|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.05.1997
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQARO MADANIY-MAʼRIFIY ALOQALAR MILLIY UYUSHMASINI TASHKIL ETISH MASALALARI TOʻFRISIDA
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 27-maydagi 265-sonli Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqalar milliy uyushmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1992-yil 25-martdagi 142-son va “Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqalar milliy uyushmasini tashkil etish masalalari”ga oid 1992-yil 16-iyundagi 291-son qarorlari haqida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xalqaro insonparvarlik, madaniy aloqalarni, xorijiy mamlakatlar xalqlari bilan oʻzaro bir-birini tushunish, doʻstlik va hamkorlikni shakllantirish, rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, xorijda yashovchi vatandoshlar bilan aloqalarni kengaytirish maqsadida Xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy aloqa Oʻzbekiston jamiyati hamda xorijdagi vatandoshlar bilan aloqa “Vatan” jamiyati negizida Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasini tuzish toʻgʻrisida” 1992-yil 25-martdagi 142-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasi xorijiy mamlakatlar xalqlari hamda chet elda yashovchi vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va doʻstlikni mustahkamlash ishida jamiyatlar, markazlar, klublar, harakatlarning va fuqarolar uyushmalari boshqa shakllarining xalqaro aloqalarini muvofiqlashtiruvchi respublikada tashkiloti hisoblanadi.
Xodimlarining chegaralangan soni 60 nafardan iborat etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasiga raisning ikki nafar oʻrinbosariga, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosariga, 11 kishidan iborat rayosatga ega boʻlishga ruxsat berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi vazirlari, ularning oʻrinbosarlari va hayʼat aʼzolari uchun nazarda tutilgan maishiy, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari tegishli ravishda Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasi raisi, uning oʻrinbosarlari va rayosati aʼzolariga nisbatan tatbiq etilsin. Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasining xodimlari maxsus kiyim-bosh va poyafzal bilan taʼminlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasi apparatini saqlash, shuningdek, madaniy tadbirlar uchun zarur mablagʻlar ajratishni belgilasin, 2 ta yengil avtomashinaga limit ajratsin, shu jumladan, ulardan birining ikki smenali ish rejimida ishlashini nazarda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasiga belgilangan limit doirasida xizmat yengil avtomobillari ajratsin.
4. Budjetdan ajratiladigan mablagʻlar, oʻziga qarashli korxonalarning ajratmalari, ixtiyoriy badallar va homiylarning ajratmalari soʻmlar va valyutada Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasi ustav faoliyatini bajarish xarajatlarini mablagʻ bilan taʼminlash manbalari hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasini zarur shahar va hukumat telefon aloqasi bilan taʼminlasin.
6. Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasiga respublika hududida xorijiy sherik tashkilotlar vakillari va chet eldagi vatandoshlarga koʻrsatilgan xizmatlar uchun soʻmlarda haq toʻlashga ruxsat berilsin.
7. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi va Oʻrta Osiyo temir yoʻllar boshqarmasi respublika jamoatchiligi bilan xorijiy mamlakatlar oʻrtasidagi turli kasb kishilarini almashish va insonparvarlik aloqalarini rivojlantirishga koʻmaklashish uchun Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasi talabnomasi boʻyicha charter reyslar va marshrutlarni tashkil etish masalasini hal etsinlar.
8. OʻzSSR Ministrlar Sovetining “Xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy aloqa Oʻzbekiston jamiyati toʻgʻrisida” 1959-yil 15-maydagi 337-son qarori va OʻzSSR Ministrlar Sovetining 1976-yil 11-martdagi 214-rs farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari oʻrtoq E.S.Samandarov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 16-iyun,
291-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasining
TUZILMASI
Rahbariyat
Rejalashtirish va muvofiqlashtirish boʻlimi
Janubiy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq, Afrika mamlakatlari boʻlimi
Hindi-Xitoy va Tinch okeani mintaqasi, Sharqiy Yevropa mamlakatlari boʻlimi
Yevropa, Amerika qitʼasi mamlakatlari va Yaponiya boʻlimi
Madaniyat va professional aloqalar boʻlimi
Tashqi iqtisodiy aloqalar boʻlimi
Xorijdagi yurtdoshlar bilan ishlash boʻlimi
Buxgalteriya uchyoti va hisobot boʻlimi
Xoʻjalik taʼminoti boʻlimi
Uyushma huzuridagi tashkilotlar
Badiiy suratxona
“Oydin” roʻznomasi tahririyati
“Oʻzbekiston-kontrakt” jurnali tahririyati
Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa milliy uyushmasi* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 25-martdagi 142-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan, xalqaro insonparvarlik, madaniy va iqtisodiy aloqalarni, xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro bir-birini tushunish, doʻstlik va hamkorlikni shakllantirish, rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, xorijda yashovchi vatandoshlar bilan aloqalarni kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining jamiyatlari, uyushmalari, klublari, harakatlari hamda boshqa shakllardagi birlashmalarini ixtiyoriylik asosida birlashtiruvchi va ular faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi respublika tashkiloti hisoblanadi.
