|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.01.1997
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT ShAHAR YO‘LOVChI TRANSPORTI KORXONALARI DAVLAT UYuShMASI (“TOShShAHARYO‘LOVChITRANSKORXONA”)NING USTAVINI TASDIQLASh TO‘FRISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-yanvardagi 56-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ba’zi qarorlarini o‘zgartirish va o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent shahar yo‘lovchi transporti korxonalari davlat uyushmasi (“Toshshaharyo‘lovchitranskorxona”)ning ilova qilinayotgan Ustavi tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 7-avgust,
368-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 7-avgustdagi 368-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent shahar yo‘lovchi transporti korxonalari davlat uyushmasi (“Toshshaharyo‘lovchitranskorxona”)ning
USTAVI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Toshkent shahar yo‘lovchi transporti korxonalari davlat uyushmasi (“Toshshaharyo‘lovchitranskorxona”), bundan keyin matnda uyushma deb ataladi, o‘z faoliyatini Toshkent shahar, shuningdek, o‘z tarkibiga kiruvchi Toshkent shahar yo‘lovchi tashish avtotransport ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent shahar tramvay-trolleybus ishlab chiqarish birlashmasi va Toshkent metropoliteni (bundan keyin matnda korxonalar deb ataladi) manfaatlari yo‘lida o‘z faoliyatini demokratik asosda amalga oshiruvchi ishlab chiqarish-xo‘jalik kompleksi hisoblanadi.
2. Uyushma tarkibiga shartnoma asosida, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, faoliyatlari uyushma maqsadlariga va vazifalariga zid kelmaydigan, o‘z kuchlari va vositalari bilan Toshkent shahrida yo‘lovchi transportini rivojlantirishga va takomillashtirishga yordam beruvchi boshqa vazirliklar va idoralarning korxonalari va tashkilotlari, kooperativlar, vositachilik firmalari kirishi mumkin.
3. Uyushma jamg‘armasiga badallarni o‘z vaqtida va to‘liq miqdorda to‘lovchi korxonalar uyushmaning hal qiluvchi ovozga ega bo‘lgan haqiqiy a’zolari hisoblanadilar.
Kirish badallarini to‘lagan, Toshkent shahar yo‘lovchi transportini rivojlantirishda o‘z mol-mulki bilan qatnashuvchi va unga bir martalik vositalar, bepul ajratilgan moddiy-texnika resurslari va asbob-uskunalari bilan yordam beruvchi korxonalar uyushmaning maslahat ovozi huquqiga ega bo‘lgan assotsiatsiyali a’zolari hisoblanadilar.
4. Uyushma huquqiy shaxs maqomiga ega bo‘lgan mustaqil xo‘jalik subyekti hisoblanadi, to‘la xo‘jalik hisobi qoidalari asosida ishlaydi, o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida korxonalar to‘g‘risida”gi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga, boshqa me’yoriy hujjatlarga, shuningdek mazkur Ustavga amal qiladi. Uyushma o‘z nomidan mulkiy huquqlarni sotib olishi va javob berishi, sudda va hakamlik sudida da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin. Uyushma belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tadi.
Uyushma o‘z majburiyatlari yuzasidan qonun bo‘yicha undirib olishi mumkin bo‘lgan, o‘ziga tegishli mol-mulki bilan javob beradi.
5. Uyushmalarning butun faoliyati va uning davlat organlari, hokimliklar, kollektiv korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, shuningdek fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari shartnoma asosida O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Uyushmaga kiruvchi korxonalarning faoliyati hamda uyushma boshqaruvi va ularning o‘zaro munosabatlari O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida korxonalar to‘g‘risida”gi Qonuni, mazkur Ustav, birgalikdagi faoliyat dasturlari, ularning huquqiy va xo‘jalik mustaqilligini to‘la saqlagan holda tuzilgan shartnomalar va bitimlar bilan tartibga solib boriladi. Uyushma qatnashchilari ta’sis shartnomasiga rioya qilishlari va uni bajarishlari, uyushma oldida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarish uchun javob berishlari, shuningdek moddiy javob berishlari, budjet va uyushma bilan hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirishlari shart.
6. Davlat yoki boshqa organlarning yohud ularning mansabdor shaxslarning uyushma huquqlarini buzuvchi ko‘rsatmalarini bajarish natijasida, shuningdek shunday organlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan uyushmaga nisbatan qonunlarda nazarda tutilgan majburiyatlarini yetarlicha bajarilmaslik oqibatida uyushmaga yetkazilgan zarar shu organlar tomonidan to‘lanadi.
