O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Obod qishloq” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida” 2018-yil 29-martdagi PF-5386-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida” 2018-yil 29-martdagi PF-5386-son Farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida “Obod qishloq” Jamg‘armalari tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Obod qishloq” Jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom ilovaga muvofik tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan birgalikda bir oy muddatda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari ― “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-aprel,
301-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-apreldagi 301-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Obod qishloq” Jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Obod qishloq” jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘larini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan “Obod qishloq” dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida tashkil etiladi.
Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari (keyingi o‘rinlarda mahalliy ijro hokimiyati organlari deb ataladi) shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida jamlanadi hamda ushbu Nizomda belgilangan maqsadlarga sarflanadi.
3. Toshkent shahrida joylashgan mahallalarda “Obod qishloq” dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida mazkur Nizomga muvofik Toshkent shahar hokimligi huzurida “Obod qishloq” Jamg‘armasi tuzilishi mumkin.
2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardai foydalanish tartibi
4. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
respublika budjeti va maqsadli Jamg‘armalar mablag‘lari;
mahalliy budjet va uning qo‘shimcha mablag‘lari;
tarmoq tashkilotlarining mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grant mablag‘lari;
“Mahalla” Jamg‘armasining va boshqa tashkilotlarning homiylik xayriyalari;
tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari;
xasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari Jamg‘armasi mablag‘lari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Jamg‘arma mablag‘lari:
aholini muntazam tarzda ichimlik suvi bilan ta’minlash, sizot suvlar sathini pasaytirish, ariqlarni tozalash, oqava suv handaqlari, kanalizatsiya (ifloslangan suvlarni tozalash inshootlari) va irrigatsiya tizimlarini barpo etish;
qishloqlardan tuman markaziga olib boruvchi yo‘llarda qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlarini bajarish, transport to‘xtash bekatlarini qurish hamda lizing asosida avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish;
qishloq ichki yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini barpo etish va ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish;
aholi elektr ta’minotini yaxshilash, suyultirilgan gaz va ko‘mir yoqilg‘isini uzluksiz yetkazib berish hamda aloqa tizimini modernizatsiya qilish;
ta’lim va tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish;
bozor infratuzilmasi obyektlarini va servis shoxobchalarini, shu jumladan hammom, kichik bozor va savdo shoxobchalar barpo etish;
uy-joylarni ta’mirlashda xonadon egalariga amaliy yordam ko‘rsatish, ayniqsa, qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta’minlash hamda muhtoj oilalar uchun uy qurib berish (ta’mirlash);
har yilgi belgilangan tartibda tasdiqlanadigan “Obod qishloq” dasturini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.
6. Jamg‘arma mablag‘larini mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilmagan boshqa maqsadlarga yo‘naltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
3-bob. Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish
7. Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari raislik qiluvchi Jamg‘arma faoliyatini boshqarish kengashi (keyingi o‘rinlarda Kengash deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
8. Kengash tarkibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi. Bunda Kengash tarkibiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hududiy sektor rahbarlari, shahar va tuman hokimlari hamda vazirlik va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari kiritiladi.
9. Kengash majlisi a’zolarining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi.
Qaror qabul qilishda ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, Kengash raisi tomonidan hal qiluvchi qaror qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
10. Kengash majlisi har chorakda kamida bir marotaba chaqiriladi.
11. Kengash:
Jamg‘armaga kelib tushgan mablag‘lar doirasida daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
zarur hollarda tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi;
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi;
Jamg‘armaning chorak yakuni bo‘yicha daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqadi hamda tasdiqlaydi; .
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlarining buxgalteriya xizmati Jamg‘armaning ishchi organi (keyingi o‘rinlarda Ishchi organ deb ataladi) hisoblanadi.
13. Ishchi organ:
Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasini tayyorlaydi;
Jamg‘arma tushumlarini ko‘paytirish va uning mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
Jamg‘armaning tushumlar manbalari hamda asosiy xarajatlar yo‘nalishlari bo‘yicha hisobini yuritadi;
har chorakda Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risida hisobot tayyorlaydi va Kengashga takdim etadi.
4-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish yuzasidan hisobot va nazorat
14. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha hisob va hisobotlar mahalliy ijro hokimiyati organlarining budjetdan tashqari boshqa mablag‘laridan alohida yuritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetasi budjet tashkilotlari uchun budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladi (choraklar, daromadlar manbalari va ulardan foydalanish yo‘nalishlari bo‘yicha).
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
16. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetalarining bajarilishi bo‘yicha yillik hisobot Kengash majlisida ko‘rib chiqiladi va har yili 15-martgacha Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
17. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetalarining bajarilishi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlarning mas’ul xodimlaridan tuzilgan tashqi audit guruhi tomonidan o‘rganiladi hamda tegishli xulosa tayyorlanadi.
18. Kengash tomonidan har chorakda Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
19. Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmay qolgan mablag‘lari keyingi yilga o‘tadi va mazkur mablag‘lar boshqa maqsadlar uchun olib ko‘yilmaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
20.Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2641-moddasi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.04.2018-y., 09/20/301/0810-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)