Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tajriba tariqasida soliq solish obyektlarini hisobga olish va soliq ma’muriyatchiligining alohida tartibini joriy etish to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida soliq solish obyektlarini hisobga olishni soddalashtirish, savdo va xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, aholining bandligini ta’minlash hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, mahalliy budjetga daromadlar tushumlarining qo‘shimcha manbalarini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Toshkent viloyati hokimligining 2020-yil 1-maydan boshlab, 2021-yil 1-maygacha Bo‘stonliq tumanida tajriba tariqasida soliq solish obyektlarini hisobga olish va soliq ma’muriyatchiligining alohida tartibini (keyingi o‘rinlarda tajriba deb ataladi) joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, tajriba davrida:
jismoniy shaxslar tomonidan dam olish uylari, dala hovli, yakka tartibda qurilgan uy-joylar va yashash uchun mo‘ljallangan boshqa turar joylar (keyingi o‘rinlarda ko‘chmas mulk obyektlari deb ataladi), shuningdek, mazkur qarorga ilovada ko‘rsatilgan ayrim mol-mulk turlari (keyingi o‘rinlarda ayrim mol-mulk turlari deb ataladi) soliq organlarining tayanch punktlari tomonidan soliq solish obyektlarining hisobga qo‘yilgani to‘g‘risidagi bepul beriladigan guvohnoma asosida ijaraga beriladi;
jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulk obyektlarining ijaraga berilishi bilan bir vaqtda Davlat soliq qo‘mitasining yagona elektron platformasiga (mobil ilova yoki veb-sayt orqali) bu haqdagi ma’lumotlar kiritilishi lozim. Bunda yagona elektron platformaga tegishli ma’lumotlar kiritilgan taqdirda, ko‘chmas mulk obyektlarini ijaraga berish shartnomasini tuzish va uni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish talab etilmaydi;
ko‘chmas mulk obyekti va ayrim mol-mulk turlari soliq organlarida hisobga olingan maxsus cheklar taqdim etish orqali ijaraga beriladi hamda tegishli soliqlar to‘langan taqdirda, ushbu faoliyatdan tushgan naqd pulni bank kassasiga topshirish ixtiyoriy hisoblanadi;
soliq solish obyektlarining hisobga qo‘yilgani to‘g‘risidagi guvohnomasiz ko‘chmas mulk obyektlari va ayrim mol-mulk turlarini ijaraga berish yoxud ko‘chmas mulk obyektlarining ijaraga berilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan tartibda yagona elektron platformaga kiritmaslik — soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash deb hisoblanadi va qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi;

soliq solish obyektlarining hisobga qo‘yilgani to‘g‘risidagi guvohnoma asosida ayrim mol-mulk turlarini ijaraga berish bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxslar tadbirkorlik subyektlari sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi shart emas hamda ularning daromadlariga belgilangan tartibda deklaratsiya asosida soliq solinadi;

tadbirkorlik subyekti sifatida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda oilaviy mehmon uylari xizmatlari ko‘rsatayotgan va ayrim mol-mulk turlarini ijaraga berish bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxslarga mazkur qaror talablari tatbiq etilmaydi.

3. Bo‘stonliq tumanining G‘azalkent shahri, Do‘stlik, Sijjak va Novobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida 4 ta soliq tayanch punktlari tashkil etilsin va soliq organlari boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida 30 ta shtat birligi ajratilsin.
4. Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda soliq tayanch punktlari uchun Bo‘stonliq tumanining G‘azalkent shahri, Do‘stlik, Sijjak va Novobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida yer uchastkalari ajratish yoki ularni bo‘sh binoda joylashtirish chorasini ko‘rsin.

Mazkur soliq tayanch punktlari uchun ixcham binolar qurilishi hamda ularni zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimi bilan jihozlash O‘zbekistan Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi hamda Toshkent viloyatining mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur qarorning 2-bandida ko‘rsatilgan yagona elektron platforma va mobil ilovaning yaratilishini va Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinishini ta’minlasin;

Moliya vazirligi bilan birgalikda Bo‘stonliq tumanida tashkil etiladigan soliq tayanch punktlari xodimlari uchun mazkur qarorda nazarda tutilgan soliq solish obyektlarini hisobga olish va soliq ma’muriyatchiligining alohida tartibi bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etsin;

mazkur qarorning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida tajriba jarayoniga bag‘ishlangan mavzuli audio va videoroliklar, bannerlar, plakatlar, stendlar hamda innovatsion axborot-targ‘ibot materiallaridan foydalangan holda kampaniyalar o‘tkazsin.

Yagona elektron platforma va mobil ilovani yaratish bilan bog‘liq bo‘lgan mablag‘lar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan ajratilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasiga 2020-yil 1-aprelga qadar Bo‘stonliq tumani davlat soliq inspeksiyasining qo‘shimcha 5 ta xizmat avtotransport vositalarini saqlashga limit va ularni xarid qilishga zarur pul mablag‘lari ajratilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bir oy muddatda Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda jismoniy shaxslarning soliq solish obyektlari hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida guvohnoma berish, yagona elektron platformani yuritish, unga ko‘chmas mulk obyektlari ijaraga berilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish tartibi haqida vaqtincha nizom ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2021-yil 1-mayga qadar tajriba natijalariga ko‘ra, uni yanada kengaytirish maqsadga muvofiqligi yuzasidan tahliliy ma’lumotnoma va takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Quchqorov — mazkur qaror ijrosini sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida ta’minlash, belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.A. Musayev — mazkur tajribaning muvaffaqiyatli va samarali amalga oshirilishi yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilishini va unda belgilangan vazifalarning soliq organlari tomonidan bajarilishi jarayonini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali nazorat qilishni ta’minlasin;

Toshkent viloyati hokimi R.Q. Xolmatov — soliq tayanch punktlarining samarali faoliyati uchun tegishli shart-sharoitlarni ta’minlasin hamda zarur mablag‘larni o‘z vaqtida ajratsin;

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Ko‘chimov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D. Xadjayev — mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferensiyalar, mavzuga doir teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-fevral,
107-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi 107-son qaroriga
ILOVA
Jismoniy shaxslarning daromad manbai sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yiladigan mol-mulklari
RO‘YXATI*
1. Suv transporti (motorli va motorsiz, shu jumladan shishiriladigan).
2. Suv mototsikllari (skuterlar va boshqalar).
3. Qorda yuradigan texnika vositalari (qor avtoulovi).
4. Kvadratsikllar.
5. Paraplanlar va deltaplanlar.
6. Supa, so‘ri, topchanlar va shunga o‘xshash dam olish uchun joylar.
* Mazkur ro‘yxatga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish mumkin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.02.2020-y., 09/20/107/0200-son)