7. Uyushma o‘z tarkibiga kirgan korxonalarning davlat mulkiga egalik qiladi, ulardan foydalanadi va ularni boshqaradi, belgilangan tartibda, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxonalar va tashkilotlarga shaharda yo‘lovchi tashishga ruxsatnoma beradi, O‘zbekiston Respublikasining davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarishni va xususiylashtirishni amalga oshiradi.
8. Uyushma o‘z tarkibiga kirgan korxonalar faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi, bunda ularning amaldagi qonunlarga muvofiq berilgan huquqlariga qat’iy rioya qiladi.
9. Uyushma o‘z tarkibiga kirgan korxonalarning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, korxonalar esa uyushma majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydilar.
10. Uyushma hisob-kitob, valyuta schyotlariga va boshqa schyotlarga ega bo‘ladi, alohida mulkka egalik qiladi, mustaqil va yig‘ma balanslarga, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi aks ettirilgan, o‘z nomi o‘zbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
11. Uyushmaga kiruvchi korxonalar uning tarkibidan tuzilgan shartnomalarga muvofiq va mazkur Ustav bilan belgilangan tartibda majburiyatlarini saqlagan holda chiqish huquqiga egadirlar.
12. Uyushma quyidagi manzilda joylashgan: Toshkent shahri, Shirokaya ko‘chasi, 6.
II. UYuShMANING VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI
13. Uyushma yo‘lovchilarni tashish sifatini va xizmat ko‘rsatish madaniyatini doimiy yaxshilay borib, barcha turdagi yo‘lovchilar tashishning aniq va uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar yo‘lovchi transporti ishiga rahbarlikni va uni muvofiqlashtirishni amalga oshiradi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi oldida o‘ziga Ustavda yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi.
14. Uyushma o‘z faoliyatida quyidagilarni ta’minlaydi:
shartnoma majburiyatlarining bajarilishini;
mehnat jamoalarida tashabbuskorlik va tadbirkorlikni namoyon qilish, korxonalarning xo‘jalik mustaqilligini rivojlantirish, xo‘jalik hisobi va o‘zini-o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash qoidalaridan har tomonlama foydalanish uchun sharoitlar yaratishni;
mulkchilikning turli shakllariga asoslanadigan ishlab chiqarish — xo‘jalik faoliyatining ilg‘or shakllarini rivojlantirishni;
sarmoyalar kelishiga yordam beruvchi tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishni;
asosiy ishlab chiqarish jamg‘armalaridan va aylanma mablag‘lardan samarali foydalanish, shuningdek, ishlab chiqarishni, mehnat va boshqaruvni, ish haqini tashkil etishning shakl va usullarini takomillashtirishni, xo‘jalik hisobining asosiy elementlaridan biri sifatida rag‘batlantirishning samarali tizimini;
Toshkent shahar hokimligi, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar bilan birgalikda barcha turdagi yo‘lovchi transportini yanada rivojlantirish hamda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, xizmatlar hajmlarini va turlarini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli choralarni ishlab chiqishni va amalga oshirishni;
yagona texnik siyosatni o‘tkazishni, korxonalarga yo‘lovchi transport korxonalarini qayta qurishni va texnik jihatdan qayta qurollantirishni amalga oshirishda yordam berishni, yo‘lovchilarni tashish va ularga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish borasida boshqa davlatlarning tajribasini o‘rganish va tatbiq etishni;
yo‘lovchi transportining yirik ustuvor muammolarini hal qilishni ta’minlaydigan ilg‘or, ilmiy asoslangan investitsiya siyosatini o‘tkazishni;
yo‘lovchi transporti xodimlarining mehnat va turmush sharoitini yaxshilash, moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini to‘laroq qondirish masalalarini batafsil hal qilishni;
mehnatning xavfsiz va sog‘lom sharoitlarini ta’minlashning sifat jihatidan yangi bosqichiga o‘tish va ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalarni eng oz darajaga keltirishni;
yo‘lovchi transportida yo‘l harakati xavfsizligining yuqori darajada bo‘lishini saqlab qolishni;
korxonalar uchun kadrlar malakasini oshirish, tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimini qo‘llanishni;
tabiat resurslarini tejamkorlik bilan sarflash, tabiatga omilkorlik bilan munosabatda bo‘lish, resurslarni tejash yuzasidan keng ish olib borish va ikkilamchi resurslardan samarali foydalanishni.
