1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.09.00 Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari / 09.14.09.02 Paxtachilik]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-maydagi PF-71-sonli “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilish, mahsulotni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish borasida olib borilgan izchil islohotlar natijasida agrar sohada faoliyat yuritishning yangi tizimi — klaster usuli joriy etildi.
Qisqa davr mobaynida klaster usulida faoliyat yuritish oʻzining ijobiy tomonlarini koʻrsatdi va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga resurslarni tejaydigan texnika va texnologiyalarni joriy etish, qishloq joylarga sanoatni olib kirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarish, infratuzilmani rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish va manfaatlarini davlat boshqaruv organlarida himoya qilish borasida samarali mexanizmlar yaratilmagan.
Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish, paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlash quvvatlarini koʻpaytirish, ushbu jarayonga ilmiy asoslangan usullar va intensiv texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish, ularning manfaatlarini davlat hokimiyati boshqaruv organlarida himoya qilish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkilotchilarining:
“Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasini (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) tashkil etish;
Uyushma tuzilmasida tizimli muammolarni bartaraf etish, marketing innovatsiyalarini faol joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda tarmoqni rivojlantirishning istiqbolli va ustuvor yoʻnalishlarini aniqlashni taʼminlovchi maslahat organi — Paxta-toʻqimachilik klasterlari kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini hamda ular tomonidan loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, davlat organlari va tashkilotlari hamda xoʻjalik birlashmalari bilan oʻzaro samarali hamkorlikni tashkil etish;
paxta-toʻqimachilik klasterlarini hududlarning salohiyati yanada rivojlanishi istiqbollaridan, xom ashyo bazasi, mavjud infratuzilma, mehnat resurslari va bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda joylashtirishga koʻmaklashish;
paxta xom ashyosini yetishtirish jarayoniga ilgʻor agrotexnologiyalar hamda resurslarni tejaydigan texnika va texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, paxta-toʻqimachilik klasterlari bilan fermer xoʻjaliklari oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishning shaffof mexanizmini yaratish;
yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish, paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini kengaytirish hamda mazkur jarayonlarga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish;
paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini rivojlantirish uchun unifikatsiyalangan imtiyoz va preferensiyalar qoʻllash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
ichki va tashqi bozorda marketing tadqiqotlarini tashkil qilish, tarmoqni rivojlantirishning oʻrta va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, shuningdek, tarmoqqa bozor mexanizmlarini keng joriy qilish;
paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishini modernizatsiyalash, texnik qayta jihozlash, yuqori unumli innovatsion texnologiyalarni joriy etishda investitsiyalarni, shu jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishda paxta-toʻqimachilik klasterlariga koʻmaklashish;
paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishini jadal rivojlantirish va barqaror faoliyat yuritishiga toʻsiq boʻlayotgan tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, sohaga oid qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash.
(2-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
paxta-toʻqimachilik klasterlari Uyushma aʼzolari hisoblanadi;
Uyushma ijro apparati tuzilmasini tasdiqlash uning muassislari umumiy yigʻilishi qarori bilan amalga oshiriladi;
Uyushma raisi va uning oʻrinbosarlari muassislarning umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanadi;
Uyushma faoliyatini joriy taʼminlash va moliyalashtirish aʼzolik badallari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(4 va 5-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi 733-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2021-y., 09/21/733/1131-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasining belgilangan tartibda tashkil etilishiga;
ikki oy muddatda “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi ustavining tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishiga;
“Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi ijro etuvchi apparati tasdiqlangan tuzilmaga va shtatlar jadvaliga muvofiq puxta tanlov asosida yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishiga koʻmaklashsinlar.
7. Uyushma Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2020-2021-yillarda paxta tozalash zavodlarini modernizatsiya qilish va yangi quvvatlarni ishga tushirish, ip-yigiruv, matoni toʻqish va boʻyash, tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, chigitni qayta ishlash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, agrologistika va chorvachilik komplekslarini tashkil etish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilish boʻyicha har bir paxta-toʻqimachilik klasterlari boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining hududlarda faoliyat yuritayotgan paxta-toʻqimachilik klasterlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Innovatsiyalarni, ilm-fan yutuqlari va yangiliklarini joriy etish boʻyicha ilmiy markazlar (keyingi oʻrinlarda — Ilmiy markazlar)ni bosqichma-bosqich tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
9. Belgilab qoʻyilsinki, Ilmiy markazlarning faoliyati paxta-toʻqimachilik klasterlari qoshida oliy taʼlim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik asosida paxtachilikdagi dolzarb muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan tadqiqot va tajriba-konstrukturlik ishlarini yoʻlga qoʻyish, ilm-fan yangiliklari va resurslarni tejaydigan innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali yerlardan samarali foydalanish va mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirishga yoʻnaltiriladi.