* Keyingi oʻrinlarda “uyushma” deb ataladi.
Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa uyushmasi uyushmalar, klublar, xarajatlarni va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uyushmalarining boshqa shakllarini ular oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni va ularning davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarini mustahkamlash yoʻli bilan ularning ustav vazifalarini amalga oshirishlari uchun eng qulay sharoitlar yaratish uchun ixtiyoriy asoslarda birlashtiradi.
2. Uyushma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokida tuzilgan xalqaro shartnomalarga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Uyushma yuridik shaxs hisoblanadi, oʻzining mustaqil balansiga va alohida mulkiga ega boʻladi, respublikaning butun hududida va uning tashqarisida zarur xoʻjalik-moliyaviy operatsiyalarni amalga oshiradi, bank muassasalarida ham milliy, ham chet el valyutasida oʻz schyotlariga ega boʻladi, qonunchilikda belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshiradi.
4. Uyushma Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda oʻz nomi oʻzbek tilida yozilgan muhrga, shuningdek, emblemaga va tashkilot belgisiga ega boʻladi.
5. Uyushmaning manzilgohi: 700000, Toshkent shahri, Javoharlaʼl Neru koʻchasi, 1-uy.
II. Uyushmaning asosiy maqsadlari va vazifalari
Uyushmaning asosiy maqsadlari va vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
xalqlar oʻrtasida tinchlik, doʻstlik va doʻstona qoʻshnichilikni mustahkamlash, faol tinchlik oʻrnatish faoliyati yuritish, umuminsoniy gʻoyalar va qadriyatlarni targʻib qilish;
xalqaro hamkorlik sohasida faoliyat koʻrsatayotgan respublika jamoat tashkilotlari va birlashmalarining, milliy madaniyat markazlari va xalq diplomatiyasini rivojlantirishda ishtirok etayotgan boshqa tashkilotlarning kuch-gʻayratlarini birlashtirish va faoliyatlarini muvofiqlashtirish, birodarlashgan shaharlar oʻrtasidagi aloqalarning rivojlanishiga koʻmaklashish;
turli tashkilotlar va Oʻzbekistonning ayrim fuqarolari bilan xorijda yashovchi vatandoshlar oʻrtasidagi aloqalarning, madaniy va savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikning rivojlanishiga koʻmaklashish;
chet el jamoatchiligi va xorijda istiqomat qilayotgan oʻzbeklarni, oʻzbek xalqining qadimiy tarixi, madaniyati, anʼanalari, urf-odatlari hamda hozirgi turmushi mustaqil Oʻzbekiston davlati olib borayotgan ichki va tashqi siyosat prinsiplari bilan tanishtirishda koʻmaklashish;
xorijdagi oʻzbeklar yosh avlodining oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishi uchun shart-sharoit yaratish;
siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy, madaniy, maʼnaviy va boshqa sohalarda Oʻzbekiston jamoatchiligi bilan xorijiy mamlakatlar oʻrtasida doimiy ravishda keng axborot almashinuviga, Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy mamlakatlar ishbilarmonlari doiralarining tajriba va imkoniyatlaridan foydalanishga, xorijda istiqomat qilayotgan vatandosh tadbirkorlik va ishbilarmon doiralar bilan Oʻzbekiston korxonalari, tashkilotlari va kooperativlari oʻrtasida amaliy hamkorlikni tashkil etishga har tomonlama yordam berish, ayni bir vaqtda qoʻshma korxonalar va ishlab chiqarishlar tashkil etilishiga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston Respublikasining mustaqil tashqi siyosat yoʻlini shakllantirish va roʻyobga chiqarishda Oʻzbekiston jamoatchiligining keng demokratik ishtirokini taʼminlash;
tinchlikni saqlab qolish, turli mamlakatlar xalqlari oʻrtasida insonparvarlik va doʻstona aloqalarni kengaytirish masalalari boʻyicha BMT muassasalari, xalqaro, mintaqaviy va boshqa hukumatga tegishli boʻlmagan tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish;
respublikada jamlangan imkoniyat va tajribalardan foydalanish asosida xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona va madaniy aloqalar oʻrnatish borasida millatlararo muloqot madaniyati madaniy, ijtimoiy va jamoatchilik aloqalarini shakllantirishda qatnashish;
Oʻzbekiston Respublikasi jamoatchilik delegatsiyalari va ixtisoslashtirilgan sayyohlar guruhlarini tashkil etish hamda ularni va alohida fuqarolarni chet ellarga yuborish, chet El delegatsiyalari va alohida shaxslarni qabul qilishni tashkil qilish, xorijdagi vatandoshlarning jamoalari bilan aloqalarni kengaytirish va ular bilan delegatsiyalar ayirboshlash;
chet mamlakatlarda Oʻzbekiston Respublikasiga bagʻishlangan kunlar, haftaliklar, oʻn kunliklar, koʻrgazmalar, kinofestivallar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar majmuasini tayyorlash va oʻtkazish;
