Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 14.02.1994
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh VA XUSUSIYLAShTIRISh QO‘MITASI TO‘G‘RISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mulkini boshqapish va tadbipkoplikni qo‘llab-quvvatlash Davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘pisida”gi 14-fevraldagi 1994-yil 72-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qo‘mitasi to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 3-avgust,
362-son
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 3-avgustdagi 362-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qo‘mitasi* O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 10-fevraldagi Farmoni bilan bozor munosabatlarini shakllantirish chora-tadbirlarini amalda ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlik va raqobatni rag‘batlantirish, unumli mehnatni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, respublika hududida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning yagona siyosatini amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
* Keyingi o‘rinlarda — Davlat mulki qo‘mitasi.
Davlat mulki qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga hisob berib turadi.
2. Quyidagilar Davlat mulki qo‘mitasining bosh vazifalari hisoblanadi:
respublikadagi, shuningdek uning tashqarisidagi davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni amalga oshirishda xalqning mulkiy huquqlari va ijtimoiy adolat prinsiplarini, O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy mustaqilligi va milliy xavfsizligini himoya qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasining davlat mulkini respublika mulkiga va ma’muriy-hududiy tuzilmalarning mulkiga (kommunal mulkka) ajratishni amalga oshirish;
davlat tassarrufidan chiqarilmaydigan va xususiylashtirilmaydigan korxonalar hamda mol-mulk turlari va guruhlarini aniqlash bo‘yicha takliflar tayyorlash;
davlatning respublika va kommunal mulkini* davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturini ishlab chiqish, ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tasdiqlagandan keyin ro‘yobga chiqarish;
* Keyingi o‘rinlarda — davlat mulki yoki davlat mol-mulki.
respublikaning davlat mulki bo‘lgan korxonalarini jamoa, ijara, aksionerlik, xususiy korxonalarga va mulkchilikning o‘zga shakllariga asoslangan boshqa korxonalarga aylantirish tartibi va tizimini aniqlash;
xorijiy davlatlar yuridik va xususiy shaxslarining davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etishi tartibini va kvotalar miqdorini asoslash;
tasdiqlangan dasturlarga muvofiq davlat mulkining aniq obyektlarini, eng avvalo, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlovchi korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
davlat mulkini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan obyektlar qiymatini baholash ishlarini tashkil etish;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish bo‘yicha tanlovlar, kimoshdi savdolari o‘tkazish tartibini, ularda xaridorlarning qatnashishi shartlarini ishlab chiqish;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning maxsus jamg‘armalarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi bo‘yicha takliflarni asoslash;
respublika va kommunal mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayoniga, Davlat mulki qo‘mitasining joylardagi hududiy bo‘linmalari faoliyatiga tashkiliy va metodik rahbarlik qilish.
3. Qo‘mita o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qarorlari va boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Davlat mulki qo‘mitasi o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning davlat dasturini ishlab chiqadi va uni ro‘yobga chiqarishni amalga oshiradi;
davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi kerak bo‘lgan davlat korxonalari va tashkilotlari mulkining egasi vakolatini amalga oshiradi, respublika hududida va uning tashqarisida davlat mulkidan foydalanish va uni boshqarish huquqini davlat idoralari va xo‘jalik subyektlariga beradi;
O‘zbekiston Respublikasining davlat mulki bo‘lgan mol-mulkdan uning hududida va chet elda samarali foydalanilishi va saqlanishini nazorat qilishni ta’minlaydi;
mol-mulkni baholashni o‘tkazish tartibi va metodikasiga muvofiq haq to‘lab sotib olinishi yoki sotilishi kerak bo‘lgan davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va qiymatini baholash bo‘yicha komissiyalar tashkil etadi va ularning ishiga rahbarlikni amalga oshiradi;