15. Uyushma o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga va o‘ziga berilgan huquqlarga muvofiq:
respublikaning iqtisodiyot organlari bilan bevosita hamkorlik qiladi, shahar yo‘lovchi tashish transportini rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbollarini, uni rivojlantirish va oqilona joylashtirish sxemalarini ishlab chiqadi, shuningdek, boshqa turdagi transportlar bilan ishlarini muvofiqlashtiradi;
xorijiy mamlakatlar bilan tashqi iqtisodiy munosabatlarning yangi ilg‘or shakllarini rivojlantiradi, boshqa mamlakatlarning korxonalari va tashkilotlari bilan korxonalarning bevosita ishlab chiqarish, ilmiy-texnikaviy aloqalarini o‘rnatishlariga faol yordam beradi, qo‘shma korxonalarni tuzadi va ularning faoliyatini ta’minlaydi, uyushma mutaxassislarini chet ellarga yuboradi;
korxonalar, firmalar, tashkilotlar tuzadi, ularni qayta tashkil etadi va tugatadi, ular to‘g‘risidagi ustavlarni tasdiqlaydi;
shahar yo‘lovchi transportida ilmiy-texnika va investitsiya siyosatini belgilaydi, fan-texnika taraqqiyoti yutuqlarini va ilg‘or tajribani umumlashtirish va joriy qilish jarayonlarini boshqarishni tashkiliy jihatdan ta’minlaydi;
Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda tezkor tartibda shaharning marshrut shoxobchalarini muvofiqlashtirish masalalarini ko‘rib chiqadi va hal qiladi, shartnomada hokimlik tomonidan belgilangan minimal transport ishlari darajasini bajaradi, yo‘lovchi transportidan foydalanish qoidalarini, qatnov uchun haq to‘lash tartibini, marshrut shoxobchalarini rivojlantirish istiqbollarini, avariya va alohida hollarda transport vositalaridan foydalanish tartibini belgilaydi;
tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, atrof muhitni muhofaza qilish, moddiy va mehnat resurslarini sarflashning ilg‘or normalarini va me’yorlarini qo‘llanish bo‘yicha ishlanmalarni tashkil etadi;
boshqa vazirliklar va idoralarga nisbatan uyushma qatnashchilarini jahon standartlariga muvofiq keluvchi zamonaviy texnika bilan ta’minlash masalasida ularning manfaatlarini ko‘zlovchi vakil sifatida ish ko‘radi;
tegishli davlat organlarida va boshqa organlarda korxonalarning manfaatlarini himoya qiladi;
uyushma tarkibiga kiruvchi korxonalarning rahbarlarini ishga yollash va bo‘shatish shartlari to‘g‘risida bitimlar tuzadi;
uyushma manfaatlari va uning ayrim a’zolari manfaatlari yo‘lida foydalanish uchun markazlashgan jamg‘armalarni, moliyaviy mablag‘lar zaxiralarini, shu jumladan, valyuta zaxiralarini barpo etadi;
aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatish va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi, mehnat jamoalarida ularni rivojlantirishga yordam beradi;
zarur nomenklatura bo‘yicha ishlab chiqaruvchilarning iste’molchilar bilan xo‘jalik aloqalarini tashkil etishda, shu jumladan. O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlarning hududida uyushma tarkibiga kiruvchi korxonalar uchun xomashyo va materiallar sotib olishda mustaqil ravishda hamda respublika ta’minotchi tashkilotlari ishtirokida ta’minot-sotish va vositachilik faoliyatini amalga oshiradi. Jamg‘arma egasi hisoblanadi hamda markazlashgan tartibda olinadigan jamg‘armalarni, moddiy-texnika resurslarini va pul mablag‘larini uyushma a’zolari o‘rtasida taqsimlaydi;
uyushma a’zolarining roziligiga ko‘ra ayrim funksiyalarni bajarishni va huquqlarni amalga oshirishni markazlashtiradi;
haqiqiy a’zolarning roziligiga ko‘ra bozor munosabatlari sharoitida shahar yo‘lovchi transporti ishini tartibga solib boruvchi me’yoriy hujjatlarni tayyorlaydi.
III. BOShQARUV VA NAZORAT ORGANLARI
16. Kengash va boshqaruv uyushmaning boshqaruv organlari hisoblanadilar.
17. Uyushma Kengashi uyushmani boshqarishning yuqori organi hisoblanadi, u shahar yo‘lovchi transporti ishining asosiy masalalarini ko‘rib chiqadi, strategik vazifalar va muammolar bo‘yicha yuqori davlat boshqaruv organlariga takliflar kiritadi shahar yo‘lovchi transportining samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqadi, uni rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbolini belgilaydi, markazlashgan jamg‘armalardan foydalanish yo‘nalishlari to‘g‘risida qaror qabul qiladi, ularni sarflash smetalarini tasdiqlaydi, ularning amalda bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitadi va ish natijalariga baho beradi.
