1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.18.00 Elektron va elektrotexnika sanoati. Maishiy asbob-uskunalar]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Sanoat]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasining Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 30-maydagi PQ-4348-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 30-maydagi PQ-4348-son qaroriga muvofiq quyidagilar “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
2. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasining Boshqaruv kengashi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
3. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi xizmat koʻrsatuvchi bankda bir hafta muddatda Jamgʻarmaning maxsus hisobraqami ochilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2019-yil 1-noyabrgacha boʻlgan muddatda Jamgʻarmaning bank hisobraqamiga 10 mlrd soʻm miqdordagi mablagʻlar oʻtkazilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yilgi Davlat budjeti parametrlarida keyinchalik Jamgʻarmaning bank hisobraqamiga belgilangan tartibda oʻtkazish uchun 10 mlrd soʻm miqdordagi mablagʻlarni nazarda tutsin;
2020-yil 1-dekabrgacha boʻlgan muddatda Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oʻrgangan holda, uni kelgusi yillarda moliyalashtirishga doir taklif kiritsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining raisi M.M. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-oktabrdagi 877-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasining Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasi Boshqaruv kengashining
TARKIBI
1.
Yunusov Mirziyod Miraxmadovich
—
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi, Kengash raisi
2.
Sultanov Dilshod Shuhratovich
—
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari, Kengash raisi oʻrinbosari
3.
Rustamov Olimxon Bakiyevich
—
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari
4.
Mustafayev Xurshed Baxtiyorovich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Bazaviy tarmoq va sohalar korxonalari iqtisodiyoti, moliyasi va tarif siyosati departamenti direktori
5.
Rahmonov Asror Ruziyevich
—
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi Moliya boshqarmasining boshligʻi, Kengash kotibi
Izoh. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtganda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyani bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-maydagi 194-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.05.2023-y., 09/23/194/0271-son — 2023-yil 12-avgustdan kuchga kiradi)
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-oktabrdagi 877-son qaroriga 2-ILOVA
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasining Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari xizmat koʻrsatuvchi bankdagi maxsus hisobraqamda jamlanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi
3. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan, shu jumladan 2019-2020-yillarda jami 20 mlrd soʻm miqdorda ajratiladigan mablagʻlar;
jamgʻarmaga respublika budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan 2021-yilning birinchi, ikkinchi va uchinchi choraklarida teng ulushlarda 75 milliard soʻm miqdorida ajratilgan mablagʻlar va keyingi yillarda budjet parametrlarida ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi 631-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son)
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar grantlari;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foylalaniladi:
a) elektrotexnika va elektr maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy tashkilotlarda xalqaro standartlarni joriy etish, mahsulotlarni chet el bozorlari talablariga muvofiq sertifikatlash tadbirlari bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizini, biroq bitta holat boʻyicha ekvivalenti 20 ming AQSh dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplash;
(4-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PF-21-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2023-y., 06/23/21/0085-son)
v) startap-loyihalarni moliyalashtirish, elektrotexnika sanoati tarmogʻida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish tashkilotlarining ustav fondlarini (kapitallarini) shakllantirishda ishtirok etish, maxsus injiniring markazlari va tajriba-konstruktorlik byurolarini tashkil etish;
g) elektrotexnika va elektr maishiy mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida boʻsh turgan va foydalanilmayotgan bino-inshootlarni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va ulardagi tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini yaxshilash, shuningdek, hududlarda elektrotexnika sanoatiga ixtisoslashtirilgan industrial texnoparklarni tashkil etish;
d) elektrotexnika va elektr maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy tashkilotlarga tender savdolarida ishtirok etish uchun qisqa muddatga moliyaviy kafilliklar berish;
e) elektrotexnika sanoati tarmogʻi tashkilotlarining xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarining 50 foizini, biroq bitta holat boʻyicha ekvivalenti 10 ming AQSh dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplash;
j) elektrotexnika sanoati tarmogʻi tashkilotlarining tashqi bozorlarda mahsulotlarning ommabopligini oshirish boʻyicha marketing olib borishi, tarmoq loyihalarining loyihaoldi hujjatlarini (biznes-reja, texnik-iqtisodiy asoslar va boshqalar) ishlab chiqishi, shuningdek, jahon bozorini oʻrganish va marketing tahlillarini amalga oshirish uchun xalqaro maʼlumotlar bazalariga (axborot resurslariga) ulanishi bilan bogʻliq xarajatlarini 50 foiz miqdorida qoplash;
(4-bandning “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
z) mahalliy elektrotexnika va elektr maishiy mahsulotlarni targʻib etish boʻyicha respublikada va xorijiy davlatlarda koʻrgazma va yarmarkalar tashkil etish, seminarlar oʻtkazish, taqdimot materiallari va koʻrgazma stendlarini tayyorlash;
i) “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi ijro apparatiga xorijiy mutaxassis va ekspertlarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻliq moliyalashtirish;
(4-bandning “i” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
k) jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi depozitga belgilangan tartibda joylashtirilishidan olingan foiz mablagʻlar hisobidan “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va uyushmaning ijro etuvchi apparati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi 631-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son)
l) elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarda ishlab chiqarish jarayonini raqamlashtirish (ERP, MES, PLM tizimlarini joriy qilish) bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizini, lekin bitta tadbirkorlik subyektiga koʻpi bilan 5 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdorida qoplash;
m) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari huzuridagi elektrotexnika sohasi boʻyicha menejerlarining (xodimlarining) ish haqi va barcha moddiy taʼminot xarajatlarini moliyalashtirish.