davlat mulki obyektlarini xususiylashtirishda sotuvchi funksiyasini bajaradi;
davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan mehnat jamoalarining, O‘zbekiston Respublikasining davlatga taalluqli bo‘lmagan yuridik shaxslari va fuqarolarining, shuningdek xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarning davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida qatnashish haqidagi talabnomalarini ro‘yxatga oladi ular bo‘yicha qaror qabul qiladi;
davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish bo‘yicha tanlovlar va kimoshdi savdolari tashkil etadi, ularda xaridorlarning qatnashishi shartlarini, hisob-kitoblar, mulkiy huquqni rasmiylashtirish tartibini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
ular davlat korxonalari negizida tashkil etilganda aksionerlik jamiyatlari, boshqa xo‘jalik jamiyatlari yoki shirkatlar tashkil etadi, davlat mulkini ijaraga beruvchi (shu jumladan, haq to‘lab sotib olish huquqi bilan) rolini bajaradi;
(4-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 10-noyabrdagi 518-son qarori tahririda)
davlat mulki obyektini sotish narxini, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish chog‘ida mehnat jamoasi a’zolariga beriladigan imtiyozlarni belgilaydi;
tasdiqlangan dasturlar asosida obyektlar ro‘yxatini va ularning guruhlarini, davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda ustunliklarni, cheklashlarni belgilaydi;
davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish bo‘yicha tadbirlar rejasini tasdiqlaydi;
davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi kerak bo‘lgan davlat mulki obyektlarini sotib oluvchi xorijiy davlatlar va MDH mamlakatlarining jismoniy va yuridik shaxslari uchun kvotalar miqdorini va ularning aksiyalarini hamda ularning ishtirok etishi tartibini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning o‘n to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 10-noyabrdagi 518-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining muxtor vakili, davlatlararo aksionerlik jamiyatlarining muassisi sifatida ish ko‘radi;
(4-bandning o‘n beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 10-noyabrdagi 518-son qarori tahririda)
davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish davomida o‘z hududiy idoralari faoliyati ustidan tashkiliy, metodik rahbarlikni va nazoratni amalga oshiradi;
Davlat mulki qo‘mitasi huquq doirasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha respublika vazirliklari, davlat qo‘mitalari, idoralari, konsernlari va davlat-aksionerlik uyushmalari bilan, shuningdek xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning hokimliklari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
ko‘chmas mol-mulk bilan a’mollarni amalga oshirish bo‘yicha birja faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyalar beradi;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini boshqarib boruvchi qonunlar, qonunchilik va me’yoriy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda belgilangan tartibda ishtirok etadi, xo‘jalik faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar loyihalari bo‘yicha xulosalar beradi;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida paydo bo‘luvchi yangi bozor tuzilmalari rivojlanishiga ko‘maklashadi;
xususiylashtirish jarayonlarining ilg‘or jahon tajribasini qo‘llash maqsadida o‘rganadi.
5. Davlat mulki qo‘mitasiga quyidagi huquqlar beriladi:
o‘z vakolatlari doirasida davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini tartibga soluvchi me’yoriy va metodik hujjatlarni tasdiqlash;
Vazirlar Mahkamasi va huquqni muhofaza qilish idoralariga davlat organlari tomonidan amaldagi qonunchilikni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan tasdiqlangan davlat tasarrufidan chiqarishga xususiylashtirish dasturlarini buzgan holda davlat mulkiga egalik qilish huquqini o‘zgartirishni bekor qilish, shuningdek aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi taqdimnomalarni belgilangan tartibda kiritish;
davlat korxonasini jamoat korxonasiga aylantirishda mehnat jamoasi balansida bo‘lgan ijtimoiy infrastruktura va atrof muhitni muhofaza qilish obyektlarini mehnat jamoasiga tekin berish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