Uyushma Kengashi uyushma faoliyatining barcha masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish huquqiga ega.
Uyushma Kengashi tarkibiga uyushmaga a’zo bo‘lgan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning rahbarlari, yuqori malakali mutaxassislari va xizmatchilari, ilg‘or ishchilari, Toshkent shahar hokimligining vakillari kiradilar.Uyushma Kengashi uyushma konferensiyasi tomonidan saylanadi.
Uyushma Kengashi majlislari odatda yiliga bir marta o‘tkaziladi. Boshqaruv yoki uyushma boshqaruvi raisi qaroriga ko‘ra shahar yo‘lovchi transportining faoliyatiga daxldor o‘ta muhim qarorlar qabul qilish zarurati bo‘lganda Kengash navbatdan tashqari chaqiriladi.
Uyushma Kengashi faoliyati kengashga boshchilik qiluvchi uyushma boshqaruv raisi tasdiqlaydigan uyushma Kengashi to‘g‘risidagi Nizom bilan boshqarib boriladi.
Uyushma Kengashi boshqaruvni saylaydi, tuzilmani, uning xodimlariga haq to‘lash va mehnatini rag‘batlantirish tizimini belgilaydi.
18. Boshqaruv tarkibiga uyushma qatnashchilari bo‘lgan korxonalarning birinchi rahbarlari, boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlari kiradilar. Boshqaruv tarkibiga, shuningdek Toshkent shahar hokimligining va assotsiatsiya qatnashchisi bo‘lgan korxonalarning boshqa rahbar xodimlari hal qiluvchi yoki maslahat ovozi huquqi bilan kirishlari mumkin.
Boshqaruv ishlab chiqarishning asosiy yo‘nalishlarini, strategiyasini va istiqbollarini ishlab chiqish, tarmoq va respublikalararo aloqalarda korxonalarning faoliyatini muvofiqlashtirish, shahar yo‘lovchi transportida fan-texnika va investitsiya siyosatini belgilash, fan-texnika yutuqlarini va ilg‘or tajribani umumlashtirish va joriy qilish jarayonlarini tashkiliy boshqarish, tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil qilish, bozor munosabatlari sharoitlarida korxonalarning faoliyatlarini boshqarib boruvchi huquqiy me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish funksiyalarini, shuningdek uyushma Ustavida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni bajarishni o‘z zimmasiga olishi mumkin.
Boshqaruv majlislari zaruratga qarab odatda oyiga bir marta o‘tkaziladi.
Boshqaruv faoliyati uyushma boshqaruvi raisi tasdiqlaydigan Nizom bo‘yicha tartibga solib boriladi.
Uyushma boshqaruvi raisi va uning o‘rinbosarlari uyushma Kengashi va Toshkent shahar hokimligining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.
Uyushma boshqaruvi raisi va uning o‘rinbosarlari maqomiga, maishiy ta’minot, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi vaziriga, vazirning birinchi o‘rinbosariga va o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
19. Uyushma boshqaruvi raisi uyushma zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, uyushma tarkibiga kiruvchi korxonalar faoliyati uchun o‘z o‘rinbosarlarining javobgarlik darajasini belgilaydi.
Boshqaruv raisi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari asosida va ularni bajarish uchun o‘z vakolatlari doirasida:
shahar yo‘lovchi transporti vazifalarini bajarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha davlat organlarida va boshqa organlarda, xalqaro tashkilotlarda, komissiyalar va ittifoqlarda uyushma nomidan vakillik qiladi;
uyushma Kengashi va boshqaruvi qarorlarining bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi;
o‘z o‘rinbosarlaridan tashqari ijroiya direksiya xodimlarini mustaqil holda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
ijroiya direksiya hokimlarini mukofotlash va mansab maoshlariga ustamalar belgilash to‘g‘risida mustaqil qarorlar qabul qiladi, ijroiya direksiya xodimlarini ishga yollash va bo‘shatish to‘g‘risida bitimlar tuzadi, ularni rag‘batlantiradi va ularga jazo beradi;
uyushma qatnashchilari bo‘lgan korxonalar uchun bajarish majburiy bo‘lgan buyruqlar, yo‘riqnomalar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi, ularning bajarilishini tekshiradi.
Uyushma boshqaruvi rangi zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasining boshqa vazirliklari va idoralari rahbarlari bilan birgalikda qo‘shma buyruqlar va yo‘riqnomalar chiqaradi.
20. Joriy ishlarni bajarish uchun boshqaruv huzurida eng ko‘p soni 40 kishidan iborat bo‘lgan ijroiya direksiyasi tuziladi.
