O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xo‘jaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 9-dekabrdagi PF-5890-son Farmoni va “Yo‘l sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 9-dekabrdagi PQ-4545-son qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armalari to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri bir hafta muddatda Moliya vazirligi markaziy apparati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan soni doirasida:
Moliya vazirligi markaziy apparatida 10 ta shtat birligidan iborat O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika jamg‘armasi) mablag‘larini boshqarish boshqarmasini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari tuzilmasida 2 ta shtat birligidan iborat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish hududiy maqsadli jamg‘armalar (keyingi o‘rinlarda — Hududiy jamg‘armalar) mablag‘larini boshqarish sektorlarini tashkil etsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Ko‘prikqurilish” tresti” UK tarkibidagi “Avtomobil yo‘llari ko‘priklarini, yo‘l o‘tkazgichlar va boshqa sun’iy inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” UK va “Toshkent shahar mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK ning qurish-ta’mirlash ishlari boshlangan va yakuniga yetmagan obyektlar bo‘yicha buyurtmachi funksiyasi 2020-yil yakuniga qadar saqlab qolinadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi ikki oy muddatda:
Hududiy jamag‘armalarga avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi iste’molchilarga realizatsiya qilishda yoqilg‘i birligi uchun 25 so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirishga maxsus yig‘imlardan tushadigan mablag‘lar hisobini yuritish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda transport vositasi dvigatelining quvvatidan kelib chiqib, avtotransport vositasiga egalik qilish uchun yillik yig‘imdan tushadigan mablag‘lar hisobini yuritish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiyot va sanoat vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 5-mart,
123-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 5-martdagi 123-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armalari to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Moliya vazirligi) huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika jamg‘armasi) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish hududiy maqsadli jamg‘armalari (keyingi o‘rinlarda — Hududiy jamg‘armalar) mablag‘larini boshqarish, ularning mablag‘larini shakllantirish va foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar tegishli ravishda:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash, korxonalarni modernizatsiya qilish, saqlash, qishqi qarov, ko‘kalamzorlashtirish ishlari hamda joriy ta’mirlash va saqlash ishlari uchun texnologik asbob-uskunalar, texnika va mashina-mexanizmlar xarid qilish (keyingi o‘rinlarda — jihozlash) ishlarini moliyalashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalarini, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini (keyingi o‘rinlarda — mintaqaviy yo‘llar) loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larni to‘plash, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etiladi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmaydi.
4. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar mablag‘lari Moliya vazirligining axborot tizimida respublika va hududiy darajada ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida jamlanadi.
2-bob. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish
5. Respublika jamg‘armasi mablag‘lari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda jihozlash bo‘yicha ishlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi) va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalari, “O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish” unitar korxonasi markaziy apparatini, “Avtoyo‘linvest” agentligini, “Respublika dispetcherlik markazi” unitar korxonasi, “Axborot kommunikatsiya texnologiyalari markazi” unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda — bosh boshqarmalar) saqlash bilan bog‘liq xarajatlarini moliyalashtirish uchun respublika budjetidan har yili ajratiladigan maqsadli mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — O‘TTJ) mablag‘lari hisobiga 30 yil davomida uzish sharti va 5 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladigan foizsiz kreditlar shaklida 2020-yilda 50 mln AQSh dollari va 2021 — 2024-yillarda har yili 100 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida joriy ta’mirlash, saqlash, qishqi qarov, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti hamda viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlaridan har yili ajratiladigan maqsadli mablag‘lar;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetidan har yili ajratiladigan maqsadli mablag‘lar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Hududiy jamg‘armalar mablag‘lari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
mintaqaviy yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish uchun mahalliy budjetlardan har yili ajratiladigan maqsadli mablag‘lar;
mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirish uchun mahalliy vakillik hokimiyati organlari tomonidan joriy etiladigan yig‘imlar;
avtomobil yo‘llari va ko‘chalari bo‘ylab avtomobil saqlash joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun yig‘imning bazaviy stavkasiga qo‘shimcha koeffitsiyentlarni qo‘llashdan tushadigan mablag‘lar;
Respublika jamg‘armasidan transfertlar;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining ajratilgan mintaqalarida joylashgan yer uchastkalarida va inshootlarida tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) qurish uchun elektron auksionlar yakunlari bo‘yicha huquqni taqdim etishdan tushadigan mablag‘lar, shuningdek, tashqi reklamaning o‘rnatilgan obyektlari (konstruksiyalari) uchun oylik to‘lovlarning 60 foizi miqdoridagi mablag‘lar;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining yo‘l bo‘yi mintaqasida joylashgan yer uchastkalarida ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish, savdo, servis obyektlari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatining boshqa obyektlarini joylashtirish va qurish uchun ushbu yer uchastkalaridan foydalanish huquqini realizatsiya qilishdan tushadigan mablag‘larning 60 foizi miqdoridagi mablag‘lar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(6-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Belgilansinki, avtomobilga egalik uchun yillik yig‘im tuman (shahar)larning tegishli budjetlariga yo‘naltiriladi hamda ushbu tuman (shahar)larning mintaqaviy yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun maqsadli sarflanadi.