10. Quyidagilar Ilmiy markazlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni va maqbul almashlab ekish tizimini joriy qilish;
gʻoʻzani yangi turdagi mineral va organik oʻgʻitlar bilan zamonaviy agrotexnologiyalarni qoʻllagan holda oziqlantirish, paxta yetishtiruvchilarga gʻoʻzani kasalliklar, zararkunanda hashoratlardan himoya qilishning biologik va ekologik jihatdan xavfsiz uygʻunlashgan kurash usullaridan foydalanish boʻyicha maslahat va tavsiyalar berish hamda xizmat koʻrsatish;
Organic va Global G.A.P. xalqaro standartlari talablariga muvofiq paxta xom ashyosini yetishtirish hamda tayyor mahsulot eksporti geografiyasini kengaytirish boʻyicha choralarni koʻrish;
paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini rivojlantirishning yaqin va uzoq muddatlarga moʻljallangan istiqbolli dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
sohada raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish, paxta xom ashyosini yetishtirishda qoʻl kuchini kamaytirish, agrotexnik tadbirlarni mexanizatsiyalashtirish darajasini oshirish, mahalliy va xorijiy davlatlarning oliy taʼlim va ilmiy muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida eʼlon qilingan grant loyihalari tanlovlarida ishtirok etish;
gʻoʻzaning yangi serhosil, erta pishar nav va duragaylarini sinash hamda tanlash, ularning urugʻchiligini keng yoʻlga qoʻyish boʻyicha ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
fermer xoʻjaliklari rahbarlari va agroklasterlarning mutaxassislari uchun ilmiy asoslangan zamonaviy agrotexnologiyalarni keng tatbiq etish boʻyicha koʻrgazmali seminar-treninglar tashkil etish.
11. Quyidagilar:
Innovatsiyalarni, ilm-fan yutuqlari va yangiliklarini joriy etish boʻyicha ilmiy markazlarni tashkil etadigan paxta-toʻqimachilik klasterlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
Innovatsiyalarni, ilm-fan yutuqlari va yangiliklarini joriy etish boʻyicha ilmiy markazlarning namunaviy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda, roʻyxatga kiritilmagan paxta-toʻqimachilik klasterlarida 2023-yilga qadar bosqichma-bosqich Ilmiy markazlar tashkil etiladi.
12. Ilmiy markazlar tashkil etadigan paxta-toʻqimachilik klasterlari “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ikki oy muddatda Ilmiy markazlarning vazifalari doirasida ishlarni amalga oshirish uchun zamonaviy jihozlangan oʻquv-laboratoriya xonalarini tashkil etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
13. Belgilansinki:
Ilmiy markazlarning bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, xodimlar mehnatiga haq toʻlash xarajatlarini moliyalashtirish, tarkibida Ilmiy markazlar tashkil qilingan paxta-toʻqimachilik klasterlarining oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
paxta-toʻqimachilik klasterlari huzurida tashkil etilgan Ilmiy markazlarga ilmiy muassasalar faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar tatbiq etiladi.
(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
14. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi:
paxta-toʻqimachilik klasterlariga bosqichma-bosqich Ilmiy markazlarni tashkil etishga koʻmaklashsinlar;
respublikadagi tegishli oliy taʼlim va ilmiy muassasalar bilan Ilmiy markazlar oʻrtasida hamkorlik oʻrnatilishini taʼminlasinlar.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi uch oy muddatda Ilmiy markazlar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan oliy taʼlim va ilmiy muassasalar tomonidan shakllantiriladigan mavzular doirasida 2021-yil uchun maqsadli tanlovlar eʼlon qilish hamda tanlov natijasi boʻyicha belgilangan tartibda ilmiy loyihalarni moliyalashtirish uchun mablagʻlar ajratish choralarini koʻrsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Uyushmaning buyurtmanomalariga koʻra, paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan jalb qilinayotgan chet ellik mutaxassislarga belgilangan tartibda kirish vizalari rasmiylashtirilishi (muddati uzaytirilishi)ga koʻmaklashsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Uyushmaning buyurtmanomalariga koʻra, paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan jalb qilinayotgan chet ellik mutaxassislarga koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi va berilishi (muddati uzaytirilishi)ni hamda vaqtinchalik yashash joyi boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyilishi va uning muddati belgilangan tartibda uzaytirilishini taʼminlasin.