davlat mulki korxonalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda mehnat jamoalariga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan imtiyozlarni berish;
davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan obyekt faoliyati shartlari va o‘zaro majburiyatlar to‘g‘risida muayyan davrga tuzilgan bitimni imzolash;
investitsiya jamg‘armalari, xo‘jalik hisobidagi maslahat-tadqiqot va ekspert xizmati, xoldinglar, fond birjalari va ko‘chmas mulk birjalari tashkil etish va ularni tugatish, mulkiy va boshqa jamg‘armalar, boshqa bozor tuzilmalarini tashkil etishda qatnashish;
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 10-noyabrdagi 518-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushuvchi mablag‘larning 5 foizi — Davlat mulki qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalarining mulk egasi vakilining davlat mulki bilan tasarruf etish, boshqaruv va tijorat a’mollarini bajarish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlarini qoplash uchun foydalanish;
(5-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 10-noyabrdagi 518-son qarori tahririda)
vazirliklar, davlat, qo‘mitalari, idoralar, hokimliklar, konsernlar, uyushmalardan, shuningdek bevosita birlashmalar, korxonalar va tashkilotlardan o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan ma’lumotnoma, statistik va axborot materiallarini olish;
O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralaridan, ilmiy-tadqiqot, auditorlik, maslahat tashkilotlari (shu jumladan, xorijiy tashkilotlardan shartnoma asosida) va boshqa tashkilotlardan ekspertlar va mutaxassislarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish bilan bog‘liq me’yoriy-metodik hujjatlarni ishlab chiqish va ekspertiza o‘tkazish uchun belgilangan tartibda jalb etish;
yangi mulkdorga mulkiy huquqni tasdiqlovchi order berish;
noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
mutaxassislarni belgilangan tartibda chet elga xizmat safariga yuborish hamda Davlat mulki qo‘mitasi faoliyati bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun xorijiy mutaxassislarni qabul qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 10-noyabrdagi 518-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan)
7. Davlat mulki qo‘mitasi belgilangan tartibda o‘z tarkibiy bo‘linmalarini — xususiylashtirish va davlat mulkini boshqarish bo‘yicha hududiy boshqarmalarni tashkil etadi va ularning faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi. Hududiy boshqarmalar Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida tashkil etiladi, bevosita Davlat mulki qo‘mitasiga bo‘ysunadi hamda amaliy faoliyatlarida xalq deputatlari tegishli mahalliy Kengashlari va ularning hokimliklari bilan mustahkam o‘zaro aloqada bo‘ladi, yuridik shaxslar hisoblanadi, bankda o‘zining hisob-kitob schyotiga va muhrga ega bo‘ladi.
Hududiy boshqarmalarning rahbarlari Davlat mulki qo‘mitasi raisi tomonidan tayinlanadi. Hududiy boshqarmalar to‘g‘risidagi Nizom Davlat mulki qo‘mitasi hay’atining qarori bilan tasdiqlanadi.
8. Davlat mulki qo‘mitasi o‘ziga qarashli tashkilotlarni — qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va davlat mulkini boshqarish bo‘yicha xo‘jalik hisobidagi markazni hamda davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi kerak bo‘lgan korxonalarning kataloglarini, me’yoriy-ma’lumotnoma materiallarni nashr etish bo‘yicha xo‘jalik hisobidagi byuroni, fond birjasini tashkil etadi va ularning faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi.
9. Davlat mulki qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari, shu jumladan, respublika davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarini bajarish bo‘yicha qarorlari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar, mahalliy boshqaruv organlari va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
10. Davlat mulki qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan rais boshchilik qiladi.
Davlat mulki qo‘mitasi raisi qo‘mitaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi va uning o‘z funksiyalarini amalga oshirishi uchun shaxsan javob beradi, Davlat mulki qo‘mitasi markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalari tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining faoliyatni alohida yo‘nalishlariga rahbarlik qilishlari uchun shaxsan javobgarliklari darajasini belgilaydi.