Umumiy foydalanishdagi yo‘llarda joriy ta’mirlash, saqlash, qishki qarov, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti hamda viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlarida nazarda tutilgan mablag‘larni boshqa maqsadlar uchun qayta taqsimlash taqiqlanadi.
7. O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining tasdiqlangan parametrlarida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash, korxonalarni modernizatsiya qilish, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish ishlarini, jihozlash hamda boshqa xarajatlarni moliyalashtirish uchun rejalashtirilgan mablag‘lar Respublika jamg‘armasiga Moliya vazirligi tomonidan kelgusi oy uchun joriy oyning uchinchi o‘n kunligida o‘tkazib beriladi.
8. Respublika jamg‘armasidan Hududiy jamg‘armalarga ajratilishi rejalashtirilgan transfertlar Hududiy jamg‘armalarga Respublika jamg‘armasi tomonidan kelgusi oy uchun joriy oyning uchinchi o‘n kunligida o‘tkazib beriladi.
Transfertlar Respublika jamg‘armasidan Hududiy jamg‘armalarga quyidagi xarajatlarni moliyalashtirish uchun ajratiladi:
mintaqaviy yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlariga;
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida mintaqaviy yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlariga;
erkin iqtisodiy zonalari va kichik sanoat zonalariga olib boruvchi mintaqaviy yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlariga;
yangi qurilayotgan namunaviy uy-joy massivlariga olib boruvchi va ichki yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq xarajatlarga.
9. Ushbu Nizomning 5-bandi uchinchi xatboshisida ko‘zda tutilgan mablag‘lar O‘TTJ tomonidan Moliya vazirligi va O‘TTJ o‘rtasida tuziladigan foizsiz qarz shartnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Yagona g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Ushbu mablag‘lar belgilangan tartibda Moliya vazirligi tomonidan Respublika jamg‘armasining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Moliya vazirligi har yili kelgusi yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti (kelgusi o‘rinlarda — Davlat budjeti) parametrlarini shakllantirishda O‘TTJ tomonidan ajratiladigan foizsiz kreditlarni qoplash uchun tegishli mablag‘ ajratilishini nazarda tutadi.
O‘TTJ tomonidan ajratiladigan foizsiz kreditlarning Respublika jamg‘armasiga maqsadli yo‘naltirilishi yuzasidan nazorat O‘TTJ tomonidan amalga oshiriladi.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, shuningdek, tumanlar va shaharlar budjetlarining (keyingi o‘rinlarda — mahalliy budjetlar) tasdiqlangan parametrlarida rejalashtirilgan mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda — moliya bosh boshqarmalari) hamda tuman (shahar) moliya bo‘limlari tomonidan, xususan:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash va saqlash, qishki qarov, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini moliyalashtirish uchun rejalashtirilgan mablag‘lar Respublika jamg‘armasiga;
mintaqaviy yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish uchun rejalashtirilgan mablag‘lar Hududiy jamg‘armalarga kelgusi oy uchun joriy oyning uchinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining tasdiqlangan parametrlarida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga rejalashtirilgan mablag‘lar Respublika jamg‘armasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kelgusi oy uchun joriy oyning uchinchi o‘n kunligida o‘tkazib beriladi.
