O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
So‘nggi yillarda mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, uning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida taraflarning tortishuv tamoyili qo‘llanilishini yanada kengaytirish hamda ushbu sohada xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi.
Shu bilan birga, sud-tergov amaliyotini tahlil qilish va fuqarolar murojaatlarini o‘rganish natijalari jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha mexanizmlar to‘liq ishga solinmaganligidan, shuningdek, qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vakolatlarini aniq belgilash bilan bog‘liq bo‘shliqlar mavjudligidan dalolat bermoqda.
Mamlakatimizda jinoyat ishlarini tergov qilish faoliyatini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda yaxshilash, qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplarini ro‘yobga chiqarish, jinoyat-protsessual qonunchiligini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar sud-tergov faoliyatini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
shaxsning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, protsessual harakatlarning sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillarni to‘plash va mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilg‘or xorijiy tajribada keng qo‘llaniladigan isbotlash standartlarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, sodir etilgan har bir jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini hamda shaxs, jamiyat va davlatga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanishini ta’minlash;
shaxsga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy qilish, shuningdek, bunday qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish;
jinoyat ishlarini tergov qilish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, surishtiruv va dastlabki tergov organlarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish;
jinoyatchilikning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va ularda qonunga itoatgo‘ylik ruhini shakllantirish mexanizmini joriy qilish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazining jinoyatlarni fosh etish faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlari tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchidan ariza, tushuntirish yoki ko‘rsatuvlar olishni mazkur jinoyat ishi yurituvida bo‘lgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning yozma ruxsatiga asosan va faqat himoyachi ishtirokida amalga oshirish (belgilangan tartibda himoyachidan voz kechilgan hollar bundan mustasno);
jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsni ushlab turish muddatini u haqiqatda ushlangan vaqtdan boshlab hisoblash;
shaxs amalda ushlangan yoki uni jinoyat ustida ushlash bilan bog‘liq tezkor tadbir amalda yakunlangan yoxud gumon qilinuvchi deb e’tirof etilganligi haqidagi qaror unga ma’lum qilingan paytdan boshlab u bilan bog‘liq protsessual harakatlarni o‘tkazishdan oldin uning advokat bilan xoli uchrashishi ta’minlanishi shartligini belgilash;
aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv institutini joriy qilish. Bunda, ayrim jinoyatlar toifalari bo‘yicha shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan hollarda surishtiruv va dastlabki tergov organlari bilan yozma kelishuv tuzilishi hamda unga nisbatan sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan ko‘p bo‘lmagan miqdori va (yoki) muddatigacha jazo tayinlash;
jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida guvoh va jabrlanuvchini og‘ir kasalligi yoki uzoq muddatga chet davlatga chiqib ketish zarurati tufayli kechroq so‘roq qilish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ularning ko‘rsatuvlarini gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, prokuror yoki advokatning iltimosnomasiga ko‘ra sud tomonidan taraflarning ishtirokida oldindan mustahkamlab qo‘yish (deponirovaniye) tartibini joriy qilish;
o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar bo‘yicha, shuningdek, shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotganda himoyachining ishtirok etishi shartligini belgilash.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan tegishli qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazining jinoyat ishlarini sudda ko‘rishni yanada takomillashtirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
agar sud tergovi vaqtida sudlanuvchining unga ilgari ayblov qo‘yilmagan jinoyatni sodir etganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, sudlanuvchini yangi ayblov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish asoslarini aniqlash haqida iltimosnomani sudga kiritish huquqini ish bo‘yicha barcha taraflarga berish;
agar sud tergovi vaqtida javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, ushbu shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun asoslarni aniqlash haqida iltimosnomani sudga kiritish huquqini ish bo‘yicha barcha taraflarga berish;
shaxsga e’lon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida ko‘rilayotganligidan qat’i nazar, yarashuv instituti doirasiga tushadigan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasi yoki qismiga o‘zgartirilgan hollarda yarashuv institutini qo‘llash tartibini joriy qilish;
sudlanuvchining jinoyat sodir etilishiga daxli bo‘lmaganligi asosi bilan oqlov hukmi chiqarilgan hollarda jinoyatni haqiqatda sodir etgan shaxsni aniqlash va ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish uchun jinoyat ishini prokurorga yuborish tartibini o‘rnatish.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan tegishli qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
4. Quyidagilar taqiqlansin:
tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan shaxsni g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash. Bunda, tezkor-qidiruv tadbirlari natijalari faqat ular qonun talablariga asosan olingan va shaxsda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari yoki tezkor tadbirda ishtirok etgan boshqa shaxslarning harakatlariga bog‘liq bo‘lmagan holda jinoyat sodir etish uchun shakllangan qasd mavjud bo‘lgandagina sud hukmida dalil sifatida tan olinishi mumkin;
shaxsni jinoyat ishida gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo‘lgan hollarda (ekspertiza yoki taftish o‘tkazish talab etiladigan hollar bundan mustasno), uni guvoh tariqasida so‘roq qilish, shuningdek, unga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining protsessual huquqlari tushuntirilguniga qadar undan biron-bir yozma yoki og‘zaki ko‘rsatuvlar olish;
ushlangan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va so‘roq qilish;
surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan jinoyat ishi doirasida sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va boshqa sud protsessi ishtirokchilarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish yoki so‘roq qilish (ular bilan bog‘liq bo‘lgan alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yoki sudning yozma topshirig‘i mavjud hollar bundan mustasno).
