositasi orqali almashinadigan ma’lumotlarni amaldagi qonunchilik hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda yangilab borish, olish va berishda foydalaniladigan axborot tizimlarini “E-Fuqaro” IMB bilan o‘zaro muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish yuklansin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan davlat boji to‘lovlari, davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘langan davlat bojlari va yig‘imlari “Elektron hukumat”ning yagona billing tizimi orqali amalga oshirilishini ta’minlasin;
2021-yil 1-yanvarga qadar — O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqarolik masalalari bo‘yicha murojaatlar O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali, xorijda doimiy istiqomat qilayotgan shaxslar tomonidan Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida joylashtirilgan interaktiv konsullik xizmati orqali dastlabki ariza yuborish mexanizmini keyinchalik shaxsan kelib murojaat qilish shartini inobatga olgan holda joriy qilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “E-Fuqaro” IMB doirasida ishtirok etuvchi vazirliklar va idoralarning asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha mazkur loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O.M. Umarov hamda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 16-sentabr,
557-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-sentabrdagi 557-son qaroriga
1-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarining “E-Fuqaro” IMB orqali real vaqt rejimida ma’lumotlar bazasiga kiritiladigan ma’lumotlari hamda idoralararo o‘zaro elektron hamkorlik orqali ayirboshlanadigan ma’lumotlar
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-sentabrdagi 557-son qaroriga
2-ILOVA
“E-Fuqaro” IMBni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar
DASTURI

T/r

Tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Ijro muddati

Mas’ul ijrochilar

1.

Fuqarolik masalalari bo‘yicha hujjatlarni vakolatli organlar tomonidan ko‘rib chiqishni “E-Fuqaro” elektron tizimga o‘tkazish bo‘yicha muammolarni aniqlash va mavjud texnik imkoniyatlarni o‘rganish.

Fuqarolik masalalari bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqishda vazirliklar va idoralarning axborot tizimlarini “E-Fuqaro” idoralararo ma’lumotlar bazasiga integratsiyalashtirishni o‘rganish natijasi bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

2020-yil sentabr

Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi, Davlat personallashtirish markazi

2.

“E-Fuqaro” IMBni yaratish bo‘yicha texnik hujjatlarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash.

“E-Fuqaro” IMBga ulanish uchun texnik yo‘riqnoma ishlab chiqish, tegishli idora va tashkilotlar bilan kelishish.

2020-yil sentabr

Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat personallashtirish markazi, “O‘zsuvta’minot” AJ

3.

Fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda avtomatlashtirilgan tizim orqali qabul qilish, ko‘rib chiqish tartibini joriy etish.

Fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda avtomatlashtirilgan tizim orqali qabul qilish, ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi qo‘shma qaror loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2020-yil sentabr

Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat xizmatlari agentligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Davlat personallashtirish markazi

4.

“E-Fuqaro” IMBni amaliyotga joriy etish doirasida vakolatli organlarning axborot tizimlari samarali ishlashi uchun zarur texnik qurilma va server uskunalarini modernizatsiya qilish.

“E-Fuqaro” idoralararo ma’lumotlar bazasini amaliyotga joriy etish doirasida ichki axborot tizimlarini modernizatsiya qilish choralarini ko‘rish, xarid qilingan apparat vositalari va dasturiy mahsulotlarni “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasidan attestatsiya va sertifikatsiyadan o‘tkazish.

2020-yil sentabr

Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat personallashtirish markazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqalar

5.

O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP)dan fuqarolik masalalari bo‘yicha hujjatlarni elektron tarzda yuborish, qabul qilish jarayonlarini joriy qilish.

1. YIDXPda davlat xizmati shaklini ishga tushirish bo‘yicha texnik hujjatlarni ishlab chiqish.

2020-yil sentabr

Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

2. Fuqarolik masalalari bo‘yicha xizmatni YIDXPda ishga tushirish.

2020-yil sentabr

6.

Xorijda doimiy istiqomat qilayotgan shaxslar tomonidan fuqarolik masalalari bo‘yicha murojaatlarni Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida joylashtirilgan interaktiv konsullik xizmati (TIV IKX) orqali dastlabki ariza yuborish tartibini belgilash.

1. TIV IKXda interaktiv shaklda fuqarolardan arizalarni qabul qilish uchun texnik hujjatlarni ishlab chiqish.

2020-yil noyabr

Tashqi ishlar vazirligi

2. Texnik hujjatlar asosida arizalarni qabul qilishni amaliyotga joriy etish.

2020-yil dekabr

Tashqi ishlar vazirligi,
Ichki ishlar vazirligi

7.

O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqarolik masalalarini ko‘rib chiqish uchun mavjud davlat boji va yig‘imlarni elektron tarzda amalga oshirish mexanizmlarini joriy qilish.

1. Fuqarolik masalalari bo‘yicha mavjud davlat boji va yig‘imlarni “Elektron hukumat”ning yagona billing tizimiga ulash uchun hisobraqamlar ochish.

2020-yil oktabr

Markaziy bank,
Ichki ishlar vazirligi,
Tashqi ishlar vazirligi,

2. “E-Fuqaro” IMBni “Elektron hukumat”ning yagona billing tizimiga ulash.

2020-yil noyabr

Ichki ishlar vazirligi,
Markaziy bank

8.

“E-Fuqaro” IMBni ishga tushirish.

1. Fuqarolik masalalari bo‘yicha murojaatlarni vakolatli organlar tomonidan “E-Fuqaro” IMB orqali ko‘rib chiqishni sinovdan o‘tkazish.

2020-yil sentabr

Ichki ishlar vazirligi,
Tashqi ishlar vazirligi,
Davlat xavfsizlik xizmati

2. Sinov natijalari bo‘yicha “E-Fuqaro” IMBda aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish va axborot tizimini amaliyotga joriy qilish.

2020-yil sentabr

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tuzilmasiga “E-Fuqaro” IMBni kuzatib borish vakolatini berish.

2020-yil sentabr

9.

“E-Fuqaro” IMBni ishga tushirish.

Amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hamda Vazirlar Maxkamasiga axborot berib berish.

2020-yil oktabr

Ichki ishlar vazirligi

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.09.2020-y., 09/20/557/1291-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)