3-bob. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari
12. Respublika jamg‘armasi mablag‘lari:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, jihozlash, korxonalarni modernizatsiya qilish hamda saqlash, qishki qarov, ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan bog‘liq xarajatlarga;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish ishlari bilan bog‘liq xarajatlarga;
Hududiy jamg‘armalarga transfertlarga;
xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi “Loyihalarni amalga oshirish guruh”larini zarur hollarda saqlash xarajatlari, yagona ijtimoiy to‘lovlar va retroaktiv (qisqa muddatda qaytarish sharti bilan) moliyalashtirish xarajatlariga;
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va bosh boshqarmalarni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarga;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga muvofiq, istisno hollarda, avtomobil yo‘llari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa xarajatlarga;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini davlat kadastri geoaxborot tizimini yaratish va geoaxborot tizimi mobil ilovasini qo‘llagan holda avtomobil yo‘llari obyektlari joylashuvini aniqlash xarajatlariga;
erni masofadan turib zondlash asosida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining elektron kartografiya asosini yaratish xarajatlariga;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini respublika avtomobil yo‘llarining yagona elektron ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda avtomobil yo‘llari obyektlarini hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish maqsadida avtomobil yo‘llari davlat kadastrining veb geoaxborot tizimini shakllantirish xarajatlariga;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini davlat kadastrining veb geoaxborot tizimini Davlat kadastrlari yagona tizimiga integratsiya qilish xarajatlariga;
avtomobil yo‘llari sohasida normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, standartlar va me’yorlarni ishlab chiqishga;
qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa xarajatlarga sarflanadi.
13. Hududiy jamg‘armalar mablag‘lari:
mintaqaviy yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq xarajatlarga;
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida mintaqaviy yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq xarajatlarga;
erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalariga olib boruvchi mintaqaviy yo‘llar va ichki yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini moliyalashtirishga;
yangi qurilayotgan namunaviy uy-joy massivlariga olib boruvchi va ichki yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini moliyalashtirishga;
mintaqaviy yo‘llarning davlat kadastri geoaxborot tizimini yaratish va geoaxborot tizimi mobil ilovasini qo‘llagan holda avtomobil yo‘llari obyektlari joylashuvini aniqlash xarajatlariga;
erni masofadan turib zondlash asosida mintaqaviy avtomobil yo‘llarining elektron kartografiya asosini yaratish xarajatlariga;
mintaqaviy yo‘llarni respublika avtomobil yo‘llarining yagona elektron ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda avtomobil yo‘llari obyektlarini hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish maqsadida avtomobil yo‘llari davlat kadastrining veb geoaxborot tizimini shakllantirish xarajatlariga;
mintaqaviy yo‘llarni avtomobil yo‘llari davlat kadastrining veb geoaxborot tizimini Davlat kadastrlari yagona tizimiga integratsiya qilish xarajatlariga;
qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa xarajatlarga sarflanadi.
4-bob. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar mablag‘larini boshqarish
14. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar mablag‘larini boshqarish mos ravishda Moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda — Boshqarma) va Moliya bosh boshqarmalari huzuridagi avtomobil yo‘llarini rivojlantirish hududiy jamg‘armalari mablag‘larini boshqarish sektorlari (keyingi o‘rinlarda — Sektorlar) tomonidan amalga oshiriladi.
15. Boshqarmaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar daromadlari va xarajatlari prognozini hamda ularning bajarilishi to‘g‘risida choraklik va yillik hisobotni tayyorlash;
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan kiritilgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash obyektlari, korxonalarni modernizatsiya qilish, shuningdek, jihozlash bo‘yicha manzilli dasturlarini ko‘rib chiqish va belgilangan tartibda kelishilishini ta’minlash;
Hududiy jamg‘armalarga transfert sifatida o‘tkazib beriladigan mintaqaviy yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha xarajatlarni hududlar va yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlash;
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash hamda saqlash, qishki qarov, ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar bo‘yicha kiritilgan prognoz parametrlarini ko‘rib chiqish va belgilangan tartibda kelishilishini ta’minlash;
Respublika jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha ushbu Nizomning 29-bandida ko‘rsatilgan buyurtmachilar tomonidan kiritilgan manzilli ro‘yxatlarni ko‘rib chiqish va belgilangan tartibda kelishilishini ta’minlash;
Respublika jamg‘armasi daromadlari va xarajatlarining yil oylari bo‘yicha yoyilmasini tayyorlash va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlash;
zarurat bo‘lganda, joylarga chiqqan holda, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha manzilli dasturlarni shakllantirishda qatnashish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish ishlari, shuningdek, obyektlarni jihozlash tadbirlari ijrosi monitoringini olib borish.
