|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xorijiy investorlar bilan ishlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining investitsiya imiji va investitsion jozibadorligini yanada yaxshilash, mamlakatning investitsion salohiyatidan xabardorlikni oshirish, shuningdek, xorijiy investorlar bilan ishlashni takomillashtirish va ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhini (keyingi o‘rinlarda Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi deb ataladi) eksperiment tariqasida (tajriba loyihasi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:
xorijiy investorlarga O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, respublika iqtisodiy siyosatining asosiy yo‘nalishlari va ustuvorliklari, investitsiya muhiti va tashqi savdo rejimi, qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida xolisona axborotni yetkazish maqsadida xorijiy investorlar orasida faol axborot-tushuntirish ishlari olib borish;
xorijiy investorlarni mamlakatda biznesni yuritish shartlari to‘g‘risida xabardor qilish, xorijiy va qo‘shma korxonalar tuzish va ular faoliyatini tashkil etish;
xorijiy investorlarni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalari to‘g‘risida xabardor qilish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan o‘zaro munosabatlar masalalari bo‘yicha ularga maslahatlar berish;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlatning boshqa tashkilotlari bilan samarali o‘zaro hamkorlik qilish;
huquqiy masalalar bo‘yicha malakali yordam olishda xorijiy investorlarga ko‘maklashish, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish;
xorijiy investorlarni protokol-tashkiliy ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish, ularning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi dasturlarini ishlab chiqishda, kelishilgan tashrif dasturiga muvofiq tadbirlarni muvofiqlashtirishda ishtirok etish;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan O‘zbekiston Respublikasiga kelayotgan xorijiy investorlarning ro‘yxatini doimiy asosda olish, shuningdek, ularning o‘z vaqtida qabul qilinishi va kuzatib qo‘yilishini ta’minlash;
xorijiy investorlarning yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va doimiy ravishda yangilash, ularning hisobini yuritish, o‘zbekistonlik sheriklar bilan o‘zaro hamkorligini nazorat qilish va monitoring olib borish, hisobotlar tuzilishi va taqdim etilishini ta’minlash;
xorijiy investorlar bilan doimiy aloqani ta’minlash, ular orasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini va xorijiy investorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining investitsion jozibadorligi darajasi idrok etilishini aniqlash yuzasidan so‘rovlar o‘tkazish, mamlakatda investitsiya iqlimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-apreldagi 195-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2022-y., 09/22/195/0319-son)
4. Belgilansinki:
Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi xodimlarining umumiy soni ilovaga muvofiq 10 nafarni tashkil etadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi markaziy apparatining xodimlarini doimiy asosda xizmat safariga yuborish hisobiga shakllantiriladi (Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi rahbari bundan mustasno);
Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi o‘z faoliyatini Islom Karimov nomidagi Toshkent shahar xalqaro aeroportining ma’muriy binosida qonunchilikda belgilangan tartibda kecha-kunduz rejimida (almashish asosida) jadval bo‘yicha amalga oshiradi (har bir smenada ikki nafar xodim). Bunda, Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhining bir qismi (kunduzgi xodimlarning ikki xodimi) O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi binosida joylashtiriladi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi xodimlariga asosiy ish joyi bo‘yicha nazarda tutilgan ish haqi, ustamalar, mukofotlar, taqdirlash puli, martaba darajalari uchun qo‘shimcha haqlar saqlanib qoladi;
tashabbuskorlik, xizmat vazifalari halol va namunali ijro etilganligi uchun Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhining tegishli xodimlariga uning rahbarining taqdimnomasi bo‘yicha lavozim maoshiga 20 % miqdorida ustama qo‘llanilishi mumkin;
Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhining rahbari O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi va o‘z faoliyatida unga hisobot beradi;
Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhining rahbari Guruh xodimlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va Guruhga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi uchun javob beradi;
Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi xodimlari Guruhga yuklangan vazifalarni bajarishda Guruh rahbariga bo‘ysunadilar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbarlari bir hafta muddatda amaliy ish tajribasiga, yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, keng dunyoqarashli, chet tillarini va protokol amaliyotini biladigan vakolatli mutaxassislarni belgilangan tartibda Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi ixtiyoriga xizmat safariga yuborsinlar.
6. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bir hafta muddatda Islom Karimov nomidagi Toshkent shahar xalqaro aeroportining ma’muriy binosidan Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi xodimlarini joylashtirish uchun bepul foydalanish huquqi bilan zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lgan tegishli xonani ajratsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:
Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi uchun bitta xizmat avtotransport vositasi ajratilishini;
Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi uchun ajratilgan Islom Karimov nomidagi Toshkent shahar xalqaro aeroportining ma’muriy binosidagi xona zarur mebel, kompyuter texnikasi va inventar bilan jihozlanishini;
Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari doirasida saqlanishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhini, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari bilan o‘zaro aloqa qilish uchun zarur aloqa vositalari ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi har chorakda hisobot davridan keyingi oyning 5-kunigacha bo‘lgan muddatda Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritilishini ta’minlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.M. Ganiyev va O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-iyul,
547-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 547-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xodimlari doimiy asosda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investorlarga ko‘maklashish guruhi ixtiyoriga xizmat safariga yuboriladigan vazirliklar va idoralar
RO‘YXATI
|
T/r |
Vazirlik/idoraning nomi |
Ko‘maklashish guruhiga xizmat safariga yuboriladigan xodimlar soni |
|
1. |
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi |
2 |
|
2. |
Adliya vazirligi |
2 |
|
3. |
Tashqi ishlar vazirligi |
1 |
|
4. |
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi |
1 |
|
5. |
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi |
2 |
|
6. |
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi |
2 |
|
HAMMASI: |
10 |
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2019-y., 09/19/547/3371-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 19.04.2022-y., 09/22/195/0319-son)