uyushma aʼzolari, shuningdek, uyushma bilan hamkorlik qiluvchi boshqa tashkilotlar, muassasalar va shaxslar, shu jumladan, xorijiy shaxslarning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularga metodik yordam koʻrsatish, axborot va maslahat berish;
xorijiy tillarda, shu jumladan, vatandoshlar uchun oʻzbek tilida arab va lotin harflarida roʻznomalar, jurnallar, byulletenlar, prospektlar va boshqa bosma materiallar nashr etish, chet tillarda, shuningdek, xorijiy vatandoshlar uchun oʻzbek tilida eshittirishlar olib borish uchun respublika radiosining chet ellarga moʻljallangan eshittirishlari imkoniyatlaridan foydalanish;
buxgalteriya, operativ, statistik hisob-kitobni yuritish, ishlab chiqarish-xoʻjalik faoliyatining barcha turlari boʻyicha belgilangan tartibda hisobot tuzish va taqdim etish, hisobotlar va balanslarning ishonchliligini taʼminlash;
oʻziga boʻysunuvchi boʻlimlar, vakilliklar, chet ellardagi madaniy-maʼrifiy markazlar hamda ular tomonidan tashkil etilgan jamgʻarmalar, birjalar, korxonalar va tashkilotlar moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining qonunchilikka binoan tekshirilishi va taftish etilishini taʼminlash.
III. Uyushmaning qonuniy huquqlari
Ushbu Nizomdan kelib chiqadigan asosiy vazifalarni bajarish hamda muayyan qonunchilik bilan belgilangan tartibda ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish maqsadida uyushma quyidagi huquqlarga egadir:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida va chet elda oʻz nomidan birlashmalar, tashkilotlar, muassasalar hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan oʻz vakolati doirasida bitimlar va boshqa yuridik hujjatlarni tuzish, shuningdek, uyushma tarkibiga kiruvchi birlashmalar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq ularning manfaatlarini himoya qilish va ularning nomidan bitimlar tuzish;
faoliyatning sayohat, maslahat, axborot va boshqa turlarini amalga oshirish, madaniy-maʼrifiy sohada aloqalar oʻrnatilishida vositachi boʻlish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida masʼuliyati cheklangan korxonalar, firmalar, jamiyatlar va yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan boshqa tashkilotlarni tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasida va chet ellarda korxonalar, binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, transport vositalari hamda har xil koʻchirib boʻladigan va koʻchmas mulklarni qurish, sotib olish, almashtirish, ijaraga berish yoki ijaraga olish, qarzga yoki kiraga olish;
belgilangan tartibda chet ellik sheriklar ishtirokida qoʻshma korxonalar tashkil etish, ular bilan soʻm va chet el valyutasida hisob-kitob qilish, shuningdek, belgilangan tartibda chet elda xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish;
xalqaro, ichki va xorijiy koʻrgazmalar, yarmarkalar, tanlovlar, savdo-sotiqlar, lotereyalar va kimoshdi savdolari tashkil etishda qatnashish, aksiyalar, maqsadli zayomlar va boshqa qimmatdor qogʻozlar chiqarish hamda ularni sotib olish;
vatan va xorijiy homiylarning ulushlari, Oʻzbekiston Respublikasi tashkilotlari va alohida fuqarolarning ixtiyoriy badallari, xayriyalari, doʻstlik jamiyatlarining xoʻjalik faoliyatini rivojlantirish natijasida olgan foydasidan ajratiladigan tushumlar, shuningdek, boshqa ajratmalar hisobiga soʻmlar va chet el valyutasida hisoblanadigan jamgʻarmalar tashkil etish;
mavjud qonunchilik doirasida Oʻzbekiston mualliflarining adabiyot va sanʼat asarlarini chet ellarda, xorijiy mualliflarning asarlarini esa Oʻzbekistonda nashr etish imkoniyatlaridan foydalanish;
belgilangan tartibda tahririyat-noshirlik va reklama faoliyatini amalga oshirish, respublikada va uning tashqarisida tashkil etiladigan turli jamgʻarmalar, birjalar, aksionerlik jamiyatlari va hokazolarning muassisi va hammuassisi boʻlish;
uyushma rahbar organlarining shtat jadvalini, xodimlarning mehnat haqi va moddiy ragʻbatlantirilishi miqdorlarini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida oʻz boʻlimlarini, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekiston Respublikasining madaniy-maʼrifiy markazlarini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi elchixonalarida oʻz vakillariga ega boʻlish;
xorijiy mamlakatlar bilan xalqaro telefon, teleks, telefaks va boshqa aloqalarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga zid boʻlmagan boshqa har qanday qonuniy huquqlarini amalga oshirish.