16. Sektorlarning vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
Hududiy jamg‘armalar daromadlari va xarajatlari prognozini hamda ularning bajarilishi to‘g‘risidagi choraklik va yillik hisobotni tayyorlash va Boshqarmaga belgilangan muddatlarda taqdim etish;
Hududiy jamg‘armalar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha ushbu Nizomning 29-bandida ko‘rsatilgan buyurtmachilar tomonidan kiritilgan manzilli ro‘yxatlarni ko‘rib chiqish va belgilangan tartibda kelishilishini ta’minlash;
Hududiy jamg‘armalar daromadlari va xarajatlarining yil oylari bo‘yicha yoyilmasini tayyorlash va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlash;
zarurat bo‘lganda, joylarga chiqqan holda, mintaqaviy yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash bo‘yicha manzilli dasturlarni shakllantirishda qatnashish;
mintaqaviy yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash tadbirlari ijrosi monitoringini olib borish.
17. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar mablag‘lari sarfi bo‘yicha buyurtmachilar tomonidan tegishli hisobotlar taqdim etilmaganda buyurtmachi rahbariyatini yozma xabardor qilgan holda Boshqarma va Sektorlar tegishli hisobotlar talab darajasida taqdim etilgunga qadar Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalardan xarajatlarni moliyalashtirishni (to‘lashni) cheklab qo‘yishga haqli.
5-bob. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalarining daromadlari va xarajatlari prognozini ko‘rib chiqish va tasdiqlash
18. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, korxonalarni modernizatsiya qilish, jihozlash bo‘yicha manzilli dasturlarni shakllantiradi va kelgusida O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining asosiy parametrlariga kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga taqdim etadi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini mukammal ta’mirlash obyektlarining manzilli dasturlarini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda shakllantiradi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bayonnomasi bilan tasdiqlash uchun kiritadi.
19. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuman va shaharlar hokimliklari taklifi asosida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash obyektlarining manzilli dasturlarini shakllantiradi, tasdiqlaydi hamda ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar daromadlari va xarajatlari prognozini tayyorlash, ko‘rib chiqish va tasdiqlash, ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq kelgusi yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirish va Davlat budjeti loyihasini tayyorlash bilan bog‘liq holda amalga oshiriladi.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
21. Moliya vazirligi har yili navbatdagi yil uchun Davlat soliq qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari (keyinga o‘rinlarda — hududiy hokimliklar) bilan birgalikda Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar daromadlari, shu jumladan, Davlat budjetidan tushadigan tushumlar va boshqa manbalari bo‘yicha tushumlar prognozini tayyorlaydi.
22. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Respublika jamg‘armasining xarajatlari bo‘yicha kelgusi davr uchun budjet so‘rovini Moliya vazirligiga joriy yilning 1-iyuligacha taqdim etadi.
23. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining hududiy bosh boshqarmalari tomonidan hududiy hokimliklar bilan birgalikda Hududiy jamg‘armalarning xarajatlari bo‘yicha kelgusi davr uchun budjet so‘rovini moliya bosh boshqarmalariga joriy yilning 1-iyunigacha taqdim etadi.
24. Moliya vazirligi tomonidan Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalarning daromadlari va xarajatlarining kelgusi yil uchun prognoz ko‘rsatkichlari Davlat budjeti loyihasini shakllantirish va tasdiqlashda inobatga olinadi.
25. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalarning kelgusi yildagi daromadlari va xarajatlari prognoz parametrlari tasdiqlangandan so‘ng Moliya vazirligi besh kun muddatda kelgusi yilga Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar xarajatlarining tasdiqlangan asosiy parametrlarini Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga va qonunchilikda belgilangan boshqa buyurtmachilarga yetkazadi.
26. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan avtomobil benzini, dizel yonilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi iste’molchilarga realizatsiya qilishda yonilg‘i birligi uchun 25 so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirishga maxsus yig‘im (keyingi o‘rinlarda — maxsus yig‘imlar) miqdorlari bo‘yicha takliflarni keng jamoatchilik muhokamasi asosida, muayyan ma’muriy-hududiy birlik aholisi daromadlari darajasini hisobga olib va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda kelgusi yillar uchun Davlat budjetini va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarini tuzish va ko‘rib chiqish bilan bog‘liq muddatlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
27. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan mintaqaviy avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha qo‘shimcha manzilli dasturlar hududiy maqsadli jamg‘armalarga maxsus yig‘imlar hamda avtomobil yo‘llari va ko‘chalar bo‘ylab avtomobil saqlash joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlardan tushadigan mablag‘lar doirasida shakllantiriladi.
28. Tumanlar va shaharlar hokimliklari transport vositasi dvigatelining quvvatidan kelib chiqib, avtotransport vositasiga egalik qilish uchun yillik yig‘im (keyingi o‘rinlar — yillik yig‘im) miqdorlari bo‘yicha takliflarni keng jamoatchilik muhokamasi asosida, muayyan ma’muriy-hududiy birlik aholisi daromadlari darajasini hisobga olib va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Davlat budjetini va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarini tuzish va ko‘rib chiqish bilan bog‘liq muddatlarda tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlariga kiritadi.
Belgilab qo‘yilsinki, yillik yig‘im bo‘yicha mablag‘lar to‘liq tumanlar va shaharlar mahalliy budjetlariga yo‘naltiriladi hamda mintaqaviy yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun maqsadli sarflanadi.
6-bob. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar mablag‘larini sarflash tartibi
29. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan tadbirlarga quyidagilar buyurtmachi hisoblanadi:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va mukammal ta’mirlash yuzasidan — “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DUK;
mintaqaviy yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash yuzasidan — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududiy avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalari huzuridagi “Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK va qonunchilikda belgilangan boshqa buyurtmachilar;
Toshkent shahar ko‘chalarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash ishlari yuzasidan — sinov (tajriba) tariqasida Toshkent shahar hokimligi tomonidan belgilangan buyurtmachilar;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash hamda saqlash, qishki qarov, ko‘kalamzorlashtirish ishlari, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish ishlarini amalga oshirish hamda jihozlash yuzasidan — Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bosh boshqarmalari;
avtomobil yo‘llari sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni (standartlar, shaharsozlik normalari va qoidalari, idoraviy qoidalar va normalar, yo‘riqnomalar va boshqalar) ishlab chiqish va qayta ishlash hamda markazlashgan aloqa-dispetcherlik xizmatini saqlash yuzasidan — Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi;
import qilinadigan jihoz va materiallar yuzasidan — Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi tashkilotlar;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari “Qamchiq” dovoni hududidan o‘tgan qismida joriy ta’mirlash, saqlash, qishki qarov, ko‘kalamzorlashtirish ishlari, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish ishlari hamda jihozlash yuzasidan — “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish korxonasi” UK;
yangi qurilayotgan namunaviy uy-joy massivlariga olib boruvchi va ularning ichki yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha — qonunchilikda belgilangan tashkilotlar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari bilan Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan tadbirlarga buyurtmachi vazifasi boshqa tashkilotlarga ham yuklanishi mumkin.
30. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar mablag‘lari Moliya vazirligining axborot tizimida respublika va hududiy darajada ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridan sarflanadi.
31. Respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda jihozlash ishlarini moliyalashtirish belgilangan tartibda kelishilgan va tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlar asosida va xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
Respublika jamg‘armasidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, bosh boshqarmalar, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi “Loyihalarni amalga oshirish guruh”lari, shuningdek, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash, qishki qarov, ko‘kalamzorlashtirish ishlariga yo‘naltiriladigan mablag‘lar Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
32. Hududiy jamg‘armalar mablag‘lari hisobiga mintaqaviy yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashni moliyalashtirish belgilangan tartibda kelishilgan va tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlar asosida va xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
33. Shartnomalarda:
a) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va mintaqaviy yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari bo‘yicha:
qurilishning dastlabki oyida avans to‘lovlari qurilishning prognoz qilinayotgan yili uchun tender (tanlov) savdolari natijalari bo‘yicha belgilangan ishlar qiymatining 30 foizi miqdorida ajratilishi;
har oyda, ajratilgan avansni mutanosib ravishda ushlab qolishni hisobga olgan holda, bajarilgan ishlar qiymatining 95 foizigacha joriy moliyalashtirish amalga oshirilishi;
belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan kafolatli muddat o‘tgandan keyin amalga oshiriladigan obyekt qiymatining qolgan 5 foizini pudratchiga to‘lashning majburiy shartlari nazarda tutiladi.
b) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash, saqlash, qishki qarov, ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish rejalashtirilgan oylik ish hajmining 40 foizi miqdorida avans berish yo‘li bilan amalga oshirilishi, keyinchalik hisobot oyining yakuni bilan tasdiqlangan xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida ajratilgan avans to‘lovlari har oyda chegirib tashlangan holda amalda bajarilgan ishlar oyma-oy moliyalashtirilishi nazarda tutiladi.
v) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridagi tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish ishlari bilan bog‘liq xarajatlar ishlar qiymatining 50 foiziga avans berish yo‘li bilan amalga oshiriladi;
har oyda, ajratilgan avansni mutanosib ravishda ushlab qolishni hisobga olgan holda, bajarilgan ishlar qiymatining 100 foizigacha joriy moliyalashtirish nazarda tutiladi.
g) mintaqaviy yo‘llarni joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha:
joriy ta’mirlash ishlarining dastlabki oyi mobaynida avans to‘lovlari ta’mirlash ishlari prognoz qilinayotgan yil uchun tender (tanlov) savdolari natijalari bo‘yicha belgilangan ishlar qiymatining 30 foizi miqdorida ajratilishi;
har oyda, ajratilgan avansni mutanosib ravishda ushlab qolishni hisobga olgan holda, bajarilgan ishlar qiymatining 100 foizigacha joriy moliyalashtirilishi nazarda tutiladi.
d) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini va mintaqaviy yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha:
loyiha ishlarining dastlabki oyi mobaynida avans to‘lovlari loyiha ishlarining tender (tanlov) savdolari natijalari bo‘yicha belgilangan ishlar qiymatining 15 foizi miqdorida ajratilishi;
qolgan mablag‘lar, shartnomalarda ko‘rsatilgan shartlarda, bajarilgan ishlar qiymatidan kelib chiqib, ajratilgan avansni ushlab qolgan holda joriy moliyalashtirilishi nazarda tutiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 09/22/717/1112-son)
35. Respublika jamg‘armasi xarajatlari prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlangandan so‘ng Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi:
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari bo‘yicha manzilli ro‘yxatlarni;
Moliya vazirligi bilan kelishgan holda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, ta’mirlash, shuningdek ularda tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish ishlari bo‘yicha manzilli ro‘yxatlarni, shuningdek, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, bosh boshqarmalar, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi “Loyihalarni amalga oshirish guruh”lari, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash, qishki qarov, ko‘kalamzorlashtirish ishlari bo‘yicha xarajatlarning yig‘ma smetalarini tasdiqlaydi.
36. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida tabiiy ofat oqibatlarining oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish ishlarining manzilli ro‘yxatlarini kelishish va moliyalashtirish tartibi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
37. Hududiy jamg‘armalar xarajatlari prognozi tasdiqlangandan so‘ng, hududiy hokimliklar mintaqaviy yo‘llarni:
loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli ro‘yxatlarni Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bosh boshqarmalari, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining hududiy bosh boshqarmalari va moliya bosh boshqarmalari bilan kelishgan holda;
loyihalashtirish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha manzilli ro‘yxatlarni Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bosh boshqarmalari va moliya bosh boshqarmalari bilan kelishgan holda tasdiqlaydi.
Hududiy hokimliklar mintaqaviy avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash obyektlari manzilli dasturlari hamda ro‘yxatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega.
38. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalarning O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan olingan va buyurtmachi majburiyatlari bo‘yicha loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash, saqlash, qishki qarov, ko‘kalamzorlashtirish hamda jihozlash va ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari, shuningdek, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq xarajatlar bo‘yicha to‘liq moliyalashtirilmagan mablag‘lar olib qo‘yilmaydi va keyingi yilga o‘tkazilib maqsadli ravishda sarflanadi.
39. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalarning shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridan mablag‘larni ushbu Nizomda nazarda tutilmagan maqsadlarga o‘tkazish va vaqtinchalik olib qo‘yish ta’qiqlanadi.
7-bob. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanishni hisobga olish, hisobot va nazorat qilish
40. Moliya vazirligi, moliya bosh boshqarmalari Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalarning daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risida hisob va hisobotlarni qonunchilikda belgilangan tartibda yuritadi.
41. Hududiy hokimliklar:
a) belgilangan tartibda:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining ajratilgan mintaqalarida joylashgan yer uchastkalarida va inshootlarida tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) qurish uchun elektron auksionlar yakunlari bo‘yicha huquqni taqdim etishdan tushadigan mablag‘lar, shuningdek, tashqi reklamaning o‘rnatilgan obyektlari (konstruksiyalari) uchun oylik to‘lovlar;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining yo‘l bo‘yi mintaqasida joylashgan yer uchastkalarida ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish, savdo, servis obyektlari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatining boshqa obyektlarini joylashtirish va qurish uchun ushbu yer uchastkalaridan foydalanish huquqini realizatsiya qilishdan tushadigan mablag‘larning hisoblanishini hamda to‘liq va o‘z vaqtida belgilangan taqsimot asosida Hududiy jamg‘armalarga o‘tkazilishini ta’minlaydi;
b) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan tushumlardan Hududiy jamg‘armalarga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar va ushbu mablag‘lardan yuzaga kelgan qarzdorliklar bo‘yicha Moliya vazirligiga har chorak yakuni bilan keyingi oyning 10-kuniga qadar hisobot (elektron tarzda, agar elektron aloqa vositalar bilan uzatish dasturi joriy etilgan bo‘lsa) taqdim etadi.
42. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi hududiy hokimliklar bilan birgalikda:
a) belgilangan tartibda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari (kelgusi o‘rinlarda xalq deputatlari kengashlari) tomonidan joriy etiladigan avtomobillarga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan benzin, dizel yonilg‘isi, suyultirilgan gaz va siqilgan gazni oxirgi iste’molchilarga realizatsiya qilishda yonilg‘i birligi uchun mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirishga maxsus yig‘imlar miqdorlari (25 so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda) bo‘yicha tushumlarni;
avtomobil yo‘llari va ko‘chalari bo‘ylab avtomobil saqlash joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlarning hisoblanishini, to‘liq va o‘z vaqtida Hududiy jamg‘armalarga o‘tkazilishini ta’minlaydi;
b) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan tushumlardan Hududiy jamg‘armalarga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar va ushbu mablag‘lardan yuzaga kelgan qarzdorliklar bo‘yicha Moliya vazirligiga har chorak yakuni bilan keyingi oyning 10-kuniga qadar hisobot (elektron tarzda, agar elektron aloqa vositalar bilan uzatish dasturi joriy etilgan bo‘lsa) taqdim etadi.
43. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun yig‘imning bazaviy stavkasiga transport vositasi dvigateli quvvatidan kelib chiqqan holda toifalanadigan qo‘shimcha koeffitsiyentlarni qo‘llashdan tushadigan mablag‘lar hisoblanishini, to‘liq va o‘z vaqtida Hududiy jamg‘armalarga o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Ushbu bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan tushumlardan Hududiy jamg‘armalarga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar va ushbu mablag‘lardan yuzaga kelgan qarzdorliklar bo‘yicha Moliya vazirligiga har chorak yakuni bilan keyingi oyning 10-kuniga qadar hisobot (elektron tarzda, agar elektron aloqa vositalari bilan uzatish dasturi joriy etilgan bo‘lsa) taqdim etadi.
44. Moliya vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va hududiy hokimliklardan ushbu Nizomning 41 — 43-bandlarida nazarda tutilgan yig‘im va to‘lovlarga taalluqli qo‘shimcha axborot va ma’lumotlarni talab qilish huquqiga ega.