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan tegishli qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
tergovga qadar tekshiruv yoki tergovda ushlangan shaxsni va ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni o‘tayotgan mahkumni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek, vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchini guvohlantirish ularning yoki advokatining iltimosnomasiga asosan 24 soat ichida vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari yoki jazoni ijro etish muassasalari tasarrufida bo‘lmagan tibbiy muassasalar xodimlari tomonidan amalga oshirilishi shart, bunda xarajatlar iltimosnoma kirituvchi taraf hisobidan qoplanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilmasligiga oid qoida voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar, oltmish yoshdan oshgan erkaklar va ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi;
voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda pensiya yoshiga yetgan shaxslarga nisbatan uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir, shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
(5-bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda jinoyat ishining tergovga tegishliligi institutini yanada takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishi bir surishtiruv yoki dastlabki tergov organidan boshqasiga o‘tkazilishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan amalga oshirilishi mumkinligini nazarda tutsin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Davlat xavfsizlik xizmati raisi, ichki ishlar vaziri, Milliy gvardiyasi qo‘mondoni va Davlat bojxona qo‘mitasi raisining alohida e’tibori jinoyat ishlarining tergovga tegishliligi to‘g‘risidagi jinoyat-protsessual qonunchiligi normalariga so‘zsiz rioya etilishi uchun jinoyat ishlarini tergov qilish vakolatiga ega bo‘lgan tegishli tuzilmalar rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanishiga qaratilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori jinoyat ishlarini tergovga tegishliligiga oid qoidalarga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha tizimli choralar ko‘rib borsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
“Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimida yaratilgan jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni elektron ro‘yxatga olish va ularni ko‘rib chiqish natijalarining yagona elektron hisobini yuritish imkonini beruvchi dasturiy modulni barcha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarga ulanishini va 2021-yil 1-yanvardan boshlab to‘liq ishga tushirilishini;
uch oy muddatda jinoyatlar haqidagi ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish, shuningdek, tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qo‘mitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyunga qadar:
surishtiruvchi va tergovchilarni videotasvirga olish vositalari bilan ta’minlash;
tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarini tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishda foydalaniladigan texnik vositalar va uskunalar bilan to‘liq jihozlash va ularning uzluksiz ishlashini ta’minlash choralarini ko‘rsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi:
2021-yil 1-yanvarga qadar Toshkent shahar prokuraturasi tergov bo‘linmalari va Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergov boshqarmasining faoliyatini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq namunaviy tarzda tashkil etsin. Bunda, ularni zamonaviy kriminalistik uskunalar bilan jihozlangan avtotransport vositalari, protsessual harakatlarni audio va videoga qayd etish tizimlari hamda stenografiya yuritish uskunalari bilan ta’minlashga, shuningdek, xizmat binosida maxsus tergov hamda gumon qilinuvchi va ayblanuvchining himoyachi bilan xoli uchrashish xonalarining mavjudligiga alohida e’tibor qaratilsin;
2021-yil yakuniga qadar tergov bo‘linmalarining namunaviy faoliyatini tashkil etishning natijalarini inobatga olgan holda bunday tajribani boshqa barcha surishtiruv va dastlabki tergov tuzilmalarida joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.
Belgilab qo‘yilsinki, ushbu Farmonning 8 va 9-bandlarida nazarda tutilgan tadbirlar bilan bog‘liq sarf-xarajatlar tegishli davlat organlarining budjetdan tashqari mablag‘lari va xalqaro hamkorlar ko‘magi hisobidan hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
bir oy muddatda Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tergov sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasini tashkil etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
ikki oy muddatda prokuratura organlarining belgilangan shtat birligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar prokuraturalari tizimida prokuror-kriminalist lavozimini joriy etish;
uch oy muddatda Davlat budjeti parametrlarida prokuratura organlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan prokuror-kriminalistlarni zamonaviy maxsus jihozlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
11. Ushbu Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori (Yo‘ldoshev), Davlat xavfsizlik xizmati raisi (Azizov), ichki ishlar vaziri (Bobojonov), Milliy gvardiya qo‘mondoni (Djurayev) va Davlat bojxona qo‘mitasi raisi (Azimov) — respublika va viloyatlar darajasidagi hay’at yig‘ilishlarini onlayn tarzda o‘tkazib, unda surishtiruv va dastlabki tergov tuzilmalari rahbarlari va mas’ul xodimlariga sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha yangi qabul qilingan choralar mazmun-mohiyati yetkazilishi va amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi (Kamilov) — Oliy sud Plenumining navbatdan tashqari yig‘ilishida qabul qilingan Farmon normalari sudlarda to‘g‘ri tatbiq etilishi, shuningdek, sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash ustidan sud nazoratini kuchaytirish masalalarini ko‘rib chiqsin;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori (Xodjayev) O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi va “Dunyo” axborot agentligi bilan birgalikda — ommaviy axborot vositalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda ushbu Farmonda belgilangan chora-tadbirlarni aholi va ekspertlar hamjamiyati orasida keng yoritish choralarini ko‘rsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda axborot berib borsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 10-avgust,
PF-6041-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.08.2020-y., 06/20/6041/1151-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)