(4-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qaroriga asosan “l” va “m” kichik bandlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
41. Zarur hollarda, Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi ushbu Nizomning 1-ilovasida keltirilgan roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi 631-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son)
5. Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan pul mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklariga depozitga oʻrnatilgan tartibda joylashtirilishi mumkin.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish
6. Jamgʻarma mablagʻlari Kengash tomonidan boshqariladi va taqsimlanadi.
Kengashning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Kengash majlisi unda aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi. Koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
Kengash majlisi rejali tartibda har chorakda yoki zarur boʻlganda oʻtkaziladi.
7. Kengash:
har yili 1-oktabrgacha Jamgʻarmaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari smetalarini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish uchun ushbu Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan tadbirlar roʻyxatini belgilaydi;
zarur hollarda, Jamgʻarmaning tasdiqlangan daromadlari va xarajatlari smetalariga oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi;
Jamgʻarma ishchi organi tomonidan Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisida kiritiladigan hisobotlarni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaga xalqaro moliya institutlari va boshqa donor-davlatlar grantlari jalb etilishiga koʻmaklashadi;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
8. Kengash tomonidan tasdiqlanadigan va tarkibiga “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi Boshqaruv raisining oʻrinbosarlari va mutaxassislari kiradigan ekspert guruhi Jamgʻarmaning ishchi organi hisoblanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi 631-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son)
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi 631-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son)
10. Ekspert guruhi:
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning aniq yoʻnalishlari boʻyicha materiallarni qabul qiladi, tahlil qiladi va Kengash muhokamasiga kiritadi;
Jamgʻarmaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari smetasini ishlab chiqadi hamda Kengashga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritadi;
Jamgʻarmaga tushumlarni koʻpaytirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanishga doir takliflar kiritadi;
Jamgʻarma xarajatlari asosiy yoʻnalishlarining hisobini yuritadi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish va Jamgʻarma mablagʻlarini olgan tashkilotlar tomonidan bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotni qabul qiladi va umumlashtiriradi;
har chorakda Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha xisobotlar tayyorladi va Kengashga taqdim etadi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
11. Elektrotexnika sanoati tashkilotlariga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyaviy yordam mazkur Nizomga 2-ilovagamuvofiq sxema boʻyicha koʻrsatiladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi 631-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son)
12. Tashkilot (elektrotexnika sanoati tashkiloti) Jamgʻarmadan mablagʻ olish uchun ““Oʻzeltexsanoat” uyushmasiga quyidagi hujjatlarni qogʻoz yoki elektron shaklda taqdim etadi:
mablagʻ ajratish toʻgʻrisida yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), bank boʻlinmasining nomi va bankdagi hisobraqami koʻrsatilgan ariza;
Jamgʻarmadan mablagʻlar ajratish zarurligini tegishli hujjatlar (mablagʻlardan foydalanish yoʻnalishiga qarab) bilan asoslash;
tashkilotning oxirgi hisobot davri uchun, jumladan barcha ilovalari bilan birgalikda buxgalteriya hisobotining nusxasi;
xizmat koʻrsatuvchi bankning barcha hisobraqamlar boʻyicha mablagʻlar aylanmasi, tashkilot bank hisobraqamining holati va 2-son kartoteka mavjud emasligi haqidagi maʼlumotlari.
