Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakatimizda jinoyat sodir etgan shaxslarni axloqan tuzatish, ularni jamiyatdan ajratmagan holda jamoatchilik bilan uzviy hamkorlikda qayta tarbiyalash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda ichki ishlar organlari tizimini isloh qilish, huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida probatsiya xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish, probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarning (keyingi o‘rinlarda nazorat ostidagilar deb ataladi) xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Natijada, nazorat ostidagilar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishi kamayishiga erishildi.
Shu bilan birga, probatsiya xizmati faoliyatining mexanizmlarini takomillashtirish, nazorat ostidagilarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish tartibini joriy etish, ayniqsa, ularning “ijtimoiy-psixologik portreti”ni tuzgan holda o‘rganish, shuningdek, bu jarayonlarda mutaxassis-psixologlarni tayyorlash, probatsiya bo‘linmalariga mutaxassis-psixologlarni jalb etish tizimini yo‘lga qo‘yish zarurati yuzaga kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmonini hamda “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 7-noyabrdagi PQ-4006-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining 2020-yil 1-martdan boshlab nazorat ostidagilarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
2. Quyidagilar:
2020-2021-yillarda ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari rejasi 1-ilovaga muvofiq;
probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha vazirliklar va idoralarning hamkorlikdagi faoliyati mexanizmi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
a) 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish institutida Probatsiya xizmati xodimlari malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘ysin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi bilan birgalikda probatsiya faoliyatiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilasin;
v) ikki oy muddatda probatsiya bo‘linmalari xodimlarini Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasi hisobiga rag‘batlantirish tartibini tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ichki ishlar vazirligining murojaatiga asosan belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari mablag‘lari hisobiga probatsiya bo‘linmalarining yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmog‘iga ulanishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir oy muddatda yuridik yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari ta’lim dasturlariga nazorat ostidagilarning ijtimoiy-psixologik portretini o‘rganish bo‘yicha maxsus mavzular kiritilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli oliy ta’lim muassasalarida psixologiya yo‘nalish bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarning probatsiya bo‘linmalarida amaliyot o‘tashini yo‘lga qo‘ysin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2020-yil 1-dekabrga qadar Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura bilan birgalikda nazorat ostidagilar jazodan bo‘yin tovlash maqsadida yashash joyini o‘zboshimchalik bilan tark etgan hollarda ularning respublika hududidan chiqishini cheklashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ommaviy axborot vositalarida probatsiya xizmati va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish yuzasidan keng tushuntirish va targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazilishini ta’minlasin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 14-fevral,
84-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevraldagi 84-son qaroriga
1-ILOVA
2020-2021-yillarda ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini yanada samarali tashkil etish
CHORA-TADBIRLARI REJASI

T/r

Tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Ijro muddati

Mas’ul ijrochilar

I. Probatsiya faoliyatiga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish

Nazorat ostidagilar ma’muriy nazoratdan bo‘yin tovlash maqsadida yashash joyini o‘zboshimchalik bilan tark etgan hollarda ularning respublika hududidan chiqishini cheklashni nazarda tutuvchi tartibni joriy qilish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil

dekabr

Ichki ishlar vazirligi,

Davlat xavfsizlik xizmati,

Bosh prokuratura

II. Probatsiya faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlar

Probatsiya bo‘linma (guruh)larining xodimlarini Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasi manbalari hisobiga rag‘batlantirish tartibini joriy etish.

Ichki ishlar vazirining buyrug‘i

2020-yil

aprel

Ichki ishlar vazirligi

Tegishli oliy ta’lim muassasalarida psixologiya yo‘nalish bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarning probatsiya bo‘linma (guruh)larida amaliyot o‘tash tartibini joriy etish.

Chora-tadbirlar

2020-yil

iyun

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi,

Ichki ishlar vazirligi

Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish institutida Probatsiya xizmati xodimlarining malakasini oshirish tizimini joriy etish.

Chora-tadbirlar

2020-yil

iyul

IIV Malaka oshirish instituti, Probatsiya xizmati

Yuridik yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalari ta’lim dasturlariga nazorat ostidagilarning ijtimoiy-psixologik portretini o‘rganish bo‘yicha maxsus mavzularni kiritish.

Ta’lim dasturi

2020-yil

iyul

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Probatsiya xizmati xodimlarining stajirovkani o‘tash, chet el qonunchiligini o‘rganish maqsadida rivojlangan xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlarini tashkil etish.

Kompleks
chora-tadbirlar

Doimiy ravishda

Ichki ishlar vazirligi

Probatsiya faoliyatiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish.

Chora-tadbirlar

Doimiy ravishda

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Ichki ishlar vazirligi

Probatsiya xizmati va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish yuzasidan tok-shoular, ijtimoiy roliklar, maxsus ko‘rsatuvlar, maqolalar, chiqishlar va eshittirishlar tashkil etish.

Chora-tadbirlar

Har chorakda

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi,

Ichki ishlar vazirligi,

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi,

Xalqaro press-klub,

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevraldagi 84-son qaroriga
2-ILOVA
Probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha vazirliklar va idoralarning hamkorlikdagi faoliyati
MEXANIZMI
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.02.2020-y., 09/20/84/0167-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)