Ijroiya direksiyasi faoliyati boshqaruv raisi tasdiqlaydigan Nizom bilan boshqarib boriladi.
21. Uyushmaning moliyaviy va xo‘jalik faoliyatini nazorat qilish uyushma tarkibiga kiruvchi korxonalarning yuqori malakali mutaxassislaridan iborat bo‘lgan uyushma Kengashi tomonidan 5 yil muddatga saylanadigan ijroiya direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Uyushma faoliyati taftish komissiyasi tomonidan yiliga kamida bir marta taftish qilinadi.
IV. UYuShMANING MOL-MULKI VA MABLAG‘LARI
22. Uyushmaning mol-mulki uning ustav jamg‘armasini tashkil qiluvchi asosiy va aylanma mablag‘lardan iborat bo‘ladi. Uyushma qatnashchilari bilan ahdlashuvga ko‘ra ijroiya direksiyasi mol-mulk ulushiga ega bo‘lishi mumkin.
23. Uyushma tarkibiga kiruvchi qatnashchilarning har biri o‘zining mustaqil balansida aks etgan mol-mulkka egalik qiladi. Davlat mulki hisoblanuvchi mol-mulkdan uyushma qatnashchisi tomonidan to‘la xo‘jalik yuritish huquqida foydalaniladi.
24. Uyushma oldida turgan umumiy vazifalarni hal qilish uchun uyushma mablag‘lari, shu jumladan, valyuta mablag‘lari shakllantiriladi, ular quyidagilardan iboratdir:
ijroiya direksiyasining asosiy jamg‘armalaridan va ulush badallaridan vujudga keladigan ustav jamg‘armasi;
boshqa, shu jumladan, xorijiy korxonalar, tashkilotlar va birlashmalarning mablag‘larini subsidiyalar va kreditlar tarzida jalb qilish;
qo‘shimcha pulli xizmatlar va ishlarni bajarganlik, shuningdek o‘z tijorat faoliyati uchun oladigan daromadlar (hisoblangan soliqlar va budjetga boshqa to‘lovlarni to‘lagandan keyin);
dotatsiyalar va budjetdan maqsadli ajratilgan mablag‘lar;
turli badallar va xayriyalar va hokazo.
25. Uyushma ro‘yxatga olingandan keyin bir oy mobaynida muassislar ulush badalining to‘la miqdorini to‘laydilar, uning miqdori uyushmaning har bir a’zosida ishlovchi xodimlar soniga bog‘liq bo‘ladi. Ishlovchilar soni 5 ming kishigacha bo‘lsa — 1 ulush, 5 dan 10 ming kishigacha bo‘lsa — 2 ulush, 10 ming kishidan ko‘p bo‘lsa — 4 ulush.
26. Uyushmaning buxgalteriya va statistika hisobi O‘zbekiston Respublikasi hududida amalda bo‘lgan qoidalarga muvofiq olib boriladi. Uyushma qatnashchilari ijroiya direksiyasiga oldinda turgan vazifalarni hal qilish uchun zarur ma’lumotlarni taqdim qilishga, shuningdek davlat statistika organlari tomonidan nazarda tutilgan tegishli hisobotni taqdim qilishga majburdirlar.
27. Uyushma tijorat siri bo‘lgan ma’lumotlarni bermaslik huquqiga ega. Tijorat sirini tashkil qiluvchi ma’lumotlar ro‘yxati uyushma Kengashi tomonidan belgilanadi.
V. KIRISh VA ChIQISh TARTIBI
28. Uyushma tarkibiga kirish uchun ariza boshqaruv tomonidan uch oy muddat ichida ko‘rib chiqiladi.
29. Uyushma tarkibidan chiqish to‘g‘risidagi masala ham boshqaruv tomonidan uch oy muddat ichida ko‘rib chiqiladi, keyinchalik qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Ulushlar, badallar, pay, hissa va qaytariladigan boshqa mol-mulk miqdori uyushma Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
VI. UYuShMANI TUGATISh
30. Uyushma 3/4 qismdan ko‘p ovoz bilan qabul qilinadigan uyushma haqiqiy a’zolarining rasmiy iltimosnomasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan boshqa hollarda tugatiladi.
Ijroiya direksiyasining mol-mulkini sotish natijasida olingan pul mablag‘lari, kreditorlarning talablari qondirilgandan keyin, uning xodimlari o‘rtasida ular kiritgan ulushlarga mutanosib ravishda va ijroiya direksiyasi to‘g‘risidagi Nizomda nazarda tutilgan boshqa shartlarga ko‘ra taqsimlanadi.