IV. Uyushmaning tuzilmasi va boshqaruv organlari
6. Uyushmaga rais boshchilik qiladi.
Uyushma raisining ikki nafar oʻrinbosari boʻladi.
7. Uyushma raisi uyushma faoliyatiga rahbarlik qiladi, uyushma zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, rais oʻrinbosarlari, tuzilmaviy boʻlinmalar va tuzilmaviy birliklar rahbarlarining, shuningdek, tarkibiga kiruvchi bosma nashrlar, qoʻshma korxonalar, kooperativlar va boshqa korxonalar rahbarlarining masʼuliyati darajasini va xizmat vazifalarini belgilaydi.
8. Uyushmada rais, uning oʻrinbosarlari va uyushma ayrim boʻlinmalarining rahbarlaridan iborat rayosat tuziladi.
Rayosat qarorlari uyushma raisining buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi.
9. Uyushma faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Kengash tuziladi. Kengash jamoatchilik tashkilotlari yoʻli boʻyicha aloqalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqadi, uyushma yillik rejalarini tasdiqlaydi hamda uyushma va uning boʻlinmalari tomonidan bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitishi mumkin, uyushma faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi.
V. Uyushmaning mol-mulki va mablagʻlari
Tugatilgan Xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy aloqa Oʻzbekiston jamiyati hamda xorijdagi vatandoshlar bilan madaniy aloqa “Vatan” jamiyati tasarrufida boʻlgan asosiy fondlar va boshqa davlat mol-mulki uyushmaning mol-mulkini tashkil etadi. Uyushma koʻrsatib oʻtilgan davlat mulkini boshqarishga vakil etilgan respublika davlat organi vazifasini amalga oshiradi. Uyushma mol-mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
Uyushmaning pul mablagʻlari davlat buyurtmasini bajarish, shuningdek, mavjud normativlar va hisob-kitoblarga muvofiq uyushma maqsad va vazifalarini bajarish uchun, noshirlik faoliyatiga, bino va inshootlardan, texnik vositalardan foydalanish, texnika bazasini yangilash uchun, uyushmaning xorijiy vakolatxonalarini saqlash va boshqa ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun davlat budjetidan ajratiladi.
Mol-mulk hosil boʻlishining qoʻshimcha manbalari quyidagilar hisoblanadi:
uyushma bilan manfaatdor tashkilotlarning birgalikdagi faoliyati jarayonida hosil boʻlgan mulk, Oʻzbekiston Respublikasi hamda xorijiy mamlakatlar fuqarolari va tashkilotlarining pul mablagʻlari, moddiy va madaniy qimmatbaho narsalari, koʻchmas mulk koʻrinishidagi ixtiyoriy badallari, qiymatidan qatʼi nazar, xayriyalari va sovgʻalari, shuningdek, homiylik va metsenatlik badallari;
sayohat-ekskursiya, maslahat berish, leksiya oʻqish, vositachilik qilish, tahririyat-noshirlik, reklama faoliyatidan, shuningdek, savdo-sotiqlik koʻrgazmalar, kimoshdi savdolari lotereyalar tashkil etish, puli va boshqa xizmatlar koʻrsatish yoʻli bilan olinadigan daromadlar;
uyushma tomonidan tashkil etilgan korxonalar, firmalar, xoʻjalik hisobidagi birlashmalar va tashkilotlarning ishlab chiqarish va tashqi iqtisodiy faoliyatidan olingan foyda;
banklarning kreditlari, tijorat qarzlari va kreditlari hamda boshqa tushumlar.
Uyushma madaniy-maʼrifiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamgʻarmasini, shuningdek, mehnatga haq toʻlash, ijodiy-ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlanish jamgʻarmalarini, uyushmaning maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan valyuta jamgʻarmasini hamda boshqa jamgʻarmalarni tashkil etadi.
Uyushmani qayta tashkil etish yoki tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi.
Mazkur Nizom Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqa uyushmasi yigʻilishida koʻrib chiqilgan va maʼqullangan.