Ushbu Nizomning 4-bandi “v” va “g” kichik bandlarida koʻrsatilgan maqsadlar uchun mablagʻlar ajratish toʻgʻrisida ariza taqdim etilgan taqdirda, quyidagi hujjatlar qoʻshimcha ravishda taqdim etiladi:
loyihani amalga oshirish uchun Jamgʻarmadan mablagʻlar olishga xoʻjalik birlashmalari boshqaruv organining roziligi;
loyihasining biznes-rejasi;
zarur boʻlganda, qurilish loyihalarining loyiha-smeta hujjatlari;
pudrat ishlarini bajarish uchun shartnomalar nusxalari.
Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
Ariza beruvchi tashkilotlar mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan tadbirlar amalga oshirilganini tasdiqlovchi hujjatlarni ham taqdim etishi shart.
121. Ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan maqsadlardan kelib chiqqan holda, tashkilot (elektrotexnika sanoati korxonasi) Jamgʻarmadan mablagʻ olish uchun mazkur Nizomning 12-bandiga qoʻshimcha ravishda quyidagi hujjatlarni qogʻoz yoki elektron shaklda taqdim etadi:
loyihani amalga oshirish uchun Jamgʻarmadan mablagʻ olishga xoʻjalik jamiyati boshqaruv organining roziligi;
loyihaning biznes rejasi;
zarur boʻlganda qurilish loyihalarining loyiha-smeta hujjatlari;
pudrat ishlarini bajarish uchun shartnomalar nusxalari;
tegishli tashkilotlardan taʼmirlash va rekonstruksiya qilish uchun olinadigan ruxsatnoma nusxasi;
boʻsh turgan va foydalanilmayotgan bino-inshootni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va ulardagi tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlari boʻyicha toʻliq maʼlumot (oʻlchamlari, holati, fotosuratlari va boshqalar);
mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari;
taʼmirlash, rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha hujjatlari;
loyihaning Vakolatli organ tomonidan tasdiqlanganligi toʻgʻrisida ekspertiza xulosasi;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasining ruxsatnomasi;
qurilish tashkiloti toʻgʻrisida maʼlumot;
qurilishga ketadigan materiallar nomenklaturasi va narxlarining bir necha tashkilotlar bilan solishtirmasi;
tashkilotning loyiha qiymatidan kamida 15 foizi oʻz mablagʻi hisobidan shakllanganligi toʻgʻrisida xizmat koʻrsatuvchi bank maʼlumotnomasi;
sugʻurta polisi (beriladigan pul mablagʻi miqdoridan kam boʻlmagan holda);
yer maydoni boʻyicha hujjatlar (yer ajratish toʻgʻrisida qaror, obyekt geolokatsiyasi, fotosuratlari va boshqa tegishli maʼlumotlar);
elektrotexnika sanoatiga ixtisoslashtirilgan industrial texnoparkning loyihasi;
tegishli tashkilotlardan qurilish uchun olinadigan ruxsatnoma nusxasi;
loyihaoldi (TIA/biznes-reja) hujjatlarni ishlab chiquvchi tashkilotlarning tijorat takliflari;
loyihaoldi (TIA/biznes-reja) hujjatlarni ishlab chiquvchi tashkilotlarning mazkur hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha tajribasi yuzasidan maʼlumotnoma;
xorijiy mutaxassisni jalb qilish boʻyicha uyushma aʼzolarining umumiy yigʻilishi bayoni;
ishga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq va mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma;
Jamgʻarmadan mablagʻlar ajratish zarurligini asoslaydigan boshqa hujjatlar.
(121-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-maydagi 194-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.05.2023-y., 09/23/194/0271-son — 2023-yil 12-avgustdan kuchga kiradi)
13. Jamgʻarmadan mablagʻ ajratish yoki ajratishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror tashkilotning arizasi olingan kundan boshlab oʻn kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinadi.