18. Uyushma Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Shota Rustavelli koʻchasi, 8-uy manzilidagi “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyatining binosiga imtiyozli asosda (ajratilgan maydon uchun kommunal toʻlovlar va binoni saqlash xarajatlarini qoplash asosida) joylashtirilsin.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-yanvardagi 11-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.01.2023-y., 09/23/11/0018-son)
19. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Uyushmani belgilangan tartibda zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqa vositalari bilan hamda yuqori tezlikdagi jahon internet axborot tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.
20. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Uyushma va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda paxta-toʻqimachilik sanoati tarmogʻida amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda yoritib borish tavsiya qilinsin.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Uyushmani statistik maʼlumotlar majburiy tarqatiladigan reyestrga kiritsin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
23. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Oʻ.I. Barnoyev, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.U. Xaydarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi 733-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2021-y., 09/21/733/1131-son)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi 733-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2021-y., 09/21/733/1131-son)
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi 733-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2021-y., 09/21/733/1131-son)
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-iyundagi 397-son qaroriga 4-ILOVA
Innovatsiyalarni, ilm-fan yutuqlari va yangiliklarini joriy etish boʻyicha ilmiy markazlarni tashkil etadigan paxta-toʻqimachilik klasterlari
Paxta-toʻqimachilik klasteri joylashgan tuman nomi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
1.
“Boʼston cluster” MChJ
Ellikqalʼa
Andijon viloyati
1.
“Khantex group” MChJ
Qoʻrgʻontepa
2.
“Saxovat teks” MChJ
Shahrixon
Buxoro viloyati
1.
“Buxoro cotton textile cluster” MChJ
Romitan
2.
“Mergan teks” MChJ
Qorakoʻl
Jizzax viloyati
1.
“Jizzax Industrial To'qima” MChJ
Sh. Rashidov
Qashqadaryo viloyati
1.
“Koson baxt tekstil” MChJ
Koson
2.
“Oq saroy klaster” MChJ
Shahrisabz
Navoiy viloyati
1.
“Navbahor tekstil” MChJ
Navbahor
Namangan viloyati
1.
“Art soft holding” MChJ
Mingbuloq
2.
“Textile finance Namangan” MChJ
Uchqoʻrgʻon
Samarqand viloyati
1.
“Maroqand sifat” MChJ
Narpay
2.
“Maroqand sifat tekstil” MChJ
Ishtixon
Surxondaryo viloyati
1.
“Angor surxon gʼururi” MChJ
Angor
Sirdaryo viloyati
1.
“Poly tex Sirdarya” MChJ
Sayxunobod
Toshkent viloyati
1.
“Tashkent cotton textile cluster” MChJ
Quyi Chirchiq
2.
“ARK Chinoz” MChJ
Chinoz
Fargʻona viloyati
1.
“Real-Trans-Logistic” UK
Uchkoʻprik
2.
“Ekspo kollor prin teks” MChJ
Toshloq
Xorazm viloyati
1.
“Xorazm tex” MChJ
Xonqa
2.
“Textile finance Khorazm” MChJ QK
Shovot
21
Jami
*Izoh. Ilmiy markazlar tashkil etadigan paxta-toʻqimachilik klasterlari roʻyxatiga Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan kelishilgan holda qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-iyundagi 397-son qaroriga 5-ILOVA
Innovatsiyalarni, ilm-fan yutuqlari va yangiliklarini joriy etish boʻyicha ilmiy markazlarning namunaviy tuzilmasi
*Izoh. Ilmiy texnik kengash tarkibiga paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, mavjud muammolarni ilmiy asosda hal etish maqsadida ushbu qarorga 2-ilova bilan tasdiqlangan oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining yetakchi ilmiy-pedagog xodimlari hamda ishlab chiqarish sohasidagi tajribali mutaxassislar qoʻshimcha tarzda jalb etilishi mumkin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.06.2020-y., 09/20/397/0796-son, 31.10.2020-y., 09/20/666/1433-son; 05.05.2021-y., 09/21/274/0414-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2021-y., 09/21/733/1131-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 12.01.2023-y., 09/23/11/0018-son)