Davlat mulki qo‘mitasi raisining Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ikki nafar o‘rinbosari, shu jumladan, bitta birinchi o‘rinbosari bo‘ladi. O‘rinbosarlar o‘rtasida vazifalarni taqsimlash qo‘mita raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat mulki qo‘mitasi bo‘limlarining boshliqlari Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
11. Davlat mulki qo‘mitasida Qo‘mita raisi (hay’at raisi), lavozimi bo‘yicha rais o‘rinbosarlari, shuningdek boshqa rahbar xodimlardan iborat tarkibda 9 kishidan iborat hay’at tashkil etiladi. Davlat mulki qo‘mitasi hay’ati a’zolarining shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Davlat mulki qo‘mitasi huzurida maslahat berish funksiyalari berilgan muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etiladi. Unga lavozimi bo‘yicha Davlat mulki qo‘mitasi raisining o‘rinbosarlari, Qo‘mita hududiy boshqarmalarining rahbarlari, shuningdek olimlar, vazirliklar va idoralar, mahalliy boshqaruv organlarining mutaxassislari, jamoat tashkilotlari vakillari kiradi. Kengashning shaxsiy tarkibi qo‘mita tomonidan tasdiqlanadi. Kengashga qo‘mita raisi boshchilik qiladi.
13. Davlat mulki qo‘mitasi markaziy apparatining tuzilmasi va xodimlari soni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat mulki qo‘mitasining raisi Qo‘mitaning tasdiqlangan tuzilmasiga belgilangan xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartishlar kiritish huquqiga ega bo‘ladi.
Davlat mulki qo‘mitasi markaziy apparati bo‘limlari, uning hududiy boshqarmalari, unga qarashli tashkilotlar va investitsion jamg‘armalar to‘g‘risidagi Nizom Qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlanadi.
14. Davlat mulki qo‘mitasi organlarining xodimlari xizmat burchlarini bajarish chog‘ida hokimiyat organlari vakillari maqomiga tenglashtiriladilar hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan teng holda qonun bilan muhofaza qilinadilar.
Davlat mulki qo‘mitasi xodimi xizmat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda halok bo‘lgan taqdirda halok bo‘lganning oilasiga respublika budjeti mablag‘lari hisobidan ellik oylik ish haqi miqdorida bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi, keyinchalik bu mablag‘ aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Davlat mulki qo‘mitasi xodimlariga professional faoliyat bilan shug‘ullanishni istisno qiluvchi og‘ir tan jarohati yetkazilgan taqdirda ularga respublika budjeti mablag‘lari hisobidan yigirma besh oylik ish haqi miqdorida bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi, keyinchalik bu mablag‘ aybdor shaxslardan undirib olinadi. Shuningdek, har oyda ularning lavozim maoshlari bilan pensiyalar o‘rtasidagi farq miqdorida mablag‘ to‘lanadi.
Davlat mulki qo‘mitasi xodimlariga uncha og‘ir bo‘lmagan tan jarohati yetkazilganda ularga respublika budjeti mablag‘lari hisobidan besh oylik ish haqi miqdorida bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi, keyinchalik bu mablag‘ aybdor shaxslardan undirib olinadi.
15. Davlat mulki qo‘mitasi raisi, uning o‘rinbosarlari, Davlat mulki qo‘mitasining hududiy boshqarmalari rahbarlari xalq deputatlari, siyosiy partiyalar va harakatlarning saylab qo‘yiladigan organlari a’zolari bo‘lishlari mumkin emas. Davlat mulki qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari xodimlari vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar, mahalliy boshqaruv organlari va fuqarolar bilan tijorat va mehnat munosabatlariga kirishishlari, xizmat burchlarini bajarishdan shaxsiy foyda olishlari mumkin bo‘lgan boshqa xatti-harakatlarni sodir etishlari mumkin emas. Ular bevosita yoki boshqa shaxslar orqali Davlat mulki qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan sotishga tayyorlanadigan korxonalar va qimmatbaho qog‘ozlarni sotib olish huquqiga ega emaslar.
Mazkur cheklashlar qayd qilib o‘tilgan mansabdor shaxslarning butun ishlashlari muddatida va ular egallab turgan lavozimlaridan bo‘shaganlaridan keyin ikki yil davomida amal qiladi.
16. Davlat mulki qo‘mitasi yuridik shaxs hisoblanadi, bankda o‘z hisob-kitob schyotiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi o‘zbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1992-yil, 8-son, 23-modda)