14. Tashkilotning Jamgʻarmadan mablagʻ olish uchun taqdim etilgan arizasi va unga ilova qilingan hujjatlari dastlab ekspert guruhi tomonidan koʻrib chiqiladi hamda mazkur Nizom talablariga mos kelishi yoki mos kelmasligi toʻgʻrisidagi xulosa bilan Kengash muhokamasiga kiritiladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-maydagi 194-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.05.2023-y., 09/23/194/0271-son — 2023-yil 12-avgustdan kuchga kiradi)
15. Kengash Jamgʻarma mablagʻlarini olish uchun tashkilot tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqib, agar buyurtmanoma Jamgʻarma maqsad va vazifalariga mos kelmasa, mablagʻlardan maqsadsiz foydalanish tavakkalchiligi mavjud boʻlsa va loyihaning maqsadga muvofiqligi hamda iqtisodiy samaradorligi yetarlicha asoslanmagan boʻlsa, mablagʻlarni ajratish yoxud ajratishni rad etish toʻgʻrisida protokol qarorini qabul qiladi.
16. Ekspert guruhi tashkilotni qabul qilingan qaror haqida Kengash tomonidan tegishli qaror qabul qilingandan keyin bir kun ichida xabardor qiladi.
17. Kengashning Jamgʻarmadan mablagʻlar ajratish toʻgʻrisida qabul qilingan qarori asosida “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi va tashkilot oʻrtasida mablagʻlar ajratish haqida 3 kun muddatda shartnoma tuziladi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi, ulardan foydalanish yuzasidan hisobot va nazorat
18. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisoboti “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining boshqa mablagʻlaridan alohida yuritiladi.
19. Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetasi qonunchilikda belgilangan tartibda (choraklar, tushum manbalari va mablagʻlardan foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha) tuziladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
20. Jamgʻarmadan mablagʻlar oluvchi tashkilotlar tuzilgan shartnomalar va qonunchilikka qatʼiy muvofiq ravishda olingan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishini taʼminlashi, ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotni va tasdiqlovich hujjatlarni taqdim etishi shart.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Bundan tashqari, Jamgʻarmadan mablagʻlar oluvchi tashkilotlar mablagʻlarni olgandan keyin bir oy ichida Jamgʻarma Kengashiga tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, ulardan foydalanish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etadi.
21. Jamgʻarmadan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish uchun javobgarlik Jamgʻarmadan mablagʻlar oluvchi hisoblangan rahbarlar zimmasiga yuklanadi.
22. Jamgʻarma har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga mablagʻlardan foydalanish toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Jamgʻarmaning joriy yilda sarflanmagan mablagʻlari keyingi yilga oʻtkaziladi va qaytarib olinmaydi.
24. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PF-21-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2023-y., 06/23/21/0085-son)
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasining Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Elektrotexnika sanoati tashkilotlariga moliyaviy yordam koʻrsatish
SXEMASI
Bosqichlar
Masʼul ijrochilar
Tadbirlar
Ijro muddati
I-bosqich
Elektrotexnika sanoati tashkiloti
Ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini moliyalashtirish, investitsiya va startap-loyihalarni amalga oshirish, xalqaro standartlarni oʻzlashtirish va koʻrgazmalar tashkil etish va xalqaro standartlarni joriy qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga Jamgʻarmadan mablagʻlar olish uchun zarur hujjatlarni taqdim etish.
Zarur boʻlganda
II-bosqich
Ekspert guruhi
Jamgʻarmadan mablagʻlar olish uchun elektrotexnika sanoati tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni qabul qilish, tahlil etish va Kengashga koʻrib chiqish uchun taqdim etish.
Hujjatlar olingan kundan boshlab 10 kun ichida
III-bosqich
Jamgʻarma Kengashi
Hujjatlarni koʻrib chiqish va moliyalashtirish (qoplash) yoki Jamgʻarmadan mablagʻlar ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
Hujjatlar olingan kundan boshlab 10 kun ichida
IV-bosqich
Ekspert guruhi
Elektrotexnika sanoati tashkilotlariga qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabarnoma yuborish.
Kengash tegishli qaror qabul qilingandan soʻng 1 kun ichida
V-bosqich
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, elektrotexnika sanoati tashkiloti
Jamgʻarmadan mablagʻlar ajratish toʻgʻrisida tegishli shartnoma tuzish.
Xabarnoma olingandan soʻng 3 kun ichida
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2019-y., 09/19/877/3928-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.02.2023-y., 06/23/21/0085-son; 11.05.2023-y., 09/23/194/0271-son; 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)