45. Buyurtmachi tashkilotlar:
Respublika jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilishi bo‘yicha tegishli hisobotlarni (elektron tarzda, agar elektron aloqa vositalari bilan uzatish dasturi joriy etilgan bo‘lsa) Boshqarmaga;
Hududiy jamg‘armalardan ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilishi bo‘yicha tegishli hisobotlarni (elektron tarzda, agar elektron aloqa vositalari bilan uzatish dasturi joriy etilgan bo‘lsa) Sektorlarga har oy yakuni bilan keyingi oyning 5-kuniga qadar taqdim etadi.
46. Sektorlar Hududiy jamg‘armalardan moliyalashtirilgan xarajatlar bo‘yicha tegishli hisobotlarni (elektron tarzda, agar elektron aloqa vositalari bilan uzatish dasturi joriy etilgan bo‘lsa) har oy yakuni bilan keyingi oyning 8-kuniga qadar Boshqarmaga taqdim etadi.
47. Boshqarma Sektorlar va buyurtmachilar tomonidan taqdim etilgan tegishli hisobot va ma’lumotlar asosida Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalardan ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilishi yuzasidan monitoring olib boradi hamda har chorak yakuni bilan keyingi oyning 15-kuniga qadar Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.
48. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida va mintaqaviy yo‘llarda amalga oshirilgan ishlar va ajratilgan mablag‘larning shaffofligini ta’minlash yuzasidan:
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash bo‘yicha manzilli dasturlar, loyiha va pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlar hajmi hamda foydalanishga topshirilgan obyektlar to‘g‘risidagi axborotlarni;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mintaqaviy yo‘llarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha manzilli dasturlar, loyiha va pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlar hajmi hamda foydalanishga topshirilgan obyektlar to‘g‘risidagi axborotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi maqsadli jamg‘armalar tushumlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni muntazam ravishda keng jamoatchilik orasida muhokama qiladi va ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan mos ravishda vazirliklar va idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib boradi.
8-bob. Mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirishga maxsus yig‘imlar miqdorlari bo‘yicha jamoatchilik fikri
49. Hududiy hokimliklar mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirishga maxsus yig‘imlar miqdorini (25 so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda) kiritish uchun muayyan ma’muriy-hudud birlik aholisi daromadlari darajasini hisobga olgan holda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yadi.
50. Hududiy hokimliklar maxsus yig‘imlar miqdorlarini har yili 1-aprelga qadar:
O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi yagona portaliga hududiy hokimliklarning tegishli qarori loyihasini joylashtirish orqali;
o‘zlarining rasmiy veb saytlari va ijtimoiy tarmoq kanallari orqali;
ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, hududiy viloyat televideniyelarida, davriy gazeta va jurnallarda chop etish orqali;
jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha maxsus tashkilotlar va muassasalar bilan xo‘jalik shartnomalarni tuzish orqali muayyan ma’muriy-hududiy birlik aholisi daromadlari darajasini hisobga olib, keng jamoatchilik fikrini o‘rganish uchun muhokamaga joylashtiradi.
51. Maxsus yig‘imlar miqdorlarini kiritish bo‘yicha jamoatchilik fikri kamida ikki oy mobaynida o‘rganiladi.
52. Hududiy hokimliklar jamoatchilikdan tushgan takliflarni ko‘rib chiqib, maxsus yig‘imlar miqdorlari bo‘yicha takliflarni tayyorlaydi hamda har yili 15-iyunga qadar Moliya vazirligi bilan kelishgan holda xalq deputatlari Kengashlari navbatdagi sessiyasiga taqdim etadi.
53. Maxsus yig‘imlar miqdorlari xalq deputatlari Kengashlari tomonidan ma’qullangandan so‘ng hududiy hokimliklarning tegishli qarori qabul qilinadi.
9-bob. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalarni qayta tashkil etish va tugatish
Oldingi tahrirga qarang.
54. Respublika jamg‘armasi va Hududiy jamg‘armalarni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(54-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.03.2020-y., 09/20/123/0254-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 23.12.2022-y., 09/22/717/1112-son)